HUNARMANDCHILIKNING RIVOJLANISHI
Zamin bag`rida yashirinib yotgan katta boyliklarga hali qo`l tekkizilmagan edi. Qayta ishlovchi sanoat korxonalari asosan shaharlarda joylashgan edi. Hunarmandlar ko`plab soliqlarni to`lashga majbur, o`z ustaxona va korxonalarini rivojlantirish uchun mablagiarga ega emasdi. Faqat amirlikning yirik shaharlarida kosiblar sexlariga o`xshash korxona tuzgan ustazodalar bo`lib, ular ham chog`roqqina ustaxonalarni zo`rg`a ta'minlar edi. Sanoat ishlab chiqarishining asosiy tarmog`i gilam va namat tayyorlash bo`lgan. Gilamlarga chet ellarda ham talab katta bo`lib, Buxoro amirligi ularni katta miqdorda xorijga, jumladan, Rossiyaga sotar edi. O`rta Sharq, O`rta Osiyo shaharlari va Rossiya bozorlari Buxoro gilamlariga to`la edi. Ichki va tashqi bozorlarda Buxoro ip-gazlama matolari, ko`nchilik, zardo`zlik, kumush va oltin kandakorlik buyumlari, bo`yoq va sovun mahsulotlari bilan ham tanilgan edi. Buxoro ustazodalarining oltin va kumushdan yasagan buyumlari, ayniqsa, dong taratgandi.
Buxoro amirligining deyarli barcha shaharlarida iste'dodli zargarlar mehnat qilgan ustaxonalar bo`lgan. Ular yasagan mahsulotning barchasi o`ziga xos nozik naqshlar bilan bezatilgan edi. Buxoro kulolchilik buyumlariga ham bozorda talab katta bo`lgan. Kulolchilik sanoati butun amirlikda keng tarqalgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |