Chingiz aytmatov muxtor shoxonov


Download 5.05 Kb.

bet1/36
Sana24.05.2018
Hajmi5.05 Kb.
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36

Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori. Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
1
CHINGIZ AYTMATOV 
MUXTOR SHOXONOV 
 
CHO‘QQIDA 
QOLGAN 
OVCHINING 
OHI-ZORI 
 
(Asr adog‘ida aytilgan istig‘for) 
 
 
«SHARQ» NASHRIYOT-MATBAA KONSERNI 
BOSH TAHRIRIYATI 
TOSHKENT — 1998 YIL 
 
Tarjimonlar: Nabijon BOQIY, Yoqubjon XO‘JAMBERDI  
Tarjima  muharriri: Tursunboy ADASHBOYEV 
 
XX asrning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov bilan taniqli qozoq shoiri, yirik jamoat arbobi 
Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlari natijasi o‘laroq dunyoga kelgan ushbu kitob insoniyatga 
cheksiz ishonch va mehr-muhabbat mahsulidir. Inson umrining mohiyati — ma’naviy jasorat, inson 
esa haytning gultoji.  Foniy dunyoda insonga borib taqaladigan chigal muammolar behisob. Bunday 
muammolarga har bir kishi duch keladi va har kim o‘zicha javob izlaydi, o‘zicha javob topadi. 
Abadiyat faqat kelajakmi yoki o‘tmish ham, ushbu damlar ham abadiyatmi?.. Xullas, mualliflar nozik 
masalalar to‘g‘risida nozik fikr yuritadilar va kitobxonni ham fikrlashga undaydilar: o‘quvchi Chingiz 
og‘a bilan Muxtor og‘aga hamsuhbat bo‘lib qoladi, sirdosh bo‘lib qoladi. 
Do‘stona uchrashuv muborak bo‘lsin, aziz kitobxon! 
 
 
 
 
SUHBATDOSHGA TASHNALIK 
(Muqaddima) 
 
So‘zni avaylab-asrash kerak. Menga qolsa, So‘z qurumsoqlikni yoqtiradi, derdim. Agar So‘z xuddi 
kechasiyu kunduzi oqib yotgan suv misoli isrof qilinsa, So‘zning har bir misqoli qadrlanmasa, So‘z 
tejab-tergab ishlatilmasa, o‘z kuchini yo‘qotadi — jonsiz bo‘lib qoladi. Ibtidoiy jamoa tuzumidan beri 
yashab kelayotgan qonuniyatga binoan, o‘z so‘zining ustidan chiqmaydigan inson beburd hisoblanadi 
va unga hech kim ishonmaydi. 
Ochilib-yozilib chin ko‘nguldan suhbatlashaylik degani, matematika iborasi bilan aytganda, 
«kvadrat»da yashamoq ma’nosini anglatadi. Esimda bor, bolalik davrimda ovulimizda istiqomat 
qiladigan bitta hurmatli oqsoqol: «Mana, endi gaplashadigan odam ham qolmadi», deb tez-tez nolib 
qo‘yardi. O‘sha naytlari rostakamiga yoqamni ushlardim: «Oqsoqol juda injiq-da! Atrofida odamlar 
tiqilib yotibdi-ku, lekin uning yolg‘iz o‘zi zerikib o‘tiradi-ya!» Keyinchalik anglab yetdim-ki, oqsoqol 
chin ko‘nguldan ochilib-yozilib gaplashadigan, faqat So‘zning qadrini biladigan yoki ma’nosini 
tushunadigan suhbatdoshga emas, balki ayni chog‘da tinglashni ham biladigan hamsuhbatga tashna 

Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori. Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
2
ekan. 
Siz hozir qo‘lingizda ushlab turgan kitobning yaratilishi qiziq bo‘ldi. U Muxtor ikkovimizning 
suhbatlarimizdan, o‘zaro kashfiyotimizdan bino bo‘ldi. Birimiz qozoqcha, boshqamiz qirg‘izcha 
(shukrkim, azaliy qardosh tillarda) so‘ylardik. Biz o‘zaro muloqot quvonchini ich-ichimizdan his etib 
turardik; olis bolalik yillarimda ovulimiz oqsoqoli ham xuddi shunday suhbatlarga tashna edi. 
Ehtimol, bu badihalarni
 
«magnitofon qarshisidagi sirlashuv» yoki «ohanrabo tasmasidan chiqqan 
tasodifiy kitob» deb nomlash mumkindir. Suhbatlar mobaynida his-hayajonga berilib ketgan 
paytlarimiz ham bor. Shundoq bo‘lsada, bemalol suhbat qurib o‘tirgan paytimiz nogohon tug‘ilib 
qolgan fikr-mulohazalar va so‘zlarni asil holida o‘quvchiga taqdim etishga qaror qildik. Hayotimiz 
so‘qmoqlarida duch kelganimiz quvonch va musibatlarni yashirib o‘tirmadik. Bular to‘g‘risida 
faqatgina eng yahin kishilarimiz bilardi, xolos. Mana shu jihati bilan erkin suhbat yozma ijodiy 
turlardan farq qiladi. 
Mavridi kelib qolgan paytda mening suhbatdoshim kimligini o‘quvchiga tanishtirib o‘tsam zarar 
qilmaydi. 
Hayotimda ikkita Muxtorga duch kelganman. Birinchisi —  menga otalarcha g‘amxo‘rlik hilgan 
ustozim, buyuk yozuvchi Muxtor Avezov bo‘lsa, ikkinchisi — shoir, eski do‘stim va sirdoshim Muxtor 
Shoxonov. Menimcha, Muxtor Shoxonov Osiyodagi ulug‘ shoirlardan biri hisoblanadi. Meni maftun 
etgan narsa shuki, u qiziquvchan mutafakkir, izlanuvchan inson, Sharq donishmandligi bilan G‘arb 
dunyoqarashini o‘zida mujassamlashtirgan nozik qalb sohibidir. Agar o‘z vatanidan tashqarida 
shoirni kimdir yaxshi bilmasa, bu uning aybi emas. Ushbu kitob-suhbat yordamida o‘huvchilar 
ommasi uning serqirra she’riyati bilan yahinroq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kezi kelganda 
yana bir narsa to‘trisida alohida to‘xtalib o‘tishni lozim topdim. 
Muxtor Shoxonov Qozog‘istonda milliy qahramon darajasida mashhur. Shoir xalq xohish-irodasini 
ifoda etadigan notiq sifatida minbarga chiqqach shon-shuhratga burkandi. 1986 yilning dekabr oyida 
qozoq yoshlari mustabid tuzum saltanatiga qarshi ommaviy ravishda bosh ko‘tardilar. Xuddi o‘sha 
paytlari ro‘y bergan hodisa to‘g‘risidagi har qanday haqqoniy axborot pinhoniy taqibga uchradi. 
Shaxsiy hayoti xavf ostida qolishini bilib turgan Shoxonov esa shoir va milliy ozodlik harakatining 
jangchisi sifatida bor ovoz bilan nohaq quvg‘inga uchragan yoshlarni himoya hilib chiqdi, ularga 
ozodlik berilishini talab etdi. 
Bizning suhbatlarimizga qulay imkoniyat tug‘dirgan sabablardan yana biri shulkim, mana, bir 
necha yildan buyon Muxtor Shoxonov Qozog‘istonning bizdagi, Qirg‘izistondagi elchisi. Bu sohada 
ham u o‘ziga xos, yorqin shaxs ekanini namoyon qildi. Biz tez-tez uchrashib turamiz; har safar 
o‘zimizni va zamonimizni teranroq tushunishga urinib ko‘ramiz. Xamkorlikdagi kitobimiz shu tarzda 
dunyoga keldi. Bu kitobimiz o‘quvchiga ma’qul kelsa ajab emas... 
Chingiz AYTMATOV 
 
 

Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori. Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
3
“TO‘RT ONA” 
YOKI 
VATANNI TUSHUNISH 
 
Mening vatanim — Shakar ovuli... Manas tog‘lari cho‘qqisidan tomchi-tomchi bo‘lib tushayotgan 
shiddatli oqim ovulimizga oppoq ko‘pikli, ko‘m-ko‘k daryo qiyofasida kirib keladi. Uning nomi 
Qurqurov. Daryoning nomi fe’l-atvoriga mos tushgan: guldurab, gumburlab oqadi. Bu daryo 
atrofidagi tabiatni oziqlantiradi... 
Olislardan Shakarning qorasi ko‘zimga chalinishi bilanoq yuragim tipirchilay boshlaydi, nafasim 
bo‘g‘iladi. Manas otaning muz qoplagan cho‘qqilari quyosh nurida yilt-yilt tovlanib, qarshimda 
ulug‘vor qomati paydo bo‘lishi bilanoq ich-ichimdan to‘lqinlanib ketaman... 
Chingiz Aytmatov 
 
Unutmoq dardidan saqla, xudoyim, 
Bolani tuqqandan tashqari yana, 
Umrini tuzatib borguvchi doim, 
Har siyratda bo‘lar to‘rt ona. 
Ota yurt — kindik qon to‘kilgan zamin, 
 
Ona til — yaratgandan meros bir yorliq, 
 
Hatto bir tup yovshanda tuyasan ta’min 
Milliy odating, buncha chiroylik. 
Hasratli zamonlar tilsa-da bag‘ring, 
O‘zgarmasdir sening asil tarixing. 
Quyoshga yetsa-da uchqur xayoling,  
Gar unutsang, to‘rt ona kechirmas.  
Asramasang, shuldir sening zavoling, 
To‘rt onasin asramagan to‘da, xalq emas. 
To‘rt ona deb yashash bo‘lsa qarz,  
To‘rt ona deb o‘lmoq o‘zi farz. 
Muxtor Shoxonov 
 
Shoxonov. Biz xom sut emgan bandalarni aldoqchi taqdir dunyoning qaysi bir burchagiga uloqtirib 
tashlamasin, bitta joy insonni doimo o‘z bag‘riga chorlayveradi. Bu joyning nomi otayurt deb ataladi. 
Qaerda bo‘lmaylik, hech bo‘lmasa, xayolan, yer sayyorasi miqyosida uncha katta bo‘lmagan zaminga, 
qozoqlar va qirg‘izlar, umuman, barcha turkiy xalqlar o‘rtasida mashhur bo‘lgan ibora bilan aytganda, 
kindik qonimiz to‘kilgan tuproqqa qaytaveramiz. Har bir odam uchun dunyo ostonadan boshlanadi, 
tug‘ilgan tuproqqa muhabbatdan hayotga qadam qo‘yamiz. To‘g‘ri, yaqin-yaqinlarda ham, Sho‘ro 
hukm surgan davrlarda biz o‘zimizni shiorga aylanib ketgan qo‘shiq ruhida tarbiyalashga va shunga 
ishontirishga harakat qilardik. Go‘yo: 
Mening makonim — uy ham, ko‘cha ham emas 
Mening makonim — Sho‘rolar Ittifoqi», 
edi. 
Yer yuzida xayolining bir chetida otayurt timsoli yashamaydigan birorta inson bormikan? U bolalik 
paytingda sarpoychan sohillarini bearmon kezib chiqqan o‘jar daryo bo‘lishi mumkin... Ko‘pincha 
daryo yoqasidagi ko‘lmakda vaq-vaq qiladigan baqalarning tovushini sog‘inasan, ba’zan osoyishta 
ovul tinchligini buzib vovullaydigan it tovushini qo‘msab qolasan...  
Chike («Chingiz og‘a»ning qisqartma ko‘rinishi. — Tarj.), men Siz bilan vataningizga — Shakar 
ovuliga birga bordim. Talas vodiysidagi bu joy hozir muxlislaringizning ziyoratgohiga aylanib qolgan. 

Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori. Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
4
Haqiqatan ham, hayratlanarli darajada go‘zal tog‘li go‘sha ekan. 
Biz Shakar ovuliga yaqinlashib borardik. Birdan Sizni hayajon chulg‘ab olganini sezib qoldim; 
yuz-ko‘zingizdan bag‘oyat to‘lqinlanib ketganingiz yaqqol ko‘rinib turardi. Mashinada Siz bilan 
yonma-yon o‘tirar ekanman, xayolingizdan nimalar kechayotganini o‘zimcha tusmol qildim: ehtimol, 
bolalikning, yoshlikning goh g‘amgin, goh shodon manzaralari ko‘z o‘ngingizdan bir-bir o‘tgandir...  
Nazarimda,  yo‘limizda uchrayotgan har bir tepalik, har bir nishablik go‘yo: «Sen meni 
unutmadingmi?» deb so‘rayotganday edi. Yanglishmasam, tug‘ilib o‘sgan ovulingizning tabiati, shu 
yerlik odamlar ko‘p jihatdan Sizni yozuvchi sifatida shakllanishingizni ta’minlagan bo‘lsa kerak. To‘rt 
tarafingizni qurshab olgan borliqni teran anglaganingiz va mehr qo‘yganingiz tufayli ijodingiz ana shu 
dashtu dalalarda kamol topdi. Agar qandaydir yovuz kuch Shakar ovulini qalbingizdan yulib olganda 
bormi, Siz ham odatdagi o‘rtamiyona yozuvchilardan biriga aylanib qolardingiz. 
Daf’atan, Shakar kishini lol qoldiradi: ovulga o‘xshamaydi, nimasi bilandir shaharni eslatadi. 
Olislardan muhtasham uylar, maktab, klub, do‘kon ko‘zga tashlanadi. Aholining ko‘pchiligi 
istiqbolimizga peshvoz chiqdilar: har bir kishi Siz bilan ko‘rishishga, salom-alik qilishga urinardi. 
Aytmatov.  Darhaqiqat, inson tug‘ilib o‘sgan otayurtda taqdirga dastlab poydevor qo‘yiladi. 
Muhimi— otayurtdan olgan va yuqtirgan narsalarni qalb qo‘ri bilan ilitib, xuddi bol to‘playotgan 
asalari misoli yurakka joylab olishing kerak. 
Esimda, bolalik paytlarim kattaroq yig‘ilish bo‘lib qolsa, oqsoqollar o‘yinqaroq bolalarning 
g‘ururini qo‘zg‘atish uchun: 
— Hoy shumtakalar, qani, kim to‘xtamasdan yetti ota-bobosining nomini aytib beradi? — derdilar. 
Bolalar birpasda jiddiy tortib qolishar va navbati bilan har biri ota-bobosining nomlarini sanay 
boshlar edilar. Xudo ko‘rsatmasin, agar birorta boboning nomi esingdan chiqib qolsa bormi... 
Keyinchalik tushundimki, chollarning ilmoqli savollarida teran ma’no bor ekan. Shu yo‘sinda murg‘ak 
qalbimizga avlod-ajdod va qon-qardoshlik tushunchalari singdirib borilardi, bizni uzoq-yaqin 
qarindoshlarimizni farqlashga o‘rgatishardi. Bolalik paytimdayoq yoddan bilardimki, men Shakar 
urug‘idanman, mening otam To‘raqul, To‘raqulning otasi Aytmat, Aytmatning otasi Kimbildi, 
Kimbildining otasi Qonchujoq... Aytmat bobom qo‘li gul usta edi: ham duradgor, ham temirchi, ustiga-
ustak,  chevar  edi.  Qolaversa,  durustgina baxshi ham edi. Uning beshta farzandi bo‘lgan:  Oyimqul,  
Qoraqiz,  Guloyim ismli qizlari va To‘raqul,  Risqulbek  ismli o‘g‘illari bor edi.  
Ovul tirik mavjudot kabi o‘zining abadiy qonunlari bilan yashaydi. O‘shalardan eng muhimlari — 
keksalarga hurmat va yetti ota-boboni bilishdir. Lekin, yana bir narsani esdan chiqarmaslik lozim: 
kelajakda o‘zing ham yetti ota-bobo qatoridan joy olasan. Xo‘sh, ajdodlar seni yaxshi so‘zlar bilan 
eslaydilarmi yoki aksinchami? Aytaylik, kimdir ot o‘g‘risining nevarasi bo‘lsin. Unga hech kim havas 
qilmasa kerak... 
Biz ana shunday xalq falsafasi ruhida tarbiyalandik. Men hozir ham «etti otani bilish kerak» degan 
udumni e’zozlayman. Aytmoqchi, yettinchi avlodgacha bo‘lgan qarindosh-urug‘larning qoni bir xil 
tarkibda ekanini tabobat ilmi isbotlab bergan. Agar o‘z avlodini yaxshi bilmaydigan yigit qondoshi 
bo‘lmish qizga uylanib qo‘ysa, ajdodi buzilib ketishi mumkin. Shunday qilib, mol boqib, matal to‘qib 
yurgan donishmand chollarimiz mohiyatga yetib borganlar... 
Masalan, aytaylik, nima uchun baquvvat, g‘ayratli kishilar Amerikaga ko‘chib boradilar? 
Jamoatchilik tan olgan haqiqatga ko‘ra, yangi kashf etilgan quruqlikka har xil elat vakillari ko‘chib 
borganlar. Ular o‘zaro va mahalliy xalq bilan qardosh bo‘lib ketadilar, qonlari aralashadi. Natijada qoni 
yangilangan elat paydo bo‘ladi. Shu bois ko‘chmanchilar o‘zlari yashagan avvalgi joylarini «Ko‘hna 
dunyo» deb ataydilar. 
Shoxonov.  Bir kuni Jambul viloyatidan kelgan yigit kaminani izlab topdi. Ma’lum bo‘lishicha, 
Olmaotadagi institutlarning birida ukasi tahsil ko‘rar ekan. 
— Qarindoshimizning bitta qizi bor. Ukam ikkovi bir-birini sevib qolishibdi. «Shu qizga uylanaman, 
vassalom! Agar to‘sqinlik qilsalaring bormi, o‘zimni o‘zim o‘ldiraman!» deyapti ukam. Hech kimning 

Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori. Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
5
gapiga quloq solmayapti. Biz yaxshilikcha uni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ldik. Yalinib-yolvordik, 
do‘q-po‘pisa qildik. Lekin, foydasi bo‘lmadi. Nihoyat, maslahatni bir joyga qo‘yib, Sizga murojaat 
qilishga kelishdik. Agar ukam endi birovning gapiga yuradigan bo‘lsa, faqat Sizning sazangizni 
o‘ldirmaydi. Chunki, she’rlaringizni, dostonlaringizni yoddan biladi, chin muxlisingiz. O‘tinib 
so‘raymiz, ukamni bu yo‘ldan qaytarib bering yoki unga ikki qator xat yozib bering. Boshqa ilojimiz 
qolmadi, — dedi yigit xo‘rsinib. 
Bu voqeani eshitib boshim qotib qoldi. Unday qilsam arava sinadi, bunday qilsam — ho‘kiz o‘ladi. 
Bir tomondan qaralsa, shubhasiz, yoshlar bir-biriga chinakam mehr qo‘yganlar. Boshqa tarafdan 
qaralsa, eskilardan qolgan gap bor: yetti avlodgacha qarindosh bo‘lgan birodarlar bir-biri bilan quda-
anda bo‘lmasligi kerak. Ularni ajratib, muhabbat deb atalmish buyuk tuyg‘udan benasib etish mumkin. 
Keyin, kim biladi deysiz, umrbod pushmon qilib o‘tsalar-chi? Sir emas, asil muhabbatga kishi umrida 
bir bora duch keladi. Xullas, tasodifiy mehmonimga qanday javob qaytarishni ham bilmay qoldim. 
Uylab-o‘ylab, axiyri bunday dedim: 
— Hozir ukangiz birinchi kursda o‘qir ekan. Uqishini tugatguncha uylanmay tursin. O‘tgan yillar 
mobaynida shashtidan qaytmasa, bunga hech ajablanmaslik kerak. Lekin, ko‘pincha yigitlar o‘tkinchi 
havasni muhabbat deb biladilar. Agar oradan to‘rt-besh yil o‘tgandan keyin ham ular shashtidan 
tushmasa, demak, bu chin muhabbat bo‘ladi. Nachora, so‘ng ular bir umr birga bo‘lishlari kerak. 
 
To‘g‘ri, mening maslahatim Sulaymon payg‘ambarning nasihatlariga o‘xshamasdi. Biroq, o‘sha 
paytda boshqa yo‘l topolmadim. 
Chike, 1969 yili Moskvada bo‘lib o‘tgan yosh yozuvchilarning uchinchi Butunittifoq kengashi 
esingizdami? Biz yoshlar uchun u paytlar Sizdek mashhur ustoz bilan hamsuhbat bo‘lish juda katta gap 
edi. Men Siz bilan shaxsan tanish emasdim. Lekin, Siz qirg‘iz bo‘lganingiz uchun xuddi og‘am kabi 
o‘zimga yaqin olib, yoningizga borib gaplashmoqchi bo‘ldim. Yosh yukagir yozuvchisi Semyon 
Kurilovni Sizga tanishtirdim. SSSR Yozuvchilari uyushmasining raisi Konstantin Fedin o‘z nutqida S. 
Kurilovning «Xanido va Xalerxa» romanini ham tilga olib o‘tgan edi. Kengashning boshqa 
qatnashchilari ham Kurilov ijodini yuksak baholaydilar. Keyinchalik, «Jalin» nashriyotining direktori 
Kaldarbek Naymanboevning ko‘magida o‘sha roman qozoq tilida nashr etildi. Uni taniqli jurnalist 
Minboy Ilyosov tarjima qilgan. Afsuski, ochiq ko‘ngil, iqtidorli Semyon juda erta vafot etib ketdi... 
Kurilovning romani yukagir elatining o‘ziga xos solnomasi edi. O‘sha yillari yukagirlar, 
yanglishmasam, bor-yo‘g‘i 608 nafar edi, xolos. Nafsilambirini aytganda,   yukagirlar  ham  va  boshqa  
kam  sonli  Shimol xalqlari ham o‘z xotinlarini mehmonga qo‘shib qo‘yishar ekan. Urf-odat shunaqa 
ekan... 
Aytmatov.  Shunaqa gapni eshitganman. Albatta, bunday gaplar kishini dovdiratib qo‘yadi. 
Yovvoyilikka o‘xshaydi. 
Shoxonov.  Bizga yovvoyiliqday ko‘rinadi. Lekin, tundra va tayga uchun bu ko‘ngilochar ermak 
emas, buzuqchilik ham emas. Barmoq bilan sanarli miqdorda vakili qolgan kichik elat, ehtimol, xuddi 
shu yo‘sinda qonini yangilamoqchi bo‘ladi, yashamoqchi bo‘ladi. Sir emas, yaqin qarindoshlar 
o‘rtasidagi nikoh natijasida mayib-majruh farzandlar bino bo‘ladi va oxir-oqibatda xalq qirilib bitadi. 
Ota-bobolarimizning tajribalari natijasida qaror topgan «etti ota» udumi bizning ongimizga buzib 
bo‘lmaydigan odob-axloq sifatida singib ketgan. 
Yana bir misolni ko‘raylik: agar kelinchak ro‘parasidan kelayotgan qariyani ko‘rib qolsa, aslo 
yo‘lni kesib o‘tmaydi, balki to qariya o‘tib ketguncha egilib ta’zim qilib turadi. Qolaversa, kelinchak 
kuyovining qarindosh-urug‘larini ismini aytib chaqirmaydi. Ichki madaniyat, nazokat shunday 
bo‘lmaydimi?! 
Aytmatov.  Ayni paytda hazil-mutoyiba ham chetlab o‘tilmaydi. Bizning ovulimizda kuyovning 
og‘a-inilari uchun hech kutilmagan nomlarni o‘ylab topardilar. Ba’zan mashg‘ulotiga qarab nom 
qo‘yardilar. Masalan, tegirmonchini «Tegirmontosh og‘a» deyishardi; naynov yigitni esa «Tunduk 
bosh» — «boshi minoraga yetadigan yigit» deyishardi. Bizning Shakarda nimjongina, paxmoq soch 

Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori. Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
6
kishi bo‘lardi. Kelinchaklar uni ko‘rib qolsalar: «Qarg‘a kelyapti», deyishardi pichirlashib. Ovulda har 
kim o‘z maqomiga yarasha nom qozongan edi. 
Shoxonov. Shu munosabat bilan xalq orasida bitta rivoyat yuradi. Daryoning narigi qirg‘og‘ida, 
qamishzorda bitta bo‘ri qo‘zichoqqa tashlanib qoladi. Shu payt kelinchak ko‘za ko‘tarib suv olgani 
kelib, bo‘rini hurkitib yuboradi. Chalajon holatda tipirchilab yotgan qo‘zichoqqa ko‘zi tushgan 
kelinchak yonidan pichoq chiqarib, uni qayroqtoshda qayrab qo‘zichoqning kekirdagini uzib tashlaydi 
va jon talvasasidan qutqaradi. Uyga qaytgan kelinchak daryo yoqasida ro‘y bergan voqeani gapirib 
bermoqchi bo‘ladi-yu, birdan qaynog‘alarining nomlari esiga tushib qoladi: O‘zanboy, Qamishboy, 
Qo‘ychiboy, Qashqirboy, Kezdikboy (kezdik — pichoq), Qayroqboy. Ularning nomini tilga olsa
odobsizlik qilgan bo‘ladi. Nima qilmoq kerak? Kelinchak o‘ylab-o‘ylab shunday deydi: «Jildiroqning 
yoqasida, shovulloqning orasida uvlovuq ba’rovuqqa tashlanib qoldi. Men yonimdan kesadiganimni 
chiqarib, uni o‘tkirlagichga ishqalab, so‘ng kekirdagini uzib tashladim». 
Hammasi «sahro akademiyasi»dan boshlangan. Qadimiy ko‘chmanchilar madaniyati unda 
mujassamlashgan edi. Misol uchun, kimdir uy qurmoqchi bo‘lsa, atrofda yashaydigan kishilar odat 
bo‘yicha «hashar»ga kelardilar. Ziyofat ham, ma’raka ham ovul aholisi uchun ko‘pga kelgan to‘y 
hisoblanadi. Bunday paytda kishi o‘zini chetga tortsa, uyat bo‘ladi. 
Ishoq ismli tog‘am bo‘lardi. Beozor kishi edi, hech kimga ziyoni tegmasdi. Agar u ot minib 
ketayotgan bo‘lsa-yu, yo‘lda tosh yotganini ko‘rib qolsa, darhol otdan tushib toshni bir chekkaga 
uloqtirib yuborardi. 
Uning xatti-harakatini kuzatib turgan bekorchixo‘jalarga: «Birov toshga qoqinib ketmasin», deb 
izoh berardi. Bahor chog‘lari Bodom daryosi toshib, ovul o‘rtasidagi yagona ko‘prikni suv yuvib 
ketardi. Ovul ikkiga bo‘linib, ikki qirg‘oqda yashaydigan aholi o‘rtasida aloqa uzilib qolardi. Tog‘am 
otiga minib, bemalol daryoning narigi sohiliga suzib o‘tardi. Gap bunda emasdi. Ishoq tog‘am hech 
qanday gap-so‘zsiz o‘z bog‘iga boradi va teraklarini kesadi, so‘ng birovdan ko‘mak so‘ramasdan, 
yolg‘iz o‘zi ko‘prik qurishga kirishadi. Uning kuyib-pishib ishlayotganini ko‘rgan ovuldoshlari 
o‘zlaridan uyalib, darhol tog‘amga yordam bera boshlaydilar. 
Xalq an’analarini ko‘z qorachig‘iday asraydigan tog‘am kuzga borib og‘ir xastalikdan so‘ng vafot 
etdi. O‘limi yaqin qolganini bilib, meni huzuriga chorladi. 
— Chirog‘im, gap bunday, — dedi xasta tovushda, — ota-bobolarimiz yoniga butunlay 
ketyapman. Bir narsa to‘g‘risida sen bilan gaplashib olmoqchiman. Chirog‘im, bilaman, shoir 
bo‘lmoqchisan. Bunday sharafli kasb har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin, o‘z nomiga dog‘ 
tushirmagan insongina baxtli bo‘ladi. Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar «Omin!» 
deydilar... Agar yo‘ldan ozib ketsang, yaltiroq yolg‘onlarga mahliyo bo‘lsang, albatta, la’natga 
yo‘liqasan: so‘zlaringga birov ishonmay qo‘yadi. — Shiftga termilib yotgan ko‘yi birpas sukut saqladi. 
— Sendan eng oxirgi iltimosim shuki, bilmadim, uni ado etasanmi-yo‘qmi, lekin aroqxo‘rlardan sal 
uzoqroq yurgin. Majbur qilmayman. Iltimosimni yerda qoldirishing mumkin. Yaxshilib o‘ylab ko‘rgin. 
Keyin javobingni aytasan. Xudo xohlasa, yana ikki kunlik umrim bor. Shu muddat ichida bir to‘xtamga 
kelgin. Agar, hozir zamon shunaqa, boshqalardan ajralib yurish xunuk bo‘ladi, deb o‘ylasang, mayli, 
yolg‘on va’da bermay qo‘ya qol. Men xafa bo‘lmayman. 
— Ota, bu borada nimani ham o‘ylash mumkin, — deb e’tiroz bildirdim. — Agar siz shuni 
istasangiz, bo‘pti, bundan keyin aroq ichmayman. 
— Ana endi yaxshi bo‘ldi, aylanayin! Iloyim, baxtli bo‘lgin! — Tog‘amning ko‘zlaridan yosh oqib 
ketdi. Cho‘pday bo‘lib qolgan barmoqlari bilan qo‘llarimni silab-siypaladi. — Endi bemalol Egamga 
omonatini topshiraman. 
Tog‘am go‘yo o‘limini oldindan sezganday, roppa-rosa ikki kundan so‘ng bu foniy dunyoni tark 
etdi. 
Onam Umsin Aytboy qizi 85 yoshida, diplomatiya xizmati bilan Qirg‘izistonga kelgan. 1994 yilda 
qaytish qildi. Siz onamni yaxshi taniysiz. U kishi Sizni uyimizda ko‘p marta kutgan. Onam o‘n uchta 

Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori. Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
7
farzand ko‘rgan. Lekin, faqat bitta o‘zim tirik qolganman. Onam bilan safarga otlanadigan bo‘lsak, 
doim qatlama, qazi, qurutni yo‘lga hozirlab qo‘yardi. 
Ilgari har xil sabablar bilan Moskvaga tez-tez borib turardik. Shunday paytlarda onam o‘zi 
taniydigan kishilarga atalgan boyagi taomlarni jomadonimga joylab berardi. Onam o‘qishni ham, 
yozishni ham bilmasdi. Shunga qaramasdan, Yevgeniy Yevtushenkoni qizg‘in yaxshi ko‘rardi. 
Ehtimol, o‘g‘lining she’rlarini tarjima qilgani uchun yaxshi ko‘rardi. Balki, boshimga mushkul ish 
tushgan paytlari yordam qo‘lini cho‘zgani bois mehr qo‘ygandir? Yoki bo‘lmasam, oilamiz atrofidagi 
kishilar hurmat qilgani sababli yaxshi ko‘rib qolgandir? 
— Marhamat, ovuldan keltirilgan tansiq taomlardan tatib ko‘ringlar! Bularni onam berib yubordi! 
— derdim jomadonimni bo‘shatayotib. 
— Sening onang men uchun jamiki qozoq ovullarining timsoliga o‘xshaydi, — degan edi bir gal 
Yevgeniy Aleksandrovich hazil aralash. 
Moskvaga borib yurgan kezlarim Sizning eski qadrdonlaringiz bo‘lmish Rasul Hamzatov va 
Dovud Qug‘ultinovlar bilan yaqindan tanishdim. U paytlari Oliy Sovet deputatlari «Moskva» 
mehmonxonasida maxsus ajratilgan xonalarda yashardilar. 
Bir kuni o‘z xonamga kirib, shundoq xolodilnikni ochsam, hech vaqo qolmabdi. Kim o‘z hunarini 
ko‘rsatib ketganini o‘ylay boshlagan edimki, birdan telefon jiringlab qoldi. Trubkani ko‘tarishim 
bilanoq Dovud Nikitichning tanish gulduragan tovushi qulog‘imga chalindi. «Dastxatimizni 
tanidingmi? Yo‘q paytingda Rasul ikkovimiz xonangga kirdik. Menga qara, sen bizni necha marta 
ovulingga mehmonga chaqirgansan? Mana, endi onang berib yuborgan taomlarni yeb ko‘rganimizdan 
so‘ng hech kim bizni ovulingda mehmon bo‘lmagan deb ayblay olmaydi». 
Ikkovimiz ham xaholab yubordik. Qalamkash og‘alarim mana shunday beg‘araz hazil-mutoyibaga 
usta edilar. 
Onam pensiya puliga qog‘ozli qandlar, pechene xarid qilardi. Cho‘ntaklarida har doim shirinliklar 
bo‘lardi. Onam ostona hatlab ko‘chaga chiqishi bilanoq qo‘shnilarimizning bolalari atrofini qurshab 
olishardi, quvonib ketishardi. Onam navbati bilan hammaga shirinlik ulashib chiqar edi. Bu ishidan 
bag‘oyat mamnun bo‘lardi. 
...Kunlarning birida Gurev (hozirgi Atirov) viloyatiga safar qildim. U yerda Ravil Cherdaboev 
bilan tanishdim. Keyinchalik biz qalin do‘st bo‘lib ketdik. Birinchi marta o‘shanda Maxambet 
O‘temisovning fojiali taqdiri to‘g‘risidagi hikoyani eshitdim. So‘ng eshitganlarim asosida kichikroq 
doston yozdim. Safarim oxirlayotgan kunlari Baliqchi tumanida menga «Faxriy baliqchi» degan unvon 
berishdi. Bu yerda taomilga aylangan odat bo‘yicha kaminaga 60-70 kilogramm keladigan baliq sovg‘a 
qildilar. Baliqning o‘ziga xos xususiyati shunda ediki, og‘irligining to‘rtdan bir qismini qora uvildiriq 
(ikra) tashkil etardi. 
Mehmondo‘st ovul ahli meni to tayyoragohgacha kuzatib bordilar. 
Samolyotga o‘tirdim. Baliqchi tumani partiya qo‘mitasining birinchi kotibi O‘rinbosar Yerkinov 
ham samolyotga chiqib bordi va semiz jomadonni yonimga qo‘ydida: 
— Tushayotganingizda esingizdan chiqmasin, — dedi. 
— Bu nima? — deb so‘radim hayron bo‘lib. 
— Boya sizga sovg‘a qilingan baliqning uvildirig‘i.  
U paytlari o‘n besh-yigirma kilogramm uvildiriq rasmana boylik hisoblanardi. 
Un kunlardan so‘ng onam Chimkentga yo‘l oldi. Oradan biroz fursat o‘tib, xotinim xolodilnikni 
ochib qoldi: qora uvildiriq katta kosaning ostidagina qolgan edi, xolos. 
— Yana hotamtoyliging tutib, birovga berib yuborgansan! — deb dashnom berdi xotinim. 
— Qo‘ysangchi, men xolodilnikka yaqin yo‘laganim yo‘q-ku! 
Uydagilar xiyla besaramjon bo‘lib qoldilar. 
Oradan ancha-muncha vaqt o‘tgach, qora uvildiriqning yo‘qolish siri fosh bo‘ldi. Bir kuni oqshom 
chog‘i ishdan qaytib kelayotsam, uyimizning oldida qo‘shnimiz — rus kampir kutib turgan ekan. 

Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori. Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov 
 
 


Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling