Chirchiq davlat pedagogika universiteti turizm fakulteti umukasbiy va ixtisoslik fanlari
Download 77.9 Kb.
|
Kurs ishi - Qurvonaliyev Mansurbek
Ziyorat turizmi. Turkiya ziyorat turizmi haqida gap ketsa, birinchi boʻlib Jaloliddin Rumiy hazratlari tilga olinadi. U jahon adabiyotining muazzam siymolaridan biri. Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Mirzo Abdulqodir Bedil kabi buyuk soʻz ustalari Mavlononi oʻzlariga ustoz deb bilgan.
Mashhurlikda Firdavsiyning “Shohnoma”si, Saʼdiyning “Guliston”i, Hofizning “Devon”i bilan bir qatorda turadigan Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy”sini olimlar inson maʼnaviy hayotining qomusi deb bilishadi. Uni nafaqat Sharqda, balki Gʻarbda ham ixlos bilan oʻrganishgan. Mashhur italyan yozuvchisi Jovani Bokkachcho “Masnaviyi maʼnaviy”dagi qator hikoyatlar asosida novellalar yaratgani maʼlum. Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiy 1207-yilning 30-sentyabrida hozirgi Afgʻoniston shimolidagi Balx viloyatida ulugʻ shayx Muhammad Bahouddin Valad xonadonida dunyoga kelgan. Otasi Bahouddin Valad soʻfiylar va fiqh donishmandi boʻlgan. Shu bois ham sulton Muhammad Xorazmshoh uni saroyga taklif etgan. Lekin Bahouddin Valad uning taklifini qabul qilmay, maktabdorlik va ilmiy-ijodiy ish bilan shugʻullangan. Jaloliddinning buvisi esa xorazmshohning qizi boʻlgan. Keyinroq Valad oilasi, muridlarini olib, Balxdan ketadi va Makka safaridan soʻng Iroqu Ajam shaharlarini kezib, Turkiyaning Koʻnya shahrida qoʻnim topadi. Saljuq sultonlari tarafidan izzat-ikrom bilan qabul qilingan Bahouddin Valad shu yerda muqim yashab qoladi. Valadning vafotidan soʻng, uning oʻrniga Jaloliddin Koʻnya madrasasining bosh mudarrisi boʻladi. Hazrat Alisher Navoiy “Ustozlar ustozi” deb sharaflagan, Abdurahmon Jomiy esa “U paygʻambar emas, ammo paygʻambarlik kitobi bor” deb ulugʻlagan Mavlono Jaloliddin Balxiy-Rumiy 1273-yilning 17-dekabr kuni vafot etadi. Mavlono nomi bilan yuritiluvchi majmua bugun, shubhasiz, Koʻnyaning asosiy sayyohlik obyekti hisoblanadi. Majmuaga kirishingiz bilan bu yerda taralayotgan hazin nay navosi butun vujudingizni qamrab oladi. Kuy sehridan mast boʻlasiz. Maʼlumotlarga qaraganda, Rumiy hazratlarining qabrini ziyorat qilish uchun shaharga har yili yarim million nafar xorijlik, 1,5 million nafar mahalliy turistlar sayohat qilishadi. Xoʻsh, bunga qanday erishilgan. Rumiyning kitoblari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Bu ulugʻ zot haqida hujjatli filmlar ishlangan. Bundan tashqari, har yili Mavlono vafot etgan kun – 17-dekabrda Shabi Arus marosimi oʻtkaziladi. Unda dunyoning koʻplab mamlakatlaridan jurnalistlar, din peshvolari, siyosatchilar ishtirok etadi. Masalan, 2020-yilning 17-dekabr kuni ham pandemiyaga qaramay, shu tadbir tashkil etildi. Aynan Mavlono nomi bilan ataladigan madaniyat saroyida, qatʼiy karantin talablari ostida boʻlib oʻtgan tadbirga, dunyoning turli davlatlaridan olimlar, mavlaviya tariqati namoyandalari, jurnalistlar, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi, mamlakat parlamenti hamda Koʻnya shahri hokimligi rahbarlari qatnashdilar. Yana bir muhim jihat – Koʻnyada Mavlono Jaloliddin Rumiy shaxsi shu darajada ulugʻlanadiki, goʻyo odamlar shundan nafas olayotgandek. Bundan koʻrinib turibdiki, turizmda, ayniqsa, ziyorat turizmida targʻibotning oʻrni ham juda muhim. Mustaqillikka erishganimizdan soʻng Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Motrudiy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband, Soʻfi Olloyor, Zangi ota kabi koʻplab Islom olamidagi buyuk bobolarimizning qabrlari taʼmirlanib, ziyoratgohlarga aylantirildi. Islom dunyosida ularning obroʻsi juda baland. Soʻnggi yillarda chegaralarimiz sayyohlar uchun keng ochildi. Endigi vazifa bu ulugʻ zotlar faoliyatiga bagʻishlangan turli tadbirlar uyushtirish, Islom davlatlaridagi turistik firmalar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishdan iborat. Yana ijtimoiy tarmoqlarga, xorijiy internet saytlarga bu insonlar haqida ingliz, fransuz, arab va boshqa xorijiy tillarda maqolalar, suratlar joylashtirishimiz lozim. Ishonchim komilki, shu ishlarni yoʻlga qoʻya olsak, Oʻzbekistonda ziyorat turizmi yetakchi oʻringa chiqadi. Download 77.9 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling