Dadaboyeva gulhayoninng ekalogiya fanidan mustaqil ishi


Download 28.13 Kb.
Sana05.01.2023
Hajmi28.13 Kb.
#1079693
Bog'liq
Barqaror taraqqiyot asoslari va maqsadlari Ekalogiya


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI ORIENTAL UNIVERSITETI BOSHLANG'ICH TA'LIM FAKULTETI 1 KURS SIRTQI (ONLINE) 8- GURUH TALABASI DADABOYEVA GULHAYONINNG EKALOGIYA FANIDAN
MUSTAQIL ISHI
Barqaror taraqqiyot asoslari va maqsadlari
Reja:



  1. O’zbekistonning o’ziga xos istiqlol taraqqiyot yo’li

  2. O’zbek modeli.

  3. Bizning iqtisodiyot, siyosat, davlat-huquq va sud sohasida amalga oshirayotgan ishlar

Biz mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab o‘z umrini o‘tab bo‘lgan eski mustabid sovet tizimidan voz kechib, mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga azmu qaror qildik.


Yangi davlat va jamiyat qurishda amalda o‘zini to‘la oqlagan quyidagi besh tamoyil asos qilib olindi:
birinchidan – iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi va uning siyosatdan ustunligi. Boshqacha aytganda, avval iqtisod, keyin siyosat;
ikkinchidan – davlatning o‘zi eski tuzumdan yangi tuzumga o‘tish davrida bosh islohotchi bo‘lishi, ya’ni uning mamlakatni davlatchilik, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda yangilashga qaratilgan islohotlarning tashabbuskori bo‘lish vazifasini o‘z zimmasiga olishi;
uchinchidan – qonun ustuvorligi yoki barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi;
to‘rtinchidan – kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, davlatning aholini ijtimoiy nochor qatlam va guruhlarini qo‘llab-quvvatlash borasida mas’ul bo‘lishi;
beshinchidan – islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, “shok terapeyasi” deb atalgan turli usullardan voz kechish. Boshqacha aytganda, mamlakat inqilobiy yo‘ldan emas, balki tadrijiy yo‘ldan rivojlanishi kerak. Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, har qanday inqilobiy yo‘l hamisha xalqqa zulm va zo‘ravonlik, qon to‘kish va talafotlar keltirgan.
Ushbu tamoyillar avvalambor bizning kommunistik mafkuradan butunlay voz kechganimizning yaqqol ifodasi bo‘lib, yigirmanchi asrning 90- yillari boshidagi real hayotni o‘zida yorqin aks ettirdi va mamlakatimizni isloh etish bo‘yicha aniq prinsipial maqsad va vazifalarni belgilab olish imkonini berdi.
Biz aynan ana shu tamoyillardan kelib chiqqan holda, yangi davlat, yangi jamiyat poydevorini barpo etishga kirishdik. Aynan ana shu tamoyillarni amalga oshirish zarurati tufayli “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang”, “Islohotlar – islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning manfaatlari uchun” degan, bugun ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan hayotiy shiorlar paydo bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizni isloh etish va yangilashga qaratilgan dasturiy vazifalarni bajarishda biz milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizni saqlashga, xalqimizning asrlar davomida shakllangan mentalitetiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga katta e’tibor qaratdik. Shu bilan birga, muvaffaqiyatli va barqaror rivojlanadigan zamonaviy demokratik davlat qurishning o‘zini oqlagan jahon tajribasini chuqur o‘rganish va qabul qilish ham diqqatimiz markazida bo‘ldi.
Yurtimizda yoqilg‘i-energetika va g‘alla mustaqilligiga erishish muhim strategik vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Bu o‘rinda avvalo shuni aytish lozimki, O‘zbekiston tabiiy gaz, neft va gaz kondensati bo‘yicha aniqlangan ulkan sanoat zaxiralariga ega bo‘lganiga qaramasdan, ilgari iqtisodiyot tarmoqlari va aholi ehtiyojini qondirish uchun yiliga 6-7 million tonna neft va neft mahsulotlarini chetdan keltirish va buning uchun katta miqdordagi valuta resurslarini sarflashga majbur bo‘lar edi.
Bu jiddiy muammoni hal etish maqsadida qisqa fursat ichida o‘zimizdagi uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha maqsadli dasturlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Yangi neft-gaz konlarini aniqlash, neft va tabiiy gazni qazib olish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalar topildi, jumladan, xorij sarmoyasi jalb etildi. Buxoroda neftni qayta ishlaydigan yangi zamonaviy zavod barpo etildi, Farg‘ona va Oltiariqdagi neftni qayta ishlash zavodlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi, ularning barqaror va ishonchli faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoit yaratildi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom Konferensiyasi tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va qator ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar ishida faol ishtirok etib, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq, shuningdek, xalqaro hamjamiyat oldida turgan boshqa dolzarb muammolarni hal etish ishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
O‘z-o‘zidan ayonki, yangi davlat barpo etishda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalangan, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va zamonaviy demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasi muhim prinsipial va hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Yurtimizda o‘z Vatanining taqdiri, uning buguni va kelajagi uchun mas’uliyatni chuqur his etadigan, mustaqil va yangicha fikrlaydigan kadrlarga ehtiyojni qondirish vazifasi biz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardanoq o‘ta muhim va hal qiluvchi masalaga aylangan edi.
Ana shu maqsadlardan kelib chiqqan holda, 1997 yili 2009 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz. O‘zining mazmun va mohiyatiga ko‘ra noyob bo‘lgan ushbu dastur 12 yillik ta’limga o‘tishni, uzluksiz ta’limning yaxlit tizimini yaratishni ko‘zda tutadi. Dastur umumta’lim maktablaridagi to‘qqiz yillik o‘rta ta’limni, akademik litsey va kollejlardagi uch yillik maxsus kasbga tayyorlash tizimini o‘z ichiga oladi.
Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari huzurida tashkil etilgan akademik litseylar yoshlarga o‘zi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot olish uchun yanada chuqur bilim egallash, kollejlar esa maxsus fanlarni o‘zlashtirish bilan bir qatorda, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan har bir bitiruvchi yigit-qizga o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarish va jamiyatda munosib o‘rin topish uchun 2-3 mutaxassislik bo‘yicha o‘rta malakali kasb egallash imkonini beradi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi doirasida 2009 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi ham amalga oshirilmoqda.
Ta’lim sohasidagi milliy dasturlarni hayotga tatbiq etish boshlanganidan buyon 1 ming 140 taga yaqin akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 4 ming 680 tadan ziyod umumta’lim maktabi yangitdan qurildi va kapital ta’mirlandi, zamonaviy mebel, o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlandi, ularda kompyuter sinflari va lingafon xonalari tashkil etildi.
Yangi milliy ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, yangi darsliklar va maxsus o‘quv qo‘llanmalari yaratish orqali ta’lim jarayonining mazmuni tubdan takomillashtirildi. Shunisi ayniqsa muhimki, ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida akademik litsey va kollejlar uchun zamon talablariga javob beradigan yangi toifadagi o‘qituvchilarni tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Oliy ta’lim sohasida ham tub islohotlar amalga oshirildi, bakalavr va magistrlar tayyorlashning Yevropa tizimiga o‘tildi. Bugungi kunda mamlakatimizning 65 ta oliy o‘quv yurtida 850 yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha 300 mingga yaqin talaba bilim olmoqda.
O‘tgan yillar mobaynida zamonaviy, har tomonlama jihozlangan o‘quv yurtlarini barpo etish uchun 5 milliard dollardan ortiq budjet va budjetdan tashqari mablag‘lar yo‘naltirildi.
Hozirgi kunda yurtimizda ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan xarajatlar hajmi mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti tarkibida 12 foizdan ortadi. Holbuki, jahon tajribasida bu ko‘rsatkich 3-5 foizdan oshmaydi.
O‘zbekiston o‘zining milliy Fanlar akademiyasiga ega bo‘lib, uning tarkibida ulkan ilmiy-texnik salohiyatga ega bo‘lgan 43 ta akademik institut muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Tabiiy va aniq fanlarning yadro fizikasi, issiqlik fizikasi, astrofizika, geliomaterialshunoslik, biologiya, mikrobiologiya, kimyo va tabiiy birikmalar kimyosi, seysmologiya yo‘nalishlarida va boshqa ko‘plab sohalarda istiqbolli tadqiqotlar olib borilmoqda.
Hech shubhasiz, bugun ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohasiga sarflanayotgan mablag‘lar mamlakatimiz kelajagining egasi bo‘lgan yosh avlodni, yuksak intellektual salohiyatli jamiyatni shakllantirish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsad-muddaolarga erishishda, barqarorlikni ta’minlash va mamlakatni yangilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni joriy etishda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab ulkan ishlarni amalga oshirib kelayotganimiz barchangizga yaxshi ma’lum.
Bu borada ayniqsa yurtimizda millatlar va dinlararo tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, ma’naviy va axloqiy tarbiyani kuchaytirish, tarixiy ildizlarimizga, milliy o‘zligimizga qaytish, aholining siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga doir aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarimiz muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidlash joiz.
Bugungi kunda xalqimizga azaldan xos bo‘lgan hamjihatlik va bag‘rikenglik, mehr-oqibat, mehmondo‘stlik va saxovat kabi insoniy fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda va bunday ma’naviy muhit odamlarning ruhi va kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Biz bugun yurtimizda yangi hayot barpo etar ekanmiz, bir masalaga alohida e’tibor berishimiz lozim. Ya’ni, kommunistik mafkura va axloq normalaridan voz kechilganidan so‘ng jamiyatda paydo bo‘lgan g‘oyaviy bo‘shliqdan foydalanib, chetdan biz uchun mutlaqo yot bo‘lgan, ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o‘z ichiga olgan “ommaviy madaniyat” yopirilib kirib kelishi mumkinligi barchamizga ayon bo‘lishi kerak.
Bunday uzoqni ko‘zlaydigan, aniq maqsadlarga ega bo‘lgan turli xuruj va g‘arazli intilishlar, xorijiy markazlar tomonidan katta kuch va mablag‘ sarflanayotgan harakatlar va bu kabi xavf-xatarlar bizga qanday zararli oqibatlar olib kelishidan ogoh bo‘lishimiz darkor.
Mamlakatimizni 1991-2000 yillar davomida isloh qilish va yangilash borasida qo‘lga kiritilgan natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, bugun ushbu bosqich milliy davlatchilikni shakllantirish va respublikamizni barqaror rivojlantirishda mustahkam zamin bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Tarixan qisqa vaqt ichida sovet davridagi eski ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga barham berildi, milliy davlatchilikni shakllantirishning puxta huquqiy asoslari yaratildi, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tarmoqlari tashkil etildi, ijtimoiy va fuqarolik institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, iqtisodiyotni erkin bozor munosabatlariga o‘tkazish jarayoni amalga oshirildi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning 76 foizi, jumladan, sanoat mahsulotining qariyb 80 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va chakana savdo aylanmasi esa to‘lig‘icha iqtisodiyotning nodavlat sektorida yaratilmoqda. Yurtimizdagi korxonalarning 90 foizi xususiy va korporativ mulk shakliga o‘tgan, ularda jami ish bilan band aholining 77 foizi mehnat qilmoqda.

Kichik va xususiy biznesning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi 45 foizdan ortib borayotgani va u mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yetakchi kuchga aylanib, bozorlarimizni zarur tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish, aholi daromadi va farovonligini oshirishning asosiy manbai, odamlarni ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni hal etishning muhim omiliga aylangani e’tiborga sazovordir.


Ayni paytda yurtimizda transport kommunikatsiya tizimini rivojlantirish masalasiga ham respublikamizni jadal taraqqiy toptirishning asosiy sharti va mezoni sifatida katta ahamiyat berilmoqda.


So‘nggi yillarda barpo etilgan, umumiy uzunligi 633 kilometrni tashkil qiladigan Navoiy-Nukus, 223 kilometrlik Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l magistrallari, Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan tezkor avtomobil yo‘lining bu boradagi o‘rni va ahamiyati qanchalik beqiyos ekanini hammamiz yaxshi anglaymiz. Bu yo‘llar mamlakatimizning barcha hududlarini yagona transport tarmog‘iga ishonchli tarzda birlashtirib, mintaqalarimizda mavjud bo‘lgan boy mineral-xomashyo va tabiiy resurslarni o‘zlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.


O‘tgan davrda qo‘lga kiritgan salmoqli yutuq va natijalarimiz xalqimizning daromadlari va farovonligini izchil ravishda oshirib borishni ta’minlash, keng ko‘lamli ijtimoiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini berdi.


Barchamizga ma’lumki, aholi ish haqi va daromadlarining o‘sish sur’ati eng muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Bu haqda gapirganda, aholi real daromadlarining 2006 yilda 2000 yilga nisbatan 2,5, 1992 yilga nisbatan esa o‘rtacha 12 barobar oshganini ta’kidlash lozim. Joriy yil oxiriga borib respublikamizda o‘rtacha ish haqi miqdorining 200 dollar darajasiga yetishi kutilmoqda.


Biz har uch yilda ish haqini 2-2,5 barobar oshirishni o‘z oldimizga muhim strategik vazifa qilib qo‘yganmiz. Shu tariqa, aholining xarid qobiliyatini hisobga olgan holda, biz yaqin yillar ichida xalq farovonligi va daromadlarini ta’minlash bo‘yicha yuksak marralarga erishayotgan mamlakatlar darajasiga ko‘tarilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.


Bugungi kunda yurtimizda zamonaviy mehnat bozori shakllandi – mustaqillik yillarida 5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Ularning 70 foizdan ziyodi sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri keladi.


Ayniqsa, shahar va qishloqlarda birinchi navbatda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash imkonini beradigan, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosida tashkil etiladigan kasanachilik jadal rivojlana boshlaganini ta’kidlash lozim.


Biz uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan aholini ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolarga katta e’tibor qaratib, bu borada aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni izchil amalga oshirayotganimiz mavjud ahvolni tubdan o‘zgartirish uchun imkon yaratdi. 2006 yilda ishsizlik darajasi 5,3 foizgacha kamaygani ham shundan dalolat beradi.


Mamlakatimiz aholisi, avvalo qishloq joylardagi odamlarning turmush sharoiti izchil tarzda yaxshilanmoqda. Istiqlol yillarida 36 ming kilometrlik suv quvurlari, 72 ming kilometrlik gaz tarmoqlari ishga tushirildi. Bu 1991 yilga qadar erishilgan natijalarga nisbatan tegishli ravishda 2 va 4 barobar ko‘p demakdir.


Natijada aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bugungi kunda 84 foizni, jumladan, qishloq joylarda 77 foizni, tabiiy gaz bilan ta’minlash 82 foizni, qishloq joylarda esa 78 foizni tashkil etmoqda.


Xalqimiz turmush sharoitini yaxshilashga doir chora-tadbirlar tizimida sog‘liqni saqlash va aholi salomatligini muhofaza qilish alohida o‘rin tutishini hammamiz yaxshi tushunamiz.


O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekistonda tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi amalda to‘liq qayta ko‘rib chiqildi. Hozirgi vaqtda bu boradagi islohotlarning asosiy bosqichlaridan biri nihoyasiga yetmoqda. Aholiga bepul shoshilinch va yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun eng yuksak talablarga javob beradigan ixtisoslashtirilgan shifoxona va bo‘limlar tarmog‘ining tashkil etilishi bu bosqichning eng muhim va konkret natijasi bo‘lganini qayd etish zarur. Maxsus tashkil etilgan respublika markazi bu tizimga rahbarlikni va uning faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlamoqda.


Sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida, ayniqsa, qishloq joylarda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Samarasiz ishlayotgan feldsherlik-akusherlik punktlari va qishloq ambulatoriyalari o‘rnida zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan 3 mingdan ziyod qishloq vrachlik punkti tashkil etilgani bu sohadagi katta qadam bo‘ldi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.


Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish tizimining har tomonlama qayta ko‘rib chiqilishi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni sifat jihatidan sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. Natijada keyingi 2-3 yilda soha xodimlarining ish haqi 2 barobardan ziyod ko‘paydi.


Yurtimizda yangi tashkil etilgan sog‘liqni saqlash tizimida eng yuksak zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va texnikasi bilan ta’minlangan ixtisoslashgan klinikalar muhim o‘rin egallamoqda. Ularda yuqori malakali mutaxassislar jahon miqyosidagi murakkab va noyob operatsiyalarni amalga oshirib, odamlar hayotini saqlab, ularning umriga umr qo‘shayotgani bu boradagi islohotlarimizning yana bir amaliy ifodasidir.


Sog‘liqni saqlash tizimida bo‘lajak onalar salomatligini muntazam nazorat qilib boradigan, sog‘lom bolalar tug‘ilishiga xizmat qiladigan keng tarmoqli skrining markazlarining o‘rni va ahamiyati qanchalik katta ekani haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirib o‘tirishga hojat yo‘q.


Agar 1991 yilda onalar o‘limi bilan bog‘liq ko‘rsatkich har 100 ming nafar ayolga nisbatan 65 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 24 taga tushdi, go‘daklar o‘limi esa ilgari 1000 nafar chaqaloqqa 35 tadan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda 14 taga tushdi.


Shunisi e’tiborliki, bugun O‘zbekistonda chechak va ich terlama, kuydirgi, o‘lat va vabo kabi yuqumli kasalliklarga butunlay barham berildi.


O‘tgan davr mobaynida yurtimizda aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi ham sezilarli ravishda ortganini mamnuniyat bilan qayd etish lozim. Bu boradagi umumiy ko‘rsatkich 1990 yilda 67 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2006 yilda 72,5 yoshni tashkil etdi. Jumladan, erkaklar o‘rtasidagi o‘rtacha umr ko‘rish 66 yoshdan 70 yoshga, ayollar o‘rtasida esa 70 yoshdan 74,6 yoshga uzayganini odamlar salomatligini muhofaza qilish va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarning aniq va yaqqol natijasi sifatida baholash o‘rinli bo‘ladi.


Bu strategiya avvalambor tajribada o‘zini oqlagan demokratik, siyosiy va iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, tinchliksevar tashqi siyosat yuritish va jahon xo‘jalik tizimiga integratsiyalashishga qaratilgan yo‘limizni bundan buyon ham izchil davom ettirishni ta’minlashi darkor.
Download 28.13 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling