Dastur sotsiologik tadqiqotning asosiy hujjati sifatida
TADQIQOT DASTURININNG NAZARIY-METODOLOGIK QISMI
Download 66.21 Kb.
|
DASTUR – SOTSIOLOGIK TADQIQOTNING ASOSIY
2.2 TADQIQOT DASTURININNG NAZARIY-METODOLOGIK QISMI
Tadqiqot dasturining nazariy-metodologik qismini ishlab chiqish muammoni ta’riflashdan boshlanadi. Bu sotsiolog ishining butun jarayonini belgilab beradi. Muammoni to‘g‘ri belgilash ishga to‘g‘ri yo‘nalish beradi, noto‘g‘ri belgilash esa butun tadqiqot davomida umuman noto‘g‘ri yo‘ldan borishga olib keladi. Ikkinchi holatda tadqiqotni davom ettirishdan ma’no yo‘q, chunki barcha sa’y-harakatlar befoyda bo‘ladi. Tadqiqot muammosi – ham nazariy-metodologik, ham uslubiy jihatdan g‘oyat murakkab, mustaqil ravishda yoritishni talab etuvchi masala. Dasturning nazariy-metodologik qismi quyidagi elementlardan tashkil topadi: 1. Muammoni shakllantirish va asoslash Sotsiolog tadqiqotchining ilmiy tadqiqot dasturini tuzish sari uzoq yo‘li muammoli vaziyat va tadqiqot muammosidan boshlanadi. Buning uchun dasturning ushbu qismida birinchi muammoli vaziyat, undan keyin ijtimoiy muammo va uchinchi bo‘lib, ilmiy muammo ko‘rsatiladi. Har uchala element ham o‘rganilayotgan muammo kontekstida ko‘rib chiqiladi. Muammoli vaziyat – ijtimoiy obyektning rivojlanishida uning beqarorligi, yanada rivojlanish ehtiyojlariga nomuvofiqligi bilan izohlanuvchi holat. Bu, albatta, nazariy tushuncha. Oddiy qilib aytganda, tadqiqot o‘tkazish uchun jamiyatda, albatta, muammoli vaziyat mavjud bo‘lishi kerak. Chunki tadqiqotda ham inson mehnati, ham moliyaviy resurslar talab etiladi. Shunday ekan, o‘rganmoqchi bo‘lgan vaziyatimiz muammoli kechayotgan bo‘lishi kerak. Ular turlicha bo‘lishi mumkin, biroq har qanday muammoli vaziyat jamiyat, sotsium, ijtimoiy guruhlar, shaxs yoki individning ijtimoiy barqarorligiga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi lozim. Ushbu muammoli vaziyat jamiyatning har qanday jabhasida – siyosiy, iqtisodiy, huquqiy yoki boshqa sohalarida kechayotgan bo‘lishi mumkin. Masalan, oddiy muammoli vaziyatlarni misol qilib keltiramiz: fuqarolarda kommunal xizmatlarga nisbatan norozilik kayfiyatining yuzaga kelayotganligi; yosh tadbirkorlarning davlat tomonidan belgilangan huquqiy kafolatlardan foydalanishida noqonuniy aralashuvlarning mavjudligi; xorijiy davlatlarda mehnat migranti sifatida ishlagan fuqarolarning salbiy ijtimoiy-siyosiy kayfiyat bilan mamlakatga qaytayotganligi; internet foydalanuvchilarining “uz” domeniga nisbatan sust yondashuvi va ishonchsizligi va h.k. Ijtimoiy muammo deganda voqelikda, bizni o‘rab turayotgan hayotda mavjud bo‘lgan, ommaviy tus olgan, keng ijtimoiy guruh yoki ijtimoiy institutlarga daxldor bo‘lgan zid vaziyat tushuniladi. Bu yoshlar orasida jinoyatchilikning ortib borishi, ishsizlikning oshishi yoki aholi turmush darajasini pasayishi, milliy mahsulotga bo‘lgan talabning pasayishi, emigratsiyaning immigratsiyadan ortiq bo‘lishi kabi va boshqa hodisalarning sabablarini bilmaslik bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy muammolar tadqiqot maqsadi, muammo tashuvchisi, uning miqyoslari, amal qilish vaqti va chuqurligidan kelib chiqib tasniflanadi. Demak, tadqiqot muammosi – bu obyekt yoki hodisaning mavjud bo‘lgan, asosan, istalmagan holati (masalan, kadrlar qo‘nimsizligi darajasini g‘oyatda yuqoriligi) hamda istalgan holati (barqaror, yaxshi mehnat qilayotgan jamoa) o‘rtasidagi farqi. Hal etilmagan ziddiyat bilimning mavjud bo‘lmasligi kabi ilmiy tadqiqotning boshlang‘ich nuqtasi, ziddiyatning hal etilgani va to‘liq bilimga ega bo‘lish – uning yakuniy nuqtasi. Ular bir-biriga mos bo‘lishi lozim.4 Ilmiy muammo – muammoli vaziyatni ilmiy jihatdan aks ettirish shakli. Bir tomondan u muammoli vaziyatni keltirib chiqarayotgan haqiqiy ziddiyatlarni aks ettiradi, boshqa tomondan ma’lum amaliy harakatlar zaruriyatini anglash hamda ularni amalga oshirish vosita va usullarini bilmaslik o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘rsatadi. Muammo ijtimoiy hayotning ma’lum sohasini o‘rganish, ziddiyatlarni keltirib chiqarayotgan sabablarni aniqlash va ularni hal qilishga qaratilgan nazariy vosita va amaliy tadbirlarni ishlab chiqish zaruriyatini ifoda etish sifatida ta’riflanadi. Muammoning aniq ta’riflangani yakuniy muvaffaqiyatning 60–70%ni ta’minlaydi. Tadqiqot vazifasi muammoni qayd etishning vositasidir (muammo so‘zi grekchada problema – vazifa). Muammoni ta’riflash bosqichida sotsiolog ilmiy va uslubiy adabiyotlar, avval o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlar natijalari, muammoning iqtisodiy, texnik va tashkiliy jihatlariga tayanadi. Sotsiolog muammoli vaziyatni muammo ta’rifiga «o‘girishi» lozim. Bu olim muammoli vaziyatni tahlil qilishi – maxsus tahliliy ishni bajarishi lozimligini anglatadi. Bunda quyidagi vazifalar hal etilishi lozim. 1. Muammoli vaziyat tuzilishi to‘g‘risida iloji boricha to‘liq tasavvur hosil qilish, undan eng ahamiyatli element va omillarni ajratib olish, ular ilm-fanning qaysi yo‘nalishlariga aloqadorligini aniqlash. Bu hal etilishi iqtisodchi, texnolog va boshqa mutaxassislarning emas, aynan sotsiologlar vakolatiga kiruvchi sotsiologik muammoni aniqlash imkonini beradi. 2. Muammoli vaziyatning avvaldan ma’lum, yaqqol bo‘lgan, maxsus tahlilni talab qilmaydigan hamda noma’lum elementlarni ko‘rib chiqish uchun axborot bazasi bo‘lib xizmat qiladigan qismlarini ajratib olish lozim. Masalan, kadrlar qo‘nimsizligi bilan bog‘liq muammoli vaziyatni o‘rganishda qo‘nimsizlik turlarining hissasi ajratib olinadi: a) muqarrar qo‘nimsizlik (o‘lim, nogironlik, nafaqaga chiqish bilan bog‘liq tabiiy qo‘nimsizlik); b) ijtimoiy zarur qo‘nimsizlik (armiyada xizmat, ta’lim olish, jazoni o‘tash va b.); v) ijtimoiy ruxsat etilgan qo‘nimsizlik (oilaviy ahvolga ko‘ra ish o‘rnini almashtirish; farzand tarbiyasi, oilaviy ta’lim, kasbni almashtirish, kasbiy o‘sish va h.k.); g) istalmagan qo‘nimsizlik (korxona jamoasida hal etilishi mumkin bo‘lgan nizolar oqibatida ishdan bo‘shash to‘g‘risida qaror qabul qilish, ishchilarning shaxsiy muammolarini hal qilish imkoniyatlarini bilmaslik, kichik stajga ega ishchilarning moslashuvchanligi buzilishi va b.). Birinchi uchta qism idoraviy statistika bilan ta’riflansa, to‘rtinchi omil maxsus o‘rganishni talab etadi va tadqiqotning markaziy muammosiga aylanishi mumkin. 3. Muammoli vaziyatda umumiy (ahamiyatli) va ergash (ikkilamchi) qismlarni ajratib olish. Masalan, tadqiqotlarning birida muammoli vaziyat sifatida mehnat unumdorligini oshirishda ijtimoiy omillardan yetarlicha foydalanmaslik ko‘rsatilgan. Omillar sifatida esa quyidagilarni belgilash mumkin: a) samarali mehnat qilish imkoniyati (mehnatga layoqat); b) samarali mehnat qilish qobiliyati (ta’lim va malaka; v) samarali mehnat qilishga xohish (mehnatga munosabat). Umumiy omil sifatida oxirgi omilni (mehnatga munosabat) ajratib olib, tadqiqot muammosi sifatida mehnat unumdorligini oshirishda shu omilning ahamiyati va uni yetarlicha hisobga olmaslik o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘rsatish mumkin. Buning oqibatida yanada aniq, xususiy ziddiyatlar vujudga keldi. Masalan, ishchining yuqori malakasi (qobiliyati) va shu qobiliyatni a’lo darajada bajarishdan manfaatdorlikning (xohishning) pastligi o‘rtasidagi ziddiyat. Tadqiqot maqsadiga qarab gnoseologik va predmetli muammolar bo‘ladi. Gnoseologik muammolar ijtimoiy jarayonlarning ahvoli yoki o‘zgarish tendensiyalari to‘g‘risidagi bilimlarni yetishmasligidan kelib chiqadi. Predmetli muammolar deb aholi guruhlari yoki ijtimoiy institutlar manfaatlarining to‘qnashuvi oqibatida yuzaga keladigan va jamiyat hayotini beqaror qiladigan ziddiyatlar tushuniladi. O‘z «tashuvchisiga» ko‘ra muammo alohida ijtimoiy-demografik, milliy, kasbiy, siyosiy va boshqa guruhlar, ijtimoiy institutlar, ishlab chiqarish korxonalari, davlat muassasalari, maskanlari va hokazolarning manfaatlariga daxldor bo‘lgan ziddiyatni aks ettiradi. Tarqalganlik miqyosiga ko‘ra, muammo umummilliy, hududiy yoki mahalliy bo‘lishi mumkin. Amal qilish vaqtiga ko‘ra, muammolar qisqa, o‘rta va uzoq muddatli bo‘ladi. Firma ishchi-xodimlarining rahbarning rahbarlik qilish uslubi bilan noroziligi qisqa muddatli muammoga kiradi, chunki uni bir hafta, bir oy davomida hal qilish mumkin. O‘sha ishchi-xodimlarning ishni tashkil etish yoki mehnatga haq to‘lashning yangi tartibiga moslashish muammosi ikkinchi turga kiradi, ularning bozor munosabatlariga moslashish muammosini esa uzoq muddatli muammo sifatida ta’riflash to‘g‘ri bo‘ladi. Umuman olganda, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, tadqiqot dasturining nazariy-metodologik qismida birinchi bo‘lib shakllantiriladigan element – muammoni ta’riflashda birinchi bo‘lib muammoli vaziyat (1) ochib beriladi, undan so‘ng ushbu muammoning ijtimoiy xarakter kasb etishi tasdiqlanadi, ya’ni ijtimoiy muammo (2) ko‘rsatiladi va uchinchi bo‘lib, ushbu muammoning yechimi sotsiologik tadqiqotni talab etishini asoslash uchun ilmiy muammo (3) shakllantiriladi. Misol sifatida “Xorijda uzoq muddatda ishlab kelgan fuqarolarning moslashish muammolari” mavzusidagi sotsiologik tadqiqot dasturida ushbu elementlarning qanday ko‘rsatilganligini ko‘rishimiz mumkin: Muammoli vaziyat: Bugungi kunda ko‘plab yo‘nalishlar qatorida, O‘zbekistonning mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha davlatlararo hamkorligining ko‘lami o‘sib bormoqda. Bu boradagi faoliyatni tartibga solish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 1 maydagi “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 19 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet eldagi hamda xorijiy fuqarolarning respublikadagi mehnat faoliyati to‘g‘risida”gi 408-sonli, 2003 yil 12 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet ellardagi mehnat faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 505-sonli qarorlari va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlarni keltirib o‘tish mumkin. Bundan tashqari, fuqarolarning xorijiy davlatlarga chiqishi, ishga joylashishi, ularning xavfsizligini ta’minlanishiga oid vazifalarni amalga oshiruvchi Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi kabi qator davlat institutlari faoliyat yuritmoqda. Shunga qaramasdan ishsizlik muammosi bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasiga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, respublika aholisi ishchi sinfini 4,9% doimiy ish bilan ta’minlanmaganlar tashkil qiladi. O‘zbekiston hukumati mazkur muammoni hal etish uchun 2007 yilda Rossiya Federatsiyasi, 2009-yilda Koreya va Xitoy kabi bir nechta davlatlar bilan ikki tomonlama bitimlar imzolagan. Lekin uzoq muddat davomida xorijiy mamlakatlarda bo‘lib qaytgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasiga qarshi turli destruktiv kuchlarning ta’siri yoki u yerdagi hayot tarziga ko‘nikib qolishi natijasida, ularning O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy hayotga moslashuvida ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda. Ijtimoiy muammo: Fuqarolarning iqtisodiy jihatdan xorijiy mamlakatlarga bog‘lanib qolishi va doimiy migratsiya, ularning siyosiy ongini yuqoridagi davlatlar manfaatlariga moslashib qolishiga olib kelmoqda. Migratsiya jarayonlari davlatimizga iqtisodiy tarafdan ko‘mak berish bilan bir qatorda konstitutsiyaviy tuzumimizga qarshi bo‘lgan kuchlarga ham qo‘l kelishi mumkin. Razvedkaviy tadqiqot natijalariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy jinoyatchilikning o‘sishi, oilalar ajralishi, turli yuqumli kasalliklarning tarqalishi hamda boshqa ijtimoiy va huquqiy oqibatlarning yuzaga kelishida mehnat migrantlarining ulushi oshib bormoqda. Ilmiy muammo: Bugungi kunda xorij mamlakatlarida mehnat migranti sifatida ishlab qaytayotgan fuqarolar ijtimoiy kelib chiqishi, yashash joyi va ijtimoiy-demografik tarkibi, son va sifat jihatlariga ko‘ra turlicha bo‘lganligi sababli ularning ijtimoiy-siyosiy kayfiyatidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Shu sababli, mutasaddi davlat idoralari va jamoat tashkilotlari ulardan o‘ziga xos “risk” guruhini tuzish hamda ijtimoiy profilaktika ishlarini tashkil etishda qator muammolarga duch kelmoqdalar. Yuqoridagi misoldan ko‘rinib turibdiki, tadqiqot muammosi qadamma-qadam asoslab boriladi va o‘z-o‘zidan ma’lumki, sotsiologik tadqiqot o‘tkazish uchun asos yaratib beradi. Download 66.21 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling