Deputatlar "Tarbiya" fanini oʻqitish boʻyicha olib borilayotgan tashkiliy ishlar bilan qiziqdilar


Download 21.5 Kb.
Sana24.12.2022
Hajmi21.5 Kb.
#1052738
Bog'liq
tarbiya maktab


2020-yil 1-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “Umumtaʼlim maktablarida vatanparvar avlodni tarbiyalash, yangi joriy etilgan “Tarbiya” fani oʻqitilishini tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalani muhokama qildilar. Xalq vakillarining ushbu masala yuzasidan savollariga Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov javob berdi.

Vazirning taʼkidlashicha, mamlakatimizda xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, maktablarda maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar yangicha asosda tashkil etilib, “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” kabi fanlar asosida yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. 2020-2021 oʻquv yilidan 1-9-sinflarda oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. 10-11-sinflarda esa mazkur fan 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab joriy etiladi.

Deputatlar “Tarbiya” fanini oʻqitish boʻyicha olib borilayotgan tashkiliy ishlar bilan qiziqdilar.

Maʼlumotga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Tarbiya” fani 1-9-sinflarda haftasiga 1 soatdan, oʻquv yili davomida esa 34 soat oʻqitiladi. Shuningdek, oʻqituvchilar uchun “Tarbiya” fani boʻyicha darslarni tashkil qilish yuzasidan zamonaviy yondashuvlar oʻrin olgan uslubiy qoʻllanma ishlab chiqildi. “Tarbiya” fanini oʻqitish texnologiyasi” nomli qoʻllanma nashrga tayyorlandi. “Tarbiya” fani boʻyicha oʻquv-uslubiy taʼminotning axborot platformasini yaratish maqsadida internet tarmogʻining www.tarbiyam.uz domenida fanga doir maʼlumotlar va vazifalari bayon etilgan oʻqituvchiga uslubiy yordam koʻrsatuvchi maʼlumotlar bazasi yaratildi. Bu platformada oʻqituvchilar uchun “Tarbiya” fanining maqsad-vazifalarini ochib beruvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar – fan konsepsiyasi, Davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturi, uslubiy tavsiyalar, taqvim-rejalar, fanni oʻqitishga doir texnologiyalar, dars ishlanmalari, qoʻshimcha manbalar joylashtirilmoqda. Shuningdek, platformada oʻquvchilar va ota-onalar uchun maxsus ruknlar ham mavjud.“Tarbiya” fanining 1-9-sinflarga moʻljallangan darsliklari yaratilib, undagi mavzularga oid 21 ta videoroliklar darsliklarga QR-kod bilan kiritildi.

Mazkur darsliklarda yoshlarni fikrlashga oʻrgatadigan, ularni milliy qadriyatlarimizga sodiq, vatanparvar etib tarbiyalashga xizmat qiladigan zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanishga qay darajada eʼtibor qaratilgan? Xalq vakillari “Hukumat soati”da ushbu savolni ham oʻrtaga tashladi.

Vazir javobiga koʻra, “Tarbiya” fanining oʻquv dasturi va darsliklarida vatanparvarlik, tadbirkorlik, irodalilik, mafkuraviy immunitet, mehr-oqibatlilik, masʼuliyatlilik, bagʻrikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, mehnatsevarlik kabi koʻnikmalarni shakllantirishga alohida urgʻu berilgan. Xususan, bunda milliy anʼanalar, ulugʻ allomalarning hayot va yoʻllari, asarlari, zamondosh qahramonlarning faoliyati ibrat sifatida keng foydalanilgan. Mavzularni oʻqitishda bugun jahon miqyosida ommalashgan “Loyiha asosida oʻqitish”, “Qiziqishlar asosida taʼlim berish”, «Art-fest», “Namuna koʻrsatish”, “Misollar orqali oʻqitish”, “Vaziyatlarni tahlil qilish” kabi taʼlim berishning ilgʻor texnologiya va uslublari qoʻllanilgan.

“Hukumat soati”da deputatlar taʼlim muassasalarida oʻquvchilar orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, badantarbiya mashgʻulotlari va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishini kundalik turmush tarziga singdirish, sogʻlom va toʻgʻri ovqatlanishni targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha ham savol berdilar.

Qayd etilganidek, xalq taʼlimi tizimidagi 10 008 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasasida 6 mln. 236 ming nafar oʻquvchi tahsil oladi. Bugungi kun oʻquvchi-yoshlarni har tomonlama yetuk va barkamol boʻlib ulgʻayishlarini nazarda tutib, vazirlikda Sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish va tibbiy xizmat koʻrsatishni muvofiqlashtirish shoʻbasi tashkil etilgan. Shoʻba tomonidan umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻquvchilarining sogʻlom ovqatlanishini tashkil etishni yana-da takomillashtirish, belgilangan sanitariya qoidalari, meʼyorlari va gigiyena normativlari talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, maktab oshxonasini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash va taomlar sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.



Xalq taʼlimi tizimidagi umumtaʼlim maktablarining 7 672 tasida sport zal, 26 584 ta (basketbol, voleybol, futbol, gandbol, mini-futbol) sport maydonchalari va tennis kortlari mavjud. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida respublikadagi umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan tasviriy sanʼat, musiqa, sport, axborot texnologiyalari, qizlarga kasb oʻrgatish yoʻnalishidagi toʻgaraklari va kitobxonlik klublari tashkil etilib, ularga jami 3,9 mln. nafar oʻquvchilar jalb etilgan.

Qizgʻin bahs-munozaralarga boy kechgan “Hukumat soati”da ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlarni yana-da rivojlantirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Muhokamalar yakunida mazkur yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.
Download 21.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling