Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
2-topshiriq. Abdulla Qodiriyning quyidagi fikriga munosabat bildiring.
O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilining kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar. Ona tili millat dahosi, milliy ong va tafakkurning betakror timsoli, xalq tarixining yorqin ko‘zgusi sanaladi. Shu bois, ona tilining mavqei va rivojlanishi har vaqt jamiyat e’tiborida turgan. Tilda millatning maqsad-muddaolari, orzu- intilishlari, butun hayoti aks etadi. Shu ma’noda 80-yillarning ikkinchi yarmida Mustaqillik uchun kurashning o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berish to‘g‘risidagi talab bilan uyg‘un holda kechganiga ajablanmasak bo‘ladi. Ozodlik, hurlik o‘zbek tiliga juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Mamlakatimiz, xalqimiz singari tilimiz ham dunyoga yuz ochdi. Ilgarilari rus tili bilangina yaqin munosabatlarda bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘zbek tili dunyodagi barcha tillar bilan teng munosabatga kirishmoqda. Shundoq ham go‘zal, betakror, ifoda imkoniyatlari keng o‘zbek tili yanada ko‘rkamlashib, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faol ishlatila boshlandi. Ma’lumki, XIX asrning ikkinchi yarmidan to XX asrning 90-yillargacha xalqimiz sobiq ittifoqqa qaram bo‘lgani sababli o‘zbek tiliga nisbatan bepisandlik bilan qarab kelindi, uning rivojlanishi uchun to‘sqinliklar qilindi. Bu holat uzoq davom etmadi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning mislsiz ma’naviy jasorati, sa’y-harakatlari natijasida 1989-yilning 21-oktabr kuni Mustaqillik uchun bo‘lgan kurashning ilk g‘alabasi, nishonasi sifatida “O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berish to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran ona tilimizning rivojlanish yo‘lidagi barcha sun’iy to‘siqlar olib tashlandi va u davlat tomonidan qonun himoyasiga ostiga olindi. 1991-yili O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy va ma’rifiy hayotimizda tub o‘zgarishlar, yangilanishlar sodir bo‘ldi. “Davlat tili to‘g‘risida” Qonunning ko‘pgina bandlarida nazarda tutilgan holatlarga erishildi. Shunga ko‘ra, 1995-yil 21-dekabr kuni O‘zbekicton Respublikasi Oliy Majlisining IV sessiyasida “Davlat tili to‘g‘risida” Qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Qonunning 1-moddasidagi “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili o‘zbek tilidir” degan yozuv millatimizning asriy orzu-umidlarini, kelajagimizni belgilovchi bebaho so‘zlardir. Unda birinchi galda o‘zbek tilining bugungi jahon hamjamiyatidagi mavqei, davlatimizning, muhtaram Yurtboshimizning demokratiyaga asoslangan tinchliksevarlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik siyosati o‘zining yaqqol ifodasini topgan. Qonunda Respublikamizda istiqomat qiluvchi boshqa xalqlar tillarining erkin faoliyat ko‘rsatishi, rivojlanishi uchun ham yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berish hisobga olingan. Bu holat 2-, 4-, 6-, 10-, 14-moddalarda o‘z aksini topgan. Masalan, 2-moddadagi “O‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi Respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konsitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi”, 6-moddadagi “O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslarga ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqi beriladi,”–degan yozuvlar buning yaqqol isbotidir. Tilimizga Davlat tili maqomi berilgandan keyin o‘tgan qisqa davr juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Jumladan, o‘zbek tilida uzoq yillar mobaynida qo‘llanib kelingan ruscha-baynalmilal so‘zlar o‘zbekcha muqobillariga almashtirildi. Adres – manzil, aktiv – faol, aktual – dolzarb, alternativ – muqobil, arxitektor – me’mor, byurokrat – rasmiyatchi, arenda – ijara, viza – ruxsatnoma, vitrina – ko‘rgazma, gruppa – guruh, doklad – ma’ruza, zakaz – buyurtma, injener – muhandis, akt – dalolatnoma, kandidat – nomzod, reforma – isloh, straxovaniye – sug‘urta, separatizm – ayirmachilik kabi ko‘rinishlar bunga misol bo‘la oladi. Nutqimizda faol ishlatilgan ijtimoiy-siysiy atamalar o‘z o‘rnini ilgari o‘zbek tilida faol qo‘llangan leksik birliklarga bo‘shatib berdi. Ministr – vazir, redaksiya – tahririyat, spravka – ma’lumotnoma, tekst – matn, terrutoriya – hudud, traditsiya – an’ana, ensiklopediya – qomus, tema – mavzu, repressiya – qatag‘on, dogma – aqida, dogatizm – aqidapaarstlik, nektar – gulshira, pechat – muhr, sekretar – kotib, plan – reja, titul – sarvaraq, tiraj - nusxa singari. Eng muhimi, bu o‘zgarishlarning sezilarli qismi tilimizning ichki imkoniyatlari hisobiga sodir bo‘ldi. Shu bilan birga o‘tish davrining belgisi sifatida ruscha-baynalmilal so‘zlarni o‘rinsiz kalkalash yoki noto‘g‘ri tarjima qilish kabi holatlarni ham boshimizdan kechirganimizni eslab o‘tmoq joiz. Tilimizda videoxona, tijoratxona, tayyora, tayyoragoh, urchitmaxona, nusxakash, mashg‘ulotboshi, oynaso‘z, oliy bilimgoh, bemorxona, qog‘ozjild, patta kabi sun’iy atamlar ham qo‘llanib ko‘rildi, ammo vaqt o‘tishi bilan ular videosalon, birja, samolyot, aeroport,inkubatoriy,natarius, trener, rukn, institut, klinika, konvert ko‘rinishidagi asl holatiga qaytarildi. Yuqorida ta’kidlanganidek, ona tilimizga Davlat tili maqomining berilishi natijasida o‘zbek tili dunyodagi barcha tillar bilan o‘zaro aloqaga kirishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U kundan-kunga ko‘rkamlashib, sayqal topib, boyib bormoqda. Qisqa davr ichida tilimizga kollej, litsey, test, supermarket, kompyuter, printer, birja, firma, ofis, reyting, paynet, biznes, dizayner, kredit, terminal, tender, sayt, noutbuk, flejka kabi so‘zlar kirib keldi. Ishbilarmon, tadbirkor, vazirlik, hokim, dastur, rayosat, milliy g‘oya, milliy mafkura singari ichki imkoniyatlar asosida yasalgan so‘zlar paydo bo‘ldi. Kurash, dakki, yonbosh, chala, halol, g‘irrom kabi so‘zlarimiz dunyo tillariga o‘zlashdi. Ona tilimiz hamma sohada bizga beminnat dastyor vazifasina bajarishga kirishdi. Bunga til taraqqiyotidagi ijobiy hol deb qarash lozim bo‘ladi. XXI asr taraqqiyoti, O‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi ona tilimizning barcha sohalarda, xususan, uning ilm-fan, texnika tili sifatida keng ko‘lamda qo‘llanilishi uchun katta taraqqiyot eshiklarini ochib berdi. Tilimiz bugungi kunda to‘lishib, sayqallashib, tinimsiz ravishda boyib bormoqda. Bir tomondan SMS, MMS, ZiyoNet ta’lim tarmog‘i, interfaol o‘yinlar, mobil telefon, veb-sayt, audio-videoyozuv, kompyuterlashtirish, nanotexnologiya singari so‘zlar o‘zlashayotgan, nutqda qo‘nim topib borayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan homiylik, vasiylik, qo‘mita, vazirlik, hokimlik, tabobat kabi minglab so‘zlarda ma’no kengayishi jarayonlari kechmoqda. Kelajakda o‘zbek tilining mashinaviy tilini yaratish, uni kompyuter, internet tiliga aylantirish borasida keng ko‘lamda amaliy ishlar olib borilmoqda. Sayt, provayder, dasturchi, dasturlash, server, giperhavola, interfays, tarmoq, elektron ta’lim, elektron resurs, virtual olam, internet magazin, operator kabi leksik birliklar o‘zbek tili leksikasida sodir bo‘layotgan yangilanishlardan nishona berib turibdi. Yaqin kelajakda o‘zbek tili dunyo tillari orasida hamma sohada o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘ladi. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling