Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
Tayanch iboralar: unli tovush, old qator unlilar, orqa qator unlilar, til oldi
unlilari, o‘rta keng unlilar, quyi keng unlilar, lablangan unlilar, lablanmagan unlilar, vokalizm. Topshiriq. Mahmud az-Zamaxshariy qalamiga mansub hikmatli so‘zni yozing, unli tovushlarni aniqlab, ularga tavsif bering. Yoki ilmli bo‘l, yoki ilmga tayanib ish tutadigan bo‘l, loaqal ilmni tinglab eshitadigan bo‘l, biroq to‘rtinchisi bo‘lma, chunki kasodga uchrab halok bo‘lasan. Har bir tilda unli tovushlarning o‘ziga xos tizimi mavjud bo‘ladi. Bu tizimga vokalizm deyiladi. Unli tovushlarni talaffuz qilganimizda o‘pkadan chiqayotgan havo burun hamda og‘iz bo‘shlig‘ida hech qanday to‘siqqa uchramaydi, tilning vertikal hamda gorizantal holatlariga, shuningdek, og‘izning ochilish darajasiga qarab turib, turlicha pozitsiyaga ega bo‘ladi. Unli tovushlar nutqni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Ular inson nutqiga o‘ziga xos ohang, joziba baxsh etib turadi. Nutqning bo‘linib-bo‘linib chiqishini ta’minlaydi. Bu esa ketma-ketlik tamoyiliga asoslanib yuzaga chiqariladigan nutqning qulay va oson bo‘lishini ta’minlaydi. Unlilarning o‘ziga xos sifat va miqdor belgilari mavjud bo‘ladi. Tilning vertikal hamda garizontal holatiga ko‘ra unlilarning bir necha turlarga bo‘linib ketishi, lablarning ishtirokiga ko‘ra ham alohida qatorlarni tashkil qilishi ularning sifat belgilari sanalsa, cho‘ziq va qisqaligi miqdor belgilari hisoblanadi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida 6 ta unli tovush mavjud: i, u, ye, o‘, a, o. O‘zbek xalq shevalarida ularning miqdori turlicha ko‘rinishlarda uchraydi. Masalan, Andijon, Namangan, Marg‘ilon, Samarqand, Qarshi shevalarda ularning miqdori 9-10 taga yetsa, Xorazm shevalarida 17-18 tagacha yetishi kuzatiladi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilidagi unli tovushlar bir necha jihatdan tasnif qilinadi. 1. Tilning oldinga va orqaga harakat qilishi, ya’ni gorizontal holatiga ko‘ra unlilar ikkiga bo‘linadi. a) oldingi qator yoki til oldi unlilari: i,ye.a; b) orqa qator yoki til orqa unlilari: u,o‘,o. O‘zbek xalq shevalarida ularning old va orqa qator variantlari ham uchraydi. Masalan: ilm, bil, til, qirq, chiq, xirmon eshik, bel, kel, erk, ertak, ena aka, balli, kam, qora, g‘arb, xarob,o‘zbek, bo‘l, ko‘l, ko‘rmoq, o‘roq, un, ulkan, tulki, burmoq, ur, tur. Tilning vertikal holatiga ko‘ra unlilarning bo‘linishi. Unli tovushlarning artikulyatsiyasida tilning qaysi tomonga qarab harakatlanishi muhim ahamiyatga ega. Ma’lum bir tovushlarni talaffuz qilishga nutq organlarining moslashuviga artikulyatsion baza deyiladi. Shunga ko‘ra tilning yuqori tanglayga ko‘tarilish holatini hisobga olib turib, unlilar uch turga ajratiladi. Yuqori ko‘tarilish (tol) unlilar: i,u O‘rta ko‘tarilish (keng) unlilar: e,o‘ Quyi ko‘tarilish (keng) unlilar: a,o Bunday bo‘linish shunga asoslanadiki, ularni talaffuz qilganimizda tilning tanglayga ko‘tarilishi va quyi jag‘ning pastga tushishi hisobga olinadi. Masalan i, o‘ unlisining talaffuzida til va jag‘ maksimum darajada ko‘tariladi, og‘iz bo‘shlig‘idagi havo yo‘li o‘ta torayadi. Shu bois, ular tor yoki yopiq unlilar deb yuritiladi. I va u tovushlarinig tahlili shundan dalolat beradiki, ularning o‘xshash va noo‘xshash farqlari mavjud. Tilning gorizontal va vertikal holatiga ko‘ra ular bir qatorga mansub bo‘lsa- da, lablarning ishtirokiga ko‘ra bir-biridan farqlanadi: i lablanmagan, u lablangan. Aynan mana shu xususiyati ularni bir-biriga qarshilantiradi, alohida fonema sifatida tilda bo‘linishi ta’minlaydi. Keng yoki ochiq unlilarning talaffuz chog‘ida pastki jag‘ quyiga tushadi, til tanglaydan maksimum uzoqlashadi: a,o. E va o‘ tovushlarining talaffuz holati esa i, u hamda a, o ga nisbatan o‘rtacha pozitsiyani egallaydi, lekin ularning talaffuzida ham og‘izning ochilishi keng bo‘lganligi sababli, ular ham o‘rta keng unlilari deb yuritiladi. Yuqori tor unlilari so‘zlarning boshi, o‘rtasi va oxirida kela oladi. I unlisi yig‘i, bilim, gilam, kiyik, kino kabi so‘zlarda old qator unlisi sifatida aytiladi. Q, g‘, x undosh tovushlari bilan yonma-yon kelganda orqa qatorga o‘tib ketadi: qiliq, qirg‘oq, g‘ir-g‘ir, xira, xina kabi Ikki jarangsiz undosh o‘rtasida kelsa, ikkinchi undosh n, l, r, z tovushlari bo‘lsa, i qisqa aytiladi: bilan, birga, milk, koq, siz kabi. U unlisi ulkan, kulmoq, gulshan so‘zlarida old qator, vulqon, quymoq, xurkak kabi so‘zlarda orqa qator unlisi kabi aytiladi. Quruq, tutun, tushum, urush singari so‘zlarda kuchsizlanib, i ga moyillashadi. E tovushi so‘z boshida va ochiq bo‘g‘inda kelganda ochiqroq talaffuz qilinadi: elak, beibo, ekosan. Zehn, ber, zebra, mergan kabi so‘zlarda ikki undosh orasida biroz yopiqroq aytiladi. O‘ unlisi ko‘sak, go‘lax, ko‘z kabi so‘zlarda old qator, g‘o‘ra, qo‘ltiq, chimxo‘r singari so‘zlarda orqa qator unlisi sifatida talaffuz etiladi. A unlisi vakil, kalaka, lagan singari so‘zlarda old qator, xalq, qora, g‘am singari so‘zlarda orqa qator unlisi kabi talaffuz qilinadi. O tovushi so‘zning barcha o‘rinlarida keladi. Ruscha-baynalmilal so‘zlarda a kabi talaffuz etiladi: optika, organik va hokazo. Tort, orden, organ so‘zlarida o‘ ga moyil aytiladi. Lablarning ishtirokiga ko‘ra unlilar tasnifi. Nutq a’zolari ichidan lablar boshqalariga nisbatan ancha faol sanaladi. Sababi og‘iz ochilmasa, tilda birorta ham tovush sodir bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra unli tovushlar lablangan va lablanmagan unlilarga bo‘linadi. A, o, i, e unlilari lablanmagan unlilar sanaladi. Ularni talaffuz qilgan chog‘imizda og‘izning ochilishi darajasi ancha kengayadi va lablar bir-biridan uzoqlashadi. U va o‘ tovushlarining talaffuzida esa lablar bir-biriga yaqinlashib, cho‘chchayadi. Ba’zi bir adabiyotlarda o tovushiga nisbatan ham lablangan yoki yarim lablangan unli deb qarashlar mavjud. Bu holat o ning artikulyatsion vaziyatlariga bog‘liq. Masalan, orqa, olim, bor so‘zlarida og‘izning ochilish darajasi yaqqol sezilyapti, birov, ov, darrov so‘zlarida o yopiq talaffuz qilinyapti, yonidagi v ning ta’sirida lablashgan unli sifatida namoyon bo‘lyapti. Unlilar haqida aytganda, yana ularning nazalizatsiya hodisasiga uchragan turlari haqida ham aytib o‘tish joiz. Bunda yumshoq tanglayning pastga tushishi natijasida havoning bir qismi burun orqali o‘tadi va unlilar nazalizatsiyalashadi. Bu kabi unlilar fransuz tilida uchraydi. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling