Jelatin eritmasini tayyorlash
Jelatin oshqozon, ichak, o‘pkadan qon oqishida va gemofiliyada qon to‘xtatuvchi vosita sifatida ishlatiladi. Uning qon to‘xtatish xususiyati tarkibida kalsiy tuzlari borligi bilan bog‘liq deb izohlaniladi. U teri, suyak va paylarda bo‘ladigan kollagen va osseinni gidrolizlab olinadi. Jelatin fibrillyar va tolali oqsillarga kirib, makromolekulalari ipsimon tuzilishga ega. Bu makromolekulalar o‘zaro vodorod bog‘i orqali ko‘priksimon bog‘lanishga ega. Jelatinni xona sharoitida suvda bo‘ktirilganda uning hajmi 14 barobar oshadi. Harorat ko‘tarilganda molekulalararo bog‘lar uzilib, jelatin eritmaga aylanadi.
Rp: Sol. Gelatinae medicinalis 5% — 100 ml
M.D.S. 1 osh qoshiqdan har ikki soatda ichilsin.
5 g jelatin 4—10 barobar ko‘p suvda bo‘ktiriladi. 30—40 daqiqadan so‘ng qolgan suv solinib 60—70°C da suv hammomida erib ketguncha qizdiriladi. So‘ngra shisha idishga suziladi. Zarur bo‘lsa suv qo‘shib hajmi 100 ml gacha yetkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |