13. O’zbekistonda shamol energiyasidan foydalanish
Bu haqda Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Xo‘jayev ma‘lum qilgan.
Regnum agentligining janob Xo‘jayevdan iqtibos keltirishicha, hozirda Jahon Banki bilan 5,7 milliard dollarlik sarmoya loyihalari muhokama qilinmoqda, shundan 3 milliardi energetika sohasidagi loyihalardir.
Toshkentda shamol energiyasiga bag‘ishlangan anmjumanda gapirgan vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda shamol energetikasining salohiyati 520 GVt dan ko‘proqni tashkil etishini aytgan.
Unga ko‘ra, shamol energiyasi ishlab chiqaruvchi qurilmalarni birinchi navbatda Navoiy viloyati va Qoraqalpog‘istonda o‘rnatish rejalanmoqda.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda jiddiy energetika inqiroziga yuz tutgan.
Aholi ayniqsa, qish mavsumida elektr taqchilligidan shikoyat qilib keladi.
Elektr ta‘minotidagi uzilishlar so‘nggi paytlarda poytaxt Toshkentda ham kuzatilmoqda.
Shu oy boshida Ovro‘poda Tiklanish va Taraqqiyot Banki elektr taqchilligi O‘zbekistonda biznes yo‘lidagi asosiy g‘ovga aylanganini aytgan.
Mutaxassislar buni sho‘ro davridagi infratuzilmaning eskirgani, mamlakatda aholi soni so‘nggi 25 yilda 10 millionga ko‘payganiga qaramay, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi shunga yarasha ortmagani, muqobil energiya sohasiga yetarli sarmoyalar kiritilmayotgani bilan izohlashadi.
Ammo O‘zbekistonning sobiq energetika vaziri Anvar Husayinovning aytishicha, O‘zbekiston va umuman mintaqada shamol energiyasining istiqboli yo‘q.
"Bizning mintaqamizda shamol unchalik ham tez-tez uchraydigan tabiat holati emas. Yilning ko‘p oylari bizda shamolsiz o‘tadi. Shamol energiyasi bizda iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Bizda Xudo bergan Quyosh energiyasidan foydalanish maqsadga muvofiqroq", - deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shamol energiyasi O‘zbekistondagi energetika inqirozini hal qilmaydi.
"Aholini energiya bilan ta‘minlash, bu albatta birinchi masala. Ayni paytda iqtisodiyotning bosh masalasi bo‘lgan sanoat ishlab chiqarishini arzon energiya bilan ta‘minlashni ham hal qilish kerak. Buning uchun davlat yirik loyihalarni qo‘llab-quvvtalash bilan birga tashabbuskor tadbirkorlarga yo‘lni ochishi kerak", - deydi Anvar Husayinov.
Do'stlaringiz bilan baham: |