Erix Mariya Remark
Download 139.88 Kb. Pdf ko'rish
|
Remark. Dushman (hikoya) [@e kutubxona]
https://telegram.me/e_kutubxona 1 Erix Mariya Remark DUSHMAN (hikoya) Sinfdosh do‘stim leytenant Lyudvig Brayerdan Urushda o‘z ko‘zing bilan ko‘rgan qaysi voqea xotirangdan o‘chmas bo‘lib saqlanib qolgan», deb so‘raganimda undan Verden, Som yoki Flandriyadagi janglar haqida eshitaman deb o‘ylagandim. Zotan, u bu frontlarning hammasida bo‘lgan, eng og‘ir janglarda qatnashgan edi. Biroq u meni ajablantirib tamoman boshqa voqeani so‘zlay boshladi. «Xotiramga muhrlangan hodisalar ko‘p, ammo qalbimga sira o‘chmas bo‘lib o‘rnashgan voqea bizni front ortiga, oldingi chiziqdan olis fransuz qishloqchasiga jo‘natishganida boshlangan edi. Jangda biz juda qaltis joyda himoyani saqlab, artilleriyaning tinimsiz o‘qlari ostida qolib ketdik, shu bois bizni frontdan ancha uzoq joyga jo‘natishdi, chunki katta talafotlar bergandik, qaytadan kuch to‘plashimiz kerak edi. Avgustning nihoyatda yoqimli, qalbga rohat bag‘ishlaydigan kunlari edi. Injilda tasvirlangandek, go‘zal yoz kunlari, xuddi bir paytlar Shampandagi yerto‘lalardan birida o‘lja qilganimiz ko‘hna sharob kabi sarxush qilardi bizni. Ust-boshimizni bitdan tozalab oldik: ba’zilarimizga yap-yangi ichkiyim tarqatishdi, boshqalar esa ko‘ylaklarini qozonga solib, obdan qaynatdilar; hamma yerda ozodalik hukmron ediki, buning fusunkor go‘zalligini kir-chirga botib yuradigan askargina teran his qila oladi. Bolaligimda onam kattakon vannada cho‘miltirgach, kraxmallangan, mazali shirinkulcha hidi taralib turgandek top-toza kiyimlarni kiydirgan osuda kunlardagi kabi yoqimli his edi bu. Askar bo‘lgach, tabiatga boshqalardan ko‘ra o‘zgacha ko‘z bilan qaraydi kishi. O‘sha avgust kunlari shafqatsiz o‘lim yoqasidagi dahshatli turmush sharoitlarida oyog‘imizga tushov bo‘lgan minglab taqiq va majburiyatlardan xalos bo‘ldik, dam olish daqiqalari va soatlarida shunchaki hayotning o‘zi haqida, tirikligimizni, to‘rt muchamiz butligini, borliqni ko‘ra olishimizni, nafas olayotganimizni va erkinligimizni o‘ylab quvonchimiz ichimizga sig‘may ketdi. Download 139.88 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling