Estetika estetikaning ta’rifi, mohiyati va vazifalari Estetika va uning ta’rifi
Download 135 Kb.
|
ESTETIKA
5. San’atda mazmun va shakl. Mazmun va shakl munosabati san’atdagi muhim masalalardan biridir. Odatda, mazmun deganda narsa va hodisalarning ichki jarayonlari, xossalari, aloqalari, ziddiyatlari, rivojlanishlarining majmui tushunilsa, shakl deganda mazmunni ifodalash usullari tushuniladi.
Mazmunsiz shakl va shaklsiz mazmun bo’lmaydi. Mazmun va shakl doimo uzviy birlikda bo’lib, mazmun muayyan bir shaklda namoyon bo’lsa, shakl ham muayyan bir mazmunni ifodalaydi. San’at asarlarining mazmuni deb mazkur asarda ifodalangan narsa, voqea, hodisalarning ichki jarayonlari, aloqalari, ziddiyatlari, rivojlanishidagi muqobil holatlar majmuiga aytiladi. Har qanday san’at asarining mazmuni asar uchun tanlangan mavzu va unda ifodalangan g’oyaning uzviy birligidan tashkil topadi. San’at asarining mavzui deganda, odatda, asar uchun tanlangan ob’ekt hamda unda aks ettirilgan hayotiy voqea, jarayonlar tushuniladi. Masalan, Abdulla Qodiriyning «O’tgan kunlar» romaniga mavzu qilib o’zbek xalqining yaqin o’tmishdagi ijtimoiy turmushi tanlab olingan bo’lsa, yozuvchi Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» nomli romaniga sobiq sho’rolar davrida butun umr dalada ketmon chopib, serquyosh yurtida elkasi oftob ko’rmagan, qut-barakot yurtida kosasi oqarmay, «paxta ishi», «o’zbek ishi» bahonasida tavqi-la’nat tamg’asi bosilgan o’zbek xalqining hayoti mavzu qilib olingan. San’at asarining mazmuni faqat uning mavzui bilan cheklanib qolmasdan, balki uning g’oyasini ham qamrab oladi. San’at asarining g’oyasi deb ijodkorning asarda aks ettirilayotgan narsa, voqea, hodisa, jarayonlarning hayotdagi o’rni, mohiyati, ma’nosi yuzasidan bildirgan fikri, qarashlari va ularga munosabatiga aytiladi. Mavzu – asarda aks ettirilgan voqea, hodisalar bo’lsa, g’oya ularga ijodkorning munosabati, fikr va qarashlarini anglatadi. Har qanday san’at asarining mazmunini qamrab oluvchi mavzu va g’oya bir-biridan ajralmasdir. Masalan, yozuvchi Muhammad Alining qalamiga mansub «Ulug’ saltanat» nomdi romanining mavzuini – vatandoshimiz, buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning hayoti, g’oyasini esa Amir Temurning ona-Vatan ozodligi va obodligi yo’lidagi kurashi, kuch adolatda ekanligi tashkil etadi. San’at asari hamma vaqt biron-bir shaklda ifodalangan bo’ladi. San’at asarining shakli deb mazkur asarning tuzilishiga, undagi mazmunni ifodalovchi usullar, vositalarga aytiladi. San’at asarining shakllariga asosan syujet, janr, kompozitsiya, shuningdek, vazn, qofiya, turoq, ohang va boshqalar kiradi. Syujet – fransuzcha so’z bo’lib (sujet), 1) badiiy asarda ifodalangan voqealarni ketma-ket bayon qilish; 2) tasviriy san’atda – tasvirlash predmeti ma’nolarini anglatadi9. Syujet – badiiy asar mazmunini unda tasvirlangan voqea-hodisalarning o’zaro birligi, kurashi va rivojlanishini ketma-ket bayon qilish orqali ifodalashdir. Masalan, Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romanining syujetini Anvar va Ra’no sevgi-muhabbatining tarixi tashkil qilsa, Abdulla Qahhorning «Sinchalak» romanida syujet bosh qahramonlar Saida va Qalandarovlar o’rtasida ishlab chiqarish jarayonini tashkil qilish borasidagi munosabatlarning rivojlanib borishidan iborat. Syujet har qanday badiiy asarning negizi hisoblanadi. Unda bosh, ya’ni birinchi darajali voqea-hodisalar o’z ifodasini topadi. Syujet, bir tomondan, mazmunga, ikkinchi tomondan, shaklga aloqador bo’ladi. San’at asarining kompozitsiyasi deganda 1) adabiy asar, san’at asari qismlarining tuzilishi, joylashuvi va o’zaro munosabati; 2) tarkibiy qismlari ma’no jihatidan o’zaro bog’lanib birlik tashkil etgan badiiy asar, musiqa yoki rassomlik asari; 3) musiqa asari yaratish nazariyasi tushuniladi10. Shunga ko’ra, har qanday asar o’ziga xos kompozitsiyaga ega bo’lib, ushbu kompozitsiya mazmun va shaklni o’zaro bog’lab turuvchi belbog’ hisoblanadi. Badiiy asar kompozitsiyasining asosiy elementlarini ritm, simmetriya, badiiy parallellik va boshqalar tashkil etadi. Masalan, Toshkent shahrining Amir Temur xiyoboniga o’rnatilgan Amir Temur haykalining kompozitsiyasida shunday ma’no bor, ya’ni buyuk bobokalonimiz – sohibqiron Amir Temur qo’rqmas, bahodir, ayni vaqtda dono lashkarboshi, islom homiysi, yurtni bosqinchilardan ozod qiluvchi daho qiyofasida aks ettirilgan. Xuddi shu joyda syujet va kompozitsiyaning birligi ham ta’minlangan. Sayoz syujet kompozitsiyani o’ldirganidek, o’lik kompozitsiya ham har qanday yaxshi syujetni yo’qqa chiqaradi. Syujet va kompozitsiyaning uyg’unligini ta’minlash har bir san’at asari ijodkorining muqaddas vazifalaridan biri hisoblanadi. San’at asarlarining shaklini tushuntirib berishda janr masalasi muhim o’rinlardan birini egallaydi. Janr11 san’at asarining tarixan tarkib topgan, nisbatan turg’un biron turiga mansubligini ifodalovchi ichki bo’linishining tashqi ko’rinishidir. San’atda asosan – roman, qissa, hikoya, esse, lirik she’r, drama, portret, peyzaj, natyurmort, simfoniya, sonata, opera, balet, qo’shiq, raqs, marsh kabi janr turlari mavjuddir. San’atda shakl quyidagi usullar bilan ifodalanadi: badiiy adabiyotda – til; tasviriy san’atda – rang; musiqada – tovush, ohang; raqsda – imo-ishora. Download 135 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling