Fakultet: Maktabgacha va Boshlang’ich ta’lim
Download 0.65 Mb.
|
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI NAVOIY DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI Fakultet: Maktabgacha va Boshlang’ich ta’lim Fan: ________________________________ Mustaqil ish Mavzu: Tarbiya jarayoning mazmuni va mohiyati. Bajardi: __________________ Qabul qildi: Rizayeva M X NAVOIY-2023 Mavzu: Tarbiya jarayoning mazmuni va mohiyati. Tarbiya tamoyillari va metodlari. Tarbiya va uning turlari. Tarbiya qonuniyatlari. Bolalar tarbiya jamoasi va yagona pedagogik jarayonning asosiy shakli. Reja:
2. Tarbiya nazariyasi pedagogika fanining muhim tarkibiy qismi ekanligi. 3. Sharq mutafakkirlari va xalq pedagogikasining tarbiya borasidagi boy tajribalari. 4. Boshlangʻich ta’limda tarbiya jarayonining mazmuni. 5. Boshlangʻich ta’limda tarbiya metodlarini maqsadga muvofiq tanlash. 6. Tarbiya tamoyillari va oʻz-oʻzini tarbiyalash. 7. Tarbiya turlari haqida tushuncha. 8. Shaxsning jamoada qaror topishi. Jamoa haqida tushuncha. 9. Bolalar jamoasining shakllanish bosqichlari. Tayanch tushunchalar: tarbiya, tarbiya jarayoni, tarbiyaning maqsadi, tarbiya mazmuni, tarbiyaning umumiy vazifalari, tarbiya turlari, tarbiya tamoyillari, tarbiya qonuniyatlari, jarayon, aqliy, axloqiy, tafakkurni shakllantirish, dunyoqarash, jismoniy tarbiya, jamoa, bolalar kollektivi, jamoa tarbiyasi, Suxomlinsliy, milliy model, shaxs, davlat va jamiyat, fan, uzluksiz ta’lim, ishlab chiqarish, jamoa, bolalar kollektivi, jamoa tarbiyasi, Suxomlinsliy, milliy model, shaxs, davlat va jamiyat, fan, uzluksiz ta’lim, ishlab chiqarish. Tarbiya jarayonining mohiyati va ahamiyati. Tarbiya pedagogikadagi asosiy tushunchalardan biri sanaladi. Jamiyat va pedagogikaning tarixiy rivoji davomida mazkur kategoriyani tushuntirishga turlicha yondashuvlar yuzaga keldi. Eng avvalo, yuqorida keng va tor ma’nodagi tarbiya farqlanadi. Tarbiya – muayyan, aniq maqsad va ijtimoiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama oʻstirish, uning ongi, xulq-atvori, dunyoqarashini tarkib toptirish jarayoni. Keng ma’noda tarbiya shaxsga jamiyatning ta’sir etishi, ijtimoiy hodisa sifatida qaraladi. Mazkur holatda tarbiya ijtimoiylashtirish bilan uygʻunlashadi. Tor ma’nodagi tarbiya deganda, pedagogik jarayon sharoitida ta’lim maqsadini amalga oshirish uchun pedagog va tarbiyalanuvchilarning maxsus tashkil etilgan faoliyati tushuniladi. Ushbu holatda pedagoglarning tarbiyaviy faoliyati tarbiyaviy ish deb ataladi. Tarbiya nazariyasi pedagogika fanining muhim tarkibiy qismi boʻlib, tarbiyaviy jarayon mazmuni, tamoyillari, qonuniyatlari, uni tashkil etish masalalari, metodikasi, shakllari, metodlari, vositalari, usullari va muammolarini oʻrganadi. Tarbiya jarayoni oʻqituvchi va oʻquvchi (tarbiyachi va tarbiyalanuvchi)lar oʻrtasida aniq maqsad asosida tashkil etiladigan hamkorlik faoliyatining kechishi, rivoji. Tarbiya jarayonini texnologiyalashtirish – aniq maqsadga va ijtimoiy gʻoyaga asoslanib, oʻquvchilarda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan pedagogik faoliyatning tashkiliy-texnik jihatdan uyushtirilishi sanaladi. Tarbiya jarayonining oʻziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat: - aniq maqsadga yoʻnaltirilganlik; - uzoq muddat davom etishi (tarbiya natijalari tez sur’atda yaqqol koʻzga tashlanmaydi); - uzluksizligi (oʻquvchilar va oʻqituvchining birgalikdagi uzluksiz, tizimli harakatlari); - yaxlit, tizimli tashkil etilishi; - ikki tomonlama aloqa hamda qarama-qarshiliklarning mavjud boʻlishi. Tarbiya jarayonida tarbiyalanuvchi shaxsida ongning shakllanib borishi, his-tuygʻularning rivojlanishi, ijtimoiy hayot uchun zarur boʻlgan ijtimoiy aloqalarni tashkil etishga xizmat qiladigan xulqiy odatlarning hosil boʻlishi kabi oʻzgarishlar kuzatiladi. Tarbiya jarayonining muvaffaqiyatli kechishi uning maqsadi, shakllari, metodlari, vositalari, mavjud pedagogik shart-sharoitlar, shaxsning oʻzini-oʻzi tarbiyalash va qayta tarbiyalashi ehtiyojiga egaligiga bogʻliq. Oʻzini oʻzi qayta tarbiyalash shaxsning oʻzidagi salbiy odatlar, xarakteridagi zararli sifatlarni yoʻqotish, ularni bartaraf etishga qaratilgan ichki faoliyati jarayonidir. Tarbiya tamoyillari – tarbiya nazariyasining asosiy yetakchi qoidalari boʻlib, tarbiya jarayonini tashkil etish mazmuni, shakl, metod va vositalarini toʻgʻri tanlanishini belgilaydigan boshlangʻich asoslar hisoblanadi. Tarbiya jarayoni quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi: - tarbiya maqsadining aniqligi; - bolalar va kattalarning birgalikdagi faoliyati; - ixtiyoriylik; - yoʻnaltirilganlik; - oʻz-oʻzini anglash; - jamoaviylik; - insonparvarlik; - ilmiylik; - pedagogik jarayonning hayot va amaliyot bilan bogʻliqligi; - izchillik; - uzluksizlik; - tizimlilik; - koʻrsatmalilik; - estetik gʻoyalar ustuvorligi. Tarbiya maqsadi ijtimoiy buyurtma asosida belgilanadi. Unda eng oddiy harakatdan tortib, to keng koʻlamli ijtimoiy harakatni tashkil etishdan iborat jarayonning mohiyati yoritiladi. Tarbiya maqsadi umumiy va individual xarakter kasb etadi. Tarbiya jarayoni quyidagi qonuniyatlar asosida kechadi: - tarbiyaning obyektiv va subyektiv omillarga bogʻliqligi; - tarbiyaning shaxs rivojlanishi bilan birligi va oʻzaro aloqadorligi; - faoliyat va munosabat shaxsning ijtimoiy ahamiyatli fazilatlarni shakllantirishning negizi va asosiy manbai ekanligi; - tarbiyalanuvchilarning oʻzaro tarbiyaviy ta’siri, oʻzaro munosabatlari hamda faol faoliyati oʻrtasidagi bogʻlanishning mavjudligi. Tarbiya mazmuni – shaxsning shakllanishiga qoʻyiladigan ijtimoiy talablar mohiyatidan iborat boʻlib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, kishilik munosabatlari mohiyati va darajasi, jamiyat mafkurasi gʻoyalari asosda belgilanadi. Tarbiyaning shaxs kamolotiga ta’siri quyidagilarda koʻrinadi: 1) tarbiya ta’sirida muhit bera olmagan bilim, ma’lumot egallanadi, mehnat va texnik faoliyat bilan bogʻliq koʻnikma, malakalar hosil boʻladi; 2) tarbiya tufayli tugʻma kamchiliklar ham oʻzgartirilib, shaxs kamolga yetadi; 3) tarbiya yordamida muhitning salbiy ta’sirini ham yoʻqotish mumkin; 4) tarbiya kelajakka qaratilgan maqsadni belgilaydi. Tarbiya yosh avlodni muayyan maqsad yoʻlida har tomonlama oʻstirish, uning ongi va xulq-atvorini tarkib toptirish jarayonidir. Tarbiya – ma’naviy manbalar va hozirgi zamon talablari va ehtiyojlarini nazarda tutgan holda, oʻqituvchining oʻquvchi bilan aniq bir maqsadga qaratilgan oʻzaro amaliy va nazariy muloqotidir. Tarbiya – tarbiyachi xohlagan sifatlarni tarbiyalanuvchiga singdirish uchun tarbiyalanuvchining ruhiyatiga muayyan suratda ma’lum bir maqsadga qarata va muntazam suratda ta’sir qilishidir. Bu xildagi ta’rif tarbiya tushunchasiga kiradigan hamma narsani, chunonchi: muayyan dunyoqarash, axloq, ijtimoiy xulq-atvor qoidalarini singdirish, muayyan xarakter va iroda, odat va axloq yaratishni oʻz ichiga oladi. Tarbiya – shaxsni maqsadga muvofiq takomillashtirish uchun uyushtirilgan pedagogik jarayon boʻlib, tarbiyalanuvchining shaxsiga muntazam va tizimli ta’sir etish imkonini beradi. Tarbiya jarayoni oʻzaro bogʻliq boʻlgan ikki faoliyatni – oʻqituvchi va oʻquvchi faoliyatini oʻz ichiga oladi. Tarbiya jarayonida oʻquvchining ongi shakllana boradi, his va tuygʻulari rivojlanadi, ijtimoiy hayot uchun zarur boʻlgan va ijtimoiy aloqalarga xizmat qiladigan xulqiy odatlari hosil boʻladi. Tarbiya jarayonida bolalarning hayoti va faoliyatini pedagogik jihatdan toʻgʻri uyushtirish gʻoyat muhimdir. Faoliyat jarayonida bola tashqaridan kelayotgan tarbiyaviy ta’sirga nisbatan ma’lum munosabatda boʻladi. Bu munosabat shaxsning ichki ehtiyoji va xohishlarini ifodalaydi. Psixologlar va pedagoglarning tadqiqotlari shaxsga tashqi omillarning (xoh ijobiy, xoh salbiy) ta’siri bolaning ularga munosabatiga bogʻliqligini koʻrsatadi. Bolaning shaxsiy tajribasi ehtiyojlari tashqi ta’sirga munosabatini belgilab beradi va uning xulqida aks etadi. Shuning uchun bola faoliyatini uyushtirishning oʻzigina kifoya qilmaydi. Toʻgʻri tarbiyalash uchun tarbiyalanuvchining bu faoliyatga nisbatan qalbida paydo boʻlayotgan munosabatni, turli xil kechinmalarni qanday anglashni, baholashni, his qilishni hamda ulardan oʻzi uchun nimalarni maqsad qilib olayotganini bilish zarur. Yana shuni hisobga olish kerakki, bularning barchasi turli kishilar bilan aloqa qilish, jamoadagi munosabatlar asosida roʻy beradi. Bola ulgʻaya borishi bilan bu xil aloqa va munosabatlar murakkablashib boradi va bola shaxsning kamolga yetishida yo ijobiy yoki salbiy ta’sir etadi. Shuning uchun tarbiya maqsadga muvofiq muntazam ta’sir etishni koʻzda tutadi, zeroki shu yoʻl bilan jamiyatning shaxsga qoʻyadigan talablari tarbiyalanuvchining xulqini idora qilib turuvchi ichki ehtiyojga aylanadi. Tarbiya jaaryonida oʻquvchining onginigina emas, balki his-tuygʻularini ham oʻstirib borish, unda jamiyatning shaxsga qoʻyadigan axloqiy talablariga muvofiq keladigan xulqiy malaka va odatlarni hosil qilish lozim. Bunga erishish uchun oʻquvchining ongiga (ta’lim jarayoni asosida), hissiyotiga (darsda va sinfdan tashqari ishlarda) va irodasiga (faoliyatni uyushtirish, xulqni idora qilish jarayonida) muntazam ta’sir etib boriladi. Agar oʻquvchini tarbiyalashda bulardan birortasi (ongi, hissiyoti, irodasi) e’tibordan chetda qolsa, maqsadga erishish qiyinlashadi. Shuning uchun tarbiya jarayoni koʻp qirrali va murakkabdir. Maktabdagi tarbiya jarayoni toʻxtovsiz davom etadigan jarayon boʻlib, unga oʻqituvchi, tarbiyachi rahbarlik qiladi va u tarbiyaning ayni vaqt uchun zarur boʻlgan maqsadini, shu maqsadni hal qilishga xizmat etadigan faoliyatini belgilaydi. Oʻquvchilarning shu faoliyatiga ishtirok etishini ta’minlab, ular oʻrtasida ijtimoiy, jamoa va oʻrtoqlik aloqalari va munosabati uchun sharoit yaratadi. Oʻquvchilarni faoliyatda qatnashishlari orqali ularning mustaqilligi ijodiy tashabbuskorligi oʻsib borishiga erishiladi. Ana shu jarayonda bolaning qarashlari, e’tiqodlari va voqea hodisalarga oʻz nuqtai nazari vujudga keladi va mustahkamlanib boradi. Bular bolaning atrof-muhitning ta’siriga nisbatan qanday munosabatda boʻlishini belgilaydi. Shunday qilib, maktabdagi tarbiya inson shaxsini tarkib toptirish va kamolga etkazish jarayonidan iborat boʻlib, uning mazmuni ta’limdagidek alohida predmetlarda emas, balki oʻquvilarning hayot-faoliyatlari va oʻzaro munosabatlaridan tashkil topadi. Mana shulardan tarbiya jarayonining oʻziga xos xususiyatlari kelib chiqadi. Tarbiya jarayonida pedagogik talab Pedagogik talab tarbiya jarayonida boshlangʻich usuli boʻlib, tarbiyalanuvchining muayyan faoliyatini ragʻbatlantirishni yoki toʻxtatishni va aniq amaliy hamda insoniy sifatlarni namoyon qilishni ta’minlaydi. Talab qilish usuli oʻquvchilarning koʻpgina axloqiy sifatlarini shakllantirishga yordam beradi, shu bilan birga tarbiyalanuvchilarda oʻziga nisbatan mas’uliyat va talabchanlikni rivojlantirishda alohida vazifani bajaradi. Yagona pedagogik talablarni qarab chiqar ekanmiz, faqat bizning jamiyatimizdagina xalqning ma’naviy-siyosiy birligini mustahkamlashda pedagogik talab tarbiya jarayonining ta’sirchan usuliga aylanishi mumkin. Oʻqituvchi oʻquvchilar bilan ishlar ekan, ularni faoliyatini tashkil etar ekan, oʻz koʻrsatmalari bilan oʻquvchilarning ayrim harakatlarini ragʻbatlantiradi. Oʻquv va tarbiyaviy ishlar jarayonida ularga muayyan mulohazalar bildiradi, tanbeh beradi yoki ragʻbatlantiradi, yakun yasaydi. Uning ayrim buyruqlari qisqa va loʻnda boʻlib, sezilar-sezilmas majbur qilishga oʻxshab ketsa-da boshqalari acha keng tushintirish yoʻl-yoʻriqlar shakliga ega boʻladi. Bir xillari oʻquvchilarni faqat ishga jalb qilish zaruriyati tufayli, boshqalari bolalarning ayrim koʻnikma va malakalarini oʻzlashtirishga tuzatish kiritish ehtiyoji bilan vujudga kelgan; ayrimlari oʻquvchilarning keraksiz va notoʻgʻri harakatlarini toʻxtatsa, boshqalari muvaffaqiyatli harakatlarni mustahkamlaydi va qoʻllab-quvvatlaydi. Pedagogning talabisiz oʻquvchilarning oʻquv va ijtimoiy foydali faoliyatini tashkil etishni tasavvur etib boʻlmaydi. Tajribali pedagog bolalar huzuriga keng harakatlar dasturi bilan birga boradi, oʻz tarbiyalanuvchilaridan har biri qachon nima qilinishini aniq, muayyan tarzda biladi. Zero, talablar ana shu dasturni ularning ishlari va xatti-harakatlarida amalga oshirish vositasidir, xolos. Tarbiya jarayonida pedagogik talablarning asosiy turlari va shakllarini qarab chiqamiz. Pedagogning talablari vositasiz talablar boʻlishi mumkin, bunda tarbiyachi ulardan muayyan harakatlarga erishishni kutadi. Pedagogning talablari vositali talablar boʻladi, bunda oʻqituvchi oʻz talablari bilan bolalarda oʻz doʻstalriga nisbatan navbatdagi talablarni keltirib chiqaradi. Talablarning asosiy shakllari, bu usulning u yoki bu shaklini tanlash pedagogik vaziyatni ikkita asosiy shartdan, ikki omilda vujudga keladi. Birinchi omil – kimdan talab qilinsa, oʻshaning talab qiluvchiga munosabatidir. Ikkinchi omil – bu tarbiyalanuvchining pedagog ragʻbatlantiradigan faoliyatiga munosabatidir. Umuman olganda, bu munosabatlarni biz ijobiy, betaraf va salbiy munosabatlar deb ta’riflaymiz, holbuki amalda bu munosabatlarning juda koʻpdan-koʻp koʻrinishlari ham boʻlishi mumkin. Endi talab shakllariga toʻxtalib oʻtamiz. Talab toʻppa-toʻgʻri boʻlishi mumkin, bunda oʻqituvchining murojaati qat’iy, dadil ohangda ifodalangan aniq koʻrsatmaga ega boʻlishi mumkin. Toʻppa-toʻgʻri talab oʻquvchilar bilan ishlashning birinchi kunlarida ayniqsa ta’sirchan boʻladi. Samimiy, oshkora, ishonarli, qizgʻin va qat’iy talab boʻlmasa, tarbiyaviy jarayonni boshlab boʻlmaydi, binobarin, kimda-kim ikkilanuvchilardan berilgan va’dani shuvab ketuvchilardan ish boshlashni oʻylasa, u xato qilgan boʻladi. Shuni ham aytib oʻtamizki, toʻppa-toʻgʻri talab koʻpincha oʻquvchining pedagogga yoki u boshlagan faoliyatga betaraf munosabatda boʻlishi sharoitida ishlatiladi. Bunday vaziyatda toʻppa-toʻgʻri, vositasiz talabning quyidagi qoidalariga rioya qilish ayniqsa muhimdir. Birinchi qoida: odatda talab, ijobiy boʻlishi, ya’ni mutlaqo muayyan xatti-harakatni keltirib chiqarish, bolalarning u yoki bu harakalarini shunchaki ta’qiqlamasligi, toʻxtatmasligi lozim. Albatta, oʻqituvchining ta’qiqlashlaridan ayniqsa oʻquvchilar belgilangan xulq-atvor qoidalarini har xil tarzda buzgan hollarda foydalaniladi. Biroq pedagoglar talablarning asosiy mazmunini ta’qiqlashlar tashkil etmaydi. Ikkinchi qoida: toʻppa-toʻgʻri talab yoʻl-yoʻriq tarzida, ya’ni bir xil ma’noli, aniq va tushinarli boʻlishi lozim. Dastlabki paytlarda oʻquvchilarning yangi harakatlarini ragʻbatlantirganda talab yoʻl-yoʻriq berish bilan qoʻshilib ketganday boʻladi, ularni aniq ta’riflab beradi. Uchinchi qoida: pedagog har qanday oqilona, aniq va tayyorlangan toʻppa-toʻgʻri talabi albatta bajarilishi, oxirigacha etkazilishi kerak. Shuni esda tutish kerakki, oʻxshash pedagogik harakat qonunning namoyon boʻlishi natijasida har bir yangi talabning bajarilishi pedagogni keyingi talablarining kuchli va ta’sirchanligini oshiradi, oʻquvchida tarbiyachiga aql-idrok bilan aniq boʻysunish odatini shakllantiradi. Va aksincha: har bir bajarilmagan talab shundan keyingi talablarning samaradorligini pasaytiradi. Talab mazmun jihatdan ham, shakl jihatdan ham rivojlanib boradi. Pedagogik vaziyat qandaydir oʻzgarmas bir narsa emas. U yoki bu usullarni tatbiq etib, bolalar faoliyatida muvaffaqiyatga erishib, pedagog shu bilan birga vaziyatning zarur yoʻnalishida rivojlanishni boshqaradi. Pedagog toʻppa-toʻgʻri talablarni qoʻyar ekan, bolalar bilan muayyan munosabatlarga kirishadi va ayni vaqtda ularda bajariladigan faoliyatga munosabatni shakllantiradi. Vositali talablarda tarbiyachining maqsadi toʻgʻridan-toʻgʻri ifodalanmaydi, pardalangan shaklda boʻladi va ragʻbatlantiruvchi omil sifatida faqat talabning oʻzidan emas, balki psixologik omillardan – bolaning turli kechinmalaridan, his-tuygʻularidan foydalanadi. Vositali talablarni uch guruhga boʻlish mumkin. Birinchi guruh pedagogning tarbiyalanuvchiga boʻlgan ijobiy munosabatini ifodalash bilan bogʻliqdir. Bular iltimos, ishonch, ma’qullashdir. Ularni ijobiy talablar deb ataymiz. Ikkinchi guruh tarbiyachining bolalarga boʻlgan munosabatini yaqqol ifodalaydi, balki tarbiyalanuvchilarning ragʻbatlantiruvchi munosabatlariga asoslanadi. Bular maslahat, sha’ma, shartli talab va oʻyin shaklidagi talabdir. Ularni bartaraf talablar deb ham ataymiz. Vositali talablarning uchinchi guruhi tarbiyalanuvchining faoliyatiga, uning u yoki bu axloqiy sifatlarning namoyon qilishga salbiy munosabatni namoyish qiladi. Bular – fosh qilish, ishonchsizlik bildirish va doʻq qilishdir. Iltimos – u pedagoglar bilan oʻquvchilar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga asoslanadi va umumiy ishda ularni hamkorligini amalga oshirish vositasi hisoblanadi. Iltimos qilish muomalaning boshqa turlaridan shu bilan farq qiladiki, ishni bolaning oʻzi batamom oʻz hohishiga qoʻyib beradi. Oʻquvchi har qanday vazifani pedagogning majbur qilishi orqali emas, oʻz ixtiyori bilan bajarayotganini his qilsin. Ishonch bilan talab qilish – eng kuchli tarbiyaviy vositadir. U inson faoliyatining qudratli omillarini harakatga keltiradi: oʻzining boshqa kishilar uchun foydali ekanligini his qilish, oʻrtoqlari ishonchini oqlash istagini paydo qiladi. Koʻpincha bu - ancha murakkab va mas’uliyatli ba’zan faxrli topshiriq boʻladi. Talab ma’qullash muayyan sifatda bolalar faoliyatining kuchli omiliga aylantiradi. Ba’zan tarbiyalanuvchi alohida murakkab vazifalarni hal qilishda qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻladi, pedagogning ma’qullashi dastlabki qadamlardayoq uning muvaffaqiyatini ta’minlaganday tuyuladi, oʻz kuchiga ishonch uygʻotib, bundan keyingi intilishlar manbai boʻlib xizmat qiladi. Talab-maslahat-iltimos kabi, maslahatni ham majbur qilib, tiqishtirmaydilar, tanlash huquqi bolaning oʻzida qoladi. Bu shakl ishga ongli munosabatni rivojlantiradi, pedagogni katta yoshdagi oʻrtoq deb bilishga oʻrgatadi. Uning obroʻsi keng bilimlarda, katta hayotiy tajribada, mahoratda yashirinib yotganligiga asosalanadi. Shu bilan birga maslahat – bu hamma narsani ipidan ignasigacha tasvirlab beradigan yoʻl-yoʻriq emas, balki koʻpincha yechimlarni mustaqil izlashga undashdan iboratdir. Vositasiz talabning bu shakli yana shunisi bilan foydaliki, u bolalarni muayyan vaziyatlarda, ayniqsa qiyinchiliklarda oʻquvchilar bilan maslahatlashishga oʻrgatadi. Oʻz navbatida pedagoglar oʻzlariga bolalar maslahat uchun murojaat qilishini qadrlashishini, oʻzaro aloqani kuchaytirishga xizmat qiladi. Talab-sha’ma – bolalarni muayyan xatti-harakatlarga ragʻbatlantirishning yashirin shaklidir. Sha’ma ilgari ishlatilgan, yaxshi tanish boʻlgan talablarni, ma’nosi ochib berilmaydigan talablarni oʻziga xos shartli qisqartirishidir. Muayyan sharoitda sha’ma talabning «yashirin»shakli boʻlib, u faqat ikki kishiga ayon boʻladi xolos. Boshqalarning diqqatini jalb qilmaydi. Tarbiya jarayonida maqsadni amalga oshirish uchun foydalanadigan asosiy pedagogik talablarni shakli ana shulardaniborat u yoki bu talabning tanlash pedagogning oʻzboshimchalik bilan ish koʻrishga bogʻliq boʻlmay, balki, pedagogik vaziyatni qanday sodir boʻlishiga bogʻliqdir. Tarbiya-ma’naviy manbalar va hozirgi zamon talablari va ehtiyojlarini nazarda tutgan xolda, oʻqituvchining oʻquvchi bilan aniq bir maqsadga qaratilgan oʻzaro amaliy va nazariy mulokotdir. Tarbiya jarayoning jamiyat taraqqiyotidagi roli nihoyatda beqiyosdir. Insonni tarbiyalash, uni bilim olishga, mehnat qilishga undash va bu xatti-xarakatni sekin-asta koʻnikmaga aylantirib borish lozim. Insonning mushoxada qilish qobiliyatini tarbiyalaydi va mushoxada qilish aqlni peshlaydi. Aqlni ongni saklaydi. Bola oʻqishni, tarbiya olishni istaydi, katta boʻlib jamiyat hayotida faol ishtirok etishni xohlaydi. Pedagog uni qay usulda, qanday munosabatlar sharoitida, qanday pedagogik jarayonda tarbiyalashi lozimligini bilishi kerak. Shu bilan birga bola oʻzini oʻzgartirishda faol ishtirokchi ekanligini ham unutmaslik lozim. Oʻqituvchi-doʻst, murabbiy, yoʻl boshlovchi boʻlgandagina oʻquvchilar oʻzlarining ichki olamlarini ochib koʻrsatadilar. Yuqorida aytganimizdek, tarbiya tarbiyachi va tarbiyalanuvchi faoliyatlarini oʻz ichiga olgan ikki yoqlama jarayon. Tarbiyachilar bilim va tarbiyaga ega boʻlgan kishilar, tarbiyalanuvchilar - bilim va tajriba oʻrganuvchi yoshlardir. Ammo tarbiyalanuvchilar muayyan darajada faol faoliyat koʻrsatmasalar, tajriba va bilim oʻrgana olmaydilar. Demak, tarbiya metodi tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning hamkorlikdagi faoliyat va oʻzaro ta’sir koʻrsatish usullaridir. Shaxsni shakllantirish maqsadida, bolaning ongi, his-tuygʻulari, irodasi, xulq-atvori va munosabatlari tizimiga ta’sir koʻrsatish uchun tarbiya metodlari ishlatiladi. Ilmiy adabiyotlarda tarbiya metodlari tarbiya usullari, deb ham yuritiladi. Tarbiya metodlarini tanlab olish shartlari. Metodning ijobiy va salbiysi boʻlmaydi, tarbiya jarayonida ma’lum yoʻlni yuqori darajadagi samarali va samarasiz deya baholash mumkin emas. Metodning samaradorligini u qoʻllanilayotgan sharoit nuqtai nazaridan baholash mumkin. Tarbiya metodlarini maqsadga muvofiq tanlash bir qator omillarga bogʻliq: 1. Tarbiyaning maqsad va vazifalari. Tarbiyaning maqsad va vazifalari. Maqsad nafaqat metodlarni oqlaydi, balki ularni aniqlab beradi. Maqsad qanday boʻlsa, unga erishish metodlari unga muvofiq boʻlishi zarur. 2. Tarbiya mazmuni. Unutmaslik kerakki, aynan bitta vazifa turli xil fikrlar bilan toʻldirilgan boʻlishi mumkin. Shuning uchun metodlarni umuman mazmun bilan emas, balki aniq fikr bilan bogʻlash gʻoyat muhimdir. 3. Tarbiyalanuvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olish. U yoki shunga oʻxshash vazifalar tarbiyalanuvchilarning yoshi bilan bogʻliqlikda hal qilinadi. Yosh bu oddiygina qaraganda yashaganlikning son koʻrsatkichi emas. Unda egallangan ijtimoiy tajriba, psixologik va axloqiy sifatlarning rivojlanganlik darajasi oʻz aksini topadi. Aytaylik, mas’uliyat tuygʻusini boshlangʻich ta’lim, oʻrta ta’lim va oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida ta’lim olayotgan oʻquvchilarda ham shakllantirish mumkin. Biroq har bir bosqichda mazkur sifatni shakllantirish borasida turli metodlar qoʻllaniladi. 4. Jamoaning shakllanganlik darajasi. Oʻzini oʻzi boshqarishning jamoa shaklining rivojlanishi bilan bogʻliqlikda pedagogik ta’sir koʻrsatish metodlari ham oʻzgarmasdan kelmoqda. Bizga ma’lumki boshqaruvning moslashuvchanligi tarbiyachining tarbiyalanuvchilar bilan muvaffaqiyatli hamkorligining zaruriy sharti. 5. Tarbiyalanuvchilarning individual oʻziga xosliklari. Umumiy metodlar, umumiy dasturlarning oʻzi tarbiyaviy oʻzaro ta’sir etishning asosi boʻla olmaydi. Ularga indivudual va shaxsiy tuzatishlar kiritish zarur. Insonparvar pedagog har bir shaxs oʻziga xosligini rivojlanishiga, oʻziga xosligini saqlashga, oʻzining «Men»ini roʻyobga chiqarishga imkon beradigan metodlarni qoʻllashga harakat qiladi. 6. Tarbiyaviy shart-sharoitlar. Unga moddiy, psixofiziologik, sanitar-gigiyenikdan tashqari sinfda yuzaga keladigan munosabatlar: jamoadagi iqlim, pedagogik rahbarlik usuli va boshqalar tegishlidir. Ma’lumki, mavhum shart-sharoitlar boʻlmaydi, ular hamisha aniq. Ularning birlashuvi aniq holatlarda koʻrinadi. Tarbiya amalga oshadigan sharoit pedagogik vaziyatlar deb ataladi. 7. Tarbiya vositalari. Tarbiya metodlari tarbiya jarayonining tarkibiy qismi sifatida yuzaga chiqadigan tarbiya vositalaridan tashkil topadi. Metodlar ular bilan mustahkam bogʻlangan va birgalikda qoʻllaniladigan boshqa tarbiya vositalari ham mavjud. Masalan, metodlarni samarali qoʻllash uchun zaruriy yordam beruvchi koʻrgazmali qurollar, tasviriy san’at asarlari va musiqa san’ati, ommaviy axborot vositalari. 8. Pedagogik malakani egallaganlik darajasi. Tarbiyachi odatda faqat oʻzi biladigan va qoʻllay oladigan metodlarni tanlab oladi. Koʻplab metodlar murakkab boʻlganligi bois, oʻqituvchidan koʻp kuch ishlatishni talab etadi. Bunday mas’uliyatdan boʻyin tovlaydigan pedagoglar ularsiz faoliyatni tashkil etishga harakat qiladi. Natija esa turli obrazli, xilma-xil maqsad, vazifa, shart-sharoitlardan kelib chiqib metodlardan foydalanishga qaraganda past samaraga ega boʻladi. 9. Tarbiya vaqti. Qachonki, vaqt kam, maqsad esa katta boʻlsa, «kuchli harakatga keltiradigan» metodlar qoʻllaniladi, qulay sharoitlarda esa, tarbiyaning «oddiy» metodlaridan foydalaniladi. Tarbiyani «kuchli harakatga keltiradigan» va «oddiy» metodlarga boʻlinishi shartli: birinchisi tanbeh berish va majbur qilish bilan, ikkinchisi nasihat qilish va doimiy oʻrgatish bilan bogʻliq. 10. Kutiladigan natija. Metodni tanlayotganda, tarbiyachida muvaffaqiyatga erishishga nisbatan ishonch boʻlishi kerak. Buning uchun qoʻllanilayotgan metod qanday natijaga olib kelishini oldindan koʻra bilish kerak. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, yuqorida ta’riflab berilgan tarbiyaning umumiy metodlari oʻquvchilarga pedagogik ta’sir koʻrsatish metodlarini hammasini qamrab olmaydi. Pedagogika fani va amaliyoti har doim rivojlanib boradi, shuning uchun tarbiya jarayoni ham takomillashib boraveradi. Tarbiyaning metodini muvaffaqiyatli qoʻllanishiga, bu metod mazkur sinf jamoasining tarbiya tizimidan qanchalik oʻrin olganiga, qoʻllanilayotgan tarbiya vositalari qanchalik javob berishiga bogʻliqdir. Sharq mutafakkirlarining tarbiya haqidagi nazariyalari. Sharq mutafakkirlari oʻz asarlarida bilish hamda inson aqliy tafakkuri masalalariga alohida oʻrin bergan. Masalan, Abu Nasr Forobiy inson tomonidan borliqni anglanishi, tabiat sirlarini anglashida ilm-fanning rolini hal qiluvchi omil sifatida baholaydi. Allomaning fikricha, inson tanasi, miyasi, sezgi organlari u tugʻilganda mavjud boʻlgan boʻlsa, aqliy bilimi, ma’naviyati, ruhiyati, intellektual va axloqiy sifatlari, xarakteri, dini, urf-odatlari, ma’lumoti tashqi olam, ijtimoiy muhit ta’sirida, ijtimoiy munosabatlar jarayonida shakllanadi. Abu Nasr Forobiyning e’tiroficha, inson bilimlarni oʻzlashtirar ekan, tirik mavjudotning yaratilish tarixigacha boʻlgan ma’lumotlarni oʻzlashtira oladi, ularni yaratadi, ilmiy jihatdan asoslaydi. Abu Rayhon Beruniy quyidagilarni ilgari suradi: “Inson narsa va hodisalarning faqat tashqi sifati hamda xususiyatlari haqida bilim olmay, balki tafakkuri, aqli tufayli narsa va hodisalarni taqqoslaydi, bir-biri-bilan solishtirib koʻradi, oʻz bilimlarining chinligini aniqlaydi”. Mutafakkir insonning bilimlarni oʻzlashtirishi yangi bilimlarning yaratilishiga olib kelishini aytadi: “Ilmlar koʻpdir. Ular zamoni iqbolli boʻlib, turli fikr va xotiralar ularga qoʻshilib borsa, koʻpayadi. Odamlarning ilmlarga ragʻbat qilishi, ilmlarni va ilm a’llarini hurmatlashi oʻsha iqbolning belgisidir. (Ayniqsa) hukmron kishilarning ilm a’lini hurmat qilishi turli ilmlarning koʻpayishiga sabab boʻladi”. Abu Ali ibn Sino esa bilimni chuqur oʻzlashtirish donishmandlik ekanligini aytadi: “Ilm narsalarning inson aqli yordami bilan oʻrganilishidir. Bilim deb esa, narsalarni idrok qilishga aytiladi. Bu shundayki, inson aqli uni xato va yoʻldan toymasdan turib unga erishishi kerak boʻladigan narsadir. Bordiyu, bu dalillar ochiq-oydin boʻlsayu, isbotlar chinakamiga boʻlsa, u holda bunga hikmat – donishmanlik deyildi”. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” (“Saodatga boshlovchi bilim”) asari ta’bir joiz boʻlsa, bilimning mohiyati, uning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati, inson kamolotini ta’minlashdagi roli, yozuvliklarni bartaraf etuvchi vosita ekanligi toʻgʻrisidagi qomus sanaladi. Allomaning fikricha, bilimli boʻlish ezgu ishlar tantanasini ta’minlovchi garov boʻlib, uning yordamida hatto osmon sari yoʻl ochiladi: Hamma ezguliklar bilim nafi tufaylidur, Bilim tufayli, goʻyo koʻkka yoʻl topiladi. Ushbu fikrlarni ifoda etganda alloma naqadar haq edi, oradan toʻqqiz-oʻn asr vaqt oʻtgach, inson nafaqat osmonga ucha oldi, balki koinotni ham zabt etishga muvaffaq boʻldi. Bahovuddin Naqshbandiy tariqatida avliyolik kuch-quvvatini ezgulikka, ilm-ma’rifatni rivojlantirishga yoʻnaltirish etakchi oʻrin tutadi. Binobarin, ilm-ma’rifat zulm va bid’atdan forigʻ boʻlish yoʻlidir. Alloma tomonidan ilgari surilgan “Xilvat dar anjuman”, “Safar dar vatan” gʻoyalari mavjud bilimlarni suhbat hamda amaliyot yordamida oʻzlashtirish maqsadga muvofiqligiga ishoradir. Bahs-munozaralarda, doimiy izlanishlarda hosil boʻlgan ilm puxta va mustahkam boʻladi. Alisher Navoiy bilimlarni izchil, uzluksiz oʻzlashtirish zarurligini uqtiradi. Shuningdek, ilm oʻrganish mashaqqatli yumush boʻlib, uni oʻrganishda ayrim qiyinchiliklarni yengib oʻtishga toʻgʻri kelishi, bu yoʻlda chidamli, qanoatli, bardoshli boʻlish orqaligina mukammal bilimga ega boʻlish mumkinligini ta’kidlaydi. Abdulla Avloniy ilmni afzalligini quyidagicha bayon etadi: “Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidir. Ilm inson uchun gʻoyat muqaddas bir fazilatdur, zeroki, ilm bizga oʻz ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi koʻrsatur, zehnimizni, fikrimizni qilich kabi oʻtkir qilur, ilmsiz odam mevasiz daraxt kabidur”. Alloma bilim insonni jaholatdan qutqarishning samarali vositasi ekanligiga ham urgʻu beradi: “Ilm bizni jaholat qorongʻusidan qutqarur, madaniyat, ma’rifat dunyosiga chiqarur, yomon fe’llardan, buzuq ishlardan qaytarur, yaxshi xulq, odob sohibi qilur. Bugun hayotimiz, salomatligimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, gʻayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilmga bogʻliqdur”. Oʻquvchi dunyoqarashini shakllantirishning bir necha maqbul shakl, metod va vositalari boʻlib, ular sirasida ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy-gʻoyaviy, iqtisodiy, huquqiy, estetik va ekologik mavzularda tashkil etiluvchi suhbatlar, bahs-munozaralar, ma’ruzalar, muammoli vaziyatlarni yaratish asosida oʻquvchilarni fikrlashga undovchi amaliy treninglar, debatlar, mustaqil ishlar, shuningdek, ishchanlik oʻyinlari samarali sanaladi. Ta’lim-tarbiya jarayonida fanlararo aloqadorlik, ijtimoiy va tabiiy omillarning oʻzaro muvofiq kelishiga erishish omillari, atrof-muhit hamda ijtimoiy munosabatlar ta’sirida shaxs kamolotini ta’minlashga erishish imkoniyatidan unumli foydalanishga intilish maqsadga muvofiq. Tarbiya tamoyillari – tarbiya nazariyasining asosiy yetakchi qoidalari boʻlib, tarbiya jarayonini tashkil etish mazmuni, shakl, metod va vositalarini toʻgʻri tanlanishini belgilaydigan boshlangʻich asoslar hisoblanadi. Tarbiya jarayoni quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi:
Tarbiya metodlari (yunoncha “methodos” – tadqiqot usuli, yoʻli) – tarbiya maqsadiga erishish, tarbiyalanuvchilarning ongi, irodasi, tuygʻulari va xulqiga ta’sir etish yoʻllari. Tarbiya metodlari quyidagi turlarga ajratiladi: 1. Shaxs ongini shakllantiruvchi metodlar. 2. Ijtimoiy xulqni shakllantirish metodlari. 3. Xulq va faoliyatni ragʻbatlantirish metodlari. 4. Oʻz-oʻzini tarbiyalash metodlari. Oʻquvchilarda ma’naviy-axloqiy sifatlar, e’tiqod, dunyoqarashni shakllantirish maqsadida ularning ongi, his-tuygʻusi, irodasiga ta’sir koʻrsatish usullari ijtimoiy ongni shakllantiruvchi metodlar sanaladi. Mazkur metodlar yoshlar tomonidan hayot mazmunining tushunib olinishini ta’minlaydi. Hikoya, etik suhbat, tushuntirish, izohlash, ma’ruza, ishontirish, nasihat, yoʻriqnoma, munozara, ma’ruza, namuna ijtimoiy ongni shakllantiruvchi metodlar sirasiga kiradi. Tushuntirish ijtimoiy ongni shakllantirishda koʻp ishlatiladigan usul boʻlib, u orqali ta’lim oluvchilarni jamiyatda kechayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar, shaxslararo munosabatlar mazmuni, ijtimoiy-axloqiy va huquqiy me’yorlar, ularga amal qilish, shaxs tomonidan oʻzligini anglash hamda jamiyatda, jamoada muayyan oʻrinni egallashga oid ma’lumotlar bilan tanishtirishga xizmat qiladi. Oʻquvchi shaxsini gʻoyaviy va ma’naviy-axloqiy jihatdan shakllantirishda oʻqituvchining jonli nutqi, oʻquvchi bilan oʻzaro munosabati ta’sirchan usullardan hisoblanadi. Suhbat jarayonida oʻquvchi shaxsini yaqindan anglash mumkin, u haqidagi tasavvurlar yanada boyiydi. Ta’lim oluvchi bilan suhbatlashish jarayonida uning shaxs sifatida shakllanishiga yordam beradigan ma’lumotlar beriladi, ijtimoiy va tabiiy borliqqa nisbatan munosabat baholanadi, ijobiy sifatlar ragʻbatlantirilib, salbiy holatlar aniqlanib, ularni bartaraf etish yoʻl-yoʻriqlari koʻrsatiladi. Ta’lim oluvchining ijtimoiy ongini shakllantirish uchun tashkil etiladigan suhbatlar uchun quyidagi mavzular yoʻnalish sifatida tanlanadi: 1) etik mavzular (ijtimoiy ma’naviy-axloqiy me’yorlar, jamiyatda ustuvor oʻrin tutuvchi ijtimoiy munosabatlar, jamoa orasida oʻzini tutish qoidalari va boshqalar); 2) estetik mavzular (tabiat goʻzalligi, shaxslararo munosabatlar, inson goʻzalligi); 3) siyosiy mavzular (davlatning ichki va tashqi siyosati, dunyo voqealari, xalqaro munosabatlar va hokazolar); 4) ta’lim va bilishga oid mavzular (koinot, hayvonot va oʻsimliklar dunyosi, elektronika va boshqalar). Hikoya oʻqituvchi tomonidan mavzuga oid dalil, hodisa, voqealarning yaxlit yoki qismlarga boʻlib, tasviriy vositalar yordamida obrazli tasvirlash yoʻli bilan ixcham, qisqa va izchil bayon qilinishini ifodalovchi metod sanaladi. Namuna – shaxsga atrofdagilar (xususan, oʻqituvchilar, ota-onalar, yoshi katta kishilar)ning yurish-turish, muomala, tartib-intizom qoidalariga rioya qilish, kundalik faoliyatni tashkil etishda oʻrnak, ibrat boʻla olishlarini ifodalovchi metod sanaladi. Yosh avlod uchun quyidagi pedagogik hodisalar namuna boʻla oladi: 1. Ota-onalarning yurish-turishi, bir-birlariga bilan oʻzaro munosabatlari, kundalik faoliyatni tashkil etishlari, atrofdagilar nisbatan yondashuvlari; 2. Oʻqituvchilarning hamkasblari, rahbarlari, shuningdek, oʻquvchilar bilan oʻzaro munosabatlari, nutq va muomala odobi, kasbiy faoliyatni olib borishdagi mas’uliyatlari; 3. Ishlab chiqarish ilgʻorlari, umuminsoniy hamda milliy ilm-fan, madaniyat ravnaqiga munosib hissa qoʻshgan shaxslarning hayoti va faoliyatlari; 4. Badiiy asarlar, kinofilmlar, spektakllar qahramonlarining xatti-harakatlari, ma’naviy qiyofasi; 5. Afsonaviy va tarixiy milliy qahramonlar, Vatan ozodligi uchun kurashgan shaxslarning jasoratlari; 6. Favqulodda vaziyatlarda fuqarolik, insoniylik burchini sidqidildan ado etgan shaxslarning xatti-harakatlari; 7. Tengdoshlarning ijtimoiy munosabatlar jarayonida, turli vaziyatlarda oʻzlarini tuta olishlari, irodali, matonatli, axloqli ekanliklarini namoyon eta olishlari va boshqalar. Ijtimoiy xulqni shakllantirish metodlari – muayyan mashq yordamida bolalar faoliyatini toʻgʻri, maqsadga muvofiq, puxta tashkil qilish orqali ularni axloqiy me’yor, xulq-atvor qoidalarini bajarishga odatlantiruvchi usullar sanaladi. Odatlantirish, mashqlantirish (mashq qildirish), topshiriq, pedagogik talablar, jamoat fikri, tarbiyalovchi vaziyat kabilar ijtimoiy xulqni shakllantirish metodlari sirasiga kiradi. Mashq – aqliy yoki amaliy (jismoniy) harakatlarni bajarish koʻnikmalarini egallash yoʻlida muayyan amal, harakatni koʻp marta takrorlash. Mashqlantirish (mashq qildirish) – muayyan xatti-harakatlarni koʻp marotaba takrorlashga qaratilgan harakat mohiyatini ifodalovchi metod hisoblanadi. Mashqlantirish natijasida muayyan koʻnikma, odat, yangi bilimlar hosil qilinadi, oʻquvchining aqliy qobiliyati oʻsadi, axloqiy sifatlari boyiydi, hayotiy tajribasi ortadi. Tarbiya amaliyotida mashq qildirishning quyidagi turlari mavjud: 1) faoliyatda mashq qilish; 2) kun tartibi doirasida bajariladigan mashqlar; 3) maxsus mashqlar. Faoliyatda mashq qilish mehnat, ijtimoiy va jamoa faoliyatini tashkil etish, oʻzaro munosabatlarni yoʻlga qoʻyish odatlarini tarbiyalashga qaratilgan. Kun tartibi mashqlari ta’lim oluvchilarni belgilangan kun tartibiga amal qilishga odatlantirish, u bilan bogʻliq ravishda muayyan harakatlarni bajarish, ish va boʻsh vaqtdan toʻgʻri foydalanishga oʻrgatish uchun xizmat qiladi. Maxsus mashqlardan tanlangan soha boʻyicha nazariy bilim, amaliy hamda xulqiy koʻnikma, malakalarni hosil qilishda foydalaniladi. Topshiriq metodi oʻquvchilarda mehnat, ijtimoiy xulq va hayotiy tajriba koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida qoʻllaniladi. Oʻquvchilarning topshiriqlarni jamoa boʻlib bajarishlari ularda ijtimoiy xulq tajribalarini shakllantirishda alohida ahamiyatga ega. Pedagogik talab turli xatti-harakatlarni bajarish, muayyan faoliyatda ishtirok etish jarayonida oʻquvchi tomonidan amal qilinishi zarur boʻlgan ijtimoiy xulq-atvor me’yorlari va tarbiyaviy ta’sirning muhim usullaridan biri boʻlib, u ma’lum harakatlarni ragʻbatlantirish yoki toʻxtatish, shaxsni ijobiy harakatlarga undash xarakteriga ega boʻladi. Topshiriq – ta’lim yoki tarbiya jarayonida oʻquvchi zimmasiga yuklanadigan muayyan vazifa. Jamoatchilik fikri – ijtimoiy voqealarga, turli guruhlar, tashkilotlar, ayrim shaxslar faoliyatiga boʻlgan yashirin yoki oshkora munosabatlarni oʻz ichiga oladigan ijtimoiy ong shakli boʻlib, u yordamida jamiyat a’zolarining xatti-harakatlari, xulq-atvorlari, yurish-turishlari, faoliyatlari, atrofdagilar bilan muomalalari, munosabatlari ijtimoiy axloq me’yorlariga muvofiq baholanadi va tartibga solinadi. Mohiyatiga koʻra jamoatchilik fikri muayyan ijtimoiy masalalarni, taniqli shaxslar yoki umuman olganda, jamiyat a’zolaridan ixtiyoriy birining xatti-harakati, xulq-atvori, yurish-turishi, faoliyati, atrofdagilar bilan muomalasi hamda munosabatining ma’qullanishi yoki qoralanishini ifodalaydi. Shu jihati bilan jamoatchilik fikri tarbiyalovchi xarakter kasb etadi. Tarbiyalovchi vaziyatlar – tabiiy ravishda sodir boʻladigan yoki sun’iy hosil qilinib, shaxsda u yoki bu ma’naviy-axloqiy sifat, xulq-atvor, koʻnikma,malakalarni shakllantirishga yoʻnaltiriladigan holat, sharoit hisoblanadi. Xulq va faoliyatni ragʻbatlantirish metodlari – tarbiyalanuvchining xatti-harakati va faoliyatiga ijobiy baho berish asosida unga ishonch bildirish, koʻngilini koʻtarish va uni qoʻllab-quvvatlash usullari sanaladi. Xulq va faoliyatni ragʻbatlantirish metodlari sirasida musobaqa, ragʻbatlantirish, jazolash kabi metodlar namoyon boʻladi. Musobaqa (arabchadan tortishuv, bellashuv) metodi – shaxslarda ma’naviy-axloqiy (shu jumladan, irodaviy), jismoniy, estetik sifatlarni shakllantirish, uning dunyoqarashini boyitish maqsadida tashkil etiladigan, kim oʻzish, yaxshiroq natijaga erisha olish xarakteridagi bellashuv. Tarbiya jarayonida ragʻbatlantirishning quyidagi turlaridan foydalaniladi: 1) Oʻquvchining zimmasiga mas’uliyatli vazifani yuklash; 2) Maqtash (ota-onalar, oʻquvchilar jamoasi oldida); 3) Estalik sovgʻasini berish (badiiy kitoblar, oʻquv qurollari va b.sh.); 4) Maqtov yorligʻi bilan taqdirlash; 5) Maxsus stipendiyalar tayinlash; 6) Qoʻllab-quvvatlash; 7) Fotosuratni hurmat taxtasiga qoʻyish; 8) Jamoa nomidan minnatdorchilik bildirish; 9) Safda birinchi oʻrinda turishini ta’minlash; 10) Musobaqalarda bayroqdor boʻlishiga imkoniyat yaratish; 11) Nomini maktab devoriy gazetasi yoki radiosi orqali qayd etish. Tarbiya jarayonida ragʻbatlantirish metodlarini samarali qoʻllay olish uchun ragʻbatlantirishning mavjud pedagogik talablarga muvofiq boʻlishi; ketma-ket boʻlmasligi; oʻquvchini yoki uning xatti-harakatlarini haddan oshirib maqtamaslik; ularni boshqa oʻquvchilarga taqqoslab koʻrsatmaslik; oʻquvchini kamsitmaslik; talabchanlikni boʻshashtirmaslik kabilarga e’tibor qaratilishi lozim. Tarbiya jarayonida jazolash metodini qoʻllashda quyidagi jazo choralari qoʻllaniladi: * tanbeh berish; * ogohlantirish; * uyaltirish; * hayfsan berish. Tanbeh berish eng muhim jazo chorasi boʻlib, oʻqituvchi oʻquvchiga yuzma-yuz turib tanbeh beradi va buni kundaligiga yozib qoʻyish mumkin. Ogohlantirish – sodir etilishi mumkin boʻlgan muayyan xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida qoʻllaniladigan tarbiyaviy usul. Uyaltirish – oʻquvchining ma’lum xatti-harakatlariga jamoa yoki uning tarbiyasi uchun mas’ul boʻlgan subyektlar (ota-onalar, vasiylar, jamoatchilik vakillari va boshqalar) oldida baho berish usuli. Bolalarni tarbiyalashda shu his-tuygʻularni ehtiyotkorlik bilan oʻstirish lozim, lekin hadeb uyaltiraverish, qizartiraverish yaramaydi. Hayfsan berish oʻquvchining ma’lum xatti-harakatlarini qat’iy choralar asosida baholash boʻlib, u tanbeh va ogohlantirish kutilgan natijani bermagan holatlarda qoʻllaniladi. Jazo puxta oʻylab qoʻllanilishi lozim, aksincha, jahl ustida jazolash mumkin emas. Jazolar yakka xarakterda, ya’ni, birgina usulni qoʻllash asosida, oʻquvchining aybiga mos, muvofiq boʻlishi, tez-tez qoʻllanilmasligi, jazolanuvchida jazoning toʻgʻri belgilanganligiga nisbatan shubha tugʻdirmasligi lozim, shundagina ular oʻz ayblarini sezadilar. Jamoada muhokama qilish va jamoa tomonidan qoʻllab-quvvatlangan holda jazo berish uning ta’sir kuchini yanada oshiradi. Jazolash metodini qoʻllashda jismoniy jazoni qoʻllash, oʻquvchilarni urish, kaltaklash, qoʻrqitish, gʻazablantirish, jismonan va ruhan azoblash, tahqirlash, sha’nini yerga urish kabilar ta’qiqlanadi. Bu kabi usullarni qoʻllash salbiy natijalarga olib keladi, ya’ni, oʻquvchi qoʻrqqanda yolgʻon gapirishni oʻrganadi, ikki yuzlamachi boʻlib qoladi. Oʻz-oʻzini tarbiyalash metodlari oʻquvchilarning oʻzini oʻzi idora qilishlari, turli oʻquvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy mavqelarini oshirish maqsadida qoʻllaniladigan usullardir. Oʻz-oʻzini tarbiyalash metodlarining tarbiyalovchilik xarakteri oʻquvchilarning oʻzini oʻzi idora qilishlar, oʻquvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy mavqeini oshirishning ta’sirchan vositasi ekanligida aks etadi. Mazkur metodlar oʻquvchilarni tashabbuskorlikka, mustaqillikka undaydi. Oʻz-oʻzini tahlil (nazorat) qilish oʻz shaxsi, mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish, mavjud sifatlarni boyitish yoki salbiy odatlarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyat usulidir. Oʻz-oʻzini baholash shaxs tomonidan mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish orqali oʻziga baho berishga yoʻnaltirilgan faoliyat usuli boʻlib, u shaxsning qobiliyatini oʻz kuchi bilan yuzaga chiqishiga yordamlashishi zarur. Oʻz-oʻzini baholash qiyin, lekin shaxsni bunga bevosita tayyorlash mumkin. Oʻz-oʻzini baholash oʻquvchi uchun shaxsiy imkoniyatlarini hisob-kitob qilish, oʻziga obyektiv baho berish, oʻzidan qoniqishiga yordam beradi. Izohlash tarbiyalanuvchiga hissiy-ogʻzaki ta’sir etish usuli boʻlib, uning muhim belgisi muayyan guruh yoki alohida shaxsga yoʻnaltirilganligidir. Oʻquvchilar bilan ishlaganda ma’naviy-axloqiy tushunchalarning ijtimoiy ahamiyati va ma’nosini izohlash zarur. Izohlash quyidagi holatlarni yuzaga keltiradi: 1) yangi ma’naviy-axloqiy sifatlar yoki xulq koʻnikmalarini tarkib toptirish va mustahkamlash; 2) tarbiyalanuvchilarda sodir etilgan muayyan hodisa (masalan, sinf oʻquvchilarining ommaviy ravishda darsga kelmaganliklari)ga ongli munosabatni tarbiyalash. Munozara tarbiyalanuvchilarga hissiy-ogʻzaki ta’sir koʻrsatish asosida ularda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan bahs-munozara usuli boʻlib, u siyosiy, iqtisodiy, madaniy, estetik va huquqiy mavzularda oʻtkaziladi. Munozara asosida turli qarashlar yotadi. Bahs ijobiy natija berishi uchun uni tashkil etishga jiddiy, puxta tayyorgarlik koʻrish talab etiladi. Munozara uchun 5-6 ta savol tayyorlanib, ular bilan ishtirokchilar oldindan tanishtiriladilar. Chiqishlar jonli, erkin va qisqa boʻlishi zarur. Pedagog ishtirokchilarga fikrlarini ixcham, asosli va dalillar asosida bayon etishga yordam beradi. Tarbiya usullari – tarbiyalash, pedagogik ta’sir koʻrsatish xususiyatga ega xatti-harakatlar majmui boʻlib, ular yordamida shaxsning qarashlari, motivlari, harakatlarini oʻzgartirish orqali uning xulqi, pozitsiyasigatashqi ta’sir koʻrsatiladi. Keng ommalashgan tarbiya usullari quyidagilardir: 1) Ijobiy vaziyatni yanada mustahkamlovchi tarbiya usullari; 2) Salbiy vaziyatni yanada kuchaytiruvchi tarbiya usullari; 3) Tarbiyalanuvchida ishonch hosil qiluvchi tarbiya usullari. Ijobiy vaziyatni yanada mustahkamlovchi tarbiya usullari tarbiyalanuvchi va tarbiyachi (ota-ona, oʻqituvchi, mas’ul shaxs)lar oʻrtasidagi munosabatning yaxshilanishini ta’minlaydi. Bu turdagi tarbiya usullari sifatida tarbiyalanuvchi bilan birgalikda ma’lum faoliyatni tashkil etish (oʻyinchoqlarni birga yigʻishtirish, bolaga uning uchun murakkab sanalgan ishni bajarishda koʻmaklashish, bolani oʻylantirayotgan muammolar bilan qiziqish, unga katta ishonch bildirib, muayyan topshiriq berish) mumkin. Bu jarayonda bolaning koʻnglini koʻtaradigan, unda oʻziga nisbatan ishonchni hosil qildiradigan jumlalar (“Balli!”, “Barakalla!”, “Yashavor!”, “Juda zoʻr! Men senga ishongandim!”, “Bilaman, sen buni uddalaysan!”, “Oʻylaymanki, bu sen uchun qiyin emas!”, “Bu ishni birgalikda bajarsak qanday boʻlarkin?!” kabilar)ni ham qoʻllash maqsadga muvofiqdir. Salbiy vaziyatni yanada kuchaytiruvchi tarbiya usullari tarbiyalanuvchi va tarbiyachilar oʻrtasidagi shunday ham yomon, salbiy munosabatni yanada yomonlashtiradi. Bu kabi tarbiya usullari sirasida tarbiyalanuvchini uning salbiy xatti-harakatlari uchun koyish, unga doʻq-poʻpisa qilish, jazolash kabilar keng qoʻllaniladi. Koʻpchilik ota-onalar ijobiy va salbiy vaziyatlarni kuchaytiruvchi tarbiya usullaridan ketma-ket foydalanadilar. Tarbiya usullarini samarali qoʻllashda eng muhimi – vaziyatni toʻgʻri baholay olish, bola holatini tushunishga harakat qilish sanaladi. Imkon qadar salbiy vaziyatni yanada kuchaytiradigan tarbiya usularidan foydalanilmagan ma’qul. CHunki, bu kabi usullar bolani ota-ona, oʻqituvchilardan uzoqlashtiradi. Bordi-yu, bola salbiy harakatlarni sodir etganda ham unga oʻz xatolarini anglashga imkon berish, ulardan toʻgʻri xulosa chiqarib olishini ta’minlash pedagogik jihatdan toʻgʻri yondashuv hisoblanadi. Tarbiyalanuvchida ishonch hosil qiluvchi tarbiya usullari shaxsni ishontiradigan suhbatlar sanaladi. Bu usulni qoʻllash uchun tarbiyalanuvchilar yoshini chegaralab boʻlmaydi, aksincha, bu kabi suhbatlar barcha yoshdagi balogʻatga yetmaganlar uchun birdek samarali boʻladi. Ishonch hosil qiladigan suhbatlarning bolani oʻz xatti-harakatlari mohiyatini tushuntirishga, ular yuzasidan izoh berishga undash uchun xizmat qilishi muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, ota-onalar, oʻqituvchilarning kichik yoshdagi bolalar bilan suhbatlashishda “Mening oʻylashimcha, bu ishing toʻgʻri emas, bu haqida oʻzing nima deysan?”, “Ayt-chi, seningcha, shu ishing toʻgʻrimi?”, “Agar bordi-yu, shu ishni men qilgan boʻlsam, sen nima degan boʻlarding?”, “Agar Komil bunday qilganida sen xafa boʻlmagan boʻlarmiding?” kabi savollar asosida bolani oʻz xatti-harakatlari yuzasidan oʻylab koʻrishga undash maqsadga muvofiqdir. Bu oʻrinda bolaga shaxsiy harakatlarining mazmunini anglatish bilan birga, toʻgʻri xatti-harakat qanday boʻlishini tushuntirish, buning natijasida atrofdagilarning qanchalik xursand boʻlishlarini aytib oʻtish maqsadga muvofiqdir. Bunday suhbatlar hech qachon samarasiz boʻlmaydi. Biroq, suhbatlashish chogʻida bolaga zoʻrlik qilinsa, bu haqidagi ma’lumotlar bolaning miyasida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Hatto bir necha yillar oʻtgandan keyin ham bola bu haqida oʻylaydi. Topshiriq berish – oʻquvchilarda mehnat, ijtimoiy xulq va hayotiy tajriba koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida qoʻllaniladigan usul. Tarbiya vositalari tarbiya jarayonining ta’sirchanligini oshirish maqsadida qoʻllaniladigan moddiy buyumlar, narsalar, ma’naviy omillar, faoliyat (oʻyin, oʻqish, mehnat, muloqot), hissiy yondashuv koʻrinishidir. Tarbiya turlarining umumiy tavsifi. Tarbiya turlari turli sohalarga koʻra tasnif etiladi. Koʻproq umumlashgan tasnif oʻzida aqliy, mehnat, jismoniy tarbiyani qamrab oladi. Ta’lim muassasalaridagi tarbiyaviy ishlarning turli yoʻnalishlari bilan bogʻliqlikda fuqarolik, siyosiy, baynalmilal, axloqiy, estetik, mehnat, jismoniy, huquqiy, ekologik, iqtisodiy tarbiyaga boʻlinadi. Institutsional belgilariga boʻyicha oila, ta’lim muassasasi, ta’lim muassasasidan tashqari, diniy, bolalar, yoshlar tashkilotlaridagi tarbiya, maxsus ta’lim muassasalaridagi tarbiyaga boʻlinadi. Tarbiya va tarbiyalanuvchilar orasidagi munosabatlar uslubiga koʻra avtoritar, demokratik, liberal, erkin tarbiya; turli falsafiy konsepsiyalar bilan bogʻliqlikda pragmatik, aksiologik, jamoaviy, individual tarbiya farqlanadi. Tarbiya nazariyasi pedagogika fanining bir qismi boʻlib, u tarbiyaviy jarayonning mazmuni, metodi va tashkiletilishimasalalarini oʻrganadi. Jamiyatimizning yangilanishi, hayotimizning taraqiyoti oʻsib kelayotgan barkamol avlod tarbiyasi bilan bogʻliq jarayonni hamqaytadan koʻrib chiqishni taqozo etmoqda. Tarbiya nazariyasi Oʻrta Osiyo faylasuflarining tarbiya haqidagi fikrlariga va xalq pedagogikasining tarbiya borasidagi boy tajribalariga tayanadi. Tarbiya nazariyasi oʻz qoidalarini asoslash uchun falsafa, sotsiologiya, etika, estetika, fiziologiya, psixologiya fanlari ma’lumotlaridan foydalanadi. Tarbiya nazariyasi pedagogikaning boshqa boʻlimlari: pedagogikaning umumiy asoslari, ta’lim nazariyasi, maktabshunoslik bilan uzviy bogʻlangandir. Hozirgi zamon pedagogikasida tarbiya tarbiyachining tarbiyalanuvchi shaxsiga oddiy ta’sir koʻrsatishi emas, balkitarbiyachilar va tarbiyalanuvchilarning aniq bir maqsadga qaratilgan,bir-biri bilan hamkorlikda qiladigan munosabatlari va oʻzaro ta’sir koʻrsatishi ekanligi alohida ta’kidlanadi. Tarbiya aqlli, odobli, mehnatsevar, bilimli, sogʻlom, e’tiqodli, dili pok, ruhi komil, har tomonlama ma’naviy rivojlangan, vatanparvar, baynalminal, insonparvar barkamol shaxsni shakllantirishni koʻzda tutadi. Tarbiya mahalliy, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar, milliy an’analar va mintaqalararo xususiyatlarni hisobga olgan holda olib boriladi. Tarbiya jarayonida kishining turli qobiliyatlari rivojlanadi, xarakteri, gʻoyaviy, axloqiy, irodaviy, estetik xislatlari shakllanadi, tabiatga, jamiyatga ilmiy qarashlar tizimi tarkib topadi, jismoniy kuch-quvvatlari mustahkamlanadi. Bola kattalarning tajribalarini sust holda emas, balki faol ravishda oʻzlashtiradi: bu oʻzlashtirishda uning ongli harakati, tirishqoqligi ahamiyatga ega boʻladi. Tarbiyalanuvchilar muayyan darajada faol faoliyat koʻrsatmasalar tajriba va bilimni oʻzlashtira olmaydilar. Bolaning yoshi ulgayib borgan sari bu faollik tobora koʻproq mustaqillik xususiyatlariga ega boʻlib boradi: tarbiyalanuvchilar oʻzlarida dunyoqarashni tarkib toptirishga, oʻz-oʻzini takomillashtirish, tabiat, jamiyat va turmushda uchraydigan hodisalarni tushunishga hamda idrok etilgan narsalarga tanqidiy munosabatda boʻlishga koʻnika boradilar. Hamma davrlarning ilgʻor kishilari tarbiyaga yuqori baho berganlar. Xalq donishmandlari va mutafakkirlaridan Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zavqiy, Furqat, Avaz Oʻtar, Hamza, Abdulla Avloniy inson kamolotini ilm-fan va tarbiyada deb bildilar. Tarbiya jarayonida kattalar, tarbiyachilar va tarbiyalanuvchilar jamoasi oʻzaro munosabatda boʻladi. Bu munosabat oʻzaro tushunish, ishonch, hamkorlik asosida qurilishi lozim. Maktab butun tarbiya ishini hayot bilan hamohangi, oʻquvchilarga oʻtmish, tarix, san’at haqidagi ma’lumotlarni chuqur oʻrgatishi, xalq pedagogikasi asosida ish yuritishi, buyuk allomalarning farzand tarbiyasi borasidagi pedagogik qarashlari, inson ruhini chuqur oʻrganib, sharqona urf-odatlar, an’analar asosida yoshlarga mehnat malakasini singdirishi lozim. Tarbiya jarayonining qonuniyatlari. Tarbiyaning maqsadini pedagoglar ham, ota-onalar ham yaxshi bilishlari lozim. Umumta’lim maktablarida tarbiyaning asosiy maqsadi sifatida shaxsning har tomonlama kamolotga erishuvi asos qilib olinadi. Shaxsning har tomonlama kamolotga erishuvi, bu uning ayrim qirralari yoki hislatlarining toʻlaqonligi, jismoniy, axloqiy, siyosiy, estetik qarashlari yigʻindisini oʻz ichiga oladi. Tarbiya moddiy boyliklarni ishlab chiqarish usuliga, jamiyatning ijtimoiy tuzilishiga, siyosiy tizimga, mafkuraga bogʻliqdir. Tarbiyaning shaxs rivojlanishi bilan birligi va oʻzaro bogʻliqligi uning muhim qonuniyati hisoblanadi. Shaxsning rivojlanishi tarbiyaning sifatiga bogʻliqdir. Ayni chogʻda tarbiyaning mazmuni, shakli va metodlari shaxsning rivojlanish darajasiga bogʻliq. Tarbiya jarayoni murakkabdir. Shuning uchun ham u tarbiyachidan bolaning ruhiy holati, aqliy va jismoniy imkoniyatlarini hisobga olib, mehribonlik bilan yondoshishni talab qiladi. Tarbiyachi tarbiyalanuvchi shaxsini diqqat bilan oʻrganishi, ularni tushunishi, hurmat qilishi lozim. Tarbiyalanuvchilarning hayotiy faoliyati jamiyat uchun qanchalik foydali, maqsadga muvofiq va ularning munosabatlari oqilona tashkil qilinar ekan, tarbiya jarayoni shunchalik samarali amalga oshiriladi. Insonni uning atrofini qurshab turgan vositalar: oila, ota-onasi, maktab, doʻstlari, atrof-muhit, ommaviy axborot vositalari, san’at, adabiyot, tabiat va hokazolar tarbiyalaydi. Shaxsning rivojlanish va shakllanish jarayonini boshqarib borish kerak. Shaxslararo munosabatlarda insonparvarlik, pedagoglar va oʻquvchilar oʻrtasida bir-biriga hurmat munosabatlari, bolalar fikriga e’tibor berish, ularga mehribonlarcha munosabatda boʻlish lozim. Shunga ahamiyat berish lozimki, amalda tarbiyaviy jarayon umumxalq ishi va uzluksiz boʻlsin, barcha yoshdagi bolalarni qamrab olsin, turli ijtimoiy, jamoat va davlat institutlari va muassasalarining shaxs kamolotini shakllantirish borasidagi harakatlari mujassamlashishi ta’minlansa maqsadga muvofiq boʻladi. Tarbiyada inson shaxsini oliy ijtimoiy qadriyat deb tan olish, har bir bola betakror va oʻziga xosligini hurmatlash,uning ijtimoiy huquqi va erkinligi e’tiborda tutilishi zarur. Tarbiya muayyan maqsad bilan rejali ravishda amalga oshiriladigan davomli ishdir. Yosh avlodga har bir tarixiy davrdagi jamiyatning oʻziga xos ishlab chiqarish metodi va ijtimoiy munosabatlarga muvofiq tarbiya beriladi. Bu tarbiyaning asosiy qonuniyatidir. Tarbiya jamiyat hayoti bilan bogʻliq, jamiyat oʻzgarib rivojlanishi bilan tarbiya ham oʻzgarib, rivojlanib boradi. Tarbiya jarayoni hayotiy, amaliy xususiyat kasb etmogʻi lozim. Tarbiyaviy jarayonning barcha qatnashchilari; pedagoglar, ota-onalar, jamoatchilik, yoshlar tashkilotlari va mehnat jamoatlari – hamma kasbiy-pedagogik tayyorgarlikka ega boʻlishlari lozim. Tarbiya jarayoni qonuniyatlari va qoidalari. Tarbiya nazariyasida ham pedagogika fanida boʻlgani kabi, yangi vujudga kelayotgan qarashlar bilan eskirib borayotgan qarashlar oʻrtasida kurash ketgan. Tarbiya nazariyasidagi va amaliyotidagi muhim yoʻnalishlarni tanqidiy oʻrganmay turib, tarbiya nazariyasining asosiy masalalarini tushuna olish qiyin. Keng tarqalgan turi avtoritar (boshqalarga koʻr-koʻrona boʻysunish) tarbiya nazariyasi edi. Avtoritar tarbiya XVI asrda paydo boʻlib, hozirda Ispaniyada, Lotin Amerikasining ba’zi mamlakatlarida yaqqol ifodasini topgan. Avtoritar tarbiyani ilmiy ravishda asoslab berishga uringan nemis pedagogi Fridrix Gerbart (1771-1841) bola tugʻilganda «yovvoyi shoʻxlikka» xos boʻlish fikrini olgʻa suradi. Shu bilan u tartib buzgan oʻquvchilar uchun jarima jurnalini tashkil etishni taklif etadi. U tartib buzgan oʻquvchilarni ovqatsiz qoldirish, burchakka turgʻizib qoʻyish, kartserga qamash, jarimaga tortish kabi jazolashni turlarini joriy etadi. Avtoritar tarbiyani birinchi boʻlib J.J.Russo tanqid qildi va oʻzi erkin tarbiya nazariyasini ilgari surdi. Oʻzbek maktablarida ta’lim-tarbiya bir-biridan ajralmas deb hisoblanadi. Sinfdagi har qanday ish doimo tarbiyaviy ishdir, biroq tarbiyaviy ishlarni ta’lim berish bilan cheklash mumkin emas. Tarbiya turlari haqida tushuncha. Axloq haqida tushuncha. Axloqiy tarbiya nima va u oʻz oldiga qanday maqsadni qoʻydi? Axloq birinchidan, ijtimoiy ong shakllaridan biri, ijtimoiy tartib qoida boʻlib, bu tartib qoidalarining xatti-harakatini tartibga solish vazifasini bajaradi. Jumladan, axloq, adolat, saxovat, halovat, halollik, rostgoʻylik kabi tushunchalarni oʻz ichiga oladi. U bizning kundalik ishlarimizga va ongimizga aktiv ta’sir koʻrsatib, jamiyat nomidan yaxshilik bilan yomonlik, zulm, adolat bilan adolatsizlik oʻrtasidagi va insoniy munosabatlardagi maqbul va nomaqbul, man etilmaydigan va man etiladigan ishlarni, xatti-harakatlarni belgilab beradi. Ikkinchidan, axloq ijtimoiy fikr, ong bilan jamiyatda belgilab qoʻyilgan odamlarning xulq atvor qoidalarining yigʻindisi boʻlib, ularning bir-birlariga boʻlgan munosabatlarini, majburiyatlarni belgilab beradi. Axloq odamlarni jamiyatdagi axloqiy yetuk, yetuk xulq atvorining namunasi boʻlib hizmat qiladi. Odamlar oʻrtasidagi munosabatlarning toʻgʻri tashkil etilishini ta’minlaydi. Axloq me’yorlari xulq atvorning boshqaruvchisi sifatida odob me’yorlariga yaqin turadi. Huquqga zid xatti-harakat axloqsiz harakat deb qaraladi. Axloqiy tarbiya odamlarni nomusli, vijdonli boʻlishga oʻrgatish bilan profilaktika ishlarini ham olib boradi. Uchinchidan, axloq falsafiy kategoriya boʻlib, har bir shaxs uchun zarur boʻlgan rostgoʻylik, kamtarlik, halollik, olijanoblik, mehnatsevarlik, xushyorlik, odoblilik, insonparvarlik, kollektivizm singari fazilatlarni shakllartiradi. Toʻrtinchidan, axloq, ijtimoiy qatlamning, xalqning ma’naviy qiyofasi, gʻoyasi, ruhiyatining xarakterli xususiyati sifatida maydonga chiqadi. Axloqning eng asosiy vazifasi fuqarolikni shakllantirishdan iboratdir. «Eng muhimi,-deb yozgan edi V.A.Suxomlinskiy fuqarolikni tarbiyalashdir, chunki bu butun tarbiyaviy ishlarning magʻzi, oʻzagi hisoblanadi». Har bir jamiyat oʻz fuqarolari oldiga ma’lum talablar tizimini qoʻyadi. Bu avvalo, insonnig axloqiy fazilatlariga, uning xulqiga qoʻyilgan talablardir. Kishilar mehnat va muomala jarayonida bir-birlari bilan turli tuman munosabatda boʻladilar. Bu munosabat jamiyat va har bir fuqaro oldiga quyidagi talablarni ta’riflab beradigan qonunlar, qoidalar bilan tartibga solib turiladi. Bu majburiyatlar axloq talablariga koʻra belgilanadi. Bu talablarda har bir katta yoshli kishining, umuman, jamiyatga, atrofdagi kishilarga, oʻz oilasiga munosabati belgilanadi, inson ijtimoiy foydali mehnat bilan shugʻullanishga, davlat mulkini ehtiyot qilishga, oʻz oilasining mehnatga layoqatsiz a’zolari toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish va ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga, belgilangan yoshi yetgan farzandni maktabga yuborishga va shu kabilarga majburligi ta’kidlanadi. Jamiyat tomonidan belgilanadigan talablar shaxs hulqini baholash uchun nizom boʻlib xizmat qiladi. Ana shu talablarga muvofiq shaxsning xulqidagi ayrim harakat va odatlar ma’qullanadi yoki qoralanadi. Axloq ijtimoiy taraqqiyotning natijasidir. U sinfiy xarakterga ega. U yangi ijtimoiy munosabatlar boʻlib, vatanga, xalqqa sodiqdir. Axloqiy tarbiyaning vazifasi. Oʻzbek maktabida oʻquvchilarni axloqiy tarbiyalash, sadoqatga asoslangan eng insonparvar, adolatli va oliyjanob, axloqining ijobiy tomoni tobora toʻlaroq namoyon boʻladi. Bizning axloqimiz umuminsoniy, ma’naviy boyliklarni ham, kishilarning axloqiy me’yorlari va ular oʻrtasida eksplutatsiyaga qarshi, ozodlik va ijtimoiy tenglik, baxt-saodat va tinchlik uchun koʻp asrlik kurash jarayonida xalq ommasi yaratgan munosabatlarni ham oʻz ichiga oladi. - Jamoatchilik axloqi. Uning asosiy tamoyili “bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun”, degan gʻoyadan iboratdir. U xudbinlik, oʻzini va oʻz manfaatini koʻzlashni rad etadi, umumxalq jamoa va shaxsiy manfaatlarni oʻzida uygʻunlashtiradi. - Insonparvarlik axloqi. U mehnatkash insonni ulugʻlaydi. U kishilar oʻrtasida chinakam insoniy munosabatni oʻrtoqlarcha hamkorlik va oʻzaro yordam munosabatlarini, shaxsiy va ijtimoiy hayotda hayrixohlik, halollik, sofdillik va kamtarlikni qaror toptiradi. - Faol ta’sirchan axloq. U insonni yangi mehnat va ijodiy zafarlarga, tadbirkorlikka, jamoa va butun mamlakat hayotida sidqidildan ishtirok etishga, yangi turmush tarziga zid boʻlgan barcha narsalarga faol qarshi chiqishga, milliy istiqlol mafkurasi uchun qat’iyat bilan kurashishga undaydi. Maktabda axloqiy tarbiyani amalga oshirish yoʻllari. Maktabda bolalarni axloqli tarbiyalash, dars jarayoni, sinf va maktabdan tashqari turli tuman ishlarda olib boriladi. Oʻquvchilarga bilim, (tasavvurlar, hissiy, obrazli bilimlar, axborot, ogʻzaki ma’lumot, tushuncha, umumlashgan bilim) malaka va odatlarini beriladi. Bolalarga odob va odobsizlik haqida tushuncha beriladi. Ular axloqiy tushunchalarni badiiy va ilmiy adabiyotdan, hayotdan, kinofilm va spektakllardan oladi. Oʻquvchilarni oʻz xulqini axloqiy jihatdan baholashni birinchi sifatdan boshlab oʻrgatib borish kerak, ularni mehnatni sevish, mulkni ehtiyot qilish, hurmat, rostgoʻylik, sofdillik, vijdon, kamtarlik ma’nolarini tushinib olsin. Buning uchun yuqori sinf oʻquvchilari bilan “Mardlik va qoʻrqoqlik”, “Mardlik va oliftalik”, “Kollektiv nima?”, “Baxtni qanday tushinasiz?”, “Insonni goʻzalligi nimada?”, “Ma’naviy yetuk kishi”, “Insonning qadr-qimmati, axloq va shaxs erkinligi” mavzularida suhbat oʻtkazish ma’qul. Oʻquvchilarning onglilik darajasini oʻstirish uchun ularga oʻzini-oʻzi baholashga imkon berish, oʻqishda, mehnatda, hayotda muvofaqqiyatga erishish oʻziga bogʻiqligini tushuntirish lozim. Haftaning oxirida “Oʻtgan haftadan qanoatlanamanmi?”, “Oʻzimni jazolashim kerakmi yoki mukofatlashim?” degan savolga javob yozishni tavsiya qilish kerak. U tarbiyaviy soatda yoki individual suhbatda tahlil etiladi. Oʻquvchilarni axloq ruhida tarbiyalash ularda quyidagi erkin fikrlilik xislatlarini tarkib toptiradi: maqsadga intiluvchanlik, oʻqish va ishda matonatlilik, qat’iyat, tashabbuskorlik, uyushqoqlik, qiyinchilikdan qoʻrqmaslik. Maktabda axloqiy tarbiya berishda xilma-xil metodlar qoʻllaniladi. Jumladan: Birinchidan, maktabdagi oʻqish jarayoni yuksak darajada uyushtirilishi kerak, buyuk nemis pedogogi A.V.Disterveg koʻrsatganidek, yaxshi oʻqitish bilangina oʻqituvchi oʻquvchini yaxshi tarbiyalaydi ham. Ba’zan axloqiy ta’sir vositalari kam koʻrsatiladi, huquq uchun bahoni pasaytiradilar. Odobsizlik qilishadi. Ikkinchidan, axloqiy tarbiya jarayonining muvaffaqiyatli oʻquvchilari va oʻqituvchilar jamoaning saviyasiga bogʻliq. Jamoa axloqli boʻlsa, ahil boʻlsa, bolalar intizomli boʻladi. Uchinchidan, tarbiyaviy ishlarni rejali boʻlishi va hamjihatlik bilan amalga oshirilishi axloqiy tarbiyaning muvaffaqiyatini ta’minlaydi. A.S.Makkarenko 10 ta yuqori malakali, oʻz holicha ishlaydigan oʻqituvchidan malakasi past bir yoqadan bosh chiqaradigan beshta oʻqituvchi afzal, - deydi. Toʻrtinchidan, maktabda ijobiy, emotsional sharoit yaratish axloqiy tarbiya jarayoniga foydali ta’sir etadi. Beshinchidan, barcha oʻquvchilarning maktabdagi umumiy tartib, hayot rejimiga rioya qilishga erishish. Axloqiy tarbiyada ongni, axloqiy tushunchalarni shakllantirishda suhbat, munozara, leksiya kabi metodlardan, axloqiy odatni shakllantirshda esa mashq, bolalarni turli faoliyatini yuritish metodlaridan foydalaniladi. Axloqiy tarbiyada uning natijasini hisobga olish ham muhim ahamiyatga ega. Tadbirlar soni emas, sifat belgilaydi. Baho ham toʻla emas. Tarbiyalanganlikni oʻlchovi ijtimoiy aktivlik, talablariga ijobiy munosabat, oʻz huquqini baholay olish, axloqiy odatlar va fazilatlar deyiladi. Bular oʻlchov boʻla olmaydi. Aslida ijtimoiy aktivligi, muomala va aloqalari, manaviy yoʻnalishi, haqida, barqaror axloqiy sifatlarning mavjudligi – oʻlchov boʻla oladi. Maktab hayotida ijtimoiy-siyosiy attestatsiya axloqiy tarbiyalanganlikni aniqlash va baholashning bir shaklidir. Shaxsni toʻla oʻrganish – tarbiyalanganlilikni aniqlab beradi. Jismoniy tarbiya. Jismoniy tarbiyaning asosiy maqsadi – oʻquvchilar tanasidagi barcha a’zolarni tabiiy sogʻlom oʻsishini ta’minlash, ularni aqliy va jismoniy mehnatga shuningdek, vatan mudofaasiga tayyorlashdir. Bizning ota-bobolarimiz kishilar bilan uchrashganda yoki xayrlashganda avvalo, chin yurakdan mustahkam sogʻlik-salomatlik tilashgan. Sihat-salomat boʻlishning qadrini oila qadri bilan sharafli bir oʻringa qoʻyib kelishgan. Respublikamizda bahodirlar, polvonlar va botirlarga boy vatanimiz ular bilan gʻururlangan. Bugun ham Respublikamizning barcha shahar va qishloqlarida jismoniy madaniyat va sport turlarini milliy asosda qayta tiklash jarayoni sodir boʻlmoqda. Sharq Aristoteli nomini olgan Abu Ali ibn Sino ham inson fazilatlaridan quyidagilarni sanab koʻrsatgan, chunonchi, jasurlik-biror ishni bajarishda kishining jasurligi, chidamliligi, inson boshiga tushgan yomonlikni toʻxtatib turuvchi quvvat. Aqllilik-biror ishni bajarishda shoshma-shosharlik qilishdan saqlovchi quvvat. Ziyraklik – sezgi bergan narsalarning haqiqiy ma’nosini tezlik bilan tushunishga yordam beruvchi quvvat. She’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy oʻzining «Farhod va Shirin» dostonida Farhodning ijobiy xislatlari ichida, uning jismoniy chiniqanligiga alohida e’tibor beradi va iftixor bilan uning jismoniy qobiliyatlarini maqtaydi. Dostonda yozilishicha Farhod aqliy tarbiya bilangina cheklanib qolmasdan jismoniy va harbiy mashqlar bilan ham shugʻullanib, chiniqa boshlaydi. Suvda suzish, chavondozlik, qilichbozlik va boshqalar uning kundalik mashgʻuloti boʻlib qoladi. 10 yoshida 20 yashar yigitning kuch-quvvati boʻladi, u oʻzining aql va jismoniy kuch-quvvati, mahorati bilan kishilarni hayratda qoldiradi. Abdulla Avloniyning fikricha, sogʻlom fikr yaxshi axloq, ilm-ma’rifatga ega boʻlish uchun badanni tarbiya qilish zarur. «Badanning salomat va quvvatli boʻlmogʻi insonga eng kerakli narsadur. Chunki oʻqimoq, oʻqitmoq, oʻrganmoq va oʻrgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdir. Sogʻ badanga ega boʻlmagan insonlar amallarida, ishlarida kamchilikka yoʻl qoʻyurlar... Bunday tarbiyaning fikr tarbiyasiga ham yordami bordir. Jism ila ruh ikkisi bir choponning oʻng ili terisi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponni ustini qoʻyib, astarini yuvib ovora boʻlmak kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mehnat va sogʻlom vujud kerakdur». Sport tufayli oʻz kuchi va mahoratini quvonch bilan his etish, tabiat bilan muloqotda boʻlish azaldan kishilar dilini xushnud etgan. Demak, yuqoridagi misollardan koʻrinib turibdiki, insonning aqliy, axloqiy va jismoniy kamoloti kishilik tarixi taraqqiyotining barcha jabhalarida ulugʻlangan, qadrlangan. Jismoniy tarbiya kishilarga qulay ta’sir koʻrsatib, ularning salomatligini mustahkamlaydi, ishlash qobiliyatini oshiradi, uzoq umr koʻrishga yordam beradi. Sport- har qanday yoshda ham qaddi-qomatni tarbiya qilish, kuch-quvvatni saqlab turishning ajoyib vositasidir. U dam olish bilan mehnatni almashtirib turishga yordam beradi, ijodiy his-tuygʻu manbai boʻlib xizmat qiladi. Qisqasi, jismoniy madaniyat va sport sogʻlom, kuchli, chaqqon, topqir, toʻsiqlarni yenga oladigan, ona Vatanni koʻz qorachigʻiday e’zozlovchi vatanparvar, kelajakka ishonch bilan qaraydigan yoshlarni vujudga keltiruvchi ijtimoiy omillardan biri hisoblanadi. Shu sababli kishilik jamiyatining eng ibtidoiy holatidan hozirgi kunimizga qadar har qanday jismoniy kamolot va toʻqlikni avlodlarning kamolotini ta’minlovchi zanjir deb hisoblab kelishgan. Demak, oʻsib kelayotgan yosh avlodning jismoniy barkamolligini ta’minlash faqat ota-ona, maktabning ishigina boʻlib qolmasdan, balki u davlat ahamiyatiga molik ish hamdir. Jismoniy tarbiyaga boʻlgan e’tibor, gʻamxoʻrlikning kun sayin oshib borishi bu fikrimizning yorqin dalilidir. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil davlat boʻlgan kundan boshlab, yoshlar tarbiyasini, ularni yaroqli Vatan himoyachisi boʻlishiga va sportning barcha turlarini jadallashtirish maqsadida bir qator maqtovga sazovor ishlarni amalga oshirdi. Bularga «Jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida»gi Qonun (1992), »Sogʻlom avlod dasturi», «Futbolni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida»gi (1996), «Kurash asotsiatsiyasini tuzish toʻgʻrisida»gi qarorlar (1998) va boshqa yoʻl-yoʻriqlarni koʻrsatish oʻrinlidir. Shuningdek, davlatimiz va hukumatimiz rahbarligida tennis boʻyicha Oʻzbekiston prezidenti kubogi, milliy kurash, U-shu, taekvando, boks va boshqa turlari boʻyicha xalqaro musobaqalar oʻtkazilmoqda. Shuningdek, oʻzbek kurashini Olimpiya turiga aylantirish maqsadida jahon birinchiliklari oʻtkazilmoqda va hokazo. Jismoniy tarbiya mazmuni besh xil tushunchalarda oʻz ifodasini topadi. Ya’ni jismoniy kamolot, jismoniy holat diagnostikasi, jismoniy madaniyat, jismoniy-sport ishlari, jismoniy ma’lumot. Jismoniy kamolot- oʻsib kelayotgan yosh avlodning ichki organlarining oʻzgarishi, oʻsishidir. Birinchi navbatda yurak va oʻpka, shuningdek, nerv va harakat tizimi, tana shaklining oʻzgarishi, teri-muskul tizimi, ogʻirligi, tananing mukammal rivojlanishidir. Pedagogik tushunchada jismoniy kamolot insondagi jismoniy ma’lumotning oʻsishi borasidagi oʻzgarishlar, ya’ni oddiydan murakkabga, pastdan yuqoriga, nomukammallikdan mukammallikka tomon boʻlgan oʻzgarishlar tushuniladi. Oʻquvchilarning jismoniy kamolotlari uchun sharoit yaratish va pedagogik boshqarish jismoniy tarbiyaning vazifasidir. Jismoniy tarbiya tizimida kamolot diagnostikasi muhim oʻrin tutadi. U jismoniy tarbiya saviyasi, fan tili bilan aytilganda, jismoniy tarbiya samaradorligi koʻrsatkichidir. Maxsus usul va jismoniy texnika asosida oʻquvchilarning sogʻliqlarini, har bir alohida shaxs kamoloti saviyasini tadqiq etish, belgilangan me’yor va undan uzoqlanish koʻrsatkichlarini oldindan belgilash asosida tarbiya uchun doimiy koʻrsatkich aniqlanadi. Jismoniy yetuklik bu badanning tashqi koʻrinishidagi garmoniya, goʻzallik shakli: jismoniy sifatlarning yuqori darajadagi kamoloti-kuchi, tezligi, chidamliligi va abjirligi barcha tizimlarning mutanosibligi va ularning salomatligidir. Agar diagnostika oʻquvchilarning yoki biron-bir oʻquvchining jismoniy va meditsina koʻrsatkichlari pasayib ketayotganligini koʻrsatsa, demak, zudlik bilan jismoniy tarbiyadagi mavjud tizimni oʻzgartirish lozim. Jismoniy madaniyat tarbiyaning tarkibiy qismidir. Jismoniy madaniyat mazmuniga quyidagilar kiradi: 1. Inson a’zolarining tuzilishi va ularning funksional kamoloti – ichki a’zolar, nerv va harakat, suyak-muskul tizimi, badanning uygʻunligi va ularning funksional faoliyatini boshqarish. 2. Oʻquvchilarning sogʻligʻini mustahkamlash. 3. Gigiyena qoidalariga koʻnikish. 4. Oʻquvchilarning har tomonlama mohirligini oʻstirish. 5. Boʻlajak ishchi-mehnatkashlarning jismoniy va fiziologik sifatlarini kasb ahamiyati jihatidan shakllantirish, uning ish qobiliyatini oshirish. 6. Oʻquvchilarning jismoniy va yosh xususiyatlari uchun sharoit yaratish. 7. Iroda, chidamlilik, qat’iy intizom, doʻstlik va oʻrtoqlik hissi, kamol topish va oʻz-oʻzini rivojlantirish uchun harakat qilishni tarbiyalash. 8. Shaxsiy jismoniy qobiliyatlarini kamol toptirish. Koʻrinib turibdiki, jismoniy tarbiya mazmuni yetarli darajada kengdir. Ularni amalga oshirish yoshlarimizning turmush tarzini, jismoniy madaniyat va sport asosida mazmunli shakllanishini ta’minlaydi. Yuqoridagi sifatlar, doimiy mashqlar asosida har bir shaxsda oʻz badaniga va uning goʻzal boʻlishiga intilish, shaxsiy sogʻligʻini jamiyat taraqqiyoti bilan, xalq madaniyati bilan bogʻlash sifatlari shakllanadi. Jismoniy tarbiya ta’lim mazmunida ham qaror topadi. Uning vazifasiga oʻquvchilarda tanlangan sohaga aloqador koʻnikma va malakalarni shakllantirish, rivojlantirish kiradi. Jismoniy tarbiyaga harbiy tayyorgarlik elementlari ham kiradi. Jismoniy tarbiyani boshqa fanlar orqali ham, xususan, ishlab chiqarish ta’limi orqali ham amalga oshiriladi: jismoniy sogʻlik, badan goʻzalligi va boshqalar qaror topadi. Ilgʻor pedagogik tajribalarning koʻrsatishicha, jismoniy tarbiya oʻquvchi va oʻqituvchilar jamoalarining turmush tarzi va dasturiga aylangandir. Ayniqsa, jismoniy tarbiya daqiqalari, sport va jismoniy tarbiya targʻiboti, ishlab chiqarish ta’limi texnologiyasi va ishlab chiqarish amaliyoti borasidagi yutuqlarni ragʻbatlantirishda, oʻquvchilarning uzoq vaqtgacha ish qobiliyatlarini saqlab turishda, yoshlarimizning jismoniy va fiziologik sifatlarini kasb mazmuniga bogʻlash borasidagi dars jarayonlarida ahamiyati beqiyosdir. Aqliy tarbiya idrokni insonning bilishga oid barcha vazifalari vositasida rivojlantirishni, aqliy faoliyatning oʻz-oʻzini tashkil qilish mexanizmini shakllantirishni, aqliy qobiliyatlar va ijodiy salohiyatni rivojlantirishni taklif qiladi. Uning vazifalari: - ilmiy bilimlarni oʻzlashtirish; - ilmiy dunyoqarashni shakllantirish; - aqliy qobiliyatlar va iste’dodni rivojlantirish; - bilishga oid qiziqishlarni rivojlantirish; - bilishga oid faollikni shakllantirish; - bilim olishga dalillashni shakllantirish va hokazolar. Jismoniy tarbiya – sogʻliqni mustahkamlash va toʻgʻri jismoniy rivojlanishga erishishga qaratilgan tarbiya. Uning vazifalari: - sogʻliqni mustahkamlash, toʻgʻri jismoniy rivojlanish; - aqliy va jismoniy mehnat qobiliyatini oshirish; - tabiiy harakatga keltiruvchi sifatlarni rivojlantirish va takomillashtirish; - gigiyenik odatlarni shakllantirish; - ma’naviy sifatlarni tarbiyalash (jasurlik, tirishqoqlik, qat’iylik, intizomlilik va boshqalar) sogʻlom turmush tarziga qoʻshilish jismoniy tarbiya, sport bilan doimiy va muntazam shugʻullanishga ehtiyojni shakllantirish va hokazo. Fuqarolik tarbiyasi – oʻzida global muammolarga, ijtimoiy guruhlarga, alohida shaxslarga, ularning faoliyatiga, jamotchilik hayoti va ongiga umuminsoniy qadriyat munosabatlarining tizimini namoyon etadi. Uning vazifalari: - inson va fuqaroni tarbiyalash; - fuqarolik dunyoqarashi va siyosiy ixtiyorni shakllantirish; - fuqarolik ongining vujudga kelishi, oʻz qarashlarida sobit qolish qobiliyati; - vatanparvarlik, baynalminalchilik kabi oliy tartibning hissiyotlarini shakllantirish va boshqalar; - Vatanga muhabbat hissini, uni himoya qilishga tayyorlik hissini rivojlantirish, qadrdon yurt, uning tabiati, an’analari, urf-odatlari va hokazolarga muhabbat hissini shakllantirish. Axloqiy tarbiya – xarakterning axloqiy sifatlari, koʻnikmalar va xulq-atvorning shakllanish jarayoni. Axloqiy tarbiya mulohaza, hissiyotlar va e’tiqodlar, jamiyatning tegishli me’yorlariga mos keladigan koʻnikmalar va xulq-atvorning axloqiy tushunchalarini shakllantirish kabi vazifalarni hal qiladi. Axloqiy tarbiyaning asosiga jamiyatning rivojlanish jarayonida insoniyat tomonidan ishlab chiqilgan umuminsoniy qadriyatlar, oʻtkinchi boʻlmagan me’yorlar qatori jamiyat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida paydo boʻlgan yangi qoidalar va me’yorlar yotadi. Oʻtkinchi boʻlmagan axloqiy sifatlar- halollik, adolat, burch, tartiblilik, mas’ullik, or-nomus, vijdon, qadr-qimmat, insonparvarlik, begʻarazlik, mehnatsevarlik, kattalarga hurmat va boshqalar. Hissiy (estetik) tarbiya shaxsni tarbiyalashning turlaridan biri boʻlib, uning maqsadi – voqelikka estetik munosabatni shakllantirish.
Mehnat tarbiyasi – mehnat faoliyatiga qoʻshish jarayoni, har tomonlama va uygʻun rivojlangan shaxs shakllanishining asosi. Huquqiy tarbiya – huquqiy ong va huquqiy xulq-atvorni shakllantirish. Iqtisodiy tarbiya jamiyatning iqtisodiy hayotini tushunish, bozor sharoitlarida iqtisodiy fikrlashni shakllantirish, ishbilarmonlik hislatlari va boshqalarni ta’minlaydi. Ekologik tarbiya –ekologik ong shakllanishi, yekologik madaniyat tarbiyasi jarayoni. Tarbiya texnologiyasi – tarbiya jarayonida shakllar, yoʻllar, usullar va vositalarning jamuljamligidir. Tarbiya jarayoninng yaxlitligi majmuaviy yondashuv orqali amalga oshiriladi. Majmuaviylik tarbiyaviy ta’sir koʻrsatish va oʻzaro harakatning maqsadlari, vazifalari, mazmuni, usullari va shakllarining birligini anglatadi. Tarbiyaning zamonaviy texnologiyalari quyidagi talablarni bajaradi:
Tarbiya usullari Tarbiya usuli – bu tarbiyaning ma’lum maqsadlariga yerishish yoʻli. Usul – bu tarbiyalanuvchilarning ong, iroda, hissiyot, xulq-atvoriga ularda tarbiyaning ma’lum maqsadlari orqali fazilatlarni ishlab chiqish maqsadlari bilan ta’sir koʻrsatish yoʻli. Tarbiya usulini tanlashni belgilaydigan omillar: 1. Tarbiyaning maqsad va vazifalari. 2. Tarbiyaning mazmuni. 3. Tarbiyalanuvchilarning yoshiga xos hususiyatlari. 4. Tarbiyalanuvchi va tarbiyachi oʻzaro munosabatlarining shakllanib boʻlganlik darajasi. 5. Ta’lim olganlikning testlari - bu ta’lim mazmunining ma’lum jihatlari (qismlari) oʻzlashtirilganligi darajasini oʻlchash uchun xizmat qiladigan vazifalarning yigʻindisidir. Tarbiya qonuniyatlari haqida tushuncha. Tarbiya qoidasi – pedagog ta’lim va tarbiya jarayonini yaxshiroq tashkil etish maqsadida foydalanadigan boshlangʻich holat, rahbarlik asosidir. Tarbiya qoidalari oʻqituvchi, tarbiyachilarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi qoidalar boʻlib hisoblanadi, yangi kishini shakllantirish vazifalari bilan belgilanadi. Tarbiya qoidalari Sharq va Markaziy Osiyo faylasuf-donishmandlarining fikrlari va milliy pedagogika erishgan yutuqlarga asoslanadi. Tarbiya qoidalari mustaqil xarakterga ega boʻlib, u tarbiyaning oʻziga xos xususiyatlarini va qonuniyatlarini aks ettiradi. Tarbiyaviy jarayonda bu tamoyillarga rioya qilish uning samarasini oshiradi, yaxshi natijalarga olib keladi. Tarbiyaning mazmuni, tashkil etilishi, metodlari va ularga qoʻyiladigan talablar shu qoidalarda oʻz ifodasini topadi. Tarbiyaning mohiyati, mazmuni, qoidalari mamlakatimizda yangicha iqtisodiy munosabat sharoitlarining oʻzgarganligi sababli kengayib bormoqda. Tarbiyaviy jarayonni yaxshilash, uni davr talabiga javob beradigan holga keltirish uchun deyarli barcha qoidalarni, metodlarni, gʻoyalarni qaytadan koʻrib chiqishimiz, bola shaxsiga e’tiborni qaratishimiz, yillar davomida toʻplangan ijobiy tajribadan unumli foydalanishimiz zarur. Tarbiya qoidalariga quyidagilarni kiritishimiz mumkin: Tarbiyaning ma’lum maqsadga qaratilganligi, tarbiyaning insonparvarlik va demokratiya, hayot bilan, mehnat bilan bogʻliqligi, tarbiyada ilmiy-madaniy va umuminsoniy qadriyatlarning ustivorligi, tarbiyada oʻquvchilarning yosh va shaxsiy xususiyatlarini hisobga olish, izchillik, tizimlilik, tarbiyaviy ta’sirlarning birligi va uzluksizligi qoidalari va boshqalar. Tarbiyaning maqsadga qaratilganligi qoidasi Tarbiyaning asosiy maqsadi, har tomonlama ma’naviy rivojlangan, aqliy va axloqiy barkamol shaxsni shakllantirishdan iborat. Shunga koʻra tarbiyaviy faoliyatning mazmuni, tashkiliy shakllari va metodlari shu maqsadga erishishni koʻzda tutadi. Umumiy ta’lim maktabining asosiy vazifasi-shaxsning aqliy, axloqiy, his-tuygʻuli va jismoniy rivojlanishi, qobiliyatlarini har tomonlama kamol toptirish uchun imkoni boricha qulay sharoitlar yaratishdan iborat. Shuningdek, oʻquvchilarda milliy gʻurur va milliy axloq odobni shakllantirishni koʻzda tutadi. Tarbiyaviy ish ma’lum maqsadni koʻzlovchi va uzluksiz davom etadigan jarayondir. Koʻpincha bir necha maqsad va vazifa birdaniga bajariladi, bu esa koʻpincha oʻquvchilar jamoasini aqliy va axloqiy oʻsishini ta’minlaydi. Maqsadga intilish va maqsad bir xil narsa emas. Yaxshi bir maqsad izhor qilingan boʻlsada, ammo bu maqsadni amalga oshirish uchun hech qanday ish qilinmagan boʻlishi mumkin. Shuning uchun aniq ravshan maqsadni amalga oshirishga harakat qilish lozim. Shaxsning shakllanish manfaatlari har bir pedagogik tadbirni tarbiyani umumiy maqsadlari bilan koʻnikishni, uni rejali tarzda va qat’iy sur’atda amalga oshirishga harakat qilishni talab etadi. Yoshlarda jamiyatimiz gʻoyalarining kuchiga ishontirish, yangi jamiyatni barpo etishda oʻz hissalarini qoʻshishga, ijtimoiy-foydali mehnatda bevosita ishtirok etishga intilishni ragʻbatlantirish juda muhimdir. Tarbiyaning ma’lum maqsadga qaratilganlik qoidasi bolalar jamoasining rivojlanish istiqbollarini koʻra bilishga yordam beradi. Har bir tarbiyaviy tadbir oldindan puxta oʻylangan, muayyan maqsadni amalga oshirishga boʻysindirilgan boʻlsa, uning gʻoyaviy-siyosiy darajasini koʻtaradi, tanlangan metod va vositalar maqsadga muvofiq keladi, ularning tarbiyaviy ta’siri yuqori boʻladi. Tarbiyada insonparvarlik qoidasi. Umumiy ta’lim maktabi yangi pedagogik tafakkur egasi, munosib shaxs oʻz ishining ustasi boʻlgan oʻqituvchiga muhtoj. Oʻqituvchining bilim saviyasi, ma’naviyati jamiyatni harakatga keltiruvchi, taraqiyotga eltuvchi etakchi omillardan biridir. Oʻqituvchi yurish-turishi, xatti-harakati, kiyinishi, muomalasi bilan oʻquvchi qalbiga kirishi, uni ezgulik sari yoʻnaltirishi kerak. Tarbiyani insonparvarlashtirish – bu maktabning, oʻqituvchi-tarbiyachilarning bola tomon yuz burishlari, uning shaxsini hurmat qilish uchun mumkin qadar yetarli sharoitlar yaratib berish, turli yosh bosqichlari ruhiy-fiziologik mustaqillikni hisobga olish demakdir. Maktabda ruhiy xizmatdan foydalanish bolalar kayfiyatini, qiziqishini, intilishini va qobiliyatlarini aniqlash, ta’lim-tarbiya jarayoniga ijodiy yondoshishga imkon beradi. Yoshlarni insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashda muqaddas kitob «Qur’oni karim», «Hadisi Sharif”dan foydalanish juda muhim. Mahmud Qoshgʻariyning «Devonu lugʻatit- turk», Yusuf Xos Hojibning «Qobusnoma», Ahmad Yassaviyning «Hikmatlar»i, Sa’diy Sheroziyning «Guliston va Boʻston», Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston», Alisher Navoiyning shoh asarlari, hikmatlari muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan maktabda oʻquvchilarga gumanitar-ijtimoiy fanlardan ta’lim berishda tarbiyaga koʻproq e’tibor berish lozim. Ayniqsa, hozirgi sharoitda Oʻzbekiston tarixi, adabiyoti, madaniyati va boshqalarni oʻqitish jarayonida bevosita tarbiyaga oid boʻlgan milliy ma’naviyatga, milliy ruh, urf-odat va shuningdek umumbashariy qadriyatlarga alohida urgʻu berish zarur. Oʻqituvchi oʻquvchi qalbiga yoʻl topish uchun bilimi va ishibilangina emas, ayni paytda odob-axloq, madaniyati, rostgoʻylik va shirinsuxanligi bilan namuna boʻlishi lozim. Shundagina oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasida haqiqiy doʻstona munosabat qaror topadi. Yaxshi oʻqituvchi oʻquvchilarning soʻzini diqqat bilan tinglaydi, ularga dalda beradi, tinchlantiradi, toʻgʻri baho qoʻyadi, hammani teng koʻradi, bolalarni sevadi. Tarbiyani demokratiyalash - bu ma’muriy ehtiyoj va qiziqishlardan shaxsning ehtiyoj va qiziqishlarini yuqori qoʻyish, demakdir. Bu tarbiyachi va tarbiyalanuvchi oʻrtasida oʻzaro ishonch, hamkorlik asosida pedagogik munosabatlar mohiyatini oʻzgartirish demakdir. Bu tarbiya ishiga jamoatchilikni jalb qilish, uning rivojlanishiga jamoat omilini kiritish demakdir. Shaxslararo munosabatlarda insonparvarlik, pedagoglar va oʻquvchilar oʻrtasidagi bir-biriga hurmat munosabatlari, bolalar fikriga e’tibor qilish, ularga mehribonlarcha munosabatda boʻlish lozim. Maktab osoyishtalik, insonga mehr-muhabbat beshigi boʻlishi lozim. Oʻqituvchi oʻquvchiga, avvalgidek, tarbiya obyekti emas, xuddi oʻzi kabi subyekt deb qarashi kerak. Ya’ni oʻquvchiga faqat mening buyrugʻimni bajaruvchi emas, balki mening oʻzim bilan teng huquqli, birga ishlovchi, hamkorlik qiluvchi deb qarashi kerak. Bola butun qalbini darsga bagʻishlasa, uni ogʻir ahvolga solib qoʻygan boʻlamiz, u faqat oʻquvchigina emas, avvalo, rang-barang qiziqishlar, ehtiyojlar, intilishlarga ega boʻlgan inson. Yaralangan qushcha qancha azob tortsa, gʻildirakchasi singan oʻyinchok mashina ham xuddi shunday aziyat chekadi deb bilishi, bola koʻngli boʻshligini emas, uning koʻnglida shafqat, ezgulik, goʻzallik va insonparvarlik borligining nishonasidir. Tarbiyaviy faoliyatni demokratiyalash va insonparvarlashtirish uning mohiyati va mazmunini qayta tafakkur etishni koʻzda tutadi, shaxsning rivojlanish va oʻzligini anglash huquqini ta’minlaydi. Tarbiyani hayot bilan, mehnat bilan bogʻliqligi qoidasi Qaysi davr, qaysi sharoitda boʻlmasin ota-bobolarimiz oʻz avlodining har tomonlama komil insonlar boʻlishi uchun qaygʻurganlar. Chunki jismonan baquvvat, aqlan sogʻlom, ma’naviy yuksak, bilim va hunar sohibi, axloqan pok farzandlargina avlodning chinakam davomchisi, yurtning egalari, millat boqiyligi va boyligining ta’minlovchisi hisoblangan. Oʻquvchilarni ona-Vatanni sevish, ardoqlash, uning farovonligi, gullab-yashnashi, taraqiyoti uchun sadoqat bilan xizmat qilish, ona diyorning har bir qarich yerini, boyliklarini, tabiati va hayvonot dunyosini avaylab asrash, kelgusi avlodlarga qoldirish, ularni muqaddas, tabarruk deb bilish, ajdodlari tarixi, madaniyati bilan gʻururlanish hissini tuyish, milliy urf-odatlar, an’analar, qadriyatlar va udumlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash juda muhim. Tarbiyani hayot va mehnat bilan bogʻliqligi qoidasi oʻquvchilarda jamoa axloqi va turmush qoidalariga hurmat bilan qarashni,shaxsda fuqarolik va ijtimoiy mas’uliyat hislarini rivojlantirishni, oʻzi yashayotgan mamlakatning ravnaqi, insoniyat taraqqiyotini barqaror saqlab qolish yoʻlida gʻamxoʻrlikni, ekologik tarbiyani shakllantirishni nazarda tutadi. Maktabda oʻquvchilarni ijtimoiy foydali faoliyatga jalb qilish, ularda ijtimoiy faollikni rivojlantirishga imkon beradi. Oʻquvchilar jamiyatimiz toʻgʻrisida olgan bilimlarni amalda qoʻllash, ijtimoiy oʻz-oʻzini boshqarish organlarida faol qatnashish orqali hayotga tayyorlanib boradilar. Agar ular tevarak-atrofdagi turmushga beparvo boʻlsalar, ijtimoiy ishlardan chetda turuvchi tomoshabin deb his qilsalar, oqibat natijasida ularning ruhida boʻshanglik, loqaydlik hosil boʻladi. Bu qoidaning amalga oshirilishi oʻquvchilarni turmushga,mehnatga, ongli ravishda kasb-hunar tanlashga har tomonlama tayyorlash uchun zamin yaratadi. Bu qoida oʻquvchilarni mamlakatimizdagi va chet ellardagi kundalik voqealar bilan muntazam suratda tanishib borishlari zarur, degan talabni ham bildiradi. Oʻquvchilarning ishlab-chiqarish ilgʻorlari, hurmatli kishilarni, mehnat faxriylari bilan uchrashuvlari, ijtimoiy foydali va unumli mehnatda bevosita ishtirok etishlari ularni atrof-muhit bilan, mustaqil jamiyat qurilishi amaliyoti bilan tanishtirishda yaxshi yordam beradi. Oʻquvchilarning qurilish maydonchalari, yigʻim-terim guruhlari va brigadalari saflarida, hunarmandchilik, xalq amaliy san’atida, bemorlarni parvarishlash va nafaqaxoʻrlarga xizmat koʻrsatish sharoitlarida, pochta (aloqa) koʻrsatish boʻlimlarida, hovlilarni va koʻchalarni tartibga keltirishda, sanoat korxonalaridagi ishlarini alohida quvvatlamoq lozim. Oʻquvchilar maktabda nafaqat katta hayotga tayyorgarlik koʻradilar, balki ana shu haqiqiy hayot bilan yashaydilar. Tarbiyani hayot va mehnat bilan qoʻshib olib borish qoidasi oʻquvchilarni tevarak-atrofdagi hayot bilan tanishtirib borishni va oʻzgartirishda oʻquvchilarning qatnashishlarini talab qiladi. Respublika bozor sharoiti shakllanayotgan hozirgi sharoitda oʻquvchilarni hayotga va mehnatga yangicha munosabatli, layoqatli qilib tayyorlash lozim. Buning uchun oʻquvchilarni davlat va jamoa xoʻjaliklari dalalarida, tomorqa va ijara olingan yer maydonlaridagi unumli mehnatlarini tashkil qilish kerak. Tarbiyada milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustunligi qoidasi Oʻquvchilarning umuminsoniy va Vatanimiz qadriyatlari, boy madaniyati bilan tanishtirish, dunyoviy va diniybilimlarniegallashga boʻlgan talablarini shakllantirish malakalarini oshirish, ularni tobora boyitish, estetik tushunchalarini shakllantirish juda muhimdir. Oʻzbek xalqining madaniy merosini oʻrganishda va rivojlantirishda milliy oʻziga xosligi, ma’naviy xususiyatlari hisobga olinib, xalq pedagogikasi an’analariga suyangan holda ish koʻrilishi maqsadga muvofiq. Oʻquvchilarda kishilik jamiyatiga muhabbatni tarbiyalash, ularni tabiat muhofazasi, madaniy yodgorliklarni saqlashishlariga jalb qilish lozim. Umuminsoniylik – bu barcha insonga xos boʻlgan, uning madaniy va milliy koʻp qirraliligidir, ya’ni, turli millat vakillariga hurmat, turli dinlar va boshqa madaniyatlarni oʻziga xosligini tan olish, qadriyatlarni hurmatlashni nazarda tutadi. Oʻquvchilarga eng avvalo, oʻz xalqining milliy-madaniy merosiga, tiliga, an’ana va urf-odatlariga, shuningdek, boshqa xalqlarning ma’naviy boyliklariga boʻlgan qiziqishlarini tarbiyalash lozim. Bunda uning bilim doirasini kengaytirishga, turli xalqlar madaniyati bilan tanishtirishga alohida ahamiyat berishi zarur. Milliy qadriyatlardan: ona zamin tabiati, milliy xalq san’ati, an’analarining milliy estetik manbalari, sharqning jumladan, Oʻzbekistonning badiiy madaniyati, tarixi orqali oʻquvchilarda milliy axloq an’analari ruhini shakllantirishda, milliy oʻz-oʻzini anglatishda, baynalminallik va vatanparvarlik tuygʻularini rivojlantirishda foydalanish darkor. Ma’naviy qadriyatlar va gʻoyalar har xil millat oʻquvchilarini birlashtiradi, oʻquv va mehnat faoliyatlarini uyushtirishga yordam beradi. Oʻtmishga nazar tashlasak, xalq pedagogikasini bola tarbiyasidagi boy tajribalari hayotga toʻla tadbiq etilmaganligi, buyuk allomalarning pedagogik qarashlari, sharqona urf-odatlar, boy an’analar, hayotga joriy etilmaganligi tarbiya borasida talay qusurlarning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. Xalqimizning koʻp asrlik qadriyatlarini, ulkan va boy madaniy merosini chuqur bilmasdan, milliy oʻzlikni anglash, milliy gʻurur tuygʻusini qaror toptirish mumkin emas. Oʻzbek xalqi koʻp asrlik tarixiy taraqiyotida katta madaniyatni yaratdi. U yaratgan boyliklar yoshlar tarbiyasida muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Ismoil-al-Buxoriy, Al-Xorazmiy, Beruniy, Forobiy, Abu Ali Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Sa’diy Sheroziy, Ahmad Yassaviy, Nizomiy Ganjaviy, Fariddin Attor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa buyuk mutafakkirlarning asarlari orqali oʻquvchilari goʻzal axloq, baxt, insof, poklik, iffat, sabr-matonat, mehr-shafqat, sihat-salomatlik, ota-onani hurmat qilish qoidalari haqida keng tasavvurga ega boʻladilar. Insoniylik oʻz tarkibiga insonning eng yaxshi axloqiy xususiyatlarini ya’ni, odamlar oʻrtasida oʻzaro yaxshi munosabatda boʻlish, doʻstlik, ota-onaga sadoqatlilik, mehnatsevarlik, diyonatlilik kabi fazilatlarni qamrab oladi. Xalqimiz bolalarning yoshligidan ana shu goʻzal fazilatlarini tarbiyalashga ahamiyat berib keladi. Maktablarimizdagi tarbiyaning mazmunini milliy va umuminsoniy qadriyatlar belgilashi lozim, ya’ni ta’lim-tarbiya mazmunida insonparvarlik, tenglik, xalqparvarlik, demokratiya gʻoyalari ustuvor boʻlishi lozim. Masalan, Oybekning «Navoiy», Abdulla Qodiriyning «Oʻtgan kunlar», Abdulla Qahhorning «Sinchalak» kabi asarlari milliy va ummuminsoniy demokratik va gumanistik qadriyatlar nuqtai nazaridan oʻrganilishi maqsadga muvofiqdir. Odob haqida islomda ham koʻp ibratli gaplar aytilgan. Islomda tarbiya soʻzi tabib soʻzidan olingan. Bu degani odam oʻziga, qarindosh urugʻlariga va umuman ta’sir doirasi etadigan jamiki kishilarga tabiblik, ahillik qilishi lozim. Islom odobida faqat insonni ezgulikka, halollikka, axloqqa chaqiruvchi da’vatlar bor. Islom odobini esdan chiqarish, unga amal qilmaslikning oqibati nimalarga olib kelishini hayotning oʻzi koʻrsatyapti. Millatning saodati, davlatning tinchligi va farovonligi avvalo, yoshlarning tarbiyasiga bogʻliq. Shuning uchun unutilayozgan ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash va kelgusi avlodlarga yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Tarbiyada oʻquvchilarning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olish qoidasi. Tarbiyaning mazmunini tashkil qiluvchi gʻoyalar, talablar, maqsad va vazifalar ichidan oʻquvchilarning yosh va individual xususiyatlariga muvofiq keladiganlarinigina tanlab olish juda muhimdir. Boshqacha qilib aytganda, tarbiyachilar bola shaxsiyatiga monand metod topishlari, uning shaxsini shakllantirish uchun kerakli sharoit yaratishlari lozim. Odamlarning qobiliyati va shaxsiy xususiyatlarini, individual xarakterini oila, muhit, turmush sharoiti oldindan belgilaydi. Oʻqituvchi bolalarni, ularning har birini tushunish mahoratiga ega boʻlishi kerak. Oʻz oʻquvchilarini bilish va ular bilgan narsalarni bilish va har biri alohida va hammasi birgalikda bilishi mumkin boʻlgan narsalarni bilish oʻqituvchi uchun zarur shartlardan biridir. Tajribali oʻqituvchilar oʻquvchilarni kuzatadilar, ularni har tomonlama oʻrganadilar, oʻquvchini boshqalardan ajratadigan sifatlarni izlab topadilar va u boshqalarga qanday naf keltirishi mumkinligini aniqlaydilar. Tarbiyaning mazmuni, shakli va metodlari bolalar yoshi va saviyasiga qarab turli sinfda turlicha boʻladi. Masalan, boshlangʻich ta’limning asosiy vazifasi oʻquvchilarda oʻqish, chizish, hisoblash malakalarini shakllantirish bilan birga ularning ongi, qalbiga tabiatni muhofaza qilish, yaxshilik-yomonlik, adolat-adolatsizlik, halollik-haromlik, goʻzallik-xunuklik, mehribonlik-shafqatsizlik kabi tuygʻularning oddiy qonun-qoidalari singdiriladi. Buning uchun ularni tez-tez tabiat qoʻyniga olib chiqish, ularning oʻzlari kuzatishlar olib borishlari kabi imkoniyatlar yaratish lozim. Yuqori sinflarda esa shaxsning rivojlanishi va shakllanishi, uning ijtimoiy oʻzligini anglashga boʻlgan istagi, qiziqishi va qobiliyatini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratiladi, kasbga yoʻnaltirishga e’tibor beriladi. Oʻquvchilar jamoasi ayrim shaxslardan iborat. Shuning uchun har bir bolaning oʻziga alohida pedagogik ta’sir koʻrsatilishi kerak. Buning uchun pedagog bolaning qanday oilada tarbiyalanganligi, u tarbiyalangan muhit ta’sirini, tengdoshlari, oʻrtoqlari va kattalar qanday ta’sir koʻrsatayotganlarini, uning ijobiy va salbiy odatlarini, nimalarga qiziqishi va qobiliyati borligi va hokazolarni yaxshi bilishi kerak. Har bir bolaning oʻzigagina xos xususiyatlarini aniq bilmay turib bolaga rejaviy ravishda, maqsadga muvofiq ta’sir koʻrsatish mumkin emas. Pedagogning bu qoidaga amal qilishi oʻquvchilarning tushunishiga, ularning his-tuygʻularini, tashvishlarini jiddiy qabul qilish va qadrlashga, ijobiy insoniy fazilatlarni tarbiyalashga yordam beradi. Oʻquvchilar ham oʻz oʻrnida oʻzlarini inson sifatida anglaydilar va oʻqituvchilarga hurmat bilan qaraydilar. Pedagog tarbiya jarayonida bolalarning ijodkorligiga, ziyrakligiga, mustaqilligiga, bilish va ijtimoiy faolligiga keng yoʻl berish kerak. Bolalar jamoasiga singdirilgan muomala xarakteri har bir oʻquvchiga haqiqiy insoniy tabiatni rivojlantirishga yordam berishi lozim. Bu qoidani amalga oshirish bolalar faoliyatini mazmuni va shakllarini ularning yoshiga, hayotiy tajribasiga va imkoniyatlariga muvofiqlashtirishni talab qiladi. Oʻqituvchi oʻz oʻquvchilarida insoniy fazilatlarni tarbiyalash jarayonida ularning har biriga xos ravishda muomala qilish yoʻlini topishi lozim. Tarbiyada izchillik, tizimlilik, tarbiyaviy ta’sirlarning uygʻunligi va uzluksizligi qoidasi. Tarbiyaga yaxlit tizimli yondashish tarbiyaning pedagogik harakatning pirovard natijasiga yoʻnaltirilganlik darajasini belgilab beradi. Bunda pedagogik maqsad va vazifalar, uning mazmuni tarbiyaviy jarayonning barcha qatnashchilari tomonidan tan olinishi shart. Shunga ahamiyat berish lozimki, amalda tarbiyaviy jarayon umumning ishi va uzluksiz boʻlsin. Tarbiyaning barcha tomonlari hamohang boʻlsin. Tarbiya ishida izchillik juda muhimdir. Tarbiyachi avvaliga bolalardan biror narsani talab qilib, soʻngra oʻzining talabini unutib qoʻysa, yoki oʻzi bu talabga xilof ish tutsa, bu hol tarbiyaga juda yomon ta’sir qiladi. Oʻqituvchi subutli; oʻz lafziga sobit boʻlmogʻi kerak. Masalan, «Ertaga kundaliklaringizni tekshiraman», «Oyoq kiyimlaringizni moylanganligini koʻraman» deb va’da berdingizmi, ijrosini unutmang. Pedagog biror tarbiyaviy tadbir uyushtirishni bolalarga va’da qilib, sal orada va’dasini esdan chiqarib qoʻysa, oʻquvchilar bunday oʻqituvchiga ishonmay qoʻyadilar. Har bir pedagogning ishi bilan soʻzi bir boʻlishi lozim. Bolalarga birdaniga juda koʻp talab va qoidalarni taqdim qilish mumkin emas. Bolalarga tarbiya va ta’lim berishda uzluksizlik va tizimlilikka rioya qilish kerak. Hamma tarbiyachilar oʻquvchiga boʻlgan munosabatlarida bir-birlariga zid harakatda boʻlmasliklari, bir xil, yagona talabqoʻyishlari lozim. Tarbiyaviy ishda bunday izchillikka rioya etish juda ham muhimdir. Oʻquvchilarga tarbiyaviy ta’sir koʻrsatishda izchillikka rioya qilish, muomalani avvaligicha davom ettirish va bir xil talab qoʻish muvaffaqiyat qozonishning eng muhim shartlaridan biridir. Afsuski, amalda ba’zan oila maktabning talablarini qoʻllab-quvvatlamaydigina emas, balki teskari ta’sir koʻrsatadi. Oʻqituvchilar orasidaham talablarning bir xilligi hamisha ta’minlanavermaydi. Tarbiya uzoq muddatli, murakkab jarayon, unda ota-ona, oʻqituvchi, jamoatchilik va boshqalar qatnashadilar. Shu sababli ularning ishida izchillik va davomiylik boʻlishiga rioya etish, oʻquvchilarning tarbiyalanganlik darajasini, tarbiya metodlari va shakllarini oʻz vaqtida aniqlab olish juda muhimdir. Bu qoida tarbiya ishida tarbiyani amalga oshiradigan barcha boʻgʻinlarning oila va maktab oʻquvchilar va yoshlar tashkilotlari, maktabdan tashqari tarbiya muassasalari va ishlab chiqarish jamoalarining, keng jamoatchilikning hamjihatlik va bamaslahat ish koʻrishini koʻzda tutadi. Chunki, tarbiyaviy ta’sirdagi tizimlilik faqat yoshlarni emas, balki aholining barcha qatlamini qamrab olishi kerak. Aholi qatlamlarining tarbiya tizimiga jalb qilishdagi rang-barang shakl va metodlar ham ijtimoiy- iqtisodiy ham pedagogik jihatdan, nafaqat tub aholi, balki Respublikada istiqomat qilayotgan boshqa millatlar va elatlarning etnopedagogikasi sohasi jihatdan ham ta’minlanishi kerak. Tarbiyaviy ishlarning izchilligi, tizimliligi hamda birligi. Yoshlar bilan olib boriladigan har bir tarbiyaviy ish butun tarbiya ishlarining ajralmas bir qismi sifatida amalga oshirilganda uning ta’siri kuchli boʻladi. Tarbiya ishidagi izchillik va tizimlilik shundan iboratki, har bir tarbiya ishi maktabning umumiy tarbiyaviy rejasiga asosan ma’lum izchillikda amalga oshiriladi, oldingi ishlarning mantiqiy davomi sifatida tarbiya sohasida qilinayotgan ishlarni rivojlantiradi, mustahkamlaydi va yanada yuqori darajaga koʻtaradi. Tarbiya ishida izchillik juda muhimdir. Tarbiyachi avvaliga bolalardan biror narsani talab qilib, soʻngra oʻzining bu talabini unutib qoʻysa yoki oʻzi bu talabga xilof ish tutsa, bu hol tarbiyaga juda yomon ta’sir qiladi. Pedagog biror tarbiyaviy tadbir uyushtirishni yoshlarga va’da qilib, sal orada va’dasini esdan chiqarib qoʻysa, oʻquvchilar bunday oʻqituvchiga ishonmay qoʻyadilar. Har bir pedagogning ishi bilan soʻzi bir boʻlishi lozim. Bolalarga birdaniga juda koʻp talab va qoidalarni taqdim qilish mumkin emas. Ularga tarbiya va ta’lim berishda uzluksizlik va tizimlilikka rioya qilish kerak. Tarbiya berishda tizimlilik qoidasi tarbiyani amalga oshiradigan barcha boʻgʻinlarning – oila va maktab, bolalar va yoshlar tashkiloti, jamoatchilik, mahalla faollari, maktabdan tashqari tarbiya muassasalarining hamjihatlik va bamaslahat ish koʻrishini nazarda tutadi. Oʻquvchilarga tarbiyaviy ta’sir koʻrsatishda izchillikka rioya qilish, muomalani avvaligicha davom ettirish va bir xil talab qoʻyish muvaffaqiyat qozonishning eng muhim shartlaridan biridir. Afsuski, amalda ba’zan oila maktabning talablarini qoʻllab-quvvatlamaydigina emas, balki oʻquvchiga teskari ta’sir koʻrsatadi. Tarbiya uzoq muddatli, murakkab jarayon boʻlib, unda ota-ona, oʻqituvchi, jamoatchilik va boshqalar qatnashadi. Shu sababli ularning ishida izchillik va davomiylik boʻlishiga rioya etish, yoshlarning tarbiyalanganlik darajasini, tarbiya usullari va shakllarini oʻz vaqtida aniqlab olish muhimdir. Tarbiya jarayonida tizimlilik va izchillikni ta’min etadigan muhim shartlardan biri tarbiya sohasidagi bilim, koʻnikma va malakalarni egallash hamda mustahkamlashda uygʻunlikka rioya etishdir. Tarbiyaviy ishlarning barchasida bolalarda mavjud boʻlgan bilim, koʻnikma, malakalar va odatlarga hamda ularning turmush tajribalariga suyanish lozim. Har bir odam oʻz hayot yoʻlida qancha muvaffaqiyatlarga erishgan yoki imkoniyatlarni qoʻldan boy bergan boʻlsa, buning hammasiga, avvalo uning fe‘l-atvori, olgan tarbiyasi sababchidir. Shu boisdan tarbiyaviy ta’sirdagi tizimlilik faqat yoshlarni emas, balki aholining barcha qatlamini qamrab olishi kerak. Yoshlarda mustaqil fikrlashni tarbiyalash. Tarbiya davomida tarbiyalanuvchining qarashlari, hayotiy nuqtai nazari asta-sekin tarkib topib boradi. Tarbiya jarayonida kishining turli qobiliyatlari rivojlanadi, gʻoyaviy, axloqiy, irodaviy, estetik xislatlari shakllanadi, tabiatga, jamiyatga ilmiy qarashlar tizimi tarkib topadi, jismoniy kuch-quvvatlari mustahkamlanadi. Fikr inson faoliyati, uning oʻzligini kuchi, qudratini, oʻzagini tashkil qiluvchi ma’naviy-insoniy sifatdir. Insoniyatning ilk davrlarida fikr tabiatdagi jarayonlarni anglash, ulardan yashash uchun foydalanish va oʻzini muhofaza qilish shaklida boʻlgan. Fikr bu inson miyasida ma’nolarning oʻzaro bogʻlantirilishi va rivojlantirilishidir. Fikr bosqichlari: anglash, mushohada, shuur, tafakkurdan iborat. Shuur uch narsadan: fikr ravshanlashuvi, mushohada, anglamoqdan iborat. Mushohada hayotiy, amaliy, tabiiy jarayonlar asosida tushuncha, voqea, hodisalarning tahlili. Tafakkur arabcha «mufakkir», «mafakkirotun» soʻzlaridan olingan boʻlib, chuqur ma’noli, teran mazmunli, chuqur fikrlash qobiliyati degan ma’noni anglatadi. Tafakkur - buyum va hodisalarning umumiy xususiyatlarini, ular oʻrtasida mavjud boʻlgan bogʻlanishlar va munosabatlarni bilish jarayonidir Mustaqil fikrlash komillikning asosiy belgisidir. Komillik uch bosqichdan iborat: 1. Jismoniy salomatlik; 2. Axloqiy poklik; 3. Aqliy yetuklik. Bu bosqichlarni shakllantirishda mustaqil fikrlash yetakchi oʻrin egallaydi. Mustaqil fikr yuritish jarayonida insonda fikr, mulohaza, gʻoya, faraz, maqsad kabilar vujudga keladi. Mustaqil fikr yuritish til va nutq bilan chambarchas bogʻliq ravishda namoyon boʻladi. Inson mustaqil fikr yuritish faoliyatida oʻzi aks ettirgan sezgan, idrok qilgan, tasavvur etgan, xotirlab qolgan narsa va hodisalar toʻgʻriligi, aniqligi, haqiqiyligi ularning voqelikka mos tushishini aniqlaydi. Mustaqil fikrlash aqliy faoliyat sifatida olib qaralganda, inson tomonidan masalalar, topshiriqlar yechish nazarda tutiladi. Masala, muammo, topshiriqlarni yechish shaxsning ehtiyoji, qiziqishi, mayli, qobiliyati, iste‘dodi, salohiyati bilan bogʻliq ravishda olib qaraladi, ularning talablarni qabul qilish, muayyan qarorga kelish, vositalar qidirish mustaqil fikr yuritishning mustahkam negizini tashkil qiladi. Mustaqil fikr yuritish jarayoni, muammoli vaziyat vujudga kelishidan boshlanadi. Xullas yoshlarda mustaqil fikrlashni tarbiyalash har bir shaxsning oʻz aql-idroki, tafakkuri teranligi, intellektual shakllanishiga, ham qanday muammolarni oʻzi mustaqil yechishiga va hayotga joriy etishiga asosiy mezondir. Tarbiya jarayonidagi ziddiyatlar va uning harakatlantiruvchi kuchlari. Tarbiya uzoq davom etadigan va aslida uzluksiz jarayon boʻlib, bu jarayon bola maktabga kelishidan ilgariroq boshlanadi va butun umr boʻyi davom etadi. Tarbiya koʻpgina sabablarga, oʻquvchilarnnng individual-tipologik tafovvutlarga, ularning hayotiy va ma’naviy tajribasiga, shaxsiy faolligiga bogʻliq. Ichki qarama-qarshiliklar, masalan: oʻquvchiga qoʻyiladigan talablar bilan uning yetukliligi, boodobliligi oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar yoki tashqi ta’sirlar bilan tarbiyalanuvchining ichki pozisiyasi, ya’ni uning bu ta’sirlarga boʻlgan munosabati oʻrtasidagi qarama-qarshilik tarbiya jarayonining manbai, harakatlantiruvchi kuchi boʻladi. Masalan: agar tarbiyachi bolalarga yangi faoliyat turini tavsiya qilgan taqdirda uning odobliligi, bu ishga kirishib ketishga tayyorgarligini hisobga olmagan boʻlsa, u qanchalik koʻp harakat qilmasin, tarbiyalanuvchilar passiv boʻladilar, shuning uchun bu ishning oʻquvchilarga ta’sir etish darajasi samarali boʻlmaydi. Tarbiya jarayonining dialektikasi uning ziddiyatli ekanligida namoyon boʻladi. Aslida bu narsa tarbiyalanuvchilarga nisbatan qoʻyiladigan talablar bilan ularning tayyorgarlik darajasi, rivojlanish darajasi oʻrtasidagi qarama-qarshilikni hal etishga qaratilgandir. Tashqi ziddiyatlar obyektiv mavjud boʻlgan normalar bilan atrofdagi kishilar yurish-turishi oʻrtasidagi nomuvofiqlikda tafovvutda namoyon boʻladi. Tashqi ziddiyatdlardan biri - tashqi talablar bilan oʻquvchining xulq-atvori oʻrtasidagi ziddiyatdir. Maktab oʻquvchilarining da’volari bilan uning shaxsiy imkoniyatlari oʻrtasidagi ziddiyat ham ichki ziddiyatlar jumlasiga kiradi. Bu ziddiyatlar xulq-atvorda ravshan ifodalanadi. Va’da berib – va’dasini bajarmaydi, biror ishni boshlab qoʻyib, oxiriga yetkazmaydi. Insonnning shaxs sifatida kamol topishidagi asosiy manbalardan biri: talablar bilan ularni qondirish usullari (sharoitlari) oʻrtasidagi ziddiyatlardir. Agar maktab oʻquvchisining talablari tegishli ashyo yoki harakat bilan va zarur hajmda qondirilsa, ziddiyat ilk bosqichdayoq bartaraf etiladi. Yosh avlodni tarbiyalash kishilik jamiyatining yashashi va davom etishining eng zarur shartidir. Jamiyatning odamga tarbiyaviy ta’siri uning ilk bolalik davridan boshlanadi. Bu ta’sir oila, maktab, jamoatchilik va xalq ta’limi tizimi orqali amalga oshiriladi. Tarbiya jarayoni tarbiyachilarining sistemali va rejali ta’sirini hamda tarbiyalanuvchilarning xilma-xil faoliyatini oʻz ichiga oladi. Tarbiya jarayonida bolalarning hayot va faoliyatini pedagogik jihatdan toʻgʻri uyushtirish juda muhimdir. Tarbiya jarayonining muhim xususiyatlaridan biri uning sistamali olib borilishi va bir maqsadga qaratilganligidir. Masalan: mamlakatimizda komil insonni tarbiyalash uchun barcha imkoniyat va sharoit vujudga keltirilgan boʻlib, yosh avlod ilk bolalikdan to voyaga yetgungacha yasli, bogʻcha hamda maktablarda mohir tarbiyachi va oʻqituvchilar qoʻlida tarbiyalanadi. Tarbiya jarayonining samarasi ham tarbiyachiga, ham tarbiyalanuvchiga bogʻliqdir. Mustaqil fikrlovchi erkin shaxsni shakllantirish ta’lim va kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy maqsadi. Ijtimoiy munosabatlar koʻlamining kengayishi oʻsib kelayotgan avlodni oʻta murakkab xususiyatga ega munosabatlar jarayoniga har tomonlama yetuk etib tayyorlash vazifasini qoʻymoqda. Psixologik, intellektual va fiziologik jihatdan yetuk inson hayotiy qarama-qarshilik, xususan, turli buzgʻunchi gʻoyalar ta’siriga tushib qolish, nosogʻlom turmush kechirish va noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etishdan oʻzini saqlab qola oladi. Shuningdek, shaxsning aqliy salohiyatga egaligi jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlovchi asosiy omildir. Oʻzbekiston Respublikasida demokratik va huquqiy jamiyat barpo etilayotgan mavjud sharoitda yosh avlodning mustaqil va erkin fikrlay olishi roʻy berayotgan voqea-hodisalarga shaxsiy munosabtini bildirishga imkon beradi. Ijtimoiy borliqda kechayotgan oʻzgarishlarga nisbatan shaxsiy nuqtai nazarning shakllanishi shaxs faolligini koʻrsatuvchi muhim jihatlardan biridir. qolaversa, mustaqil fikr egasi boʻlgan shaxs oʻz imkoniyatlari, qobiliyatini erkin namoyon eta oladi. Muvaffaqiyatli ravishda olib borilayotgan ta’limiy islohotlarning ham asosiy maqsadi erkin, mustaqil fikriga ega barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tarbiyalab voyaga yetkazishdan iboratdir. Bu xususida Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov quyidagilarni e’tirof etgan: «Amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi har bir fuqaroning shaxs sifatida shakllanishi uchun, oʻz qobiliyatini, oʻz talantini ishga solib hayotini yanada yaxshilashi, ma’nan boyitishi uchun barcha imkoniyatni yaratib berishdan iboratdir». Komil insonni shakllanirish masalasi barcha davrda ham muhim ijtimoiy vazifa sifatida kun tartibiga qoʻyilgan. Xususan, zardushtiylik dinida komillikning asosi ezgu fikr, ezgu soʻz va ezgu amal (harakat)dan iborat ekanligi ta’kidlansa, islom ta’limoti gʻoyalariga koʻra yetuklikning bosh mezoni – ilmlilik, bilimli boʻlishdir. Sharq mutafakkirlarining asarlarida ham komil inson qiyofasining yoritilishiga alohida ahamiyat berilgan. Xususan, Abu Nasr Forobiy komil insonni shakllantirish va fozil jamoa (yetuk jamiyat)ni shakllantirish tarbiyaning bir butun, yaxlit ikki yoʻnalishi ekanligiga urgʻu beradi. Allomaning fikricha, fozil jamiyat komil inson sa’yi-harakati bilan barpo etilishi mumkin. Shu bois mamlakatni boshqaruvchi shaxs oʻzida eng oliy insoniy fazilatlarni mujassam eta olishi zarur, deb hisoblaydi. «Aql toʻgʻrisidagi» risolasida Abu Nasr Forobiy rahbar shaxs qiyofasida namoyon boʻlishi lozim boʻlgan oʻn ikki fazilatni keltirib oʻtadi. Bizning fikrimizcha, mazkur fazilatlar har bir zamonaviy shaxsda oʻz aksini topa olishi kerak, zero, ular inson hayotini moʻtadil kechishi hamda muayyan kasbiy faoliyatlarni tashkil etishda muvaffaqiyatlarga erishishni kafolatlaydi. Abu Rayhon Beruniy ham komillikning asosini ilmli boʻlishda deb hisoblaydi va barcha illatlarning asosiy sababi ilmsizlikdir, deya urgʻu beradi. Allomaning fikricha, axloqiylik, toʻgʻrilik, odillik, tadbirkorlik, oʻzini vazmin tutish, kamtarlik, insof, ehtiyotkorlik, shuningdek, aadolatli va vijdonli boʻlish komil inson qiyofasida aks etishi zarur boʻlgan eng asosiy sifatlardir. Abu Ali ibn Sino ham kamolotga erishishning birinchi mezon sifatida bilimli boʻlishni alohida qayd etadi. Bilimli insonning adolatli boʻlishi esa uning yanada yuksalishini ta’minlaydi, deya baholab alloma, adolatni ruhiy lazzat (ruhiy xotirjamlik)ning muhim koʻrsatkichi ekanligini uqtiradi. Alisher Navoiy asarlarida komil inson muammosi markaziy oʻrinni egallaydi va oʻz orzusidagi komil inson shaxsini asarlarining qahramonlari timsolida gavdalantirishga urinadi. Mutafakkir qarashlarida komil inson quyidagi sifatlarga ega boʻlishi borasidagi gʻoya ilgari suriladi: aqlli, axloqli, bilimli, ijodkor, qobiliyatli, dono, kamtar, insonparvar, saxovatli, sabr-qanoatli, adolatli, muruvvatli, sogʻlom, jismonan baquvvat, mard va jasur. Abdulla Avloniy komil insonni tarbiyalash borasidagi qarashlari bilan Sharq mutafakkirlarining fikrlarini boyitar ekan, komil inson qiyofasida, yana shuningdek, vatanparvarlik, hamda intizomlilik sifatlari ham namoyon boʻlishi kerak, deb hisoblaydi. Alloma millat taqdirining jonkuyari sifatida milliy til taraqqiyoti jamiyat ma’naviy rivojini ta’minlovchi asosiy omil, deya baholaydi. Shaxsning jamoada qaror topishi. Shaxs psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi muayyan jamiyat a’zosi boʻlib, uning shakllanishi ijtimoiy munosabatlar jarayonida kechadi. Mazkur jarayonda qatnashish asosida u jamiyat tomonidan tan olingan ma’naviy-axloqiy, shuningdek, huquqiy me’yorlar mohiyatini oʻzlashtiradi. Jamiyatning a’zosi sifatida uning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi mehnat faoliyatini yoʻlga qoʻyadi. Shuningdek, shaxsiy ehtiyojlari, manfaatlarini qondirish yoʻlida ham atrofdagilar bilan munosabatga kirishadi. Shaxs ijtimoiy muhitdan uzilgan holda mavjud boʻla olmaydi. Buning misoli sifatida R.Kipling tomonidan yaratilgan asardagi Mauglini keltirish mumkin. Garchi, inson bolasi boʻlsada, ijtimoiy munosabatlar jarayonida ishtirok etish koʻnikma va malakalari shakllanmaganligi bois odamlar hayotiga moslasha olmaydi. Bola yoshligidan oʻyin, mehnat va oʻqish faoliyatlarini tengdoshlari bilan birgalikda tashkil etish asosida ijtimoiy muhitga moslasha boradi. Ijtimoiy muhit bolaga borliqni anglash uchungina emas, balki oʻzligini anglash uchun ham imkoniyat yaratadi. Bolaning doimiy ravishda jamoa orasida boʻlishi, uning jamoa ta’sirida shakllanishi unda ijtimoiy faollikni yuzaga keltiradi. Sharq mutafakkirlari jamoaning shaxs kamolotini ta’minlashdagi oʻrni va roliga alohida e’tibor berganlar. Xususan, Abu Ali ibn Sino ijtimoiy muhitning shaxsni shakllantirishdagi rolini yuqori baholaydi. Tashqi muhit va odamlar insonning borliq, unda kechayotgan oʻzgarishlar, jarayonlar mohiyatini anglashgagina emas, balki uning xulqida yaxshi va yomon sifatlarning shakllanishiga ham sezilarli ta’sir etishi, shu bois bolalarni tarbiyalashda u mansub boʻlgan mikromuhit xususiyatini inobatga olishni ta’kidlaydi. Bolani yomon ta’sirlardan saqlash zarurligini uqtiradi. Shuningdek, alloma oʻqitish samaradorligini ta’minlashda bolalarga jamoa asosida bilimlarni berishni maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi. Abu Nasr Forobiyning uqtirishicha, inson blshqalar bilan munosabatda boʻlish, ularning yordami va qoʻllab-quvvatlashlarini his etish ehtiyojiga ega. Ana shu ehtiyojni qondirish yoʻlidagi amaliy harakatlar insonni kamolotga yetaklaydi, deb hisoblaydi. Abu Rayhon Beruniy esa shaxsning rivojlanishida oʻzaro yordam, hamkorlik, odamlarga nisbatan xayrihohlik uning ijtimoiy muhitdagi roli va oʻrnini belgilab beradi. Jamoa haqida tushuncha. Jamoa (lotincha «kollektivus» soʻzining tarjimasi boʻlib, yigʻilma, omma, birgalikdagi majlis, birlashma, guruh) bir necha a’zo (kishi)lardan iborat boʻlib, ijtimoiy ahamiyatga ega umumiy maqsad asosida tashkil topgan guruh demakdir. Zamonaviy talqinda «jamoa» tushunchasi ikki xil ma’noda ishlatiladi. Birinchidan, jamoa deganda bir necha kishilarning muayyan maqsad yoʻlida birlashuvidan iborat tashkiliy guruhi tushuniladi (masalan ishlab chiqarish jamoasi, zavod jamoasi, oʻquv yurti jamoasi, xoʻjalik jamosi va hokazo). Ikkinchidan, jamoa deganda yuqori darajada uyushtirilgan guruh tushuniladi. Chunonchi, oʻquvchilar jamoasi yuqori darajada uyushtirilgan birlashma hisoblanadi. Jamoada va jamoa yordamida tarbiyalash - tarbiya tizimida muhim ahamiyatga ega boʻlgan tamoyillardan biridir. Shaxsni shakllantirishda jamoaning yetakchi rol oʻynashi toʻgʻrisidagi fikrlar pedagogika fanining ilk rivojlanish davrlaridayoq bildirilgan. Jamoada uning a’zolari oʻrtasidagi munosabatning alohida shakli yuzaga keladi, bu esa shaxsning jamoa bilan birgalikda rivojlanshini ta’minlaydi. Lekin har qanday guruhni ham jamoa deb hisoblab boʻlmaydi. Jamoa bir qator belgilarga egadirki, mazkur belgilar jamoani kishilarning yetarli darajada uyushgan har qanday guruhdan ajratib turadi. Oʻquvchilar jamoasi oʻziga xoslik kasb etuvchi muhim belgilarga egadir. quyida jamoa va uning xususiyatlari (belgilari) borasida soʻz yuritamiz. Jamoa ijtimoiy jamiyatning bir qismi hisoblanadi, unda ijtimoiy hayot va kishilik munosabatlarining barcha me’yorlari oʻz ifodasini topadi. Zero, jamoa jamiyatdagi mavjud munosabatlar tizimida namoyon boʻlar ekan, jamoa va ijtimoiy jamiyat maqsadi, intilishida oʻzaro birlik, uzviylik, aloqadorlik yuzaga keladi. Shu bois jamoa hayotining aniq (yagona) maqsadga qaratilganligi va ijtimoiy-gʻoyaviy xususiyat kasb etishi uning yetakchi belgisi sanaladi. Har bir jamoa boshqa jamoalar bilan uzviy aloqadorlikda mavjud boʻladi. Muayyan jamoaning har bir a’zosi jamiyat ijtimoiy faoliyatini tashkil etish jarayonida oʻz jaomasi bilan birgalikda ishtirok etadi. Jamoa a’zolarini intilishlarini tushunish, jamoa oldiga qoʻyilgan maqsad mohiyatini chuqur his etish hamda uning shaxsni shakllantirishdagi oʻrni va rolini toʻgʻri baholay olish jamoa a’zolarining umumiy va xususiy (shaxsiy) maqsad, qiziqishi, ehtiyoj va faoliyatlari oʻrtasidagi birlikni namoyon etadi hamda jamoaning boʻlinishga yoʻl qoʻymaydi. Har bir jamoa oʻz-oʻzini boshqarish organiga ega va umumiy jamoaning uzviy qismi sanaladi. Shuningdek, u maqsadning birligi va tashkil qilish xususiyatlari orqali umummilliy jamoa bilan bogʻlanadi. Ijtimoiy jamiyat ehtiyojini qondirishga yoʻnaltirilgan birgalikdagi faoliyat jamoaning navbatdagi muhim xususiyatidir. Jamoa faoliyatining ijtimoiy-gʻoyaviy yoʻnalishi ham jamoaning faoliyati mazmunida oʻz aksini topishi muhim ahamiyatga egadir. Jamoa xususiyatini aniqlashda kishilar guruhining yagona ijtimoiy tizimini oʻrnata olishdagi usuli, ya’ni, jamoani tashkil qilish usuli ham muhim hisoblandi. Pedagogik jihatdan maqsadga muvofiq tashkil etilgan jamoa, xususan, uning a’zolari oʻrtasida oʻzaro ruhiy yaqinlik, ishchanlik, bir-biri uchun gʻamxoʻrlik, oʻzaro yordam, jamoa manfaati uchun qaygʻurish, mazkur yoʻlda amaliy harakatlarni tashkil etish hamda javobgarlik hissi qaror topadi. Demak, jamoa oʻzida quyidagi xususiyatlarni namoyon etadi: Birgalikdagi faoliyat umumjamiyat ishi uchun ma’suliyat hissini uygʻota borib, jamoa a’zolarini bir-biriga yaqinlashtiradi, a’zolarda jamoaga mansublik hissini paydo boʻlishiga koʻmaklashadi, jamoa bilan munosabatda boʻlish ehtiyojini oshiradi. Jamoa a’zolari orasida oʻzaro hissiy birlik (bir-birini yoqtirish hissi) yuzaga keladi. Ushbu munosabat koʻpincha oʻz-oʻzidan paydo boʻladi hamda ular oʻqituvchiik ta’sir koʻrsatish uchun qoʻl keladi. Jamoa a’zolari oʻrtasidagi ruhiy birlik mazmuni ular orasida hosil boʻlgan ishchanlik faoliyatining xarakteriga bevosita bogʻliqdir. Jamoaning rasmiy (ishchanlik) va norasmiy (hissiy) tuzilishini bir-biridan farqlash lozim. Jamoaning rasmiy tuzilishi deganda jamoa faoliyatining turli koʻrinishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻladigan tashkiliy jihatlari koʻzda tutiladi. Mazkur jihat bir tomondan jamoa a’zolari oʻrtasida yuzaga kelgan ishchanlik munosabati mazmunini ifoda etsa, ikkinchi tomondan, rahbarlik vazifasini bajaruvchi shaxslar tomonidan jamoa a’zolarining xatti-harakatlari va intilishlarini muvofiqlashtirish yoʻlida tashkil etilayotgan boshqaruv faoliyati mohiyatini yoritishga xizmat qiladi. Norasmiy tuzilma jamoaning barcha a’zolari oʻrtasidagi shaxslararo ma’naviy-psixologik munosabatlarning umumiy tizimi va mikroguruhni tashqil qiluvchi ayrim a’zolar oʻrtasidagi tanlash munosabatlari mazmunini ifodalaydi. Jamoaning har bir a’zosi mavjud munosabatlar tizimida u yoki bu oʻrinni egallaydi. Oʻquvchining jamoadagi oʻrni uning shaxs sifatida shakllanishi va kamolotga erishishiga muhim ta’sir koʻrsatadi. Maktab yoki sinfdagi rasmiy va norasmiy tuzilmalar bir-biriga muvofiq boʻlganda, jamoaning rasmiy yetakchilari norasmiy munosabatlar tizimida koʻzga koʻringan oʻrinni egallagan holdagina u chinakam jamoa boʻla oladi. Shuningdek, norasmiy guruhlar (mikroguruhlar) umumjamoa ijtimoiy manfatlari uchun kurashuvchi guruhlar boʻlgandagina jamoa oʻzini chinakam jamoa tarzida namoyon etishi mumkin. Yashash joylarida oʻzaro birikkan bolalar guruhlari qanchalik ahil va inoq munosabat asosida tashkil topgan boʻlmasin haqiqiy jamoa boʻla olmaydi. Chinakam jamoa ijtimoiy ahamiyatga moyillik faoliyatini tashkil eta olishi, jamoa a’zolari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik va ishchanlik xarakteridagi aloqa va munosabalarni qaror toptirishi lozim. Jamoaning majburiylik belgisi unga oʻqituvchiik rahbarlikning yoʻlga qoʻyilishidir. Shunday qilib, jamoa bir necha (a’zo) kishidan iborat guruh boʻlib, u ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan umumiy maqsad asosida tashkil topadi. Jamoa tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyat uning oldiga qoʻyilgan maqsad mazmunini ifoda etadi. Jamoa a’zolari oʻrtasida qaror topgan oʻzaro birlik, shuningdek, ular oʻrtasida tashkil etiluvchi munosabat jarayonidagi tenglik jamoaga rahbarlik qilish, jamoa a’zolarining guruh yetakchilariga boʻysunishlari, shuningdek, ular tomonidan jamoa oldidagi javobgarlik hissini anglashlari uchun zamin yaratadi. Jamoa va uni shakllantirish oʻqituvchiik faoliyatining maqsadi hisoblanidi. Muhim tarbiyaviy ta’sir kuchiga ega boʻlgan sub’ektlarning alohida namuna koʻrsatishlari jamoani shakllantirishning muhim vositasi boʻlib, ushbu vosita yordamida jamoaning barcha yoki muayyan a’zosini tarbiyalash ijobiy samaralar beradi. Jamoa tomonidan hal etilishi koʻzda tutilgan yetakchi tarbiyaviy vazifa shaxsni har tomonlama tarbiyalash, unda ijobiy sifatlarni tarbiyalash hamda mustahkam hayotiy pozitsiyani qaror toptirishdan iboratdir. Umumiy oʻrta ta’lim hamda oʻrta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida jamoani shakllantirish mas’uliyatli vazifa sanaladi. Maktab jamoasi tarkibida eng barqaror boʻgʻin - bu muayyan sinflar negizida shakllangan jamoalar sanaladi. Sinf jamoasi tarkibida oʻquvchilar tomonidan amalga oshiriluvchi asosiy faoliyat oʻqish faoliyati sanaladi. Aynan sinf jamoasida shaxslararo aloqa va munosabatlar tarkib topadi. Shuningdek, sinflar jamoalari negizida maktab jamoasi shakllanadi. Maktab jamoasi ikki muhim boʻgʻin – oʻqituvchilar jamoasi hamda oʻquvchilar jamoasi asosida tarkib topadi. Oʻquv yurtlari jamoasi tarkibida oʻquvchilar jamoasi asosiy qismni tashkil etadi. Oʻquvchilar jamoasi - bu ijtimoiy ahvoli shuningdek, umumiy saylov organlari oldidagi umumiy javobgarlik, barcha a’zolarning huquq va burchlari tengligi asosidagi oʻzaro birlikka ega oʻquvchilar guruhidir. Oʻquvchilar jamoasi unga rahbarlikni olib boruvchi oʻqituvchilar hamda bolalardan iborat jamoaning murakkab birlashmasi boʻlib, oʻz-oʻzini nazorat qilish hamda oʻz-oʻzini boshqarish huquqi, shuningdek, oʻziga xos psixologik muhit va an’analariga ega boʻladi. Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga boʻysunadigan uzoq muddatli murakkab jarayondir. Bolalar jamoasining shakllanish bosqichlari. Jamoaning vujudga kelish uchun toʻrt bosqich zarur. Jamoaning shakllanish bosqichlarida dastlab oʻqituvchi butun guruhga talab qoʻyadi hamda mazkur jarayonda jamoa faollarining shakllanishiga alohida e’tibor qaratadi. Navbatdagi bosqichda muayyan darajada shakllangan jamoa faollari (aktivi) jamoa a’zolari oldiga ma’lum talablarni qoʻyadi. Uchinchi bosqichda esa jamoa umumiy holda jamoaning har a’zosidan muayyan tarzdagi faoliyatni olib borishni talab qiladi. Soʻnggi (toʻrtinchi) bosqichda esa jamoaning har bir a’zosi oʻz oldiga mustaqil ravishda jamoa manfaatlarini ifoda etuvchi talabni qoʻyish layoqatiga ega boʻladi. Ushbu jarayon mohiyatini qoʻyidagicha bayon etish mumkin: Bolalar jamoasining rivojlanish bosqichlari. Jamoaga qoʻyilayotgan talablar mazmunidagi farq jamoa rivojlanishi bosqichini aniqlovchi yorqin tashkiliy koʻrsatkich sanaladi. Jamoaning amaliy faoliyati mazmuni, jamoa a’zolarining jamoa oldidagi javobgarligi, ular oʻrtasidagi ijodiy hamkorlik, shuningdek, ularning xulq-atvori axloqiy kamolot darajalarini koʻrsatuvchi muhim belgilar sifatida namoyon boʻladi. Jamoani shakllantirishda uning hayotini belgilovchi ichki jarayonining mohiyatini inobatga olish zarur. Jamoaning shakllanish bosqichlarini belgilash shartli hisoblanadi, zero, jamoaning shakllanishi muayyan chegara yoki oraliqqa ega emas. Shunga qaramay oʻqituvchiik nuqtai nazardan jamoaning shakllanishini muayyan bosqichlarga ajratish juda muhimdir. Bolalar jamoasini ma’lum rivojlanish bosqichlarga ajratish alohida ahamiyat kasb etadi. Bolalar jamoasi rivojlanishining har bir bosqichi jamoa a’zolariga nisbatan samarali oʻqituvchiik ta’sir koʻrsatishning maqbul shakl va metodlarini tanlash imkonini beradi. Jamoa rivojlanishining birinchi bosqichi. Mazkur bosqichda talab faqat oʻqituvchilar tomonidan qoʻyiladi. Bu jamoa rivojlanishining boshlangʻich nuqtasidir. Ushbu davrdagi jammoa hali tarbiyalovchi jamoa boʻlmay, balki «tashkil etuvchi birlik» (sinf yoki guruh) hisoblanadi. Ushbu bosqichda oʻquvchilar oʻqituvchi tomonidan talablarning qoʻyilishiga e’tiborsiz qaraydilar. Jamoa a’zolarining uzluksiz ijodiy faoliyatini tashkil qilish va ularni muayyan (yagona) maqsad atrofida birlashtirishga erishish orqaligina jamoa qaror topadi. Oʻquvchilarning jamoa faoliyatida ishtirok etishi tufayli asta sekin boyib boradigan tajriba, faoliyat natijasini birgalikda muhokama qilish, qilinajak ishlarni rejalashtirish jamoa a’zolarida mas’uliyat, javobgarlik, faoliyat biriligi, shuningdek, ishchanlik munosabatining paydo boʻlishi, shuningdek, oʻquvchilarda jamoa faoliyatiga nisbatan qiziqishni paydo boʻlishiga olib keladi. Bolalarning jamoa faoliyatini tashkil etish borasdagi tajribaga ega emasliklari bois soʻz yuritilayotgan bosqichda oʻqituvchining asosiy maqsadi jamoa a’zolarini oddiy tarzda uyushtirishdan iborat boʻladi. Ushbu bosqichda oʻqituvchining talabchanligi, jamoaning barcha a’zolariga birday talabni qoʻya olishi, u tomonidan qoʻyilayotgan talabning qat’iyligi, izchilligi hamda murosasizligi muhim omil hisoblanadi. Bu vaziyatda oʻqituvchining «hukmdorlik» davri uzoq davom etishi mumkin emasligi, bir qarashda intizomning vujudga kelganligi ma’lum boʻlsada, ayni vaqtda guruh a’zolarining faolliklarini rivojlantirish uchun zarur boʻluvchi sharoitning hali mavjud boʻla olmaganligini hisobga olish zarur. Jamoa hayotining birinchi bosqichida jamoa faolining paydo boʻlishi ushbu davr uchun xarakterli hodisadir. Jamoa faoli (aktivi) muayyan guruhning shunday a’zolaridirki, ular jamoa manfaatiga muvofiq tarzda harakat qiladilar, oʻqituvchi faoliyati va talabiga nisbatan xayrixohlik bilan munosabatda boʻladilar. Faollar oʻqituvchining yaqin yordamchilari sifatida ish olib boradilar. Jamoa rivojlanishining ikkinchi bosqichi. Ushbu bosqich jamoa faolining oʻqituvchi talabini qoʻllab-quvvatlash hamda oʻz navbatida uning oʻzi bu talablarni jamoa a’zolari zimmasiga qoʻyishi bilan tafsiflanadi. Endilikda oʻqituvchi jamoada paydo boʻlgan va u bilan bogʻliq muammo, masalalarni yolgʻiz oʻzi hal qilmaydi. Jamoa faoli bilan maxsus tarbiyaviy ish olib borish orqali bu ishga uni jalb etadi. Ushbu bosqichda jamoa hayotini tashkil qilish usuli murakkablashib boradi, ya’ni, jamoa oʻz-oʻzini boshqarishga oʻtadi. Oʻquvchilar amaliy faoliyatining doimiy ravishda murakkablashib borishi mazkur davrining muhim xususiyati sanaladi. Ikkinchi bosqichda jamoaning muhim ishlarini oʻquvchilar tomonidan mustaqil rejalashtirilishi, tadbirlarni oʻtkazishga tiyyorgarlik, uni oʻtkazish hamda faoliyat natijalarini muhokama qilish jamoa faoliyatining ijodiy xususyat kasb etishini koʻrsatuvchi omillar sanaladi. Jamoaning ijobiy rivojlanishi uning a’zolarida motiv (ragʻbat)larning paydo boʻlishi, ijodiy hamkorlik va oʻzaro yordam munosabatlarining tez sur’atlar bilan rivojlanishiga olib keladi. Jamoada mustaqil faoliyatning yuzaga kelshida jamoa faolining roli beqiyosdir. Ammo jamoa faolining jamoa a’zolari orasida hurmat qozona olishi, ularga namuna boʻlishi, oʻz burchlarini aniq va puxta bajarishi hamda oʻz mavqelaridan nooʻrin foydalanmasliklari juda muhimdir. Bu oʻrinda A.S.Makarenkoning jamoa faoliga nisbatan «jamoa vijdoni» deya bergan ta’rifini eslab oʻtish joizdir. Jamoa faoli birmuncha imtiyozlar (huquqlar)ga ega boʻlsada, ayni paytda uning oʻziga ham oshirilgan talablarning qoʻyilishi maqsadga muvofiqdir. Jamoaning rivojlanishi bu bosqichda toʻxtab qolishi mumkin emas, chunki faoliyat koʻrsatayotgan kuch jamoaning bir qismigina xolos. Bordi-yu, jamoaning rivojlanishi ushbu bosqichda toʻxtatib qolinsa, jamoa faolining guruhning boshqa a’zolari bilan qarama-qarshi qoʻyish xavfli tugʻilishi mumkin. Bu bosqichda jamoaning barcha a’zolarining alohida faollik koʻrsatishga erishishlari zarur sanaladi. Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichi. Jamoa faliyatida bu bosqich anchagina sermahsul hisoblanadi. A.S.Makarenkoning aniqlashiga koʻra, bu davrda butun jamoa «ayrim oʻzini chetga olib qoluvchi, injiq shaxs»larga talab qoʻya boshlaydi. Jamoa ishiga ushbu bosqichda faqat faolgina emas, balki uning butun a’zolari qiziqadi. Jamoa hayotidagi uchinchi bosqich, ijtimoiy fikr mavjudligi bilan ifodalanadi. Oʻqituvchi mazkur yoʻnalishda maqsadga muvofiq va izchil ish olib borgan sharoitdagina ijtimoiy fikrni shakllantirishga erishishi mumkin. Shu maqsadda u yoki bu tadbir rejasi, jamoaning birgalikdagi faoliyati va uning a’zolari xatti-harakati jamoa boʻlib muhokama qilinadi, turli mavzularda suhbatlar va ma’ruzalar uyushtiriladi, oʻquvchilar oʻrtasida samarali axborot vositalari yordamida ijtimoiy-gʻoyaviy, axloqiy, estetik, ekologik, huquqiy, iqtisodiy va hokazo bilimlarning targʻiboti tashkil etiladi. Oʻqituvchi jamoa a’zolarining birgalikdagi faoliyatini tashkil etar ekan, jamoa a’zolarining ijodiy tajribasiga hissa qoʻshish imkonini beradigan oʻzaro munosabatlarini shakllantirishga ta’sir koʻrsatadigan shakl va metodlardan foydalanadi. Jamoaning har bir a’zosida ijtimoiy ahamiyatli faoliyatni maqsadga muvofiq ravishda tashkil etish koʻnikmasini hosil qila olishi jamoa a’zolari orasida barqaror insoniy munosabatlarning tarkib topishiga yordam beradi. Jamoada barqaror insoniy munosabatlarning yuzaga kelishining sababi - uning a’zolarini ijobiy, madaniy-ma’rifiy mazmunga ega boʻlgan ishlarni tashkil etishda faol ishtirok etishlaridir. Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichda koʻrsatib oʻtilgan xususiyatlar shundan dalolat beradiki, ushbu bosqichda jamoa faoligina emas, balki jamoaning har bir a’zosi bir-birlariga nisbatan axloqiy mazmundagi talablarni qoʻya boshlaydilar. Jamoa rivojlanishining toʻrtinchi bosqichi. Bu bosqich uning barcha a’zolari jamoa oldida turgan vazifalar asosida oʻz-oʻzlariga talablar qoʻya olishlari bilan tavsiflanadi. Shuni aytish joizki, har bir bosqich jamoa a’zolarining oʻziga nisbatan muayyan talab qoʻyishi bilan tavsiflanadi, ammo qoʻyilgan har bir talab oʻziga xos yoʻnalishi (masalan oʻyindan umuminsoniyat baxti yoʻlida kurashishiga intilish oʻrtasidagi farq) bilan ajralib turadi. Toʻrtinchi bosqich jamoa a’zolarining oʻziga nisbatan yuksak axloqiy talablar qoʻya olishlari bilan ahamiyatlidir. Jamoaning hayoti va faoliyati mazmuni jamoa a’zolarining har biri uchun shaxsiy ehtiyojga aylanadi. Jamoadagi tarbiya jarayoni oʻz-oʻzini tarbiyalash jarayoniga aylanadi. Biroq bu holat jamoaning muayyan shaxsni yanada rivojlantirishdagi roli va oʻrnini pasaytirmaydi. Toʻrtinchi bosqichda amalga oshiriladigan vazifalar ancha murakkab va mas’uliyatlidir. Mazkur bosqichda jamoa oldiga istiqbolli, yuksak va murakkab talablarni qoʻyish uchun mutlaqo qulay sharoit yaratiladi. Bugungi kunda oʻqituvchi-olimlar (L.I.Nikova va boshqalar) bolalar jamoasining rivojlanish jarayonining mohiyatini tahlil qilar ekanlar, uni qoʻyidagi uch bosqichga boʻladilar: a) jamoani dastlabki jipslashtirish; b) jamoani shakllantirish asosida uning har bir a’zosini individual rivojlantirish; v) jamoaning umumiy faoliyatini yoʻlga qoʻyish. Jamoa hayotida muhim oʻrin tutuvchi har bir bosqichni ajratib koʻrsatish yuqorida bayon etilgan fikrlarga zid emas, balki shaxsning rivojlanishida jamoaning yetakchi ahamiyatini ta’kidlaydi. A.S.Makarenko jamoa a’zolari oʻrtasida yuzaga keluvchi munosabatlarining ichki xususiyatlariga katta ahamiyat bergan edi. Pedagog jamoada shakllangan eng muhim quyidagi belgilarni ajratib koʻrsatgan edi: 1) major - doimiy tetiklik, oʻquvchilarning faoliyat (harakat)ga tayyorliklari; 2) oʻz jamoasining qadriyatlari mohiyatini tushunish, uning uchun gʻururlanish asosida oʻz qadr-qimmatini anglash; 3) jamoa a’zolari oʻrtasidagi doʻstona birlik; 4) jamoaning har bir a’zosida qaror topgan doʻstona birlik; 5) tarbiyali, ishchan harakatga yoʻllovchi faollik; 6) hissiyotni boshqara olish hamda muloqot odobiga amal qilish koʻnikmasi. Jamoani shakllantirishda jamoa a’zolari va ularning faoliyatlariga qoʻyiladigan yagona talablar muhim ahamiyat kasb etadi. Yagona talab oʻquvchilarning dars jarayonidagi, tanaffus, sinfdan tashqari ishlar vaqtidagi, shuningdek, jamoat joylari hamda oiladagi xulq-atvor qoidalarni oʻz ichiga oladi. Puxta oʻylab qoʻyilgan talablar tizimining muntazam amalga oshirilishi maktabda muayyan tartibning oʻrnatilishini ta’minlaydi. Oʻqituvchilar tomonidan qoʻyilgan talablar quyidagi sharoitlarda ijobiy natija beradi: 1. qoʻyilayotgan talablar oʻquvchi shaxsini hurmat qilish tuygʻusi bilan uygʻunlashgan boʻlishi kerak. 2. Talablar muayyan maktab yoki sinfdagi mavjud sharoitni hisobga olgan holda qoʻyilishi lozim. 3. Jamoaga nisbatan qoʻyilayotgan talablar aniq boʻlishi lozim. 4. Oʻquvchilarning tashqi qiyofasi, kiyinishi, yurish-turishi hamda muomalasiga nisbatan qoʻyilayotgan talablar, ularda ma’naviy madaniyatni shakllantirishga xizmat qilishi shart. Oʻquvchi qoʻyilayotgan talablar hajmi va tizimini bilibgina qolmasdan, talab qoʻyish metodikasini ham oʻzlashtira olgan boʻlishi kerak. Oʻquvchilar jamoasiga nisbatan talablarni qoʻyish metodikasi bolalarni talablar mazmuni bilan tanishtirish, talablarning ahamiyatini tushuntirish, tajriba orttirish hamda oʻquvchilar faoliyat, shuningdek, qoʻyilayotgan talablarning bajarilish holatini muntazam suratda nazorat qilib turishdan iborat. Oʻquvchilarni talablar bilan tanishtirish koʻpincha umumiy majlislarda amalga oshiriladi, bunda ta’lim muassasasining direktori yoki oʻquv ishlari boʻyicha direktr oʻrinbosari istiqbol rejalari va ularni amalga oshirish jarayonidagi talablar mazmuni bilan oʻquvchilarni tanishtiradi. Batafsil tanishtirish ayrim hollarda amalda koʻrsatish, keyinroq sinflar boʻyicha sinf majlislari yoki maxsus suhbatlarni uyushtirish asosida amalga oshiriladi. Xulq-atvorni tarkib toptirishga yoʻnaltirilgan talablar bilan tanishtirish mazkur talablar ustida mashq qildirish bilan qoʻshib olib borilishi kerak. Xulq-atvorni tarbiyalash ongni tarbiyalashga qaraganda ancha murakkab ish. Oʻquvchilar talablar mohiyatini yaxshi anglashlari mumkin, biroq aksariyat hollarda ularga rioya qilmaydilar. Shu bois muntazam ravishda mashq qildirish madaniy xulq-atvorni odatga aylantiradi. Talablarning qoʻyilishi jarayonida ularga oʻquvchilarning amal qilishi ustidan nazorat oʻrnatish lozim. Nazorat qilib borish turli shakllar yordamida amalga oshiriladi, chunonchi, xulq-atvor jurnalini yuritish, sinfdagi navbatchilik uchun stendda baholarni qayd etib borish va boshqalar. qoʻyilayotgan talablarning bajarilishi yuzasidan olib borilayotgan nazorat muntazam ravishda, izchil olib borilishi va haqqoniy boʻlishi zarur. Olib borilgan nazorat natijalaridan oʻquvchilarni ogoh etib borish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Jamoani uyushtirish va jipslashtirish unda faol (aktiv)ni tarbiyalash bilan chambarchas bogʻliq. Har bir oʻqituvchining jamoani shakllantirish borasidagi harakti jamoaning tayanch yadrosini tanlashdan boshlanadi. Jamoa faolini shakllantirish jamoaning u yoki bu faoliyatiga nisbatan ehtiyoji mazmunidan kelib chiqadi. Ishonchli, ishchan jamoa faolini yaratish uchun oʻqituvchi oʻquvchilar faoliyatini ularning jamoa ishlaridagi ishtiroki, xulq-atvorini kuzatib borishi har bir oʻquvchining ijtimoiy faoliyatni tashkil etish layoqatini aniqlash zarur. Jamoa faolini shakllantirishda oʻquvchilarning jamoadagi obroʻsini ham inobatga olish lozim. Jamoa faoli tarkibini bolalarning oʻzlari, albatta, oʻqituvchi ishtirokida va rahbarligida tanlasa maqsadga muvofiq boʻladi. Oʻqituvchi jamoa faoli bilan maslahatlashish asosida tarbiyaviy faoliyatni tashkil etadi. Jamoa faolining har bir a’zosi zimmasiga muayyan vazifani yuklash, ularning ma’lum davrda ana shu vazifalar yuzasidan hisobot berib borishlariga erishish maqsadga muvofiq. Oʻqituvchi aynan faolga oshirilgan talab qoʻyadi. Oʻquvchilar jamoasida faol rahbarligida oʻz-oʻzini boshqarish jamoa a’zolaridan ayrimlarining boshqasi ustidan ustun kelishiga olib kelmasligi kerak. Shu bois oʻqituvchi faolni maqsadga muvofiq faoliyat yuritishini nazorat qilib borishi lozim. Oʻquvchilarning oʻz-oʻzini boshqarishi bu oʻqituvchilar tomonidan tashkil qilinadigan jamoa ishini uyushtirish va boshqarishda oʻquvchilarning faol ishtirok etishidir. Oʻz-oʻzini boshqarishning shakllari orasida jamoa a’zolarining yigʻilishi, konferensiyasi hamda turli komissiyalar (masalan, oʻquv komissiyasi yoki tozalik komissiyasi) faoliyati muhim oʻrin tutadi. Oʻquvchilar jamoasini shakllantirishda an’analar muhim oʻrin tutadi. Jamoa an’analari jamoa a’zolari tomonidan birdek qoʻllab-quvvatlanuvchi barqarorlashgan odatlar boʻlib, ularning mazmunida munosabatlar xususiyati hamda jamoaning ijtimoiy fikri yorqin ifodalanadi. Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga boʻlinadi: a) kundalik faoliyat an’analari; b) bayram an’analari. Kundalik faoliyat an’analari oʻquvchilarning oʻquv faoliyati (oʻzaro yordam turlari), va mehnat faoliyati (koʻchatlar oʻtkazish, hasharlar uyushtirish va boshqalar)ni oʻz ichiga oladi. Bayram an’analariga ijtimoiy ahamiyatga ega turli voqea hamda hodisalar bilan bogʻliq sanalar (xususan, «Alifbe bayrami», «Mustaqillik bayrami», «Navroʻz bayrami», «Xotira va qadrlash kuni» va boshqalar)ni nishonlash maqsadida tashkil etilgan faoliyat kiradi. An’anaviy bayramlar oʻquv muassasalarida turlicha oʻtkaziladi. Oʻquvchilar an’analar mohiyatini anglasalar, ularga nisbatan ongli munosabatda boʻlsalargina uning ta’sir kuchi yuqori boʻladi. An’analarning yuzaga kelishida oʻquvchilarning unga nisbatan munosabati katta ahamiyatga ega. Maktab rahbariyati va oʻqituvchilar oʻquvchilar jamoasiga muayyan sanalarga bagʻishlab haddan ziyod ortiqcha tadbirni uyushtirish talabini qoʻymasligi zarur. Tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda oʻqituvchilar jamoasi yoki oʻqituvchi tomonidan ushbu jarayonda oʻquvchilar jamoasi bilan birgalikda ish olib borish, ularni an’analarni davom ettirishga oʻrgatish masalasiga alohida e’tibor qaratishlari pedagogik jihatdan ijobiy natijalarni beradi. Jamoa va uning shaxsni shakllanishidagi oʻrni va roli muammosi yuzasidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar shaxs va jamoa oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanishi borasida quyidagi andozaning yaratilishini ta’minlaydi: Chizma. Shaxs va jamoa oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanish andozasi Oʻquvchilar jamoasi ijtimoiy-foydali ahamiyat kasb etuvchi umumiy maqsad va birgalikdagi faoliyatga asosan jipslashgan oʻquvchilar birlashmasi, guruhidir. Oʻquvchilar jamoasi (shuningdek, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari jamoasi)ga rasmiy saylangan (tayinlangan) oʻquvchi hamda oʻqituvchilar yoʻlboshchilik qiladi. Ular sirasiga guruh rahbari, guruh faollari (xususan, guruh yetakchisi (starosta), «Kamolot» tashkilotining guruh boʻlimi raisi, tozalik komissiyasi raisi, devoriy gazeta muharriri va boshqalar). Bolalar jamoalarida rasmiy yetakchilar bilan birga norasmiy yoʻlboshchilarning mavjudligi koʻzga tashlanadi. Odatda rasmiy yoʻlboshchilar tarkibini a’lo baholarga oʻqiydigan, jamoa ishlarida faol ishtirok etuvchi oʻquvchilar tashkil etsa, norasmiy liderlar garchi bu kabi sifatlarni namoyon etmasalarda, ayrim sifatlariga koʻra tengdoshlarini oʻz ortlaridan ergashtira oladilar. Bunday oʻquvchilar boshqalardan jismonan kuchliligi, qat’iyatliligi, hech narsadan choʻchimasligi, oʻziga boʻlgan ishonchi bilan ajralib turadilar. Norasmiy liderlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasi boshqa oʻquvchilarga jiddiy ta’sir koʻrsatadi. Shu bois sinf rahbari hamda maktab pedagogik jamoasi bunday liderlarning faoliyatini bevosita va bilvosita nazorat qilib borishlari zarur. Oʻquvchilar uyushmasiga pedagogik rahbarlik, yuqorida qayd etilganidek, aksariyat holatlarda sinf rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Shu sababli sinf rahbari guruhning umumiy hamda har bir a’zosining individual xususiyatlarini bilishi, ularni inobatga olgan holda jamoaga yondashishi zarur. Sinf rahbarining norasmiy liderlar va ularning shaxsi haqida toʻlaqonli ma’lumotlarga ega boʻlishi pedagogik faoliyatni samarali tashkil etishga yordam beradi. Yuqorida bildirilgan fikrlardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin. 1. Jamoa bir necha a’zo (kishi) lardan tashkil topgan muayyan guruh boʻlib, u ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan umumiy maqsad asosida birlashadi hamda mazkur maqsadni amalga oshirish uchun yoʻnaltirilgan faoliyatni tashkil etadi. 2. Jamoa oʻzida bir necha xususiyat (belgi) larni namoyon etadi. 3. Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga boʻysunadigan uzoq muddatli, murakkab jarayon boʻlib, u koʻpchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlariga koʻra toʻrt bosqichdan iborat boʻladi. 4. Jamoani shakllantirish oʻziga xos metodika asosida amalga oshriladi. Ushbu metodika doirasida jamoaga nisbatan talablarning qoʻyilishi, jamoa faoli (aktivi)ni tarbiyalash masalasi alohida ahamiyatga egadir. 5. Jamoaning mustahkam boʻlishi, uning a’zolari oʻrtasida oʻzaro yordam hamda hamkorlikning qaror topishida jamoa an’analari muhim ahamiyat kasb etadi. Shaxsga yoʻnaltirilgan ta’limda pedagogik jarayon shaxsda belgilangan sifatlarning shakllanishiga qaratiladi. Pedagogik jarayon - bu belgilangan maqsadga erishish hamda shaxsning xususiyat va sifatlarini ijobiy tomonga oʻzgartirishga qaratilgan tarbiyasi va tarbiyalanuvchi oʻrtasidagi aniq bir muddat va ma’lum tarbiyaviy tizimda maxsus tashkil etilgan oʻzaro munosabatdir. Jarayon (lotincha protsessis – oldinga intilish) holat davomiyligi, insonning rivojlanishi, biror bir natijaga erishishi yoʻlidan davom etayotgan harakatlar jamlanmasi. Pedagogik jarayon – tarbiya jarayonining asosiy tizim birligi: uning xususiyati shundan iboratki, u tarbiyachi va tarbiyalanuvchining pedagogik munosabat tizimini belgilaydi. Agar tarbiya jarayoni tushunchasi maqsadga yoʻnaltirilgan, shaxsga ma’lum sifatlarni shakllantirish ta’sirini amalga oshirishga qaratilgan harakat boʻlsa, pedagogik jarayon tushunchasi oldindan tashkil etilgan tarbiyaning oʻzaro ta’sir tizimini bildiradi. Pedagogik jarayonni shakllantirish va tashkillashtirishning asosiy prinsiplari: • tarbiyaga yaxlit yondoshish prinsipi; • uzluksiz tarbiya prinsipi; • tarbiyani maqsadga yoʻnaltirish prinsipi; • pedagog va tarbiyalanuvchilarning birgalikdagi faoliyati prinsipi; • tabiiy muvofiqlik prinsipi; • madaniy muvofiqlik prinsipi; • faoliyat va jamoadagi tarbiya prinsipi; • ta’lim va tarbiyada davomiylik, batartiblilik prinsipi; • pedagogik jarayonda oʻz-oʻzini boshqaruv prinsipi kabilar. Tarbiyaviy jarayonni modellashtirishda oʻquvchilarning hayoti va faoliyatini ta’lim muassasalarida pedagogik jihatdan toʻgʻri uyushtirish uchun, ularning tashqi ta’sir etuvchi omillarga nisbatan ta’sirchan munosabatda boʻlishini unutmaslik kerak. Pedagog va psixolog olimlarning tadqiqotlari shuni koʻrsatadiki, shaxsga tashqi omillarning oʻzaro (xoh salbiy, xoh ijobiy boʻlsin) ta’siri avvalo oʻquvchilarning oʻzaro munosabatlariga bogʻliq. Oʻquvchilarning tarbiyaviy faoliyatini uyushtirayotganda oʻqituvchi yoki tarbiyachi tashqi ta’sir etuvchi omillarga nisbatan tarbiyalanuvchining munosabatini, kechinmalarini, qanday anglashini, baholashini ulardan oʻzi uchun nimalarni olayotganligini bilishi zarur. Tarbiya jarayonini modellashtirishda oʻquvchining nafaqat ongi, balki his-tuygʻularini ham oʻstirib borishga erishish lozim, unda jamiyatning shaxsga qoʻyadigan axloqiy talablariga muvofiq keluvchi xulqiy malaka va odatlar hosil qilinadi. Bunga erishish uchun oʻquvchining ongi, hissiyoti va irodasiga ta’sir etib boriladi. Tarbiya jarayoniga oʻqituvchi rahbarlik qiladi. U oʻquvchilarning ta’lim muassasasidagi tarbiyaviy faoliyatini belgilaydi, ularning ijtimoiy jarayonga faol kirib borishlarini oʻz xohish-istaklari bilan tarbiyaviy faoliyatga faol ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlar yaratadi. Ijtimoiy jarayonda faol ishtirok etish orqali oʻquvchilarning mustaqilligi, ijodiy tashabbuskorligi ortib boradi. Ushbu faoliyatni modellashtirishda oʻqituvchi oʻquvchilar jamoasining manfaati va talab istaklarini e’tiborga olishi zarur. Bola oʻz xulqi, xatti-harakati uchun jamoa oldida javobgarlikni sezishga erishgach, ijrochi emas, balki umumiy ishning faol qatnashchisi boʻlib qoladi. Ushbu holatlar tarbiya jarayonidagi ichki va tashqi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga yordam beradi. Jamiyatda axborot kommunikatsion texnologiyalarning jadal sur’atlarda rivojlanib borishi natijasida oʻquvchilar koʻp vaqtlarini ta’lim va tarbiyaga mutlaqo aloqasi boʻlmagan kommunikatsion texnologik ma’lumotlarga sarflamoqdalar (mobil telefonlar, internet, kompyuter, DVD filmlar va boshqalar). Ushbu vositalardan oqilona foydalanishni oʻquvchiga oʻrgatish, ta’qiqlangan texnik vositalardan foydalanishni man etish, ularni nazorat qilish oʻqituvchilar va ota-onalarning hamkorlikdagi vazifalariga kiradi. Oʻquvchilarning koʻp vaqtlarini olayotgan keraksiz texnik ma’lumotlami bartaraf etish uchun faqat modellashtirish asosida ish olib borish mumkin. Oʻqituvchining tarbiyaviy ishlar rejasida ushbu muammolar yuzasidan turli mavzudagi suhbatlar uyushtirish rejasi oʻrin olishi lozim. Bu jihat unutilsa, muayyan qarama-qarshiliklar vujudga keladi. Aks holda, xulq me’yorlari, axloq talablarini yaxshi tushunmay qolishi natijasida oʻquvchi ijtimoiy munosabatlarda beqaror, tasodifiy ma’lumotlarga va tashqi ta’sirlarga tez beriluvchan boʻlib qolishi mumkin. Tarbiya jarayonida uning maqsadi, shakl va metodlari, shaxsning oʻz-oʻzini tarbiyalash va qayta tarbiyalash jihatlari muhim oʻrin tutadi. Ijtimoiy tuzum buyurtmasi asosida belgilangan tarbiyaviy faoliyatni amalga oshirishda ma’lum shart-sharoitlaming mavjudligi talab etiladi. Ushbu gʻoyalar yaxlit tarzda quyidagicha aks etadi: Tarbiyani samarali modelashtirish uchun uning harakatlantiruvchi kuchini, har bir oʻquvchining tarbiya jarayonidagi faoliyatini yaxshi bilish kerak. Buning uchun oʻqituvchi quyidagi holatlarni unutmasligi lozim: • tarbiyalanuvchi ruhiyatini puxta bilish; • ota-onalar bilan muntazam aloqada boʻlib, ular ishtirokida oʻquvchi bilan tarbiyaviy mazmunda suhbatlar oʻtkazish; • oʻquvchining ichki dunyosini, xarakterini bilmasdan u bilan qoʻpol muomalada boʻlmaslik, sodir etilgan xatoliklarni kechira olish; • oʻquvchining qiziqishlarini, uni oʻrab toʻrgan tashqi muhitni doimiy nazorat qilish; • oʻquvchini qat’iy kundalik rejimga oʻrgatish va uni kuzatib borish; • iste’dodini, qobiliyatini va oʻzi tanlagan kasbga moyilligini e’tiborga olib uni takomillashtirish; • oʻquvchining bola ekanligini, adashishga, ba’zan xatoliklarga yoʻl qoʻyishini unutmaslik, ushbu salbiy holatlarni kechiktirnasdan tuzatib borish. Shaxsni shakllantirish, boshqarish, nazorat xarakteriga ega boʻlib, bu borada belgilangan vazifalar tasodifiy harakatlar orqali emas, balki oldindan modellashtirilgan va puxta oʻylangan rejalar asosida belgilanib hal etib boriladi. Tarbiyaviy jarayonni modellashtirishda oʻqituvchi bilimli, raqobatbardosh yetuk kadrlarni tarbiyalash uchun javobgar shaxs ekanligini unutmasligi kerak. Ushbu vazifalar tarbiya texnologiyalari maqsadlaridan kelib chiqib belgilanadi. Mustaqil Oʻzbekiston Respublikasida ayni vaqtda yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish uchun tarbiyaning quyidagi umumiy vazifalarini hal etish oʻqituvchi-tarbiyachi zimmasiga yuklatilgan: a) oʻquvchilarni ijtimoiy hayotga tayyorlash, ularda keng dunyoqarashni tarkib toptirish, oʻz shaxsiy turmushiga maqsadli yondashuv, reja va maqsad birligi hissini uygʻotish; b) oʻquvchilar ongini mustaqil davlatchiligimiz siyosatining tub mohiyati mujassamlashgan milliy mafkuramiz va umuminsoniy qadriyatlar, chuqur bilim va tafakkur, keng dunyoqarash bilan boyitib borish; v) umuminsoniy axloq me’yorlari (odamiylik, kamtarlik, oʻzaro yordam, mehr-muhabbat, muruvvat, adolatli boʻlish, insonparvarlik, axloqsizlikka nisbatan nafrat va hokazolar)ning mohiyatini anglashiga, muomala odobi, yuksak madaniyatni qaror toptirishga erishish; g) oʻquvchilarda huquqiy va axloqiy me’yorlarga hurmat ruhida yondashish hissi va fuqarolik tuygʻusi, ijtimoiy burchga mas’ullikni qaror toptirish; d) tabiatni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni yuzaga keltirish borasida mas’uliyat hissini rivojlantirish; e) vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish, oʻzga millat va xalqlarni hurmat qilish, ularning huquq va burchlarini kamsitmaslik tuygʻusini qaror toptirish; j) Oʻzbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatiga toʻgʻri va xolisona baho berishga oʻrgatish; z) insonni oliy qadriyat sifatida qadrlash, rahm-shafqatli boʻlish, uning sha’ni, or-nomusi, qadr-qimmati, huquq va burchlarini hurmat qilishga oʻrgatish. Tarbiya texnologiyasida tarbiya jarayoni, mazmun va mohiyatidan kelib chiqib belgilangan vazifalarni oʻqituvchi amalga oshirishi uchun uning oʻziga xos qonuniyatlarini anglab olish muhim ahamiyatga ega. Tarbiyaning eng muhim qonuniyatlaridan biri aniq maqsadga yoʻnaltirilganligidir. Zamonaviy talqinda tarbiya jarayoni oʻqituvchi va oʻquvchilar oʻrtasidagi muayyan maqsadga erishishga qaratilgan samarali hamkorlik. Zero, tarbiya jarayonida oʻqituvchi va oʻquvchilarnmg birgalikdagi faoliyatlari tashkil etiladi, boshqariladi va nazorat qilinadi. Yagona maqsadga erishish yoʻli zamonaviy tarbiya jarayonining maqsadini tavsiflaydi. Tarbiya jarayoni koʻp qirrali jarayon boʻlib, unda tarbiya mohiyatini yoritishga xizmat qiluvchi ichki va tashqi (subyektiv va obyektiv) omillar koʻzga tashlanadi. Subyektiv omillar shaxsning ichki ehtiyojlari, qiziqishlari, hayotiy munosabatlari mazmunini anglashga yordam bersa, obyektiv omillar shaxsning hayot kechirishi, shakllanishi, hayotiy muammolarni ijobiy hal etish uchun sharoit yaratadi. Tarbiya jarayonining tashkil etilishi va boshqarilishida nafaqat oʻqituvchi faoliyati, balki oʻquvchining yosh va psixologik shaxsiy xususiyatlari, oʻy-fikrlari, hayotiy qarashlari ham muhim ahamiyatga ega. Tarbiva jarayonining yana bir qonuniyati uning uzoq muddat davom etishidir. Tarbiya natijalari tez sur’atda yaqqol koʻzga tashlanmaydi. Oʻzida insoniy sifatlarni namoyon eta olgan shaxsni tarbiyalab voyaga yetkazishda oʻzoq muddatli davr talab etiladi. Shaxsning muayyan vaqtning oʻzida, turli-tuman qarashlar raavjud boʻlgan bir sharoitda harakat qilishi tarbiya jarayonini murakkablashtiradi. Ta’lim muassasalarida olib borilayotgan tarbiyaviy jarayon shaxs ongi va dunyoqarashini shakllantirishda muhim oʻrin tutadi. Binobarin, yoshlik yillarida insonning asab tizimi yuqori darajada ta’sirchan hamda beqaror boʻladi. Shu bois tarbiyada muvaffaqiyatga erishish uchun oʻquvchilik yillarida shaxsga toʻgʻri tarbiya berish lozimligi talab eliladi. Tarbiva jarayonining yana bir qonuniyati uning uzluksizligidir. Ta’lim muassasalarida olib borilayotgan tarbiya jarayoni bu - oʻqituvchi va oʻquvchilarning birgalikdagi uzluksiz, tizimli harakatlari jarayonidir. Oʻquvchilarda ijobiy sifatlarni qaror toptirishda yagona maqsad sari yoʻnaltirilgan, bir-birini toʻldiruvchi, boyitib boruvchi, takomillashtiruvchi faoliyat alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois oila, ta’lim muassasalari, jamoatchilik hamkorligida tashkil etilayotgan tarbiyaviy tadbirlarning uzluksiz oʻtkazilishiga erishish maqsadga muvofiqdir. Oʻquvchilarni tarbiyalashda ta’lim muassasasi yetakchi oʻrin egallasa ham, oʻquvchilarga uzluksiz tarbiyaviy ta’sir oʻtkaza olmaydi, chunki, oʻquvchilar belgilangan ma’lum muddatda ta’lim muassasasida, oʻqituvchining tarbiyaviy ta’siri ostida boʻlib, qolgan boʻsh vaqtining asosiy qismini oilada, koʻchada, jamoat orasida oʻtkazadilar. Kuzgi, qishki, bahorgi va ayniqsa, yozgi ta’tillar davrida oʻquvchilar ta’lim muassasasi oʻqituvchilari ta’siridan chetda qoladilar. Demak, ta’lim muassasalarida oʻquvchilarni tarbiyalash vaqt jihatidan chegaralangan boʻlib, sinfdan va maktabdan tashqarida amalga oshiriladigan tarbiyaviy ishlardan holi vaqtda ular oʻqituvchi yoki tarbiyachining ta’siri hamda nazoratidan uzoqlashadilar. Ayni vaqtda, respublikamizda oʻquvchilarning ta’lim muassasalaridan uzoqlashtirmaslik maqsadida qoʻshimcha ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda. Qoʻshimcha ta’lim muassasalarida oʻquvchilar xususiy fanlar hamda xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirishlari, texnik va badiiy yoʻnalishlar boʻyicha bilim olishlari, amaliy faoliyat koʻnikma va malakalariga ega boʻlishlari mumkin. Qoʻshimcha ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan turli yoʻnalish va mavzulardagi uchrashuvlar, koʻrgazmalar, koʻrik-tanlovlar, suhbatlar oʻquvchilarning tafakkurini boyitishda, ularda mustahkam xarakter va irodani tarkib toptirishda muhim oʻrin tutmoqda. Tarbiva jarayonining yana bir qonuniyati - bu uning yaxlit holda tizimli tashkil etilishidir. Yaxlitlik shundan iboratki, tarbiya jarayonining maqsadi, mazmuni va metodlarining birligi shaxsni shakllantirish gʻoyasini amalga oshirish uchun xizmat qiladi. Bizga ma’lumki, shaxs ma’naviy-axloqiy sifatlarni navbatma-navbat emas, balki yaxlit tarzda oʻzlashtira boradi, shu bois pedagogik ta’sir ham yaxlitlik, tizimlilik xarakteriga ega boʻlishi lozim. Tarbiya jarayonining yaxlitlik, tizimlilik xususiyati qator pedagogik talablarga amal qilish, oʻqituvchi va oʻquvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni qaror toptirishni talab etadi. Tarbiyaning yana bir qonuniyati shimdan iboratki, bu jarayon ikki tomonlama aloqa xususiyatiga ega boʻlib, unda oʻquvchining oʻzi ham faol ishtirok etadi. Ikki tomonlama aloqa ikki yoʻnalishda, ya’ni, oʻqituvchining oʻquvchiga koʻrsatadigan ta’siri (toʻgʻri aloqa) hamda oʻquvchining oʻqituvchiga nisbatan munosabati (teskari aloqa) tarzida tashkil etiladi. Tarbiyaning pedagogik texnologiya nazariyasi gʻoyasiga muvofiq, endilikda oʻquvchi tarbiya jarayonining obyektigina boʻlib qolmasdan, subyekti sifatida ham faoliyat koʻrsatishi mumkin. Shuning uchun oʻqituvchi oʻquvchining ichki imkoniyatlari, unga nisbatan boʻlayotgan tashqi ta’sirlar va axborot manbalarini inobatga olishi zarur. Agarda mazkur talab unutilsa shaxsni tarbiyalash qiyinlashadi yoki barcha urinishlar samarasiz yakun topadi. Mana shundan tarbiya jarayonining yana bir xususiyati - tarbiyada qarama-qarshilikning mavjudligi kelib chiqadi. Ushbu qarama-qarshiliklar oʻquvchilarga oʻz tushunchalariga muvofiq paydo boʻlgan dastlabki sifatlar oʻrtasida yoki oʻquvchilarga qoʻyiladigan talablar bilan ularni bajarish imkoniyatlari oʻrtasidagi ziddiyatlaming kelib chiqishi uchun zamin yaratadi. Undan tashqari ushbu qarama-qarshiliklar, koʻpincha, oʻquvchining ongi bilan xulqi bir-biriga muvofiq boʻlmasligidan, oʻqituvchi va tarbiyachilaming oʻquvchilar yosh psixologik, fiziologik xususiyatlarini (fe’l-atvori, xarakteri, qiziqishlari, jismoniy, ruhiy hamda fiziologik jihatdan sogʻlomligi) yaxshi bilmasliklari oqibatida sodir boʻladi. Demak, tarbiya jarayonida quyidagi qonuniyatlar modellartitirish xususiyatini oʻzida namoyon etadi: Tarbiya texnologiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda modellashtirishdan foydalanishning bayon etilgan nazariy asoslaridan tashqari yana bir nechta mustaqil, biroq oʻzaro ta’sir koʻrsatuvchi kuchga ega boʻlgan tarbiyaviy jarayonning bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq jihatlarini ajratib koʻrsatish mumkin: • tarbiyaviy faoliyatda obyekt va subyektning oʻzaro kommimikativ munosabati; • bir maqsadga qaratilgan va aniq mazmunga ega tarbiyaviy metodlar; • uzluksiz faoliyatli tarbiyaviy jarayon va uning ijobiy natijalari; • guruh jamoasi norasmiy yetakchisi (lideri)ning tarbiyaviy jarayonga ta’siri. 1) Obyekt va subyektning oʻzaro kommunikativ munosabati tarbiyaviy texnologiya modelida asosiy faoliyat koʻrsatuvchi deb e’tirof etiladi. Unda tarbiyalashni amalga oshiradigan oʻqituvchi yoki shaxslar guruhi, shuningdek manfaatlari doirasida tarbiyaviy oʻzaro ta’sir koʻrsatishni tashkil etuvchi shaxs yoki ijtimoiy muhit guruhi (masalan: sinf guruhi) tushuniladi. 2) Tarbiyaviy reja asosida tarbiyalashning bir maqsadga yoʻnaltirilganligi, tarbiyaviy texnologiya unsurlarini modellashtirishda oʻqituvchi tomonidan belgilangan hamda obyektni tarbiyalashdan mar lum bir maqsadni koʻzlash yoki faraz qilishdir. Ushbu jarayon asosida oʻqituvchi ishtirokida olib boriladigan tarbiyaviy faoliyatning bir maqsadga qaratilganligi aniq mazmunga ega tarbiyaviy vositalarda, shakl va metodlarda ifodalanadi. 3) Uzluksiz faoliyatli tarbiyaviy jarayon tarbiya texnologiyalarining asosiy tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, ta’limning uzluksizligini va nafaqat ta’lim muassasalarida, balki tarbiya oilada, ijtimoiy va geografik muhitda, mahallada olib borilishini bildiradi. Zero, ota-ona yoki avlod-ajdodlarga xos boʻlgan nutq, tafakkur, mehnat, ijod qilish qobiliyati va boshqa iste’dod allomalarining irsiyat orqali bolaga oʻtishini ta’minlovchi biologik omillarning (layoqat va iste’dod mudroq holatda boʻlib, uning uygʻonishi uchun oilada va ta’lim-tarbiya muassasalarida qulay sharoit yaratish talab etiladi) hamda shaxsga ijobiy yoki salbiy ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan, shaxsning shakllanishiga ta’sir etuvchi oila, maktab, doʻstlar va tengqurlar davrasi kabilarni oʻz ichiga oluvchi mikromuhitning uzluksiz tarbiyaviy jarayonda ta’siri beqiyosligi olimlarimiz tomonidan e’tirof etilgan. Ayniqsa, oila muhiti shaxsning shakllanishida oʻziga xos muhim tarbiyaviy maskan bolib, nihoyatda keng tarmoqli tarbiyaviy ta’sir etish quvvatiga ega. Ota-onaning tarbiyalanganligi va tarbiyaviy tajribalarni mukammal bilishi, bola tarbiyasida doimiy nazorat va javobgarlik hissi oʻzbek oilasi uchun eng qadrli burch sifatida e’zozlanadi, bularning barchasi tarbiyalanuvchi subyektga nisbatan komil inson shaxsiga xos sifatlarni shakllantirishga qaratilgan. 4) Guruh jamoasida norasmiy yetakchining (lider) xatti-harakati va xulq-arvori bilan tarbiyaviy jarayonga ta’sir etishi guruhda tarbiyalanuvchilarning barcha hayotiy faoliyatida muhim rol oʻynaydi. Bolalar va oʻsmirlar jamoasidagi lider (yetaklovchi, boshlovchi) oʻqituvchi yoki tarbiyachi tomonidan guruhda rasman tayinlanmaydi. Jamoadagi bolalarga norasmiy yetakchilik qiluvchi oʻquvchi oʻqituvchilar oldida e’tibordan chetda yuradi, oʻzining qattiqqoʻlligi, xarakteridagi guruhga yetakchilik qilishga xos tugʻma qobiliyati, mustahkam irodaga egaligi, qoʻrqmasligi bilan guruh a’zolarining hurmatini qozonib, jamoadan ajralib chiqadi va oʻzi bilan hammaslak, hamfikr bolalarni yetaklaydi. Norasmiy liderning har qanday faoliyati salbiy oqibatlarga olib kelishi yoki ijobiy natijalar berishi ham mumkin. Bunda oʻqituvchining mahorati, psixologik tajribasi muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻqituvchining norasmiy liderga nisbatan qattiqqoʻlligi, tarbiyaning jazolovchi metodlarini qoʻllashi foyda bermaydi, aksincha, zararli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Oʻqituvchi oʻzining ziyrakligi va chuqur psixologik bilimi, yuksak pedagogik mahorati bilan, avvalo, oʻquvchilar guruhi jamoasidagi liderni aniqlashi, kerak boʻlsa, unga yon bosib, oʻz tomoniga ogʻdirib olishi lozim. Pedagogik mahoratning ishontirish va ta’sir etish usullari asosida norasmiy lider ongiga sezdirmasdan kirib borib, oʻz ta’sirini oʻtkaza olgan oʻqituvchi guruh jamoasida bir xil tarbiyaviy muvozanatni saqlay oladi. Shundan keyin tarbiyaviy texnologiyaning ma’qul boʻlgan unsurlarini modellashtirib qoʻllashi va choʻchimasdan tarbiyaviy faoliyat olib borib, belgilangan maqsadga erishishi mumkin. Oʻquvchilar jamoasida norasmiy yetakchilar bilan birga rasmiy, oʻqituvchilar tomonidan tayinlangan yoʻlboshchilar ham mavjud. Odatda, rasmiy yoʻlboshchilar tarkibini a’lo baholarga oʻqiydigan, jamoa ishlarida faol ishtirok etuvchi oʻquvchilar tashkil etsa, norasmiy liderlar garchi bu kabi sifatlarni narnoyon etmasalarda, ayrim sifatlariga koʻra tengdoshlarini oʻz ortlaridan ergashtiradilar. Norasmiy liderlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasi boshqa oʻquvchilarga jiddiy ta’sir koʻrsatadi. Shu bois sinf rahbari bilan birga oʻquv muassasasi pedagogik jamoasi norasmiy liderlarni aniqlab, ular faoliyatini bevosita nazorat qilib borishlari zarur. Oʻquvchilar uyushmasiga pedagogik rahbarlik, yuqorida qayd etilganidek, aksariyat holatlarda guruh rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Shu sababli guruh rahbari guruhning umumiy hamda har bir a’zosining individual xususiyatlarmi bilishi, xulq atvoridagi har bir oʻzgarishni inobatga olgan holda jamoaga yondashishi zarur. Guruh rahbarining norasmiy liderlar va ularning shaxsi haqida toʻlaqonli ma’lumotlarga ega boʻlishi, ota-onalari bilan muntazam aloqada boʻlishi pedagogik faoliyatni samarali tashkil etishga yordam beradi. Oʻqituvchi tarbiyaviy faoliyatning barcha unsurlari oʻzaro aloqadorligini va oʻzaro bogʻliqligini nazariy va amaliy jihatdan tushunishi tarbiyaviy jarayonni toʻgʻri yoʻnaltirishga imkoniyat beradi. Bunda pedagogikada tarbiyaviy oʻzaro ta’sir koʻrsatisnning shakllari, metodlari, usullari va vositalarini ochib beradigan hamda tarbiyaviy texnologiyalarning “pedagogik vositalarini shakllantiruvchi faoliyati va natijalariga, tarkibiy qismlariga” alohida e’tibor qaratiladi. Oʻqituvchi, avvalo, tarbiyadan kelib chiqadigan maqsadga toʻgʻri baho bera olishi kerak. Ta’lim jarayoni yaxlit tizim sifatida. Ta’lim tushunchasi va mohiyati. Ta’lim tizimli bilim olishning eng muhim va ishonchli usulidir. Ta’limga ikki tomonlama aloqa (ta’lim olish va ta’lim berish), shaxsni har tomonlama rivojlantirish va boshqa xususiyatlar xosdir. Ta’lim o‘qituvchi tomonidan boshqariluvchi o‘ziga xos anglash jarayonidir. O‘qituvchining yo‘naltiruvchi sifatidagi roli o‘quvchilarning aqliy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishni ta’minlovchi bilim, ko‘nikma va malakalarni to‘liq oʻzlashtira olishlarida ko‘rinadi. Ta’lim o‘qituvchining o‘quvchilar bilan muloqoti jarayoni ham sanaladi. Oʻquvchilarga o‘quv materiali mazmunini tushuntirib beradi, savol va topshiriqlar beradi, ularning faoliyatini nazorat qiladi, xato va kamchiliklarini aniqlaydi, yo‘l qo‘yilgan xatolarni to‘g‘rilaydi, qanday ishlash lozimligini qayta ko‘rsatadi. Har qanday ta’lim o‘zida o‘qituvchi va o‘quvchining faoliyati, ya’ni, o‘qituvchining o‘rgatish hamda oʻquvchining o‘rganishga yo‘naltirilgan faoliyati, boshqacha aytganda toʻgʻridan toʻgʻri, bevosita va nisbiy munosabati aks etadi. Ta’lim jarayonida oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasida o‘zaro muloqot yuzaga keladi. «Muloqot» tushunchasi «ta’lim» tushunchasiga qaraganda keng ma’noga ega. Ta’lim oʻquvchilarga nazariy bilimlarni berish asosida ularning bilish qobiliyatlarini o‘stirish, ularda amaliy ko‘nikma va malakalar, shuningdek, dunyoqarashni shakllantirishga yo‘naltirilgan jarayondir. Ta’lim va ta’lim jarayoni (didaktik jarayon) sinonim tushunchalar emas. Jarayon bu yaxlit pedagogik hodisa, pedagogik faoliyatning tarkibiy qismi sifatida ta’lim tizimining muayyan holatini o‘zgartirish hisoblanadi. Ta’lim jarayonining yaxlit tizim sifatidagi tavsifi. Ta’lim jarayonining «yaxlitligi» «tizimliligi» va «majmuaviyligi»ni bir xilda talqin etish mumkin emas. Biroq, ta’lim jarayonining yaxlitligi uning tizimliligi bilan uzviy bogʻliq. Tizim (mustaqil tushuncha sifatida) o‘zaro bogʻlangan ko‘plab elementlar (tarkibiy qismlar) oʻrtasidagi mustahkam birlik va o‘zaro yaxlitlikdir. Demak, ta’lim yaxlit tizim sifatida ko‘plab o‘zaro bogʻliq quyidagi elementlarni o‘z ichiga oladi: ta’lim maqsadi, o‘quv axborotlari, o‘qituvchi va o‘quvchilarning ta’limiy faoliyatlari, uning shakllari, pedagogik muloqot vositalari, shuningdek, ta’lim jarayonini boshqarish usullari. Ta’lim jarayoni yaxlit tizim sifatida quyidagicha namoyon boʻladi (4-chizma) Barcha tarkibiy qismlarning o‘zaro birligi va yaxlitligi sifatida namoyon boʻluvchi ta’lim jarayonining negizini o‘qituvchi va o‘quvchilarning ta’limiy faoliyatlari tashkil etadi. Barcha tarkibiy qismlarning o‘zaro birligi va yaxlitligi sifatida namoyon boʻluvchi ta’lim jarayonining negizini o‘qituvchi va o‘quvchilarning ta’limiy faoliyatlari tashkil etadi. Tarbiyaning texnologiyaviyligi ta’lim muassasalarida tarbiyaviy maqsadlarni amalga oshirish va unga erishishga sharoit yaratadi, nazariy asoslangan uzluksiz davom etadigan tarbiyalash jarayonining shakllari; metodlari, usullari va vositalarini oʻqituvchi toʻgʻri tanlab natijalarga erishishini ta’minlaydi. U ilmiy modellashtirish (loyihalashtirish) asosida amalga oshiriladi, modellashtirishda tarbiyaviy maqsadlar bir xil ma’noda beriladi hamda oʻqituvchi tomonidan insonning shaxsiy xususiyatlari va sifatlarini rivojlantirishning muayyan bosqichlarini obyektiv ravishda oʻlchash va baholash imkoniyatlarini yaratadi. Tarbiyaning texnologiyaviyligi har qanday pedagogik tizimda - ilmiy muammolar bilan oʻzaro munosabatda boʻlgan tushunchadir. Biroq, agar ilmiy muammo tarbiyalanuvchiga bilim berish, ilmiy tafakkurini oshirish hamda koʻnikma va malakalarini shakllantirish kabi maqsadlarni ifodalaydigan boʻlsa, u holda tarbiya texnologiyasi oʻqituvchiga oʻquvchilarni tarbiyalash yoʻlyoʻriqlari va ularga erishish vositalarni toʻgʻri yoʻnaltirishga yordam beradi. Tarbiyaning texnologiyaviyligi tarbiyalashga yoʻnaltirilgan ilmiy muammo sifatida oʻquvchilarda axloqiy sifatlarni shakllantirish va rivojlantirish uchun lozim boʻlgan va komil insonga xos barcha insoniy fazilatlarni muayyan shart-sharoitlarda uzluksiz tarbiyalash asosida takomillashtirishni nazarda tutadi, bu esa ta’lim mazmunining oʻziga xos xususiyatlarini ham belgilaydi. Shu munosabat bilan tarbiyaviy jarayonni harakatga keltiruvchi kuch, turtki asosan nimada ekanligi toʻgʻrisida savol paydo boʻladi. Pedagogikada inson tarbiyasiga qoʻyiladigan, uning hayotida yuzaga keladigan talablar va uning huquqiy imkoniyatlari, ijtirmoiylashuvi, shaxsiy rivojlanish darajasi oʻrtasidagi ziddiyatlar bunda asosiy manba boʻlib hisoblanadi. Ushbu talablar uning yosh xususiyatlariga muvofiq kelgandagina, insonni tarbiyalash va uni shaxs sifatida rivojlantirish jarayonining boshlanishiga turtki boʻladi. L.S.Vigotskiy bolaning biror harakat-u kattalarning yordamisiz bajara olishi mumkin boʻlgan holatini dolzarb rivojlanish hududi deb atagan. Bola oʻqish jarayonida biror yangi narsani oʻqituvchining yordami bilan salohiyatli tarzda oʻzlashtirishga qodir boʻlgan daraja yaqin rivojlanish hududi bilan belgilangan. Hududlar orasidagi masofa ziddiyatli tarbiyaviy holatni vujudga keltiradi - tarbiyaviy jarayonning bunday holati shaxsni shakllantirishda vujudga keladigan va erishiladigan yutuqlar oʻrtasidagi tafovut mavjud boʻlganda yuzaga keladi. Bunday qarama-qarshiliklarning paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik uchun oʻqituvchi-tarbiyachi belgilangan tarbiyaviy maqsadlarni oʻz maromida uzluksiz, mukammal amalga oshirishi lozim. Shundagina tarbiyaviy nuqsonlarni bosqichma-bosqich bartaraf etishga shart-sharoit yaratiladi. Oʻqituvchining tarbiyaviy maqsadlarni toʻgʻri tanlashi, volyuntaristik (koʻngilchanlik) xarakterga ega boʻlmasligi lozim. U pedagogikaning uslubiyoti, jamiyatda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, ushbu jarayon yoʻzasidan qabul qilingan maxsus qonun va qoidalar asosida belgilanadigan maqsadlar va milliy qadriyatlar toʻgʻrisidagi falsafiy tasavvurlar, shuningdek, jamiyat va davlat taraqqiyotining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa oʻziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Tarbiya texnologiyasida oʻqituvchi tomonidan belgilanadigan maqsadlar turli darajada boʻlishi va bosqichma-bosqich bir-biriga boʻysunishi, ketma-ket bajarilishi mumkin. Biroq tarbiyaviy maqsadning asosiy mohiyati - davlat maqsadlari, ijtimoiy buyurtmalardan kelib chiqishi lozim. Aytish mumkinki, asosiy daraja - mamlakatda inson va uning fuqarolari qadr-qimmati toʻgʻrisidagi ijtimoiy tasavvurlarni aks ettiradigan maqsadlardir. Ular mutaxassislar tomonidan ishlab chiqiladi, hukumat tomonidan qabul qilinadi, qonunlar va boshqa hujjatlarda qayd etiladi. Keyingi daraja - ta’lim dasturlari va standartlarida aks etadigan maqsadlar, ya’ni davlat ta’lim standartlari, maxsus ta’lim tizimlarining va ta’lim bosqichlarining maqsadlari. Eng quyi daraja - muayyan yoshdagi kishilarni tarbiyalashda maqsadning birligi. Shaxsni shakllantirish, boshqarish tarbiyaviy faoliyat natijasida yuksak ma’naviy va axloqiy xislatlarga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tasodifiy harakatlar orqali emas, balki, oldindan belgilangan va puxta oʻylab toʻzilgan tarbiyaviy maqsadlar asosida olib boriladi. Tarbiyaviy texnologiyada uning maqsadi, shakl va metodlari, shaxsning oʻz-oʻzini tarbiyalash va qayta tarbiyalash jihatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, oʻqituvchining tarbiyalash maqsadlarini toʻgʻri belgilashi va yoʻlga qoʻya olishiga nisbatan gʻoyaviy yondashuv ijtimoiy buyurtma asosida belgilanib, amalga oshirilishida mavjud shart-sharoitlarni yaratish talab etiladi. Barcha ta’lim muassasalarida pedagoglar 3 asosiy jihatlarga ahamiyat berishlari lozim: nazariy, ruhiy, amaliy. Nazariy jihati – bu tarbiyachining pedagogik va psixologik bilimlarini tizimiy ravishda oʻz mehnat faoliyatiga moslash; Psixologik jihati – bu tarbiyalanuvchilar bilan kun davomida oʻzaro munosabat oʻrnatish, muloqotda boʻlish jarayoni uchun sharoit yaratish; Amaliy jihati – bu tarbiyalanuvchi bilan oʻzaro munosabat oʻrnatish davomida bilim va tajribasiga tayanib, barcha malaka va koʻnikmalarni qoʻllash. Bu uchala jihatlarning oʻzaro mantiqan bogʻliqligi ta’lim jarayonini nazariy bilimlardan foydalangan holda amaliyotda qoʻllash uchun zamin yaratadi. Har bir shaxsni hamkor sifatida qabul qilish va inkor etmaslik, sabrlik bilan dunyoning xilma-xilligini tushuntirib borish, u bilan boʻladigan munosabatlarning doimiy mexanizm tizimini mazmunli toʻzish barcha ta’lim muassasalari mutaxassisining burch va vazifasidir. Shaxsga qaratilgan ta’lim modelini amalga oshirishda tarbiyachi doimo ahamiyat berishi lozim boʻlgan faktorlar: motivasion, ya’ni manfaatdorlik faktori – oʻz kasb faoliyatiga mas’uliyatli boʻlish, ijodiy yondoshish, oʻz sohasini mukammal bilish; shaxsga moslashish faktori – tarbiyachi faolligi, tarbiyalanuvchi va uning ota-onasi hamda kasbdoshlari bilan boʻlgan munosabatlarda ichki va tashqi kelishmovchiliklarni koʻrsatmaslik; shaxsga yoʻnaltirilganlik – tarbiyachining tarbiyalanuvchiga nisbatan ideal subyekt sifatida emas, balki oʻz ehtiyoj va imkoniyatlariga ega shaxs sifatida munosabatda boʻlishi; maxsus mutaxassislik – tarbiyalanuvchining individual koʻrsatkichlarini bilish, oʻz bilim va malakasini pedagogik-psixologik jarayonda namoyon etish; texnologik-uslubiy – pedagogik-psixologik jarayonda maqsadni belgilay olish, natijalarni bashorat qila olish, innovasion usullarni qismlarga boʻlib maqsadli qoʻllash; kommunikabellik (kirishimlilik) – ijobiy hissiyotlarga tayangan holda, perseptiv insonni insonga nisbatan ijobiy qabul qilish, barcha bilan chiqishib ketish, muloqot oʻrnatishning zamonaviy texnologiyalaridan keng foydalanish; kasbiy mahorat – oʻz kasbi boʻyicha bilim, koʻnikma va malakalarini mahoratlik bilan amaliyotda qoʻllash, doimiy izlanish, mustaqil va ijodiy fikrlash, yangi malaka va koʻnikmalarga tayangan holda shaxsdagi fiziologik oʻzgarishni kuzatish va tahlil qila bilish.
Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Karimov I.A. Barkamol avlod – Oʻzbekiston taraqqiyotining poydevori. – Toshkent, Sharq nashriyot-matbaa konserni, 1997. 2. Mavlonova R. Umumiy pedagogika. – Toshkent: “Fan va texnologiyalar”, 1997. 3. Pedagogika. Jismoniy tarbiya institutlari uchun darslik – Toshkent: “Oʻqituvchi”, 1990. 4. Podlasoy I.P. Pedagogika. Noviy kurs. – Moskva: “Vlados”, 1999. 5. Ivanov I.P. Vospitatel kollektivistov. – Moskva: “Pedagogika”, 1992. 6. Pedagogika // A.Q.Minavvarovning umumiy tahriri. – Toshkent: “Oʻqituvchi”, 1996. 7. Hoshimov K. va boshq. Pedagogika tarixi (pedagogika oliy oʻquv yurtlari va universitetlar talabalari uchun qoʻllanma. – Toshkent: “Oʻqituvchi”, 1996. Bolalarni jamoada tarbiyalash boʻyicha ilgʻor tavsiyalar ishlab chiqqan rus pedagoglari – Vasiliy Aleksandrovich Suxomlinskiy va Anton Semyonovich Makarenko Download 0.65 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling