Lev Nikolaevich Tolstoy (1828–1910). L.Tolstoy san’atning mohiyatini aniq–ravshan ifodalashga yo‘l ochish uchun «hamma narsani chalkashtirib yuboradigan go‘zallik tushunchasini» bir chetga surib qo‘yishni taklif etadi. Uning fikriga ko‘ra, san’atning nima ekanini aniqlab olish uchun, avvalo unga lazzat vositasi emas, balki inson hayotining shartlaridan biri sifatida qarash lozim. «San’at, — deydi Tolstoy, shunday insoniy fazilatki, unda bir kishi ongli ravishda ma’lum tashqi belgilar bilan o‘zi boshidan kechirgan hislarni etkazadi, boshqa odamlar esa o‘sha xislarnio‘ziga yuqtirib, ularni qayta ko‘ngildan o‘tkazadi».
Tolstoy yangilikni haqiqiy san’at asarining asosiy belgisi deb ataydi. Asl san’atkor doimo odamlarga noma’lum nimanidir yangi narsani etkazishga harakat qiladi. Mazmunni yorqin ifodalash uchun san’atkor yangi shakllar izlaydi. Tolstoy dekkadansni «Bema’nilikning so‘nggi bosqichi» deb ataydi. Nitssheni dekadansning nazariy yo‘lboshchisi sifatida tanqid qiladi. «Ularning she’riyati, ularning san’ati, — deb yozadi Tolstoy dekadentlar haqida, — xuddi o‘zlaridek tentaklardan tashkil topgan kichkinagina to‘garak a’zolarigagina yoqadi. Haqiqiy san’at esa eng keng sohalarni qamrab oladi. Inson qalbining mohiyatini o‘ziga rom etadi. YUksak va asl san’at doimo shunday bo‘lib kelgan».
Umuman, Tolstoyning san’atga munosabati, san’atkorni xalqchillikka, bag‘rikenglikka chaqirishi diqqatga sazovor; uning risola va maqolalarida faqat Tolstoygagina xos bo‘lgan nuqtai nazarni ko‘rish mumkin.
Estetik anglash va uning tuzilmasi. Estetik anglash estetik jarayonni tashkil etishi barobarida estetik munosabatni yuzaga keltiradi, ongning ana shu faoliyati ichki nafosatni shakllantiradi. SHuni alohida ta’kidlash kerakki, estetik anglash faqat estetik qadriyatlar yoxud ob’ektlarni idrok etishda emas, balki yangi estetik qadriyatlar yaratishda ham faol ishtirok qiladi, ya’ni u estetik faoliyat jarayonida o‘zining doimiy ulushiga ega: san’at asarining dunyoga kelishida, turmush sharoitini, ishlab chiqarishning go‘zallashuvida va shunga o‘xshash holatlarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Estetik anglash inson ruhiyatida o‘ziga xos, chuqur ijobiy ruhiy o‘zgarishlarni vujudga keltiradigan estetik holat. U estetik faoliyatining boshlanishidan avval insonni unga tayyorlovchi hodisa sifatida muhim: usiz estetik faoliyatning ro‘y berishi mumkin emas. Estetik anglashning murakkab hodisa ekani unda estetik ehtiyoj, turli hislar va ma’naviy andozalarning har bir shaxs uchun alohida ruhiy evrilish tarzida namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq; bu evrilish kuchli va asosan his-hayajon, ehtirosli kechinmalar asosida vujudga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |