Falsafa fanidan
Falsafiy tafakkur taraqqiyot bosqichlari: Sharq falsafasi
Download 92.78 Kb.
|
1-amaliy ish Abror
Falsafiy tafakkur taraqqiyot bosqichlari: Sharq falsafasi.
Dunyoqarashning tarixiy shakllari. Turli davrlar bilishni yanada teranlashtirdi va inson dunyoqarashini kengaytirdi. Shunga mos ravishda oddiy (empirik) dunyoqarash ham boyib bordi, uning negizida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq yanada murakkabroq tuzilmalar asta-sekin shakllandi va bu pirovard natijada dunyoqarashning alohida shakllari yoki, tarixiy tiplari farqlanishiga olib keldi. Tarixan dunyoqarashning dastlabki shakllari mif va din, falsafa va fan bo‘lib, bu hol insoniyat tadrijiy rivojlanishining umumiy mantiqi bilan mushtarakdir. Ko‘nikmalar, tajriba va oddiy bilimlar to‘planishiga qarab, nafaqat ularni avloddan avlodga o‘tkazish muammosi yuzaga kelgan, balki ibtidoiy odamlarning dunyoqarashi ham murakkablashib borgan. Bu dunyoqarash rivojlanishining muayyan bosqichida, to‘plangan bilimlarning «yuqori bosqichiga» yetilgach, boshqa har qanday murakkab tizimda bo‘lganidek, dunyoqarashda ham o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlari amal qila boshlagan. Masalan, bu hodisaning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun shaxsiy kutubxonada kitoblar yig‘ilishi bilan bog‘liq misolga murojaat etish o‘rinli bo‘ladi. Mazkur kutubxonada kitoblar bir nechta bo‘lsa, ularni tizimga solish talab etilmaydi, ular qayerda yotgani va ularning o‘zaro munosabati qandayligi ham ahamiyat kasb etmaydi. Kutubxona hajmi o‘nlab kitoblar bilan o‘lchangan taqdirda esa, ulardan foydalanishga qulaylik yaratish uchun kitoblarni muayyan tarzda joylashtirish, tizimga solish talab etiladi. Kitoblar soni qancha ko‘p bo‘lsa, ular bilan ishlash shuncha oson va qulay bo‘lishi uchun ularni tasniflash, tartibga solish, ruknlarga ajratish tizimi shuncha murakkab bo‘ladi. Ibtidoiy odamlarning ancha rivojlangan dunyoqarashida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq ayni shunday tartiblilik dastavval mif hamda dinning ilk shakllari ko‘rinishida vujudga keldi. Mifologik dunyoqarash. «Mif» tushunchasi yunoncha mythos so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, afsona, rivoyat degan ma’noni anglatadi. Mif –turli xalqlarning dunyoning kelib chiqishi, tabiat hodisalari, fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi tasavvurini ifodalovchi muayyan tarzda tizimga solingan dunyoqarashdir. Mifda bilimlar, diniy e’tiqodlar, ma’naviy madaniyatning turli elementlari, san’at, ijtimoiy hayot kurtaklari birlashgan bo‘lib, shu tariqa ibtidoiy odamlar dunyoqarashi ma’lum darajada tartibga kelgan, ularning dunyo haqidagi qarashlari esa muayyan tizimga solingan. Mazkur tizimga solishning muhim shakllari epos, ertaklar, afsonalar, rivoyatlar bo‘lib, miflar avvalo ular orqali ifodalanadi. Shu tariqa to‘plangan bilimlar va tajriba keyingi avlodlarga o‘tishi ham ta’minlanadi. Mifologik dunyoqarashning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, bu oddiy rivoyat emas, balki og‘zaki «muqaddas» matnning arxaik ongdagi voqea-hodisalarga, insonga va u yashayotgan dunyoga ta’sir ko‘rsatuvchi muayyan borliq sifatidagi in’ikosidir. Mif, insoniyat tarixining ilk bosqichlarida, odamlar xulq-atvori va o‘zaro munosabatlarini tartibga solish funksiyasini bajargan, chunki unda axloqiy qarashlar, insonning borliqqa estetik munosabati o‘z ifodasini topgan. Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega bo‘ladi. Shunday qilib, mif kimningdir uydirmasi yoki «o‘tmish sarqiti» emas, balki shunday bir o‘ziga xos tilki, inson uning yordamida qadim zamonlardanoq dunyoni tavsiflagan, o‘zining o‘sib borayotgan tarqoq bilimlarini umumlashtirgan, talqin qilgan, tasniflagan va muayyan tizimga solgan. Mifda ota, oqsoqol hukmi va qaror topgan an’analar muhim rol o‘ynaydi. Rivoyat va uning mazmuniga nisbatan bunday munosabat zamirida e’tiqod, borliqni bevosita, emotsional idrok etish yotadi. Mifologik dunyoqarash dunyoni yaxlit tushunish bo‘lib, unda shubhaga o‘rin yo‘qdir. Mifologiya (miflar majmui sifatida) qadimgi odamlar dunyoqarashi bilangina uzviy bog‘liq emas. Oddiy ongda yashaydigan din, falsafa, siyosat, san’atda aniq-ravshan yoki pardalangan ko‘rinishda mavjud bo‘lgan miflar bugungi kunda ham (kim uchundir ko‘proq, kim uchundir kamroq darajada) odamlar hayoti va ijodida faol rol o‘ynab, har qanday inson dunyoqarashining tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Jamiyatning axborotlashuvi jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan sharoitda mif televideniye, radio, vaqtli matbuot, hozirgi saylov texnologiyalari vositasida ba’zan ijtimoiy ong bilan manipulyatsiya qilish, oldindan belgilangan jamoatchilik fikrini shakllantirish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda. Diniy dunyoqarash dunyoqarashning tarixan ikkinchi shakli dindir. (Din so‘zi arabchadan tarjimada e’tiqod, ishonch, ishonmoq degan ma’nolarni anglatadi.) Mif kabi, din zamirida ham e’tiqod, tuyg‘ular va emotsiyalar yotadi. Garchi din kurtaklari «aqlli odam» dunyoqarashi shakllanishining dastlabki bosqichlarida, ya’ni taxminan 40-60 ming yil muqaddam paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, umuman olganda u dunyoqarashning mustaqil shakli sifatida keyinroq, jumladan mif ta’sirida insonning mavxum fikrlash qobiliyati sezilarli darajada kuchaygan davrda vujudga kelgan. Diniy dunyoqarash odamlarning g‘ayritabiiy narsalar (xudolar, «oliy aql», qandaydir absolyut va sh.k.)ga bo‘lgan e’tiqodiga asoslanuvchi tegishli xulq-atvori va o‘ziga xos harakatlaridir. Agar mifologiyada an’anaga, rivoyat qiluvchining, ya’ni oqsoqolning obro‘siga e’tiqod kuchli bo‘lsa, dinda g‘ayritabiiy narsalarga e’tiqod birinchi o‘rinda turadi, oliy kuchlar nomidan rivoyat qiluvchi ruhoniylar obro‘si esa ikkinchi darajali rol o‘ynaydi. Xullas, din murakkab ma’naviy tuzilma va ijtimoiy-tarixiy hodisa bo‘lib, unda e’tiqod muqarrar tarzda birinchi o‘ringa qo‘yiladi va hamisha bilimdan ustun turadi. Dinning asosiy funksiyalari. Mif bilan taqqoslaganda, din funksiyalari murakkabroqdir. Din funksiyalari orasida quyidagilarni farqlash mumkin: dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi butun borliq qachon va nima uchun paydo bo‘lgan va bunda g‘ayritabiiy kuchning roli qanday namoyon bo‘lgan, degan savollarga javob beradi; kommunikativ funksiyasi muloqot va shaxslararo aloqalarning muayyan tipini ta’minlaydi, jamiyatning jipslashuvi va yaxlitligiga ko‘maklashadi; tartibga solish funksiyasi odamlar xulq-atvorini tartibga soluvchi tegishli meyorlar va qoidalarni belgilaydi; kompensatorlik funksiyasi yetishmayotgan axborot, diqqat-e’tibor, g‘amxo‘rlik o‘rnini to‘ldiradi, hayot ma’nosi, istiqbollar va shu kabilarning yo‘qligini sezdirmaydi, ya’ni insonning kundalik hayotda qondirilmagan ehtiyojlari o‘rnini to‘ldiradi. Dinning asosiy ildizlari. Din qonuniy hodisa sifatida vujudga kelgan bo‘lib, u insonning g‘ayritabiiy narsalar va hodisalarga bo‘lgan e’tiqodini to‘yintiruvchi chuqur ildizlarga egadir. Dinning psixologik ildizi avvalo inson tabiatida mavjud bo‘lib, u inson intellektining rivojlanish darajasi va tanqidiy fikrlash qobiliyatidan qat’iy nazar, nafaqat tushunish, anglash, balki e’tiqod qilish istagi va hattoki ehtiyojining hamisha namoyon bo‘lishidir. Dinning gnoseologik ildizlari oqilona bilim nuqtai nazaridan dunyo o‘z rang-barangligida insonga cheksiz murakkab bo‘lib tuyulishida namoyon bo‘ladi. Forobiy fikricha “Din nazariy va amaliy qonunlar tuzilgan paytdagina odamlar e’tiqodi, ta’limi tarbiyasi yo‘llari ishlab chiqilgandagina paydo bo‘ladi va mustahkamlanadi. Ana shunday din tufayli omma baxt saodat uchun yetarli bilim olishi mumkin”.1 Odamzot o‘zini qurshagan borliqni faqat qisman anglab yetadi. Ayni shu sababli olam inson uchun sirlar va mo‘jizalarga to‘ladir. Odamzot o‘zi e’tiqod qiladigan ko‘p narsalarni faqat aqlga tayanib isbotlashga ham, rad etishga ham qodir bo‘lmaganidek, yuqorida zikr etilgan sirlar va mo‘jizalarga javob topishga ham (balki hozircha) qodir emas. Psixologlar qayd etganidek, «o‘ta mushkul vazifa aqlni o‘tmaslashtiradi», inson yechimsiz muammolar qarshisida o‘zini ojiz his qiladi va aql dalillarini uydirma, g‘ayritabiiy narsalar bilan osongina to‘ldiradi. Dinning ijtimoiy ildizlari jamiyatda doimo mavjud bo‘lgan tengsizlik, qashshoqlik va adolatsizlikni, odamlar qancha urinmasin o‘zgartira yoki yenga olmaganligi bilan bog‘liq. Adolatsizlik va foniy dunyoning nomukammalligi tuyg‘usi chorasizlik va umidsizlikni yuzaga keltiradi, so‘nggi zikr etilgan tuyg‘ular osongina u dunyoda hayotning mavjudligiga bo‘lgan ishonchga aylanadi. Vaholanki, har qanday din haqiqiy hayot u dunyodadir, deb o‘rgatadi. Muammolar, qiyinchiliklarga duch kelgan va real hayotda o‘ziga tayanch topa olmagan inson g‘ayritabiiy kuchlarga umid bog‘lab, narigi dunyoga murojaat etadi. Ularga e’tiqod qilib, odamzot taskin, tasalli topadi va oxir-oqibatda taqdirga tan beradi. Dinnning siyosiy ildizlari turli siyosiy kuchlarning dindan o‘z mayda-chuyda manfaatlarida foydalanish imkoniyati va shu tariqa uni bevosita yoki bilvosita qo‘llab-quvvatlashi orqali, uning jamiyatdagi roli va ta’sirini kuchaytirishida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda din va siyosat o‘rtasida ham uzviy va doimiy aloqa mavjud. Dinning yashovchanligi shu darajada mustahkamki, hatto hozirgi zamon fanining muhim yutuqlari ham uning negiziga putur yetkaza olgani yo‘q, ilmiy bilimning o‘sishi esa hatto olimlar orasida ham dindorlar va Xudoga ishonmaydiganlarning foiz nisbatini deyarli o‘zgartirmaydi. Masalan, tabiatshunoslik insoniyatga dunyoni bilish borasida cheksiz imkoniyatlar yaratayotgani keng e’tirof etilgan 1916 yilda Jeyms Lyuba o‘z tadqiqotlarida AQSH olimlarining 40% Xudoga ishonishini asoslagan. 90-yillarning oxirida amerikalik tarixchilar E.Larson va I.Uitxem tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot- larda XX asrda amalga oshirilgan buyuk kashfiyotlar va fan yutuqlari ta’sirida olimlar dunyoqarashi qay darajada o‘zgarganini aniqlashga qaror qildilar. Shu bois ularning AQShda tasodifiy tanlangan ijtimoiy fanlar namoyandalari va tabiatshunoslik vakillari orasida o‘tkazgan so‘rovi olimlarning 40% avvalgidek Xudoga va narigi dunyoda hayot mavjudligiga ishonishini ko‘rsatdi. Bunda Xudoga ishonmaydiganlar va ateistlar (Xudoning borligini inkor etuvchilar) soni ham deyarli o‘zgargan emas va bugungi kunda, avvalgidek, taxminan 45 va 15% ni tashkil etadi. Download 92.78 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling