Falsafa ma’ruzalar matni
Download 5.01 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3-mavzu. Ma’naviyat falsafasi. Jamiyatning ma’naviy taraqqiyoti Reja
- Ma’naviyat tushunchasi.
- Ma’naviyat tarkibi
- Urf-odat, rasm-rusm, an’ana va marosimlarning ma’naviyat bilan o’zaro ta’siri
- Ma’naviyat — ochiq tizim.
- Ma’naviyatda milliy va umuminsoniy jihatlar
- Iqtisod va ma’naviyat.
ADABIYoTLAR 1. Karimov I.A. O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li. T., «O’zbekiston», 1992. 2. Karimov I.A. O’zbekiston XXI asrga intilmoqda T., «O’zbekiston», 1999. 3. Karimov I.A. Donishmand xalqimizning mustahkam irodasiga ishonaman. – «Fidokor» gazetasi, 2000 yil, 8 iyun. 4. O’zbekiston XXI asrga intilmoqda. – T.: O’zbekiston, 2000 5. Falsafa kursining ayrim masalalari (T. Sharipov tahriri ostida). — «Farg’ona», 1994. 6. Falsafa. — T., «Sharq», 1999. 3-mavzu. Ma’naviyat falsafasi. Jamiyatning ma’naviy taraqqiyoti Reja: 1. Ma’naviyat-ijtimoiy hodisa. 2. Ma’naviyatda milliylik va umuminsoniylik. 3. Ma’naviyatda axloq va e’tiqod birligi. 4. Ma’naviyat va ijtimoiy taraqqiyot. Ma’naviyat tushunchasi. Ma’naviyat o’zbek tilida ko’p ishlatiladigan, shu bilan birga, eng kam o’rganilgan tushunchalardan biridir. Xuddi shunday fikrni boshqa olimlar ham bayon qiladi: «Ma’naviyat atamasi rasmiy hujjatlarda, ilmiy adabiyotlarda, matbuotda ko’p qo’llanilishiga qaramasdan, ilmiy tushuncha sifatida alohida tahlil etilmagan va ta’riflanmagan» 19 . Kundalik turmushda ko’p qo’llanadigan bu tushunchaning ilmiy jihatdan deyarli o’rganilmagani g’alati tuyuladi. Lekin bunday holatning ildizlari turli davrlarda unga bo’lgan munosabatda ko’rinadi. Bu munosabat esa, sobiq Ittifoq davrida, asosan, uni inkor qilish va unga past nazar bilan qarashda edi. Fanda, xususan, falsafada bu tushunchaning kam o’rganilgani, avvalo, shunda namoyon bo’ladiki, juda ko’p falsafiy tizimlarda unga mutlaqo e’tibor berilmagan, ularning asosiy tushunchalari — kategoriyalar silsilasida unga o’rin ajratilmagan. Bunday holning sababi esa ijtimoiy taraqqiyotda ma’naviyatning o’rnini ilg’ay bilmaslik yoki uni inkor qilishda edi. Marksizm falsafasi bu tushunchaning ijtimoiy taraqqiyotdagi o’rniga e’tibor bermas edi. Shuning uchun Marks falsafasidagi kategoriyalar tizimida unga o’rin ajratilmagan. Sho’rolar davrida falsafa bo’yicha bosilib chiqqan risola va maqolalarda, darslik va o’quv qo’llanmalarida, hattoki falsafiy atamalar lug’atlarida ham bu tushuncha tilga olinmagan. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakatning taraqqiyot rejalari tuzilar ekan, rivojlanishning faqat iqtisodiy jihatlariga emas, ma’naviyat masalasiga ham alohida e’tibor berildi. Bu e’tibor faqat nazariya sohasida emas, amaliyotda ham namoyon bo’ldi. «Xalqning ma’naviy ruhini mustahkamlash va rivojlantirish, — deb yozgan edi Prezident Islom Karimov, — O’zbekistonda davlat va jamiyatning eng muhim vazifasidir» 20 . Mamlakatimizda ma’naviyat masalalari bo’yicha o’quv rejalari va dasturlar tuzildi, o’rta va oliy o’quv yurtlarida ma’naviyat fani kiritildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuzilib, barcha viloyat, shahar va tumanlarda uning bo’limlari ochildi. 1999 yilda Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi tuzildi. Bu sohada respublikamizda qator tadbirlar amalga oshirilgani va oshirilayotganini qayd etish bilan birga, bu tushunchani falsafiy tahlil qilish bo’yicha harakatlar juda sekin amalga oshayotganini ta’kidlash joiz. Mavzu bo’yicha e’lon qilingan bir necha maqola, risola va uch-to’rtta kitoblar hisobga olinmasa, tadqiqotlar olib borish endi boshlanayapti. Bunday vaziyatning sabablarini esa, bizning nazarimizda, totalitar tuzum qoliplaridan, asoratlaridan hanuzgacha qutula olmayotganimizdan izlash kerak. Biz ham o’zimizda shakllanib qolgan munosabatni keskin o’zgartira olmayapmiz. Boshqa fanlarda bo’lgani kabi, falsafada ham hodisalarni o’rganish, ko’pincha ularni ifodalaydigan so’zlarning kelib chiqishini aniqlashdan boshlanadi. «Ma’naviyat» so’zining negizida arabcha «ma’ni» so’zi yotadi. «Ma’naviy» so’zi ma’niga aloqadorlikni bildirsa, «ma’naviyat» «ma’naviy» so’zining ko’plikdagi shaklidir. «Ma’naviyat» atamasining negizida ma’no so’zi yotar ekan, uning mazmuni, ko’lami, tarkibini aniqlab olish ma’naviyat atamasini to’laroq anglashga yordam beradi. Ma’no mohiyatning ifodalanish shaklidir. Shu bilan birga, ma’noning ham o’z ifodalanish shakli bor. Bu shakl so’z va ibora, tildir. Ma’no, bir tomondan, mohiyatning shakli bo’lsa, ikkinchi tomondan, uning o’zi so’z va jumla uchun mazmundir. «Chun g’araz so’zdin erur ma’ni anga», deb yozganida Navoiy xuddi shuni nazarda tutgan edi. Ayni bir mohiyatga turlicha ma’no berilishi faqat fan emas, adabiyot va san’at uchun ham xosdir. Ko’pgina adabiyot va san’at asarlari odamlar, tanqidchilar, mutaxassislar tomonidan turlicha talqin qilinadi. Agar fanda mutaxassislar mohiyatning ko’p ma’noliligidan bir ma’nolilikka qarab harakat qilsalar, san’atda bir shakl yordamida ko’pgina ma’nolarni berish san’atkorning mahoratidan dalolat beradi. «Ma’naviyat» atamasining kelib chiqishiga, uning mohiyati bilan munosabatlariga biroz aniqlik kiritib oldik, deb hisoblasak, navbatdagi vazifa unga yaqin bo’lgan yana bir qator tushuncha va hodisalar bilan umumiy xususiyatlari va tafovutlarini aniqlashdir. 19 Эркаев А. Маънавият – миллат нишони. - Т.: Маънавият, 1999. 12-бет. 20 Каримов И.А. Ўзбекистон: миллий истиқлол, иқтисод, сиёсат, мафкура. Т. «Ўзбекистон», 1-том, 1996. 80-бет. «Ma’naviyat» so’zi qanchalik purma’no ekani, uning ko’p qirraliligi to’g’risida Islom Karimov shunday yozadi: «Er, oila, ota-ona, bolalar, qarindosh-urug’lar, qo’ni-qo’shnilar, xalq, vijdon, mustaqil davlatimizga sadoqat, insonlarga hurmat, ishonch, xotira, erkinlik – ma’naviyatning ana shunday ma’nosi keng» 21 . Falsafiy tizimlar va adabiyotlarda keng qo’llaniladigan tushunchalar ichida «ma’naviyat»ga eng yaqin turadigani «ong» tushunchasidir. Ular o’rtasidagi munosabatlar shunday yaqinki, ma’naviyatsiz ong yoki ongsiz ma’naviyat bo’lishi to’g’risida gap ham yuritib bo’lmaydi. Lekin, bundan «ma’naviyat» va «ong» aynan bir tushuncha, degan xulosa chiqmaydi. Ma’naviyat va ong o’rtasidagi munosabatlarni o’rganish ong tarkibiga kiruvchi bir qator hodisalar bilan ma’naviyat munosabatini alohida-alohida tahlil qilishga zarurat qoldirmaydi. Shuning uchun ong tushunchasining ko’lamini va mazmunini aniqlab olish zarur. Ijtimoiy ongning turli shakllari, nomidan ham ko’rinib turganidek, shakl vazifasini bajarsa, ularning mazmuni ma’naviyatni tashkil qiladi. Bizningcha, ba’zi izohlar bilan, ong shakl va ma’naviyatning mazmuni, deb qabul qilish mumkin. Shu bilan birga, ma’naviyat ham o’z tarkibidagi hodisalarga nisbatan shakl vazifasini bajarishi mumkin. Ong bilan ma’naviyat o’rtasidagi munosabatlarni shakl va mazmunga qiyosan aniqlash ma’naviyat mohiyatini o’rganishdagi dastlabki qadam, xolos. Navbatdagi vazifa esa, mazmunga qiyoslanayotgan ma’naviyatning tarkibini aniqlashdir. Bu masalaning muhimligi shundaki, ma’naviyatning ijtimoiy hayotdagi o’rni va ahamiyati ko’p jihatdan uning tarkibiga bog’liq. Shunisi ham borki, ma’naviyat tarkibi, shu tarkibdagi hodisalar salmog’i turli xalqlar, turli millatlar ma’naviyatida turlicha bo’lishi mumkin. Xuddi shuning uchun ham turli xalq va millatlar o’z milliy ma’naviyatiga ega ekani, aytiladi. Milliy xususiyatlarni o’rganishni milliy ma’naviyatning o’ziga xos xususiyatlarini o’rganishdan boshlashning sabablari ham, bizningcha, xuddi shundadir. Keltirilgan jumlada ma’naviyatning funktsiyalaridan tashqari uning tarkibiga kiruvchi unsurlardan asosiylari ham sanab o’tilgan. Ular iymon-iroda va vijdon kabilardir. Iymon to’g’risida shuni aytish lozimki, u musulmon Sharqi falsafasiga xos tushuncha bo’lib, uning boshqa tillardagi ekvivalentini topish ancha mushkul. Bu so’z keng ma’noli bo’lib, u o’z ichiga e’tiqod, ishonch, poklik singari axloqiy jihatlardan tashqari, iroda va sadoqat singari ruhiy sifatlarni ham qamrab oladi. Ma’naviyat tarkibi rang-barang va juda boy. Bu tarkibiy qismlarning barchasini tahlil qilish uchun juda ko’p vaqt va kuch talab qilinadi. Bundan tashqari, ma’naviyat tarkibiga kiruvchi ong, tafakkur, san’at, axloq, adabiyot, din, e’tiqod kabi ko’plab tushunchalar falsafa, ruhshunoslik, etika, san’atshunoslik, estetika, adabiyotshunoslik kabi fanlarda tahlil qilingan. Shu bilan birga ma’naviyatning tarkibiy qismlarini alohida-alohida tahlil qilish bu murakkab hodisa to’g’risida to’la tasavvur bera olmaydi. Chunki har qanday butunlik alohida-alohida qismlarning mexanik jamlanmasi emas, balki u ularning o’zaro ta’sirga kirishi natijasida vujudga keladi. Ma’naviyat ham o’z tarkibiga kiruvchi ko’plab unsurlarning o’zaro ta’sirga kirishi oqibatida shakllanadi. Ma’naviyat tarkibidagi muhim bir qatlam bilimlardir. Ma’naviyat bilimlar negizida shakllanadi. Ma’no so’zning mag’zi bo’lgani kabi ilmning mag’zi bilimdir. Insonda yoki jamiyatda bilim qancha ko’p bo’lsa, ma’naviy yuksalish uchun shunchalik mustahkam poydevor yaratilgan bo’ladi. Ammo poydevor o’rnatish uyning bitganini bildirmaganday, bilimlar miqdori ham o’z-o’zidan yuksak ma’naviyatni bildirmaydi. Bilim — ma’naviyatning asosi, xolos. Bilimlarning ma’naviyatga ta’siri shundaki, ular ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qilish bilan birga, ma’naviyatga qarshi qaratilishi, ma’naviyatga putur etkazishi ham mumkin. Masalan, insoniyatga juda katta ofat keltirgan fashistlar orasida ham juda bilimli, fanlarni yaxshi egallaganlari talaygina edi. Lekin ular o’z bilimlaridan insonlar va ularning ma’naviyatini, hayotini yuksaklikka ko’tarish uchun emas, ularni erga urib chilparchin qilish yo’lida foydalandilar. Ularni bilimdon odam, deyish mumkin, lekin ma’naviyatli insonlar deyish mumkin emas. Aytish mumkinki, ilm va bilim insoniy qadriyatlar va insoniy axloq bilan uyg’unlashgandagina, yuksak ma’naviyatga asos bo’ladi. Yoshlarga bilim berganda, ta’lim jarayonini tarbiya bilan uyg’un olib borish yuksak ma’naviyatni shakllantirishdagi bosh yo’nalishdir. Ma’naviyat tarkibidagi muhim tarkibiy qismlardan biri axloqdir. U tom ma’noda inson bilimlarini, aql-zakovatini, kuch-quvvatini, butun faoliyatini yo’naltiruvchi kuchdir. Aslida axloq faqat xulqni emas, tafakkurni, aqlni va faoliyatni tartibga solibgina qolmay, muayyan tomonga, maqsadga yo’naltirib ham turadi. Kishining xulqi, faoliyati ma’lum axloqiy me’yorlardan chetga chiqsa yoki ulardan quyiroq bo’lsa, bunday shaxs ma’naviyatsiz shaxs hisoblanadi. Kishi xulqini faqat axloq emas, urf-odatlar, rasm-rusumlar, an’analar kabi hodisalar ham boshqaradi. Ular esa axloq tarkibiga kirmaydilar. Bu hodisalar axloq tarkibiga kirmasa ham, ma’naviyat tarkibida sezilarli o’rin tutadi. Urf-odat, rasm-rusm, an’ana va marosimlarning ma’naviyat bilan o’zaro ta’siri shundaki, oqilona jamiyatning taraqqiyot darajasiga mos keladigan an’ana va marosimlar ma’naviyatni boyitishga, rivojlantirishga xizmat qiladi. 21 Каримов И.А. Ўзбекистон: миллий истиқлол, иқтисод, сиёсат, мафкура. Т. «Ўзбекистон», 1-том, 1996. 72-бет. Masalan, ilm-fanga, hunar o’rganishga intilish, kattalarga hurmat singari ko’plab an’analar ma’naviyat rivojiga xizmat qiladi. Ayni paytda, ortiqcha isrofgarchiliklar, dabdaba bilan o’tkaziladigan marosimlar millat ma’naviyatiga putur etkazish bilan birga iqtisodga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bir paytlar xalqning iqtisodiy va ma’naviy darajasiga mos bo’lgan marosimlarning ba’zilari vaqt o’tishi, iqtisodiy va ma’naviy taraqqiyot tufayli shu xalq rivojiga to’siq bo’lib qolishi mumkin. Ma’naviyat tarkibidagi muhim hodisalardan biri e’tiqoddir. E’tiqod muayyan g’oyaga, ta’limotga bo’lgan qat’iy ishonchni anglatadi. Demak, e’tiqod bo’lishi uchun avvalo, o’sha g’oya, ta’limotning o’zi bo’lishi lozim. G’oya va ta’limotlarda odamlarning, ijtimoiy guruhlarning manfaatlari aks etadi. Lekin g’oya va ta’limotlarning vujudga kelishi uchun manfaatlarning mavjudligi kifoya emas. Milliy yoki ijtimoiy g’oya vujudga kelishi uchun odamlar o’sha mavjud manfaatlarni anglashlari ham kerak. Manfaatlarni anglash darajasi ham turlicha bo’lishi mumkin. Odamlar va ijtimoiy guruhlar o’z manfaatlarini chuqur anglab etgach, bu manfaatlarni ro’yobga chiqarish yo’llari to’g’risida ham puxta tasavvur hosil qilganlaridan keyingina, milliy yoki ijtimoiy g’oyani yaratish imkoni tug’iladi. Ijtimoiy guruhlar mavjud manfaatlarni to’la anglamagan va ularni ro’yobga chiqarish yo’llari to’g’risida etarli bilimga ega bo’lmagan sharoitda ijtimoiy g’oya yaratilsa, u ko’pchilikning ongiga chuqur kirib bormaydi. Manfaatlarni anglash, ularni ro’yobga chiqarish yo’llari va usullari haqida etarli bilimlar asosida vujudga kelgan ijtimoiy g’oya shu ijtimoiy guruhning har bir a’zosi ongiga qanchalik chuqur singib borsa, shunchalik mustahkam e’tiqod paydo bo’ladi. E’tiqodga tayanmagan va e’tiqodga aylanmagan g’oya quruq safsata bo’lib qoladi. E’tiqod alohida bir fikr yoki xulosaga nisbatan emas, balki odatda, fikrlar va xulosalar tizimi negizida paydo bo’lgan g’oya yoki ta’limotga nisbatan shakllanadi. Siyosiy, diniy, axloqiy e’tiqodlar xuddi shu yo’sinda maydonga keladi. E’tiqod ma’naviyat ustunlaridan biridir. E’tiqodsiz ma’naviyat yuksaklikka ko’tarila olmaydi. Uni yuksaklikka qat’iy ishonch, mustahkam e’tiqodgina eltishi mumkin. E’tiqod muayyan g’oya va mafkuraga oddiy, jo’n ishonish emas, balki u qat’iy, kuchli ishonch natijasida shakllanadi. Kuchli ishonch kuchli his-tuyg’ular ta’sirida voyaga etadi. Insondagi eng kuchli va yuksak tuyg’ulardan biri esa muhabbatdir. Elga, diyorga, xalqqa muhabbat shuning uchun ham e’tiqod tarkibidagi eng muhim qismlardan hisoblanadi. Ma’naviyat — ochiq tizim. Butunlik sifatida ma’naviyatning eng asosiy xususiyatlaridan biri uning ochiq tizim ekanidadir. Ma’naviyatning asrlar va ming yilliklar davomida uzluksiz rivojlanib borish sababi ham xuddi mana shu ochiqlikda. Ma’naviyatni tashkil qiluvchi unsurlarning har biri boyib va boshqa unsurlar bilan mutanosiblikda rivojlanib borgani sari ma’naviyat ham boyib, rivojlanib boradi. Bu rivojlanish shuningdek, eskirgan unsurlarning chiqib ketishi va yangi unsurlarning kirib kelishi evaziga ham ro’y beradi. Agar jahondagi biror xalq o’z ma’naviyatini boshqa xalqlar ma’naviyatiga qarshi qo’ysa, yoki ulardan ihotalab olsa, u tanazzulga yuz tutadi. Har bir xalq ma’naviyati boshqa xalqlar ma’naviyatidan oziqlanib va ularga oziq berib boyiydi. Ma’naviyatda milliy va umuminsoniy jihatlar o’zaro uyg’un tarzda mavjuddir. Bu uyg’unlik ma’naviyat tarkibiga kirgan unsurlarda milliy va umuminsoniy jihatlarning uzviy bog’liqligi bilan izohlanadi. Jumladan, axloq, san’at, din singari ijtimoiy hodisalarda ham milliy, ham umuminsoniy jihatlar mavjud bo’lib, ularning mutanosibligi ma’naviyatdagi milliylik va umuminsoniylik mutanosibligini belgilaydi. Shuning uchun ham ma’naviyatdagi milliylik va umuminsoniylik nisbati uning tarkibidagi axloq, san’at, mafkura singari hodisalarda shu jihatlarning qanday mutanosiblikda ekaniga bog’liq. O’zbeklar axloqidagi oriyat, diyonat, kattalarga hurmat, mehmondo’stlik, mehnatsevarlik kabi sifatlarga ularning ruhiyatidagi samimiylik, insof, bag’rikenglik, sharm-hayolilik jihatlari, milliy adabiyot va san’ati qo’shilib o’zbek ma’naviyatining o’ziga xos xususiyatlarini shakllantiradi. Sho’rolar davrida o’zbek milliy ma’naviyatining hayotbaxsh sarchashmalarini, xalq tarixidan uzib qo’yishga, sun’iy va zo’raki baynalmilallashtirishga harakat qilindi. Ular totalitar tuzum kutgan natijani bermagan bo’lsa ham, lekin izsiz o’tib ketmadi. Markazning millat va xalqlarni bo’lib tashlash va hukmronlik qilish siyosati amalga oshirilishi natijasida millatning muayyan qismi ruhiyatida boqimandalik singari illatlar tomir ota boshladi. Milliy istiqlol qo’lga kiritilganidan keyin bu salbiy sifatlardan qutulish va milliy ma’naviyatning o’zagi bo’lgan milliy g’oya, milliy mafkura atrofida xalqni jipslashtirish imkoni tug’ildi. Ma’naviyat falsafasi uning tarkibi, mazmuni va mohiyatini tahlil qilishdan tashqari, uning ijtimoiy hayotdagi o’rnini tahlil etishni ham taqozo qiladi. Jamiyat taraqqiyotida ma’naviyatning o’rni naqadar muhimligini shundan ham bilib olsa bo’ladiki, bu taraqqiyot o’zaro uzviy bog’liq ikki jarayon, ya’ni moddiy ishlab chiqarish va ma’naviy boyliklar ishlab chiqarishning birligidan iborat. Iqtisod va ma’naviyat. Jamiyatning iqtisodiy taraqqiyoti va ma’naviy yuksalish o’rtasidagi bog’lanish turli olimlar va faylasuflar tomonidan turlicha izohlangan. Bu izohlar ko’pincha bir-birini mutlaqo inkor qiluvchi xarakterda bo’lgan. Ma’naviyat va iqtisodiyot o’rtasidagi munosabatlar ba’zan yalpi miqyosda tahlil qilinsa, ba’zan ma’naviyatning muayyan tarkibiy qismlari, xususan, axloq, mafkura, din, ruhiyat kabilarning iqtisodiyotga o’tkazadigan ta’siri o’rganilgan. Masalan, «Ma’naviyat — millat nishoni» kitobida A. Erkaev ta’kidlagani kabi, XX asrdagi yirik faylasuflardan biri Maks Veberning eng katta xizmatlaridan biri uning xristian dinidagi protestantlik mazhabining iqtisodiy taraqqiyotga o’tkazgan ta’sirini kashf etishida bo’ldi. Uning nazariyasiga ko’ra, boylikni, boylik orttirishga intilishni uncha xushlamaydigan xristian dini mazhablari iqtisodiy taraqqiyotga muayyan darajada to’sqinlik qilgan. Boylikni xudoning ne’mati, unga intilishni esa bandalarning burchi deb talqin qiladigan protestantlik esa iqtisodiy taraqqiyot va kapitalistik munosabatlarning rivojlanishiga kuchli turtki bergan. Iqtisodiyot va ma’naviyatning o’zaro bog’liqlik darajasi, ular o’rtasidagi o’zaro ta’sirning har bir yo’nalishidagi kuchi va davomiyligi turli davrlarda turlicha bo’lgan. Tarixga loaqal umumiy tarzda ko’z yugurtirib chiqilsa, ularning parvozi ham, tanazzuli ham ko’pincha bir paytda yuz berganini ko’rish mumkin. Qadimgi Yunoniston va Rimda ma’naviyat yuksak cho’qqilarga ko’tarilganini hamma biladi, lekin aynan, shu davrda bu hudud iqtisodiyoti o’sha davr jahon taraqqiyotining eng yuksak cho’qqilari bo’lganini hamma ham bilmaydi. Movarounnahr tarixida ham ma’naviyat va iqtisodiy taraqqiyot, ularning inqirozi baqamti yuz berganini ko’rish mumkin. Jumladan, milodiy IX-XII asrlarda bu mintaqada ham ma’naviy, ham iqtisodiy sohada ulkan ko’tarilish yuz berdi. Bu davr to’g’risida so’z yuritganda, tarixchilar asosan ma’naviy yuksalish to’g’risida gapiradilar. To’g’ri, Sharq uyg’onish davri dunyoviy va diniy ilmlar, adabiyot va san’atning mislsiz rivoji bilan xarakterli. Shu davrda yuzlab va minglab ulkan allomalar etiishib chiqdiki, ular nafaqat shu hududda yashovchi xalqlar, balki butun insoniyat faxriga aylandilar. Shundaylar jumlasiga Ahmad Farg’oniy, Yusuf xos Xojib, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, al-Xorazmiy, Zamahshariy, imom Buxoriy, imom Termiziy, va boshqa ko’plab olimu fuzalolarni kiritish mumkin. Ularning ko’pchiligi haqida ilmiy risola va badiiy asarlar endigina yozila boshlagan bo’lsa-da, shu dastlabki namunalarning o’zidan ham ma’naviy ko’tarilish ko’lamini tasavvur qilsa bo’ladi. Lekin bu davrdagi iqtisodiy yuksalish to’g’risida juda kam yozilgan. Holbuki, iqtisodiy o’sish ham kishini hayratga soladigan darajada edi. Bunga yozma manbalarga murojaat etib, ishonch hosil qilish mumkin. Iqtisodiy rivojlanish umuman savdoning, xususan tashqi savdoning qaydarajada rivojlanganligida o’z aksini topadi. Uyg’onish davrida O’rta Osiyoda tashqi savdo qay darajada rivojlanganligi to’g’risida tasavvur hosil qilish uchun manbalarga murojaat etish mumkin. Movarounnahrning o’zida savdo va iqtisodiyot rivojlanishidan tashqari, bu erlik savdogarlar dunyoning uzoq mamlakatlarida ham faol savdo ishlari olib borgan. 1150 yilda Vengriyaga borgan arab sayyohi Abu Hamid al-Harnatiy u erdagi bozorlar va savdogarlar to’g’risida shunday yozgan edi: «Unkuriya deb ataluvchi bu mamlakat 78 shahardan iborat. Bu shaharlardan har biri ko’plab qal’a, qishloq, tog’, o’rmon va bog’larga ega. Ularda minglab mag’ribliklar yashaydi. Ularning son-sanog’i yo’q. Ularda minglab xorazmliklar ham yashaydi. Ularning ham son-sanog’i yo’q. Xorazmliklar savdo bilan shug’ullanadi va podshoga xizmat qiladi» Iqtisodiyot va ma’naviyatning o’zaro uzviyligini faqat ma’naviyat bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar emas, iqtisodchi olimlarning ko’pchiligi ham chuqur anglaganlar. Masalan, XX asrning ko’zga ko’ringan iqtisodchilaridan biri Jon Meynard Keyns bu aloqadorlikni anglabgina qolmay, o’zining fandagi xizmatini asosiy ruhiyat qonuni deb atalgan qonunni kashf etishda, deb bilgandi. Bu qonunga ko’ra, daromadlarning o’sishi, boylik ortishi natijasida iste’molga bo’lgan mayl pasayadi. Odamlarda hisob-kitob bilan iste’mol qilish, ehtiyotkorlik, baxillik kabi xususiyat va motivlar paydo bo’ladiki, ular endi talabning pasayishiga va u orqali ishlab chiqarish sur’atlarining sekinlashishiga olib keladi. Keyns jami sakkizta shunday motivni aniqlagan edi. Keyns aniqlagan motivlar va ularning ishlab chiqarishga ta’siri alohida bahs talab qiladi. Lekin iqtisodchi sifatida jahonga mashhur bo’lgan olimning ruhiyatga aloqador masalalar bilan jiddiy shug’ullanishi e’tiborga molikdir. Ma’naviyat iqtisodiy jarayonlarni harakatga keltiruvchi, rivojlantiruvchi muhim omillardan hisoblansa ham, uning o’zi iqtisodiyot bilan uzviylikda yuqori cho’qqilarga ko’tarilishi mumkin. U iqtisodiy tushkunlik davrida ham rivojlana olsa-da, uning haqiqiy yuksaklikka ko’tarilishi iqtisodiy o’sish, rivojlanish davrida yuz beradi. Bunga G’arb tarixi ham, Sharq tarixi ham guvohlik beradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, Sharqdagi Uyg’onish davrida ma’naviyatning gullab-yashnashi iqtisodiyotning barq urib rivojlanishi bilan birga kechdi. Keyinroq G’arb Uyg’onish davrida ham ma’naviyat va iqtisodiyot birgalikda rivojlangan edi. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin. Ma’naviyatning iqtisodiyot tushkunlikka uchragan hollarda ham rivojlanaverishi nisbatan qisqa davrda va cheklangan hududlarda yuz bergan. Bundan tashqari, ma’naviyat iqtisodiyotdan uzoqlashar ekan, asta-sekin inqirozga yuz tutgan. Buning sababi shundaki, jamiyat hayoti o’zaro bir-biri bilan chambarchas bog’liq bo’lgan ikki qism — iqtisodiy va ma’naviy hayotga bo’linadi. Ularni bir-biriga qarshi qo’yish, bir-biridan ajratish voqelikka zid bo’lib, oxiri muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi. XIX-XX asr adabiyotining mumtoz namunasi hisoblangan Balzak, Edgar Po, Jek London, Folkner singari yozuvchilar yaratgan qahramonlar ham pul va boylik to’plash to’g’risida tunu kun bosh qotiradi. Boylik to’plash uchun ular qahraton shimolga yoki jazirama janubga boradilar. Ular qilgan qabohatlar ham, qahramonliklar ham boylik bilan bog’liq edi. Bu yozuvchilar ijobiy qahramonlarning olijanob ishlarini ta’riflashda boylik qanday o’rin tutganini e’tirof qilish bilan birga, qabohatlarning kelib chiqishiga ham boylik sabab bo’lganini ishonarli bo’yoqlarda tasvirlagan. Biz Maks Veber protestantlik mazhabi jamiyatning boyishiga katta turtki berganini kashf qilgani haqida gapirdik. Savdo xodimlari, hisobchi-buxgalterlar, omborchilar, dallollar singari iqtisodiy hayotning zarur odamlarini faqat qora bo’yoqlarda tasvirlagan sobiq sovet adabiyoti esa jamiyatning boyishiga, iqtisodiy jihatdan yuksalishiga hissa qo’shishi mumkin emas edi. Mana shu misol ham adabiyot va san’at, umuman, ma’naviyat iqtisodga teskari qarab olganda inqirozga uchrashi va iqtisodiy taraqqiyotga to’siq bo’lib qolishini ko’rsatadi. Download 5.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling