Mustaqillik yo’lidagi urushlarning tugashi. Argentinada mustaqillik uchun qurolli kurash 1810-yilda boshlandi. Kurash boshlangan 25-may kuni Argentina xalqining milliy bayram kuni bo’lib qoldi. Argentinani Xose San-Martin qo’mondonligidagi inqilobiy qo’shin ozod qildi. So’ngra uning qo’shini Chili bilan Peruning ozod bo’lishiga yordam berdi. 1822-yilda Braziliya Portugaliyadan ajralib chiqdi, ammo yangi davlatda qulchilik saqlanib qolganligi va quldorlar juda kuchli bo’lganligi uchun u respublika emas, balki monarxiya bo’lib qoldi. 1824-yil dekabrida Peruni mustaqillikdan mahrum qilmoqchi bo’lgan ispan qo’shinlarini Bolivar qo’shini tor-mor etdi. Peru Ispaniya zulmidan uzil-kesil ozod bo’ldi. Kelgusi yil yangi respublika-Boliviya barpo etildi, bu mamlakat mustamlakachilikka qarshi kurashda o’ziga yordam bergan Bolivar nomi bilan shunday atala boshlandi. 1826-yilda Argentina, 1830-yilda Urugvay, 1869-yilda Kuba mustaqil Respublika deb e’lon qilindi. Lotin Amerikasidagi mustaqillik uchun urushlar yakunida Ispaniya zulmi ag’darib tashlandi va bir qancha yangi mustaqil milliy davlatlar barpo etildi. Braziliyadan tashqari ularning hammasida respublika tuzumi o’rnatildi. Lotin Amerikasidagi mustaqillik uchun urushlar mustamlakachilikka qarshi milliy ozodlik urushi hamda burjua inqiloblari ham edi. Bu inqiloblarda yerli aholi-Ispaniya bilan Portugaliyaning Mustamlakachilik zulmidan ozod bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |