2 BOB. SIQILGAN GAZNI QURITISH JARYONINI AVTOMATLASHTIRISH.
2.1. SIQILGAN GAZNI QURITISH TEXNOLOGIK TIZIM YOZUVI.
Neftni qayta ishlash sanoatida adsorbtsiya jarayoni tabiiy va yo`ldosh gazlar tarkibidan benzin komponentlarini ajratishda, vodorod va etilen olish uchun gazlarni ajratishda, suyuqlik va gazlarni quritish va tozalashda, benzin fraktsiyasi tarkibidan past molekulyar aromatik uglevodorodlarni ajratishda, moylarni tozalashda qo`llaniladi. Boshqa modda almashinish jarayonlaridan farqli ravishda, bu jarayon aralashma tarkibida ajratiladigan modda kontsentratsiyasi past bo`lganda yaxshi samara beradi.
Siqilgan va sovutilgan gaz gorizontal separator 1 ga kelib tushadi. Separatorda gaz o’zi bilan qo’shilib kelgan mexanik aralashmalar va suyuqliklardan ajratiladi. Ajratilgan mexanik aralashmalar va suyuqliklar kondensat sig’mida yig’iladi. Suyuqliklar gazsizlantirish blokiga yuboriladi, mexanik aralashmalar esa sistemadan chiqarib yuboriladi. Separator 1 ning yuqori qismidan chiqqan gaz adsorber 2 ning biriga uzatiladi. Adsorberlar adsorbent bilan to’ldirilgan bo’lib, u gazning tarkibidagi namlikni o’zida yutib qoladi. Qurigan gaz quruq gazlar kollektori orqali chiqoriladi.
Ikkinchi adsorber shu vaqtda regeneratsiya holatida turgan bo’ladi. Adsorberlarning bir rejimdan boshqasiga o’tishi manifold orqali amalga oshiriladi. Adsorberlardan chiqqan quritilgan gaz o’lchov liniyasiga keyinchalik esa umumiy kollektorga uzatiladi. Quritilgan gazning sovutish harorati -30◦C dan yuqori emas.
Adsorbentning regeneratsiyasi quruq gaz bilan amalga oshiriladi. Regeneratsiyalovchi gaz quruq gaz oqimidan ajratib olinadi va compressor 3 bilan isitish pechi 4 ga yuboriladi. Quruq gaz temperaturasi 170-190 ◦C gacha yetkazilganidan so’ng desorber (ikkinchi adsorber)ning pastki qismidan tepaga qarab uzatiladi. Quruq gaz o’zining katta temperaturasi evaziga adsorbent tarkibidagi og’ir uglevodorodlar va namlikni o’zi bilan olib chiqadi. Chiqqandan so’ng gaz havoli sovutgich 5 da sovutiladi. 50 ◦C gacha sovutilgan gaz regeneratsiyalovchi gaz separatoriga beriladi. Separatorda gaz tarkibidagi og’ir uglevodorodlar va namlik kondensatsiyalanadi. Separatordan keyin gaz o’sha gorizontal separator 1 ga uzotiladi va qaytadan quritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |