1-§. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish
O‘zbek tilini siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalarda qo‘llash doirasini kengaytirish, undan davlat tili sifatida to‘liq va to‘g‘ri foydalanishni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash mexanizmini ishlab chiqish hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlarini joriy etish;
barcha vazirlik va idoralar tarkibida ish yuritish, shuningdek barcha idoralararo hujjatlar aylanishi davlat tilida bo‘lishini to‘liq ta’minlash va bu jarayonda davlat tiliga qat’iy amal qilishni nazorat qilish;
davlat tilini rivojlantirishga doir yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish;
davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun onlayn dasturlar yaratish;
lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga to‘liq o‘tishni ta’minlash.
2-§. Ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish
Ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish yo‘nalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish tizimini takomillashtirish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, o‘zbek tili bo‘yicha mashg‘ulot va dars soatlarini ko‘paytirish;
o‘zbek tili bo‘yicha bilimlarni baholash tizimini takomillashtirish;
o‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yori va qoidalarini o‘rganish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida qisqa muddatli o‘quv kurslarini muntazam ravishda tashkil qilib borish va masofaviy o‘qitish tizimida ta’lim olish imkoniyatini yaratish;
ta’limning barcha bosqichlarida davlat tili o‘qitilishi hamda o‘zbek tili va adabiyotini yanada rivojlantirish borasidagi ilmiy, ilmiy-amaliy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish;
o‘zbek tili o‘quv leksikografiya tarmog‘ini rivojlantirish, zamonaviy, yangi avlod o‘quv lug‘atlarini tuzish hamda ularning elektron shakllarini va sohalar bo‘yicha atamalar lug‘atini yaratish;
o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari to‘la hisobga olingan imlo va punktuatsiya qoidalari aks ettirilgan “O‘zbek tili me’yorlari” ilmiy-ommabop o‘quv qo‘llanmasini nashrga tayyorlash;
davlat oliy ta’lim muassasalarining ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan yo‘nalishlarida “O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi” fanini o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish;
barcha oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichida “Kasbiy nutq madaniyati” fanini joriy qilish;
oliy ta’lim muassasalarining filologiya ta’lim yo‘nalishlarida “Kompyuter lingvistikasi”, “Amaliy filologiya” yo‘nalishlarini tashkil qilish;
o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishning zamonaviy metodikasini yaratish;
birlamchi moddiy va yozma manbalar asosida o‘zbek tilining ko‘p ming yillik tarixiy rivojlanishini yoritib beruvchi ilmiy adabiyotlarni nashrga tayyorlash va chop etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |