www.ziyouz.com kutubxonasi
96
66-bob. Masjidda o‘q-yoyning uchidan ushlab yurilg‘aydir
Sufyon raziyallohu anhu quyidagi hadisni aytib berdilar: «Men Amrga: «Sen Jobir ibn
Abdullohning «Bir kishi masjidda o‘q-yoy birlan yurgan erdi. Rasululloh sallallohu alayhi
va sallam unga: «Yoyning uchidan (tig‘idan) ushlab yurg‘il!» — deb aytgan erdilar»
deganini eshitganmisan? » — dedim. Amr: «Ha, eshitganman»,— dedi».
67-bob. Masjidda yurish tartibi
Abu Muso naql qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki bizning
masjidlarimizda yokim bozorlarimizda yoyga o‘xshash tig‘li narsa birlan yuradirg‘on ersa,
uning tig‘idan ushlab yursin, tokim biror musulmong‘a jarohat yetkazmagaydir!» —
deganlar».
68-bob. Masjidda she’r aytmoq to‘g‘risida
Abu Salama ibn Abdurrahmon ibn Avf quyidagi hadisni aytib berganlar: «Hasson ibn
Sobit (shoir), Abu Hurayraning guvoh bo‘lmoqlarini so‘rab: «Olloh haqqi-hurmati,
aytingiz-chi, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «Ey Hasson, ilohi, Rasulullohga
Ruh ul-Quddusni (Jabroilni) madadkor aylag‘il, deb (she’r) ayt!» deganlarini
eshitganmisiz?» — dedi. Abu Hurayra: «Ha, eshitganman»,— dedilar».
69-bob. Nayzabardorlarning masjidga kirmog‘i joiz
Oisha onamiz bunday degan erdilar: «Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning
hujram eshigi oldida turganlarini va habash jangchilar harbiy mashq qilayotganini
ko‘rdim. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam meni, ularning o‘yiniga qarayotganimda,
ridolari birlan to‘sar erdilar». Ushbu hadisni Ibrohim ibn Munzar: «Oisha onamiz:
«Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni ko‘rdim, habash jangchilar (u yerda)
nayzabozlik qilishayotgan erkan»—deganlar», deb bir oz o‘zgartirib aytib berdi.
70-bob. Masjid minbaridan turib oldi-sotdi to‘g‘risida so‘zlash
Oisha onamiz huzurlariga Burayra ismli ayol kelib, o‘zining qullikdan ozod bo‘lmog‘iga
to‘lanadigan pulga yordam qilmaklarini so‘radi. Oisha onamiz: «Agar istasang, men
zimmangdagi mablag‘ni egangga berg‘aydirman, lekin unda sen mening panohimga
o‘tg‘aydirsan»,— dedilar. Uning egalari: «Agar shuni xohlasangiz, zimmasida qolgan
qarzini siz bera qolingiz»,— deyishdi. Sufyon: «Agar xohlasangiz, uni ozod qilingiz, lekin
u bizning panohimizda qolg‘aydir, deyishgandi»,—degandilar. Rasululloh kelganlaridan
keyin Oisha onamiz haligi gapni aytdilar. Shunda Rasululloh: «Uni sotib olg‘il va ozod
qilg‘il, kimki ozod qilgan ersa, u o‘shaning panohiga o‘tg‘aydir»,—dedilar. So‘ng,
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam minbarga chiqib: «Ne bo‘ldi odamlarga, Olloh
taoloning Kitobida yo‘q narsalarni shart qilib qo‘ygaydir, garchi ul yuz karra shart qilib
qo‘ysa ham, mutlaqo hisobga o‘tmagaydir» deb aytdilar»,— deydilar Sufyon. Imom
Molik Oisha onamiz haqlarida rivoyat qilgan hadisda «Minbarga chiqdilar» degan joyi
yo‘q.
Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy
Do'stlaringiz bilan baham: |