Namangan davlat universiteti tarixi kafedrasi
-mavzu. Sovetlar andozasi asosida TASSR. XXSR va BXSR larning tashkil topishi
Download 1.22 Mb.
|
Ozbekiston davlatchiligi tarixi fanidan majmua 2020
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch so‘z va iboralar.
18-mavzu. Sovetlar andozasi asosida TASSR. XXSR va BXSR larning tashkil topishi.
Reja 1. Turkiston Avtonom Sovet Respublikasining tashkil topishi 2. Xiva xonligining ag‘darilishi. Xorazm Xalq Sovet Respublikasining tashkil topishi 3. Buxoro amirligining ag‘darilishi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi. Tayanch so‘z va iboralar. Turkiston Respublikasi, o‘lka konferensiyasi, Turkiston konstitutsiyasi, Milliy ishlar xalq komissarligi, “Sovet avtonomiyasi”, Turkiston KP, Turkkomissiya, Turkiston Respublikasi to‘g‘risidagi nizom, Musbyuro, “Idorai mashrutiya”, Amudaryo bo‘limi, Favqulodda komissiya, Muvaqqat inqilobiy hukumat, XNK, Butunxorazm sovetlari, BXSR, “YOsh buxoroliklar”, demokratik kuchlar, Xalq Nozirlar SHo‘rosi, muvaqqat harbiy-siyosiy bitim, Buxoro Konstitutsiyasi, BSSR. Turkistonda hokimiyatning faqat ishchilar va evropalik millat vakillari qo‘lida bo‘lib qolishi o‘lkadagi barcha demokratik kuchlarning hukumatga bo‘lgan ishonchsizligini kuchaytirib yubordi. Bunga qarshi Markazdagi bolsheviklar hukumati chekka o‘lkalar, shu jumladan Turkistonda ham “sovetcha asosdagi avtonomiya” o‘rnatishga qattiq kirishdi. Bu vazifani amalga oshirish uchun Moskvadan ko‘plab partiya va sovet xodimlari Turkistonga jo‘natildi. Jumladan, P.A. Kobozev O‘rta Osiyoning favqulodda komissari qilib yuborildi. 1918 yil 20aprel-1may kunlari Toshkentda Turkiston o‘lkasi Sovetlarining V s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unda “proletar demokratiyasi”ga tegishli tamoyillari bo‘yicha tanlab olingan 251 deputat (shundan 120 tasi tub millat vakillari) ishtirok etdi. S’ezd kun tartibidagi asosiy masala Turkistonda Sovet mafkurasiga asoslangan bolshevikcha avtonomiya yaratish bo‘ldi. Sovetlarning V o‘lka s’ezdi o‘zining markaziy hokimiyatga tobeligini ochiq namoyon etib, Moskvaga sovet Rossiyasi siyosiy rahbariyatining “barcha inqilobiy shiorlari hayotga qat’iy tadbiq etilishi” ta’kidlanib telegramma jo‘natdi. Bunga javoban V.I.Lenin va I.Stalin zudlik bilan javob telegrammasi yo‘lladilar. Unda quyidagi so‘zlar bor edi: “...sovnarkom sizning sovetlar asosidagi o‘lkangiz avtonomiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz siz boshlagan ishlarni yoqlaymiz va butun o‘lkani sovetlar tarmog‘i bilan qoplaysiz, mavjud sovetlar bilan to‘liq aloqada bo‘lasiz deb to‘liq ishonamiz”. S’ezd delegatlari Lenin va Stalinning ko‘rsatmalari asosida 1918 yil 30 aprelda “Rossiya Sovet Federatsiyasi Turkiston Sovet avtonom respublikasi” haqida Nizomni qabul qildi. Ushbu Nizomda Turkistonda davlat qurilishi asoslari, uning hududi, oliy qonunchilik va ijroiya organlari, mahalliy organlar tuzilishi, vazifalari va ularning sovet Rossiyasi bilan o‘zaro munosabatlari belgilab berildi. Ushbu Nizom Turkistonda avtonom respublika tuzilganligini qayd etib, unga muvofiq, Buxoro va Xivadan tashqari, Turkiston o‘lkasining geografik chegaralaridagi butun hudud Rossiya sovet federatsiyasining Turkiston Sovet Respublikasi deb e’lon qilindi. “Nizom”da Turkiston Respublikasi avtonom ravishda boshqarilib, “o‘z xatti-harakatlarini Rossiya Sovet Federatsiyasi markaziy hukumati bilan muvofiqlashtiradi”, deb qayd etildi. S’ezdda “markaziy hukumat bilan o‘zaro munosabatlarni belgilash uchun” besh kishidan iborat komissiya tashkil etish va Moskvaga yuborishga qaror qilindi. S’ezd sovet Turkistonining qonun chiqaruvchi oliy organi - Markaziy Ijroiya Komiteti (Tur SIK)ni sayladi. 36 kishidan iborat bu komitetning yarmi bolsheviklar, yarmi so‘l eserlar (18 tadan) edi. Ushbu komitet sovetlar s’ezdlari oralig‘idagi davrda o‘lkada oliy hokimiyat vazifalarini bajaruvchi oliy qonunchilik organi bo‘ldi. Turkiston MIK raisi qilib Markazdan hukumatning favqulodda komissari P.A.Kobozev (hamrais qilib A.Salkin) saylandi. SHuningdek, Turkiston XKS tarkibiga 16 kishi (9 ta bolshevik va 7 ta so‘l eser) kiritildi. Mahalliy millat vakillaridan to‘rt kishi – S.Jo‘raboev, S.YUsupov, SH.Ostonboev va S.Azimboevlar Turkiston MIKga saylanib, S.Tursunxo‘jaev sog‘liqni saqlash xalq komissari sifatida hukumat tarkibiga kiritildilar. 1918 yil 17-25 iyunda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiston bolsheviklarining o‘lka konferensiyasi Turkiston kommunist-bolshevik-lar partiyasining I s’ezdi deb nomlandi. O‘lkadagi kommunistik guruhlar ushbu s’ezdda ilk marta tashkiliy jihatdan rasmiylashib, Rossiya KP (b) tarkibidagi Turkiston Kompartiyasiga asos soldilar. S’ezdda 7 kishidan iborat Markaziy komitet saylanib, uning tarkibiga mahalliy komunistlardan Nizomiddin Xo‘jaev ham kiritildi. “Temir qonun”, “po‘latdek kuchli intizom”, “diktatorlik vakolatlari” kabi sinfiy xislatlarni o‘zida mujassamlashtirgan Turkiston KP Rossiya KP (b)ga bo‘ysunar edi. Turkiston kommunistlari Markaz bergan har qanday topshiriqlarni so‘zsiz ijro etishlari natijasida Turkiston o‘lkasining Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy qaramligi mustahkam asoslarda shakllandi. Turkiston avtonom respublikasi sovetlarining VI favqo‘lodda s’ezdi 1918 yil 5-14 oktyabrda g‘oyaviy kurashlar jarayonida kechgan bo‘lsa-da, unda Turkiston MIK maxsus komissiyasi tomonidan tuzilgan Turkiston avtnoom Respublikasining konstitutsiyasi muhokama etildi va tasdiqlandi. YAngi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy tuzumni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan ushbu konstitutsiya Turkistondagi quyidagi Xalq komissarliklarini qonun kuchi bilan mustahkamladi: tashqi ishlar, harbiy ishlar, ichki ishlar, adliya, mehnat va ijtiomiy ta’minot, maorif, pochta va telegraf, temir yo‘l, dehqonchilik, oziq-avqat, davlat nazorati, millatlar ishlari, xalq xo‘jaligi Markaziy kengashi. Konstitutsiyaga ko‘ra, ishchi, soldat va dehqon deputatlarning sovetlari Respublika mahalliy davlat hokimiyati organlari hisoblanib, Turkiston avtonom Respublikasining tarkibida 5 ta: Sirdaryo, Ettisuv, Farg‘ona, Kaspiy orti, Samarqand viloyatlari mavjud bo‘lgan. S’ezdlar orasida viloyat (oblast)ijroya komiteti davlat hokimiyat organi bo‘lib hisoblangan. Markazda va joylarda inqilobiy komitetlar (revkom) ham tuzilib, ular nazorat va reviziya (taftish) qilish, kengashlarni tarqatib yuborish kabi vakolatlarga ega bo‘lganlar. Viloyat kengashlari va ijroiya komitetlari qoshida boshqaruv, harbiy, adliya, mehnat va ijtimoiy ta’minot, xalq maorifi, moliya, pochta va telegraf, er-suv, oziq-ovqat, davlat nazorati, sog‘liqni saqlash, kommunal sovet kabi bo‘limlar ochilgan. Konstitutsiyaga ko‘ra, viloyatlar uezdlarga, volost, shahar, qishloq va ovullarga bo‘lingan. Uezd, shahar sovetlari o‘zlarining ijroiya komitetlari va bo‘limlariga bo‘lingan. Qishloq va ovul ijroiya komitetlari esa o‘z bo‘limlariga ega bo‘lmagan. Rossiyaning Turkistondagi siyosiy hukmronligi, birinchidan, o‘lkada sovetcha asosdagi avtonomiyaning o‘rnatilishi bilan joriy etilgan bo‘lsa, bu jarayonning ikkinchi bosqichi, davlat boshqaruvi asosiy vazifalarining markaziy federal hukumatga topshirilishini konstitutsiya yo‘li bilan rasmiylashtirilishi bo‘ldi. Zero, Turkiston Respublikasi Kosntitutsiya-sining 7-bob, 30-§ ilovasida yozilishicha, mudofaa, tashqi aloqalar, pochta-telegraf, dengiz ishlari, temir yo‘llar, bojxona, savdo-sotiq, sanoat va moliya masalalari markaziy federal hukumat ixtiyorida qoldirilgan edi. Achinarli tomoni shunda ediki, mahalliy aholining katta qismi o‘lkaning davlat tuzilishini belgilab beruvchi asosiy hujjat bilan hech bo‘lmaganda umumiy tarzda ham tanisha olmadi. Sababi, u mahalliy tillarda e’lon qilinmagan edi. Ushbu hujjatda sovetlarga xos “o‘z taqdirini o‘zi belgilash” Turkistondagi mahalliy aholining mustamlaka holatini o‘zgartirmadi. Davlat hokimiyat organlarining tarkib topgan tuzilmasida, ularni shakllantirishning tor sinfiy tomonli sharoitida ular har qanday avtonomiyaning asosiy negizi bo‘lgan huquqdan-milliy-hududiy birlik aholisining davlat hokimiyatini mustaqil amalga oshirilishi huquqidan foydalanish imkoniyatiga ega emas edilar. Tadqiqotchilarning fikricha, konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan “sovet avtonomiyasi” o‘z mohiyatiga ko‘ra milliy-hududiy birlik edi. 1919 yilning mart oyida Turkiston respublikasi sovetlarining Favqulodda VII s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unga qadar 1918 yil 10 avgustda (V o‘lka s’ezdida) Milliy ishlar xalq komissarligi bo‘yicha maxsus Nizom qabul qilingan edi. Ushbu Nizomga ko‘ra, Milliy ishlar xalq komissarligida statistika, tashkiliy-tashviqot va madaniy oqartuv bo‘limlari tashkil qilingan edi. Ammo, Turkiston hukumati a’zolaridan Kazakov, Uspenskiy, Salkin kabilar Turkiston MIK qoshidagi milliy ishlar seksiyasini tarqatib yuborishni so‘rab VII s’ezdga loyiha taqdim etdilar. Ular mazkur seksiyani “millatchilikning bir ko‘rinishi” sifatida baholadilar. SHunga qaramasdan, milliy masaladagi murakkab vaziyatni hisobga olgan RKP (b) MK 1919 yil 3 iyulda “Hokimiyatga mutanosib vakillik to‘g‘risida” degan qaror qabul qilishga majbur bo‘ldi. Ushbu qarorda Turkiston mahalliy aholisining partiyaga mansubligi shart qilib qo‘yilmasdan, ularni mutanosib ravishda davlat qurilishi ishlariga keng jalb qilish zarur deb ko‘rsatilib, mahalliy aholining mol-mulkini majburiy ravishda davlat ixtiyoriga olishni (rekvizitsiya) to‘xtatish vazifasi ham qo‘yilgan edi. Turkiston respublikasi hukumati bu qarorni yashirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, shov-shuvlardan so‘ng uni e’lon qilishga majbur bo‘ldilar. Ammo, ushbu qaror bo‘yicha e’tiborga molik biror-bir amaliy ish qilinmadi. Sovetlar tuzumi Turkistondagi boshqaruvni tashkil etishda katta byurokratik apparatning paydo bo‘lishiga zamin yaratgan edi. Biroq, tadqiqotchilarning fikricha, bolsheviklarning kadrlar masalasidagi siyosati nafaqat milliy sohada, balki uquvsizligi bilan ham ajralib turadi. Misol uchun, davlatning mas’ul lavozimlarida mutlaqo savodsiz odamlarning ishlashi tabiiy hol edi. Bu xodim bolsheviklar manfaatini himoya qilishi kifoya edi. Undan tashqari, Turkistondagi oliy hokimiyat – Turkiston MIK, hukumat – Turkiston XKS, g‘oyaviy rahnamo – Turkiston KP kabi o‘lka boshqaruvida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tashkilotlar mahalliy aholi ixtiyorida bo‘lmagan. Tadqiqotlarga ko‘ra, Turkiston XKS va Turkiston Iqtisodiy Kengashidek yuqori vakolatli organlarda o‘zbeklar ishlamagan. O‘lka boshqaruvidagi barcha yirik tashkilotlar, komissarliklarning milliy tarkibi umumiy ko‘rsatkichlarda quyidagicha edi1:
1919 yilning 8 oktyabrida V.Lenin Butunrossiya MIK va RSFSR XKSning Turkiston ishlari bo‘yicha komissiya (Turkkomissiya) tuzish to‘g‘risidagi qarorini imzoladi. Bu komissiya tarkibiga SH.Z.Eliava – rais, M.V.Frunze, V.V.Kuybishev, YA.Rudzutak, F.I.Golosheykin, T.I.Bokiylar kirdilar. Ushbu komissiya juda katta vakolatlarga ega bo‘lib, jumladan, Butunrossiya MIK va XKSning vakolatiga, Turkiston hududlarida va qo‘shni davlatlarda ularning nomidan ish ko‘rish huquqiga, RKP (b) MK nomidan respublikada oliy partiya nazorati va rahbarligini amalga oshirishga, o‘lka partiya tashkilotlarini tarqatib yuborish, favqulodda s’ezdlar va konferensiyalar chaqirish hamda partiya MK qarorlarini qat’iy bajarishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish huquqlariga ega edi. Ushbu komissiyaning asosiy maqsadi – mahalliy aholi manfaatlari yo‘lida ishlash emas, balki Turkistonda sovet hokimiyatining mavqeini mustahkamlash, imperiyaviy markaz bilan lenincha rahbariyatning go‘yo “strategik to‘g‘ri yo‘lini buzgan”, yangi hokimiyatning maqsad va mohiyatlarini “buzib” ko‘rsatgan mahalliy arboblar faoliyatini nazorat qilish hamda ular o‘rtasidagi masofani uzoqlashtirishdan iborat edi. Turkiston komissiyasi amalda mintaqadagi barcha partiya, sovet, xo‘jalik va partiya tashkilotlariga rahbarlik qilib, Markazdagi bolshevikcha siyosatni qat’iy ravishda amalga oshirishga kirishdi. Turkkomissiya o‘lkadagi butun hokimiyatni to‘laligicha o‘z qo‘lida to‘plab, faqat markaz manfaatlarini amalga oshiruvchi “davlat ichidagi davlat” vazifasini bajardi. Sovet hokimiyatining Turkiston respublikasida hayotga tatbiq etgan dekret va qarorlari mahalliy xalqlarni mustamlakachilik asoratida tutib turish uchun xizmat qilgan edi. Xususan, Butunrossiya MIKning 1920 yil 10 apreldagi “Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasi to‘g‘risidagi” qarorida, 1921 yil 11 apreldagi “Turkiston Sovet Sotsialistik Respublikasini ta’sis etish to‘g‘risidagi” dekretda, RKP (b) MK 1920 yil 19 iyunda qabul qilgan “Turkiston Respublikasi to‘g‘risidagi” Nizomda, umuman, RKP (b) tomonidan e’lon qilingan ko‘plab dekretlar, chaqiriqlar, murojaatnomalarda ko‘zda tutilgan xalqlarga erkinlik berish, o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash, ajralib chiqib mustaqil davlat tuzish huquqi o‘rniga Turkiston o‘lkasiga yarim huquq va erkinliklar berish, uni Rossiya tarkibidagi avtonom respublika shaklida saqlash siyosati izchillik bilan amalga oshirildi. Turkiston o‘lkasi mustamlakachilikning yangi “sovet” shakliga aylandi. Sovet hokimiyatining Turkistonda olib borgan mustamlaka boshqaruv siyosati hamda markazlashtirish harakatlari TSR boshqaruv organlarida faoliyat ko‘rsatayotgan milliy rahbar xodimlarning kuchli noroziliklariga sabab bo‘ldi. Milliy kommunistlar o‘lkadagi bolsheviklar siyosatiga ochiqdan ochiq qarshi chiqa boshladilar. Milliy rahbar xodimlarning norozilik kayfiyatlarini yuzaga chiqishida 1919 yil martda tuzilgan o‘lka Musulmonlar byurosi (Musbyuro) muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. CHunonchi, Qayg‘usiz Otaboev, YUsuf Aliev, Abdulla Rahimboev, Sanjar Asfandiyorov, Nazir To‘raqulov, Inomjon Xidiraliev kabi ko‘plab milliy rahbar xodimlar Turor Risqulov raisligidagi Musbyuro atrofida birlashgan edilar. 1920 yil yanvar oxirlarida Musbyuroning III konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada Turkistondagi uchta partiyaviy tashkilot – TKP O‘lka komiteti, Musbyuro va ajnabiy kommunistlar partiyasi yagona kommunistik partiyaga birlashtirildi. Konferensiya qarorida “Turkiston turkiy xalqlarining kommunistik partiyasi” deb rasmiy nomlangan ushbu partiya keng mehnatkashlar ommasining partiyasi bo‘lishi, RKP (b) MKga nisbatan viloyat (o‘lka) komiteti huquqlaridan foydalanuvchi va unga bo‘ysunuvchi o‘z MK tomonidan boshqarilishi kerak edi. SHuningdek, konferensiyada T.Risqulov tomonidan Turkiston Sovet Respublikasi nomini o‘zgartirib, uni Turkiston respublikasi deb atash taklif qilinganda bu taklif konferensiya ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Taklif etilgan Turk respublikasiga TSR dan tashqari qo‘shni milliy respublikalarda (hoz. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlari) yashovchi turkiy xalqlar kirishi kerak edi. T.Risqulov o‘z ma’ruzasida Turkiston respublikasi Konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqish, musulmonlarning alohida armiyasini tuzish hamda qizil armiyaning musulmon bo‘lmagan barcha qismlarini Turkistondan olib chiqib ketish masalasini ham ko‘targan edi. T.Risqulovning ushbu g‘oyalari TKPning V o‘lka konferensiyasi (1920 yil yanvar) da ham ma’qullandi. Musbyuroning III konferensiyasi “Turkiston muxtoriyati va Konstitutsiyasi haqidagi rezolyusiya” qabul qildi. Ushbu hujjatda quyidagi takliflar bor edi1: Besh viloyat – Sirdaryo, Ettisuv, Farg‘ona, Samarqand, Kaspiyorti viloyatlaridan iborat Turkiston qirg‘iz, o‘zbek, qoraqalpoq, qipchoq, taranchi, tatar, dungan va boshqalardan iborat turkiy xalqlar (shuningdek, tojik, kelib chiqishi turk bo‘lmagan mahalliy yahudiylar hamda boshqa chetdan kelgan rus, armani, yahudiylar) mamlakatidir. RSFSR Konstitutsiyasining 2-moddasiga muvofiq, Turkiston muxtor respublikasi milliy sovet respublikasi hisoblansin, unda o‘z taqdirini o‘zi belgilovchi mahalliy xalq turkiy xalqlardir. SHu tufayli hududiy mazmun kasb etuvchi “RSFSR Turkiston Respublikasi” nomli “RSFSR Turk respublikasi” deb o‘zgartirilsin. Sovet Turk respublikasi o‘z davlat faoliyati va Konstitutsiyasini mahalliy aholining tarixiy, iqtisodiy turmush talablariga javob bera oladigan asosda qurishi lozim. Turkistonning besh viloyati o‘rtasidagi geografik chegaralar to‘siq hisoblanmasin. Turkiston Respublikasi Sovetlarining VI s’ezdida tasdiqlangan Konsitutsiyasi qayta ko‘rib chiqilsin..., mahalliy hayotga muvofiq keladigan, RSFSR mehnatkashlari va ezilgan xalqlari huquqlari Deklaratsiyasi asosidagi yangi Kostitutsiya ishlab chiqilsin. Ezilgan xalqlar mehnatkashlarini baynalmilal jipslashtirish manfaatlarini ko‘zlab, turkiy xalqlarni tatar, qirg‘iz, boshqird, o‘zbeklarga ajratib bo‘lib tashlash va alohida mayda respublikalar tuzish uchun intilishlarga kommunistik tashviqot yo‘li bilan barham berilsin... T.Rizqulov Moskvaga, RKP (b) MK va V.Lenin nomiga bir necha marta radiogramma orqali xabar yuborib bu rezolyusiyani tasdiqlashni so‘radi. Ammo, ushbu rezolyusiya Turkkomissiya tomonidan keskin qoralanib, T.Rizqo‘lov va uning tarafdorlari “milliy og‘machilik”da ayblanib, ularga “panturkist” tamg‘asi bosildi. 1920 yil 8 martda RKP (b) ning maxsus qarori bilan “Turkiston turkiy xalqlarining kommunistik partiyasi va Turk respublikasi” tuzish haqidagi qaror noqonuniy ravishda rad qilindi. T.Rizqulovning Moskvaga, Lenin huzuriga shaxsan borib “Turkistonda davlat qurilishi to‘g‘risidagi Nizom” loyihasini taqdim etishi ham samarasiz tugadi. 1920 yilning iyun oyida Turkkomissiya tarkibidan RKP (b) Turkiston byurosi (Turkbyuro) ajralib chiqdi. Turkbyuro partiya tashkilotlari faoliyatini nazorat qilib, Turkkomissiyaning izdoshi sifatida mintaqada Markazning mustamlakachilik siyosatini olib bordi. Turkbyuro faoliyatini 1921-1922 yillarda YA.Rudzutak, A.Ioffe, S.Gusev boshqardilar. 1922 yil may oyida Turkbyuro RKP (b) tomonidan O‘rta Osiyo byurosi qilib qayta tuzildi. 1920 yilning yozidan boshlab Turkiston respublikasida vaziyat keskin o‘zgardi. T.Rizqulov hamda uning tarafdorlari hukumatdagi mas’ul lavozimlaridan iste’foga chiqdilar. Hokimiyat tepasiga esa Turkkomissiya va Turkbyuroning xohishi bilan hisoblashadigan shaxslar keldilar. Faqat Markazning ko‘rsatmalari bilan ish olib boradigan Turkkomissiya Turkistondagi butun hokimiyat organlarini o‘z qo‘liga olib, respublikada yangi sovet mustamlakachilik tizimini o‘rnatishga harakat qildilar va afsuski bunga erishdilar. Natijada Turkiston ikkinchi marta Rossiyaning xom ashyo bazasiga aylandi. Bolsheviklar o‘rnatgan sovet rejimi Turkiston xalqlariga nafaqat mustaqillik, hatto milliy mustaqillikni ham bermadi. Mustaqillik osonlikcha qo‘lga kiritilmasligini anglab etgan milliy vatanparvarlar qo‘lga qurol olib bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi istiqlolchilik harakatini boshlab yubordilar. Turkiston Muxtoriyatining qonga botirilib tugatilishi istiqlolchilik harakatining butun Farg‘ona vodiysida boshlanishiga turtki bo‘ldi. Bu kurash 1918 yil fevral oyining oxirlarida boshlangan edi. SHu yilning mart oyiga kelib Farg‘ona vodiysida bir-biridan mustaqil ravishda 40 dan ziyod qo‘rboshi dastalari faoliyat ko‘rsatgan. Mart oyining oxirlarida Farg‘onadagi Bachqir qishlog‘ida Farg‘onadagi butun qo‘rboshlarining birinchi Qurultoyi chaqirilib, unda Katta Ergash qo‘rboshi butun istiqlolchilik harakatining boshlig‘i qilib saylandi va unga “Amir al-muslimin” unvoni berildi. Uning o‘rinbosarlari qilib Madaminbek va SHermuhammadbeklar tayinlandi. Bu harakatning asosiy harakatlantiruvchi kuchi-dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar va kosiblar bo‘lgan. 1918 yilning o‘rtalariga kelib, Farg‘ona vodiysida taxminan yuzga yaqin qo‘rboshilar o‘z dastalari bilan qizil armiyaga qarshi kurash olib bordilar. Bu guruhlarda 15.000 yigit bor edi. 1919 yilning yozi va kuzida Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Bu paytda istiqlolchilar safiga rus krestyanlari armiyasining K.Monstrov boshchiligidagi Jalolobodda turgan qo‘shinlari qo‘shildilar (2 sentyabr). Sentyabrning boshlarida istiqlolchilar Jalolobod va O‘sh shaharlarini egallab, Andijonni qamal qildilar. 1919 yil 22 oktyabrda Pomir etaklaridagi Ergashtom ovulida bo‘lgan istiqlolchilar anjumanida Madaminbek boshchiligidagi Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga mahalliy aholidan 16 kishi, evropalik aholidan 8 kishi kiritildi. Madaminbek hukumat boshlig‘i va Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakatining Oliy bosh qo‘mondoni etib saylandi. 1919 yilning kech kuziga kelib Madamindek qo‘l ostidagi 30.000 ga yaqin, SHermuhammadbek qo‘l ostidagi 20.000, Katta Ergash qo‘rboshining 8.000 ming yigitlari qizil armiyaga qarshi janglar olib bordi. Bu uchta lashkarboshi vodiydagi jangovar harakatlarni yo‘naltirib turdilar. 1920 yil 3 mayda Farg‘ona vodiysidagi butun qo‘rboshilar va tinch aholi vakillari Oltiariq tumaanidagi G‘oyibota qishlog‘ida o‘zlarining navbatdagi qurultoyini o‘tkazdilar. Bu qurultoyda SHermuhammadbek boshchiligida Turkiston-turk mustaqil islom jumhuriyati yoki Turkiston muvaqqat hukumati tuzildi. Boymirza Hayitning yozishicha, hukumat tarkibiga 6 kishi kiritilgan bo‘lib, ular quyidagilar edi: SHermuhammadbek-hukumat raisi va Oliy bosh qo‘mondon; Mullajon Qori – xavfsizlik noziri; Akbarjon Eshon – SHayxulislom; Abdusalom Qori – hukumatning bosh kotibi; Nazirjon – moliya vaziri; Mulla Hoji Niyoz- maxsus ishlar noziri. Undan tashqari, 14 kishidan iborat harbiy idora mahkamasi ham tuziladi. 1922 yilning 15-20 aprelida Samarqand shahrida, yashirin holatda Turkiston musulmonlarining 2-qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Kaspiyortidan nufuzli qo‘rboshilar ishtirok etgan ushbu qurultoyda Turkiston-turk mustaqil islom jumhuriyatining Muvaqqat Konstitutsiyasi qabul qilindi. Istiqlolchilik harakati 1920-1924 yillarda Buxoro va Xorazm respublikalarida ham avj oldi. Buxoroda Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor, Davlatmandbek, Anvar posho, Jabborbek kabi qo‘rboshi va yo‘lboshchilar, Xorazmda Qurbon Mamed Sardor Junaidxon, Madrayimboy, Sa’dulla bola, SHokir bola, Mavlonbek kabilar bu harakatga boshchilik qildilar. 1914 yil avgust oyida Xorazm jadidlari Polvonniyoz Hoji YUsupov boshchiligida “YOsh xivaliklar” partiyasini tuzdilar. Bu tashkilot dasturining asosini mavjud tuzum doirasida islohotlar o‘tkazish, maktab-maorif ishini yaxshilash, xon hokimiyatini cheklash kabi masalalar tashkil etar edi. 1915-1916 yillarda Xiva xonligining istibdodiga qarshi Junaidxon boshchiligidagi turkmanlarning qo‘zg‘olonlari bo‘lib o‘tdi. Turkman, o‘zbek, qozoq aholisining mavjud tuzumga qarshi kurashini “YOsh xivaliklar” partiyasi rahbarlari faol qo‘llab-quvvatladilar. 1917 yil fevral inqilobidan so‘ng Xiva garnizonidagi soldatlar ham xuddi Rossiyadagi kabi o‘z sovetlarini tashkil etdilar. Bu hukumatga qasamyod qilish uchun Xiva shahrida rus askarlari to‘plandilar. Bu vaziyatdan foydalangan “Yosh xivaliklar” harbiy otryad boshlig‘i polkovnik Merzlyakovdan yordam so‘radilar. Merzlyakovning qo‘llab-quvvatlashi bilan “Yosh xivaliklar”ning katta guruhi Xiva xoni saroyi oldida to‘plandilar. Ular nomidan Polvonniyoz Hoji YUsupov va Nazir SHolikorovlar Asfandiyorxon huzuriga kirib xondan davlatni konstitutsiya asosida boshqarish, xonning ayrim mulozimlarini ular qo‘liga topshirilishini talab qildilar. Rossiyadagi siyosiy voqealar, chor hukumatining ag‘darilishi va Xivada ro‘y berayotgan voqealardan xavfsiragan xon Yosh xivaliklar talablarini qabul qilishga majbur bo‘ldi hamda ular tomonidan tayyorlangan manifestga imzo chekdi. Etti punktdan iborat manifestning birinchi punktida shunday so‘zlar bor edi: “... men Xiva xoni Said Asfandiyor Bahodirxon... mening sodiq fuqarolarimga “Idorai mashrutiya” berdim, toki ular o‘zlari xoxlagancha mamlakatni shariatga muvofiq ham zamon taqozosiga muvofiq idora qilsinlar. CHunonchi, o‘zlari xoxlagancha fuqarolarning maslahati bilan saylov qilib, hukumat ishlariga o‘zlari xoxlagan odil odamlarni tayin qilsinlar”. 1917 yil 6 aprel kuni bu manifest Xivadagi ark maydonida ko‘p ming kishilik xalqqa o‘qib eshittirildi. Mamlakatni boshqarishda yangi tuzilgan idorasi “Idorai mashrutiya”ga YOsh xivaliklardan Polvonniyoz Hoji YUsupov va Husainbek Muhammadmurodovlar saylandilar. “Idorai mashrutiya” ni tashkil etishga erishgan Yosh xivaliklarning o‘z dasturi bo‘lib, o‘z davri talablariga javob beruvchi bu dastur xon istibdod tuzumini tugatish, Xiva viloyatini Turkiston bilan birlashtirish, xonlar, beklar, qozilar, shahzodalar qo‘lidagi ortiqcha boylikni xalq mulkiga aylantirish, yirik zamindorlar qo‘lidagi ortiqcha mulklarni kambag‘allarga bo‘lib berish, vaqf erlaridan tushadigan mablag‘lar hisobidan xalq maorifini rivojlantirish, bolalarni bepul o‘qitadigan maktablar ochish, kasalxonalar qurish, aholining kambag‘al qismiga xon tomonidan tortib olingan erlarni qaytarib berish, yo‘llar va ko‘priklar qurish, majburiy ishlarni bekor qilish kabi talablarni ilgari surgan. Ammo, Yosh xivaliklar hukumati uzoq mavjud bo‘lmadi. Asfandayorxon Xiva garnizoni boshlig‘i general Mirabdalov, nufuzli ruhoniylar va Junaidxon yordamiga tayanib 1917 yil 23 mayda “Idorai mashrutiya” ni tarqatib yubordi. Tashkilotning Husaybek Matmurodov va bir qancha a’zolari zindonga tashlandi. Polvonniyoz Hoji YUsupov, Nazir SHolikorov, Bobo Oxun Salimov, Jumaniyoz Sultonmurodov, Bobojon YAkubov va boshqalar To‘rtko‘l, CHorjo‘y, Toshkent kabi shaharlarga qochib ketdilar. 1918 yilning yanvarda polkovnik M.Zaysev boshchiligidagi rus qo‘shinlari Xivadan jo‘nab ketdilar. Bu vaziyatdan unumli foydalangan Junaidxon darhol o‘z qurolli kuchlari bilan Xivani egalladi. Amaldor-larning noroziligidan cho‘chigan Junaidxon Asfandiyorxonni taxtda qoldirdi. Ammo, hokimiyat butunlay Junaidxon qo‘liga o‘tdi. 1918 yil 30 sentyabrda Junaidxon xon saroyida davlat to‘ntarishi uyushtirdi va Asfandiyorxon taxtdan ag‘darilib, 1 oktyabr kuni qatl ettirildi. 3 oktyabr kuni Asfandiyorxonning akasi Said Abdullaxon xonlik taxtiga o‘tirgan bo‘lsada, amaldagi boshqaruv Junaidxon qo‘lida qoldi. Junaidxon Xiva xonligi hududida bolsheviklardan mustaqil bo‘lgan davlatni saqlab qolishga harakat qildi. 1918 yil noyabr oyida Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi erlarda tashkil etilgan sovet hukumatiga qarshi Junaidxon bir necha marta muvaffaqiyatsiz urushlar olib bordi. 1919 yil aprel oyida sovet hukumati bilan Junaidxon o‘rtasida Taxta shartnomasi tuzildi. Ammo, bu vaqtinchalik kelishuv bo‘lib, unga har ikkala tomon ham amal qilmadilar. Bu paytda To‘rtko‘lda Jumaniyoz Sultonmurodov rahbarligida YOsh xivaliklar partiyasining qo‘mitasi tuzilgan bo‘lib, ularning soni Xiva xonligi hududidan qochib o‘tganlar hisobiga kundan kun ko‘payayotgan edi. 1919 yilning yoziga kelib, Amudaryo bo‘limida siyosiy ahvol ancha keskinlashdi. Amudaryo bo‘limining shimoliy qismida, Zair degan aholi yashaydigan punktda qozoq atamani Filchev hamda yirik qoraqalpoq feodali Xon Maxsim boshchiligida Sovet hukumatiga qarshi chiqishlar bo‘lib o‘tdi. Ataman Filchev otryadini qurolsizlantirish hamda CHimboy sovetini mustahkamlash uchun yuborilgan A.Xristoforov boshchiligidagi 17 ta favqulodda komissiya va 80 kishilik qurolli askarlar 1919 yil 14 avgustda qirib tashlandi. Nukus, Zair, Mo‘ynoq orasidagi erlar egallanib, bu hududlarda ataman Filchev boshliq hukumat tuzildi. Junaidxon bu hukumatni darhol tan oldi. Bu davrga kelib YOsh xivaliklar, turkman urug‘lari orasida Qo‘shmamedxon, G‘ulomalixon kabi urug‘ sardorlarining Junaidxon bilan ziddiyatlari keskinlashib ketgan edi. Sovet hukumati bu holatdan unumli foydalandi. 1919 yil 25 dekabr kuni Amudaryo bo‘limi qo‘shinlarining bolsheviklar boshchiligidagi janubiy otryadi Amudaryoning chap qirg‘og‘iga o‘tib, N.SHeydakov boshchiligida To‘rtko‘ldan Nukus yo‘nalishi tomon hujum boshlab 29 dekabrda Xo‘jaylini egalladilar. 1920 yil 7 yanvar kuni Ko‘hna Urganch bolsheviklar tomonidan egallandi. SHuningdek, qizil askar qo‘shinlari 14 yanvarda Pursi, 16 yanvarda Ilonli, 18 yanvarda Toshhovuz shaharlarida sovet hokimiyatini o‘rnatib, 1 fevral kuni Xiva shahriga kirib keldilar. Junaidxon qo‘shinlari ham tor-mor qilindi. Junaidxon qolgan-qutgan yigitlari bilan cho‘lga chekindi. 2 fevral kuni so‘nggi Xiva xoni Said Abdulxon taxtdan voz kechdi. Xiva xoni taxtdan tushirilgach, xonlikda butun hokimiyat besh kishidan iborat muvaqqat inqilobiy hukumat (revkom) qo‘liga o‘tdi. Hukumat raisi – Jumaniyoz Sultonmurodov, Bobo Oxun va Jalol Oxun Salimovlar – oliy ruhoniylar vakillari, Qo‘shmamadxon Sapaev va Mullao‘roz Hojimuhamedovlar – hukumat a’zosi qilib tayinlandilar. 1920 yil 9 aprelda muvaqqat inqilobiy hukumat tarkibiga tarmoqlar bilan shug‘ullanuvchi nozirliklar tashkil etildi. SHayxutdin Hasanov – harbiy nozir, Polvonniyoz Hoji YUsupov – davlat nazorati noziri, Eshchon qori Jabborqulov – xalq xo‘jaligi noziri, Mulla Bekjon Rahmonov – xalq madaniyati va maorifi noziri, Bobo Oxun Salimov – adliya noziri qilib tayinlandilar. SHuningdek, davlatni boshqarish, sud va adliya ishlari qayta ko‘rib chiqildi. Hukumatning maxsus qarori bilan Oliy inqilobiy sud va adliya nozirligi tashkil qilindi. Oliy inqilobiy sudga Olimjon Akchurin rais, Qo‘shmamadxon Sapaev va Bobo Oxun Salimovlar a’zolar etib tayinlandilar. Umumjinoiy va fuqarolik ishlarini ko‘rib chiqish va hal qilish uchun xalq sudi tashkil qilinib, unga Abdulvohid Qoriev rais bo‘ldi. Xiva shahrida tashkil qilingan maxsus militsiya boshqarmasi tartib-intizomni saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurash ishlari bilan shug‘ullanib, unga Nazir SHolikorov raislik qildi. Muvaqqat inqilobiy hukumat farmoniga binoan, qiynoq, urib azoblash va o‘lim bilan bog‘liq barcha jazolar bekor qilindi. 1920 yil 26-30 aprel kunlari Xivada Butunxorazm xalq vakillarining birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda ishtirok etgan 200 ta vakilning 80 tasi turkman aholisi vakillari edi. Qurultoyda Xiva xonligi hududida Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilganligini e’lon qilib, XXSR konstitutsiyasi, davlat gerbi va bayrog‘ini tasdiqladi. XXSRning birinchi Konstitutsiyasida davlat tuzumi masalasiga alohida bo‘lim ajratildi. Unda davlat oliy hokimiyat va boshqaruv organlari, mahalliy organlarni tashkil etish tartibi, tuzilishi, ularning vakolatlari belgilab berildi. Respublikaning eng muhim ishlarini hal qilish oliy hokimiyat organi bo‘lgan Umumxorazm xalq vakillari qurultoyiga tegishli deb topildi. Respublikani boshqarish qurultoy tomonidan saylab qo‘yiladigan va uning oldida hisobot beradigan, 15 ta a’zodan iborat Xalq Nozirlari kengashi zimmasiga yuklandi. SHuningdek, birinchi Konstitutsiyada XXSR ning mudofaasini tashkil etish, vaqf ishlari, xorijiy fuqarolarning huquqiy holati, aktiv va passiv saylov huquqlari, saylov huquqidan mahrum qiladigan shaxslar, saylov tartibi, iqtisodiy siyosat to‘g‘risida, xon va xon avlodlarining mulki to‘g‘risida, respublikaning bayrog‘i va gerbi masalalari mustahkamlandi. Konstitutsiya XXSR ning barcha fuqarolariga jinsi, kasbi va millatidan qat’iy nazar so‘z, matbuot, majlis o‘tkazish, tashkilotlar tuzish huquqlari berilganligini e’lon qildi. Qurultoyda yangi hukumat tarkibi quyidagicha saylandi: Polvonniyoz Hoji YUsupov – XXSR XNKning raisi; Jumaniyoz Sultonmurodov – XNK raisining birinchi muovini; Qo‘shmamadxon Sapaev – XNK raisining ikkinchi muovini; Bobo Oxun Salimov – adliya noziri; Bekchon Rahmonov – maorif noziri; Eshchon (qori) Jabborqulov – xalq xo‘jaligi noziri; Matpanboy Madrahimov – moliya noziri; Xudoybergan Devonov – davlat nazorati noziri; Rizo SHokirov – harbiy nozir; Nazir SHolikorov – ichki ishlar noziri; SHomurod Baxshi – sog‘liqni saqlash noziri; G‘ulomalixon Bahodir – ijtimoiy ta’minot noziri; Hakim Bobojonov – ziroat (qishloq xo‘jaligi) noziri; Abdulvohid Qoriev – adliya noziri muovini; O‘roz Xo‘jamuhammadov – tashqi ishlar noziri. XXSR rahbariyati o‘z konstitutsiyasiga binoan mustaqil davlat sifatida ish olib borishga harakat qildi. Konstitutsiyaga binoan yangi davlat quyidagi 22 ta tumanga bo‘lingan edi: Darg‘onota, Pitnak, Hazorasp, Beshariq, Xonqa, YAngi Urganch, Gurlan, Qipchoq, Mang‘it, Qilichboy, Monoq, Toshhovuz, Po‘rsi, Xo‘jayli, Ko‘hna Urganch, Qo‘ng‘irot, Xiva, Ilonli, G‘azovot, SHovot, Xitoy, Qo‘shko‘pir. 1921 yil 15-23 may kunlari II Butunxorazm sovetlari vakillarining qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda XXSR MIK qoshida etti kishidan iborat maxsus turkman bo‘limi tashkil etildi. Unga Mulla O‘roz Xo‘jamuhammedov rahbar bo‘ldi. Ushbu bo‘limning asosiy vazifasi turkmanlar yashaydigan erlardagi iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, milliy, madaniy masalalarni, urug‘lar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganish va uni yaxshilash, mehnatkash xalq faolligini oshirish, ular yashaydigan hududlarda dehqonchilik va chorvachilikni rivojlantirish, hunarmandchilikni taraqqiy ettirish hamda ular madaniyatini oshirishdan iborat edi. SHuningdek, qurultoyda XXSR Konstitutsiyasiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritildi. Oldingi Konstitutsiyadan farq qilgan holda ushbu Konstitutsiyada Qurultoy va Xorazm MIKning vakolatlari mustahkamlandi. Umumxorazm qurultoyi va MIK vakolatlariga – XXSR Konstitutsiyasini qabul qilish; chegaralarni o‘rganish, o‘zgartirish va XXSR ga tegishli hududlar doirasini tasdiqlash; XXSRda pul, og‘irlik o‘lchovlarini belgilash va o‘zgartirish; chet mamlakatlar bilan aloqalar olib borish; urush va tinchlik masalalarini hal qilish; qarz olish, bojxona, savdo va moliya shartnomalarini tuzish; XXSR hududida xalq xo‘jaligining umumiy rejalarini belgilash; davlat byudjetini o‘rnatish; umumdavlat qonunchiligi, sud tuzilishi, fuqarolik, jinoiy sud yuritish va boshqa qonunchilikni amalga oshirish; umumdavlat soliq va yig‘imlar o‘rnatish; XNK a’zolarini lavozimiga tayinlash va ozod qilish; XNK raisini tasdiqlash; Xorazm fuqaroligini olish va yo‘qotish; respublika hududida xorijiy fuqarolarning huquqlari to‘g‘risida qarorlar qabul qilish; har qanday masalani o‘zlarining xoxishlariga ko‘ra ko‘rib chiqish va hal qilish kiritilgan. Xorazm respublikasi tuzilgan dastlabki oylardan boshlab undagi g‘oyaviy – siyosiy vaziyat keskinlashib bordi. “YOsh xivaliklar” hukumati va demokratik kayfiyatdagi kuchlar mahalliy sharoitni tushungan holda aholining urf-odatlari hamda qadriyatlariga mos holda ish olib bordilar. Ammo, markazdan jo‘natilgan qizil armiya va uning boshliqlari, kommunist bolsheviklar XXSR dagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotga mutlaqo salbiy ta’sir ko‘rsatdilar. Ular qonunga xilof ravishda respublikaning ichki ishlariga aralashdilar hamda mahalliy sharoit, xalq ommasining kayfiyati va xoxish irodasini umuman hisobga olmay inqilobiy chora-tadbirlarni, sovetlashtirish siyosatini amalga oshirdilar. SHunga qaramasdan, respublikaning ko‘plab mahalliy rahbar kadrlari mustaqillik uchun, adolatsizlikka qarshi g‘oyaviy kurash olib bordilar. Misol uchun, 1923 yil bahorida XXSR savdo sanoat noziri K.Nurullaev Moskvada RSFSR bilan bo‘layotgan muzokaralarda XXSR foydasiga qat’iylik ko‘rsatgani uchun uchun Xorazmga chaqirilib, qamoqqa olindi. 1923 yilning yoz va kuzida Sovet Rossiyaning ko‘rsatmalari asosida Xorazm respublikasida tub islohotlar amalga oshirilib, oktyabr oyida XXSR Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirildi. Ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida paydo bo‘lgan “Yosh buxoroliklar” partiyasi 1910 yildayoq o‘zlarini alohida tashkilot sifatida e’lon qilgan edilar. Buxorodagi jadidchilik harakatidan o‘sib chiqqan YOsh buxoroliklarning faoliyati 1917 yilga kelib ancha kuchaygan edi. SHu yilgi fevral inqilobi Buxoro amirligiga ham ta’sir etmasdan qolmadi. Mart oyining boshlarida YAngi Buxoro, Termiz, CHorjo‘y va Karkida ishchi, soldat va dehqon sovetlari tuzildi. Bunday sharoitda “YOsh buxoroliklar” mavjud monarxiya tuzumi doirasida demokratik islohotlar o‘tkazish, konstitutsion monarxiyani o‘rnatish orqali amirning mutlaq hokimiyatini cheklab qo‘yish tarafdori bo‘ldilar. Demokratik kuchlarga tayangan “YOsh buxoroliklar”ning qat’iy talablari asosida Buxoro amiri Sayyid Olimxon 1917 yil 7 aprelda mamlakatda islohotlar o‘tkazish to‘g‘risida farmon chiqardi. Ushbu islohotda amirlikdagi o‘rta asrlar boshqaruvi tizimiga o‘zgartirishlar kiritish, amaldorlarni saylab qo‘yish tizimiga o‘tish, amirlik poytaxtida amaldorlar, savdogarlar va dindorlar tarkibida shahar xo‘jaligi, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlashni boshqarish uchun majlis tuzish, shariatni adolatni amalga oshiruvchi va soliqlarni muqobillashtirib turuvchi yagona huquq sifatida e’tirof etish, aniq davlat byudjeti o‘rnatish, savdo-sotiqni har tomonlama rivojlantirish, aniq fanlarni rivojlantirish kabilar ko‘zda tutilgan edi. Ammo, bu islohot amalda joriy etilmadi. 1917 yil 9 aprelda jadidlar Buxoro shahrida islohotlarni hayotga tadbiq etishni talab qilib namoyish o‘tkazdilar. Ammo, namoyishchilar amir hukumati tomonidan tarqatib yuborildi va “YOsh buxorolik”larning ko‘pchiligi jazolanib, ta’qib ostiga olindi. Bu voqealardan so‘ng, 14 aprelda amir Olimxon islohotlar o‘tkazishni rad etdi. Oktyabr inqilobidan so‘ng sovet Rossiyasi bilan Buxoro amirligi o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib ketdi. Turkiston Respublikasining bolsheviklardan iborat rahbariyati Buxoro amirligining mustaqilligini rasman tan olishiga qaramay, amalda uning ichki ishlariga doimiy ravishda aralashib turdi. Bu paytga kelib “YOsh buxoroliklar” partiyasi ichida turli guruhlarning mavjudligi, qarashlarining xilma-xilligi tufayli partiyaning yagona dasturini tuzishga ehtiyoj paydo bo‘ldi. “YOsh buxoroliklar” partiyasining markaziy komiteti bu vazifani 1917 yil noyabrida Fitratga topshirdi. Abdurauf Fitrat tomonidan tayyorlangan “YOsh buxoroliklar” partiyasining Dasturi 1918 yil yanvarida partiyaning markaziy komiteti tomonidan tasdiqlandi va islohot loyihasi sifatida e’lon qilindi. Ushbu dasturda Buxoro amirligida konstitutsion monarxiya o‘rnatish, Buxoroning iqtisodiy, siyosiy va harbiy mustaqilligini ta’minlash, madaniy taraqqiyotga erishish, dehqonchilik va soliq tizimiga alohida e’tibor qaratish, Buxoroda zamonaviy armiyani tashkil etish, ikki yillik majburiy harbiy xizmatni joriy etish, davlat hisobidan maktablar va oliy o‘quv yurtlari ochish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan edi. SHuningdek, ushbu loyihada Buxoroda 10 ta nozirlikdan iborat Nozirlar SHo‘rosi tuzish taklif etildi. 1920 yil 13-14 iyunda “YOsh buxoroliklar” partiyasining Turkiston Markaziy byurosi birlashgan konferensiyasida Fayzulla Xo‘jaev tuzgan Dastur qabul qilindi. Ushbu dasturda amirlikni kuch bilan ag‘darib tashlash va Buxoroni Demokratik xalq respublikasi deb e’lon qilish talabi qo‘yildi. “Yosh buxoroliklar” yirik boylar qo‘lidagi erlarni musodara qilish, bepul boshlang‘ich ta’lim joriy etish, qishloq xo‘jaligi, hunarmandlar sanoati, ichki va tashqi savdoning ahvolini yaxshilash yo‘lida amaliy chora tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidlagan edilar. 1920 yilning 2 sentyabrida M.Frunze boshchiligidagi qizil armiyaning shafqatsiz hujumlaridan so‘ng amirlikning poytaxti Buxoro shahri bosib olindi va Amir Olimxon taxtdan ag‘darildi. SHundan so‘ng, qizil armiya amirlikning barcha bekliklarini birin-ketin egallab, amirlikka butunlay barham berdi. 1920 yil 14 sentyabrda Xalq Nozirlar SHo‘rosi, Buxoro muvaqqat inqilobiy qo‘mitasi va Buxoro Kompartiyasi MK ning umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 9 kishidan iborat Abduqodir Muhiddinov raisligida Butunbuxoro inqilobiy qo‘mitasi va 11 kishidan iborat respublika hukumati – Fayzulla Xo‘jaev raisligidagi Xalq Nozirlar SHo‘rosi tuzildi. Buxoro Xalq Nozirlari SHo‘rosining tarkibi quyidagicha edi: Fayzulla Xo‘jaev – rais, xorijiy – tashqi ishlar noziri; Qori Yo‘ldosh Po‘latov – maorif noziri; Muxtor Saidjonov – doxiliya – ichki ishlar noziri; Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jaev – moliya ishlari noziri; Najib Xusainov – davlat nazorati noziri; YUsuf Ibrohimov – favqulodda komissiya noziri; Mukammil Burxonov – adliya noziri; Bahovuddin SHahobuddinov – harbiy ishlar noziri; Abdulqodir Muhiddinov – er-suv ishlari noziri; Mirzo Muhiddin Mansurov – savdo va sanoat ishlari noziri. 1920 yilning 6-8 oktyabr kunlari Buxorodagi Sitorai Mohi Xosada Butunbuxoro xalq vakillarining I qurultoyi chaqirilib, unda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilganligi e’lon qilindi. Bu respublika davlat tuzumi jihatidan xalq demokratik hokimiyati edi. Qurultoy davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi oliy organi bo‘lgan Buxoro inqilobiy qo‘mitasi va dastlabki hukumat tarkibi bo‘lgan Buxoro Xalq nozirlar SHo‘rosini o‘zil-kesil tasdiqladi. Ularning vakolat muddati II qurultoygacha o‘zaytirildi. 1920 yil oktyabrda BXSR bilan Rossiya o‘rtasida muvaqqat harbiy-siyosiy bitim tuzildi. 1921 yil 4 martda esa har ikkala davlat o‘rtasida Ittifoq shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnomalar yosh Buxoro davlati arboblarining mustaqil siyosat yuritishga qaratilgan harakatlari faoliyatini ma’lum darajada cheklashga olib keldi. CHunki, ittifoq shartnomasi mustaqil Buxoro davlati hududida sovet qo‘shinlari saqlanishini qonuniy qilib asoslab berdi. Bu esa Rossiyaning BXSR ichki ishlariga harbiy jihatdan qurolli aralashuvi edi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘linishi (1920-1924 yy.)
1920 yilning kuzida Buxoro Xalq Respublikasida dastlabki ma’muriy-hududiy bo‘linish o‘tkazilib, u viloyatlar, tumanlar, kentlar va qishloqlarga ajratildi. Respublikaning poytaxti Buxoro shahri muhim siyosiy-ma’muriy markaz bo‘lib, bu erda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotini iqtisodiy va madaniy rivojlanishini boshqaruvchi barcha tashkilotlar to‘plangan edi. Ta’kidlash joizki, Buxoro respublikasidagi ma’muriy-hududiy bo‘linish ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyatga qarab tez-tez o‘zgarib turgan. Misol uchun, BXSR da 1922 yilda 7 ta, 1923 yilda 8 ta, 1924 yilda 15 ta viloyat mavjud edi. 1924 yil 1 oktyabrda Butunbuxoro MIK qarori bilan Buxoro respublikasida ma’muriy-hududiy bo‘linish qayta o‘tkazilib viloyatlar o‘rniga quyidagi 5 ta okruglar tuzildi: 1. Zarafshon okrugi – Buxoro, Karmana, Nurota viloyatlari; 2. Qashqadaryo okrugi – Qarshi va SHaxrisabz viloyatlari; 3. Surxondaryo okrugi – Sherobod, Termiz, Boysun, Qarluq, Qobadiyon, Qo‘rg‘ontepa tumanlari; 4. Turkman (Amudaryo) okrugi – Karki va CHorjo‘y viloyatlari; 5. Sharq iy Buxoro okrugi – Ko‘lob, Boysun, SariOsiyo, Garm, Dushanbe, Qo‘rg‘ontepa viloyatlari. Buxoro respublikasi Afg‘oniston davlati, Xorazm respublikasi va Turkiston ASR bilan chegaradosh bo‘lib, unda mustaqil davlatchilikning Konstitutsiya, bayroq, gerb, poytaxt, milliy valyuta, qo‘shin kabi belgilari mavjud edi. Respublikada 1921 yil 11 martda o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilingan. BXSR ning oliy organi Umumbuxoro qurultoyi hisoblangan. Umumiy MIK oliy nazorat organi sifatida Buxoro Respublikasining hukumati Xalq Nozirlar SHo‘rosi ustidan ham faoliyatni amalga oshirgan. Xalq Nozirlar SHo‘rosi davlat boshqaruvining oliy organi bo‘lib, ijro-farmoyish sohasida keng vakolatlarga ega bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat organlari viloyat, tuman, kent xalq sho‘rolarining kengashlari va ularning ijroya qo‘mitalaridan tashkil topgan. BXSRdagi qishloq, ovul doirasidagi mahalliy hokimiyat qishloq va ovul aholisining umumiy yig‘ilishi orqali amalga oshirilgan. U oqsoqol tomonidan chaqirilgan va oqsoqol qishloq, ovul aholisi umumiy yig‘ilishi tomonidan bir yil muddatga saylangan. 1921 yil 18-23 sentyabrda Butunbuxoro xalq vakillarining II qurultoyi bo‘lib o‘tdi va unda BXSR Konstitutsiyasi qabul qilindi. Kirish, 16 ta bob, 5 ta bo‘lim va 79 moddadan iborat ushbu konstitutsiya BXSR fuqarolarining huquq va erkinliklarini qonun yo‘li bilan mustahkamladi. Unda davlatni idora etish uchun xalqning barcha vakillari ishtirok etishi alohida ta’kidlab qo‘yildi, xususiy va savdo erkinliklari o‘z ifodasini topdi. Konstitutsiya BXSR hududida yashovchi barcha fuqarolarga teng siyosiy huquqlar berdi. Konstitutsiyaga ko‘ra, BXSRning oliy organi – Butunbuxoro xalq vakillari qurultoyi bo‘lib, u har 2000 saylovchiga bir vakil saylanadigan 350 a’zodan iborat edi. Qurultoy har yili bir marta chaqirilar, unda respublika konstitutsiyasini qabul qilish va unga o‘zgartirishlar kiritish, hukumatning hisoboti va davlat byudjetini tasdiqlash kabi muhim masalalar ko‘rilar edi. Konstitutsiyaga ko‘ra, qurultoylar o‘rtasida qonun chiqaruvchi va nazorat qiluvchi oliy organ Butunbuxoro MIK hisoblanib, Xalq Nozirlar SHo‘rosi davlat hokimiyatini ijro qiluvchi va boshqaruvchi oliy organ sifatida o‘z vazifasini saqlab qoldi. Xalq Nozirlari SHo‘rosi tarkibiga rais va xalq nozirlari kirgan. Xalq nozirliklari – adliya, ichki ishlar, harbiy ishlar, maorif, sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy ta’minot, savdo va sanoat, moliya, dehqonchilik, davlat nazorati tarkibida tashkil etilgan. Q.Rajabov tadqiqotlariga ko‘ra, BXSRning hududi 182,2 ming km² bo‘lib, 1920 yilda aholisi qarib 3-3,5 mln., 1922 yilda 2,8 mln. kishi bo‘lgan. Buxoro respublikasida asosan 65% o‘zbeklar, shuningdek, 14% tojiklar, 9% qozoqlar, 7% turkmanlar, 1,1% forslar va boshqa xalqlar yashaganlar. BXSRda 1920 yil sentyabrida boshlab milliy valyuta muomalaga kiritilib, 1922 yil oxirida pul islohoti o‘tkazilgan bo‘lsa-da, 1923 yil yozidan boshlab milliy valyuta Rossiya rubliga almashtirildi. BXSR hukumati jamiyatni demokratik tarzda yangilash uchun soliq tizimini isloh qildi. Amirlik davridagi turli soliq va o‘lponlar bekor qilindi. 1921 yil 26 noyabrda Butunbuxoro MIK “BXSRdagi davlat soliqlari to‘g‘risida qonun” qabul qilib, unga ko‘ra, 5 ta soliq turi – ushr (hosilning undan bir qismi), zakot (chorvaning qirqdan bir qismi), hunarmandchilik ustaxonalari uchun soliq, savdogarlardan bojxona solig‘i, turli hujjat va shartnomalar tuzilganda maxsus soliq olinadigan bo‘ldi. Rossiyadagi bolshevistik hukumat BXSR hukumatiga doimiy ravishda tazyiq o‘tkazib keldi. 1923 yil 3 iyunda Moskvadan kelgan bir guruh komissiya BXSR hukumati ishlaridan qoniqmayotganligi hamda “sotsialistik o‘zgarishlarni” jadallashtirish lozimligini ta’kidladilar. Buxoro hukumatida kommunistlarning ta’siri tobora kuchayib borib, hukumat tarkibi “tajribali sovet xodimlari” bilan to‘ldirib borildi. Natijada 1924 yil 18-20 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Butunbuxoro xalq vakillarining V Qurultoyida BXSR Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirildi. BSSRning tuzilishi komunistlar tomonidan sun’iy tarzda amalga oshirilgan hodisa bo‘ldi. Oqibatda taraqqiyotning demokratik yo‘li inkor etilib, “sotsialistik yo‘nalish” tanlandi. 1924 yil noyabrida BSSR tugatilib, uning hududlari O‘zSSR va TSSR tarkibiga kiritildi.
Download 1.22 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling