O‘zbekiston tarixi


O‘lkamiz hududlaridagi qadimgi mahalliy aholi va o‘zbek xalqining shakllanish bosqichlari


Download 1.88 Mb.
bet10/100
Sana23.11.2023
Hajmi1.88 Mb.
#1794963
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   100
Bog'liq
Murtazaeva R - O\'zbekiston tarixi. 2005

O‘lkamiz hududlaridagi qadimgi mahalliy aholi va o‘zbek xalqining shakllanish bosqichlari

O‘rta Osiyo ijtimoiy-siyosiy hayotida turkiy etnik guruhlar juda katta ahamiyatga ega bo‘lganligi va bu qatlamning ildizlari juda qadimiy ekanligi arxeologik ma’lumotlar asosida isbotlanmoqda. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bronza davriga kelib O‘rta Osiyoning janubiy viloyatlarida baland bo‘yli, yuzi tor irqning vakillari tarqalgan. Shimoliy dasht va cho‘l hududlarida esa, janub aholisidan farq qiluvchi boshi dumaloq, yuzi juda keng va cho‘ziq bo‘lmagan qabilalar yashaganlar. Fanda janubiy qiyofali odamlar O‘rta Yer dengizi irqining vakillari deb ataladi. Ular Old Osiyo, Mesopotamiya, Yeron, Afg‘oniston, O‘rta Osiyo, Hindiston kabi katta geografik hududga yoyilganlar. Shimoliy qiyofali odamlar Janubiy Sibir hududidan to Qozog‘iston, O‘rta Osiyoning shimoli-sharqiy qismida Ural, Volga bo‘yi yerlarigacha tarqalgan.


A. Sagdullayevning tadqiqotlariga ko‘ra, bronza davriga kelib, O‘rta Osiyo hududida qadimgi janubiy va shimoliy qiyofadagi odamlar vakillarining qo‘shilish jarayoni boshlanadi hamda aynan mana shu davrda, o‘lkamizda yashab o‘tgan bronza davri qabilalari, O‘rta Osiyoning qadimgi xalqlariga asos solganlar. Bu davr o‘lkamiz hududlarida murakkab etnik-madaniy jarayonlar bo‘lib o‘tgani bilan izohlanadi. Xususan, janubiy hududlardagi hosildor vohalar o‘troq dehqonchilik aholisi tomonidan o‘zlashtirila boshlagan bo‘lsa, shimoliy viloyatlarda ko‘chmanchi chorvador qabilalar tarqala boshlaydi. Ko‘chmanchi chorvadorlar va o‘troq aholining uzviy munosabatlari asosida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-etnik jarayonlar avj oladi.
Mil. avv. II ming yillikning o‘rtalaridan boshlab O‘rta Osiyo hududlariga shimoli-sharqdan chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi yangi etnik guruhlar kirib kela boshlaydi. Mahalliy madaniyatdan farqlanuvchi bu guruhlar madaniyati tadqiqotchilar tomonidan “Tozabog‘yob madaniyati” nomi bilan fanga kiritilgan.
Tozabog‘yob ko‘rinishidagi yodgorliklar keyinchalik Zarafshon daryosinng quyi havzasi hududlaridan topib o‘rganildi. Xuddi shunga o‘xshash etnoslarning izlari Toshkent vohasidan, Farg‘ona vodiysidan va shimoliy Baqtriyaning tog‘li va tog‘oldi hududlaridan topib o‘rganilgan. Juda katta hududlardan, xususan, Qozog‘iston cho‘llari, Oltoy, Janubiy Sibir, Uraloldi hududlaridan tekshirilgan o‘ziga xos madaniyat “Andronov madaniyati” nomi bilan fanga kiritilgan. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha bu madaniyat sohiblari bronza davridayoq turkiy tilda so‘zlashganlar.
O‘zbekiston O‘rta Osiyoning qadimdan o‘troq dehqonchilik madaniyati o‘choqlari tarkib topgan hududda joylashganligi boy arxeologik va me’morchilik madaniyatlari bilan izohlanadi. Farg‘ona vodiysining Selung‘ur g‘oridan topilgan qadimgi tosh davriga oid topilmalar va Teshiktoshdan topilgan o‘rta paleolit davriga oid odamzod qoldiqlari, bizning yurtimiz Afrika va Old Osiyo hududlari bilan bir qatorda insoniyat paydo bo‘lgan hududlar tarkibiga kirganligini hozirgi kunda uzil-kesil isbotlaydi. Shuningdek, mezolit davriga oid Machay g‘oridan topilgan yodgorliklar, neolit davriga oid ovchilik va baliqchilik madaniyatini o‘zida ask ettiruvchi Kaltaminor, janubdagi ilk dehqonchilik madaniyatiga oid bo‘lgan Joytun, Hisor tog‘ madaniyati, bronza davriga oid bo‘lgan xilma-xil-Zamonbobo, Sopolli, Jarqo‘ton, Sarazm, Suvyorgan, Chust madaniyatlari o‘lkamizda qadimgi ajdodlarimiz xo‘jaligining jadallik bilan rivojlanganligini isbotlaydi.
O‘lkamizdagi qadimgi aholi tosh va bronza davrida qanday nom bilan atalganliklari bizga noma’lum. O‘rta Osiyo aholisi haqidagi ma’lumotlar dastlabki marta Sharq va yunon-rim manbalarida tilga olinadi. Yunon tarixchilari ma’lumotlariga qaraganda, Yevrosiyoning katta hududlarida yashovchi qabilalar umumiy “skiflar” nomi bilan ataladi. Gerodot, “bu xalq qadimiylikda misrliklardan qolishmaydi”, deb yuqori baho bergan edi. Pliniy esa, O‘rta Osiyo hududlarida 20 ga yaqin qabilalar borligi xususida eslatib o‘tadi.Yozma manbalarda skiflarning ikkita yirik qabilasi: saklar va massagetlar xususida ko‘proq eslatiladi. Ahmoniylar mixxat yozuvlarida saklar uchta qismga (xaumavarka, tigraxauda, tiay-tara-darayya) bo‘lib ko‘rsatiladi. Massagetlar xususida ham turli fikrlar mavjud bo‘lib, ular mahalliy chorvador-harbiy qabilalar bo‘lganligi ta’kidlanadi. Ammo, yozma manbalar bu xalqlar va qabilalarning qaysi irqqa mansubligi haqida ma’lumot bermaydi.
Ayrim olimlar tomonidan bildirilgan O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston qadimgi davrlardagi mongoloid irqi shakllangan hududga kiradi, degan ilmiy yondashuv noto‘g‘ri va asossiz ekanligi so‘nggi yillardagi antropologik ma’lumotlar natijasida aniqlandi. T. Xo‘jayovning fikricha, o‘zbek xalqining kelib chiqish tarxini o‘rganishni qancha erta davrlardan boshlasak, uning tarkibida hozirgi kunlargacha saqlanib kelinayotgan irqiy va etnik unsurlarning mahalliy xalq tarkibiga kirgan davri va uning nisbiy miqdori to‘g‘risida shunchalik keng fikr yurita olamiz.
O‘zbek xalqiga xos O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i irqining shakllanish davri, makoni va tarixi masalalarida fanda yaqingacha yagona fikr yo‘q edi. Bir guruh olimlar bu irq bundan 6-8 ming yil ilgari, ikkinchi bir guruh tadqiqotchilar bundan 3 ming yil ilgari shakllangan desa, uchunchi guruh olimlari esa, XVI asrda shakllandi, deb hisoblar edilar. Keyingi yillardagi boy arxeologik topilmalar natijasida tadqiqotchilar O‘rta Osiyo ikkidaryo oralig‘i irqining shakllanishi bundan 2200-2300 yil ilgari boshlanganligini asoslab berdilar.
Ko‘pgina ilmiy adabiyotlarda o‘zbek xalqining shakllanishida sakkizta muhim davr sanab o‘tiladi. Bular qatorida Ahmoniylar, Makedoniyalik Iskandar, Arab xalifaligi, Mo‘g‘ullar istilosi tilga olinadi. Haqiqatan, bu zabt etishlar O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston xalqlari madaniyatiga, tiliga, turmush tarziga albatta o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Ammo, bu yurishlarning mahalliy xalqlarni irqiy va etnik tarixiga bo‘lgan ta’siri kam ekanligini ta’kidlash joiz. Antropologik nuqtayi nazardan ular mahalliy xalq “qonini” yoki genetikasini tubdan o‘zgartira olmadilar. Ular son jihatdan ko‘pchilikni tashkil etgan mahalliy aholi tarkibiga singib ketganlar. Bu o‘rinda mahalliy (substrat) va kelgindi (superstrat) aholi orasidagi o‘zaro munosabatlarning fanda ma’lum holatlarini eslatib o‘tish joiz. YA’ni, ko‘p sonli mahalliy aholi tarkibiga kelgindi guruhlarning singib ketishi; kelgindi guruhlarning mahalliy aholidan ustun bo‘lishi; kelgindi aholi teng sonli bo‘lishi va nihoyat, mahalliy va kelgindi xalqlar aralashuvi natijasida ikkalasiga ham o‘xshash yangi xalq, guruh, elat paydo bo‘lishini kuzatish mumkin. T. Xo‘jayovning maxsus antropologik tadqiqotlariga qaraganda, barcha tarixiy davrlarda mahalliy xalq kelgindi aholidan hamisha ustun bo‘lgan.
Ilk temir davridan boshlab (mil. avv. IX-VII asrlar) o‘lkamizning qadimgi dehqonchilik vohalarida yashovchi o‘troq aholi o‘zlari yashab turgan hudud nomlari bilan atala boshlaganlar. Bular, So‘g‘diyonadagi-so‘g‘diylar, qadimgi Xorazmdagi-xorazmiylar, qadimgi Baqtriyadagi-baxtarlar, qadimgi Chochdagi-chochliklar, Farg‘onadagi-parkanaliklardir. Bu tarixiy nomlarning ayrimlarini ilk yozma manbalarda, xususan zardo‘shtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da, Ahmoniylar mixxatlarida, yunon-rim mualliflari asarlarida uchratish mumkin.
Antropologik izlanishlar natijalariga tayanib o‘zbek xalqining kelib chiqishi tarixida muhim ahamiyat kasb etgan uch tarixiy davrga alohida to‘xtalib to‘xtalib o‘tish zarur. Birinchidan, mil. avv. III-II asrlarda O‘rta Osiyo dasht mintaqalarida hozirgi o‘zbek xalqiga xos antropologik qiyofa shakllana boshlagan. Bu esa fanda yaqingacha keng tarqalgan fikrlar, ya’ni o‘zbeklarga xos O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i irqi avvalo Volga daryosi bo‘ylarida va Uralda sarmat qabilalari tarkibida shakllanib tarqaldi, degan hamda bu irq Baykal ko‘li atrofida va Mo‘g‘uliston cho‘llarida shakllanib tayyor holda mahalliy aholiga o‘z irqini tarqatdi, degan fikrlardan voz kechishni taqozo etadi.
So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida o‘zbeklarga xos antropologik qiyofa, dastavval, Sirdaryoning o‘rta havzasi tumanlarida, ya’ni Toshkent vohasi, Farg‘ona vodiysi, qisman Xorazm va Janubiy Qozog‘istonning Chimkent viloyatlarida, Yettisuv mintaqasida mil. avv. I ming yillik oxirida shakllana boshlaganligi aniqlandi.
Mil. avv. III-II asrlarda bu aholi bir necha yo‘nalishda O‘rta Osiyoning markaziy va janubiy viloyatlariga kirib borgan. Ushbu antropologik tadqiqotlar natijalari yozma manbalarda ma’lum bo‘lgan xalqlarning janubga yurishi va Yunon-Baqtriya davlatining istilo etilishi hamda Buyuk Kushon saltanatining barpo bo‘lish davriga mos keladi. Antropologiya bu yurish haqida quyidagi ma’lumotlarni beradi. Ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi cho‘l aholisi Sirdaryo quyi oqimidan Markaziy Qizilqum orqali (Uchquduq, Tomdi, Yuzquduq, Ko‘kpatosh), Samarqand atroflariga (Kattaqo‘rg‘on, Orlat), so‘ngra Qashqadaryoning Qarshi shahri atroflari (Yerqo‘rg‘on) orqali Surxondaryo viloyatidagi (Qo‘hna Termiz, Dalvarzin, Shohtepa, Ayrtom) qadimgi shahar va qishloqlarga kirib joylashganlar. Keyinchalik ular janubiy Tojikistonga o‘tib ketganlar. Ularning ikkinchi guruhi qadimiy Buxoro vohasi orqali Turkmanistonning janubiy viloyatlariga, bir qismi esa hozirgi Shimoliy Afg‘onistonning Shibirg‘on shahri atroflarigacha yetib borgan (Tillatepa). Natijada o‘zbeklar va tekisliklarda yashovchi tojiklarga xos pomir-farg‘ona antropologik unsur O‘rta Osiyoda keng tarqalgan.
O‘zbek xalqi shakllanishidagi ikkinchi muhim davr bu IX-XII asrlar hisoblanadi. Bu davrda O‘rta Osiyoda, jumladan O‘zbekistonda hozirgi o‘zbeklarga xos qiyofa, mahalliy aholining asosiy qismini tashkil etadi. Antropolog T. Xo‘jayov tadqiqotlariga qaraganda IX asrga kelib aholining antropologik qiyofasida keskin o‘zgarishlar yuz berganligi kuzatiladi. Bu o‘zgarishlarni arxeologik tadqiqotlar natijalari ham tasdiqlaydi. Jumladan, marhumlarni astodonlarda ko‘mish marosimlari, aholi orasida keng tarqalgan bosh shaklini sun’iy o‘zgartirish odatlari yo‘qoladi. Antropologik tadqiqotlar natijalardan xulosa chiqaradigan bo‘lsak o‘zbeklarning elat sifatida shakllanish davri IX-X asrlarga oid deyishga jiddiy asoslar bor.
Fanda mo‘g‘ul istilosi O‘rta Osiyo aholisini keskin mo‘g‘ullashtirib, o‘zgartirib yubordi degan fikr keng tarqalgan. Lekin, tadqiqotchilarimiz bu masalaga ham oydinlik kiritdilar. Mo‘g‘ul istilosi O‘zbekiston aholisining tashqi qiyofasiga sezilarli izlarni qoldirmaganligini ta’kidlab o‘tish joizdir. Sababi, Chingizxon XIII asr boshida tashkil etgan yirik mo‘g‘ul davlatida mug‘ullar soni taxminan 0,7 million kishidan iborat bo‘lgan. Agar har 6 kishidan bittasi askarlikka olingan bo‘lsa, unda uning qo‘shinlari soni 100-110 ming kishidan iborat bo‘lgan. Lekin, o‘sha davrda mug‘ullar qo‘shinlarining ko‘p qismini yo‘qotganlar. Ular O‘rta Osiyoga bostirib kelganida qo‘shinlarning ko‘pchiligi turkiy xalqlardan tashkil topganligi ma’lum. Bu davrda Muhammad Xorazmshoh davlatida 20 million aholi yashagan. Mo‘g‘ul qo‘shinlari ko‘p sonli mahalliy aholi tarkibiga o‘z asoratini o‘tkaza olmagan. Shuning uchun ham mahalliy aholida mo‘g‘ul irqi alomatlari deyarli namoyon bo‘lmaganligini ko‘rish mumkin.
O‘zbek xalqining shakllanishida uchinchi muhim davr XV asr oxiri va XVI asr hisoblanadi. Bu davrda Dashti Qipchoq o‘zbeklari O‘rta Osiyoga kirib keladi va ular mahalliy aholiga o‘z nomini beradi.
Shunday qilib, o‘zbek xalqini etnik shakllanishi uzoq davom etgan murakkab jarayondir. O‘zbek xalqining asosini hozirgi O‘zbekiston hududida bir necha ming yillar davomida yashab kelgan mahalliy so‘g‘diylar, baxtarlar, xorazmiylar, saklar, massagetlar, qang‘lilar va dovonliklar tashkil qilgan. Turli davrlarda turli maqsadlarda kirib kelgan qabilalar, elatlar va xalqlar davr o‘tishi bilan mahalliy aholiga o‘z ta’sirini qisman o‘tkazgan. Bu o‘rinda shuni alohida qayd etish lozimki, o‘zbek xalqi shakllanish jarayonining barcha bosqichlarida mahalliy aholi tashqaridan kelgan aholiga nisbatan doimo ustunlik qilgan. Kelgindi aholi mahalliy aholiga o‘z tilini berganligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Lekin antropologik nuqtayi nazardan mahalliy aholining etnik qiyofasini va tashqi ko‘rinishini tubdan o‘zgartira olmadi. Misol uchun, keyingi ikki ming yil davomida O‘rta Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda mahalliy aholining tili uch marta o‘zgardi-sharqiy eron tillari o‘rniga g‘arbiy eron tillari (fors tili) va milodning boshlaridan turkiy tillar keng tarqala boshladi. Ammo, mahalliy xalqning “qoni”, ya’ni, genetikasi aytarli o‘zgarmadi va qadimiy xalqlarimizga xos antropologik xususiyatlar shu kunlarga qadar saqlanib kelmoqda, O‘zbek xalqining kelib chiqish asosini qadimgi davrlardan boshlab o‘lkamiz hududlarida yashab kelgan mahalliy xalqlar tashkil etgan. Ikki yarim ming yil davomida mahalliy aholiga kelib qo‘shilgan turkiy tilli elat va xalqlar o‘zbek xalqi shakllanishida asosiy tarkibiy qism sifatida qatnashgan.



Download 1.88 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   100




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling