Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet22/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Germanlarning ijtimoiy tuzumi. Germanlar jamoasi davlat vujudga kelgunga qadar urug'chilik bosqichini boshdan kechirgan.

Germanlar hayotida milodning dastlabki asrlarida urug' jamoasi tartiblari ustun bo'lsada, yillar o'tib uning ahamiyati pasaya boradi. Bu paytga kelib yirik patriarxal oilalar tashkil topgan. Ular ilgari jamoa bajaradigan, o'rmon kesib yer ochishni ham o'ziari bemalol uddalaydigan bo'ladi. Natijada 5-6 asrlarda urug'chilik jamoasi qo'shnichilik jamoasiga aylanishi uchun sharoit yetiladi.

Milodiy 1 asrdan germanlar jamoalarida boshlangan ijtimoiy va mulkiy tengsizlik dastlab unchalik ko'zga tashlanmagan. Oila boshliqlari jamoaning erkin vakili hisoblangan. Ular dehqonchilik va chorvachilik yumushlarini bajarishdan tashqari jangchi, xalq yig'ini a'zosi hamda urug' qabila udumlari, an'analarini yosh avlodga yetkazish uchun ma'sul ham edilar. 4 asrda germanlarda mulkiy tengsizlik kuchayib jamoalar boylar va kambag'allarga ajrala boshlaydi, jamoalarda zodagonlar, erkin kishilar va yarim ozod kishilar toifalari shakllanadi.

4 asrda germanlarda shakllangan toifalar bular

Ijtimoiy munosabatlar. Mulkiy tabaqalanishning keyingi bosqichida germanlarda konung, ya'ni zodagonlar yo'lboshchisi shakllanib, uning mavqei kuchaya boradi.

Konung-qabila boshlig'i, zodagonlarning oliy vakili. Normann qabilalarida harbiy yo'lboshchi.

Qahrabo-qattiq, qatronli (smolali) va tiniq sariq rangli ma'dan.

Dastlab konunglar hokimyati kuchli bo'lmagan. Konung qabiladoshlarini shaxsiy namuna, ishonch, hurmat asosida boshqargan. Ularni qabilaning eng boy, obro'-e'tiborli kishilaridan saylab qo'yishgan. Konung saylanganidan so'ng qalqon ustida ko'tarilib olqishlangan.

Germanlar hayotida qabila harbiy qo'shin boshliqlari o'rni ham muhim bo'lgan. Qo'shin jangchilari turli toifa vakillaridan, shu jumladan zodagonlar farzandlaridan ham tashkil topgan. Harbiy o'ljaning katta qismi yo'lboshchiga tegishli bo'lgan. Sababi u bo'linmasi jangchilarini ot, qurol-aslaha, turar-joy, oziq-ovqat bilan ta'minlagan.

German qabilalari 4-5 asrlardan keng hududlarni nazorat qiluvchi qabila ittifoqlariga birlasha boshlaydi. Alemann, got, frank qabila ittifoqlari bir necha yuz ming kishidan iborat bo'lgan. Yillar o'tib qabilalarning oliy organi hisoblangan xalq yig'inlari sekin-asta o'z ahamiyatini yo'qota boshlaydi. Ular asosan urush va tinchlik, konunglarni saylash vazifalarini bajargan. Harbiy bo'linmalar va ularning yo'lboshchilari ahamiyati o'sgan.

Yodda tuting! Alemann, got, franklar-germanlarning eng katta qabilalaridan bo'lgan.

Milodiy 4 asrdan chegara hududlaridagi ayrim qabila boshliqlari Rim noiblariga yollanma harbiy xizmatga o'ta boshlaydilar. Bu harbiy bo'linmalar rim qo'shinlari yurishlari paytida alohida jangovar birlik sifatida qatnashgan. Ba'zida german qabilalari imperiya chegaralarini tashqi dushmanlardan himoyalash vazifasini zimmasiga olgan. Xristianiik dini tarqala boshlashi natijasida ularning ijtimoiy taraqqiyoti yanada tezlashgan.

Rim imperiyasiga bosqinlar. Zaiflashib qolgan Rim qo'shni varvarlar hujumini to'xtata olmaydi. Qulchilik zulmidan aziyat chekkan mahalliy aholi esa german qabilalariga qarshi chiqmay, ba'zida ularning tomoniga o'tib ketadi. 5 asr boshlarida Pireneya yarim oroli va Galliyaning bir qismida dastlabki varvarlar davlati-Vestgot qirolligi tashkil topdi. German qabilalari keyinchalik bosib olingan yerlarda: vandallar (SHimoliy Afrikada), ostgotlar (Italiyada), franklar (Galliyada), angl-sakslar (Britaniyada) o'z davlatlarini tuzganlar.

Germanlar istilosi 476 yili G'arbiy Rim imperiyasining qulashiga olib keladi. Yevropada yangi-feodal jamiyatiga o'tish davri boshlanadi.

2-Mavzu. Franklar ijtimoiy tuzumi va davlatining vujudga kelishi

Frank qabilalari. Buyuk ko'chishlar boshlanishiga qadar german qabilalariga mansub franklar Reyn daryosi quyi oqimidagi hududlarda yashaganlar. Franklarda urug'chilik tuzumi bo'lib, qabila yo'lboshchilari harbiy ishda alohida jasorat ko'rsatgan kishilardan saylab qo'yilgan. Rim-gallar bilan yaqin qo'shnichilik munosabatlarida bo'lgan franklarning tashqi ko'rinishi ham boshqa german qabilalaridan ancha farqlangan. Franklar gotlar va langobardlar kabi hayvon terisidan emas, matodan kiyim-bosh kiyishgan va soch-soqollarini olib yurishgan. Ularda faqat qirol oilasiga mansub kishilargina uzun soch bilan yurishlari mumkin bo'lgan. G'arbiy Rim imperiyasining inqirozidan keyin franklarga qo'shni bo'lgan Galliyada rim noibi Egidiy mustaqil knyazlik tuzadi. Xuddi shu davrdan franklarning Galliyaga hujumlari yanada kuchayadi. Ularga frank qabilalaridan biri, merovinglar sardori Xlodvig boshchilik qiladi. Uddaburon va shafqatsiz Xlodvig tez orada o'z raqiblarini yengib, barcha frank qabilalari ustidan hukmronligini o'rnatadi. Egidiyning vorisi Siagriy qo'shinlarini 486 yili Suasson shahri yaqinidagi jangda mag'lub etgan Xlodvig franklar davlatiga asos soladi.

Yodda tuting! Franklar tuzgan davlat dastlab sulolalar nomi bilan atalgan. 10 asrdan Parij atrofidagi viloyat Il de Frans davlat nomiga asos bo'ladi va u Fransiya deb atala boshlandi.

Franklarda xristianlikning qabul qilinishi. Rim cherkovi uning sodiq ittifoqchisi bo'lishi mumkinligini anglagan Xlodvig varvar qabilalari yo'lboshchilari ichida birinchi bo'lib xristianlikni Rimdan qabul qiladi. Uning ketidan sekin-asta boshqa franklar ham xristianlikka o'tadi. Franklarning ko'pchiligi Xlodvigning bu qarorini yoqlamagan, ammo ular o'z qirollaridan qo'rqqanlar. Lekin rimliklar bu ishdan xursand bo'iishgan. Ulardan biri "sizning yangi diningiz, bu bizning g'alabamiz-deb bejiz yozmagan edi.

Xlodvig xristian ta'limotini tushungan deyish mushkul, u namunali xristian bo'lmagani ham aniq. Ammo amalga oshirilgan tadbir dono ekanligi shubhasiz: shu paytdan franklar va rimliklar asta-sekin yaqinlashib yagona xalqqa aylana boshlaydi. Endi ularni din ajratmas, xristianlik bilan tanishuv esa franklarga rim madaniyatining turli sohalarini o'zlashtirish imkonini beradi.

Xlodvigning xristianlikka o'tishi esa unga aholi orasida ta'siri kuchli gall yepiskopligi qo'llashini ta'minlaydi. Xristianlikning "har qanday hokimiyat xudodan" deb uqdirishi Xlodvig va uning vorislariga mos kelardi. Qadimgi germanlar diniy e'tiqodlarida esa bu kabi fikrlar bo'lmagan. SHu tariqa xristianlikning qabul qilinishi qirolni kuchaytirib, o'z qabiladoshlari orasida yangi cho'qqilarga ko'taradi.

Franklarda ijtimoiy munosabatlar. Franklar istilo qilgan hududlarda rimlik quldorlarning hashamatli saroylari-yu ulkan yer-mulklari saqlanib qolgan. Mahalliy aholining asosiy qismini rim-gallar tashkil qilgan. Franklar qullikni bekor qilmaydilar. Mamlakatda asosiy ishchi kuchi qullar va kolonlar bo'lib qolaveradi. Dastlabki paytda franklar gallardan alohida yashaganlar. Luara daryosidan shimoldagi german qabilalari esa yana uzoq yillar urug' jamoa bo'lib yashashda davom etadi. Mamlakat janubidagi gallar esa son jihatidan german qabilalari: burgundlar, vestgotlardan, keyinchalik hukmronlikni o'rnatgan franklardan ham ko'proq bo'lgan.

Davlat hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Xlodvigning vorislari boshqaruvi paytida qirollar-alohida xizmatlari evaziga jangchilar va yaqin hamkorlariga yirik yer mulklar-benefitsiylar taqdim etganlar.

Xlodvigning o'g'illari-Xildebert, Xiotar, Xlodomer va Teodorix (miniatura,1493 yil).

Yodda tuting!

Benefitsiy (lot.)-senorning o'z vassaliga harbiy xizmati evaziga in'om etgan yer-mulk. SHarqda u iqto' deb nomlangan.

Senor (lot. katta)-o'rta asrlarda G'arbiy Yevropada ixtiyorida qaram dehqonlari va mayda feodal-vassallari bo'lgan yer egasi.

Vassallik-G'arbiy Yevropa mamlakatlarida bir feodalning boshqa feodalga bo'ysunish tartibi.

SHu tariqa qirol va uning jangchilari; rahoniylar, qirol saroyiga yaqin rim-gall zodagonlari, quldorlardan yangi yirik yer egalari-feodallar toifasi vujudga keladi. Ularning yerlarida 6 asr oxiridan qullar, kolonlardan tashqari o'z erkinligini yo'qotgan franklar ham ishlaganlar. Natijada yangi jamiyatning asosiy toifalari: feodallar va qaram dehqonlar tashkil topadi. Feodal jamiyatiga o'tish Yevropa, Osiyo va Afrikaning deyarlik barcha mamlakatlarida ham shu taxlitda ro'y bergan.

Davlatning paydo bo'lishi. SHimoliy Galliyada tashkil topgan frank qirolligi Xlodvigning vorislari davrida 534 yili Burgundiyani va 536 yili Provansni istilo qiladi. Franklar germanlarning: tyuring, alemann, bavar qabilalarini ham bo'ysundirib, ularni har yili o'lpon to'lashga majbur etadilar.

Qirollar hokimiyati kuchayib borishi bilan muhim qonunlar, qarorlar qabul qilish uchun xalq yig'inlarini chaqirmay qo'yadilar. Qirol tomonidan qabul qilingan yangi qonunlar esa xususiy mulkchilik va tengsizlikni mustahkamlab borgan.

Qirol hokimiyatning barcha sohalarini o'z qo'liga olib, davlatni o'zining shaxsiy mulki sifatida boshqargan. Ilgari jamoa mulki hisoblangan ekinzorlarni va boshqa yerlarni xohlagan kishisiga in'om etar, davlat xazinasidagi mablag'larai ham istaganicha sarflardi.

Yirik yer egalari-feodallar toifasi esa qirol hokimiyatining tayanchiga aylanadi. Davlat qirol boshchiligida yirik mulk egalarining yangi yerlarni istilo qilishini qo'llab quvvatlar edi.

Franklarda Xlodvig davridayoq mamlakat viloyatlarga bo'linib, ularni qirol tayinlagan graflar boshqara boshlaydi. U o'z hududlarini qirol nomidan boshqarib, aholidan soliqlarni yig'ib olish, harbiy qo'shinga boshchilik qilish, sud qilish kabi ishlarni bajargan. Sudning qarori bilan yig'ilgan jarimalarni 1/3 qismi qirol xazinasiga yuborilar edi. Franklar soliq tartiblarini rimliklardan qabul qilganlar.

Urug' jamoachilik an'analari esa har yili o'tkaziladigan harbiy ko'rik (mart maydoni) tarzida va mahalliy boshqaruvda saqlanib qoladi. Mahalliy boshqaruv asosini erkin franklarning yuzlik yig'inlari tashkil etib, uning boshlig'i, yuzboshisi-tungin deb nomlangan.

Yirik yer egaligining shakllanishi. 6 asr oxiridan franklarning chek yerlari dehqon oilasining sotishi yoki in'om etishi mumkin bo'lgan mulki-allodga aylanadi. Qirollar tomonidan chiqarilgan yangi qonunlar yerni xususiy mulkka aylanishini tezlashtiradi. Qirol Xilperik (561-584) davrida yangi qonun chiqarilib u o'g'il voris bo'lmasa yerni avvalgidek jamoaga emas, marhumning qizi, singlisi yoki ukasiga o'tish huquqini tasdiqlaydi.

Yodda tuting!

Allod (yunoncha)-erga to'la egalik qilish: G'arbiy Yevropa feodal jamiyatida avloddan-avlodga meros bo'lib o'tadigan yer-mulk.

Erning xususiy mulkka aylanishi, mulkiy tabaqalanishni tezlashtirib, yirik yer egaligining o'sishiga olib keladi. Galliyadagi Rim imperatoriga tegishli yerlarni o'z mulkiga aylantirgan frank qirollari, uning bir qismini o'z yaqinlari va cherkovga ham in'om etganlar.

Yirik yer egaligi jamoa yerlari hisobiga ham kengaya boradi. Tabiiy ofatlar, qurg'oqchilik, hosilsizlikning tez-tez takrorlanib turishi dehqonlarni o'z yerlaridan ajralishiga, so'ng feodaldan ijaraga yer olib ishlashga majbur etadi. Soliq to'lashdan tashqari, yirik yer egasi ekinzorlarida ishlab berishga majbur bo'lgan dehqon sekin-asta qaram kishiga aylana borgan.

"Sali haqiqati". Xlodvig buyrug'iga binoan yozilgan franklarning an'anaviy odatlari to'plami Yevropadagi eng mashhur odat huquqlari yodgorligiga aylanadi. U "Sali haqiqati" deb nomlangan, to'plamning nomi unga faqat franklarning sali qabilasi qonunlari kiritilganligini anglatadi.

Qirolning maqsadi barcha franklar qirol qo'llagan "Sali haqiqati" bo'yicha sudlanishi kerak edi. Bu qoidalarda biror narsa izoh talab bo'lsa, uning uchun qirolga murojaat qilinishi, u esa o'z manfaatlari yuzasidan javob berishi mo'ljallangan. Ulardan tashqari qirol "Sali haqiqati"ga qadimgi odatlardan o'ziga foyda keltiradiganlarini kiritgan. Natijada qadimgi odatlardan qirolni qoniqtirmaganlari unutilib, foydalilari to'plamda batafsil yoritiladi.

"Sali haqiqati" frank qiroli hokimiyatining kuchayganini ko'rsatadi.

To'plamda franklar hayoti, xo'jaligi, urf-odatlari, diniy tasavvurlari haqida ko'plab ma'lumotlar mavjud. Xususan franklar biror oldi-sotdida, jumladan yerni bir xo'jayindan boshqa xo'jayinga o'tishida hujjat tuzmaganlar. Ushbu holatda franklar guvohlar huzurida ma'lum udum-marosim o'tkazganlar. Masalan, "sotuvchi"ning yeridagi daraxt shoxidan bir bo'lagini "oluvchi" maydoniga berilgan. SHartnomani buzish hech kimning xayoliga ham kelmagan. Farzandlar ham, nabiralar ham mazkur yer maydoni boshqa xo'jayinga "qonuniy" tartibda o'tganligini bilganlar.

3-mavzu. Franklar imperiyasi

Buyuk Karl (742-814). Karl sulola asoschisi Pipin Pakananing (714-768) o'g'li bo'lib, Franklar qirolligini (800 yildan imperiyasini) 46 yil (768-814) boshqargan. "Buyuk" nomi unga tarixchar tomonidan 53 harbiy yurishga boshchilik qilib, yirik saltanat tuzgani. bu davlatda yangi qonunlar, maorif va madaniyatga asos solgani uchun berilgan. Karl haqida ko'plab tarixiy asarlar, afsonalar, rivoyatlar va qo'shiqlar yaratilgan. Uning ismidan "korol", ya'ni "qirol" unvoni kelib chiqqan.

Italiya va Ispaniya urashlari. Karl taxtga kelishi bilan istilochilik urushlari olib borgan. Uning dastlabki harbiy yurishlari germanlarning langobard qabilasi Italiyada tuzgan davlatiga qarshi 773 yili boshlanadi. Langobardlar qiroli Dezideriy mag'lub etilganidan so'ng, sochi olinib Korvey monastiriga jo'natiladi. Italiya yerlari esa grafliklarga bo'linib, Frank qirolligiga qo'shib olinadi.

Yodda tuting! Ilk o'rta asrlarda Yevropada uzun soch toj-u taxt egaligi ramzi bo'lib, qirolning sochi olinishi uni taxtdan mahrum etilganini anglatgan.

Arab xalifaligi istilo qilgan Ispaniyaga qarshi 778 yili Karl dastlabki muvaffaqiyatsiz yurish qiladi. Karlning jiyani, graf Roland jangda halok bo'ladi. Asrlar o'tib Roland fransuz xalq og'zaki ijodining sevimli qahramoniga aylanib, u haqda "Roland haqida qo'shiq" dostoni yaratiladi. Keyingi yurishlar davomida Pireneya yarim orolining arablardan tortib olingan hududlarida tuzilgan Ispan markasi franklar davlatining chegara viloyatiga aylantiriladi.

Sakslarga qarshi urushlar. Reyn daryosining o'ng sohilida yashagan saks qabilalariga qarshi urushlar 30 yildan ortiq (772-804) davom etadi.

Bu urush Karl uchun ancha murakkab kechadi. Sakslar germanlarning Karlga bo'ysunmagan so'nggi yirik qabilasi bo'lgan. Istilo qilingan sakslar franklar qo'shini ketgan zahoti yana qo'zg'olon ko'targanlar. Karl ortga qaytib minglab garovga olinganlarni qatl ettirgan, yuzlab sakslar oilalarini mamlakatning boshqa hududlariga ko'chirgan, asosiysi sakslarni nima bo'lsa ham xristian diniga o'tkazishga intilgan. Sakslar qattiq qarshilik ko'rsatib, imkoni bo'ldi deguncha majusiylikka qaytishgan. Uzoq kurashdan so'ng Karl sakslarni yangi dinga o'tkazishga erishgan. SHu tariqa Saksoniya ham Buyuk Karl davlatiga qo'shib olinadi.

Franklar imperiyasi. Buyuk Karl davlati Yevropaning katta qismini egallaydi. Uning hududini G'arbiy Rim imperiyasi bilan bemalol taqqoslasa bo'lar edi. Lekin Karlning hokimiyati so'nggi rim imperatorlarinikidan ancha yuksak ekanligi shubhasiz. Ayni paytda so'ngan imperiya haqidagi xotiralar 8 asrda ham rimliklar, G'arbiy Yevropaning turli xalqlari va qabilalari xotirasida saqlanib qolgan. Tabiiy, Karlning maslahatchilarida uni qadimgi rimliklarga taqlid qilib, imperator deb e'lon qilish g'oyasi tug'iladi. Bunday imkoniyat 800 yili Rim mahalliy zodagonlarining papa Lev 3 ga qarshi isyon ko'tarishi orqali vujudga keladi. Karl qo'shin yuborib isyonni bostiradi.

Bu yordam evaziga Rim papasi 800 yilning dekabrida avliyo Pyotr ibodatxonasida Karlga imperatorlik tojini kiydiradi. SHu tariqa G'arbda yangidan imperiya paydo bo'ladi. Karlning muhrida: "Yangi Rim imperiyasi" so'zlari zarb qilinadi. Aslida esa franklar imperiyasi faqat nomi bilangina Rim imperiyasini eslatardi.

Buyuk Karl franklar imperiyasining mutlaq hukmdoriga aylanib, uning farmon-lari faqat yirik zodagonlar, yer egalarining yilda ikki marta chaqiriladigan yig'inida qabul qilingan.

Buyuk Karlning doimiy poytaxti ham yo'q edi. U o'z amaldorlari bilan mamlakat bo'ylab harakatlanib, turli shaharlardagi saroylarida to'xtagan, mahaliiy aholiga og'irligi tushmasligi uchun uzoq vaqt o'tmay yana boshqa shaharga yo'l olgan.

Buyuk Karl davrida franklarda an'anaviy xalq lashkari o'rnida otliq ritsarlar qo'shini vujudga keladi. Ritsarlar (nemischa ritter-otliq) bo'linmalarida-faqat boy zamindorlar, ya'ni jangovar ot va qurol-aslahalar sotib olishga imkoniyati bo'lgan kishilar xizmat qilgan. Bir necha oila birgalashib, bitta ritsarni qo'shinga jo'natish hollari ham uchrab turgan. Hukmdorlar ritsarlarga: ot qurol-aslahasini tartibda saqlashi, urushlar paytida oilasini ta'minlashi uchun yer-mulk in'om etgan. Bu yer-mulk feod (nem. qo'rg'on, mulk) harbiy xizmat evaziga taqdim etilib, keyinchalik merosiy mulkka aylangan. Feodning egasi feodal

Deb atalgan . Zamonlar o'tib harbiy ish faqat feodallar mashg'uloti bo'lib qoladi. Yirik feodallar viloyatlarga egalik qilsalar, mayda feodalga ma'lum qishloq yoki uning bir qismi taqdim etilishi ham mumkin edi.

Davlat boshqaruvi. Buyuk Karlning saroy xizmatkorlari ayni paytda vazirlar vazifasini bajargan. Qirol saroyi yuqori lavozimidagi-moliya, soliq, harbiy a'yonlari, dasturxonchi, otxona boshlig'i va boshqalar Franklar davlatidagi muhim lavozimlar bo'lgan. Yirik qabilalarni gersoglar (nem. saylangan harbiy yo'lboshchi, keyinchalik merosiy qabila boshlig'i) boshqargan. Davrlar o'tib gersog eng yuksak unvonlardan biriga aylandi. Yirik bo'lmagan hududlarni imperator tayinlagan graflar (nem. qirol tayinlagan amaldor) boshqaradi. Gersog unvoni avvaldan merosiy bo'lsa, graflarni imperator tayinlagan. Buyuk Karl o'z davlati chegaralarini mustahkamlash maqsadida markalar (nem. chegara harbiy viloyati) tuzib ularni markgraflar (nem. chegara viloyati hokimi) boshqargan.

Episkoplar, yirik monastirlar abbatlari imperatoming joylardagi vakillari sifatida uning buyruqlarini bajargan. Safarlari paytida Buyuk Karl yepiskoplar va graflarning ishlari qanday ketayotganligini tekshirgan. Agar suiste'molliklar aniqlansa, javobgar darhol lavozimidan ozod etilgan. Imperatoming o'zi barcha graflik va yepiskopliklarni aylanib chiqishi qiyin ekanligidan u o'zi ishongan davlat vakillarini mamlakat bo'ylab jo'natar edi. Ularga mahalliy hokimlami jazolash, almashtirish huquqiari berilgan. Franklar mamlakati hududlari behad katta bo'lishi nazoratni murakkablashtirgan. Barcha grafliklarni nazoratda saqlash mushkul edi. Bundan tashqari graflar bor kuchi bilan graflikda o'rnashishga, uni o'z avlodlariga meros qilib qoldirishga intilgan. Bu esa franklar imperiyasini kelajakda zaiflashuvi va parchalanishiga yo'l ochadi.

Evropa hukmdorlari orasida katta hurmatga ega bo'lgan Karl saroyiga ko'plab elchilar kelib turishgan.Yilnomalarda yozilishicha, arab. xalifasi Horun ar-Rashid o'z elchilari orqali Karlga qimmatbaho sovg'alar bilan birga Quddusdagi Iso payg'ambar qabri joylashgan yerni ham taqdim etgan.

Franklar imperiyasining inqirozi. Yillar o'tib mamlakatda graflar davlat amaldorlaridan yirik yer egasi, o'z viloyatining xo'jayiniga aylana bordi.

Graflikdagi erkin dehqonlar qaramlikka tushdi. Qirolning sud ishlarini boshqarishni graflarga topshirishi ham ularning hokimiyatini kuchaytiradi.

Yodda tuting! Qirolning sud ishlarini boshqarishni graflarga topshirishi ularning hokimiyatini kuchaytirdi.

Buyuk Karlning vafotidan ko'p o'tmay, u tuzgan imperiyaning inqirozi boshlanadi. Uning nabiralari davrida mamlakat parchalanib ketadi.

Verden shahrida 843 yil tuzilgan shartnomaga binoan vujudga kelgan qirolliklar o'rnida, keyinchalik Fransiya, Germaniya va Italiya davlatlari tashkil topadi.

Bu qirolliklarning har biri gersoglik va grafliklarga, ular esa yirik va o'rta feodal mulklariga boiingan. SHu tariqa Yevropada feodal tarqoqlik davri boshlanadi.

4-§. MUQADDAS RIM IMPERIYaSI

Yangi qirollik. Franklar imperiyasi 843 yili uchga bo'linib ketganida, dastlab ularning hammasini Buyuk Karlning avlodlari boshqargan. Lekin 919 yili SHarqiy Frank qirolligida (bo'lajak Germaniya) mahalliy zodagonlar knyazlardan eng qudratlisi bo'lgan Saksoniya gersogi Genrixni qirollikka saylaydilar. SHu tariqa franklarning karolinglar sulolasi o'rniga, mahalliy saksoniyaliklar sulolasi hokimyatga keladi.

Evropa xaritasida yangi davlat Germaniya qirolligi vujudga keladi. Genrix 1 uzoqni ko'zlab, aql bilan ish boshlab mamlakatni kuchaytirish yo'lini tutadi. Vengerlar bilan 9 yilga tinchlik sulhi tuzgan qirol mamlakat mudofaa qudratini yuklasaltirish maqsadida qator tadbirlarni amalga oshiradi. Genrix qishloqda yashaydigan har 9 kishidan bittasini tanlab, uni burgga ko'chiradi. To'planganlar burgda o'z birodarlari uchun ham uy-joy qurishga kirishadilar. Qishloqda qolgan sakkiz kishi o'zlarining jangchilikka tayinlangan sheriklari uchun ham dehqonchilik qilganlar. Genrix barcha yig'inlar, cherkov soborlarini, bazmlarni burgda o'tkazishni buyuradi. Qirol burglar qurilishda kecha-yu kunduz mehnat qilib sulh muddati tugaguniga qadar aholining asosiy mulki qal'alarda bo'lishini ta'minlash zarurligini ta'kidlar edi.

Vengerlar bilan kurash. Genrix 1 ning o'g'li Otton 1 (936-973) davrida kuchli nemis otliq qo'shini vujudga keldi. Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi kabi uning asosini og'ir qurollangan ritsarlar otliq qo'shini tashkil etgan. Bitta otliq jangchini qurol-aslaha bilan ta'minlash uchun bir necha dehqon, ba'zida hatto bir necha qishloq ishlashiga to'g'ri kelgan.

Burglarga tayangan yangi otliq qo'shin ko'magida Otton I vengerlar bilan hal qiluvchi jangga shaylanadi. 955 yilda Bavariyaning Lex daryosi bo'yida bo'lib o'tgan og'ir jangda vengerlar mag'lub etiladi. SHundan so'ng ularning Germaniyaga bosqinlari to'xtaydi.

Yangi imperiya. O'zidan avval hech kirn yenga olmagan dushmanni mag'lub etgan Otton 1 o'zini Yevropadagi eng kuchli qirol deb hisoblay boshlaydi. Ushbu g'alaba unda Buyuk Karl singari Rimda imperatorlik tojini kiyish hamda imperator unvonini olish istagini uyg'otadi. Bu tadbir barchani yangi qirollikning qudratiga va Otton 1 ni Rim va Buyuk Karl imperyalarining vorisi ekanligiga ishontirishi lozim edi.

O'z rejasini amalga oshirishida Ottonga hech kirn qarshilik ko'rsata olmaydi. Sababi, bu paytda Buyuk Karlning haqiqiy vorislari bo'lgan G'arbiy Frank davlati qirollari shu darajada zaiflashib qolgan edilarki, ularga hatto o'z gersog va graflari ham bo'ysunmagan. 962 yilda o'z qo'shini bilan Rimga kelgan Otton1 ga papa Ioann 12 imperatorlik tojini kiydiradi. SHu tariqa yangi imperiya Muqaddas Rim imperiyasi vujudga keladi. Uning tarkibiga German yerlaridan tashqari Italiyaning shimoliy hududlari ham kirgan, lekin bu yerdagi shaharlar german imperatorlariga hech qachon to'liq bo'ysunmagan. SHunga qaramasdan har bir german qiroli taxtga kelganidan so'ng o'z qo'shini bilan Alp tog'lari orqali Italiyaga yurish qilib, Rimda imperatorlik tojini kiyardi.

German imperatorlari o'z davlatlarini qadimgi Rimning davomchisi deb hisoblaganlar. Zamondoshlari "dunyo mo'jizasi" deb nomlagan Otton 1 ning nabirasi Otton 3 Rimni ulkan davlatning poytaxtiga aylantirish orzusida bo'lgan. U butun xristian dunyosi Rim imperatori hukmida birlashishi lozim deb hisoblagan. Tabiiyki, butun dunyo xristian imperiyasi haqidagi orzularni amalga oshishi mushkul ish edi. SHunga qaramasdan, german monarxlari o'z davlatlarini Rim imperiyasi, keyinroq Muqaddas Rim imperiyasi deb atashda davom etadilar. Bu davlat uzoq asrlar davomida hukm surgan.

Yodda tuting! Muqaddas Rim imperiyasi 962 yildan 1806 yilgacha hukm surgan.

German imperatorlari va cherkov. Yirik mamlakatni boshqarish uchun joylarda qirolning buyruqlarini bajaradigan amaldorlar bo'lishi lozim edi. Ilk o'rta asrlarda esa faqat taraqqiy etgan va boy jamiyatgina minglab amaldorlarni ta'minlashi mumkin edi. 10 asrda Germaniya aholisi imperatorga nisbatan o'z gersoglarining gapiga ko'proq quloq solgan. Ushbu vaziyatda Otton 1 va uning vorislari o'ziga xos usulni qo'llaydilar. Hokimiyat butun mamlakatni egallagan cherkov tashkilotlaridan o'z maqsadlarida foydalanadi. Tarixdan ma'lumki, frank qirollari davridayoq yepiskoplar ularning ishonchli xizmatchisi hisoblangan. Otton 1 bu borada yanada ilgarilab ketadi. U Germaniyadagi yepiskop va abbatlarga yer-mulk, boyliklardan tashqari ko'plab huquq va imtiyozlar beradi. Natijada cherkov zodagonlari o'z imkoniyatlari, hokimyatlari bo'yicha gersog va graflardan kam bo'lmagan. Ular har qanday kishini monarx irodasiga bo'ysundirishga qodir edilar. Imperatorning o'zi esa kerakli odamni cherkov lavozimiga tayinlagan, zarur bo'lsa yepiskoplarni va hatto Rim papalarini hech qiyinchiliksiz almashtirgan. Xususan, Otton 1 Rimda ko'plab yepiskoplar ishtirokida o'zi yoqtirmagan papalardan birining ustidan sud jarayonini uyushtirib, uni tahqirli holatda vazifasidan chetlatgan. Uning vorisi Otton 3 esa o'zining ustozi Gerbertni Silvester 3 (999-1003) nomi bilan Rim papaligiga saylanishiga erishgan.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling