Ferma 4-fasl
Download 409.05 Kb. Pdf ko'rish
|
FERMA 4
- Bu sahifa navigatsiya:
- Oradan 4 soat otdi.
- Lord Lyuvisning shtabi
- Vayrona shahar
- 10-QISM MAHBUSLAR
9-QISM GENERAL GRANT Mana William hokimiyat tepasiga kelib, odamlarni oyoqqa turgazganiga ham 1 oydan oshdi. U boshchilik qilayotgan olimlar guruhi vampirlarni o'ldira oladigan darajadagi kuchli bo'lgan miltiqlarni yasashdi. Yuz kishidan iborat ovchilar guruhi esa "YSM" dan tashqariga chiqib, qurolni vampirlarda sinab ko'rishdi. William Minerva qo'shinga boshchilik qilish uchun 40 yoshli kuchli, irodali va aqlli harbiyni topib keldi. Uning ismi general Grant bo'lib, 35 yoshigacha "YSM" ichki qo'shiniga rahbarlik qilgan. Keyin esa birgina arzimas xatosi tufayli ishdan chetlashtirilgan. –U odamdan badbo'y hid kelyapti,-dedi burnini berkitib olgan Roza qo'lidagi buterbrod to'ldirilgan patnisni stol ustiga qo'yib,-Nega dadamiz uni uyga olib keldi o'zi? Sal nariroqdagi stol ustidagi xaritaga bir nimalarni chizib o'tirgan Grant bolalarning gapini umuman eshitmay, yonidagi ichkilik to'ldirilgan idishdan bir ho'plab qo'ydi. –Bilmadim...bunday piyonista odamga ishonish mumkinmikan...Emma, sen nima deysan?-Luna chekkada kitob o'qib o'tirgan Emmaga yuzlandi. –Bilmayman. Ammo dadamiz bu odamni bekorga tanlamagani aniq. Shunchaki ichkilikdan biroz chalg'itilsa, bizga ancha foydasi tegadigan odam bo'ladi. –Hoy mallasoch, menga yeyishga biror narsa olib kel!-Grant xarita joylashtirilgan stol qarshisidagi yumshoq kresloga o'tirib olib, buyruq berdi. –Mallasoch? U meni aytyaptimi?-so'radi Emma qizishib. –Ma ol, mallasoch,-Roza qo'lidagi patnisni Emmaga uzatdi. Emma buterbrod to'ldirilgan patnisni Grantning yoniga qo'yib, asabiy ohangda gap boshladi: –Janob, umuman olganda, bu sizning uyingiz emas. Yaxshisi dadam bilan hokimiyat binosida ishlashingiz kerak. –Menga aql o'rgatma. Janob Minerva meni ataylab shu yerga jo'natdi. Haqiqiy ish kechasi boshlanadi. –Bu bilan kechgacha ichib o'tiraman demoqchimisiz?-so'radi nargi kresloda kitob o'qib o'tirgan Rey. –Sen umuman aralashma, uyquchi siklop. Senga o'xshab boshimga kitob qo'yib olib uhlamayapman. Agar bilsang, hozirning o'zida siz bergan shtab xaritasini butunlay o'rganib chiqdim. –Siklop?! Haddingizdan oshmang, janob! Undan ko'ra sasiyotgan og'zingizni yopib o'tirsangiz bo'lardi. –Kelinglar, qizishmaymiz,-dedi oshxonadan chiqib kelgan Mayk,-Men dadamiz bilan gaplashdim. Bir necha soatdan so'ng yetib kelar ekan. –Ana, demak meni bir necha soat bezovta qilmaysiz. Qani, boshqa xonaga o'tinglar. Tez! Axir uy juda katta-ku. –Janob, bu uy bizniki,-dedi Luna,-Agar xohlasangiz sizga alohida xona ajratib beramiz. Derazasi ham bor, badbo'y hidlar chiqib ketadi. –Rahmat, to'rtko'z, ammo stol ustida qog'ozlar ko'p. Qaytadan joylashtirilsa, chalkashib ketishim mumkin. –Axir bittagina xarita va 2-3 ta qog'oz turibdi, xolos-ku!-baqirib yubordi Emma. –Bo'ldi, bas! Menga halaqit bermang. Bo'lmasa dadangizga hisobot tayyorlay olmay qolishim mumkin! Oradan 4 soat o'tdi. William Minerva ishdan qaytdi. Endi uni doim o'nlab odamlar qo'riqlab yurishadi. Uy atrofini ham soqchilar bosib ketgan. Chunki ayrimlar vampirlar odamlar ichidagi josuslari yordamida Williamni o'ldirishi mumkin deb qo'rqishyapti. U kelgach, barcha bolalar va general Grant stol ustidagi xarita yoniga yig'ilishdi. –Kelinglar, avval "YSM" haqida gaplashib olamiz,-dedi Grant,-Bizdagi eng katta muammo – poytaxt devor ortidagina joylashganida. Poytaxt aslida markazroqda joylashishi kerak edi. Hatto janubdagi ayrim shaharlarga prezident almashgani haqidagi xabar yetib ham bormagan. Janubiy shaharlar urushdan mutlaqo bexabar. –Biroz oshirib yubordingiz, Grant,-William shunday deb stol ustida turgan qahvasidan ho'plab qo'ydi,-Ularga allaqachon barcha xabarlar yetkazib bo'lingan. Ha aytgancha, jurnalist Marta Gudmen ham bizning foydamizga maqolalar yoza boshladi. –Boshqa iloji ham yo'q,-dedi Emma,-Aks holda uni qanday taqdir kutishini yaxshi biladi. –Kelinglar, mavzuga qaytamiz,-aralashdi Mayk,-Birinchidan, biz qaysi shtabga hujum qilamiz? Bizga eng yaqin bo'lgan Anabellaning shtabigami yoki Lord Lyuvisnikigami? –Eng avval "B32" ga hujum qilamiz,-dedi William,-U yer kichkina...qolaversa, u yerda ukam bor. –Agar bunday qiladigan bo'lsak, ular bizni g'orning o'zidayoq kul qilib yuborishlari mumkin,-dedi Rey. –U holda nima qil deysan? –Menda reja bor,-qo'lini ko'tardi Emma,-Agar Anabella xonim haligacha tirik bo'lsa, u ham bizga yordam berishi tayin. Agar yordam berishdan bosh tortsa, askarlarimizni uning shtabiga jo'natamiz. Ammo Anabella nima bo'lganda ham o'lmasligi kerak. Chunki u bizga yordam berdi... –Sen qayerdagi vampirga ishonmoqchimisan?-baqirib so'radi Grant. –Aytyapman-ku, u bizga yordam berdi! –Balki shunchaki va'da buzilib, yana odamlarni ov qila olish istagida shunday qilgandir?-so'radi William. –Bilmayman...xullas u bilan gaplashib ko'ramiz. Agar chindan ham maqsadi shu bo'lgan bo'lsa, bazasini kuch bilan egallab olamiz. –"B32" nima bo'ladi?-so'radi Luna. –U yerga dadamiz, men, Mayk va Rey boramiz. –Nima?!-baqirib yubordi Don,-Qayerdan buncha ishonch? –Axir bir oydan beri miltiq otishni o'rganib kelyapmiz-ku. Men ham, Rey va Mayk ham qurol ishlata olamiz. Lekin menimcha u yerda ortiqcha qotillik bo'lmaydi. –Emma, men ukamni ko'ndira olmasligim ham mumkin. Agar shunday bo'lsa, barchamiz o'lib ketamiz. –O'tgan gal u bizni shunchaki qo'yib yuborgandi. U bekorga bunday qilmagan. Uni albatta ko'ndiramiz! Bunga ishonchim komil. –Bu qizga ishonmang,-dedi Grant,-Bu qiz hattoki vampirga ham ishonadigan darajada hayolparast ekan. Aql bilan ish ko'rish kerak. –Keyin, nega endi sizlar ham urushga borishingiz kerak?-so'radi Roza,- Axir hali 18 yoshga to'lmagansiz. Bu juda ham xavfli! –Roza, biz eplaymiz. Axir anchadan beri o'rganib kelyapmiz-ku. Axir vampirlardan qochib, shu yergacha kela oldik. Ularga qarshi jang qilishni ham uddalaymiz. –O'zingning nomingdan javob berma, Emma. Balki Rey va Mayk xohlamas? –Men qo'rqoqlik qilish niyatim yo'q,-dedi Rey,-Qolaversa, oyimning o'limi uchun qasos olishni xohlayman. Lyuvisning o'limiga o'z ko'zlarim bilan guvoh bo'lishim kerak. Men boraman. Borishim shart! –Lekin gap Lyuvisning o'limidamas, "B32" ga hech qanday qo'shinsiz kirishingizda ketyapti! –Roza, nimadan buncha xavotirlanyapsan?-so'radi Mayk,-Shunchaki bizga ishon. Albatta tirik qaytamiz. –Uzunsochning gaplariga qo'shilaman,-dedi Grant,-Janob Minerva, siz "YSM" ning yagona prezidenti ekanligingizni bilasizmi? Agar siz o'lsangiz, qolganlarni hech kim oyoqqa turgaza olmaydi. Aqlni ishlatib ish qiling. –"B32" ni unchalik ko'p vampir qo'riqlamaydi. U yerda hatto onalar bo'limi ham yo'q,-dedi Emma,-Bizga duch kelgan vampirlarni yo'q qila olamiz. –"B32" masalasini keyinga qoldiramiz!-baqirdi William,-Kelinglar, endi Lyuvisning shtabini qanday egallab olish yo'lini rejalashtirib chiqamiz. –Xo'sh? Rejalar bormi?-so'radi Rey. –Birinchi o'rinda sistemani qo'lga olish kerak. Ya'ni, barcha onalar va vampirlarga o'rnatilgan chiplarni boshqarib turadigan sistemaga. –Men u yerda bo'lganman,-dedi Mayk,-U labaratoriya bo'limi yonida joylashgan. Izabella buvini o'sha yerdan turib o'ldirgandim. –U yerdan turib vampirlarni ham o'ldirsa bo'ladi-ya?-so'radi Emma. –Yo'q,-William ham Mayk ham tengdaniga javob berishdi,-Vampirlarga ulangan chip shunchaki ular qayerda ekanligini ko'rsatib tura oladi. –Onalar masalasi-chi?-aralashdi Luna,-To'g'ri, ular shtabga sodiq...bolalarni ham o'limga yuborishdan toymaydi...ammo ular ham bir paytlar bizga o'xshagan qiz bo'lishgan-ku, to'g'rimi? Ularni o'ldirmasak kerak? –Yo'q, Luna. Ular o'lishmaydi. Bunisidan ko'ngling to'q bo'lsin. Ammo buvi masalasiga javob berolmayman. –Onalarni ozod qilish uchun birinchi o'rinda buvini yo'qotish kerak,-dedi Rey. –Qiziq...Kara oyining o'rniga kim buvi bo'ldi ekan? U 36 yoshda edi. Undan bir-ikki yoshga kichikrog'imi? Yoki eng tajribalisimi? –Mening oyim, aniqrog'i Elizabet oyi 35 yoshda edi,-dedi Roza,-Balki u buvi bo'lgandir? –Kim buvi bo'lgani bilan ishim yo'q. Eng asosiy vazifamiz shtabni yo'q qilish,-William shunday deb qahvasining oxirgi ho'plamini ichib qo'ydi,- Sistemani egalladik ham deylik, keyin u yerdan turib, vampirlar qayerga berkinganini sheriklarimizga ratsiya orqali yetkazib berib turamiz. Shuningdek, u yerdan qolgan beshta fermalardagi bolalarga o'rnatilgan chiplarni ham nazorat qilish mumkin. Qisqa qilib aytganda, u yer shtab yuragi. –Askarlar qo'lidagi miltiqlari bilan qo'rqmay hujum qila olishlarini o'zim ta'minlayman,-dedi Grant,-Kim qo'rqoqlik qilsa, ikkilanmay otib tashlanadi. –Yo'q!-baqirib yubordi Emma,-Bu o'ta ketgan vaxshiylik! O'zimizniki bo'lgan odamlarni aslo o'ldirmaymiz! –Qo'rqoq do'stdan ko'ra kuchli dushman yaxshi degan gapni eshitmaganmisan? Bu mening uslubim! Mening uslubimni muhokama qilish senga emas. –Emma haq,-dedi William,-Grant, hech qanday vaxshiylik bo'lmasin. Axir o'zing yaxshi generalsan-ku. Bu uslub Rozvaldning davrida as qotardi. –Nima desangiz, shu. Xullas, qo'shindan umuman xavotir olmang. Asosiysi ko'p sonli harbiylar va yetarli darajadagi qurol. –Yaxshi...-William o'rnidan turib, qo'llarining chigalini yozdi,- Uhlaydigan vaqt bo'ldi. Ikki kundan keyin urush boshlanadi. Yaxshilab tayyorlaning. Barchaga xayrli tun... Lord Lyuvisning shtabi Onalar bo'limining keng va sovuq yotoqxonasi. Linda yotoqxonaga kirib, bir paytlar o'zi yotgan karavotga o'tirib olib, Elizabet buvining kelishini kutyapti. Oradan taxminan 10 daqiqalarcha vaqt o'tgach qo'liga bir uyum qog'oz ko'tarib olgan Elizabet kirib keldi va hech narsa demay Lindaning qarshisiga o'tirdi. –Endi sen 3-ferma onasi emassan, Linda. –Bilaman...-Linda chuqur xo'rsinib qo'ydi,-Axir endi u yerda bitta ham bola qolmadi-ku. –Qanday hisni tuyyapsan, Linda? Ko'rinishing menga Karani eslatyapti. –Nafratni. O'zimdan o'zim nafratlanib ketyapman! Tedga bergan va'damning ustidan chiqa olmadim! Men barcha bolalarni himoya qilishga so'z bergandim, ammo... –Ammo ular endi yo'q. Bu uchun o'zingni ayblashing shart emas. Umuman, senda ham, boshqa onalarda ham, hattoki menda ham ayb yo'q. Barcha ayb vampirlarda. –Kimnidir ayblab o'tirishni xohlamayman. Iltimos, buvi, meni o'ldiring. Baribir o'z jonimga qasd qilaman. Meni bu og'ir gunohdan halos eting. –Afsuski bunday qilolmayman,-Elizabet qo'lidagi qog'ozlarni Lindaga uzatdi,-Bu yerda onalar bo'limidagi barcha ayollar va qizlar ro'yxati bor. Yaxshilab tanishib chiq. Ulardan aksariyatini taniysan. Shunday ekan, o'rganib ketishing qiyin bo'lmaydi. –O'rganib ketish? Nimaga? –Sen menga yordamchi bo'lasan. Orqamdan dum bo'lib yurasan, har xil yugur-yugurlarni bajarasan. Qisqa qilib aytganda, xizmatkorday gap. –Bundan menga nima foyda? Barchasidan voz kechib, tinchgina o'lib ketishning o'rniga sizga yugurdak bo'laymi? –O, biz sen bilan hali iblisning qo'lidan kelmaydigan ishlarni qilamiz. O'lmay tur, so'z beraman bu ancha qiziqarli kechadi. –Men iblis qila olmaydigan ishlarni qilishni xohlamayman. Bu bilan qotillik qilamiz, demoqchimisiz? –Bilishni xohlaysanmi? U holda tirik qol va o'z ko'zlaring bilan ko'r. Agar senga yoqmaydigan bo'lsa, so'z beraman seni o'zim o'ldiraman... Vayrona shahar Lord Lyuvisning vampirlaridan holi bo'lgan yagona makon bo'ylab, ohsohlanib yurib kelayotgan Satella uning yelkasidan ushlab kelayotgan Edni chetga itarib, yerga dumalab qoldi. Ed darhol o'zini o'nglab, Satellaning orqasidagi yarasiga achinish bilan qaray boshladi. –Yaramas Lyuvis! Anabella xonimning shtabidan vaqtida qochganimizda, mana shunday jarohat orttirib olmasding!-baqirdi Ed. –Men Mikaelni o'ldirmoqchi edim...ammo qo'limdan kelmadi. Lekin bu hammasi tugadi deganimas! U o'ladi! Uni o'z qo'llarim bilan o'ldiraman! –Afsuski, endi kech. U o'lib bo'lgan,-Ed va Satellaning orqasidan qandaydir tanish ovoz eshitildi. Ed Satellani yerga qo'yib, tezlik bilan ortiga o'girildi. –Albert? Oxirgi marta jang qilganimizda anavi jodugar Elizabet sabab tirik qolganding. Agar o'sha payt u yelkamga xanjar sanchib qolmaganida, sen allaqachon nargi dunyoga ravona bo'lgan bo'larding. –O'zingga juda ko'p ishonib yuborma, Ed. Ikkinchi fermada bo'lgan jangimiz birinchi raund edi. Davomiga tayyormisan?-Albert tirjayib, qo'lidagi miltig'ini Edga o'qtadi. Ed o'rnidan turib, kumush qilichini qinidan chiqardi: –Bizni qanday topib kelding? –Umuman olganda, men manavi gulni Lord Lyuvisning shtabiga olib borish uchun ketayotgandim,-Albert qo'lidagi miltig'ini yerga uloqtirib, cho'ntagidan qip-qizil bo'lib ochilib turgan vampir gulini chiqardi,–Bu kimligini bilasanmi? Bu Anabella. Juda kulguli-ya? Men Anabellani uch dona barmog'imda ko'tarib turibman... –Yaramas! Ovozing o'chsin! Ed, o'ldir uni!-Satella yotgan joyida baqira boshladi. Albert qovog'ini solib, jilmayib qo'ydi va uzun kumushrang qilichini chiqardi. –Men qo'rqoq emasman. Seni miltig'im bilan otib o'ldirishim mumkin edi, ammo men adolatli jang tarafdoriman. Qolaversa, seni o'ldirish uchun menga miltiq shart emas. –Sen xo'jayiningga o'xshamaysan, Albert. Senga o'xshagan sodiq itlarni topish oson emas,-Ed Albert tomonga shamol tezligida yugurib, qilichi bilan zarba berdi. Albert esa vaqtida chap berib, noto'g'ri tarafga og'ib ketgan Edning oyog'idan chalib yerga yiqitdi. Ammo u Edga qilichini sanchgunicha Ed o'rnidan turib, o'zini o'nglab oldi. –Ed! Miltiqni ol! Oyog'ing tagida turibdi-ku!-baqirdi hech narsa qilolmay yotgan Satella. Ed biroz o'ylanib turdi-da, miltiqni qo'liga olib, ancha uzoqroqqa uloqtirib yubordi. –Men ham halol jang qilaman. Qo'rqoqlarcha yengganimdan ko'ra, mardlarcha o'lganim yaxshi. –Ahmoq! Agar sen o'lsang, u meni ham o'ldiradi! Ol, miltiqni! Ed Satellaning gaplariga quloq solib o'tirmay, shiddat bilan Albert tomonga sakradi. Albert yana chap berib qolib, qo'lidagi qilichi bilan Edning oyog'iga zarba berdi. Edning chap oyog'i yaralanib, azob bera boshladi. Ammo u taslim bo'lmay, bor kuchi bilan qilichini ortiga aylantirib o'tdi. Albert yana vaqtida egilib qolib, Edning yaralangan oyog'iga tepib yiqitdi. –Odamlar bilan yuraverib, o'zing ham ularga o'xshab ojiz bo'lib qolibsan. Albert bor kuchi bilan qilichini Edning ko'ksiga yo'naltirdi. Lekin Ed kaftlari bilan qilichni ushlab qoldi. Uning qo'llaridan to'q qizil qon oqa boshladi. –O'zingga bunchalik azobli o'limni tanlama, Edvard. Baribir o'lasan... Ed bor ovozi bilan baqirib, bor kuchini yig'ib, qilichni ushlab turdi. Ammo kaftidagi og'riq uni tinch qo'ymayotgandi. Uning kuchi tugab, qilichni qo'yib yubordi. Lekin qilich uning ko'ksiga kirishidan avval ularning ortidan momaqaldiroqday gumburlagan tovus eshitildi. Albertning yuragini miltiqdan otilib chiqqan o'q teshib o'tib, uni Edning ustiga yiqitdi. Ed darhol og'zidan qon oqayotgan Albertning jasadini chetga dumalatib, qaltiragancha o'rnidan turdi. –Satella...nima qilib qo'yding? –Men halol jang bo'lishi haqida qasam ichmagandim,-dedi qo'liga miltiq ushlab o'tirgan Satella,-Zo'r qurol ekan. Naq yuragiga tekkizdima... Ed darhol u tomonga emaklab, yelkasidan tutdi. –Ahvoling yaxshimi? Jarohating nima bo'ldi? –Sir saqlab nima qilaman, hali ham og'riyapti. Hatto nafas olishga qiynalyapman. Endi mana bu vampirni deb ikkalamiz ham yura olmaydigan bo'lib qoldik. –Yo'q, men yura olaman. Shuningdek, men qilichdan yaralandim. Jarohatim ertalabgacha tuzalib ketadi. Senga esa o'q tegdi. O'sha la'nati quroldan otlilgan o'q. Menimcha seni davolash kerak. –Arzimagan narsa...sen undan ko'ra anavi yaramasning qo'lidagi gulni olib kel. Anabella xonimni allaqanday itlar qo'lida qolib ketishini xohlamayman. Ed o'rnidan turib, zo'rg'a ishlatayotgan barmoqlari bilan Albertning cho'ntagida osilib turgan gulni avaykab chiqardi. –Qara Ed, biz aynan shu yerda tanishgan ekanmiz. Aniqrog'i men sen bilan tanishganman. Sen esa xushsiz yotganding. –Aldab nima qildim,-dedi Ed,-Avvaliga Mikaeldan emas, sendan qo'rqqanman. Mana senga gul,-Ed vampir gulini Satellaga uzatdi. Satella ham gulni avaylab ushlab, ko'zidan beixtiyor oqib ketgan achchiq yoshni artib, nafrat bilan shivirladi: –Mikaelni o'ldirishga ulgurmadimmi, u holda Lyuvisni o'ldiraman! Uni majag'lab tashlayman!... 10-QISM MAHBUSLAR Mana bugun Emma eng ko'p kutayotgan kun ham keldi. Bugun ular "YSM" qo'shinini yig'ib, vampirlarni yo'q qilish uchun jo'nab ketishadi. Havo ham ancha ochiq, atrof yorug' va charag'on. Xuddi tabiat ham odamlarga yon bosayotganday... –Bugun oramizdan ko'pchiligimiz o'lishimiz mumkin,-William butun poytaxt aholisiga minbardan turib so'zlay boshladi,-Ammo o'lgan safdoshlarimiz shunchaki bizni tark etishmaydi. Ular farovon kelajagimiz uchun, odamzod uchun o'zini qurbon qilishadi! Yana bir bor qaytarib aytaman, tashqarida vampirlar biz o'ylaganchalik ko'p emas. Ular mingta bo'lgan taqdirda ham biz g'alaba qozongan bo'lardik! Ammo ular bunchalik ko'p emas. Nega men o'zim bilan ming kishilik qo'shinni olib ketyapman deb o'ylarsiz. Chunki vampirlarning soni yuztaga ham yetmaydi! Bizning qurollarimiz bemalol ularni yo'q qila oladi! –Ishonamiz emish!-pichirlab qo'ydi Grant,-Axir mingtadan ortiq miltiq yasashga mahsulot yetmadi-ku. –...Agar birgalikda harakat qilsak, jipslikda jang qilsak, vampirlarni o'z olamimizdan quvib chiqaramiz! Tez orada qurollarimiz soni yanada ortadi va vampirlarga kerak bo'lsa o'n ming kishilik qo'shin bilan hujum qilamiz. G'alaba ham, adolat ham biz tarafda! Oradan 4 soat o'tdi. General Grant qo'mondonligidagi qo'shin "YSM" ni qattiq va buzilmagan tartib ostida tark eta boshladi. Eng oxiri bo'lib chiqib ketishi kerak bo'lgan William, Emma va Rey qo'shinga vaqtinchalik qo'shilmay turishga qaror qilishdi. Chunki ular bira to'la "B32" ga qarab yo'l olmoqchi edilar. –Menga so'z berishing kerak, Emma!-baqirdi Luna uning qo'llaridan mahkam ushlab,-Tirik qaytishing shart. Nima bo'lganda ham tirik qayt. Sendan ayrilib qolishni istamayman! –Hammasi yaxshi bo'ladi, Luna. So'z beraman, yetimxonada qolib ketgan do'stlarimiz bilan birga qaytib kelaman. Birgalikda uzoq va baxtli hayot kechiramiz. –Senga ishonaman, Emma-Luna jilmayib, Emmani qattiq quchoqladi. Ammo Emmani qo'yib yubormay, tirsaklari bilan qattiq bo'g'ib oldi: –Menga qara, Emma, agar tirik qaytmasang, so'z beraman, o'zimni o'ldiraman! Tushundingmi? –Luna, bu nima deganing? Albatta qaytaman... –Sensiz biz hech kimmiz! Omon bo'l, omad yor bo'lsin! * * * –Mayk, men ham sizlarga qo'shilishni istayman! Axir fermadan ham birga qochganmiz-ku! –Yo'q, Don. Sen qolishing kerak. Agar bizga nimadir bo'lsa, bolalarga ko'z-quloq bo'ladigan odam qolmaydi. Shuning uchun ham sen ham Luna ham shu yerda qolishingiz kerak. –Bir nima bo'lsa?!-baqirib yubordi Don,-Sizlar omon qaytishingiz shart! Agar omon qaytishga ishonmayotgan bo'lsang, mana men sizlarni himoya qilaman! Men ham sizlar bilan birga borishni istayman! –Don... –Men Kenyni qutqara olmaganman...Krisni ham qutqarolmadim...qolgan do'stlarimni ham...Endi bunday bo'lmasligi kerak! Ulardan Kenyning o'limi uchun qasos olishni istayman! –Balki dadamiz bilan gaplashib ko'rarsan? Men o'zim biror qaror qabul qilishim qiyin... * * * –Sog'-omon qaytishga so'z berasanmi, Rey?-so'radi Roza Reyga og'ir yuk halta tutqazib. –So'z bera olmayman. Menda o'zimni o'ldirishga bo'lgan moyillik boshqalarnikidan ko'proq. Bular nima? Buncha og'ir bo'lmasa? –Bu yerda barchangizga yetadigan oziq-ovqat, suv va har ehtimolga qarshi har xil mayda-chuydalar bor. Hatto pichoq ham solib qo'ydim. –Bular menga kerak emas. Oziq-ovqat qo'shinda ham bor. Barchaga yetadi. Mayda-chuydalarni esa ko'tarib yurishga ortiqcha kuchim yo'q. –Ammo bu yerda men va Luna pishirgan taomlarimiz bor. Bolalarni sog'inib qolmasligingiz uchun har xil esdaliklar ham solib qo'ydim... –Esdalik?! Aqldan ozib qolganmisan? Men vidolashib ketmayapman- ku! –To'g'ri...men ahmoqman. Biroz oshirib yuborgan ko'rinaman... Rey haltani ochib, har xil kerakmas buyumlar va esdaliklarni chiqarib tashladi-da, orqasiga taqib oldi. –Yegulik va o'tkir qurol ortiqchalik qilmaydi. Rahmat. –Faqat tirik qaytishga so'z ber! O'zingni o'ldirishga bo'lgan moyillikni esa yo'qot! –Men va'da berishni yomon ko'raman. Chunki sen qo'lingdan keladigan ishni hech qanday va'dasiz ham bajara olasan. Agar bu ish qo'lingdan kelmasa ham va'da bermaslik kerak. –Sen baribir uddalay olishing uchun va'da bermayapsan-a? Yoki... –Men fermadan qochib ketdim, notanish va xavfli o'rmonda jon saqlab qoldim, "B32" ni vayron qildim, shtabdan ham tirik chiqdim, endi bittagina urushni deb o'lib ketishimga ishona olmayman. Tirik qolaman... –Seni kutaman! Emmma, Mayk va Rey qolganlar bilan xayrlashib bo'lgach, general Grant boshchiligidagi qo'shinning ortidan shaharni tark etishdi. Donni esa o'zlari bilan olib ketisholmadi. Gavjum va tor shaharning muhitiga o'rganib qolgan Emma tashqariga, bir paytlar o'zi yugurib yurgan o'rmonga chiqqach, o'zini qandaydir yengil va ozod qushday seza boshladi. U osmonga qarab, qo'llarini keng yozib, chuqur nafas oldi-da, undan o'zib ketgan safdoshlarining ortidan yugurib ketdi. Oradan 2 soat o'tgach ular qo'shinga yetib olib, ularga boshchilik qilib ketayotgan general Grant bilan uchrashishdi. –Biz o'rmonning eng xavfli qismiga kirib boryapmiz,-dedi Emma,- Askarlarga ehtiyot bo'lishni tayinlash kerak. Ayniqsa har xil hasharotlardan... –O'rmon qanchaga cho'zilgan?-so'radi Grant. –O'tgan safar to'rt kunda o'tib olgandik,-javob berdi Mayk,-Lekin bunchalik ko'p sonli qo'shin bilan bir haftaga ham cho'zilib ketishi mumkin. –Bunday bo'lmaydi!-Grant asabiy ohangda Maykning gapini inkor qildi,-Ularga bunday dangasalik qilishlariga yo'l qo'ymayman. Uzog'i bilan besh kunda bosib o'tamiz... O'sha kuni barcha osmon qorong'ulashmay boshpana qurib, olov yoqdi. Askarlar bir-biriga zich joylashib olib, ularga tarqatilgan ovqatni bir zumda paqqos tushirishdi. Olov yonida tovuq go'shtidan tayyorlangan pashtetni isitib o'tirgan William uning qarshisida o'tirgan yuzlab qo'shiniga qandaydir faxr bilan qarab qo'ydi. –Menda savol tug'ilib qoldi,-gap boshladi Emma,-O'tgan safar vampirlar odamlarni qirib tashlashda zombilardan ham foydalanishgan-ku. Bu safar ham foydalanib qolishsa-chi? –U payt zombilar tinch aholi o'rtasiga vaxshiylarcha qo'yib yuborilgan,- javob berdi William,-Biz esa qurollanganmiz. Bo'lsa uzog'i bilan beshta zombi bo'lishi mumkin. Men bir o'zim ularning miyasiga beshta o'q uzib yo'q qilishim mumkin. –Tushunarli...demak zombilardan foyda yo'q ekanda? Baribir har ehtimolga qarshi ularni ham yo'q qilib yuborish kerak. –Antizlar masalasi nima bo'ladi?-so'radi Mayk. –Vampirlar yo'q qilingach, ular ham chekinishga va qorasini ko'rsatmaslikka majbur bo'ladi. O'zlarini o'zlari qirib tashlashsa kerak. –Janob prezident,-gap boshladi Grant,-Biz to'ppa to'g'ri o'sha Anabellaning bazasiga hujum qilaveraylikmi? –Bizga har ehtimolga qarshi ikkiyuz kishilik qo'shin tashlab ketasan. Agar ukam kelishishga rozi bo'lmasa, qo'shinni "B32" ga kiritamiz. –Yaxshi, tushundim, ammo shtab-chi? –Sizlar yaxshisi vayrona shaharda dam olib turasiz,-dedi Emma,- Qolaversa, askarlar besh kun o'rmonda yurib ancha charchagan bo'ladi. Biz avval Anabella xonim bilan gaplashib ko'rishga harakat qilamiz. Agar chindan ham rejasi ming yillik va'dani buzib, odamlarni ov qilish bo'lgan bo'lsa, uning bazasini tortib olishga majbur bo'lamiz. Keyin esa "B32" ga, Piter Minervaning yoniga boramiz. –Emma, bunday qilsak cho'zilib ketishi mumkin,-rad etdi William,- Kelinglar yaxshisi sizlar Anabellaning shtabiga, men esa ikkiyuz kishilik qo'shin bilan "B32" ga yo'l olaman. Shunday qilsak, vaqt tejaladi. –Bo'linish yaxshi oqibatga olib kelmaydi,-dedi Mayk,-Yaxshisi uzoqroq vaqt olsa ham barcha ishni birin-ketin bajarganimiz yaxshi... William boshchilik qilib kelayotgan qo'shin dam olish uchun boshpana qurib, tunni o'rmonda o'tkazishga qaror qilishdi. Butun atrofdan sovuq shamol esib, Emmaning badaniga urilarkan, u uhlashga yotishidan avval yon-atrofiga yaxshilab qarab qo'ydi. Chunki o'tgan safar Fata Morgana o'rgimchagidan ko'radiganini ko'rib bo'lgan... U endigina yumshoq matolarni o'rab, yasab olgan yostig'iga boshini qo'yib, ko'zlarini yumgan edi ham-ki, uning tepasida allaqanday qo'rqinchli qadam tovushlari eshitilib, Emmani cho'chitib yubordi. Emma ko'zini ochib, uning tepasida turgan qop-qora, qorong'ida tanib bo'lmaydigan, ko'zlari qip-qizil sharpaga ko'zi tushdi. Uning yuragi qattiq dukillab, ortiga tisarilib qolgan payt orqadan general Grantning baland ovozda baqirgani eshitildi: –Emma, yot!-Grant shunday deb, sharpaga qarata o'q uzdi. Notanish sharpa shu zahoti yerga yiqildi. Orqadagi askarlar vahimaga tusha boshlashdi va qo'llariga miltiqlarini ko'tarib oldi. Emma o'zini zo'rg'a yig'ib, qo'rquvdan qaltirayotgan qo'llariga gulhanda yonib turgan olovlardan birini olib, yerda yotgan vampirga olib keldi. –O yo'q! Ed!... **Oradan 5 kun o'tdi** **Lord Lyuvisning shtabi.** Avvalgidan ancha qorong'ulashib qolgani uchunmi, yoki Anabellaning shtabi Lyuvisnikidan yorug'roq bo'lgani uchunmi, uzun yo'lak bo'ylab ketayotgan Lord Lyuvis ko'zlarini ishqalab, o'zining anchadan beri sog'inib qolgan xonasiga kirib keldi. Ichkarida uni mamnun qiyofada tirjayib turgan Elizabet kutib olib, ta'zim qildi. –Milord, qaytganingiz bilan... –Yo'lda odamlar qo'shiniga ko'zim tushdi. Men va 25 ta vampirlardan iborat bo'lgan guruhim o'rmonni aylanib o'tishga majbur bo'ldik. Senga aytgan buyrug'imni bajardingmi? –Ha, milord. 3-fermada bitta ham bola qolmadi. Hammasi siz aytganday bo'ldi. Ammo...Albert va Mikael qani? –Mikael o'ldi,-javob berdi Lyuvis taxtiga joylashib olib,-Albert esa izsiz yo'qoldi. Menimcha uni o'sha odamlar o'ldirishgan. –Afsusdaman, milord...ha aytgancha, shtabdagi qolgan onalarni ham qurol ishlatishga o'rgatdik. Ular shtabni muhofaza qilishga to'liq tayyor. –Jami nechta ona bor edi? –Siz urushga olib ketganlarni va o'zimni hisoblamaganda, 35 ta. Qolganlari esa 20 yoshdan kichik. –Demak...35 ta ona hamda 50 ta vampir...bu juda kam! Ularning qo'shinlari mingga yaqin edi! –Piter Minerva-chi? U yerda ham vampirlar bor-ku. Keyin, yaqindagina egallagan shtabingiz-chi? –Afsus, Albert o'lgani yomon bo'ldi...1041, hoziroq Piter Minervaning yoniga elchi jo'nat. Unga odamlarning barcha qo'shinini portlatib, yo'q qilib yuboradigan biror qurol yasashini buyurganman. Agar yasamagan bo'lsa, o'ldirishsin. –Milord?! Axir shunday og'ir vaziyatda bir-birimizni qirib tashlashimiz yaxshimi? Piter Minervani o'ldirish shtab miyasidan ajralishday gap... –Hoziroq chiqib ket, 1041. Men dam olishni istayman. Buyrug'imni bajarish yodingdan chiqmasin... * * * Emma va William boshchiligidagi qo'shin o'rmondan chiqib oldi. Ular Edni o'zlari bilmagan holda otib qo'ygani uchun yuz martalab kechirim so'rashdi, yaxshiyam-ki o'q uning yelkasiga tekkan ekan. Ed o'sha kunning o'zidayoq ularni yaralanib, o'lim to'shagida yotgan Satellaning yoniga olib borib, Williamga davolatdi. William 20 yil shtabda ishlagani sabab vampirni operatsiya qilish qiyin kechmadi, aniqrog'i, shunchaki uning ichidagi zaharli o'qni olib tashladi, xolos. Uch kunning ichida Satella ham oyoqqa turib oldi. Ular odamlarga Lord Lyuvisning qilgan hujumi va Mikaelning xiyonati, Anabella halok bo'lgani haqida aytib berishdi. Emma bu mudxish xabarni eshitarkan, qo'llarini qattiq musht qilib tugib, qovog'ini soldi. –Lyuvisni deb mening eng yaqin do'stlarim va oyim o'lib ketdi! Nega bunday? Nega doim yaxshilar o'lib ketishadi? Qachon o'sha mahluqni yo'q qilamiz? Yoki yana kimdandir ayrilamizmi? Men qo'rqa boshlayapman... –Kelinglar, shtabni portlatib yuboramiz!-dedi Rey,-Ichidagi vampirlariga qo'shib yo'q qilamiz. –Bu juda xavfli,-inkor qildi William,-Yaxshisi vampirlarni o'zimiz qirib tashlaganimiz yaxshi. Men bugun "B32" borib, ukam bilan gaplashaman. Agar taklifimga rozi bo'lmasa... –Uni o'ldiramiz,-tugatib qo'ydi Rey. –Ha. Boshqa ilojim yo'q... Anabellaning shtabiga hujum qilinmaydigan bo'ldi. General Grant va 800 kishilik qo'shin yovvoyi sarimsoqlar o'sadigan daryo bo'yida dam olish uchun qolishdi. William Minerva, Emma, Mayk va Rey esa o'zi bilan 200 kishilik qurollangan qo'shinni olib, "B32" bazasiga jo'nab ketishdi. –Shu paytgacha hech so'ramaganimni qarang,-gap boshladi Emma,- "B14" ni nima uchun qurgansiz? Nega barcha ma'lumotlarni "B32" ning o'zida saqlab qo'ya qolmagansiz? –Bu xavfsizlik uchun edi. U yerga eng ishongan odamlarim, jumladan Robert ham kira olardi. Aynan o'sha yerda "YSM" ga eltuvchi yo'lning taxminiy xaritasi chizilgan. Robertdan eshitgan ma'lumotlarim va "YSM" dan olib kelingan kitoblar yordamida o'zim uchun kerakli bo'lgan qaydnomalarni yozib bordim. Ammo o'sha paytning o'zidayoq Robert menga prezident Rozvaldning asl basharasi haqida aytib bergan. Shu sababli ham "YSM" ga qochmadim. Ulardan yordam so'rash foydasizligini tushunib bo'lgandim. –Ukangizni ko'ndira olishimizga ishonchingiz komilmi? –Yo'q. U xudbinlashib ketgan, qolaversa anchadan beri uni ko'rmadim. U mendan ancha avval taslim bo'lishga ulgurgan. Men qaror qabul qilib bo'ldim! Ortiq hech kimga rahm qilib ham ishonib ham o'tirmayman. Shuncha ko'rgan xiyonatlarim yetib ortadi... Ular "B32" ga olib kiradigan g'orga yetib kelishgach, askarlardan faqatgina 50 tasini olib, ichkariga kirib ketishdi. Emma anchadan beri bunchalik tez yugurmagandi. Ular bor kuchlari bilan yugurib, qorong'i va sassiq g'ordan 5 daqiqada chiqib olishdi. Ular tashqariga chiqishi bilan miltiqning qo'rqinchli gumburlagan ovozi eshitilib, Emmani cho'chitib yubordi. –Bu oldindagi askarlar,-dedi William,-Vampirlardan biri o'ldirildi. Omad yor bo'lsin!!! Ular darvozani buzib kirishib, yam-yashil maydon bo'ylab shtab binosi tomonga yugurib ketishdi. Ularning qarshisidan chiqqan vampirlarni esa ayamay otib yuborishardi. Lekin vampirlar ham bo'sh kelmasdi, ular shamolday harakat qilib, o'qlarga chap berar va askarlarni birin-ketin o'ldirib chiqayotgandi. Eng yomoni esa ichkaridan yigirmata qurollangan vampir chiqib kelgani bo'ldi. William zudlik bilan tashqarida qolgan askarlarning yana yuztasi ichkariga kirib, ularga yordam berishini buyurdi. Emma ilk marotaba qo'lidagi og'ir quroldan o'q uzdi. Lekin o'q hech kimga tegmay qoldi. Qarshisida turgan ikkita vampirni otib o'ldirgan William bor ovozi bilan askarlarga qarab baqirdi: –Miltiq ushlab olgan vampirlarni yo'q qiling! Taslim bo'lmanglar!!! Qurollangan vampirlar odamlarga qarata o'q uzishdi. William boshlab kelgan askarlarning 15 tasi halok bo'ldi. –Jin ursin!-baqirdi Rey o'lgan askarning orqasiga berkinib,-Qolganlar qani?! Kelishmaydimi tezroq? William qurollangan vampirlarning yana uchtasini otib o'ldirdi. Emma esa oddiy qilichli vampirlardan birini yo'q qilishga muvaffaq bo'ldi. Mayk esa orqadan bostirib kelayotgan pismiq vampirning kallasiga o'q uzishga bazo'r ulgurib qoldi. –Ana! Yetib kelishdi!-baqirdi William uzoqdan ko'rinayotgan askarlarga qarab,-Yana ozroq chidab turamiz! Daraxt ortiga o'tinglar! Mayk Emmaning qo'lidan ushlab, sal nariroqda o'sib turgan baland daraxt orqasiga olib o'tdi. William ham ular tomonga yugurib kelayotgan payt uning oyog'iga o'q tegib, yerga yiqitdi. –Yo'q!-Emma bor ovozi bilan baqirib yuborib, William tomonga otildi. Lekin Mayk uni qo'yib yubormay, qo'llari bilan og'zini qattiq berkitdi. –Shoshma! Qara, shundoq ham yordamga yetib kelishdi. Biroz dam olishing kerak! –Hozir dadamizni o'ldirishadi! Qo'yib yubor meni! William bir oyoqda turib, orqasidagi vampirga o'q uzdi. Emma Maykning qo'lidan otilib chiqib, Williamning o'rniga turishiga yordamlasha boshladi. Birozdan so'ng Mayk ham qo'shilishga majbur bo'ldi. Qolgan askarlar barcha qurollangan vampirlarni otib o'ldirib, yaralanganlarga yordam ko'rsata boshlashdi. Qo'lidagi o'qi tugagan miltiqni yerda o'lib yotgan askarniki bilan almashtirib olgan Rey Emma va Maykning yoniga kelib, ikkisining ham yelkasini qoqib qo'ydi. –Xo'sh, o'lib qolmadingizmi? Men mazza qildim, vampirlarni o'ldirishni fermada yashab yurgan paytimdanoq orzu qilardim. –Buning hech qanday quvonarli joyi yo'q,-Emma jiddiy ohangda gapira boshladi,-Mana bu manzaraga qara. Do'stlarimiz, ya'ni bizga ishongan askarlar o'lib ketdi! Buning nimasidan rohatlanish mumkin?! –Men bu ma'noda aytmagandim. Keyin, bu askarlarning bari o'lib ketish ehtimoli borligini bilgan holda bizga qo'shilishdi. Agar odam yo'qotishga bardosh berolmasang, biz bilan kelmasliging kerak edi! –Bo'ldi bas,-dedi oyog'ini bog'lab olgan William,-Ukamni topishimiz kerak! * * * "B32" binosining ikkinchi qavatida hech narsa qilolmay, derazadan barcha vampirlarining o'ldirilganligini kuzatib turgan Piter ularning orasida akasi ham borligini ko'rib, yuragi o'ynab ketdi. Hozir uning ham yoniga bostirib kirib, o'ldirishlari mumkinligini sezib turgan Piter bino ichida bitta ham vampir qoldirmaganiga afsuslanib, eshikni tanbalab oldi. –Jin ursin seni, Lyuvis! Bu yerni qurol-yarog' zavodimas, haqiqiy shtab qilganingda, shu ahvolga tushib o'tirmasdim! Endi nima qilaman...nima qilaman... Oradan taxminan besh daqiqa o'tgach, Piter qulflanib o'tirgan xonaning eshigini ochib ko'rishga ham urinmay, birdaniga buzib kirishdi. U o'tirib olgan kreslosidan qaltiragancha turib, qo'llarini tepaga ko'tarib, tirjaydi. –O, salom akajon. Ko'rishmaganimizga ham ancha bo'lib ketibdi... –Meni hali ham aka deyapsanmi?-so'radi unga miltiq o'qtab turgan William. –Albatta-da...ha aytgancha, men qoyil qoldim! Mana shu qo'lidan hech narsa kelmaydigan churvaqalar butun Nimmerlandni oyoqqa turg'azishibdi. Yoki buni siz qildingizmi? –Biz qo'limizdan hech narsa kelmaydigan churvaqalar emasmiz!-baqirdi Emma Piter tomonga yaqinlashib,-Kerak bo'lsa, biz oilamiz bilan tog'ni ham ag'daramiz! Kerak bo'lsa, dushmanlarimizni kulga aylantirib yuboramiz! Bizni churvaqa deyishga haqqingiz yo'q! Piter tirjayib, peshonasidan oqayotgan sovuq terni yengiga artgancha, hisoblab chiqdi: "Qiz qurollangan. Oramizda taxminan besh qadam masofa bor. Yengimga yashirilgan xanjarim bilan uni garovga olishim mumkin. Harakat qilib ko'rish kerak..." –Yaxshi,-alday boshladi Piter,-Men taslim bo'ldim. Sizlar yutdingiz...-u shunday deb Emma tomonga qadam bosdi. "Yana 3 qadam..." –Buni tan olganingizdan xursandman,-dedi miltiq ushlab turgan Emma. Piter yana u tomonga bir qadam tashlab, savol berdi: –Ho'p, mana men taslim bo'ldim. Endi nima qilasiz? Meni o'ldirasizlarmi? –Agar sizni o'ldirish niyatimiz bo'lganida gaplashib o'tirmagan bo'lardik...-Emma shunday deb qurolini tushirdi. Piterning ko'zlari katta- katta ochilib ketib, shu zahoti yengidan xanjar chiqardi va Emmaning bo'yniga tiradi. –Yo'q!-William va Mayk birdaniga baqirib yuborishdi,-Agar hoziroq uni qo'yib yubormasang, seni o'ldiraman! –Shart emas,-dedi Piterning qo'lida turgan Emma,-Men shu ahvolda ham gapira olaman. Janob Piter, nahotki sizga shu ahvolingiz yoqayotgan bo'lsa? Nega endi siz o'sha vaxshiy mahluqqa bo'ysunishingiz kerak? Nega endi begunoh bolalarning o'limiga sabab bo'lishingiz kerak ekan? Nega endi o'sha la'nati va'dani bajarishingiz kerak? Bir o'ylab ko'ring, bu yo'lning oxiri o'lim! Hozir siz o'sha yo'lning oxiriga yetib kelyapsiz. Vaqt borida ortga buriling. Miyangizni ishlatib yaxshilab o'ylab ko'ring! –Nega...-shivirladi Piter,-Nega menga imkon bermoqchisan? –Chunki siz ham men ham bir xilmiz! Ikkimiz ham bir xil vaziyatdamiz. Ikkimiz ham mahbuslarmiz! Mana shu la'natlangan dunyoning mahbuslari! –Mahbuslar... –Ha! Keling, o'zimizni shu qamoqdan ozod etamiz. Keling, birga yashaymiz...Piter Minerva! Download 409.05 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling