Fiskal siyosat va uning mohiyati


Soliq tizimini soddalashtirish va unifikatsiya qilish hamda


Download 28.15 Kb.
bet3/4
Sana07.05.2023
Hajmi28.15 Kb.
#1439705
1   2   3   4
Bog'liq
3-mavzu

5.4. Soliq tizimini soddalashtirish va unifikatsiya qilish hamda
soliq yukini kamaytirish yo‘llari

68



Respublikamiz mustaqilligining dastlabki yillarida davlat soliq siyosatining asosiy yo‘nalishi bozor munosabatlarini qaror toptirishga qaratilgan qator ilmiy asoslangan soliqlarni joriy etish va shu orqali mavjud soliq tizimini tubdan qaytadan tashkil etishdan iborat bo‘ldi. Soliq siyosatining keyingi yo‘nalishi esa joriy etilgan soliqlarni samarali amal qilishini ta’minlash maqsadida soliq munosabatlarini amalga oshiruvchi tegishli muassasalarning tashkil etishga qaratildi. Xususan, dastlab Vazirlar Mahkamasi qoshida Soliq bosh boshqarmasi tashkil etilgan bo‘lsa, 1994- yilga kelib bu boshqarma Davlat Soliq qo‘mitasiga aylantirildi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etildi. Bundan ko‘rinadiki, bozor iqtisodiyotiga o‘tishning birinchi bosqichida soliq siyosatida asosan tashkiliy jihatlarga e’tibor qaratildi, ya’ni soliqlarni joriy etish va soliq siyosatini bevosita amalga oshiruvchi tegishli muassasalar shakllantirildi.
Bu davrdagi soliq siyosatining asosiy xususiyatlaridan biri soliqlarning ko‘proq fiskal ahamiyat kasb etishida, ya’ni ko‘proq e’tibor davlat budjeti daromadlarini shakllantirishga qaratildi.
Bugungi kunda respublikamiz soliq siyosatini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari sifatida soliq qonunchiligini yanada soddalashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni unifikatsiya qilish, soliq yukini yengillashtirish, soliq boshqaruvini erkinlashtirish, resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishni soliq instrumentlari vositasida rag‘batlantirish va boshqa yo‘nalishlar belgilab olindi.
Respublikamizda soliq tizimini takomillashtirish jarayonida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan soliq yukini izchil kamaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko‘p bora ta’kidlanmoqda. Bunda birinchi navbatda ularning daromadlaridan undiriladigan bevosita soliqlarning salmog‘ini kamaytirish lozimligi alohida ahamiyatga ega. Buning natijasida, korxonalar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar ulushining ko‘payishi evaziga uning aylanma mablag‘lari miqdorini ko‘paytirib borish va optimal darajasini saqlash, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, uning samaradorligini oshirish maqsadida ko‘proq investitsiya kiritish, xodimlar mehnatini yanada rag‘batlantirish imkonini beradi.



Bevosita soliqlar bo‘yicha soliq yukini izchil kamaytirish soliq siyosatining samaradorligini YaIM ga nisbatan ular tushumining barqaror kamayishi tendensiyasi ham isbotlaydi. Soliq tizimini takomillashtirishda ustuvor ahamiyat bilvosita soliqqa tortishga qaratilgan. Bilvosita soliqlar tovarlarga nisbatan qo‘shimcha bo‘lgani holda, pirovard natijada ishlab chiqaruvchining moliyaviy holatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmaydi hamda ishlab chiqarishni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmaydi.
Soliqqa tortish tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri soliq tizimini tartibga solish, soliq turlarini kamaytirish, hisob-kitob mexanizmini soddalashtirish va ular bo‘yicha to‘lov davriyligini kamaytirish hisoblanadi.
Soliqqa tortishning ham qandaydir chegarasi borligi to‘g‘risida dastlabki tushunchalar paydo bo‘lgandan hozirgi kungacha yaratilgan qiymat yoki olingan daromadning qancha qismini davlat olishi kerag-u, qanchasi soliq to‘lovchining o‘zida qolishi lozimligi to‘g‘risida bosh qotiriladi, soliq yukining optimal darajasini topishga harakat qilinadi, lekin shu bugungacha bu borada aniq bir to‘xtamga erishib bo‘lmagan. Davlat o‘z daromadlarini maksimallashtirishga harakat qilsa, soliq to‘lovchilar aksincha, o‘z soliq majburiyatlarini minimallashtirishga, soliq bosimi ularning moliyaviy imkoniyatlarini cheklab qo‘ymasligiga harakat qiladilar. Soliq undirishda davlatning “adolatliligi” susayib borgani sayin, soliq to‘lovchilarning “rostgo‘yligi” ham kamayib boraveradi. Zamonaviy davlatchilikda soliqqa tortish bilan bog‘liq mazkur oddiy haqiqatni aksariyat polisimeykerlar allaqachon anglab yetishgan. Bunda esa soliq yukini optimallashtirishning klassik va zamonaviy ilmiy konsepsiyalari roli benihoya kattadir.
Soliqqa tortishni optimallashtirishning klassik prinsiplariga asoslangan zamonaviy ilmiy-nazariy konsepsiyalar ichida amerikalik iqtisodchi olim Artur Lafferning mashhur “egri chizig‘i” alohida o‘ringa ega.
A.Laffer soliq yuki darajasi va budjetga tushumlar o‘rtasidagi miqdoriy bog‘liqlikni parabolik egri chiziq ko‘rinishida tasvirlab, shuni xulosa qilib aytadiki, soliq tushumlarini faqat soliq stavkasi oshirilganda emas, balki soliq yuki maqbul darajagacha pasaytirilganda ham oshirib borish mumkin.

70



Soliq stavkalarining ma’lum bir chegaragacha ko‘tarilishigina davlat budjetiga soliq tushumlarining barqaror o‘sib borishi va ularning mumkin bo‘lgan maksimal darajasini ta’minlaydi. Keyin esa soliq tushumlari o‘sishdan to‘xtaydi.
Soliq to‘lovchilar, ayniqsa, tadbirkorlik sub’ektlari iqtisodiy faolligini bo‘g‘magan holda davlat budjetiga soliq tushumlarining barqaror o‘sib borishini ta’minlash imkonini beradigan soliq stavkalari hududi soliqqa tortishning “sog‘lom hududi” deb hisoblanadi. Budjetga tushumlarning mumkin bo‘lgan maksimal darajasini ta’minlaydigan soliqning chegaraviy optimal stavkasidan keyin esa soliqqa tortishning “taqiqlangan hududi” boshlanadi.
Shunday qilib, soliq stavkasi ma’lum bir darajaga yetganda tadbirkorlik tashabbusi o‘ladi, ishlab chiqarishni kengaytirishga yoki uni davom ettirishga bo‘lgan istak yo‘qoladi, soliqqa tortiladigan daromadlar va, o‘z-o‘zidan, soliq bazalari qisqaradi. Oxir-oqibatda soliq to‘lovchilarning bir qismi (ilojini topganlari) iqtisodiyotning xufiyona sohasiga ko‘chib o‘tadi, boshqa qismi esa o‘z faoliyatiga nuqta qo‘yadi.
Laffer nazariyasiga ko‘ra, soliq yukining og‘irlashuvi yashirin iqtisodiyotning rivojlanishiga olib keladi. Uning fikricha, daromadlarni soliqqa tortishning eng yuqori darajasi 30 foizdan oshmagani ma’qul. Mana shu stavkagacha budjet daromadlari ko‘payib keladi. Agar daromadlarning 40-50 foizi olina boshlansa, ya’ni soliq yuki darajasi “taqiqlangan hudud”ga o‘tib ketsa, u holda aholi jamg‘armalari qisqaradi, o‘z navbatida, iqtisodiyotga investitsiya qilishdan manfaatdorlik susayadi va soliq tushumlari kamayib ketadi. Aksincha, soliq yukini kamaytirish iqtisodiyotning rivojlanishini rag‘batlantiradi.
Soliq yukining optimal darajasidan keyin nafaqat haqiqatda soliq to‘lanayotgan soliq bazalari, ya’ni rasman deklaratsiya qilingan daromadlar, balki haqiqiy soliqqa tortilishi lozim bo‘lgan, lekin soliqdan yashirilgan daromadlar ham kamayib ketadi.
A.Laffer konsepsiyasining qisqacha mohiyati shundaki, davlat budjetining daromadlari soliq stavkalari va soliq yuki darajasini oshirish hisobiga emas, balki soliq solish bazalarining kengayishi hisobiga ko‘payadi.

71



Soliqqa tortishning umumiy qonuniyatlari shuni ko‘rsatadiki, keng soliq bazasi soliq yukining nisbatan pastroq darajasiga yo‘l beradi, tor soliq bazasi esa aksincha, yuqori soliq stavkalarini ko‘zda tutadi. Biroq yuqori yoki past soliq stavkalari soliq to‘lovchilarning iqtisodiy faoliyatiga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Yuqori soliqqa tortish darajasi mamlakat iqtisodiyotining yomonlashuviga, mos ravishda soliq bazalarining qisqarishiga olib keladi. Bu esa, davlatni o‘z moliyaviy ehtiyojlarini qondirish uchun soliq stavkalarini yanada oshirishga majbur qiladi. Oshib boruvchi soliq yuki esa investitsiyalarni qisqartiradi, mos ravishda ishlab chiqarish, talab va bandlik ham qisqaradi. Shu tariqa soliq solish bazalarining yanada qisqarishi davom etadi, soliq tushumlari kamayib boradi. Og‘ir soliq bosimi, talabning qisqarishi, ishsizlikning ortishi iqtisodiyotni yanada izdan chiqaradi, tadbirkorlikdan manfaat yo‘qoladi, yashirin iqtisodiyot rivojlanadi, soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasi pasayib, korxonalarning soliq qarzlari oshadi. Davlat iqtisodiy siyosatining vazifasi esa mana shunday salbiy vaziyatga tushib qolishning oldini olish, agar shunday holatga tushgan bo‘lsa, undan chiqib ketishni ta’minlash hisoblanadi.
Biroq, zamonaviy moliyaviy tadqiqotlar shuni ko‘rsatayaptiki, soliq yukining ma’lum bir darajasini barcha iqtisodiyotlar uchun ham birdek maqbul deb bo‘lavermaydi. Iqtisodiyoti yuksak darajada rivojlangan mamlakatda maqbul deb, topilgan soliq yuki darajasi rivojlanayotgan yoki o‘tish iqtisodiyotida bo‘lgan mamlakatlar uchun og‘irlik qilishi mumkin. Shuning uchun, soliq yuki iqtisodiyot darajasiga qarab har xil baholanadi.
Soliq yukining darajasi bozor iqtisodiyoti taraqqiyot yo‘lining tanlangan modeliga ham bog‘liqdir. Erkin bozor iqtisodiyoti xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq yukining yengilroq bo‘lishini taqozo etsa, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti uning aksidir. Chunki bozor iqtisodiyotining ijtimoiy yo‘naltirilganligi qanchalik kuchli bo‘lsa, davlat budjeti xarajatlarining oshishini taqozo etadiki, o‘z navbatida, soliq yukini oshirishga ehtiyoj tug‘iladi.
Soliqlarning YaIMdagi salmog‘i sifatida makrodarajadagi soliq yuki ko‘rsatkichlarini qator mamlakatlar bo‘yicha ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, darhaqiqat,

72



yuqori darajada ijtimoiy himoya yo‘lga qo‘yilgan davlatlarda soliq yukining eng yuqori darajalarini kuzatish mumkin.
Iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar ichida makroiqtisodiy soliq yuki
ko‘rsatkichining eng yuqori darajalari Skandinaviya va G‘arbiy Yevropa
mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatlarda soliq tushumlarining YaIMdagi salmog‘i 40 foiz va undan yuqori darajani tashkil qiladi. Buning sababi shundaki, aynan ushbu mamlakatlarda fuqarolarning ijtimoiy himoyasi yuqori darajada ta’minlangan, soliqlardan sezilarli miqdorlarda standart va o‘zgaruvchan ijtimoiy chegirmalar mavjud bo‘lgani holda, yuqori soliqqa tortish darajasi kuzatiladi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, soliq yukining yuqori darajasi albatta, shu davlatda kuchli ijtimoiy himoya yo‘lga qo‘yilganligidan dalolat bermaydi. Mamlakatdagi yuqori fiskallik, aksincha, ayrim davlatlarda yashirin iqtisodiyotning
kuchayganligidan bo‘lishi ham mumkin. Chunki, iqtisodiy faoliyat turlari, oborotlar, daromadlar, mulklar va boshqa soliqqa tortish mumkin bo‘lgan ob’ektlarning to‘liq hisobga olinmasligi oxir-oqibatda yalpi soliq bazalarining torayishiga olib keladi. Tor soliq bazasi esa, yuqorida ta’kidlanganidek, yuqori soliq stavkalarini talab qiladi.
Zimbabve va Kuba kabi davlatlarda soliq yukining darajasi iqtisodiyoti yuksak bo‘lgan qator mamlakatlarnikidan ancha yuqori. Bundan tashqari, davlatlar bo‘yicha soliq yuki darajalarining qiyosiy tahlilidan xulosa qilish mumkinki, soliq yuki ko‘rsatkichi iqtisodiyotlarning qay darajada rivojlanganligi yoki mamlakatlarda ijtimoiy himoyaning qay darajada ta’minlanganligiga baho berishga asos bo‘la olmaydi. Bu ko‘rsatkichning darajasi mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy siyosatlarining xususiyatlari, ularda tabiiy resurslar holati, aholisining zichligi, geografik joylashuvi va boshqa qator omillar ta’sirida shakllanadi.

Download 28.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling