Fitrat (oʻrtada) maslakdoshlari bilan. Buxoro tm. 1908-yil
Download 43.86 Kb.
|
Fitrat
Abdurauf Fitrat (1886, Buxoro shahri, Buxoro amirligi — 4-oktabr, 1938, Toshkent shahri, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va shoir, zamonaviy oʻzbek tili va adabiyoti asoschilaridan biri, Oʻrta Osiyo jadidchiligining taniqli vakillaridan biri, birinchi oʻzbek professori (1926). Jadidchilik milliy maʼrifatparvarlik harakatining tarafdori. Turkiyada oʻqigan. Inqilobga qadar Oʻrta Osiyoni Rossiyadan ozod qilinishi harakatlarida faol qatnashgan, politsiya nazorati ostida boʻlgan. Turkiyadagi „Yosh turklar“ harakatidan ilhomlanib, Buxoroda „Yosh buxoroliklar“ partiyasini tuzgan, uning maʼnaviy rahnamosiga aylangan. Doʻsti va maslakdoshi Munzim bilan hamkorlikda buxorolik 70 nafar yosh turkistonliklarni Germaniyaning bir qator oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborgan (1922). Hayoti 1886-yilda Buxoro shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan, adibning otasi savdogarchilik bilan shugʻullangan boʻlib, 1918-yilgacha Qashqarda turib qoladi. Yosh Abdurauf asosan onasi Mustafo Bibi (Bibijon) tarbiyasida qoladi, undan Navoiy, Uvaysiy, Zebunniso, Bedil, Fuzuliy kabi yirik shoirlarning gʻazallarini tinglaydi.[3] Dastlab eski maktabda, keyinchalik, Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan. 1902–1903-yillarda haj safariga chiqqan, uni ado etgach Arabiston, Anatoliya (zamonaviy Turkiya), Kavkazorti, Eron, Afgʻoniston, Hindiston boʻylab sayohat qilgan. 1906–1908-yillarda Rossiyaning Qozon, Nijniy Novgorod, Yaroslavl, Moskva, Petrograd shaharlarida boʻlgan. XX asr boshlarida bujudga kelgan „Tarbiyai atfol“ jamiyati koʻmagida 1908–1913-yillarda Istanbuldagi Voizon madrasasida tahsil olgan va qizgʻin ijod qilgan. Fitrat (oʻrtada) maslakdoshlari bilan. Buxoro. tm. 1908-yil 1908–1913-yillarda Turkiya dorilfununida oʻqiyotganda uning zukko, bilimdonligi professor-oʻqituvchilarni hayratga soladi. Unga Fitrat — Donishmand taxallusini beradilar. Fitrat oʻqishni Istanbulda davom ettirib yurgan kezlarida, hamyurtlari bilan birgalikda „Buxoro ta’limi maorif jamiyati“ni tuzgan. Bu jamiyat buxoroliklarning oʻzaro moddiy-maʼnaviy uyushmasi vazifasini bajargan hamda Buxoro va Turkiston maorifining olgʻa siljishiga doir bir qator ishlarni amalga oshirgan. Bu davrda Turkiya „Yosh turklar“ inqilobidan mast davrni oʻz boshidan kechirardi. Turkiyadagi bunday inqilobiy muhit albatta yosh Fitratga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. U siyosat maydoniga shoʻngʻib ketdi. Bu yerda Fitrat Sharq adabiyoti, sanʼati, tarixini chuqur va atroflicha oʻrganadi. Ilgʻor taraqqiyparvar turk adabiyoti vakillari, turk adabiyoti orqali esa Gʻarb adabiyoti bilan yaqindan tanishadi. Gʻarb va Sharq xalqlari madaniyati, adabiyotlari oʻrtasidagi farqlarni oʻz koʻzi bilan koʻradi, uning sabablarini teranroq anglaydi. Faoliyati, jadidchilik va hurriyat orzusi Mirrix yulduziga Goʻzal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqgʻani! Nega bizdan qochib muncha uzoqlargʻa tushibsan; Tuvgʻaningga nechun sira gapurmasdan turibsan? Soʻyla, yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni? Bizning yerda boʻlib turgʻan tubanliklar, xoʻrliklar, Soʻyla, yulduz, sening dagʻi quchogʻingda boʻlurmi? * * * Bormi senda bizim kabi insonlar, Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar. Oʻrtoq qonin qonmay ichkan zuluklar, Qardosh etin toʻymay yegan qoplonlar? Bormi senda, oʻksuz yoʻqsulning qonin — Gurunglashib, chogʻir kabi ichkanlar? Bormi senda butun dunyo tuzugin Oʻz qopchigʻin toʻldirgʻali buzgʻanlar. Bormi senda bir oʻlkani yondirib, Oʻz qozonin qaynatgʻuchi xoqonlar. Bormi senda qorin-qursoq yoʻlida Elin, yurtin, borin-yoʻgʻin sotqonlar? Qayta nashrida 1920-yil sanasi koʻrsatilgan Fitrat vataniga qaytgach, Buxoro jadidlarining tashkilotchilaridan biri sifatida xalqni maʼrifat va madaniyatdan bahramand qilish uchun astoydil kurashdi, xususan u Buxoroning turli tumanlarida oʻqituvchilik qilib, jadidchilik gʻoyalarini keng targʻib etdi. 1915-yildan „Yosh buxoroliklar“ harakatining soʻl qanotiga boshchilik qildi. 1916-yilga qadar buxorolik jadidlar yakdil va yagona jabha boʻlib ish olib borgan boʻlsalar, keyinchalik ular ikkiga boʻlinib ketadilar. Abdulvohid Burhonov boshchiligidagi jadidlarning bir qismi eski tarzda faqat maʼrifat-madaniyat tarqatish yoʻlini tutgan boʻlsa, ularning boshqa boʻlagi Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev kabi chet mamlakatlarda oʻqib kelgan yoshlar omma oʻrtasida maʼrifat va madaniyat tarqatish bilan birga amirga qarshi kurashishni ham yoqlab chiqadilar. Bunday boʻlinishning asosiy sabablari: Turkiston oʻlkasi, shu jumladan Buxoro amirligidagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatning ogʻirligi, rus podshosi va amirlikning ikki yoqlama zulmkorlik siyosati; bolsheviklarning mahalliy xalq oʻrtasida yurgizgan tashviqot va targʻibotlari taʼsiriga ishonuvchanlik; mahalliy xalq vakillarining siyosiy vakuumda saqlanganligi, ularning siyosat borasidagi gʻoyaviy-nazariy saviyasining yetarli darajada rivojlanmaganligi. Fitrat 1917-yilgi fevral voqealaridan soʻng jadidlarning Buxorodagi ahvoli murakkablashgach, Samarqandga koʻchib borib 1917-yil aprelidan 1918-yil martigacha chiqib turgan „Hurriyat“ gazetasiga muharrirlik qiladi (1917-yilgi 27-sonidan 1918-yilgi 87-sonigacha), gazeta ishlarini rivojlantirish maqsadida Fitrat nashriyotga Oʻrta Osiyo jadidchiligining dargʻasi, muftiy Mahmudxoʻja Behbudiyni taklif etadi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda Fitrat shu-yillarda „Ittihodi taraqqiy“ tashkiloti Eski Buxoro boʻlimining raisi ham boʻlgan. 1917-yilning oktabr oyini „Yurt qaygʻusi“ deb baholadi. Ammo nurli kelajakdan umid uzmadi. 1917-yil 27-noyabrda eʼlon qilingan Turkiston Muxtoriyatini soʻngsiz mehr bilan qarshi oldi. Hatto 27-noyabrni „Milliy laylatulqadrimiz“ deb atadi. Ammo uning bu quvonchi uzoqqa choʻzilmadi, 1918-yilning 19-20-fevralida Turkiston muxtoriyati bolsheviklar va armanlarning „Dashnaksutyun“ partiyasi tomonidan qonga botirildi. Bu voqea tarixda „Qoʻqon voqeasi“ nomini olgan. 1918-yil martdagi Kolesov voqeasidan keyin u Toshkentga keldi. Dastlab Xadradagi maktabda, may-iyun oylaridan boshlab Turkiston musulmon dorilfununi qoshida tashkil topgan dorulmualliminda til va adabiyotdan dars berdi. 1919-1920-yillarda Afgʻoniston amirligining Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qildi. Toshkentda u asosan ilmiy, ijodiy maʼrifiy ishlar bilan koʻproq band boʻldi. Bir qator darsliklar tuzdi, „Chigʻatoy gurungi“ nomli ijtimoiy-adabiy tashkilot tuzib, unda faol ishtirok etdi. 1920-yil 9-aprelda „Tong“ jurnalini tashkil etib, yosh ziyolilar avlodini millatparvarlik va vatanparvarlik ruhiyatida tarbiyalashga kirishdi. „Tong“ jurnalining shiori boʻlgan: „Miya oʻzgarmaguncha boshqa oʻzgarishlar negiz tutmas!“ soʻzlari Fitratning shu-yillarda olib borgan faoliyatining maqsad-mohiyatini toʻla ifodalaydi. Jurnalda „Chigʻatoy gurungi“ aʼzolarining deyarli barchasi ishtirok etdi. Afsuski, jurnal ishi 3-sondan keyin toʻxtab qoldi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topishi bilan Fitrat 1921-yilda Buxoroga taklif qilinadi va shu-yildanoq maorif noziri vazifasida ish boshlaydi. 1922-yilda xorijiya (tashqi ishlar) noziri, Xalq xoʻjaligi Kengashi raisi, Markaziy Ijroya Qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Xalq nozirlari shoʻrosi raisi oʻrinbosari, Hukumat plan va smeta tashkiliy hay’atining raisi, BXSR mehnat kengashining Prezidium aʼzosi va boshqa lavozimlarda xizmat qildi. U shu davrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi mablagʻlari hisobiga 70 nafar turkistonlik istiqbolli yoshlarning Germaniyaga borib oʻqishi, Buxoroda Sharq musiqasi maktabining tashkil etilishi, fan va madaniyatga doir xalq qoʻlida sochilib yotgan noyob qoʻlyozmalarni toʻplashda tashabbuskor boʻldi. Fitratning saʼy-harakatlari bilan Buxoro Xalq Sovet Respublikasida turk (oʻzbek) tili davlat tili deb eʼlon qilindi. Davlat teatri tashkil qilinib, bu teatrda ishlash uchun Toshkentdan Mannon Uygʻur va Choʻlpon, vaqf ishlarini boshqarish uchun esa Munavvar Qori Abdurashidxonov taklif etildi (1921). Ammo 1923-yilda Yan Rudzutak boshchiligida Moskvadan kelgan komissiya Fitratni ishdan olib, Rossiyaga „chaqirib olingan“ deb eʼlon qildi va Fitrat 1923—1927-yillarda Moskvadagi Sharqshunoslik instituti (1921-yilgacha Sharq tillari instituti deb nomlangan)da ishladi, ilm bilan shugʻullandi. Leningrad Davlat universitetining Sharq fakultetida Turk, arab, fors tili va adabiyoti, madaniyatidan talabalarga dars berdi. Leningrad Davlat universiteti professorligiga saylandi. „Abulfayzxon“, „Bedil“, „Qiyomat“, „Shaytonnig Tangriga isyoni“ kabi asarlar yozib, chop ettirdi. 1927-yilning boshida Rossiyadan qaytgach, 1937-yilga qadar Samarqanddagi Oliy pedagogika instituti (hozirgi Samarqand Davlat universiteti) hamda Toshkentdagi Til va adabiyot institutida faoliyat koʻrsatdi. Fitrat oʻz hayoti davomida yuzlab ijtimoiy-publitsistik maqolalar, oʻnlab ijtimoiy-siyosiy va ilmiy risolalar yaratdi. U birgina Turkistonda emas, Afgʻoniston, Hindiston, Turkiya, Kavkaz, Volgaboʻyi matbuotida ham faol ishtirok etdi.[5] Badiiy va ilmiy adabiyot Yurt qaygʻusi (Temur oldinda) Bagʻrim yoniq, yuzim qora, koʻnglim siniq, boʻyim bukik. Sening ziyoratingga keldim, sultonim! Ezilgan boshim, kesilgan vijdonim, kuygan qonim, oʻrtangan jonim uchun bu sagʻanangdan davo izlab keldim, xoqonim! Yuz-yillardan beri jafo koʻrib, gʻam chekib kelgan turkning qonli koʻz yoshlarin etaklaringga toʻkarga keldim. Qorongʻular ichra yogʻdusiz qolgan oʻzbek koʻzlari uchun tuprogʻingdan surma olgali keldim. Nomusini bot kishilarning oyogʻlari ostinda koʻrub, turklik qoni qaynagʻay, musulmonlik hamiyati toshgay, tamugʻ olovlari kabi sochragay. Lekin oʻz kuchsizligini anglab, qaytib oʻtirgan va qon yigʻlagan turkning holini arz etarga keldim, xoqonim! Ulugʻ xoqonim! Turklik sharafi talandi. Turk uchun qurdigʻik davlat bitdi, turk otigʻa qurdigʻik xoqonlik yogʻiygami ketdi. Turkning nomusi, eʼtibori, iymoni, vijdoni zolimlarning oyogʻlari ostida qoldi. Turkning yurti, ulogʻi, oʻchogʻi, Turoni yot qoʻllarga tushdi. Turkning bilgisi, ongi, oʻy-uquvi, ziyrakligi jaholat oʻljasigʻa ketdi. Sening qiliching bilan dunyo egasi boʻlgʻan turk tinchgina bir yotoq topolmay qoldi. Sening omonatingga xiyonat qilgʻanlarni ez, ur, oʻldur! Sultonim! Bilaman, shu tobda sening u yuksak va ulugʻ ruhiyuraging men kabi yuraksiz bir oʻgʻlingni shu koʻrinishidan nafrat qiladur. Chunki yuqorida aytdigim ishlarning hammasiga oʻzim sabab boʻldim, barchasini oʻzim qildim, Sening Turoningni oʻzim talatdim, Sening turkingni oʻzim ezdirdim, sening omonatlaringga xiyonat oʻzim qildim. Men uch kunlik umrimni tinchgina yotib oʻtkazmoqchi boʻlmasa edim, shularning birortasi boʻlmas edi. Men qoʻlimgʻa topshirdigʻing qilichni tashlab cholgʻuni olmasa edim, Turonim talanmas edi!.. Men yolgʻiz qonli koʻz yoshlarimni bu sagʻanangga toʻkmak uchun emas, u yozuqlarimni iqror etarga keldim, xoqonim. Meni qoʻyma! Men yolgʻiz yozuqlarimni iqror etargʻa emas, Turongʻa berdigim zararlarga toʻlamoq uchun keldim, xoqonim. Mendan nafrat etma! Ey, arslonlar arsloni! Meni yozuqlarimdan oʻt, Menim qoʻlimni tut, Belimni bogʻla, muqaddas fotihangni ber! Sening dunyoda sigʻmagan gʻayratingga ont ichamanki, Turoning eski sharaf va ulugʻlikni qaytarmasdan burun ayogʻlaringda oʻtirmasman[6][7]. Fitratning adabiy merosi boy va rang-barang. U adib sifatida badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, oʻzbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, sheʼr tuzilishining isloh etilishi, adabiy realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bogʻliq boʻlgan muhim ijtimoiy muammolarning oʻzbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qoʻshdi. Fitrat ijodini shartli ravishda uch davrga boʻlish mumkin: 1-davr 1909–1916-yillarni oʻz ichiga olib, Turkiya taassurotlaridan ilhomlangan holda jadid maʼrifatparvari sifatida ijod qilgan. 2-davr 1917–1923-yillarni qamrab oladi, bu davrda Fitrat milliy istiqlol gʻoyalari bilan toʻyingan asarlar yozadi. Ijodining 3-davri 1923–1937-yillarga oid boʻlib, Shoʻro maxfiy xizmatining doimiy nazoratida boʻlgan Fitrat asosan ilmiy va pedagogik ishlar bilan shugʻullanadi. Fitrat zullisonayn adib boʻlib, adabiyotga shoir va adabiyotshunos sifatida kirib kelgan. Koʻp oʻtmay u oʻzini dramaturgiya va prozada ham sinab koʻrdi. U „Munozara“ (dastlabki nomi „Hindistonda bir farangi ila buxorolik bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadid xususida qilgan munozarasi“) asarini Turkiyaga borishdan oldin, 1905–1907-yillarda yaratgan. „Sayha“ („Chorlov“, „Naʼra“) (fors tilida), „Sayyohi hindi“ („Bayonoti sayyohi hindi“), „Rahbari najot“, „Tarixi Islom“ asarlarini esa Turkiyada tahsil paytida yozgan va „Munozara“ 1908-yilda, „Sayha“ 1910-yilda, „Sayyohi hindi“ 1913-yilda Istanbulda bosilib chiqqan. „Rahbari najot“ va „Oila“ 1915–1916-yillarda Bokuda nashr qilingan. Bu asarlar oʻsha davrdayoq xalq orasida keng tarqaldi. Horijiy tillarga ham oʻgirildi. Masalan, „Munozara“ 1909–1914-yillar orasida turk, ozarbayjon tillarida, „Sayyohi hindi“ rus tilida chop etilgan. „Rahbari najot“ni esa doʻsti, shoir va noshir Abdulvohid Burhonov Sankt-Peterburgda nashrdan chiqargan. Bulardan tashqari uning „Mavludi Sharif“, „Abo Muslim“, „Begijon“ asarlari va dastlabki sheʼrlari „Oyna“, „Taraqqiy“, „Sadoi Turkiston“, „Turon“, „Hurriyat“, „Buxoroi Sharif“ kabi gazeta va jurnallar sahifalarida eʼlon qilingan. Uning „Munozara“ va „Sayyohi hindi“ asarlari XX asr boshlarida Turkistondagi milliy uygʻonish harakatining norasmiy dasturi boʻlib xizmat qilgan va yoshlar dunyoqarashining keskin oʻzgarishi va ularning jadidlar safiga kelib qoʻshilishiga sabab boʻlgan. Keyinchalik bu asarlar orqali Fitratni millatchilikda, turkparastlikda va islomparastlikda ayblashgan. Fitratning bizgacha yetib kelgan oʻzbek tilidagi sheʼrlari, 1917- va undan keyingi davrlarga oid. Maʼlumki, fevral inqilobidan keyin Turkiston xalqlarining mustaqillikka erishishlari uchun juda qulay fursat tugʻilgan. Fitrat shu davrda xalqni mustamlakachilik kishanlarini parchalab, milliy istiqlol uchun kurashga daʼvat etuvchi sheʼrlar yozishga kirishgan. Ammo anʼanaviy aruz vazni, uning nazarida, bunday zamonaviy gʻoyani ifodalash, xalqni oyoqqa turgʻazish va safarbar etish kuchiga ega emas edi. Shuning uchun ham Fitrat turk va tatar sheʼriyatlarida shakllangan, oʻzbek xalq ogʻzaki sheʼriyatida ayrim unsurlari boʻlgan sochmani milliy adabiyotimizga olib kirdi. Oʻz ona diyorini ozod va hur koʻrishni orzu qilgan shoir „Yurt qaygʻusi“ deb nomlangan bir sheʼr va toʻrtta sochma yozib, ularda hurriyat uchun kurash gʻoyasini baralla kuylaydi. Ijodkor mazkur sochmalarida Turkistonni xoʻrlangan va xorlangan Ona obrazida tasvirlab, bu jabrdiyda Onani zulmkorlardan xalos etish uchun sohibqiron Amir Temur singari millat fidoyilarini qoʻmsaydi. U „Yurt qaygʻusi“ sochmasining birinchi qismida oʻz qahramoni tilidan Amir Temurga murojaat qiladi. Bunday murojaat Fitratning „Temur sagʻanasi“ dramasida ham uchraydi. Bu asarlardagi asosiy gʻoya — ona yurtni, Vatanni ulugʻlash, xalq, millatning ozodligi va erkinligidir. Zero, maʼrifatga intilgan inson uchun, ayniqsa shoir uchun, bir tomondan amir istibdodi, ikkinchi tomondan chor mustamlakasi zulmi ostida ezilgan xalqni, toptalgan yurtni ozod koʻrishdan ham ulugʻ niyat boʻlishi mumkinmi? Misol uchun „Yurt qaygʻusi“ sochmasining ikkinchi qismini keltirish mumkin. Yurt qaygʻusi (Bir oʻzbek yigitning tilindan) Yotsam tushimda, uygʻonsam yonimda, koʻz yumsam miyamda, koʻz ochsam qarshimda mungli bir xayol kelib turadur! Bu bir Xotun xayoli… Bir Xotunki, egnida ipakli, lekin yirtiq va eski bir koʻylakdan boshqa bir kiyim yoʻq. Bosh-oyoqlari yalangʻoch, tirsaklarigacha qop-qora loyqadan botgan, baqirurgʻa tovushi, qutilurgʻa kuchi qolmagʻan!.. Qarayman: kimsasizlik yukindan origʻlangan tanda zolimona urulgʻon qamchilarning yarasi bor. Koʻraman: johilona qilingan emlardan nosulgʻa qaytgʻan yaralarindan qonlar oqib turadur!.. Ey, mungli Xotun, sen kimsan? Ey, gʻamli Ona, nechuk mundan ayrilmaysan? Yonimda, koʻzimda, miyamda, yuragimda nima axtarasan, nechuk ketmaysan? Qaygʻu tutunlari ichra yogʻdusiz qolgʻan koʻzlaring yosh yomgʻurlari nechuk toʻkadur? Zulm zanjirlari bilan bogʻlangan qoʻllaring nechuk har yonga uzatiladur, nima tilaysan?.. Oh… Bildim… Bildim… Angladim! Sen mening Vatanimsan, Vatanimning mungli xayolisan. Ey, muqaddas Turonimning xayoli, ketmay tur, ayrilma. Yonimda, koʻzlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma. Yurtim, Turonim, sendan ayrilmoq, mening oʻlimim. Sening uchun oʻlmoq — mening tirikligimdur. Panohim, sajdagohim, umidim! Yovlaring seni shu kungami soldilar? Tilagim, istagim, saodatim! Bolalaring seni shu holdami qoʻydilar? Suyunchim, ovunchogʻim, oʻchogʻim! Zolimlar seni kimsasizmi koʻrdilar? Yoʻq, sen kimsasiz emassan. Mana men, borligʻim bilan senga koʻmak qilurgʻa hozir. Mana men chin koʻngil bilan sening yoʻlingda oʻlurgʻa rozi. Qof togʻlari yoʻlimda tushsa, Tamugʻ olovlari qarshimda chiqsa, yana sen sari ketarman. Ustimga insonlar emas, shaytonlar qoʻshini kelsa, Oyogʻimga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa, Yana sen sari choparman. Dunyoning butun baloari boshimga toʻkulsa, Zulm choʻlining temir tikonlari koʻzlarimgʻa kirsa, yana seni qutqararman. Men sening uchun tirildim, Sening uchun yasharman, Sening uchun oʻlurman. Ey, turklikning muqaddas oʻchogʻi! Oʻlim sening oʻlimingni istaganlarga, Nafrat seni koʻmgani kelganlarga![8][9] U shu-yillarda „Mirrix yulduziga“, „Sharq“, „Shoir“ kabi sheʼrlarni yaratib, Turkistonni endi „qizil mustamlaka“ga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuygʻusini ifodaladi. Bundan tashqari Fitrat barmoq vaznida yozilgan mazkur sheʼrlari bilan xalq ogʻzaki sheʼriyatining mulki boʻlgan barmoqni isloh etib, Choʻlpon bilan birga uni yozma adabiyotga olib kirdi va unga yangi hayot bagʻishladi. 1922-yilda Fitrat tashabbusi bilan „Oʻzbek yosh shoirlari“ sheʼriy toʻplami bosilib chiqdi. Bu toʻplamdan Fitrat asarlari bilan birga oʻsha davrda qizgʻin ijod qilgan Choʻlpon, Botu va Elbekning sheʼrlari ham oʻrin olgan va xalq orasida katta qiziqish bilan oʻqilgan.
Download 43.86 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling