Elektron-optik almashtirgich. Tashqi fotoeffektga asoslangan bu priyomnik ko‘zga ko‘rinmaydigan infraqizil nurlardagi tasvirni yorug‘lik nurlaridagi tasvirga aylantirib beradi. Havosi so‘rib olingan shisha ballonning bir tomoniga yarim tiniq fotokatod, ikkinchi tomoniga esa elektronlar ta’sirida shu’lalanadigan ekran (lyumenofor) joylashtiriladi. Katod bilan ekran orasiga maxsus shakldagi anod o‘rnatiladi. Anodga berilgan kuchlanish katoddan chiqayotgan elektronlarni tezlashtiradi va fokusirovka (ma’lum yo‘nalishda yo‘naltiradi) qiladi. Anodning shakli shundayki, katodning biror nuqtasidan chiqqan elektron ekranning faqat ma’lum bir nuqtasiga uriladi va uni shu’lalantiradi.
31-rasm. Elektron-optik almashtirgichni teleskopga o‘rnatish.
Bu amal fotoelektronlarni fokusirovka qilish deb ataladi va u qanchalik yaxshi amalga oshirilgan bo‘lsa, ekranda tasvir shuncha aniq bo‘ladi. Biroq ekran donador xususiyatga ega bo‘lgani uchun unda, yorug‘lik nurlarida ko‘rinadigan tasvirni ajrata olish kuchi 30-35 sht/mm dan oshmaydi. Yorug‘lik nurida hosil bo‘lgan tasvirni fotoplastinkaga suratga tushirish mumkin. Bunday asbob o‘nlab marta ko‘p foyda beradi.
Elektron kamera. Agar yuqoridagi asbobda ekran o‘rniga fotoelektronlarni sezadigan fotoplastinka o‘rnatilsa elektron kamera hosil bo‘ladi va bunday asbobda foyda EOA da erishilgan foydadan yana ham oshadi. Fotoplastinkaga yadroviy emulsiya (kosmik nurlarni qayd qilishda ishlatiladigan) suriladi va bunday fotoemulsiya tezlatgichlarda zaryadlarni qayd qilishda qo‘llaniladi. Elektronlar hosil qilgan suratda qorayish darajasi yoki tasvirning zichligi bilan katodning yoritilganligi orasida chiziqiy bog‘lanish mavjud va u keng diapazonni o‘z ichiga oladi. Elektron kamera almashtirgich sifatida emas, balki tasvirni kuchaytirgich sifatida qo‘llaniladi. Bunday kameralarning ma’lum kamchiliklari bor, shuning uchun ularni keng qo‘llab bo‘lmaydi. Obyektivining diametri 6 m li teleskopda qo‘llangan elektron kamera m=26m kattalikdagi yulduzlarni suratga olishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |