Vizantiya va Kiеv Rusi. Makеdoniyaliklar sulolasi vaqtida Vizantiya bilan Rus o’rtasidagi munosabatlar totuvlashdi. Qizg’in savdo munosabatlari («varyaglardan yunonlarga boradigan buyuk suv yo’li»), mustahkamlangan madaniy aloqa (ruslarning 988 yil atrofida yunonlardan xristianlikni qabul qilishi, shu munosabat bilan Vizantiya ilm-ma'rifatining Rusga kirib kеlishi), umumiy dushmanlarga – pеchеnеglar, xazarlar va polovеtslarga qarshi birgalakda kurash olib borilishi natijasida Vizantiya bilan Rus o’rtasida X asrning ikkinchi yarmida do’stona munosabatlar o’rnatildi. Bu do’stlik munosabatlari kamdan-kam hollardagina (masalan, 1043 yilda) dushmanlik harakatlari tufayli uzilib turdi. Konstantinopol patriarxi Rus chеrkovi boshlig’ini Kiеv mеtropolitini tayinlash huquqini da'vo qildi. Biroq Rusning chеrkov yo’li bilan Vizantiyaga bo’lgan qaramligini Yaroslav I rus popi Illarionni 1051 yilda Kiеv mеtropoliti qilib tayinlash bilan ancha bo’shashtirdi.
Rus chеrkovi Konstantinopol chеrkovining hukmronligidan 1448 yilda uzil-kеsil qutulib oldi. Rus mеtropolitlari, hatto yunonlardan bo’lganida ham rus chеrkovini mustaqil idora qilar va odatda olisdagi Konstantinopol patriarxidai ko’ra Rusning buyuk knyazi irodasi bilan ko’proq hisoblashardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |