Fransuz adabiyotida romantizm (Viktor hugoning Bibimaryam ibodatxonasi asari timsolida)


Download 60.93 Kb.
bet1/2
Sana29.05.2020
Hajmi60.93 Kb.
#111409
  1   2
Bog'liq
2BOB. 2.1, 2.2


Fransuz adabiyotida romantizm (Viktor hugoning Bibimaryam ibodatxonasi asari timsolida)

Har qanday milliy adabiyotning insoniyat estetik tafakkuriga qoʻshgan hissasi undagi romanchilikning salmogʻi bilan tayin etiladi. Chunki roman millat badiiy tafakkurining taraqqiyot darajasini namoyon etadi.Romanning bugunini tushunish va istiqbolini bashorat qilish uchun bu janrning nima uchun, qachon va qayerda paydo boʻlganini aniqlash hamda unga xos yetakchi belgilarni tayin etish lozim boʻladi.Roman so’zining izohiga quyidagicha to’xtalib o’tdik:



Roman (frans. roman) — nasriy asar janri; muayyan shaxs yoki bir necha shaxsning shakllanish va kamol topish jarayoni badiiy makon va zamonda tasvirlangan asar. Roman oʻrta asrlarda roman tillarida yozilgan har qanday asarni anglatgan. Romanda shaxs va jamiyat hayoti bir-birini inkor etmaydigan maʼlum maʼnoda mustaqil olam sifatida tahlil va talqin etiladi. Xuddi shu narsa Roman janri mundarijasining o’ziga xosligini belgilab beradi. Muayyan shaxs taqdirining oilaviy-maishiy, milliy, ijtimoiy, madaniy va tarixiy muhit bilan o’zaro uzviy aloqada tasvirlanishi Roman janrining ko’lami va gʻoyaviy, badiiy qimmatini namoyish etadi. Roman janri markazida bosh qahramon obrazi turadi. Bu bosh qahramon taqdiri uning jamiyatda tutgan mavqei bilan har doim ham mushtarak bo’lavermaydi. Aksincha, inson o’z taqdiriga nisbatan katta yoki insoniy fazilatlariga koʻra kichik boʻlishi mumkin. Binobarin, u bilan uning taqdiri yoki jamiyatdagi mavqei oʻrtasida muayyan ziddiyat boʻladi va xuddi shu ziddiyat Roman janrining mundarijasini — syujet chiziqlarini harakatlantirib turadi. Bosh qahramonning shaxs sifatidagi fazilatlari ana shu jarayonda, boshqa qahramonlar bilan munosabatida, kurashida ochiladi. Bu munosabatlarning keskinligi va bosh qahramon uchun fojeali xotima bilan tugashi yoki ularning yengil va hajviy oqimda kechishi Romanning epik janr sifatidagi o’ziga xos xususiyatlarini belgilab beradi. Har ikkala holatda ham bosh qahramon bilan jamiyat, muhit yoki urf-odat oʻrtasidagi ziddiyat va kurash oʻzida davrning ijtimoiy hamda maʼnaviy-axloqiy muammolarini qanchalik yorqin ifodalasa, Romanning badiiy qimmati va ijtimoiy ahamiyati shunchalik katta boʻladi. Roman oʻz tarixining dastlabki davrida mavjud adabiy janrlarga parodiya sifatida maydonga kelgan. Keyinchalik Romannavislarning muayyan uslubiy tuzilma va tasviriy vositalar tizimini siyqalashtirishga qaratilgan urinishlari ham parodiya qilingan. Bu hol Romanning avval boshdanoq muayyan adabiy shakllarni qonunlashtirishni xush koʻrmaydigan va yozuvchi qarshisida badiiy tasvirning barcha imkoniyatlarini ochadigan janr boʻlganidan shahodat beradi.

Mavzu, hajm, syujetning murakkablik darajasi, kompozitsion tuzilish va tasvir usullarida muayyan farq boʻlishiga qaramay, Roman janrida baʼzi bir badiiyat unsurlarining (intriga, konflikt, yechim kabi) boʻlishi talab etiladi. Shu bilan birga Romannavislar bu unsurlarga, shuningdek, badiiy tasvirning boshqa shakl va vositalariga erkin munosabatda boʻlishlari mumkin.

Romanlar oʻz tarixining dastlabki davrida tuzilishiga koʻra 2 guruhga — "ochiq" va "yopiq" Romanlarga ajralgan. "Ochiq" tuzilmali Romanning yorqin namunasi M. Servantesning "Don Kixot" i boʻlib, unda jamiyat hayotining xilma-xil tomonlari bilan birga bosh qaxramon ishtiroki harakterining tadrijiy oʻsishi ham mufassal tasvirlangan, bosh qahramon ishtirok etgan voqea va hodisalarga esa koʻplab personajlar jalb etilgan. "Yopiq" tuzilmali Romanlarning dastlabki namunalaridan biri M.M. de Lafayetning "Malika Klevskaya" asaridir. Bu asarda yozuvchi eʼtibori faqat bir qaxramon hayoti, bir konflikt va bir vaziyat tasviriga qaratilgan. Keyinchalik, Roman janri ichki shoxobchalarga boʻlingan paytda psixologik Roman janri ana shu "yopiq" Romandan oʻsib chiqqan.

Roman antik adabiyotda paydo boʻlganida, yozuvchilar koʻpincha maishiy mavzudagi miflarning anʼanaviy syujetlaridan foydalanib, ularga emotsional olam manzaralarini olib kirganlar. Qahramonlarning ichki olami tasviri bu asarlarda voqeabandlikning soyasida qolgan. Roman janri ana shu tarzda davrma davr boyib, badiiy tuzilmasi oʻzgarib bordi. Oʻrta asrlarda romantik tasvir usulining yetakchilik qilishi natijasida ritsar Romanlari ("Tristan va Izolda rivoyati"), Uygʻonish davrida kichik hikoyalardan iborat Romanlar (J. Bokkachchoning "Dekameron"i), romanlashgan qissa (M. Boyardo, L. Ariosto, T. Tasso) va dramalar (V. Shekspir) maydonga keldi. Ana shu tarzda Roman tabiatida kechayotgan oʻzgarishlar insonparvarlik gʻoyalari ustuvorlik qilgan Maʼrifatparvarlik davrida muayyan darajada oʻz yakuniga erishdi. A. F. Prevonpng "Manon Lesko" romani bilan adabiyotga "oʻrta" harakter deb yuritilgan qahramonlar obrazi kirib keldi va shu davr romanlarida ruhiyat tasviri keng oʻrin egalladi.

19-asrdan boshlab jahon adabiyotida realistik roman janri shakllana boshladi. G. Stendal, O.Balzak, G. Flober va boshqa yozuvchilarning badiiy izlanishlari bilan roman janrining syujet doirasi kengaydi, koʻp planlilik, epik ko’lam va syujetning shiddatli harakati janrning muhim shartlari sifatida qabul qilindi. 19-asrning soʻnggi choragida naturalizmning avj olishi natijasida roman tabiatida turgʻunlik, hatto tanazzul holati koʻzga tashlandi. Ammo 19-asr oxiri 20-asr boshlarida J. Golsuorsi, G. Mann, T. Mann va J. London realistik asarlarining yaratilishi bilan roman janri oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga erishdi. Rus adabiyotida "Yevgeniy Onegin" (A. S. Pushkin) sheʼriy romanining yaratilishi rus romannavisligining shakllanishiga muxim turtki berdi. N.V. Gogol, I. V. Turgenev, L. N. Tolstoy, F. M. Dostoyevskiy romanlarining maydonga kelishi bilan realistik rus romannavislik maktabi vujudga keldi.

Oʻzbek adabiyotida esa, roman janrining paydo boʻlishiga Navoiy "Hamsa"sini tashkil etgan "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun" singari dostonlar, xalq kitoblari va dostonlari muhim manba boʻlib xizmat qildi. Milliy uygʻonish adabiyoti namoyandalari dastlabki oʻzbek romanlarini yaratishga kirishganlarida mazkur milliy adabiy tajriba va anʼanalardan samarali foydalandilar. Hamzaning "Yangi saodat yoxud Milliy roman"i (1914), Mirmuhsin Shermuhamedovning "Befarzand Ochildiboy" (1915) asarlari dastlabki oʻzbek romanlarini yaratish yoʻlidagi izlanishlar edi. Qodiriyning "Oʻtgan kunlar" (1926) asarining yaratilishi bilan oʻzbek realistik romani vujudga keldi. Qodiriy bu asari bilan milliy oʻzbek romannavislik maktabiga asos soldi. Ayni paytda bu asar katta badiiy polotnolarni yaratishga qodir yangi oʻzbek adabiy tilining shakllanganini ham namoyish etdi. Keyinchalik Qodiriy "Mehrobdan chayon" (1928), Ayniy "Qullar" (1934), Choʻlpon "Kecha va kunduz", Abdulla Qahhor "Sarob" (1935), Oybek "Qutlugʻ qon" (1939) va "Navoiy" (1944) asarlari bilan oʻzbek romannavislik maktabining yuksalishiga katta hissa qoʻshdilar. Ustoz adiblarning ijodiy izlanishlari tufayli shakllangan oʻzbek romannavislik maktabi keyinchalik A. Muxtor, Shuhrat, Mirmuhsin, H. Gʻulom, Sh. Rashidov, S. Ahmad, Shukrullo, M. Ismoiliy, O. Yoqubov, P. Qodirov, Oʻ. Hoshimov, T. Malik, O. Muxtor va boshqa yozuvchilarning turli mavzuda yozgan asarlari bilan boyidi. Oʻzbek romannavisligida roman janrining turli ko’rinishlari (tarixiy, tarixiy,biografik, tarixiy, inqilobiy, publitsistik, harbiy, sarguzasht, fantastik romanlar, shuningdek, roman xronika, roman novella, roman munozara) va shakllari (dilogiya, trilogiya) paydo bo’ldi.

Mustaqillik yillarida Oʻ. Hoshimov, Sh. Xolmirzayev, T. Malik, H. Shayxov, O. Muxtor, Muhammad Ali, U. Nazarov, Togʻay Murod va boshqa yozuvchilar oʻzbek romannavisligini oʻzlarining turli mavzu va janr koʻrinishlaridagi asarlari bilan boyitmoqdalar.

Ilk romanlar milodning XII-XIII asrlarida roman tillarida soʻzlashuvchi xalqlar orasida yuzaga kelgan. “Roman tillari” tushunchasi “Rim (Roma)ga tegishli” degan maʼnoni anglatib, lotin tili asosida shakllangan ispan, italyan, moldova, portugal, rumin, flamand, fransuz va boshqa tillarni oʻz tarkibiga oladi. Ilk romanlar paydo boʻlgan davrda Yevropadagi deyarli barcha davlatlar uchun lotin tili rasmiy va badiiy til sanalgan. Aholining asosiy qismi esa lotin tilini bilmagan binobarin, adabiyotdan bebahra bo’lgan. Ana shunday sharoitda, aholining ruhoniylar va aslzodalardan keyingi uchinchi va son jihatidan eng katta qatlami boʻlmish ish odamlari, kosib-hunarmandlarga tushunarli boʻlgan tildagi, ularning didiga muvofiq keladigan asarlarga ehtiyoj paydo boʻldi. Roman ana shu ehtiyoj natijasi oʻlaroq yuzaga keldi. Ilk paydo boʻlgan chogʻida roman tillarining birida yaratilgan asar roman sanalib, “roman tilidagi qissa yoki hikoya” maʼnosida conte roman deyilgan.

Romanning aynan oʻsha vaqt, oʻsha joy va shu shaklda paydo boʻlishiga sabab nima? Maʼlumki, antik davrdan qolgan anʼanaga koʻra barcha badiiy asarlar “yuksak poeziya” shaklida boʻlib, ularga maʼbudlar, kohinlar, saltanat egalari, kam deganda, aslzodalar qahramon qilib olinardi. Uchinchi qatlam, yaʼni, mehnat kishilari uchun bu asarlarning tili tushunarsizligidan tashqari, qahramonlari ham mutlaqo begona edi. Holbuki, bu davrga kelib uchinchi qatlam ham son jihatidan, ham iqtisodiy mavqeiga koʻra katta kuchga ega edi. Agar insoniyat tarixining shu davriga qadar badiiy asarlar neʼmatlarga egalik qiluvchi va taqsimlovchilarning didlariga muvofiq yaratilgan boʻlsa, XII asrdan eʼtiboran ishlab chiqaruvchilarning didlariga mos asarlar ham yaratiladigan boʻldi. Mehnat bilan kun koʻradigan oddiy odamlarning estetik ehtiyoji natijasi oʻlaroq paydo boʻlgan romanlarda aks ettirilgan voqealar, ularda tasvirlangan obrazlar va bu asarlarning ifoda yoʻsini ham oʻqirmanlarning intellektual darajasiga muvofiq boʻlishi tabiiy edi. Shuning uchun ham Gegel romanni nimkinoya bilan “burjuaziyaning epopeyasi” deb ataydi.

Roman uchinchi qatlamga mansub kishilar didiga muvofiq dunyoga kelgan va oldin shakllangan “yuksak poeziya” namunalaridan keskin farq qiladigan janr boʻlgani uchun juda uzoq vaqt davomida adabiyot nazariyotchilarining eʼtiboridan chetda qolib ketadi. Deyarli yetti yuz yil mobaynida romanga xos belgilar ilmiy jihatdan tadqiq qilinmagan. Bu boradagi ilk nazariy qarashlar romanchilarning oʻzlari tomonidan bildirilgan. Faqat XIX asrga kelib, Gegel roman nazariyasiga qoʻl urdi. Aynan nazariy qolipning yoʻqligi romanning xilma-xil sinkretik va qirgʻoqsiz janr boʻlishiga olib keldi. Nazariy cheklovlarning kamligi sababli roman yetakchi adabiy janrga aylandi. Roman tarixiga qilingan qisqa ekskursiya uning janr sifatidagi belgilarini toʻgʻri aniqlash imkonini beradi. Ibtidoda insonning individual xususiyatlari, ruhiyat jilvalari tasviriga eʼtibor qaratilgani bois, Belinskiy romanni “individning eposi” deb atagan. Koʻrinadiki, roman alohida shaxslarning ichki dunyosini badiiy idrok etish va izohlash yoʻsini sifatida yuzaga kelgan.

Roman oʻzining tarixi mobaynida qahramonlarni tasvirlash yoʻsini hamda inson shaxsiga yondashuv maromiga koʻra asosan ochiq yoki ekstensiv va yopiq yoxud intensiv singari ikki turga boʻlindi. Servantesning mashhur “Don Kixot”idan boshlangan ochiq romanlarda tasvirlanayotgan obrazlarning taqdiri, xatti-harakatlari, faoliyati ijtimoiy turmush bilan aloqadorlikda, hayotiy determinizmga muvofiq sabab-oqibat bogʻliqligida tasvir etiladi. Ochiq romanlarda odamga asosan ijtimoiy mavjudot deb qaralib, uning taqdirida jamiyat tartiblari, ijtimoiy asoslar hal qiluvchi mavqeda boʻlishi koʻrsatilgan.

Fransuz adibi M. M. de Lafayetning “Malika Klevskaya” asaridan boshlab, alohida bir odamning oʻy-kechinmalari chuqur koʻrsatiladigan, tasvir fokusi qahramon shaxsiyatining ichki jihatlarini aks ettirishga qaratilgan yopiq romanlar yaratila boshlandi. Yopiq, yaʼni, personajlarning tabiati va xatti-harakatlarini toʻligʻicha ijtimoiy tartiblarning mahsuli sifatida tasvirlamagan romanlarda asosiy eʼtibor inson ruhiyati tovlanishlarini koʻrsatishga qaratilgan. Vaqti kelib, inson ruhiyatining oʻzi olami kabir ekanligi anglab yetilib, uni badiiy aks ettirish usullari egallangach, birvarakayiga ochiqlik va yopiqlik xususiyatlariga ega boʻlgan romanlar yaratila boshlandi. Odam ichki dunyosi, ruhiyati va oʻylarining ham ijtimoiy, ham psixo-fiziologik asoslarini badiiy tasvirlash muhim boʻlganidan bu ikki xususiyatning aralash qoʻllanishi keng yoyildi.

Roman janriga xos belgilarni tayin etish borasida oʻzbek adabiyotshunosligida ham ancha ishlar qilingan. Agar dastlabki tadqiqotlarda hajmning kattaligi va mavzu janrining asosiy belgilari sifatida qaralgan boʻlsa, keyinchalik romanning mohiyati oʻzga unsurlardan ham qidirila boshlandi. Chunonchi, adabiyotshunos professor Dilmurod Quronov: “… asarda qoʻyilgan muammolar koʻlami janr xususiyatlarini belgilovchi unsur sifatida olinishi mumkin. Bu jihatdan… roman dunyo-yu davrni bilish maqsadiga qaratilgan boʻlsa, qissa markazida qahramon xarakteri, hikoyada esa konkret hayotiy voqea turadiKoʻramizki, roman, qissa, hikoya janrlariga mansub asar qahramonlari asarda tutgan mavqei, ahamiyati, vazifasi jihatidan farqlanadi. Roman muallifi uchun qahramon vosita – dunyoni anglash (bunisi maqsad) vositasi, qissanavis uchun qahramonning oʻzi maqsad (voqea-hodisalar vosita), hikoyanavis uchun voqeaning oʻzi maqsad boʻlib qoladi”. Olimning roman dunyo-yu davrni bilish maqsadida yaratiladi va uning qahramoni ana shu jarayonning vositasi degan fikriga qoʻshilib boʻlmaydi. Chunki yuqorida keltirilgan dalillar roman dunyoni emas, balki aynan individni anglash maqsadida yuzaga kelganini koʻrsatadi.

Bugungi kunda oʻzbek romanchiligi oʻz taraqqiyotining polifonik bosqichiga yetib keldi. Endilikda, mavzuning dolzarbligi, voqealarning qiziqarli yoxud tilning shirali ekani romanni oʻqishli qilgani holda, uning umrzoqligini taʼminlay olmasligi mumkinligi anglab yetildi. Zamonaviy oʻzbek romani muallifidan har bir qahramonini tushunish va aks ettirishning birovnikiga mutlaqo oʻxshamaydigan konsepsiyasiga ega boʻlish talab qilinadi.

Oʻtgan 2010 yil romanchilik xirmoni barakali boʻlgan. Muhammad Alining “Ulugʻ saltanat” tetralogiyasining uchinchi kitobi, Omon Muxtorning “Xotin podshoh” va “Muhabbat oʻlimdan kuchli”, Ahmad Aʼzamning “Oʻzi uylanmagan sovchi”, Isajon Sultonning “Boqiy darbadar”, Jumaqul Qurbonovning “Sardoba”, Zulfiya Qurolboy qizining “Mashaqqatlar girdobi”, Nurilla Abbosxonning “Shoʻrqishloq”, Abduqayum Yoʻldoshning “Bankir” romanlari tobora shaxslashib borayotgan millat vakillarining ichki olamidagi turli ziddiyatlarni koʻrsatishga bagʻishlangani bilan ajralib turadi.

Taniqli yozuvchi Ahmad Aʼzamning bir davrda yashab, deyarli bir xil ijtimoiy sharoitda faoliyat koʻrsata turib, tabiatlari va tutumlaridagi turfaliklar sabab insoniylik sinovlaridan turlicha yoʻsinda oʻtgan yoshlar hayoti aks ettirilgan “Oʻzi uylanmagan sovchi” romanida xuddi bir odam kabi butun millatu jamiyat ham bir maʼnaviy-axloqiy holatdan boshqasiga ogʻriqsiz oʻtolmasligi aks ettirilgan. Shunday davrda ijod qilish chekiga tushgan yozuvchilar oʻz atrofidagi odamlar va ularni yuzaga keltirgan hamda ular tomonidan yuzaga keltirilgan sharoitga kinoyaviy nazar tashlaydi va nuqsonlarni oshiribroq tasvirlashga moyil boʻladi. Ijodkor ochun miqyosida fikrlay boshlaganda, odamning tutumlari va olamning hodisalariga kinoyaviy yondashuv ustuvorlik qiladi. Oʻzini oʻrab turgan ijtimoiy-milliy qobiqni yorib chiqqan ijodkorda hajviy-kinoyaviy tasvir asosiy ifoda vositasiga aylanadi. Negaki, bunday vaqtda estetik tafakkur voz kechilayotgan qadriyatlardan zada boʻlgani holda oʻzlashtirilishi kerak boʻlgan qadriyatlarni aniq tasavvur qilolmaydi. Shunisiyam borki, erkin odam hazil va kulgiga moyil boʻladi.

Oʻzbek tayanadigan maʼnaviy oyinlarning qadimiyligi bilan globallashuv tufayli xalqning bugungi turmush yoʻsiniga kirib kelayotgan yangi tutumlar oʻrtasidagi nomuvofiqlik va oʻzgachaliklardan tugʻilayotgan kulgili holatlarni aks ettirish “Oʻzi uylanmagan sovchi” romanining bosh xususiyatidir. Yozuvchi kulgi hosil qilishda zoʻrakilik va sunʼiylikka yoʻl qoʻymagani holda tasvirga olingan hamma narsada kulgi koʻra bilgan va ulardan kulgi chiqara olgan. Romanda isteʼmolchilik mayli axloq darajasiga koʻtarilib, nimagadir ega boʻlish odamlikning etaloniga aylangan, moddiy isteʼmoldan boʻlak narsalar ikkinchi darajali deb qaralayotgan sharoitda ham ildizlari teran maʼnaviy qadriyatlar eskirmasligi taʼsirli aks ettirilgan.

Ahmad Aʼzam har bir personajni oʻz feʼliga yarasha til bilan taʼminlay olgan. Shu bois, xilma-xil, bir-biriga oʻxshamaydigan, ayni vaqtda, bir-biriga juda oʻxshash odamlarning ichki dunyosi koʻrsatilgan bu roman, shubhasiz, adabiyotimizda oʻziga xos estetik hodisa boʻlib qoladi.

Omon Muxtorning “Muhabbat oʻlimdan kuchli” romanida ezgulik bilan yovuzlik kuchlari oʻrtasidagi adoqsiz va murosasiz kurash muayyan shaxslar taqdiri misolida mistika aralash real aks ettirilgan. Adib yovuzlikning hech qanday sababsiz ezgulikka qattol dushman boʻlishini Ibrohim bilan Gʻayrat Nusrat, undan soʻng Nusrat Gʻayrat, Hasan bilan oʻgʻli Voris va ukasi Husan oʻrtasidagi munosabatlar tasviri asnosida aks ettirgan.

Omon Muxtor uslubiga xos bir jihat, yaʼni, tasvir yoʻsinini toʻligʻicha siniq mozaika asosiga qurish ushbu asarda ham ustuvorlik qiladi. Romandagi soʻzlar qatorining aksariyati siniq, bu siniq qatorlar orqali tasvirlangan timsollarning taqdirlari ham siniq, personajlararo munosabatlar ham siniq, faqat siniqlikning oʻzigina butundir. Omon Muxtor romanlari uslubidagi yana bir jihat ulardagi voqealar rivoji, timsollararo munosabatlar tasvirida dramaga oʻxshashlik borligidir. Asarni mistikaga oshno qilgan jihat tasvirda xronotop, yaʼni, makon va zamon mutanosibligi talabiga amal qilinmaganida ham koʻrinadi. Uning asarlarida odam yoʻqlikdan paydo boʻlishi, qahramon necha asrlar oldin boʻlib oʻtgan voqealar ichiga tushib qolishi, bugunda oʻtmish va oʻtmishda hozir namoyon boʻlishi mumkin.

Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asari oʻzbek romanchiligida alohida voqea boʻldi. U inson intellekti, odamiyligi va yovuzligi imkoniyatlari haqidagi falsafiy-ramziy romandir. Romanda odamzod paydo boʻlgandan buyon uning maʼnaviyatini kemirib, tirikligida azoblarga giriftor qilib, oʻlgach, doʻzax olovida kuyishiga sabab boʻlayotgan manfaatparastlik, qanoatsizlik va nafs atalmish illatlar yetovidagi kimsalarning qismati aks ettirilgan. Bu asar har bir odam va butun bashariyatga qilingan ogohlantirish, odamzodni yovuzlik va oʻz kuchiga ortiqcha baho berishdan qaytarishga boʻlgan bir badiiy daʼvat desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Professor Dilmurod Quronov va shoir Rahimjon Rahmatning “Boqiy darbadar” asari haqidagi maqolalarida asarga muayyan ijodiy tajribaning mahsuli sifatida qarash seziladi. Bizningcha, yozuvchi romanda tasvirlanishi lozim boʻlgan shaxslar, ularning taqdirlari va holatlarini shunchalar yaqqol his qilganki, asar oʻz shakli bilan dunyoga kelgan.

Roman bilan tanishgan oʻqirmanda, dastlab asarning syujet chizigʻidagi yetakchi yoʻnalishlar, timsollarning istak-urinishlari tasviri Chingiz Aytmatovning Avdiy va Filofey kabi qahramonlari tutumlariga oʻxshab ketadi degan oʻy keladi. Lekin romandan kelib chiqadigan maʼnolarni chuqur idrok etish natijasida kishi Isajon Sulton masalaning mohiyatini islomiy nazar bilan toʻgʻri anglaganini his etadi. Buyuk irodaga boʻysungan insonning insof, imon va ezguligi bosh qahramon boʻlgan ushbu asarda ruhiy tadqiqlardan koʻra voqealar tasviri yetakchilik qilganday tuyulsada, voqealar makonda emas, oʻqirmanning qalbi va shuurida kechgani uchun asar individning eposi boʻlmish roman talabiga toʻla javob beradi.

Nazarimizda, asarda professor Ziyoning oʻgʻli obrazi tabiati bir qadar kengroq tasvirlanishi, asoslanilishi va takomilga yetkazilishi lozim edi. Har bitta odamning mavjudligi uning makoni, millati va imonidan tashqarida boʻlmasligini anglagan, ana shu qadriyatlarga mehr qoʻyilgandagina global falokatlardan emin boʻlinishini tushungan, tabiiy kataklizmlar insonning maʼnaviy aynishlari natijasi ekanini koʻra olgan yigitning bu haqiqatlarni his etishi yoki uning shu fikrga kelishiga turtki boʻlgan sabab aks ettirilganda, roman saviyasi yuksalgan boʻlardi.

Oʻtgan yili bosilgan romanlar orasida bir qanchasi millat tarixining turli davrlarini aks ettirishga bagʻishlangan. Shunisi diqqatga loyiqki, tarixni tasvirlashga tutingan hozirgi yozuvchilar oʻtmishdagi voqealarga bogʻlanib, ularning qanday kechganini koʻrsatishdan koʻra tarixni yaratgan odam va uning koʻnglidan kechgan ruhiy toʻlgʻamlarni aks ettirishga koʻproq eʼtibor qaratadilar. Endilikda, yozuvchilar tarixiy hodisa va tarixiy shaxs tasviriga bir qadar erkin yondashib, tarixning yuzaga kelishi va taraqqiyotida konkret inson tutgan oʻrinni koʻrsatishga eʼtibor berayotirlar. Taniqli yozuvchi Muhammad Alining “Ulugʻ saltanat” tetralogiyasining uchinchi kitobi “Mironshoh mirzo” asari bu jihatdan ahamiyatlidir. Avvalo, tetralogiyaning uchinchi kitobi badiiy jihatdan oldingilariga nisbatan puxtaligini qayd etish lozim. Bu kitobga kelib, yozuvchi, nihoyat, Amir Temur siymosida faqat ehtirom koʻrsatiladigan sohibqironni emas, adabiy personajni ham koʻrishga koʻnika boshlagani seziladi. Asarda Mironshoh, Xonzoda, Sogʻinch bika, Sulton Baxt, Shoh Mansur kabi oʻziga xos konsepsiyaga ega timsollar esda qoladigan qilib ishlangan.

Romanda chinakam badiiy topildiq boʻlgan anchagina tasvirlar, timsollar mavjudligi asarning qiziqarli va oʻqishli chiqishini taʼminlagan. Garchi, bu kitobda ham tarixiy soʻzlar keragidan koʻpayib ketgan boʻlsada, uning tili oʻziga xos va jozibali. Asarda Sogʻinch bikaning: “Shahzoda ham… meni sevarmikin? Men-ku kuyib-yonib yuribmen, u-chi? Sevarmikin?.. Oʻylarmikin?.. Kuyib-yonarmikin?..” tarzidagi gumonli oʻylari ishonarli berilgan. Qizning romantik feʼli, bolalarcha oʻylashi, toʻgʻri-notoʻgʻri qarorlarni shartta qabul qilishi uning tabiatidan kelib chiqib tasvirlangan. Romandagi: “Zulukday qoshlari chimirildi, ikki chakkasidagi qora zulfi alamdan gajakday qayrilib oʻzini sochlar orasiga urdi, chap yuzidagi kichkina chiroyli xoli esa, nima boʻlyapti oʻzi, deganday atrofga hayron boqardi”, tarzidagi tasvirlar mumtoz romanlar anʼanasi darajasida ekani bilan eʼtiborni tortadi.

Amir Temurning: “Men mamlakatlarni birlashtira olurmen, bunga kuchim yetadur, ammo zoʻrlik bilan ikki koʻngilni bir-biriga bogʻlashdan ojizdurmen”, shaklidagi iqrori yoki muallifning u haqdagi: “Samarqandalik vaqtlarida hech kim uning… qaysi bogʻdaligini bilmas, u hech qayerda emas, hamma joyda edi”, kabi tasviri badiiy topilma darajasida. Temurbekning: “Dunyoda urush otini oʻchirish uchun bel bogʻlagʻonmen, Mamat! Ajabo, bel bogʻlagʻon sarim urush chiqadur, bu qanday sir-sinoat?.. Nahotki, qilich aralashmay qadam tashlash mushkul bu olamda!” yoʻsinda ozorlanishi tasviri ezgulikka talpingan shunday qudratli odamning yovuzlik qarshisidagi ojizligini tabiiy koʻrsatadi. Umarshayxning oʻlganini eshitgan Temur holatining: “Sohibqiron ohista ortiga oʻgirildi, koʻzlariga toʻlib ana toʻkilaman, mana toʻkilaman, deb turgan yoshlar endi unga boʻysunmay qoʻyishdi. U hech kimga boqmay, shohchodirga kirdi… Lahza oʻtmay, bir marta oʻkirgan ovoz eshitildi”, yoʻsinidagi tasviri ham haqqoniy, ham taʼsirchan chiqqan. Romanda hal qiluvchi jangni boy berib, oʻlim va tiriklikning nozik chegarasiga kelib qolgan odamning ruhiy holati: “Shoh Mansur beixtiyor qaradi-yu… shuurida ortga chekinmoq lozimligini angladi! Chekinmoq kerak, chekinmoq kerak… Butun niyatlardan, oʻchu qasoslardan, saltanat taxtidan, sulola sharafidan chekinmoq kerak, chekinmoq kerak”, yoʻsinida jonli chizilgan.

Asarda sohibqironga Sogʻinch bikaning sirli ravishda yoʻqolib qolgani haqidagi xabarni aytish jarayonining soʻnggi soniyalarida buni bildirish mumkin emasligini sezib qolgan Saroymulkxonim ustalik bilan gapni boshqa yoqqa burib yuborishi mahorat bilan tasvirlangan. Bibixonimning malika ayollar qismati haqidagi: “Qismatimiz shundoqdir. Boshqa na ilojimiz bor? Ammo hamma sir oʻsha “mehr qoʻyishimiz oson”ligining juda qiyinligidadur, malikam!” tarzidagi taʼkidida kuchli badiiy va hayotiy haqiqat aks etadi. Romandagi xorazmlik usta Matpano timsoli ham ishonarli va oʻziga xos tasvirlangan. Bu timsol tasviri oʻziga yuklangan badiiy vazifadan tashqari, Temurning shaxsiyatini ochishga xizmat qilganligi bilan ham eʼtiborga loyiqdir. Romanda Sahroi Kabirda bir tomchi suvga zor boʻlgan bahodirlar holati tasviri ham juda taʼsirli chiqqan.

Qayd etilgan yutuqlar bilan birga, “Ulugʻ saltanat” romani tasvirining ayrim oʻrinlarida salqilik borligini, hamisha ham oʻqirmanda shavq uygʻotadigan taʼsirchan ifoda yoʻsini taʼminlanmaganligini aytish joiz.

Omon Muxtorning “Xotin podshoh” romanida turkiy xalqlar hayotidagi burilish davri boʻlmish islomning kirib kelish vaqtida Buxoro salatanatini boshqargan Oynur timsoli mehr bilan tasvirlangan. Garchi, romanda xolis bayon usuli tanlanib, yozuvchi tasvirda bevosita ishtirok etmagan boʻlsada, muallif oʻqirmanni goʻyo bir yoʻlboshlovchi kabi qadimiy Buxoro boʻylab yetaklab yurganday va shaharning oʻtmishi bilan tanishtirganday boʻladi. Asarda arab xalifasi Muoviya, uning Ubaydulloh ibn Ziyod, Sayyid ibn Usmon, Qutayba ibn Muslim kabi lashkarboshilari hamda sotqin Xitfar Buxorxudot timsollari jonli tasvirlangan.

Adib eʼtiqodu imon uchun borgan janglar tasvirlangan bu romanida sevgining sehrli qudratini bir-biriga qarama-qarshi turgan turkiylar bilan arablarning yetakchilari: Oynur va Sayyid ibn Usmon siymolarida aks ettiradi. Bir-biriga yogʻiy boʻlgan ikki yosh oʻrtasida beixtiyor paydo boʻlgan natijasiz va azobli sevgi tasviri asarga ayricha joziba baxsh etgan. Yozuvchi asardagi aksar personajlarni oʻz ichki olamiga ega betakror shaxslar sifatida tasvirlay olgan. Bunda adib kichik bir tafsil orqali muayyan timsolga xos jihatni ifodalash yoʻlidan boradi. Jumladan, Oynurga tegishli: “Xotin podshoh qarorgohga kirib kelganida bir dam gangidi. Sirasini aytganda, u – jurʼat, oʻktamlik bilan yurtni qoʻlida itoatli tutsada, yosh juvon (kechagi qizaloq) edi” yoki Sayyid ibn Usmon haqidagi: “U ayolmi, erkakmi oʻzidan aqlliroq kishi oldida doim bir nima deyishga qurbi yetmay, sarosimalanardi”, singari qisqa tasvirlar yordamida har bir timsolning ichki dunyosini koʻrsatishga erishadi. Koʻngil mayli, visol ishtiyoqi bois, biri olis sahrodan Buxoro tomon, ikkinchisi Buxorodan sahro sari ot surib, bir-biriga yetay deb qolganda, koʻngil mayli bois ortga qaytgan Sayyid va Oynur holatlari tasviri taʼsirli chiqqan. Shuningdek, yozuvchi badiiy adabiyotda ilk bor Buxorodagi turkiylar bilan forsiylar munosabatidagi nozik jihatlarning ildizi borasida ishonarli toʻxtamlarga keladi.

Ayni vaqtda, “Xotin podshoh” asarida usluban badiiy yaratiqdan koʻra maʼrifiy yoʻnalishdagi tadqiqotga oʻxshab qolgan oʻrinlar borligini taʼkidlash kerak. Asarda keragicha rivojlantirilmagan badiiy topilmalar, yakunlanmagan taqdirlar borligi ham oʻqirmanda eʼtiroz uygʻotadi.

Jumaqul Qurbonovning “Sardoba” asari inqilobiy toʻntarish yillarida Qashqadaryo choʻllarida yashagan kishilar hayotini aks ettirishga bagʻishlangan. Romanning koʻp oʻrinlari katta harorat bilan yozilgan. Muallif tasvir qamrovini keng oladi. Asarda tasvirlangan bir necha taqdirlarni tutashtiruvchi umumiy nuqtalar topishda rivoyat va afsonalardan oʻrinli foydalanilgan.

Zulfiya Qurolboy qizining gʻoyat qiziqarli syujet va shirali tilga ega “Mashaqqatlar girdobi” romanida asosan shiddatli voqealar tasviriga intilingani uchun ham timsollarning ruhiyati, ularning individual qiyofasini aks ettirish borasida kutilgan samaraga erishilmagan. Asarda qahramonlarning koʻngil holatlari, ruhiy kechinmalaridan koʻra, ular kechirgan sarguzashtalarni tasvirlashga koʻproq eʼtibor qaratilgan. Garchi, asardagi deyarli barcha tasvirlarda mantiqiy izchillik, sabab-oqibat bogʻliqliklari boʻlishiga erishilgan esada, alohida shaxsning individual dunyosiga kirishga yetarlicha eʼtibor qilinmagani uchun voqealarning xayrli oqibati borasidagi axborotni taʼkidlash ustuvorlik qilgan. Ayni shu holat ravon tilda, juda savodli yozilgan asarning yetarlicha salmoqli estetik yukka ega boʻlmasligiga olib kelgan.

Nurilla Abbosxonning “Shoʻrqishloq” romani fojiaviy ruh va yumoristik ohang uygʻunlashgani bilan eʼtiborni tortadi. Qahramonlar tabiati va taqdiri barcha anʼanaviy romanlardagi kabi toʻligʻicha ijtimoiy muhitning oqibati sifatida qaralgan bu asarda bir qishloq ahlining keyingi yuz yillik turmushini tasvirlash orqali millat maʼnaviyati va axloqida yuz bergan evrilishlarning sabab va omillarini koʻrsatishga urinilgan. Asarda obrazlar tabiatini yaxshi ochilgan oʻrinlar bor. Chunonchi, Sotimboy traktorchi, xotini Orifa, oʻgʻli Malik munosabatlari ishonarli tasvirlangan. Yozuvchi personajning asl mohiyatini ochishda baʼzan yumordan oʻrinli foydalangan. Garchi, bir oz oshirib yuborilgan boʻlsada, Salim kaptarbozning afgʻonlar qoʻliga tushib qolgandagi holati ham oʻziga xos tasvirlangan. Erining boshqa ayolga uylanganini bilgach ham uning yuziga chopmagan mushfiq Oyxon, haqiqiy hayotda emas, balki oʻzining telba-teskari oʻylari ogʻushida yashaydigan noshud Oktyabr timsollari ham esda qolarli chizilgan.

Oʻz holicha qiziqarli va ayrim obrazlar ancha tabiiy aks ettirilgan ushbu romanning asosiy kamchiligi barcha timsollarning muallif yetovida yurishida namoyon boʻladi. Ular oʻz tabiatlaridan kelib chiqib yashamaydi, balki koʻproq muallif bergan rollarni “oʻynaydi”. Asarda voqea, harakat, chopachop koʻp, oʻy, ruhiyat tasviri esa juda kam. Eng achinarlisi, asar tilida shira, joziba, individuallik yoʻq. Muallif qahramonlaridagi har bir jihatning ijtimoiy asosini koʻrsatishga urinadi. Bosh qahramonlar yashagan oiladagi bemehrlik ildizlarini: “Yoqub, Shokir va Nasiba hovlini boshiga koʻtarib, shovqin solib urishib-talashardilar. Bular tinch turishganda Rahmon aka bilan Karima opa janjal koʻtarishardi. Nazira bilan Sulton esa endi tetapoya qila boshlagan boʻlib, ular hali janjal qilishni bilishmasdi”, tarzidagi tasvir orqali bermoqchi boʻladi. Niyat maʼqul, lekin ifoda yoʻsinida badiiy asarga xos joziba yoʻqligi sabab tasvir oddiy axborotga oʻxshab qolgan.

Muallif bir vaqtlar maʼrifati bilan mashhur boʻlgan oila aʼzolarining jaholatga botishi sababini gazeta maqolalaridagi kabi juda joʻn va yalangʻoch izohlaydi: “Bir zamonlar bu xonadonda ilmu maʼrifatli Zunnur eshon, uning oʻgʻli Eshondada eshon, oltin suvi yuritilgan naqshinkor kitoblarni oʻqishgan. Otasi va ammavachchasi mulla Hakimning ayanchli oqibatini koʻrgan Rahmonali, bu yorugʻ dunyoda tinchroq yashagisi kelib, ajdodlar maʼrifatidan voz kechdi. Bu xonadonda soʻqir Obidadan tashqari hech kim kitob oʻqimaydi”. Keltirilgan misollar tasvirning qashshoqligi va ifoda yoʻsinining shirasizligi haqida aniq tasavvur uygʻotadi. Asarda son-sanoqsiz imlo va tinish belgi xatolariga yoʻl qoʻyilgan. Ham muallif va ham timsollar tilida qaratqich bilan tushum kelishiklari farqlanmaydi. Xudobexabar, dahriy Safar Nugʻmonov haqida asarda: “… gʻoyat isteʼdodli boʻlib, oʻn sakkiz yoshigacha diniy madrasada (taʼkidlar bizniki – Q. Y.) tahsil olgan, keyin Rossiyada rus tilini oʻzlashtirgan otashin kommunist edi. Nugʻmonov eshiklarni yaltiroq etigi bilan tepib ochib, hujradagi kitob solingan sandiqni agʻdarishga buyurdi”, tarzida biri-ikkinchisini inkor etadigan axborot beriladi. Timsolning isteʼdodi hech narsada namoyon boʻlmaganiday, madrasa koʻrgan odamning tutumi ham kishini ishontirmaydi.

Quyidagi tasvir esa gʻaribligi bilan oʻqirmanda eʼtiroz uygʻotadi: “Gʻaflat bosib, Shokirning daydi mushti cholning moʻysafid chehrasiga urildi. Chol koʻzi qorayib, supa yoniga yiqilib qoldi…

Kechiring xoʻjayin, – dedi aybdor Shokir boshini egib. – Kechiring…”. Muallif tilidan berilayotgan bu tasvirda mushtga nisbatan “daydi”, chehraga tatbiqan “moʻysafid” aniqlovchilari qoʻllanishi, yiqilayotgan cholning koʻz oldi emas, “koʻzi qorayishi”, Shokirning oʻz otasini “xoʻjayin” deb aytishi kabi oʻrinlarda mantiqsizlik yaqqol koʻrinadi. Muallif nima uchundir otasi, bolasi, xotini, jiyani kabi qarindoshlikni anglatuvchi atamalar oldidan deyarli hamisha “oʻz” soʻzini keltiradi.

Umumlashtirib aytganda, zamonaviy oʻzbek romanchiligida romaniy tasvirning yangicha qatlamlari oʻzlashtirilib, milliy romanchilik yangi timsollar bilan boyib borayotgani kuzatiladi.

Romanlar borgan sari mavzu-mundarijasi, ifoda yoʻsini, janr xususiyatlari, shaklu shamoyili jihatidan tobora turfalashib bormoqda. Bu janrda oʻn betga yetar-yetmas mini romandan tortib, birgina “t” harfi bilan boshlanadigan soʻzlardan iborat tetralogiyalargacha yaratilmoqda. Oʻtgan yilgi romanlarni mazmun-mundarijasi va ifoda yoʻsiniga koʻra tarixiy-biografik, avtobiografik-memuar, ijtimoiy-maishiy, tarixiy, falsafiy singari guruhlarga ajratish mumkin.

2015 yilda bir qator tarixiy-biografik va avtobiografik-memuar romanlar yuzaga keldi. Alohida bir odamning jamiyat oldida qadri oshuvi uning hayot yoʻliga qiziqishning ortganida koʻrinadi. Bu esa millat ahlining shaxslashayotganidan, ularda alohida odam taqdiriga qiziqish kuchayotganidan belgidir.

Shunday asarlardan biri Komil Avazning “Komil Xorazmiy” nomli tarixiy-biografik romani boʻlib, janr jihatidan muallif tomonidan “maʼrifiy-badiiy roman” deya belgilangan. Avvalo, romanni bu yoʻsin sifatlashda mantiq buzilganini qayd etish kerak. Negaki, bitikning “roman” tarzida nomlanishining oʻzida tabiiy ravishda “badiiy”lik koʻzda tutiladi. Agar badiiyligi boʻlmasa, uni roman deyish mumkin emas. Hatto, toʻligʻicha hujjatlar asosiga qurilgan asarga ham “hujjatli-badiiy roman” tarzidagi aniqlovchini qoʻllab boʻlmaydi. “Mashhur siymolar hayoti” turkumida yaratilgan ushbu asar ancha taʼsirli lavhalari bilan diqqatni tortadi

Ustoz Umarali Normatov roman haqida: “Har bir millat adabiyotining boʻy-basti, darajasi, avvalo, shu janr kamolotiga qarab belgilanadi desam, buni hech kim mubolagʻaga yoʻymaydi”, deb yozadilar. Darhaqiqat, shunday. Biroq, bu – bugunning gapi. Oʻz vaqtida esa, romanga munosabat, deylik, hozirgi kun didli oʻquvchisining ommaviy adabiyotga, “sariq matbuot” sahifalarida eʼlon qilinadigan bitiklarga munosabati yangligʻ boʻlgan. Shu sabab ham, masalan, italyan adabiyotshunosi Antonio Minturno bundan qariyb uch yuz ellik yillar avval: “Menga qolsa, kim yozganidan qatʼi nazar, muhokamasi gʻoʻr, avom suyib ardoqlaydigan barcha romanlardan koʻra, Petrarkaning bitta soneti didimga koʻproq xoʻbdir”, deydi. Negaki, “romanlarda Aristotel va Goratsiylar amal qilishni uqtirgan, Gomer va Vergiliylar amal qilgan shakl va tartib yoʻq”, yaʼni, ular mumtoz sanʼat talablariga javob bermaydi, demak, “na poeziyaning neligini, na shoirning barkamolligi nimadaligini bilmaydigan avom”gina ularni sevib oʻqishi mumkin. Minturnoning asosiy xulosasi shuki, “roman – varvarlar ixtirosi”, u chinakam poeziyaga daxldor boʻlolmaydi.

Romanni sanʼatdan – poeziyadan tashqaridagi hodisa sifatida tushunish, uni antiestetizmda ayblash, to XVIII asr oʻrtalariga qadar ham davom etgan. Jumladan, klassitsizm nazariyotchisi N. Bualo hayotlik chogʻida eʼlon qilmagan boʻlsa-da, kiborlar salonlarida qoʻlma-qoʻl oʻqilgan “Roman qahramonlari” (1713 yilda chop etilgan) asarida romannavislarni uslub jimjimadorligi, tarixni anglayolmaslik, qadimiyat va zamona belgilarini kulgili darajada qorishtirib yuborishda, bir soʻz bilan aytganda, didsizlikda ayblaydi. Davr ijtimoiy tafakkuriga gʻoyat kuchli taʼsir oʻtkazgan Volter esa romanni atigi “engiltabiat havoyi yoshlar uchun koʻngilxushligi” deb biladi va oʻzini hurmat qilgan adiblar undan nafrat qilmogʻi lozim deb uqtiradi. Aytish kerakki, Volter romanga qoʻyayotgan mazkur ayblov yangilik boʻlmasdan, balki ancha avvaldan kuzatilib keluvchi ayblovlarning yumshoqroq ifodalanishi edi, xolos. Xususan, Jan Rasinning ustozlaridan sanaluvchi Pyer Nikol 1665 yildayoq gunohkorona hislarni tasvirlovchi roman va pyesalar mualliflarini “qalblarni bulgʻovchilar” deb atagan. Yoki xonimqizlar tarbiyasi haqida qaygʻurgan markiza de Lamber romanlar mutolaasi yosh qizlar qalbi va shuuriga parokandalik olib kirishiyu hayo pardasini koʻtarib, koʻngillarda illatli intilishlarni kuchaytirishidan ogohlantiradi. Ish shu darajaga borib yetadiki, 1736 yilda iyezuit Sharl Pore “Avom roman deb atovchi kitoblar toʻgʻrisida…” mavzuida vaʼz qiladi va hukumatni behad urchib ketganidan boshqa adabiy janrlarni boʻgʻib, maʼnaviyatga putur yetkazayotgan romanga nisbatan qatʼiy chora koʻrishga chaqiradi. Oqibatda, koʻp oʻtmay, 1737 yilda Fransiya qiroli farmon beradi, unga binoan endi qirollik hududida yangi romanlar faqat maxsus ruxsat bilangina chop etilishi mumkin boʻladi.

Romanga bunaqa salbiy munosabatning turli omillari mavjud boʻlsa-da, baribir, eng avval, ijtimoiy omilni nazarga olishimizga toʻgʻri keladi. Yuqorida koʻrdikki, A. Minturno roman avom orasidagina mashhurligini qayd etadi, uni “varvarlar ixtirosi” deydi, xullas, romanga bepisand qaraydi. Darhaqiqat, roman kiborlar va ruhoniylar avom deb atovchi “uchinchi qatlam” – burjua orasida ommalashgan (bizda “burjua”, “burjuaziya” soʻzlariga salbiy, siyosiy tus berilgan, aslan ularning oʻzagi “shaharliklar” degan maʼnoni beradi). Zero, romanlar ularning ona tillarida – jonli tilda yaratilgan, mazmunan esa oʻzlari qaynab turgan hayotga yaqin boʻlgan. Aksincha, kiborlar va ruhoniylar poeziya tili sifatida faqat lotin tilini, badiiy asar deb esa antik adabiyot andozalariga mos keluvchi asarlarnigina tan olganlar. Xullas, romanga salbiy munosabat muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoitda shakllangan estetik didlar ziddiyati natijasidir. Ijtimoiy hayotda burjuaziya mavqeining orta borishi va bunga aks taʼsir oʻlaroq, monarxik tartibotlarni saqlab qolishga intilish mazkur ziddiyatni kuchaytirdi. Klassitsizm shu intilishning adabiyotdagi koʻrinishi boʻlib, uning mazmun-mohiyati monarxik tuzumni mustahkamlashga qaratilgan edi. Shuning uchun bu adabiyot shakl (antik adabiyot qoidalari) va mazmun (ulugʻvor voqea va qahramonlar, qirollikka sadoqat va fidoyilik, qatʼiy axloqiy meʼyorlar) eʼtibori bilan konservativ xarakterda boʻlib, “zavq berish orqali foyda keltirish” aqidasiga qurilgandir. Aksincha, burjua muhitida ommalashgan romanda realistik tendensiyalar kuchli kelib, u har qanday cheklovlardan xoli, hayotning oʻzidagi kabi rang-barang va ajabtovur voqealarni qalamga olishga moyil. Yaʼni, noziktab kiborlar yuksak poeziya tarafdori, ommaning didi va ehtiyojiga mos romanda esa poeziyadan ancha yiroq kundalik hayot qaynaydi. Xuddi shu holatni nazarda tutib keyincha Gegel oʻzining roman nazariyasini qadimgi dunyoning poetik tabiati va zamonaning prozaikligini qarshi qoʻyish asosiga qurgani bejiz emas edi.

Albatta, yuksak poeziyani daxlsiz saqlab qolish istagi nechogʻli ulkan, shunga bel bogʻlagan ruhoniylarning vaʼzlari qanchalik oʻtli boʻlmasin, shu maqsad yoʻlida qirollik akademiyalari qancha faol ishlab, farmoni oliylar chiqarilmasin, baribir, tarix charxi oʻz bilganicha aylanaveradi. Tarixiy istiqbol esa oʻsha “avom”niki, bas, romanning eʼtirof etilishi va vaqt kelib “har bir millat adabiyotining boʻy-basti, darajasi”ni belgilaydigan maqomga erishishi ham tabiiy va qonuniy edi. Shunga qaramay, koʻrib oʻtganimizdek, yangi janrning poeziya mulkida fukarolik olishi oson kechmagan. Darvoqe, roman yangimidi oʻzi? Yoʻq, albatta. Aslida, romanning ildizlari juda qadim davrlarga borib taqaladi. Romanga bagʻishlangan ilk maxsus tadqiqotlardan biri – “Romanlarning paydo boʻlishi haqida risola” (1666)ning muallifi Pyer-Daniel Yue janrning ibtidosini Provans yo Italiyadan izlash xatoligini, uning ildizlarini juda qadimdan, uzoq oʻlkalardan qidirish kerakligini taʼkidlaydi. Uning yozishicha, roman antik davrlarda yuzaga kelgan va uzoq asrlar davomidagi rivojlanish jarayonida hozirgi holiga kelgan. Masalaga tarixiy taraqqiyot nuqtai nazaridan qaragani uchun ham Yue oʻz davriga kelib “roman janri” tushunchasi oʻzgarganini nazarda tutadi va, endilikda, roman deganda, “oʻquvchilarga zavq berish orqali nasihat qilish maqsadida toʻqib chiqarilgan sevgi tarixini nasrda mahorat bilan tasvirlagan” asar tushunilishini taʼkidlaydi. “Roman oʻqish – vaqtni behuda sovurish” qabilidagi qarashga qarshi oʻlaroq, Yue “romanning bosh maqsadi <…> harvaqt ezgulikning taqdirlanishi, yovuzlikning jazolanishini koʻrsatish orqali oʻquvchiga saboq berish”, deb biladi. Shuningdek, romanni “poeziya”dan, romannavislarni “poet”likdan nari qilish urf boʻlgan bir sharoitda, Yue kishi “… sheʼr toʻqigani uchun emas, balki yaratgan obrazlari uchun poet deb ataladi”, shunga koʻra “romannavislarni ham poetlar qatoriga kiritish mumkin”, deydi.



Yuening asari romanga yuqoridagicha munosabat ustuvor boʻlgan bir vaqtda yaratilgan. Bu shundan dalolat beradiki, romanning adabiy janr, soʻz sanʼatining toʻlaqonli vakili sifatida qabul qilinishi nechogʻli ogʻir kechmasin, uni tarixan shakllanib kelayotgan obʼyektiv hodisa deb tushunish ham tobora kuchayib borgan. Zero, oʻz navbatida, roman ham soʻz sanʼatiga tobora shiddat bilan kirib borib, mavjud janrlarning xususiyatlarini yuvgʻich misoli shimib, ularni ham oʻziga oʻxshata va yetakchilik maqomiga intila borgan. Albatta, ayni sharoitda, romanga qiziqishning kuchayishi, uni nazariy jihatdan anglashga intilishning boshlanishi ham tabiiy edi. Ijod amaliyotining nazariyadan hamisha oʻzib yurishi tabiiy va qonuniy hol, zero, nazariya oʻz qonun-qoidalarini ijod amaliyoti natijalariga tayanib, ularni umumlashtirish asosida ishlab chiqadi. Biroq romanga kelganda bu oʻzish yanada sezilarli boʻldi, negaki, roman tabiatan oʻzgarish, yangilanishga moyil va qobil janrdir. Deylik, Yue oʻzigacha va oʻz zamonida yozilgan romanlardan kelib chiqib, “toʻqib chiqarilgan sevgi tarixini nasrda mahorat bilan tasvirlagan” asarni roman deb aytadi. Oradan bir asr oʻtib-oʻtmay mazkur taʼrif Yevropa romanchiligiga tatbiqan yaroqsiz boʻlib qoldi, chunki unda strukturasida sevgi tarixi yordamchi vazifani oʻtovchi tarbiya romani, psixologik roman singari janr koʻrinishlari vujudga keldi. Darvoqe, bizningcha, shunga oʻxshash jarayon gʻoyat intensiv tarzda oʻzbek romanchiligida ham kuzatiladi. Ilk oʻzbek romani “Oʻtgan kunlar” strukturasida “sevgi tarixi” belgilovchi ahamiyat kasb etadi. Muallifning romanga yozgan soʻzboshisida “xalqimizni shu zamonning Tohir-Zuhralari… bilan tanishtirishga oʻzimizda majburiyat his etamiz”, deya taʼkidlab oʻtishi ham shundan. Albatta, “sevgi tarixi” romanda boshqa muammolarni badiiy talqin qilish uchun vosita boʻlgan, biroq uning oʻz holicha ham katta badiiy-estetik ahamiyat kasb etgani shak-shubhasiz (asarning xorijiy tillardan birida “Toshkentlik oshiqlar” nomi bilan chop etilgani bejiz emas). Oʻn besh yillar keyin dunyoga kelgan “Kecha va kunduz”da “sevgi tarixi” deyarli mavjud emas; “Sarob”, “Qutlugʻ qon” romanlarida esa “sevgi tarixi”ning vosita ekanligi yaqqol sezilib turadi.

Yue taʼrifidagi mazmun bilan bogʻliq ikkinchi muhim jihat – “toʻqib chiqarilganlik”. Oʻz taʼrifiga izoh berarkan, Yue “toʻqima” deyishdan murod romanni tarixdan ajratish ekanligini aytadi. Haqiqat va toʻqima nisbati – Yue uchun roman bilan tarixni farqlovchi asos. Yaʼni, tarixda ham toʻqima bor, lekin, yaxlit olganda, u haqiqatdir; romanda ham haqiqat bor, lekin, yaxlit olganda, u toʻqimadir. Masalaning bu tarzda qoʻyilishi bejiz emas. Negaki, Yue nazarda tutgan tarix – Gerodot, Kteziy, Filostrat, Simeon Metafrast kabilarning asarlari mohiyatan adabiyotning bir uzvi, aslida, ular xuddi adabiy asar kabi oʻqilgan. Zero, ularda asosiy maqsad tarixni tadqiq etish emas, balki oʻtmish voqealari (harbiy yurishlar, podshohlar tarixi, buyuklar hayoti)ni oʻqishli qilib hikoya qilish boʻlgan. Bizningcha, bu gaplar Sharq adabiyotiga nisbatan – Firdavsiy “Shohnoma”sidan tortib Ogahiy tarixlarigacha, xalq ichida qoʻlma-qoʻl oʻqilgan jangnomalaru manoqiblarga nisbatan ham bemalol aytilishi mumkin. Shu oʻrinda, mavridi kelib qoldi, ayrim mulohazalarni oʻrtaga tashlashga jazm etaman. Maʼlumki, oʻzbek adabiyotida roman janridagi ilk tajribalar – “Yangi saodat” va “Befarzand Ochildiboy” asarlari muvaffaqiyat topmagan. Albatta, bular yozilgan vaqtda hali yangi oʻzbek nasri ham, mualliflar ham yetarli tajribaga ega boʻlmagani bor gap. Biroq muvaffaqiyatsizlikning sababini shuning oʻzi bilangina izohlab boʻlmaydi. Fikrimizni oydinlashtirish uchun bizningcha, “Oʻtgan kunlar”ning muvaffaqiyatini taʼmin etgan omillarni eslash joiz. Romanning tez shuhrat topib qoʻlma-qoʻl oʻqilishiga sabab boʻlgan bosh omil, bizningcha, uning tom maʼnoda milliy adabiy anʼanalar zaminida turganidir. Albatta, roman Gʻarb adabiyoti hodisasi ekanidangina kelib chiqilsa, bu fikrimiz ziddiyatli koʻrinishi mumkin. Biroq, shunisi ham ayonki, agar adabiy anʼanalarimiz zamini romanning ildiz otishi uchun qulay boʻlmaganida, oʻtgan asrning 20-yillarida oʻzbek romanining paydo boʻlishi ham mahol edi. Bizda ildizlari ming yillardan nariga borib taqaluvchi xalq dostonlari, qissalar, turfa xalq kitoblari, mumtoz shoirlarimiz masnaviy yoʻlida bitgan dostonlar, xullas, boy epik anʼana mavjud edi. Ilk romanimizning qator xususiyatlari (obrazlar tizimi, syujet motivlari, maktublar) folklor va mumtoz dostonchilik anʼanalari zaminida yetishgani shundoq koʻzga tashlanadiki, bu uning Gʻarb adabiyoti yoʻlidagi tajriba boʻlishdan ham avvalroq milliy adabiyotimiz vakili ekanligidan dalolat. Yana shuki, roman yozilgan davr kishilarining badiiy did va ehtiyojlari dostonu qissalar qatori koʻhna tarixlaru jangnomalarni ham oʻqib shakllangan edi. Shundan boʻlsa kerak, “Oʻtgan kunlar”ning koʻp oʻrinlarida aniq sanalar koʻrsatiladi, adib hikoya qilayotganlari shunchaki oʻzi toʻqigan choʻpchak emas, balki tarixda aynan yuz bergan voqealar deya taqdim etadi. Ehtimol, bu shunchaki bir badiiy priyom (rivoya motivirovkasi) emasmi deya eʼtiroz qilinishi mumkindir. Lekin Abdulla Qodiriy uchun bu shunchaki priyom emas, balki, “Oʻtgan kunlar” ham “Oʻtgan kunlar” tanqidi ustida baʼzi izohlar”ida yozganidek, “joʻrttaga, xalqimizning saviyasini eʼtiborga olib” tanlangan ifoda yoʻsini. Negaki, adib “bizning omma to shu kungacha ham oʻrta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib kelayotganini” yaxshi biladi. Adib bu oʻrinda tarixlarni alohida tilga olmasa-da, yurtdoshlari uzun qish tunlarini tancha atrofida tarixu jangnomalar oʻqish bilan qisqartirishlarini ham yaxshi bilgani, shubhasiz. Shu bois ham mavjud sharoitda, eng maqbul yoʻlni topa bildi: “ommaning shu holini” nazarga olgan holda uning didiga mos rivoya, tasvir va ifoda yoʻsinidan bordi. Natijada, anʼanaviylikning ustuvorligi sabab aksariyat oʻquvchilar “roʻmon” atamasi bilan chop etilganiga qaramay, “Oʻtgan kunlar”ni oʻzlari mutolaa qilib oʻrgangan kitoblaridek qabul qilavergan. Jumladan, ular uchun oʻqiganlari aslo choʻpchak emas, balki tarixlardagi kabi ayni haqiqat, shu bois oʻzlarini Otabekka doʻst tutib, Kumushni suyibu gʻanimlariga zimdan mushtlarini tugib oʻqiganlar…

Aytmoqchimizki, “Oʻtgan kunlar” bu jihati bilan ham eski va yangi adabiyot orasidagi koʻprik vazifasini ortigʻi bilan uddalagan. Yaʼni, oʻzidan keyin yaratilgan “Kecha va kunduz”, “Sarob”, “Qutlugʻ qon” romanlarida ifoda tarzining tamom yangicha boʻlishiga zamin yaratgan. Bulardan farqli oʻlaroq, “Yangi saodat”, “Befarzand Ochildiboy” asarlari uchun bunday zamin mavjud boʻlmagan. Gap shundaki, ularning ikkisi ham zamonaviy mavzuda yozilgan boʻlib, bizningcha, xuddi shu narsa ommaning estetik didiga muvofiq kelmas edi. Holbuki, M. Baxtin romanning “tugallanmagan hozir” bilan bogʻliqligi uni eposdan farqlovchi muhim xususiyat deb koʻrsatganini yodga olsak, ikkala asar ham janrning bu talabiga mos edi. Shu oʻrinda, yana Abdulla Qodiriyning “bizning omma to shu kungacha oʻrta asr doston va hikoyalari bilan oziqlanib keladir”, deganini eslatamiz. Tabiiyki, oʻquvchi omma oʻsha asarlarni “epik oʻtmish” (“mutlaq oʻtmish”) sifatida idrok etib, oʻzi bilan ularda tasvirlangan voqealar orasida hamisha “epik masofa”ni his qilib oʻrgangan. Yaʼni, bu jihatdan ham, Abdulla Qodiriy aytmoqchi, “barmoq bilan sanarlik besh-oʻntagina (ular ham oʻz hunarlarida noʻnoqlardirlar) yoshlarimiz” istisno qilinsa, aksariyat omma “Yangi saodat”, “Befarzand Ochildiboy” tipidagi asarlarni estetik idrok qilishga tayyor emas edi. Mazkur sharoitda “Oʻtgan kunlar”ning muvaffaqiyatini taʼminlagan eng muhim omil, bizningcha, uning tarixiy mavzuda yozilganidir. Ayni shu tufayli oʻquvchi bilan asarda tasvirlangan voqealar orasida “epik masofa” yoʻqoldi, ularni “tugallanmagan hozir” sifatida qabul qilish osonlashdi. Xoʻsh, buning asosi, ruhiy omillari nimada? Yuqorida davr oʻquvchisining tarixu jangnomalar oʻqiganini urgʻulab aytganimiz bejiz emas. Zero, oʻsha oʻquvchi tarixlarni, Abdulla Qodiriy aytgan “oʻrta asr doston va hikoyalari”dan farqli oʻlaroq, oʻziga aloqador boʻlmagan “mutlaq oʻtmish” deb emas, balki muayyan bir vaqtda sodir boʻlgan va oʻzi yashab turgan davrga aloqador “tarixiy oʻtmish”, uzluksiz kechayotgan ZAMONning bir boʻlagi sifatida idrok etgan. Aytmoqchimizki, aksariyat omma “Oʻtgan kunlar”ga, avvalo, tarix kabi yondashgan va shu bois ham hech bir zoʻriqishsiz, oʻzi ham sezmagan holda, asar badiiy olamiga kirib qolgan – yangicha badiiyatga oshno boʻlgan. Darvoqe, koʻpchilikka yaxshi maʼlumki, shunga oʻxshash hol avvalroq arab adabiyotida ham kuzatiladi: XIX asrning ikkinchi yarmida shakllangan arab romanchiligining qaldirgʻochlari tarixiy mavzuda yozilgan. Bu esa yuqoridagi mulohazalarimiz nafaqat oʻzbek, balki boshqa Sharq xalqlari adabiyotlariga ham taalluqli boʻlishi mumkinligini koʻrsatib, bunda muayyan qonuniyat amal qilayotir degan fikrga boshlaydi. Fikrimizcha, mazkur masalaning maxsus oʻrganilishi bir qator muammolarni oydinlashtirib, muhim nazariy xulosalar chiqarish imkonini beradi.

Asosiy masalaga qaytsak, Yue roman bilan tarixni toʻqima va haqiqat nisbatiga asosan farqlaganiga kelib toʻxtagandik. Qizigʻi, uning oʻzi ham tanlagan farqlash asosi yetarli emasligini his qilib turadi. Chunki roman “toʻqib chiqarilgan voqea” asosiga quriladi degani bilan tarixiy mavzudagi romanlar borligini inkor qilolmaydi. Shu bois, buyuk shaxslar (podshohlar, sarkardalar) hayoti qalamga olingan romanlarda toʻqima salmogʻi uchinchi qatlam kishilari haqidagi romanlarga nisbatan kamroq boʻlishini ham aytib oʻtadi. Yaʼni, roman bilan tarix keskin farqlanmayaptiki, buning sabalariga quyiroqda toʻxtalamiz. Hozircha “toʻqib chiqarilgan voqea” asosiga quriladi deyish bilan bu oʻrinda ham uning, xuddi roman asosida sevgi tarixi yotadi degani kabi, romanni mazmun jihatidan tavsiflayotganini qayd etamiz.

Koʻryapmizki, Yue zamonida roman mazmun jihatidan farqlangan boʻlsa, tarixiy taraqqiyot davomida bu farqlar yoʻqqa chiqqan. Xuddi gʻazal kabi: avvaliga ayol madhiga bagʻishlangan sheʼrki “gʻazal” deyilgan – shu mazmun ifodasi uchun eng maqbul boʻlmish biz bilgan “gʻazal” shakli ommalashgan – ayni shaklda boshqa mavzudagi sheʼrlar ham bitila boshlagan, xullas, mazmun shaklga oʻtgan. Lekin shunisi borki, gʻazaldan farqli oʻlaroq, shakl jihatidan ham romanning qatʼiy belgilarini ajratish mushkul. Jumladan, Yue ilgari sheʼriy yoʻlda yozilgan asarlar ham “roman” deb atalaverganini aytib, zamonaviy romanga bergan taʼrifida nasrda yozilganlikni asosiy belgi sifatida taʼkidlaydi. Qizigʻi shundaki, janr taraqqiyotining keyingi bosqichlarida yana “sheʼriy roman”lar yozildi. Shunga oʻxshash, keyingi davrlarda roman taʼriflarida tilga olinuvchi qator shakliy belgilar: “yirik hajmli voqeaband asar”, “koʻp planli murakkab syujet”, “hayotni keng koʻlamda tasvirlash”, “murakkab obrazlar sistemasini tashkil etuvchi koʻp sonli personajlar”, “qahramon hayotining katta bir davrini qalamga olish” va shu kabilar mutaxassislarni bot-bot “ammo baʼzan istisnolar ham boʻladi, masalan…” qabilidagi izohlarni qayd etishga majbur qiladi. Negaki, ijod amaliyoti qaysidir jihati bilan bu qoidalarga tushmaydigan romanlarni paydo qilaveradi va shu hol romanning barcha koʻrinishlari uchun umumiy boʻlgan shakliy belgilarni aniqlash imkonini bermaydi.



Mazkur holni nazarga olgan holda nemis faylasufi F. Shlegel roman mohiyatini “mangu shakllanishda boʻlish va hech qachon tugallanmaslikda” koʻrib, hech bir nazariya romanni toʻla qamrab ololmasligini taʼkidlaydi. M. Baxtin ham romanni oʻrganishdagi qiyinchiliklar sababini ayni shunda koʻradi. Zero, allaqachon badiiy tajribani quyish mumkin boʻlgan tayyor qolip holiga kelgan boshqa janrlardan farqli oʻlaroq, roman “shakllanayotgan va hali tayyor holga kelmagan yagona janr”dir. Balki birmuncha keskin tuyular, lekin, fikrimizcha, Shlegelning qatʼiy hukmi haqiqatga ancha yaqin, “mangu shakllanishda boʻlish va hech qachon tugallanmaslik” romanning qismati koʻrinadi. Axir, Yuening asari romanga bagʻishlangan ilk tadqiqotlardan biri boʻlsa, orada oʻtgan vaqt davomida yana minglab tadqiqotlar yaratildi. Biroq romanga har jihatdan mukammal – barchani birdek qoniqtiradigan va shu janrga mansub etiluvchi barcha asrlarga muvofiq keladigan taʼrif berilganicha yoʻq, berilmaydi ham. Zero, har bir roman, bir tomondan, soʻz sanʼatida uzoq asrlar davomida kechgan izlanishlar mahsuli – u oʻzidan oldingi romanlar (shuningdek, boshqa xil asarlar) bilan genetik aloqada. Ikkinchi tomondan, har bir roman bugunning ijtimoiy-badiiy tafakkuri hosilasi, u bugunning estetik didi, ijtimoiy-maʼnaviy ehtiyojlariga javob beradi. Bu esa romanga tarixiy aspektda qaralsa bir, zamonaviy aspektda qaralsa boshqa bir manzara hosil boʻlishi tabiiy va qonuniy deganidir. Shu bois ham, masalan, koʻpchilik tomonidan eʼtirof etilgan konsepsiyalaridan birining muallifi Gegel roman xususidagi fikr-mulohazalarini “eng yangi romanlar”, “hozirgi maʼnodagi roman”, “burjua epopeyasi sifatidagi roman” kabi andishalarini qayd etgan holda bayon qiladi. Zero, u nazarda tutgan roman bilan Yue nazarda tutgan roman, yaʼni har ikki olimning nazariy xulosalariga asos boʻlgan material boshqa-boshqadir. Shuni nazarda tutgan holda P. A. Grinser “roman doirasida anʼanaviy va yangi roman haqida gapirish oʻrinli boʻladi” deya taʼkidlaydiki, bunga qoʻshilish kerak.

Anʼanaviylarini qoʻya turaylik, yangi roman, yaʼni, “burjua epopeyasi” sifatidagi roman nazariyasiga asos solgan Gegel janrning mohiyatini “qalb poeziyasi bilan turmushdagi munosabatlar prozasi”, oʻz “ideallari va qalb amri”ga binoan yashayotgan odam bilan muhit ziddiyatida koʻradi. Gegel qarashlarini rivojlantirgan mutaxassislar roman asosiy eʼtiborni oʻz holicha butun bir olam boʻlmish odamga qaratadi degan mavqeda sobitlar. Jumladan, roman qahramonining taqdiri va egallagan mavqei uning oʻziga nomuvofiqligi (M. Baxtin) yoki “muhit bilan, uning meʼyor va talablari bilan kelisha olmasligi”ga (G. Pospelov), romanda “shaxs hayoti bilan ijtimoiy hayot nisbiy mustaqil stixiyalar” (V. Bogdanov) sifatida tasvirlanishiyu asosida “shaxsning intilishlari bilan umum qabul qilingan meʼyorlar ziddiyati” (A. Mixaylov) yotishiga urgʻu beriladi. Shundan kelib chiqib, “u yoki bu tarzda oʻzi yashayotgan ijtimoiy muhitga qarshi turgan shaxsning ruhiy olami” (Ye. Meletinskiy), uning “eski dunyoning tasavvur va aqidalari bilan toʻqnashuvda maʼnaviy va aqliy rivojlanishi”, “ijtimoiy xarakterining shakllanishi” (G. Pospelov) romanning asosiy muammosi ekanligi eʼtirof etiladi. Professor Qozoqboy Yoʻldoshevning hozirgi milliy romanchiligimiz haqida toʻxtalib, uning “voqea ham, gʻoya ham emas, balki birinchi navbatda, betakror shaxs ruhiyatidagi tovlanishlar tasviridir” deganiga ham shularning davomi sifatida qarash mumkin. Ushbu fikrning birinchi qismi, yaʼni, “voqea ham, gʻoya ham emas” deyilgani zamonaviy romandagi siljishlarni ifoda etayotgandek boʻlsa-da, ikkinchi qismi, yaʼni, janr mohiyatining “betakror shaxs ruhiyatidagi tovlanishlar tasviri” bilan bogʻlab qoʻyilayotgani, bizningcha, janr mohiyatini tor tushunishga olib boradi. Negaki, birinchidan, bu taʼrif romanning birgina koʻrinishi – psixologik romanga nisbatan koʻproq mos keladi; ikkinchidan, shaxsning muhit bilan ziddiyatiyu ruhiyatidagi shu bilan bogʻliq tovlanishlarni tasvirlashning oʻzi tugal maqsad boʻlolmaydi. Kamina bilan Qozoqboy Yoʻldoshev qarashlaridagi farqlovchi chiziq ayni shu nuqtadan oʻtadiki, biz romanda qahramon (uning muhit bilan ziddiyatlari, ruhiyati) ham, voqea ham vosita deb hisoblaymiz. Zero, masalan, oʻzbek romanchiligining sara namunalari – “Oʻtgan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Qutlugʻ qon”, “Lolazor”, “Muvozanat” kabilar, Qozoqboy Yoʻldoshev aytmoqchi, “mualliflari personajlar shaxsiyatiga xos qirralarni roman janri miqyosida ochishni badiiy niyat qilganlari” uchun roman yoki ular Otabek, Miryoqub, Yoʻlchi, Yaxshiboyev, Yusuf otliq “betakror shaxslar ruhiyatidagi tovlanishlarni” tasvirlash uchungina yaratilgan desak, adiblarning badiiy niyatlarini chala anglagan boʻlib chiqamiz. Negaki, garchi, gap niyat haqida borayotgan esa-da, asli har ikki holda ham asar badiiy voqeligidangina kelib chiqilayotgan, uning ortida turgan ijodkor subʼyekti eʼtibordan chetda qolayotgan boʻladi. Yaʼni, boshqacha aytsak, gap sanalgan asarlarning yaratilish sababiga, ularning yozilishini ehtiyojga aylantirgan omilga borib taqalmoqda. Shu maʼnoda, Qozoqboy Yoʻldoshev “romanning janrini belgilashda muallif niyati hal qiluvchi koʻrsatkich qilib olinsa, toʻgʻri boʻladi”, deganida toʻla haq. Faqat bu oʻrinda oʻsha niyatning oʻzini aniqlab olish zarur boʻladi. Ispan adabiyotshunosi A. Priyeto “roman qoniqmaslik yoki ishonchu umidlarda aldanishdan kelib chiquvchi isyon natijasida dunyoga keladi” deb aytadi. Fikrimizcha, yuqoridagi romanlarning bari ayni shunday “isyon” – muayyan bir ijtimoiy-tarixiy sharoitda yetilgan maʼnaviy-ruhiy ehtiyoj mahsulidirki, bizningcha, hozir buni asoslashga alohida toʻxtalib oʻtirishga zarurat boʻlmasa kerak. Shuningdek, ularning barida zamonni, jamiyatning joriy holatini idrok etishga intilish borligi, mualliflari uchun oʻzlari yaratgan badiiy voqelik olam va odam mohiyatini anglash uchun bir kalid, oʻzlari anglagan haqiqatni yaxlit badiiy konsepsiya tarzida ifodalash vositasi ekanligi ham shubha uygʻotmaydi. Zero, bular – Gegel nazarda tutgan “burjua epopeyasi” sifatidagi yangi romanning adabiyotimizdagi etalonlaridir. Bunday romanda esa, ushbu janr nazariyasi borasida Gegel taʼlimotining davomchisi boʻlmish G. Lukach fikricha, dunyoning yaxlitligiyu butunligini, mavjudlikning tub mohiyatini anglash – bosh muammo, qahramonning dunyo bilan ziddiyati oʻsha muammoni hal qilish vositasidir. Shunaqa ekan, “muallifning personajlar shaxsiyatiga xos qirralarni roman janri miqyosida ochishni badiiy niyat qilganligining oʻzi roman janrini belgilaydigan asosiy omil deyish mumkin” (Qozoqboy Yoʻldoshev), degan fikriga qoʻshilib boʻlmaydi. Zero, aks holda, vositani maqsad deb tushunilgan boʻladi.

Taʼkidlash kerakki, yuqoridagi fikrlarimiz hozirda “roman” deb yuritilayotgan barcha asarlarga emas, balki zamona badiiy tafakkurida eposning vorisi boʻlib turgan romanlarga taalluqlidir. Shu nuqtada, “Eposning vorisi deganda nimani nazarda tutamiz?” degan savolning qalqib chiqishi tabiiy, demak, fikrimizni izohlash zarur.

Roman nazariyasiga oid ishlarda epos bilan romanning oʻzaro munosabati, ulardagi umumiy va farqli tomonlarga jiddiy eʼtibor berib kelinishi maʼlum. Jumladan, roman genezisi haqida gap borganda, uning eposdan oʻsib chiqqani, taraqqiyotining muayyan davrlarida oʻzida eposga xos xususiyatlarni koʻproq saqlab kelgani, shundan soʻnggina “zamonaviy epos” maqomini olgani taʼkidlanadi. Epos bilan romanni farqlashda turlicha asoslarga tayaniladi: eposning asosiy tamoyili – butunlik, romanniki – tarqoqlik; eposda jamoaviylik, romanda individuallik ustuvor; epos monologik, roman dialogik tafakkur asosiga quriladi qabilidagi farqlar mutaxassislar tomonidan atroflicha asoslab berilgan. Biroq, hozir bizni farqlar emas, ikkisi uchun umumiy bir nuqta koʻproq qiziqtiradiki, quyida shunga muxtasar toʻxtalamiz.

Inson tomonidan yaratilgan narsa borki, maʼlum bir ehtiyoj tufayli dunyoga keladi va muayyan bir vazifani bajaradi. Obrazli tafakkur asosida yaralgan asarlar ham bundan istisno emas va bu jihatdan qadimiyatdagi asarlarni, bizningcha, uchta tipga ajratish mumkin: 1) olam tartibotini anglashga qaratilgan mif; 2) olam bagʻridagi odamni, uning butun olam bilan birligini idrok etishga qaratilgan epos; 3) konkret hayotiy holatlar idrokiga qaratilgan va amaliy-tatbiqiy xarakterdagi masal, ertak, rivoyat, hikoyat, latifa kabilar. Toʻgʻri, mif adabiyot emas, biroq, adabiyotni undirgan zamin ekani ham, shubhasiz, antik davrda mif va adabiyotning qorishiq yashagani ham shundan. Masalan, “Iliada” yoxud “Odisseya”da shunday qorishiqlik kuzatiladi. Darvoqe, mutaxassislarning “Iliada”dan “Odisseya”ga oʻtishda romanga xos unsurlar koʻzga tashlanishini taʼkidlashlari bejiz emas: markazida alohida shaxs – Odissey turgani, uning imkonlari xudolar belgilab qoʻygan taqdirdan kengligi shunday deyishga muayyan asos beradi ham. Lekin bizni bu oʻrinda boshqa narsa koʻproq qiziqtiradi. Demak, agar mif bilan qorishiq eposga roman unsurlari kirib kelgan ekan, vazifa nuqtai nazaridan ularda umumiylik boʻlishi, tabiiy. Aytmoqchimizki, oʻz vaqtida mifning vazifasini epos zimmasiga olgan boʻlsa, keyincha, Yevropa xalqlari tarixida yangi davr boshlangach, bu ikkisining vazifasini “burjua eposi” sifatida maydonga chiqqan “yangi roman” oʻz zimmasiga oldi. Endi, u, Volter aytmoqchi, “engiltabiat havoyi yoshlar koʻngilxushligi” uchun yaratilmay, balki jamiyatning joriy holatini va shu orqali olamu odam mavjudligining mohiyatini badiiy idrok etish maqsadiga safarbar etildi.

Hozirgi oʻzbek adabiy-tanqidiy tafakkurida Gʻarb “yangi romani” andozasida olingan roman nazariyasi ustuvor. Bu tabiiy ham. Zero, oʻzbek romanchiligi shakllangan paytga kelib Gʻarbda “yangi roman” ikki asrdan ziyod rivojlanish yoʻlini bosib oʻtgan, adiblarimiz uchun tayyor ijodiy tajriba, adabiyotshunoslar uchun tayyor nazariy ishlanmalar mavjud ediki, bunday sharoitda, badiiy ham tanqidiy tafakkurimizning izma-iz borishi tabiiy va qonuniy holdir. Biroq, yuqorida aytilganidek, hozirda “roman” deb yuritilayotgan asarlarning hammasi ham mazkur talablarga tushmaydi. Mavjud turfalik tufayli, “buning nimasi roman?” deya hayron boʻlishlar, “roman talablariga javob bermaydi, chunki…”, deya daʼvoni turli yoʻllar bilan asoslashga intilishlarga bot-bot duch kelamiz. Holbuki, bu ham, avvalo, romanning oʻzgaruvchan tabiati, ikkinchidan, uning joriy adabiy jarayondagi yangiliklarni oʻziga singdirishga qobil va moyilligi, uchinchidan, janrning turli koʻrinishlari turli ildizlardan suv ichishi bilan izohlanuvchi tabiiy va qonuniy bir holdir.

Romanning mudom oʻzgarishda yashashi davrning estetik didi, ijtimoiy va maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlariga javob berishga intilish bilan izohlanadi. Masalan, Yevropa yangi romanida avvaliga qahramonning ijtimoiy-maʼnaviy izlanishlari voqealarning izchil tasviri orqali koʻrsatilgan, bu ritsarlik romanlari taʼsirida shakllangan didga mos edi. Jamiyatda ratsionalizmdan bezib, inson his-tuygʻulariga eʼtibor kuchayishi bilan romanda ham inson ichki olami tasvirining salmogʻi ortib boradi. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib “qalb dialektikasi” (Tolstoy), inson ongidagi ziddiyatli izlanishlar tasviri (Dostoyevskiy) ustuvorlik kasb etsa, XX asr boshlarida “ong oqimi” (Joys) maydonga chiqadi. Shunga oʻxshash, “Oʻtgan kunlar”da personajlar ruhiyati koʻproq voqealar tasvirida ochiladiki, buning sababini yuqorida ommaning didi bilan izohladik. Yaqin tariximizdagi eng ziddiyatli davr idrokiga qaratilgan “Kecha va kunduz”da esa qahramon (Miryoqub) ongidagi ziddiyatlarning bevosita tasviri muhim ahamiyat kasb etadi. Yoki jamiyat hayotida yana bir burilish nuqtasi yetilgan pallada yozilgan “Lolazor”da yaqin oʻtmish Yaxshiboyev ongiyu qalbidan oʻtkazib sarhisob etilsa, “Muvozanat”da oʻtish davrining murakkablikalari Yusufning ongiyu qalbida akslanadi. Yaʼni sanalgan romanlarning har biri uslubi, ifoda tarziga koʻra nechogʻli oʻziga xos boʻlmasin, davrni – inson vositasida jamiyatning joriy holatini idrok etishga qaratilgani ularni birlashtiradi, bitta janrga mansub etadi.

Yuqorida aytdikki, Gegel oʻz qarashlari “eng yangi romanlar”ga taalluqli ekanligini taʼkidlagan, shundan kelib chiqib matnda uni shu choqqacha “yangi roman” deb kelyapmiz. Holbuki, qariyb uch yuz yil davomida uning yangiligi qolmagan, aksincha, allaqachon “klassik tushunchadagi” yoxud “anʼanaviy” sifatlari bilan belgilana boshlagan. Bu ham tabiiy. Zero, kishilik jamiyati tarixining Gegel taʼrifidagi “yangi roman”ni maydonga chiqargan bosqichi boqiy emas. XX asr adogʻiga yaqinlashgan sari bashariyat oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga kirgani tobora ravshanlashib bordi. Ehtimol, turli sabablarga koʻra, qay bir ellar buni ertaroq, qay birlari birmuncha kechroq his etgandir, lekin ixtiyorimizdan tashqaridagi obʼyektiv yangilanish jarayoni insonni oʻzgartirayotgani, shubhasiz. Globallashuv sharoitida – olamning birligiyu Odam avlodining taqdiri tutashligini va, ayni chogʻda, oʻzaro munosabatlarda mehr-oqibat koʻtarilayotganini teran his etib; oʻz qudratiga mahliyo boʻlgani holda ich-ichidan ojizligini tuyub, turfa madaniyatlar aloqasi oʻta tigʻizlashganidan bir-biriga singib borayotgan makonda, zamon shiddatiga mos maromda muttasil shoshib yashayotgan insonning didi, maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlari ham shularga mos ravishda oʻzgarmoqda. Albatta, tabiatan oʻzgarishga moyil va mudom shakllanishdagi romanda ham davr bilan hamqadam yangilanish jarayoni kechdi. Shu maʼnoda, oʻtgan asrning oʻrtalarida bir guruh fransuz adiblarining roman bobidagi ijodiy tajribalari “yangi roman” nomi bilan umumlashtirilgani bejiz emas, zero, yangi davr yana “yangi roman”ni maydonga chiqara boshlagandi.

Oʻtgan asr adogʻidan boshlab bunday izlanishlar oʻzbek romanchiligida ham kuzatiladiki, O. Muxtor, X. Doʻstmuhammad, T. Rustamov, U. Hamdam, I. Sulton kabi qator yozuvchilarning ijodiy tajribalari sabab hozirgi tanqidchilik “anʼanaviy roman” – “modernistik roman” ayirmalarini faol qoʻllashga zarurat sezmoqda. Negaki, endi “yangi roman” anʼanaviy deb qarala boshlangan eski “yangi roman”dan jiddiy farq qilishi tobora yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, anʼanaviy romanda realistik tendensiyalar kuchliligidan haqiqatga monand manzaralar tasvirlansa, yangisida hayot bilan xayolot qorishib ketadi (“Koʻzgu qarshisidagi odam”, “Tepalikdagi xaroba”); avvalgisida avtologik obrazlar ustuvor boʻlsa, keyingisida ramziy-majoziy ifoda ustunlik qiladi (“Bozor”); birini oʻqiganingda real xronotopni his etib tursang, boshqasida haqiqatga monanddek tuyuluvchi zamon ham, makon ham aslida shartli ekanini qabul qilishing darkor (“Isyon va itoat”); biri bir-biriga uzviy bogʻliq voqealar asosiga qurilsa, ikkinchisi turli makon va zamonda kechuvchi fragmentlardan bir butunlik hosil qilishga intiladi (“Boqiy darbadar”) va hokazo. Tabiiyki, biz “yangi roman”ning faqat ayrim jihatlarini sanadik, aslida, ular shunchalik rang-barangki, beixtiyor shoshiblar qoladi kishi.

Koʻryapmizki, roman masalasi turli davrlarda va turli munosabatlar bilan bot-bot qalqib chiqaveradigan: “Adabiyot nadir?” savoli kabi mangu muammolar sirasiga kiradi. Negaki, roman har bir davrning estetik didi va maʼnaviy-ruhiy ehtiyojlariga moslashib, adabiyotdagi yangiliklarni zudlik bilan oʻziga singdirgan holda mudom shakllanishda yashovchi janrdir. Albatta, masalaga yondashishda, eng avval, “roman” istilohi qaysi maʼnoda qoʻllanayotganini aniqlab olmoq zarur. Hozirda adabiyotshunoslaru ijod ahli tomonidan roman istilohi “epik tur janri” maʼnosida ham, “katta hajmli voqeaband asar” maʼnosida ham ishlatilmoqda. Holbuki, roman deb yuritilayotgan asarlar bir-biridan farqlanadi. Shunga koʻra, bizningcha, istiloh “janr” maʼnosida qoʻllanganida, yuqorida taʼriflangan eposning vorisi sifatidagi romanning nazarda tutilgani maqsadga muvofiqdir.

Adabiyot gulshanida shunday katta asosiy yo’nalishlardan biri bu romantizmdir. Romantizmga izoh berib o’tsak:



Download 60.93 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling