Фуқаролик ишларини судда кўришда процессуал муддатлар, уларга риоя қилмаслик оқибатлари
Fuqarolik ishlarini sudda ko`rishda protsessual muddatlar, ularga rioya qilmaslik oqibatlari
Download 70 Kb.
|
Ish yuritishni tugatish
2.Fuqarolik ishlarini sudda ko`rishda protsessual muddatlar, ularga rioya qilmaslik oqibatlari
Hozirda sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirishda protsessual muddatlarga qat`iy rioya qilinishini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi tomonidan bir qator, xususan “Fuqarolik ishlarini sudda ko`rishga tayyorlash va ularni ko`rish muddatlari to`g`risida”gi 1999 yil 24 sentabrdagi 18-sonli qarori, “Sud hal qiluv qarorlari haqidagi”gi 1998 yil 17 apreldagi 13-sonli qarori, “Fuqarolik ishlarini appelyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko`rish amaliyoti to`g`risida”gi 2001 yil 1 iyundagi 4-sonli qarori, “Fuqarolik ishlarini apellyatsiya tartibida ko`rish amaliyoti haqida”gi 2004 yil 21 maydagi 5-sonli qarorlari qabul qilingan. Yuqorida ko`rsatilgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi qarorlarida fuqarolik ishlarini ko`rish muddatlariga og`ishmay rioya etishlik odil sudlovni amalga oshirishda qonunchilikni mustahkamlashga, sud ishtirokchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan muhim omillardan biri bo`lib hisoblanishi ta`kidlab o`tilgan. Biroq, sud amaliyoti shuni ko`rsatmoqdaki, ayrim hollarda sudlar tomonidan protsessual muddatlarga rioya etmaslik holatlari uchrab turibdi. Masalan, Da`vogar G.Avezova javobgar Qoraqalpog`iston Davlat universitetiga nisbatan «Davlat tillari» kafedrasi assistenti lavozimiga ishga tiklash va majburiy progul vaqtlari uchun ish haqi undirish haqidagi da`vo bilan sudga murojaat qilgan. Qoraqalpog`iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo`yicha Oliy sudining 2002 yil 7 iyundagi hal qiluv qarori bilan G.Avezovaning da`vosi qanoatlantirilib, G.Avezova Qoraqalpog`iston Davlat universiteti «Davlat tillari» kafedrasining assistenti lavozimiga ishga tiklangan, 2002 yil 6 fevraldan 2002 yil 7 iyun kuniga qadar majburiy progul uchun ish haqi undirilgan. Fuqarolik ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2004 yil 26 martdagi ajrimi bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, G.Avezovaning da`vosini rad etish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilingan. O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 2004 yil 27 dekabrdagi ajrimi bilan apellyatsiya instansiyasining ajrimi bekor qilinib, Qoraqalpog`iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo`yicha Oliy sudining 2002 yil 7 iyundagi hal qiluv qarori o`zgarishsiz qoldirilgan. Ish hujjatlariga qaraganda, G.Avezova Qoraqalpog`iston Davlat universiteti rekgorining 2001 yil 1 dekabrdagi 160 nG`2-sonli buyrug`i bilan shu universitet jurnalistika fakultetining asistenti lavozimiga ishga qabul qilinib, 2001 yil 5 aprel kuni 65 nG`2-sonli buyruq bilan «Davlat tillari» kafedrasining assistenti lavozimiga o`tkazilgan. Qoraqalpog`iston Davlat universiteti rektorining 2002 yil 6 fevraldagi 27 nG`2-sonli buyrug`iga asosan, G.Avezova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O`zbekiston Respublikasi Mexnat kodeksining 99-moddasiga muvofiq bekor qilingan. Apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, ish bo`yicha G.Avezovaning da`vosini rad etishda, u tomonidan MKning 270-moddasida ko`rsatilgan sudga mehnat nizosi bo`yicha murojaat qilish muddatlari buzilganligiga asoslangan O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 151-moddasining 2-qismi talabiga muvofiq, qonunda boshqacha tartib belgilangan bo`lmasa, Fuqarolik kodeksi 152-162-moddalarining qoidalari maxsus da`vo muddatlariga joriy qilinadi. Vaholanki, O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 153-moddasining 2-qismi mazmuniga ko`ra, fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshirilishi tufayli da`vogarning sudga murojaat etish muddatini o`tkazib yuborganligi masalasi sud tomonidan faqat nizodagi tarafning bergan arizasiga muvofiq qo`llaniladi. Ish hujjatlariga ko`ra, taraflarning birortasi sud qaror chiqargunigacha da`vo muddati bo`yicha ariza bilan murojaat qilmagan. Bunday talab taraflar tomonidan ishni apellyatsiyada ko`rishda tushmagan. Apellyatsiya instansiyasi sudi G.Avezova tomonidan sudga murojaat qilish muddatlari buzilganligiga asoslanib, uning da`vosini rad etish haqida noto`g`ri xulosaga kelgan. Birinchi instansiya sudi tomonidan ish bo`yicha barcha holatlar aniqlanib, ularga tegishli huquqiy baho berilganligi sababli, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`ati fuqarolik ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2004 yil 26 martdagi ajrimini bekor qilib, Qaroqalpog`iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo`yicha Oliy sudining 2002 yil 7 iyundagi qiluv qarorini o`zgarishsiz qoldirish haqida» to`g`ri xulosaga kelgan. Shuningdek, hozirgi kunda sudlarda ko`rilayotgan fuqarolik ishlari sonini yildan-yilga oshib borishi o`z navbatida protsessual muddatlarga ta`sir o`tkazmoqda. Albatta, ushbu holat sudda ish ko`rish muddatlarini buzilishiga sabab bo`lmoqda. Masalan, Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar tumanlararo sudlari tomonidan 2003 yili 88018 ta fuqarolik ishlari ko`rib chiqilgan bo`lsa, 2004 yili 214274 ta ish ko`rib chiqilgan. Shuningdek, Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar tumanlararo sudlariga 2004 yil 214274 ta fuqarolik ishi kelib tushgan bo`lsa, har bir sudyaga o`rtacha oylik ish hajmi 91 tani tashkil etgan bo`lsa, 2005 yil Respublika fuqarolik ishlari bo`yicha sudlari tomonidan jami 446.418 ta ish tamomlangan bo`lib, bu 2004 yilga nisbatan 119.193 taga yoki 36.4 foizga ko`pdir. Statistik ma`lumotlarning tahliliga ko`ra 2005 yilda Respublika bo`yicha 2004 yil davomida tumanlararo sudlar sudyalarining bir oylik ish hajmi 196 tani tashkil etgan bo`lsa, 2005 yil bu ko`rsatkich 320 tani tashkil etgan. Bu esa sudyalarga ishlarni tez hal qilishga, shoshma-shosharlikka, ishlarning sifatsiz ko`rilishiga, qonunda belgilangan muddatda ko`rib chiqilmasdan, protsessual muddatlarning buzilishiga olib kelmoqda. Bu to`g`risida huquqshunos olim D.Y.Xabibullayev to`g`ri ta`kidlaganidek, hozirda tumanlararo fuqarolik ishlari bo`yicha sudida yildan-yilga ish hajmi ortib borishi, ayrim viloyatlardagi tumanlararo (shahar) fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarga biriktirilgan tumanlar o`rtasidagi masofaning uzoqligi fuqarolarning sudlarga kelib-ketishiga jismoniy va moddiy jihatdan qiyinchilik tug`dirmoqda. Chunki sudlarda fuqarolik ishlari qonunda belgilangan muddatlarda ko`rib hal qilinadi. Bu esa fuqarolarning sudga bir necha marotoba kelishi uchun muammolarni yuzaga keltirmoqda. Yuqoridagi fikrga qo`shilgan holda shuni aytish joizki, sud-huquq islohotlarining ham asosiy maqsadi fuqarolarning buzilgan huquqlarini qisqa muddatlarda sud orqali tiklanishdan iborat ekan, fikrimizcha, ushbu muammolarni bartaraf etish va fuqarolik ishlarini sudda o`z vaqtida ko`rib chiqishini ta`minlash maqsadida har bir tumanlarda fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarni tashkil etish va sudyalar sonini ko`paytirish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Protsessual muddatlarni hisoblashda qonun chiqaruvchi quyidagi vositalardan: muddatlar yillar, oylar va kunlar bilan hisoblashdan foydalanadi (FPKning 127-moddasi). Rossiyalik huquqshunos olimlarning fikricha, fuqarolik protsessida quyidagi muddatlarni aniqlash usullari mavjud: aniq kalendar sanasi bilan (masalan, taraflarni sud muhokamasiga kelish sanasi); sodir bo`ladigan harakat bilan (masalan, FPKsining 217-moddasida ko`rsatilgan holatlar. Bunday hollarda protsessual harakatlar aniq belgilangan vaqtda amalga oshirilishi kerak; vaqt oralig`i (yillar, oylar, kunlar). Bunda harakat muddatning istalgan kunida bajarilishi mumkin, lekin oxirgi kundan kechikmasdan. Protsessual muddatlar FPKning 127-moddasiga binoan asosan muddatning o`tishi kalendar sananing yoki muddatning boshlanishi deb belgilangan voqea yuz bergan kunning ertasidan boshlanadi. Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tamom bo`ladi. Oylar bilan hisoblanadigan muddat tegishli oyda va muddat oxirgi oyining tegishli kunida tamom bo`ladi. Protsessual muddat uzilishlarsiz harakatlanadi va o`zining ichiga ham ishchi ham dam olish kunlarini oladi. Istesno sifatida, agar muddatning oxirgi kuni dam olish kuniga to`g`ri kelib qolsa, FPKning 127-moddasi 4-qismiga binoan, muddatning tugash sanasi dam olish kunidan keyingi keladigan ishchi kuniga to`g`ri keladi.. Protsessul harakat, muayyan muddat bilan chegaralangan, oxirgi muddatning soat 24.00 gacha amalga oshirishi mumkin. Bunda pochtaga shikoyat, hujjat, yoki pul summasini topshirishda ham shu vaqtgacha topshirilish lozim. Shuni ta`kidlash lozimki, hujjat muddat tugaganidan keyin pochta xizmati tomonidan olib kelinsa-da, o`tib ketgan hisoblanmaydi. Biroq shuni aytib o`tish kerakki, agar protsessual harakat bevosita suddda yoki boshqa tashkilotda sodir etilishi lozim bo`lsa, u ish kuning tugagunicha yoki tegishli operatsiyani amalga oshirilguniga qadar amalga oshirilishi kerak. Protsessual harakatlarni bajarish huquqi qonunda belgilangan yoki sud tayinlagan muddatning o`tishi bilan bekor bo`ladi. Protsessual muddatlar o`tgandan so`ng berilgan arizalar, shikoyatlar sudda ko`rilmaydi. YA`ni, agar shaxs tegishli harakatlarni o`z vaqtida bajarmasa, ularni bajarish huquqidan maxrum bo`ladi. FPKning 129-moddasiga binoan ish yuritish to`xtatib turilganida tugamagan hamma protsessual muddatlarning o`tishi ham to`xtatib turiladi. Shu o`rinda savol tug`iladi. Ushbu holatda sud protsessual muddatlarning to`xtatilishi vaqtini ish yuritishni to`htatishga asos vujudga kelganda-mi yoki sud tomonidan ish yuritishni to`xtatish haqidagi ajrim chiqarilgan kundan hisoblaydimi? Bu borada huquqshunos olim S.A. Alexina protsessual muddat ish yurituvini to`xtatishga asos vujudga kelgan paytdan boshlab to`xtaydi (fuqaroning o`limi, yuridik shasning qayta tashkil etilish, xarbiy xizmatga chaqirilish kunidan va boshqa hollatlardan), sud tomonidan ish yurituvini to`xtatilganligi haqidagi ajrim chiqarilgan kundan emas deb ta`kidlaydi. Fikrimizcha ushbu fikrga to`liq qo`shilsa bo`ladi. Chunki, ish yuritishni to`xtatishga asos vujudga kelgandan boshlab, sud tomonidan u haqida ajrim chiqarilgunga qadar ancha vaqt o`tadi. Shu boisdan, qonun chiqaruvchi muddatlarning to`htatib turilishi ish yuritishni to`htatib turishga asos bo`lgan holatlar kelib chiqqan vaqtdan boshlanishini nazarda tutadi. Protsessual muddatlarning uzaytirilishi protsessual harakatlarning amalga oshirilishiga ko`proq vaqtning belgilanishidir (FPKning 130-moddasi). Sud muddatlarni, o`tib ketganni ham, o`tib ketmaganni ham manfaatdor shaxsning iltimosiga ko`ra sud (sudya) tomonidan belgilangan muddatda protsessual harakatlarni amalga oshira olmasligi bilan uzaytiriladi. Muddatning tiklanishi ishda ishtirok etuvchi shaxslar qonunda belgilangan muddatni sud uzrli deb topgan sabablarga ko`ra o`tkazib yuborgan bo`lsalar, mazkur muddat tiklanishi (FPKning 130-moddasi) qonunda nazarda tutilgan. Rossiya qonunchiligiga binoan fuqarolik ishini tiklash uchun unga bir qancha talablar qo`yilgan(RF FPKning 112-moddasi): muddat normativ hisoblanadi; muddat o`tib ketgan; muddatni o`tkazib yuborilishi sud tomonidan uzrli hisoblansa (kasalligi, uzoq muddatli komondirovkalar, shaxsning o`z vaqtida xabardor qilinmaganligi va boshqalar); manfaatdor shaxsga o`tkazib yuborilgan harakatlarni amalga oshirishi zarur bo`lsa (sud majlisi bayonnomasi, appelyatsion yoki kassatsion shikoyatga e`tiroz bildirish). Bu holatda, sud o`tkazib yuborilgan muddatni tiklashda, yangi muddatni tayinlamaydi, balki harakatni sodir etilgan deb topadi. O`tkazib yuborilgan muddatni tiklash to`g`risidagi ariza prosessual harakat bajarilishi yoki hujjat topshirilishi lozim bo`lgan sudga beriladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida ko`rib chiqiladi. Biroq bu shaxslarning kelmasligi sud oldiga qo`yilgan masalani hal etishga to`sqinlik qilmaydi. O`tkazib yuborilgan protsessual muddatni tiklash to`g`risida ariza berish bilan bir vaqtda, muddati o`tkazib yuborilgan harakat bajarilishi yoki hujjat topshirilishi lozim (O`zR FPKning 130-moddasi). Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolik protsessual muddatlarni belgilashda aniqlashda ko`pgina yutuqlar bilan birgalikda kamchiliklar ham mavjud. Masalan, qonunchilik tomonidan muddatlarni hisoblashda faqat sanalardan foydalanishi, lekin fuqarolik prosessual muddatlarning umumiy tushunchasidan ma`lumki, bu muayyan vaqt oralig`ida amalga oshiriladigan harakatlarning yig`indisi hisoblanadi. Shuning uchun fuqarolik protsessual muddatlarni belgilashda nafaqat sanalardan balki qonuchilikda belgilangan harakatlarni amalga oshirilishi bilan ham aniqlash mumkinligini ko`rsatadi. Shuningdek protsessual muddatlarni tiklashda qonunchilik tomonidan qaysi hollarda amalga oshirilishi nazarda tutilmagan. Bunda qonun chiqaruvchining ko`proq sudning ixtiyoriga tiklash shartlarini belgilashni havola etgan. Bizning fikrimizcha, bu holatni shu sohadagi boshqa davlatlarning qonunchiligidagi mavjud normalarni o`rganib chiqib muayyan ijobiy holatlarni qabul qilish lozim, chunki bu bilan fuqarolik sudlarida muayyan sarsongarchiliklarning oldini olishga yordam berishi mumkin. Download 70 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling