Fuqarolik Jamiyati Asosiy Belgilari Va Tamoyillari
Siyosiy kommunikatsiya tushunchasi, axborot va so‘z erkinligi
Download 50.95 Kb.
|
7-mavzu
Siyosiy kommunikatsiya tushunchasi, axborot va so‘z erkinligi
“Axborot jamiyati” shakllangan XXI asr axborotni qayta ishlash va uzatish texnologiyalarining rivojlanishi, global darajadagi kompyuterlashuv va keng tarmoqli axborot tizimlarining paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Bundan tashqari, axborotlashgan jamiyatda kommunikatsiya siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritish, uni amalga oshirish va kuchaytirishning zaruriy omillaridan biriga aylandi. Hozirgi kunda fuqarolik jamiyatining rivojlanganlik darajasi bilan siyosiy kommunikatsiyalarning ochiqligi va zichligi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik mavjudligini tan olish zarur. Va, aksincha, siyosiy kommunikatsiyalarning rivojlanmaganligi aholi tomonidan siyosiy tizimni qo‘llab-quvvatlash darajasining past bo‘lishiga hamda ijtimoiy beqarorlikka olib kelishini e’tiborga olish talab etiladi. Shu jihatdan ham kommunikatsiya hodisasi siyosiy fan vakillarida alohida qiziqishga sabab bo‘ladi. Siyosat inson faoliyatidan ayri holda, kommunikativ jarayonlardan xoli tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Ilmiy adabiyotlarda XX asr boshlarida paydo bo‘lgan “kommunikatsiya” atamasi (lot.communicatio ― muloqot qilaman, bog‘layman) xabar, uzatish, muloqot, suhbat, o‘zaro ta’sir ma’nolarida qo‘llaniladi. Ko‘rinib turibdiki, xabar berish, bog‘lash imkoniyati “kommunikatsiya” tushunchasining muhim tarkibiy qismini tashkil etadi. Kommunikatsiya insondan insonga, avloddan avlodga uzatiladigan muayyan axborot, fikr, hissiyotni nazarda tutadi, ya’ni insonlarning o‘zaro ta’siri va muloqotning o‘ziga xos shaklini o‘zida ifodalaydi. Odatda, “kommunikatsiya” tushunchasi ikki ma’noda qo‘llaniladi: birinchi ma’noda bu tushuncha xabar yo‘nalishi yoxud bir joy bilan ikkinchi joyni bog‘lashni anglatsa, ikkinchi ma’noda muloqot, bir insondan boshqa insonga axborot uzatilishi jarayonini bildiradi. Umuman olganda, kommunikatsiya — jamiyatdagi axborotni ayriboshlash jarayonidir. Axborot bor joyda kommunikatsiya paydo bo‘ladi. Aniqrog‘i, biror manbadan chiqayotgan, muayyan shaklga solingan va o‘ziga xos ko‘rinishda uzatilayotgan axborot mavjud bo‘lgan hamda mazkur axborotga muayyan ma’no beruvchi axborot oluvchi bor joyda kommunikatsiya vujudga keladi. Kommunikatsiya, bir tomondan, muayyan axborotni uzatishdan manfaatdor va buning uchun muayyan harakatlarni amalga oshirayotgan kommunikator35ning faolligini, boshqa tomondan, qabul qilayotgan axborotini idrok etishga, uni talqin qilishga muayyan quvvat sarflayotgan oluvchi, ya’ni retsipient36 bo‘lishini nazarda tutadi. Siyosiy kommunikatsiya deganda siyosat sub’ektlarining bir-biriga hamda atrofdagi ijtimoiy muhitga hokimiyat nuqtai nazaridan axborot orqali ta’sir ko‘rsatish jarayoni tushuniladi. Siyosiy kommunikatsiya siyosiy faoliyatga yangicha mazmun kasb etadigan siyosiy axborotni ishlab chiqish, uzatish va ayriboshlash jarayonlarini qamrab oladi. “Siyosiy kommunikatsiyalar, birinchidan, o‘zaro muloqotdan manfaatdor bo‘lgan ikki sub’ektni qamrab oladi, ikkinchidan, turli shakllarda amalga oshiriladi; uchinchidan, uning mazmuni siyosiy muammolarga, jamiyatning rivojlanish masalalariga daxldor bo‘ladi; to‘rtinchidan, siyosiy kommunikatsiyalarning mazmuni ham oqilona, ham hissiy tarkibiy qismlardan iborat bo‘ladi”37. Umuman, siyosiy kommunikatsiyalar quyidagi faoliyat yo‘nalishlarini qamrab oladi: “siyosiy partiya va harakatlarni shakllantirish, rivojlantirish hamda safarbar etishga yo‘naltirilgan kommunikativ xatti-harakatlar; muayyan partiya yoki nomzodning qo‘llab-quvvatlanishiga erishish, muayyan maqsadlarga erishish, muayyan siyosatni amalga oshirish, hukumatning qo‘llab-quvvatlanishiga erishish, jamoatchilik fikriga va fuqarolarning fe’l-atvoriga ta’sir ko‘rsatish maqsadida tashkil etiladigan barcha siyosiy kampaniyalardagi kommunikatsiyalar; jamoatchilik fikrini ifodalash, o‘rganish va keng yoyish hamda uni muayyan darajada boshqarish bilan bog‘liq turli jarayonlar; jamoatchilikka axborot berish, unga amalga oshirilayotgan siyosatning mohiyatini tushuntirish; norasmiy siyosiy ijtimoiylashuv, siyosiy ongni shakllantirish va yuksaltirish”38. Ushbu ro‘yxatning ikkinchi bandidan o‘rin olgan vazifalar siyosiy reklama faoliyati bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidlash lozim. Demak, siyosiy reklamani ilmiy tadqiq etish bu hodisani siyosiy kommunikatsiyalar doirasida o‘rganishni taqozo etadi. Chunki har qanday siyosiy reklama, avvalo, muayyan mazmundagi axborot manbai sifatida namoyon bo‘ladi, demakki, auditoriyaning siyosiy mazmundagi axborot olishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondiradi. Bundan tashqari, siyosiy reklama kommunikativ vazifani bajaradi, ya’ni siyosiy lavozimlarga da’vogarlar bilan omma o‘rtasida muloqot o‘rnatishga xizmat qiladi. Demak, siyosiy kommunikatsiyalarning mazmun-mohiyatini chuqur va har tomonlama tushunish, pirovard natijada, shunday kommunikatsiyalardan biri bo‘lmish siyosiy reklamaning ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Kommunikatsiya nazariyasiga 1920 yilda Uolter Lippman tomonidan asos solingan. Siyosat dunyosining nihoyatda murakkabligi g‘oyasidan kelib chiqqan bu olim ommaviy axborot vositalarining beqiyos qudratga ega ekanligi haqidagi xulosaga keldi. Uningcha, siyosiy kommunikatsiyalar auditoriyada siyosatchilar va siyosiy jarayonlar haqida tayyor tasavvurlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan39. O‘sha davrda siyosiy kommunikatsiyalarni tadqiq etishda ikki yondashuv shakllanganini e’tirof etish mumkin. Download 50.95 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling