Fuqarolik va siyosiy huquqlar


Download 46,87 Kb.
Sana02.06.2024
Hajmi46,87 Kb.
#1838414
Bog'liq
1-mavzuga


Siyosiy huquq va erkinliklar — fuqarolarning asosiy konstitutsiyaviy huquqlaridan bir guruhi (fukarolik, shaxsiy huquq va erkinliklar, iqtisodiy huquq va erkinliklar kabilar bilan bir qatorda). Siyosiy huquq va erkinliklar fuqarolarga mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida qatnashish imkonini beradi. Bu huquq va erkinliklar jamiyat va davlat boshqaruvida qatnashish huquqi, saylov huquqi, qonunlarga muvofiq, jamoat birlashmalariga uyushish, mitinglar, yigʻilishlar va namoyishlar oʻtkazish, axborot erkinligi, ommaviy harakatlarda ishtirok etish, ariza, taklif va shikoyatlar berish orqali davlat organlari, muassasalar yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqi kabilarni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekiston fuqarolarining siyosiy huquq va erkinliklari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (8-bob), „Fuqarolarning saylov huquklari kafolatlari toʻgʻrisida“ (1994-yil 5-may). „Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida“ (1991-yil 18-noyabr (2001-yil 30-avgustda yangi tahrirda) qabul qilingan), „Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida“ (1996-yil 26-dekabr), „Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida“ (1991-yil 14-iyun (1998-yil 1-mayda yangi tahrirda) qabul qilingan), „Kasaba uyushmalari, ularning huquklari va faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida“ (1992-yil 2-iyul), „Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida“ (1991-yil 15-fevral) kabi bir qancha qonunlar va qonun kuchiga ega boʻlgan hujjatlar bilan belgilab qoʻyilgan.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar
Fuqarolik va siyosiy huquqlar – bu shaxsning huquq va erkinliklarini hukumatlar, ijtimoiy tashkilotlar va xususiy shaxslar tomonidan buzilishidan himoya qilaligan, jamiyat va davlatning fuqarolik va siyosiy hayotida kamsitish va repressiyalarsiz ishtirok etish imkoniyatini ta’minlaydigan huquqlar sinfidir.

Fuqarolik huquqlari shaxslarning jismoniy va aqliy yaxlitligini, hayoti va xavfsizligini ta’minlashni o‘z ichiga oladi hamda ularga irqi, dini, millati va boshqa shaxsiy xususiyatlaridan qat’i nazar, teng ijtimoiy imkoniyatlarni va qonun tomonidan baravar himoya qilishni ta’minlaydi. Ba’zi fuqarolik huquqlariga yashash, shaxsiy daxlsizlik huquqlari, so‘z, harakatlanish, vijdon, shaxsiy hayot erkinligi va boshqalar kiradi.

Siyosiy huquqlar shaxslarning davlat va jamiyat hayotida erkin ishtirok etishiga imkon beradi. Bunga ovoz berish va davlat lavozimlarini egallash kiradi. Siyosiy huquqlarga ovoz berish huquqi, davlat lavozimlariga nomzod bo‘lish huquqi, yig‘ilishlar, namoyishlar o‘tkazish huquqi, uyushmalar tuzish huquqi va boshqalar kiradi.

Fuqarolik huquqlari inson huquqlari sifatida universal bo‘lsa-da, siyosiy huquqlar ko‘pincha fuqarolar (faqatgina ma’lum bir davlat fuqarolari uchungina) bilan cheklanadi. Fuqarolik va siyosiy huquqlar turli xalqaro va mintaqaviy shartnomalar, davlatlarning milliy konstitutsiyalari bilan himoya qilinadi. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt ushbu huquqlarni xalqaro darajada himoya qilishni ta’minlaydigan eng keng qamrovli shartnoma hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi mazkur Xalqaro paktga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 31 avgustdagi 127-I-sonli «1966 yil 16 dekabrdagi fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga qo‘shilish haqida»gi qaroriga asosan qo‘shilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VI – VIII boblari bilan ushbu huquqlar milliy darajada muhofaza qilingan.
Yangilangan Konstitutsiya mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir.

Konstitutsiyada Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgildi. Bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab faoliyat koʻrsatishiga asos boʻladi.

Binobarin, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal boʻlishi shart va zarur. Bunga koʻra, inson va davlat oʻrtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdaginoaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi.

Konstitutsiyada kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha normalar belgilandi.

Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi taʼminlanishi kafolatlandi.

Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha kompleks choralar belgilandi.

Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma belgilandi. Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy oʻtkazilishi shartligi qayd etildi.

Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga egaligi belgilandi.

Taʼlim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, oʻqituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega boʻladi. Jumladan, fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlangʻich kasb-hunarga oʻqitilishi ham belgilandi.

Konstitutsiyada davlatning oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati qayd etildi. Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi taqdim etildi.

Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqdi. Xususan, Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlandi. Oʻlim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.

Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Yaʼni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bogʻliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan. Bu orqali xalqaro eʼtirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qoʻllanish koʻlami yanada kengaydi.

Shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik (xalqaro eʼtirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi.

Har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi belgilab qoʻyildi.

Yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini ragʻbatlantirish kafolatlandi.

Jumladan,

– davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi;

– davlat yoshlarning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi;

– davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi;

– davlat yoshlarning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;

– davlat va jamiyat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalariga oid belgilangan muhim qoidalar:

– davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlaydi;

– davlat ommaviy axborot vositalarining axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi;

– ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi;

– ommaviy axborot vositalari oʻzi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.


Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiya: mazmun-mohiyati, ahamiyati, maqsadi va vazifalari

Joriy yil 22 iyunda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning "Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi Farmoni imzolandi va kuni kecha matbuotda e'lon qilindi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOVdan Prezident Farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyatini sharhlab berishni so'radik.

– Bu haqda so'z borganda, avvalambor, keyingi davrda davlatimiz rahbari boshchiligida butun xalqimiz yangi O'zbekistonni bunyod etish uchun shiddatli va qamrovdor islohotlarni amalga oshirayotganiga e'tibor qaratish lozim, – dedi A.Saidov. – Ana shu tizimli islohotlar talabi, jumladan, mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish masalasini kun tartibiga qo'ydi.

Ushbu vazifa dastlab Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va keng jamoatchilik muhokamalaridan so'ng 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan "2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi"da o'z aksini topdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida mazkur vazifani samarali va o'z vaqtida amalga oshirish zarurligi qat'iy ta'kidlandi.

Shu asosda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha matni milliy, xorijiy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda keng muhokama qilindi.

O'tgan davrda Milliy strategiya loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz saytiga, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning rasmiy saytiga 2 marta, ya'ni dastlabki va taklif-mulohazalar bilan takomillashtirilgan variantlari joylashtirildi. Muhokamalar jarayonida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlaridan ko'plab takliflar olindi.

Bundan tashqari, loyiha yuzasidan joriy yil 28 fevralda Milliy maslahatlashuv tashkil etildi. Unda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari faol qatnashdi. Ushbu ishtirokchilardan ham Strategiya loyihasini yanada mukammallashtirish yuzasidan qimmatli taklif va tavsiyalar olindi.

Shu ma'noda, Prezidentimiz ijro etish uchun yaqinda tasdiqlagan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, Farmonda ta'kidlanganidek, "xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda, shuningdek, inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish bo'yicha dolzarb masalalarni har tomonlama o'rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo'llash amaliyoti va ilg'or xorijiy tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgan".

– Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining dolzarbligi va ahamiyati nimada deb hisoblaysiz?

– Keyingi vaqtda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.

Natijada O'zbekiston xalqaro huquqning sub'ekti sifatida inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlik borasida ham rivojlanishning yangi bosqichiga ko'tarilgani e'tirof etilmoqda. Mamlakat xalqaro norma ijodkorligi faoliyatining faol ishtirokchisi sifatida, yangi xalqaro shartnomalarning tashabbuskori sifatida jahon maydoniga dadil chiqayotgani buni tasdiqlaydi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasining qabul qilinishi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu xalqaro tashkilotning 73-sessiyasida ilgari surgan tashabbus hayotga tatbiq etilganiga yaqqol amaliy misoldir. Bu muhim yutuq O'zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi yuksalishiga katta turtki berdi.

Yangilangan O'zbekistonning tashabbuslari BMT darajasida qo'llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimizga BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar, BMTning Diniy e'tiqod bo'yicha maxsus ma'ruzachisi hamda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisining amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega bo'ldi.

Hozirgi vaqtda O'zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo'shilgan. Ushbu xalqaro hujjatlarning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va shartnomaviy qo'mitalariga muntazam ravishda milliy ma'ruzalar taqdim etib kelinmoqda.

Mamlakatda mazkur xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklariga doir normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarni rivojlantirish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Sodda qilib aytganda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolangan tarixiy kun arafasida tasdiqlanganida o'ziga xos ramziy ma'no bor.

Birinchidan, BMT Nizomining 1945 yil 26 iyun` kuni imzolangani jahon jamoatchiligi uchun qanchalik ulkan tarixiy ahamiyat kasb etgan bo'lsa, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi xalqimiz uchun shunchalik muhim tarixiy qimmatga egadir.

Ikkinchidan, BMT Nizomida aks etgan xalqaro printsip va normalar yer yuzidagi insonlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligiga tayanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'z Nizomida taqdim etilgan vakolatlari va o'zining noyob xalqaro xususiyatidan kelib chiqib, tinchlik va xavfsizlik, iqlim o'zgarishi, barqaror rivojlanish, inson huquqlari, qurolsizlantirish, terrorizm, gumanitar va favqulodda vaziyatlar, gender tenglik, boshqaruv, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi XXI asrda insoniyat oldida turgan masalalar bo'yicha qarorlar qabul qilishi mumkin.

E'tibor bering: Farmonda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasini tuzish tavsiya etilgan. Shu birgina dalilning o'ziyoq, fikrimizcha, Milliy strategiyada belgilab berilgan vazifalar ham global hamkorlik printsipiga tayanishini yaqqol anglatib turibdi.

Va nihoyat, uchinchidan, BMT Nizomi inson huquqlarini himoya qilish sohasida global qo'llab-quvvatlangan birinchi hujjatdir. BMT Nizomi matnida “inson huquqlari” atamasi yetti marotaba keltirilgani BMT faoliyatining ustuvor yo'nalishlari va asosiy tamoyillaridan biri inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish ekanidan dalolat beradi. 1948 yilda Inson huquqlari umumjahon
deklaratsiyasi inson huquqlari tushunchasini xalqaro huquq sohasiga kiritdi. Shundan beri BMT o'z Nizomi doirasida tegishli huquqiy vositalar va bir qator aniq chora-tadbirlar orqali inson huquqlarini himoya etib kelmoqda.

Inson huquqlarini himoya qilish borasidagi mamlakatimiz pozitsiyasi BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalari, ulardan kelib chiqadigan xalqaro kelishuvlarga asoslanadi. Ayniqsa, Vena deklaratsiyasi va Xarakatlar dasturi asosida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlangani mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning va inson huquqlarini himoya qilish institutsional mexanizmlarini yaratishning muhim bosqichi hisoblanadi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarda belgilab berilgan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida yagona va muvofiqlashtiruvchi siyosatning samarali vositasi bo'lishiga shak-shubha yo'q.

– Milliy strategiyaning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?

– Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining maqsadi – O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olishdir.

Milliy strategiyaning asosiy vazifalari haqida so'z borganda, quyidagilarni sanab o'tish zarur:

Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar hamda O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini, shuningdek, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini hisobga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish;

2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirish;

O'zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar, ya'ni qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, so'z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari, global raqobatbardoshlik, innovatsion rivojlanish va boshqa ko'rsatkichlar bo'yicha dunyodagi 50 ta yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishini ta'minlash;

Inson huquqlari buzilishlariga barham berish maqsadida sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish va odil sudlov tizimi vakolatlarini mustahkamlash, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar faoliyati uchun keng sharoitlarni yaratish, inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini monitoring qilish va baholashning milliy tizimini yanada rivojlantirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish;

Shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektor faoliyatining ochiqligi va o'zaro hamkorligi samaradorligini oshirish, shuningdek, qonun ijodkorligi jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuvlarni o'tkazish amaliyotini takomillashtirish;

Jinoyatchilikning, ayniqsa odam savdosi, korruptsiya, qiynoqqa solish, uyushgan va transmilliy jinoyatchilikning oldini olish va bu illatlarga qarshi kurashish, shuningdek, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar va mahkumlarni saqlash joylari tizimida odil sudlovga va inson huquqlariga rioya etilishini ta'minlash;

Aholining imkoniyati cheklangan, kam ta'minlangan guruhlar huquqlarini BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq himoya qilishni ta'minlash, davlat va jamiyatning alohida himoyasiga muhtoj bo'lgan shaxslar, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lmagan shaxslarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash hamda ularga xizmatlar ko'rsatish sifatini oshirish;

Din, so'z va fikr erkinligi, ma'lumot olish, kamsitishga yo'l qo'ymaslik, gender tenglikni ta'minlash, barchaning sifatli ta'lim va tibbiy xizmatlardan teng foydalanishi, keksa odamlarning ijtimoiy integratsiyasi, bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo'lgan shaxslar va migrantlar huquqlarini himoya qilish sohalarida huquqni qo'llash amaliyotini yanada takomillashtirish;

Oila institutini, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish, oilada zo'ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashishni huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa jihatlardan qo'llab-quvvatlash darajasini oshirish;

Insonning iqtisodiy huquqlarini ta'minlash, xususiy mulkchilik va davlat-xususiy sheriklik aloqalarini rivojlantirish;

Ta'limning sifati va barcha darajadagi qamrovini oshirish, uzluksiz ta'lim tizimini rivojlantirish, o'qitish tizimining inklyuzivligi va undan barchaning foydalana olishini ta'minlash;

Inson huquqlari sohasida axborot-ma'rifiy faoliyatining sifati hamda manzilligini yaxshilash;

Davlatlararo munosabatlarni, xalqaro tashkilotlar bilan o'zaro hamkorlik aloqalarini uyg'unlashtirish, inson huquqlari

bo'yicha xalqaro shartnomaviy organlarning tavsiyalarini sifatli va o'z vaqtida bajarish maqsadida innovatsion tamoyillarni joriy etish;

BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga O'zbekiston Respublikasi saylanishini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

– Ushbu o'ta salmoqli va qamrovdor vazifalarni to'liq hamda o'z vaqtida bajarishning aniq mexanizmalari mavjudmi?

– Farmon bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasidan tashqari yana ikkita muhim hujjat ham tasdiqlandi. Bulardan biri – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” bo'lsa, ikkinchisi – BMTning inson huquqlari bo'yicha ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko'rib chiqish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi davlat organlarining o'zaro hamkorlik qilish tartibi to'g'risidagi nizom hisoblanadi.

Shu o'rinda Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan asosiy mas'uliyat Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga yuklanganini qayd etish lozim. Farmon bilan o'rnatilgan tartibga muvofiq, Markaz bu borada:

muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va o'z vaqtida ijro etilishi bo'yicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi;

doimiy ravishda aniq ko'rsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotni o'z veb-saytida joylashtirib boradi;

har chorakda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan ma'lumot kiritadi;

axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va e'lon qilinishini ta'minlaydi.

Shuni ham aytish kerakki, “Yo'l xaritasi”da belgilangan mas'ul ijrochilar o'zlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi to'g'risidagi ma'lumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Markazga taqdim etadi. Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi”ning ijro holati yuzasidan har olti oyda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida vazirlik va idoralarning axboroti tinglanadi.

Farmonda vazirlik va idoralar rahbarlarining Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi”ning ijro holati yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish zarurligi ko'rsatilgan. Shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga vazirlik va idoralar hududiy bo'linmalari rahbarlarining Milliy strategiya va “Yo'l xaritasi”ning hududlar kesimida ijro etilishi yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko'rsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etiladi.

Har ikki yilda yuqori saviyada hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar ishtirokida Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi o'tkaziladi.



Xulosa qilib aytganda, Farmonda ta'kidlanganidek, "inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning qabul qilinishi ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obro'si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qiladi".
Download 46,87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling