G’aroyib us-sig’AR


Download 23.08 Kb.
Sana17.06.2023
Hajmi23.08 Kb.
#1544000
Bog'liq
G’aroyib us-sig’AR


ALISHER NAVOIYNING “G’AROYIB US-SIG’AR” DEVONIDAGI G’AZALLARNING MAVZU KO’LAMI
Mohiniso Shomurodova
Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti 2- bosqich talabasi
+998942443164
shomurodovanilufar006@gmail.com
Annotatsiya: Besh asr davomida Navoiy lirikasi o‘zbek xalqining ma’naviy hayotiga chuqur kirib borib, mustahkam o‘rin egalladi. Navoiyning hech bir asari xalqimiz orasida uning lirik devonlari kabi ko‘p ko‘chirilib, keng tarqalgan va chuqur tomir yoygan emas. Navoiy lirikasining gultoji hisoblanmish “Xazoyin ul-maoniy” majmuasi buning ayni isbotidir. Ushbu majmuadan o‘rin olgan “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidagi g‘azallar va ularda ilgari surilgan mavzular mazmun-mohiyati jihatidan keng va salmoqlidir. Mazkur maqolada ham Navoiyning devonidagi g’azallarning mavzu ko’lami atroflicha tahlil qilindi va g’azallaridan namunalar keltirildi.
Kalit so’zlar: devon, g’azal, mavzu, ishq, tassavvuf, komillik.
Nazm gulistoning andalibi hisoblangan Alisher Navoiyning “G’aroyib us-sig’ar” devonidagi g’azallar va ulardagi mavzular Navoiyning nechog’lik nazm dunyosining sheri bo’lganligidan dalolatdir.
,,G’aroyib us-sig’ar’’ devonidagi eng ko’p qo’llangan janr bu, hech shubhasiz, g’azaldir. Alisher Navoiy turkiy adabiyotda g’azal janrini har jihatdan yuksak maqomga olib chiqdi. Uning mavzu ko’lamini kengaytirdi, ifoda usuliga badiiyatiga alohida e’tibor berdi. Alisher Navoiy g’azallarining mavzu ko’lami shu qadar kengki, ularda yaxshilik, odamiylik, muhabbat, vafo, do’stlik, mardlik, odob, hayo, saxovat, qanoat, adolat, diyonat, oliyjanoblik, mehnatsenvarlik, halollik kabi fazilatlar tarannum etiladi.
Alisher Navoiy g’azallarini g’oyaviy-badiiy xususiyatlariga, asosan, tasniflab tadqiq etish orqali shoir dunyoqarashi, adabiy-estetik usullari, badiiy mahorati hamda turkiy she’riyatda bu janrning tadrijiy taraqqiyotini chuqurroq o’rganish yo’llari ochiladi. Navoiyshunos olimlar shoir g’azallarini tasniflashda shoirning ,,Favoyid ul-kibar’’devonidagi bir qit’asiga tayanadilar.
,,G’azalda uch kishi tavridur ul nav’ Kim, andin yaxshi yo’q nazm ehtimoli”, deb boshlanuvchi qit’asida shoir Xusrav Dehlaviyning oshiqona, Hofiz Sheroziyning rindona va Abdurahmon Jomiyning orifona g’azallaridan ruhlanganini e’tirof etadi. Oshiqona, rindona, orifona mazmundagi g’azallarni salaflari nomi bilan bog’lar ekan, shoir Xusrav dehlaviyni ,,sohiri hind”, Hofizni ,,rindi Sheroz” va Jomiyni ,,qudsiasarlik orifi Jom’’ deb ataydi. Bunda o’z ustozlarining an’anasini davom ettirganligiga ishora bor. Shundan kelib chiqib Navoiy g’azallarini oshiqona, orifona, rindona g’azallarga bo’lish an’anasi bor.
Navoiyshunos olima D.Yusupova esa Navoiy g’azallarini quyidagicha mavzu yo’nalishlariga bo’ladi.
1.Hamd g’azallar;
2.Na’t g’azallar;
3.Oshiqona g’azallar;
4.Orifona g’azallar;
5.Rindona g’azallar;
6.Tabiat tasviri aks etgan g’azallar;
7.Hajviy mavzudagi asarlar;
Navoiygacha bo’lgan davrdagi turkiygo’y shoirlar, asosan, ishqiy mavzuda g’azallar bitgan bo’lsalar, Navoiy g’azallari ma’rifiy va ijtimoiy-falsafiy mazmun ham kasb etdi. Aniqlanishicha, devonda 300 dan ortiq g’azal oshiqona, 100 ga yaqini orifona, 110 dan ortiq g’azal rindona, 70 ga yaqin g’azal tabiat tasviriga bag’ishlab yozilgan.
,,G’aroyib us-sig’ar’’devonini shoir barcha asarlari singari Sharqda mavjud an’anaga muvofiq hamd bilan boshlaydi, na’tlar bilan davom ettiradi.Devonda hamd va munojat yo’lida bitilgan o’nga yaqin g’azal(1-,2-,3-,4-,5-,132-,242-,575- va boshqalar)mavjud. Na’t g’azallarning soni esa o’ndan ortiq (6-,7-, 40-, 89, 94,101-,114-,309-,322-,339-,521- va boshqalar).
Ashraqat min aksi shamsil-ka’si anvorul-hudo,
“Yor aksin mayda ko’r” deb jomdin chiqdi sado.(1-g’azal)(1-bayt)
Ertalab chiqqan quyosh kosasining aksidin hidoyat nurlari porlab ko’rindi va jomdin yorning aksini mayda ko’r debs ado chiqdi.
G’ayr naqshidin ko’ngul jomida bo’lsa zangi g’am,
Yo’qtur,ey soqiy,mayl vahdat masallik g’amzudo.(2-bayt)
Ey soqiy, agar Xudodan, komillik yo’lida intilishdan o’zga tashvishlar-moddiy dunyo g’am-u anduhini, ko’ngiloynasini kir qilgan bo’lsa, bu kir, zangi, faqat ilohiy tajalliy nuri bilan, shu zavq bilan yuvish kerak.
Yoki 2-g’azal:
Zihi husnung zuhuridin tushub har kimga bir savdo,
Bu savdolarbila kavnayn bozorida yuz g’avg’o.(1-bayt)
Sening husning bilan har kimda bir savdo bor, bu savdolar bilan bu dunyo va u dunyo bozorida yuz g’avg’o bordir.
Hamd va munojot g’azallarga Olloh, olam va odam, ularning munosabatlari, tanosubi haqidagi diniy va so’fiyona bilimlar, qarashlar, tasavvurlarning mag’zi singdirilgan bo’ladi. Navoiy o’zining islom va tasavvufga uyg’un falsafiy qarashlarini shu g’azallarida umumlashtiradi. Mavzusi, ifoda usuli, obrazlari va hatto badiiy san’atlari nuqtai nazaridan qaralganda, Navoiy hamd va na’tlarida Hofiz Sheroziy, Amir Xusrav va Abdurahmon Jomiy singari shoirlar an’anasini davom ettirganligi kuzatiladi, biroq Navoiy hamd-u na’tlari shoir ,,men’’i, dard-u iztiroblarining juda chuqur va hasratli ifodasi bois o’z ta’sirini kuchaytiradi, ko’ngilga chuqur kirib boradi.
Hamd g’azallarning katta qismi Yaratganning madhiga, ya’ni jami olam, undagi ayshlarning jami Haqning zuhuri, degan mazmunni o’zida mujassamlashtirgan, jumladan:
Zihi kamol ila kavnayn naqshig’a naqqosh
Mukavvinot vujudin vujudung aylab fosh. (242-g’azal)
Baytda ikki olamni mukammallikda yaratgan Ollohga murojat etayotgan shoir yaratilgan narsalarda yaratganning vujudi aks etayotganini e’tirof etadi.
,,G’aroyib us-sig’ar’’ devonidagi na’t g’azallar an’anaviy mavzu sifatida e’tirof etilsa-da, aslida, ularda har bir mo’min-musulmon kishi uchun komillik ibrati ifodalangan. Bu turkum g’azallarning mavzusi shoirning Olloh, olam va odam haqidagi diniy-so’fiyona bilimlari, qarashlari va tasavvurlari bilan uyg’unlashib ketgan.
Ey, nubuvvat xaylig’a xotam bani Odam aro,
Gar alar xotam, sen ul otkim, erur xotam aro.(6-g’azal)
Navoiy g’azallarining asosiy bosh mavzusi – ishq. Devondagi she’rlarning, xususan, g’azallarning aksariyati shu mavzuga bag’ishlangan. Navoiyning lirik ijodi bu jihatdan Xusrav Dehlaviy, Hofiz, Lutfiy, Jomiy she’riyatiga tutashib ketadi. U ishq va muhabbatni inson hayotidagi eng muqaddas tuyg’u, kishilik jamiyatini ushlab turuvchi ustun deb tushungan. Odamsiz jamiyatni tasavvur etish mumkin bo’lmaganidek, Navoiy bu dunyoni ham, u dunyoni ham ilohiy ishqsiz, muhabbatsiz tasavvur eta olmagan. Navoiy insonparvarlikning asosini ham, oliyjanobligi ham shunda. Alisher Navoiy bu mavzuga o’z ijodining deyarli barcha bosqichlarida murojaat qilgan.
Ey, Navoiy, ishq atvorini hifz aylay degan,
Barcha ishni tark etib,qilsun bizing devonni hifz. 1
Alisher Navoiy ,,Mahbub ul-qulub’’ asarida ishqni uchga ajratadi.
1)avom ishqi;
2)xoslar ishqi;
3)siddiqlar ishqi. 2
Shu bois “G’aroyib us-sig’ar” devoniga kiritilgan 650 g’azaldan “Ko’nglum o’rtansun agar…”,
“Erur ishq ahli go’ristoniyu…”, “Ikki barmoq bila tuttum…”, “Ko’rgali husningni zor-u…”
_“Orazin yopg’och ko’zumdin…”, “Har qayon boqsam ko’zimga…”, “Ishq aro ishlar tushar emish kishining boshiga…” kabi bir qancha g’azallarda ishq mavzusi qalamga olingan.
_______________________
1Yusupova D.O’zbek mumtoz va milliy uyg’onish adabiyoti.-Toshkent:’’Tamaddun’’,2016,49-bet.
2 Yusupova D.O’zbek mumtoz va milliy uyg’onish adabiyoti.-Toshkent:’’Tamaddun’’,2016,54-bet
Navoiy ijodiyotida ishq va oshiqlik tahlil etilar ekan, yorga bo’lgan sadoqat, muhabbat shunday buyukligicha ko’rsatiladi.
O’zgalar husnin tamosho aylasam chiqsin ko’zum,
O’zga bir bir ko’z hamki husningni tamosho aylasa. 3
Shoir oshiqning ma’shuqasiga atagan sifatlarida yorining naqadar go’zalligi va uni e’zozlashidan ham bilsa bo’ladi. Ma’shuqasini tengsiz oy ekanligini e’tirof etib shunday deydi:
Qosh-u ko’zingni munajjim chun ko’rdi beniqob,
Dedi: ko’rkim qavs burjidin tug’uptur oftob.
Shoir oshiqning ma’shuqasiga atagan sifatlarida yorining naqadar go’zalligi va uni e’zozlashidan ham bilsa bo’ladi. Ma’shuqasini tengsiz oy ekanligini e’tirof etib shunday deydi:
Qosh-u ko’zingni munajjim chun ko’rdi beniqob,
Dedi: ko’rkim qavs burjidin tug’uptur oftob.
Ya’nikim, yorning qoshi yuzini beniqob ko’rgan munajjim, “qavs burjidan oftob chiqibdi” deb aytganligini izhor etadi.
,,G’aroyib us-sig’ar’’ devonidagi she’rlarning muayyan qismini orifona g’azallar tashkil qiladi. Shoirning barcha she’rlarida ,u xoh hamd bo’lsin, xoh na’t bo’lsin, xoh oshiqona yoxud rindona g’azallar bo’lsin ularning har birida irfoniy ma’no-mazmun mujassam. Ular o’zlikni, odamni, olamni va albatta, Ollohni tanish va anglash yo’lidagi izlanishlar samarasidir.
Dema ,ne sud erur o’lmoq fano harimig’a xos,
Yana ne sud kerak o’zlugungdin etsa xalos.(271- g’azal)
Navoiy ijodining mag’zini tashkil qilgan mavzular orifona g’azallarda irfoniy mazmun-hikmat va falsafa hamda so’fiyona timsollar vositasida ifodalangan.
______________________
3Ibrohim Haqqul. E’tiqod va ijod.-Toshkent:’’Fan’’,2017,120-bet
Sen o’z xulqungni tuzgil,bo’lma el axloqidin xursand,
Kishiga chun kishi farzandi hargiz bo’lmadi farzand.(115-g’azal)
Navoiy orifona g’azallarining bir qismi hayot falsafasi bilan bog’langan bo’lsa,ya’ni ijtimoiy-siyosiy,falsafiy va nasihatomuz fikrlarga asoslansa, ikkinchi turkum orifona g’azal va baytlar o’zida so’fiyona ma’no-mazmunni mujassamlashtirgan.
“G’aroyib us-sig’ar” devonida Navoiyning “Jahonni buqalamun ichra turmish elga gudoz…”, “Dema ne sud erur o’lmoq fano harimig’a xos…”, “Boda meni ayladi zuhd-u riyodin xalos…”, “ Zihe azalda karam aylabon Xalloq” kabi g’azallari orifona ruhda bitilgan bo’lib, ularda shoir orifona qarashlarini ifoda etishdaoshiqona obrazlar, tasvir va vositalardan foydalanilgan.
Navoiy she’riyatida diniy-tasavvufiy g’azallar ham alohida o’ringa egadir
Faqr ko’yida musallam tut ne qilsang istimo’
Orif ermas har kishikim qilsa irfon birla bahs.
Bu baytda shoir, inson yo’qlik ko’chasida nima eshitsa, bahslashmay qabul qilishi; ma’rifat bilan bahslashgan odam dono sanalmasligini ta’kidlaydi. Buning isboti esa yana bir g’azalda o’z isbotini topgan:
Ey Navoiy, jurm uzri dashtida qil po’yakim
Yaxshi ermas zuhd zanjirig’a bo’lmoq poybast.
Bunda shoir: “Ey Navoiy, gunohlar uchun uzr so’raydigan dashtda makon tutki, zohidlik zanjiriga bog’lanib qolmoq yaxshi bo’lmaydi,” deya ta’kidlaydi.
Alisher Navoiy g’azaliyotida majoziy ishq bilan ilohiy ishq o’rtasida qat’iy bir chegara yo’q. Ulug’ shoir ishqiy kechinmalar tasvirini yaratar ekan, ko’pdan ko’p g’azallarida, avvalo, majoziy ishq haqiqatlariga tayanadi. Insonning sevish sirlari va ilohiy imtiyozlarini ochib beradi. Alisher navoiyning ayolga muhabbatini tor va biryoqlama anglamaslik lozim, albatta. Navoiy bir yor yoki ma’shuqa muhabbatidan bahs yuritar ekan, ayni paytda, butun ayol zotiga, undan insoniyatga, insoniyat orqali esa Ollohga bo’lgan ishqni izhor etadi. Hech vaqt ayollik saltanatini insoniylik sharafiga, insoniylikni ilohiylikka zid qo’ymaydi. Navoiy uchun insoniy ishq mevasi – olam va odamga muhabbat erur.
Umuman olganda, Navoiy g’zallarini talqin qilish oson ish emas, chunki ularning tub mohiyatiga yetib borish qiyin. Ramziylik, shartlilik va murakkab obrazli tasvir deyarli har bir g’azal uchun xos xususiyat bo’lganligi sababli o’z mazmuni ochilsa, tuyg’u to’lqinlari tutqich bermaydi, tuyg’uga e’tibor qaratilsa, ruhiy ohang va manzaralar nazardan chetlashadi. Xullas, Navoiy g’azallarini doimiy ravishda o’rganilishi va tahlil qilinishi kerak bo’lgan manbadir. Buyuk shoir ijodini qayta-qayta o’rganish uning yangi qirralarini namoyon etadi.


Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Alisher Navoiy.’’G’aroyib us-sig’ar’’. ’’TAT’’ 10 jildlik.-Toshkent:’’G’afur G’ulom”.2013.
2.Yusupova D.O’zbek mumtoz va milliy uyg’onish adabiyoti.-Toshkent:’’Tamaddun’’,2016.
3.Hayitmetov A.Navoiy lirikasi.-Toshkent:’’O’zbekiston’’,2015.
4.Ibrohim Haqqul. E’tiqod va ijod.-Toshkent:“Fan”nashriyoti,2017.
5.Alisher Navoiy.Qomusiy lug’at.-Toshkent:’’Sharq’’,2016.
6.Rustamov A.Navoiyning badiiy mahorati.-Toshkent:’’G’afur G’ulom”,1979.
Download 23.08 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling