Geografiyada toponimika


Toponimika–“Yerning tili”


Download 403.5 Kb.
bet2/67
Sana13.05.2023
Hajmi403.5 Kb.
#1456817
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   67
Bog'liq
Geografiyada toponimika. M.T.Mirakmalov

Toponimika–“Yerning tili”
Geografiya fani jadal sur'atlar bilan rivojlanib, konstruktiv bosqichga ko'tarilgan amaliy geografik fanga aylanib bormoqda. U sobiq tasviriy geografiyadan tubdan farq qiladi va uning vazifasi tabiatda kechadigan tabiiy geografik jarayonlarni, jamiyatda kechadigan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni o'rganish, tahlil qilish va prognoz (bashorat) qilishdir.
Shuningdek, geografiya Yer yuzidagi millionlab geografik ob'yektlarning nomlari bilan ham ish ko'radi. Har bir geografik ob'yektning o'z nomi bor. H.Hasanov ta'biri bilan aytganda “... dengizlar va daryolar, tog'lar va cho'qqilar, mamlakatlar va shaharlar, soyliklar, quduqlaru mayda-mayda orollar, qishloqlaru ko'cha va mahallalar nomlari–shularning hammasi “Yerning tili”dir”.
Geografik joy nomlarini, ularning kelib chiqishi, ma'nosi, o'zgarishi, talaffuz qilinishi va to'g'ri yozilishini maxsus geografik fan hisoblangan toponimika fani o'rganadi. Toponimika yunoncha “topos”–joy, “onoma”–“nom” degan ma'noni beradi.
Geografiyani joy nomlarisiz tasavvur etib bo'lmaydi. Geografik joy nomlari shu qadar ko'pki, dunyoda nechta nom bor degan savolga xech kim aniq javob bera olmaydi. H.Hasanovning yozishicha, maydoni O'zbekistonga teng keladigan Shvesiyada 12 mln. joy nomlari mavjud ekan. Lekin O'zbekistonda hanuzgacha bunday ma'lumot yo'q. Toponimlar turli katta-kichiklikdagi geografik ob'yektlarning nomlarini o'zida mujassamlashtiradi. Shunga ko'ra u makrotoponimlarga (“makro” - katta) va mikrotoponimlarga (“mikro” - kichik) bo'linadi. Yirik geografik ob'yektlar–qit'alar, materiklar, mamlakatlar, o'lkalar, okeanlar, dengizlar, daryolar, tog'lar, shaharlar va boshqalarning nomlari makrotoponimlar deyiladi. Yevropa, Amerika, Osiyo, Afrika, Tinch okean, Hind okeani, Himolay, Pomir, Sirdaryo, Amudaryo, Amazonka, Shimoliy dengiz, Bering dengizi, Toshkent, Moskva, Vashington kabi nomlar makrotoponimlarga misol bo'la oladi. Yirik geografik ob'yeklarning nomlari kam o'zgarishlarga uchraydi, uzoq vaqt yashaydi.
Kichik geografik ob'yektlar–soy, jilg'a, buloq, quduq, tepalik, jar, qir, mahalla, guzar, ko'cha va boshqalarning nomlari mikrotoponimlar deyiladi.
Mikrotoponimlar tez-tez o'zgarib turishi bilan xarakterlanadi.
Geografik joy nomlari o'ta nozik. Nomdagi bir harf yoki tovush o'zgarsa, boshqa nomni berishi mumkin. Shuning uchun Avstriya bilan Avstraliyani, Shvesiya bilan Shveysariyani, Riga bilan Risani, Neva bilan Nivani, Amu bilan Amurni, Chud bilan Chadni, Eri bilan Eyrni bir-biriga almashtirib qo'ymaslik lozim.
Ikki davlat hududidan oqib o'tuvchi ayrim daryolar maxalliy til qoidalariga moslanib turlicha ataladi. Masalan, Ispaniyadan oqib o'tuvchi Taxo daryosi Portugaliya hududiga o'tgandan so'ng Teju deb yuritiladi, shuningdek, Polshadagi Odra Germaniyada Oder, Afg'onistondagi Herirud Turkmanistonda Tajan deb yuritiladi.
Geografik joy nomlariga shu qadar o'rganib qolganmizki, xatto ayrim terminlar aynan toponimlardan olinganligini eslab ham o'tirmaymiz.
An'anaviy o'tkazilib kelinadigan olimpiada so'zi Gresiyadagi Olimp tog'i nomidan, alpinizm, alp burmalanish, alp o'tloqlari–Yevropadagi Alp tog'i nomidan, akademiya so'zi Gresiyadagi changalzorlardan biri nomidan, vulqon (vulkan) termini Tirren dengizidagi Vulkano oroli nomidan, kofe–Afrikadagi Kaffa o'lkasi nomidan, geyzer termini Islandiyadagi Geyzer deb ataladigan issiq buloq nomidan, karst termini Bolqon yarim orolidagi Karst platosi nomidan, meandra Kichik Osiyo yarim orolidagi Mendere daryosi nomidan, delta termini Nil daryosi quyiladigan Delta degan joy nomidan olingan va hokazo.
Toponimlardan vujudga kelgan turli terminlar, so'zlar juda ko'p.

Download 403.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   67




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling