Tar (Thar)-Hindiston va Pokiston hududidagi cho'l. Mahalliy xalq tilida thar-«cho'l» degani.
Tarbag'atoy-Qozog'istonning sharqidagi tog' tizmasi. Tarbag'antov, ya'ni «Sug'urli tog'», «Sug'ur ko'p tarqalgan tog'» degani.
Tarim-G'arbiy Xitoydagi daryo. Nomi Tarqalmoq («yoyilmoq») so'zidan kelib chiqqan. Daryo Takla-Makon qumlariga singib ketadi, shuning uchun ushbu nomni olgan. Mahmud Koshg'ariyning «Devonu lug'atit-turk» asarida ham «Tarim-ko'l va qumliklarga singadigan daryolar» deyilgan.
Tatar bo'g'ozi-Primore o'lkasi va Saxalin oroli oralig'idagi bo'g'oz. Ushbu nomning tatar xalqi nomiga umuman dahli yo'q. Yevropaliklar bir zamonlar butun Sibirni Tatariya (Tartariya) deb atagan davrlarda paydo bo'lgan noto'g'ri nom. Fransuz dengiz sayyohi J.F.Laperuz 1787-yili shu yerlarni o'rganib, Mansh-de-Tartari-«Tatar bo'g'ozi» deb atagan edi.
Tatra-Karpat tog'laridagi tog'li o'lka. Slavyan tillarida tatra-«tog'», «qoya» degan ma'noni beradi.
Taybey-Tayvan orolining shimoliy qismidagi shahar. Ushbu nom tarkibidagi tay so'zi Tayvan nomidan olingan, bey-«shimol» degan ma'noni bildiradi. Demak, Taybey-«Tayvan orolining shimolidagi shahar» deb talqin qilinsa to'g'ri bo'ladi. Tayvan orolida geografik o'ringa bog'liq shaharlar nomlari ham bor: Taynan (nan-«janub», «janubiy»), Taybey va Taynan shaharlari oralig'ida Taychjun (chjun-«o'rta», «ora»), Taydun (dun-«sharq», «sharqiy»).
Tayvan-Xitoyning janubi-sharqidagi orol. Qirg'og'i pog'onasimon bo'lganligidan xitoycha Tayvan-«zinasimon qo'ltiq» deb atalgan.
Taymir-Osiyoning shimoliy qismida-Kara va Laptevlar dengizlari oralig'ida joylashgan yarim orol. 1843-yili ushbu o'lkani ilmiy tadqiq etgan A.F.Middendorf yarim orolga shu nomni bergan. Taymir asli shu yerdan oquvchi daryo nomi bo'lib, evenklar tilidagi taymur yoki taymir so'zidan olingan va «boy» degan ma'noni bildiradi. Evenklar daryoda baliqlar ko'p bo'lganligidan uni oddiygina taymir-«boy», ya'ni «baliqqa boy daryo» deb nomlashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |