Taz-Rossiya shimolidagi daryolardan biri. Nenes tilida Tasu-Yam-«katta daryo» demakdir.
Tbilisi-shahar, Gruziya poytaxti. 1936-yilga qadar Tiflis deb yuritilgan. Gruzincha tbili-«issiq» degan so'z. Issiq buloq yonida barpo etilganligi uchun shunday atalgan.
Tegusigalpa-shahar, Markaziy Amerikadagi Gonduras davlatining poytaxti. XVI asrda ispanlar asos solishgan. Tegusigalk naua indeyes qabilalari tomonidan berilgan nom bo'lib, Tegusi-kishi ismi, -galpa-«biror kimsaning uyi oldida», «yaqinida» degan ma'nolarni bildiradi, ya'ni ushbu holatda «Tegusining uyi yaqinida» (barpo etilgan shahar) ma'nosida.
Tel-Aviv-Isroildagi shahar. 1909 yilda yahudiylar asos solgan va qadimiy Bobildagi yahudiylar mahallasi Tel-Abib xotirasiga shunday atashgan. Tel-Aviv-arab va yahudiy tillarida tel-«tepalik», aviv-«ko'k boshoq», ya'ni «ko'klamzor tepa» degan ma'nolarni bildiradi.
Temirtau-Qozog'istondagi shahar. Ikkinchi jahon urushi yillari shaharda yirik qora metallurgiya zavodi qurilgan. Temirtau-«temir tog'» degani. Shahar sanoatining asosini qora metallurgiya, asosan temir eritish hisoblanadi.
Terek-Shimoliy Kavkazdagi daryo. YE.M.Pospelovning ta'kidlashicha, daryo nomining eng to'g'ri talqini mahalliy tildagi cherek-«loyqa daryo» bo'lib, keyinchalik Terek bo'lib ketgan.
Termiz-O'zbekistondagi qadimiy shaharlardan biri. Dastlab Tarmita, Tarameta deb atalgan. Hindlarning «Ramayana» dostonida Dandamutra shaklida tilgan olingan. Bundan tashqari turli davrlarda Dematrias, Yevkrotid, Aleksandriya deb ham atalgan. X asrdan boshlab esa Termiz deb ishlatiladi. Ushbu nom haqida ham turli farazlar bor.
H.Hasanovning yozishicha, Termiz-shaharning eng qadimgi mahalliy nomlaridan bo'lib, janub tomondagi xalqlar tomonidan aytilgan taromata-«nariyoqdagi qishloq» ma'nosidagi so'zlardan olingan, ya'ni Amudaryoning narigi yog'i-shimoli degan ma'noni anglatadi. «Avesto» dagi yozuvlar shundan dalolat beradi.
Terror-Antarktidadagi so'nggan vulkan, Ross yarim orolida joylashgan. Ingliz qutb tadqiqotchisi J.Ross 1841 -yili kashf etgan va ekspedisiya kemasining nomi («Terror») bilan atalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |