Globallashuv bu hayot sur’atlarining beqiyos darajada tezlashuvi demakdir. Yana, globallashuv millat va elatlar, mamlakatlarning madaniy, ma’naviy, iqtisodiy jihatidan uyg‘unlashuviga olib keladigan jarayondir


Download 24.09 Kb.
Sana02.01.2022
Hajmi24.09 Kb.
#200832
Bog'liq
dinshunoslik

1



Globallashuv — bu hayot sur’atlarining beqiyos darajada tezlashuvi demakdir. Yana, globallashuv millat va elatlar, mamlakatlarning madaniy, ma’naviy, iqtisodiy jihatidan uyg‘unlashuviga olib keladigan jarayondir. Bugungi dunyoning taraqqiyoti ichki va tashqi omillar ostida yuzaga kelmoqda. Ichki va tashqi omillar asosan axborot vositasi bilan ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari – radio, televidenie, gazeta, jurnal va internet orqali axborot ayirboshlash rivojlanib bormoqda. Olimlarning fikricha inson 85 foiz axborotni ko‘rish  orqali, qolgan 15 foizini eshitish  orqali olar ekan. Demak, bu o‘rinda televidenie va internetning roli har qachongidan ortadi. Misol uchun, 2002 yilgi Sidney Olimpiadasi musobaqalarining ochilish marosimini dunyo aholisidan 3 milliard 600 million kishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilgan. Rossiyalik olim Yu.Kashlev to‘plagan mana bu ma’lumotlarga e’tibor beraylik: Insoniyat XXI asrga 2,2 million radiopriemnik, 1 milliard 200 million televizorga ega sifatida kirib kelgan. Bundan 30-40 yil oldin buni tasavvur qilib ham bo‘lmas edi. Internet  nomli magnitning paydo bo‘lishi 1995 yilga kelib undan foydalanuvchilar soni dunyoda 900 ming kishini tashkil etishi, 1999 yilga kelib esa 171 million kishi undan foydalanishni o‘zlashtira olishi, 2002 yilga kelib internet abonentlari soni 500 millionga yetishi bu tizimning naqadar tez rivojlanayotganini ko‘rsatadi. 2015 yil oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra dunyoda 3 milliard kishi internetdan foydalana boshlagan. Boshqacha aytganda, dunyoda biror shaxs, jamiyat, davlat yoki voqea, hodisa haqida sanoqli daqiqalarda xabar topish imkoni paydo bo‘ldi. Bir paytlar qo‘shni davlat ahvoli haqida ma’lumot olish uchun oylab kutilar edi. Jahonda ro‘y berayotgan g‘oyaviy jarayonlar, mavjud mafkura shakllari, ularning mohiyati, maqsadlari va o‘zaro munosabatlari bilan bog‘liq holat, xususiyat va faoliyatini yaxlit tarzda aks ettiruvchi tushuncha. Bugungi dunyo yaxlitlikni tashkil etsa-da, undagi mintaqa va davlatlar, millat va xalqlar tarixiy shart-sharoit, jo‘g‘rofiy joylashuvi, geostrategik holatiga ko‘ra turli mavqega ega. Hozirgi davr – dunyoda g‘oyaviy qarama-qarshiliklar murakkab tus olgan, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham kuchliroq bo‘lib borayotgan davr. Shunday ekan, ularning o‘ziga xos manfaatlarini ifodalaydigan mafkuraviy ta’sir usullari bo‘lishi shubhasiz. Jahon siyosiy xaritasida ko‘plab davlatlar mavjud bo‘lib, ularda turli siyosiy kuchlar, partiyalar, din va diniy oqimlar, mazhablar, guruh va qatlamlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular o‘zaro farqlanadigan, ba’zan bir-biriga zid bo‘lgan manfaatlarga ega. Aynan mana shu manfaatlar o‘zga xalqlar, turli mintaqalar, davlatlarning aholisi yoki ijtimoiy guruhlar ongiga, turmush tarziga ta’sir o‘tkazish, ularni bo‘ysuntirish uchun yo‘naltirilgan maqsadlarni shakllantiradi. Bundan ko‘zlangan asosiy maddao esa muayyan joydagi kishilarga iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va diniy qarashlarni singdirish orqali o‘z manfaatlarini ta’minlashga intilishdir. Bunday ta’sir o‘tkazishning tinch yo‘li ko‘zlangan maqsadga olib kelmaganda boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashish, mavjud vaziyatni ataylab keskinlashtirish, kuch ishlatish yo‘li bilan bo‘lsa ham, ijtimoiy beqarorlikni yuzaga keltirishga harakat qilinadi. Bugungi dunyoning mafkuraviy manzarasiga nazar tashlansa, aksariyat ilg‘or davlatlarda umuminsoniy qadriyatlar va demokratik tamoyillarga asoslangan mafkuralar amal qilmoqda. Ularda tinchlik va taraqqiyot, inson va jamiyat kamolotiga xizmat qiladigan umuminsoniy g‘oyalar ustuvordir. Shu bilan birga, inson ongida yangicha dunyoqarash va tafakkur tarzi shakllanayotgan hozirgi davrda muayyan kuchlarning mafkura maydonida hukmronlik qilishga, o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga qaratilgan intilishi kuchayib bormoqda. Tajovuzkor millatchilik va shovinizm, neofashizm va terrorizm, irqchilik va ekstremizm mafkuralari shular jumlasidandir.

Globallashuv jarayonida yuzaga kelgan muammolardan yana biri – bu, milliy-ma’naviy o‘ziga xoslikni saqlab qolgan holda kirib kelayotgan begona madaniyatning jamiyat taraqqiyoti talablariga mos keluvchi ijobiy tomonlarini qabul qilishdagi ma’naviy saviyani ko‘tarish, barcha tashqi ta’sirga hushyorlik immunitetini hosil qilishdir. Shu o‘rinda aytish joizki, yuz berayotgan va yuz berishi mumkin bo‘lgan ayrim salbiy holatlar uchun globallashuv hodisasining o‘zi aybdor ham, javobgar ham emas. Aksincha, bu ko‘proq sub’ektiv omillar faoliyati bilan bog‘liq hodisa. Shu sababli ham ko‘r-ko‘rona yot madaniyatni targ‘ib qilish harakatlarini chegaralash zarur, ya’ni madaniy va ma’naviy globallashuv sohasida tollerantlikka ortiqcha izn berib bo‘lmaydi.

Umuman olganda, barcha tadqiqotchi olimlar global o‘zgarishlar faqat iqtisodiy omillar bilangina chegaralanmasdan, madaniy o‘ziga xosliklarga ta’sirini albatta o‘tkazishini ta’kidlaydilar, biroq ushbu ta’sir doirasi to‘g‘risida har xil munosabat bildiradilar. Ba’zilari yangi texnologiyalarning keng tarqalishini qo‘llab-quvvatlaydilar, bu bilan globallashuv jarayoni barcha salbiy oqibatlarning oldini olishga qodir deb hisoblaydilar. Farb tsivilizatsiyasining yutuqlaridan hayratlangan boshqalar esa globallashuv faqatgina ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi degan fikrda. Ushbu toifadagi tadqiqotchi va olimlar bu o‘rindagi madaniy o‘ziga xoslikni qoloqlik, kambag‘allik, taraqqiyotdan voz kechish kabi tushunchalarning sinonimi sifatida baholaydilar. Uchinchi bir guruhdagilar esa global o‘zgarishlarda katta tahdid mujassam ekanligini ta’kidlaydilar.

Mamlakatimizdagi iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ma’naviy islohotlar globallashuv jarayoni kengayib va chuqurlashib borayotgan bir sharoitda amalga oshirilmoqda. Bu jarayon bilan bog‘liq bir qator vazifalar mavjud bo‘lib, ulardan biri – globallashuv natijalaridan davlatimiz manfaatlari yo‘lida foydalanib, ularni jamiyatimizning barqaror taraqqiyotiga xizmat qildirishga erishish hamda O‘zbekiston globallashuv jarayonida kuzatuvchi bo‘lib emas, uning faol ishtirokchisi va unga ta’sir eta oluvchi sub’ekt sifatida qatnashishini ta’minlashdan iborat.

2

Islom dinining jamiyat hayotidagi o‘rni va salmog‘i xususida va  diniy e’tiqodning qayta tiklanishi bilan bog‘liq tadbirlar ilmiy izlanuvchilar tomonidan keng yoritilgan. Dinning bugungi va ertangi mavqeining taqdiri to‘g‘risida mulohazalarni bayon etish ichki ishlar idoralari xodimlari uchun muayyan metodologik ishlanma yoki konsepsiya vazifasini ham o‘tashi mumkin.Umuman, din hozirgi sharoitda muhim ijtimoiy-madaniy hodisadir. Dinning jamiyat ma’naviy-ma’rifiy hayotida tutgan o‘rnini bilish uchun uning jamiyat va shaxs hayotida qanday o‘rin egallashini, dinning davlatga va shaxsning dinga munosabatini tarixan qanday o‘zgarib borganligini ilmiy tahlil qilish lozim bo‘ladi. Ilmiy jihatdan Karaganda, dinining jamiyat hayotiga ta’sir etish jarayonini tarixan ikki tendensiya asosida tahlil etish mumkin. Bular - sakralizatsiya va sekulyarizatsiya tendensiyalari.


Sakralizatsiya (lotinchada sacer - muqaddas degan ma’noni anglatadi) deganda ijtimoiy hayotni, ijtimoiy institutlarni, kishilar hayoti va ongini muayyan diniy e’tiqod doirasida talqin qilish va izohlash tushuniladi. Sakralizatsiya Sharq va G‘arb madaniyatida turlicha qiyofada va mazmunda rivojlangan. O‘zbekistonda sakralizatsiya islom dini an’analarini jamiyat va inson hayotining barcha sohalarini mutlaq zabt etish, har qanday urf-odat, an’ana, udum va odatlarga diniy qiyofa berish va jamiyatni boshqarish ishlarini ham ilohiylashtirishda kuzatish mumkin. Masalan, o‘zbek madaniy merosini diniy va dunyoviy tomonlarga bo‘lish qiyin. Hatto ilmiy taraqqiyot ham diniy qobiqda rivojlanib kelgan. Diniy element jamiyat va kishi hayotiga shunchalik chuqur o‘rnasha olganki, undagi har bir xatti-harakat udum va marosimda dunyoviy element bilan uyg‘unlashib ketgan. Shuning uchun hozirgi o‘zbek kishisining mentaliteti diniy elementni yadro sifatida o‘z hayoti doirasida ushlaydi. Din taraqqiyoti tarixan dunyoviy taraqqiyot bilan teng kechgan, unga doimo moslashib kelgan. Hozirgi kezlarda din hatto dunyoviy taraqqiyotga ta’sir etish yoki yetakchi bo‘lishga ham da’vo qilmoqda. G‘arb madaniy an’analarida sakralizatsiya hodisasi Sharq madaniy taraqqiyotidan tubdan farq qiladi. G‘arbda sakralizatsiya jarayoni tarixan klerikalizatsiya (lotinchada clericalis - cherkovda oid degan ma’noni anglatadi) hodisasini yuzaga keltirgan. Klerikalizatsiya nafaqat shaxsiy va ijtimoiy hayotni tashkillashtirishni boshqargan, balki bu holatni g‘oyaviy asoslarini ham yaratgan. O‘rta asrlarda bu jarayon o‘zining yuqori nuqtasiga yetgan G‘arb ijtimoiy hayotida cherkov huquqiy va siyosiy institut mavqeini egallagan. Diniy qoidalardan chetlashish yoki chekinish cherkov tomonidan salbiy baholangan. Bu hodisani yaxshiroq tasavvur qilish uchun hurfikrlilik va dunyoviy tafakkur tarafdorlarini jismonan yo‘q qilishga qaratilgan mash’um inkvizitsiya hukmlarini eslash kifoya. Klerikalizatsiya o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda ham kuzatilgan. Insoniyat merosiga beqiyos hissa qo‘shgan, tabiatshunoslik ilmini antik davrdan so‘ng sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga uringan G‘arb tabiatshunos olimlaridan Jordano Bruno, Nikolay Kopernik, Galileo Galiley va boshqalar singari Sharqda ilmiy tafakkur zahmatkashlari Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino va ayniqsa Mirzo Ulug‘bek dunyoviy ilmlarni rivojlantirishga uringanliklari uchun din peshvolari tomonidan ta’qib qilinganlar, ko‘plab G‘arb olimlari esa o‘rta asrlarda qatl etilganlar, Jordano Bruno, Ariel Akosto kabi siymolar esa diniy e’tiqodga shak kel- tirganliklari uchun Rim katolik cherkovining hukmi bilan tiriklayin o‘tda kuydirilganlar. Bu davrlarda fan dinga bo‘ysundirilgan, falsafa va etika fanlari esa diniy e’tiqod normalarini ijtimoiy voqelikda mustahkamlanishiga xizmat qilar edi. Insonning oilaviy hayoti, bolalar tarbiyasi, oila-nikoh munosabatlari G‘arbda cherkov tomonidan nazorat etilsa, Sharqda esa islom dini misolida shariat qonunlari (musulmon huquqi) asosida tartibga solib turilar, jamiyat va insoning har bir xatti- harakatiga ilohiy tus berilar va yagona Olloh amriga bog‘lanar edi. Sakralizatsiya Sharq mamlakatlari (musulmonchilik tarqalgan davlatlar)da xarizmatik hokimiyat mavqeiga ega edi. Podshoh, sulton, amir yoki xon bir vaqtning o‘zida ham dunyoviy ishlar, ham diniy ishlar bo‘yicha mas’ul edi. Qozi, hokim kabi boshqa amaldorlar odatda din nomidan ish ko‘rar edilar. Podshoh Ollohning yerdagi noibi, ya’ni vakili degan aqida xalq orasida keng tarqalgan edi. Podshohning amri vojib, ya’ni Ollohning amri kabi so‘zsiz bajarilishi lozim, degan fikr omma ongiga singdirilar va din peshvolari tomonidan tashviq qilinar edi. Sakralizatsiya Sharq tasavvur falsafasida, ayniqsa so‘fizmda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, so‘fizm falsafasining yirik namoyandalaridan biri Ahmad Yassaviy ta’limoti to‘la-to‘kis dunyoviy hayotni ilohiy hayotga bo‘ysundirishga qaratilgan bo‘lib, inson hayotining mazmunini Olloh muhabbatiga erishish, u bilan uyg‘unlashish deb biladi. Sakralizatsiya diniy fanatizm va dogmatizmning yo‘ldoshi hamda dunyoviy tafakkurga zid tendensiyadir. Sakralizatsiyaga qarama-qarshi tamoyil (tendensiya) sekulyari- zatsiyadir. Sekulyarizatsiya (lotinchada - dunyoviy degan ma’noni angla­tadi) diniy e’tiqodning jamiyat va kishi hayotining barcha sohalaridagi mutlaq hukmronligiga barham berish, hokimiyatni din ta’siridan xalos qilish, dunyoviy taraqqiyot yo‘liga o‘tish kabilarni anglatadi.
Sekulyarizatsiya jarayoni din va diniy tashkilotlarning jamiyat hayotidagi o‘rnining o‘zgarishi, dinning davlatdan ajralishiga olib keladi. «Sekulyarizatsiya» atamasi ilk bor 1646 yilda Vesfal sulhini tuzish uchun yuborilgan fransuz vakili Longvil tomonidan o‘zaro muzokaralarda hamda cherkov mulkini davlat va shaxs hisobiga musodara qilish, milliylashtirish jarayonini ifoda etish uchun ishlatilgan. Ma’lumki, o‘rta asrlarda cherkov va ruhoniylar yirik yer egasi edilar. Ularga jamiyat mulkining juda katta qismi tegishli bo‘lgan. Ijtimoiy taraqqiyot sekulyarizatsiya jarayonini tezlashtirgan. G‘arbda Reformatsiya davrida (taxminan XIV asr o‘rtalari va XVII asrning boshlarini o‘z ichiga oladi) davlatning cherkovdan qaramligi zaiflashgan. Sekulyarizatsiya bu davrda ko‘proq yuridik atama sifatida ijtimoiy mulkni cherkov tasarrufidan davlat va xususiy shaxslar tasarrufiga o‘tish jarayonini ifodalash uchun ishlatilgan. Sekulyarizatsiya jamiyatning siyosiy sohasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. XVIII asrlardan boshlab davlat cherkovga qaram bo‘lmay, o‘zining ichki va tashqi siyosatini mustaqil yurgizish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bu ayniqsa ta’lim-tarbiya sohasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Diniy o‘quv dargohlari bilan birga dunyoviy maktablar, gimnaziya va universitetlar paydo bo‘lgan. Dunyoviy bilimlar va tabiatshunoslik ilmi gurkirab rivojlangan, fan-texnika taraqqiyotiga keng yo‘l ochilgan. Ayniqsa G‘arb mamlakatlari tomonidan yangi yerlarning ochilishi, bir necha geografik kashfiyotlar jamiyatda sekulyarizatsiya jarayonini yanada mustahkamlagan va XVIII asrning oxirlariga kelib qator Yevropa mamlakatlarida kapitalistik munosabatlarning rivojlanishiga olib kelgan.
Garchi qator tabiiy fanlarga o‘rta asr Sharq mutafakkirlari asos solgan va rivojlantirishga hissa qo‘shgan bo‘lsalar-da, jamiyatning sekulyarizatsiya qilinishi, dinning dunyoviy ishlaridan chetlashtirilishi G‘arb mamlakatlarida ijobiy natija bergan. R. Dekart, I. Nyuton, E. Mayer, CH. Darvin, Gumbold kabi G‘arb olimlari tabiatshunoslik sohasida salmoqli natijalarga erishganlar. Bu esa G‘arbda fan va texnikaning mislsiz tez rivojlanishi uchun asos bo‘lgan. Sekulyarizatsiya davlatni dindan, maktabni esa cherkovdan ajratgan, ularning bir-biridan mustaqil tarzda rivojlanishiga olib kelgan. G‘arbdan farqli o‘laroq, Sharqda jamiyat hayotida islom dinining cheksiz hukmronligi va davlat ishlariga aralashuvi o‘rta asrdagi ilmiy taraqqiyotni yangi tarixiy davrlarda davom etishiga to‘sqinlik qilgan. Fojia shundaki, dunyoviy ilm Sharqda turg‘un holatda qoldi. Bu esa ijtimoiy tuzumni ham o‘rta asrlarga xos monarxistik bo‘lishligiga, avtoritarizm bilan bog‘liq xarizmatik hokimiyat boshqaruviga keng yo‘l ochdi. Hozirgi G‘arb bilan ayrim Sharq mamlakatlari, aniqrog‘i, xristian va islom submadaniyatlari o‘rtasidagi notekis ijtimoiy va ilmiy-texnikaviy taraqqiyot sekulyarizatsiya jarayonini Sharqda kechikkanligi natijasida sodir bo‘lgan deb izohlash mumkin. Sekulyarizatsiya prinsipi mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonuni bilan huquqiy kafolatlangan. Ta’kidlash joizki, ayrim G‘arb olimlari sekulyarizatsiyani ateizm, ya’ni dahriylik bilan aralashtirib yuborishadi. Aslida esa sekulyarizatsiya va ateizm boshqa-boshqa tushunchalardir. Ateizm to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni qat’iy ravishda diniy e’tiqodni inkor etadi, ilmiy materialistik dunyoqarashni yoqlab chiqadi. Ateizm tarafdorlariga G‘arbda L. Feyerbax, K. Marks, F. Engels, E. Fromm, F. Nitsshe, Jan Pol Sartr, A. Kamyu singari olimlar kiradi.
Sekulyarizm esa dinga nisbatan birmuncha yumshoq munosabatda bo‘ladi, fan va dinning hur rivojlanishi, o‘zaro tolerant (hamjihat)lik mavjudligining tarafdori bo‘lib chiqadi. Sekulyarizatsiya, bir so‘z bilan aytganda, jamiyat hayotida ijobiy ahamiyatga ega sanaladi. Uzil-kesil aytish mumkinki, hozir O‘zbekistonda sekulyarizatsiya prinsipiga rioya qilinmoqda. Bu rasmiy, davlat siyosati darajasida namoyon bo‘lmoqda. Davlat siyosati sekulyarizatsiya prinsipini maf- kuraviy vositalar yordamida shaxs va jamiyat ongiga singdirmoqchi bo‘ladi hamda turli tadbirlarni amalga oshiradi. Lekin aholining aksariyat qismi sekulyarizm prinsipini qabul qilmaydi. Buning sababi sekulyarizmni ateizm bilan almashtirib yuborishi, sekulyarizmning hayotbaxsh salohiyati, dunyoviy demokratik jamiyat qurish hamda inson huquq va erkinliklari kafolati uchun qanchalik muhim ekanligini barcha ham birday anglay olmasligidadir.
O‘zbekiston tanlagan taraqqiyot yo‘li - dunyoviy demokratik yo‘l. Sekulyarizm bu taraqqiyot uchun muayyan darajada metodologik ahamiyatga ega. Lekin sekulyarizm ommaviy ongga birdaniga o‘rnasha olmaydi. Buning sabablari turlicha. Masalan, islom dini tarixan dunyoviy hayotga nafaqat moslasha oladi, balki diniy va dunyoviy tafakkur birligida ustuvor mavqega ham ega bo‘ldi. Sho‘ro tuzumi ateistik mafkura bilan go‘yoki sekulyarizmni ijtimoiy voqelikda qaror toptirmoqchi bo‘lgan va dinni quvg‘in qilgan. Biroq ateizm mafkurasi islom dinini insonlarning turmush tarzi va tafakkur vositasiga tarixan aylanib qolganligini hisobga olmagan. Shuning uchun ham dahriylik mafkurasi rasman tan olingan bo‘lsa-da, hayotda qaror topa olmagan. Xo‘sh, keyingi ijtimoiy taraqqiyotda, jamiyat hayotida din qanday o‘rin tutadi va qanday ahamiyatga ega hamda sekulyarizmning tarixiy taqdiri nimalarga bog‘liq, degan savollar tug‘iladi. Dinning hozirgi zamon ijtimoiy hayotda, xalqaro munosabatlarda, madaniy hayotdagi mavqeidan kelib chiqqan holda ta’kidlash joizki, din bundan keyin ham kishilarni o‘zaro hamjihatlikka, tinchlikka, ezgulikka undovchi omil bo‘lib qolaveradi.
XX asr va XXI asr boshlarining ko‘zga ko‘ringan ruhoniylaridan biri, xalqlar uchun kurashga katta hissa qo‘shgan arbob, xalqaro Nobel mukofoti sovrindori, lamaizm dinining yetakchisi Dalay-lama XIV dinning zarurligi haqida quyidagi fikrlarni bayon etgan: «texnika hech qachon insonlarga oliy baxt keltirmaydi. Texnikaviy vositalar faqat jismoniy qoniqish beradi, agar u tufayli ba’zi hollarda ma’naviy qoniqishga erishish imkoni paydo bo‘lsa-da, u davomiylik kasb etmaydi. Boshqa tomondan qaralsa, agar inson faqat ma’naviy sohadan baxt izlasa, u jismoniy yo‘qotishlarda unchalik kuchli iztirob chekmaydi. Jahonning barcha dinlari aql beboshligini tizginlashga birdek da’vat etadi, chunki barcha baxtsizliklarning ildizi shundadir. Har bir din mo‘minlik, itoatkorlik va donishmandlik xos bo‘lgan shunday ruhiy holatga da’vat etadi va unga erishish yo‘lini ko‘rsatadi» .
Din axloqiy tarbiya sohasida muhim ahamiyatga ega vazifani bajaradi. Biroq dinni siyosiy maqsadlar uchun niqob qilib olish, diniy davlat barpo etish vositasida yana o‘rta asr sakralizatsiya tendensiyasini ijtimoiy hayotda tiklashga urinish dunyoviy qadriyatlarga asoslangan konstitutsiyamiz va amaldagi qonunlarimizga ziddir. Eng asosiysi, dunyoviy taraqqiyot yo‘lini tanlagan xalqimiz diniy e’tiqodni chuqur hurmat qilgan holda dunyoviy yaratuvchanglik faoliyatini afzal ko‘rdi. Chunki jahon hamjamiyatining eng ilg‘or mamlakatlari faqat dunyoviy tafakkur orqali fan-texnika va ijtimoiy sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqdalar. Yosh mustaqil O‘zbekiston davlati ham shu yo‘lni ma’qul ko‘rdi va dunyoviy taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasida demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurish vazifasining muvaffaqiyatli hal etilishi ko‘p jihatdan dinga va dindorlarga nisbatan olib borilayotgan siyosatga ham bevosita bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida vijdon erkinligining mustahkamlanishi, ijtimoiy munosabatlar sekulyarizm prinsipi asosida rivojlanishining qayd etilishi, fuqarolarning diniy huquq va erkinliklarining kafolatlanishi fikrimizning yaqqol isbotidir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1998 yilda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi» qonun Kons- titutsiyada belgilangan huquq ijodkorligi sohasidagi umumiy vazifalarni aniqlashtirdi, diniy tashkilotlar va dindorlar faoliyati bilan bog‘liq masalalarning ijodiy hal etilishi namunasi vazifasini o‘tadi. Ammo bu sohada muammolar to‘liq hal qilindi, degan fikr masalaga yuzaki munosabatda bo‘lishni va oqibati jamiyat uchun xavfli bo‘lgan hodisalarni vujudga keltirishi mumkin. Respublikamizda diniy tashkilotlar va fuqarolarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq muammolar faqatgina din sohasidagi mavjud muammolar bilan cheklanmaydi, balki masalaga kompleks yondashuvni talab qiladi.
Download 24.09 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling