Ulug‘bek Muhammad Tarag‘ay(1394-1449) - A.Temurning nabirasi, Shohruhning o‘g‘li, 1409-49 yy. Movarounnahrda podsholik qildi, ilm-fan, madaniyat rivojiga, mamlakatning iqtisodiy ravnaqiga katta hissa qo‘shdi, 1428 y. Fulusiy pullar islohotini o‘tkazib, chaqa pullar qadrini mustahkamladi, «Tamg‘a» bojiga alohida e’tibor berdi, uning podsholik davrida mamlakatda ichki va tashqi savdo o‘sdi.
Alisher Navoiy (1441-1501) - temuriylardan, shoir, davlat arbobi sifatida iqtisodiyot masalalariga katta e’tibor bergan. «Mahbub-ul-qulub» asarida dehqon, hunarmand va savdogarlar faoliyatiga alohida baho beradi, uning fikrlarida almashuv zarurati ko‘rsatilgan, kapital tushunchasining elementlari bor.
Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) - Andijon, Qobul va Hindiston hukmdori, «Boburnoma», «Mubayyin» asarlarida soliq siyosati, masalan, zakot to‘g‘risida qimmatli g‘oyalari berilgan. Eng muhimi, daromad oshgan sari soliqning kamayib borishining ahamiyati tushuntiriladi. Savdo va ayniqsa tashqi munosabatlarga katta e’tibor bergan.
Tomas Mor (1478-1535) - ingliz olimi. «Utopiya» (1516) asarida xayoliy sotsializm g‘oyalari berilgan, «qo‘ylar odamlarni yeb qo‘ydi» iborasining muallifi (dehqonlarning o‘z yerlaridan mahrum qilinishi). «Utopiya» so‘zi yunoncha «u-» /yo‘q/ va «topos» /joy/ so‘zlaridan tashkil topgan, ya’ni bu so‘zning ma’nosi «o‘zi yo‘q joy»dir.
Tommazo Kampanella (1568-1639) - italyan iqtisodchisi, Italiyadagi og‘ir iqtisodiy ahvolni ko‘rgan. «Oftob shahri» (1602 yilda yozilib, 1632 yilda chop etilgan) kitobida umumiy mulkchilik, mehnat asosida xayoliy sotsializm g‘oyalari rivojlantirilgan.
Merkantilizm - italyancha so‘z bo‘lib, savdogar degani, feodalizmning yemirilishi va ilk kapitalizm davridagi dastlabki bozor iqtisodiy maktabi; ilk merkantilizm (monetarizm) va rivojlangan merkantilizm davrlariga bo‘linadi; boylikning asosi muomala (savdo)da yuzaga keladi, degan g‘oya ilgari surilgan.
Antuan Monkreten (1565-1621) - fransiyalik iqtisodchi, birinchi bo‘lib «siyosiy iqtisod» tushunchasini kiritgan, merkantilizmni, savdo rivojini qo‘llagan, dvoryanlarning zeb-ziynatga berilishini qoralagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |