Jan Batist Kolber (1619-1683) - Fransiya qiroli Lyudovik XIV davrida moliya vaziri bo‘lgan, merkantilizmni jon-jahdi bilan qo‘llagan, uning davrida agrar sohaga e’tibor kamaygan, kolbertizm siyosatining muallifi. Bank, sanoat va savdo rivojiga hissa qo‘shgan.
Kameralistika - merkantilizmning Germaniyadagi shakli. Bu g‘oya tarafdorlari yirik feodallar xo‘jaliklarini boshqarish masalasini yuqori qo‘yadilar va buni idora doirasida hal qiladilar.
Jon Lou (1671-1729) - asli shotlandiyalik, ammo ko‘proq Fransiyada ijod etgan. Merkantilizmning bir oqimini, ya’ni korxonalar va savdo haqiqiy boylikdir, degan g‘oyani ilgari surgan. Bank, aksiya, obligatsiya va qimmatli qog‘ozlar sotish yo‘lini tutgan. Hozirgi «piramida» usulining muallifi. Oxir-oqibatda inqirozga uchradi (Moskvadagi «MMM» va boshqa shu kabi aksioner jamiyatlarining ibtidosi). Banklarning ijobiy tomonini ko‘ra bildi.
XVII asrning o‘rtalarida (1640-1660) Angliyada burjua inqilobi bo‘lib o‘tdi, feodalistik munosabatlar sinib, kapitalistik munosabatlar shakllana boshladi.
Manufaktura - italyancha «qo‘l mahsuloti» degani, mehnat taqsimoti, qo‘l hunarmandchiligi va yollanma mehnatga asoslangan oddiy kapitalistik kooperatsiyadan keyingi ikkinchi bosqich. XVI asrning o‘rtalarida paydo bo‘ldi, sanoat to‘ntarilishiga, ya’ni fabrikaga zamin tayyorladi. A.Smit tomonidan eng mukammal korxona turi deb hisoblangan.
Petti Vilyam (1623-1687) - Angliya klassik iqtisodiy maktabining asoschisi, merkantilizmni inkor etgan, boylikning asosi ishlab chiqarishda, degan fikrni ilgari surgan, «mehnat boylikning otasi, yer esa uning onasidir» degan iborani qo‘llagan. Kapitalistik tuzumni tabiiy va abadiy deb hisoblagan. Tovarning almashuv qiymatini tan olgan. Statistika («Siyosiy arifmetika») faniga asos solgan. Aholiga boylik yaratuvchi sifatida qaradi.
Buagilber Per (1646-1714) - Fransiya klassik iqtisodiy maktabining asoschisi. Agrar sohaning rivojiga e’tibor berdi, kolbertizmga qarshi kurashdi, soliq tizimni islohqilishni taklif etdi. Pulga «buyuk yovuzlik» deb qaradi. Qiymatning iste’mol shaklini tan oldi, savdo va sanoatni to‘g‘ri baholamadi. Erkin savdo, proporsional baholar tarafdori bo‘ldi va erkin raqobatni qo‘llab-quvvatladi.
Fiziokratlar - yunoncha «tabiat» va «hokimiyat» so‘zlaridan tashkil topgan bo‘lib Fransiyadagi klassik siyosiy iqtisod namoyandalari F.Kene, A.R.Tyurgo va boshqalar fiziokratizmga asos soldilar. Tadqiqot mavzuini muomala sohasidan (merkantilizm) ishlab chiqarish sohasiga ko‘chirdilar; erkin savdo tarafdorlari edilar. Fermerlar, qishloq xo‘jaligi mamlakat ravnaqining asosi deb hisoblanadi.
Kene Fransua (1694-1774) - fransiyalik fiziokratizm oqimining asoschisi, «Tabiiy tartib konsepsiyasi», «Sof mahsulot» «Unumli mehnat» to‘g‘risidagi ta’limotni yaratdi. O‘zining «Iqtisodiy jadval»ida takror ishlab chiqarishni va sinflarni tahlil etdi, kapitalga (doimiy va aylanma) izoh berdi. Almashuv ekvivalentligi ta’limotini ilgari surdi, unda boylik yaratilmasligini isbotladi. Boylik yaratishda tabiatning ishtirokini tan oldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |