Grammatikaning tarkibiy qismlari, o‘rganish obyekti
Download 27.34 Kb.
|
14. Grammatikaning tarkibiy qismlari
- Bu sahifa navigatsiya:
- Grammatika va milliylik, milliy mafkura.
- Grammatik ma’no haqida umumiy tushuncha.
Grammatikaning tarkibiy qismlari Grammatikaning tarkibiy qismlari, o‘rganish obyekti. Grammatika deganda tor ma’noda morfologiya va sintaksis yaxlitligi, keng ma’noda tilning barcha qurilish sathi tushuniladi. Aytilganidek, grammatika tilning so‘z o‘zgartirish va so‘z biriktirish qoidalari haqida bo‘lib, bunda so‘z o‘zgartirish doirasida so‘zshakllari, so‘zshakllarini hosil qiluvchi grammatik kategoriya va o‘zgarishi asosida farqlanuvchi so‘zning grammatik guruhi – so‘z turkumi hamda bu hodisalarning mahsuli bo‘lmish so‘z birikmasi va gap bir vujudning ikki tomoni sifatida ajraladi. Bu o‘z-o‘zidan ularni o‘rganuvchi ikki soha – morfologiya va sintaksisni farqlashni ham taqozo qiladi. Morfologiyaning obyekti so‘zning o‘zgarish bilan bog‘liq, ya’ni morfologik strukturasi. So‘zning morfologik strukturasi-grammatik morfema, grammatik morfema sistemasi - morfologik kategoriya, so‘zning o‘zgarish asosidagi sistemasi (masalan, kitob, kitobning, kitobni, kitobga, kitobda, kitobdan [kitob]leksemasining kelishik kategoriyasi asosidagi o‘zgarish sistemasi), so‘zshaklning hosil bo‘lish yo‘l va usuli, vositasi, bu vositalarning turlari. Grammatika va milliylik, milliy mafkura. Til va tafakkur, milliy til va milliy ruh ajralmas. Har bir tilning grammatik qurilishi ma’lum me’yorga, qonun-qoidaga ega bo‘lib, bu shu tilda so‘zlashuvchi kishilarning ijtimoiy ruhiyati bilan belgilanadi. Shu boisdan nazariy tilshunoslik asoschisi Vilgelm Humboldt bundan qariyb ikki asr ilgari har qaysi tilning o‘z sistemasi bo‘lib, tilni tadqiq qilishni shundan boshlash kerak degan edi. Grammatikada aks etuvchi milliylikni uning har ikki tarkibiy qismi - morfologiyada ham, sintaksisda ham kuzatish mumkin. Tilshunoslikda u shunday sharhlanadi. Ma’lumki, o‘zbek tilida so‘zning o‘zak-negizi mustaqil holda ma’no anglatadi va lug‘atlarda grammatik shaklsiz beriladi. Jumladan, fe’lning o‘zak-negizi lug‘aviy, grammatik va kommunikativ ma’no ifodalab, asosiy va qo‘shimcha tushunchadan tashqari fikr ham bildiradi. Shunga ko‘ra, u asosiy tushuncha ifodalab, lug‘aviy unsur (leksema), qo‘shimcha tushuncha bildirib, grammatik shakl (so‘zshakl), fikr ifodalab kommunikativ birlik (gap) vazifasini bajaradi. Masalan, (ot), (ishla) fe’llarining lug‘aviy ma’nosi harakatni bildirish bo‘lib, grammatik ma’nosi fe’l ekanligi. Ular grammatik shakllanmasdan ham lug‘aviy ma’no ifodalay oladi. Boshqa qurilishga mansub bo‘lgan rus tilida fe’lning o‘zak-negizi (pis-, prochita-) bunday xususiyatga ega emas. O‘zbek tilidagi gapning minimal qolipi kesimga to‘g‘ri keladi. Rus tilida esa ega va kesim birligi gapning minimal qolipiga muvofiq. Milliy fanda milliy mafkura aks etadi. O‘zbek tilshunosligi milliy fan bo‘lib, u ham o‘zida milliy mafkura va milliy g‘oyani aks ettirish bilan birgalikda, uni targ‘ib qiluvchi vositalar sirasidan ham o‘rin oladi. Grammatik ma’no va grammatik shakl.Grammatik kategoriyaGrammatik ma’no haqida umumiy tushuncha. Ma’lumki, grammatik ma’no ifodalashning turli vositasi mavjud. Masalan, fonetik, leksik, morfologik va sintaktik vosita shular jumlasidan. Demak, grammatik ma’noni faqat so‘z yoki so‘zshaklga nisbat berish ma’qul emas. Nutqni shakllantiruvchi barcha lisoniy birlik grammatik ahamiyat kasb etishi mumkin. Grammatik ma’no deganda til (fonetik, leksik, morfologik va sintaktik) birliklarning nutqni shakllantiruvchi umumlashma abstrakt ma’nolari tushuniladi. Ta’rifni qisqacha sharhlaymiz. Ko‘rinadiki, ta’rifda uch muhim unsur mavjud. Ular quyidagilar: grammatik ma’noning barcha til birliklariga xosligi; bevosita (!) nutqni shakllantirishi; d) umumlashma va abstraktligi. Keyingi mavzularning birida grammatik ma’no ifodalash usullari haqida fikr yuritganda grammatik ma’no ifodalashning barcha til birliklariga xosligini anglab yetasiz. Grammatik ma’noning bevosita nutqni shakllantirishi deganda shuni tushunish lozimki, lisoniy birlik grammatik ma’nodan xoli qilinsa, u nutq uchun tayyor bo‘lmay qoladi. Masalan, [bola] leksemasining lug‘aviy ma’nosi nutqqa grammatik ma’no vositasida kiradi. Uning kelishik, son, subyektiv baho, hokim yoki tobe uzvlik, qaysi gap bo‘lagi ekanligi kabi grammatik ma’nolari lisoniy sathda yo‘q. Demak, leksema lug‘aviy ma’nosi ustiga ana shu grammatik ma’no qavatlansa, u nutq tarkibiga kira oladi. Grammatik ma’no umumlashma tabiatga ega deganda uning juda ko‘p lisoniy birliklarga birday tegishli, umumiy ekanligi nazarda tutiladi. Masalan, «ot», «sifat», «son» grammatik ma’nosi juda katta miqdordagi so‘zlar uchun umumiy. Lug‘aviy ma’no (semema) har bir leksemada o‘ziga xos va yakka, xususiy bo‘lsa, grammatik ma’no bir turdagi juda ko‘p leksema uchun umumiy. Grammatik ma’noning abstraktligi deganda uning bevosita kuzatishda berilmaganligi nazarda tutiladi. Grammatik ma’no morfologik sathda so‘zlarning umumiy ma’nosi bo‘lgan so‘z turkumlari (masalan, otlarda umumiy predmetlik, fe’llardagi jarayonlilik), shuningdek har bir so‘zshaklning ma’lum bir morfologik kategoriya doirasida qarama-qarshi qo‘yiluvchi ma’nosi (masalan, zamon, shaxs-son egalik, kelishik) sifatida yuzaga chiqsa, sintaksis doirasida predikativlik, so‘z birikmasidagi hokim va tobe uzvlarning, gap bo‘laklarning bir-biriga o‘zaro munosabati sifatida namoyon bo‘ladi. Keng ma’noda so‘z yasalish hodisasi ham grammatik ma’noga daxldor Chunki yasalish natijasida so‘zning turkumlardagi o‘rni o‘zgarib ketadi. Bu esa ularning yangi grammatik tabiat kasb etganligini ko‘rsatadi. Download 27.34 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling