Guliston – 2008
SO’Z BOSHI
1. 1. O’quv fanining asosiy maqsadi talabalarni ham tilshunoslik asoslari, ham olamning milliy lisoniy manzarasi bilan tanishtirish. O’zbek tili grammatik qurilishining turkona tabiatini boshqa tillar bilan chog`ishtirish vazifasi ham turadi. Mazkur kurs talabalarni tilning eng zarur, boshlang`ich tushunchalari bilan tanishtiradi. Turli til hodisalari, til va nutq farqlanishi, til va jamiyat tushunchalari, tilshunoslikning turli sathlari va ular orasidagi bog`lanishlar bo’yicha umumiy ma’lumot beriladi.
1. 2. Talabalarning bilim va ko’nikmalariga qo’yiladigan talablar:
1) ona tili imkoniyatlari zaminida til haqidagi fanning nazariy asoslarini bilish;
2) tilning falsafiy masalalarini tushunib anglash;
3) til va tafakkur munosabatlarini o’rganish;
4) tilshunoslik sohalari va ularning bog`liqligini tushunish;
5) tilning paydo bo’lishi haqidagi talqinlarni bilish, ularni ilmiy asoslash;
6) jamiyat va til taraqqiyoti munosabatini anglay olish;
7) turli tillarni oilalarga guruhlay bilish;
8) Imlo savodxonligiga erishish.
1.3. O’quv fanining boshqa fanlar bilan aloqadorligi. Bu fan falsafa bilan chambarchas bog`liq. Falsafaning asosiy kategoriyalari bilan ish ko’radi. Til hodisalarini UMIS (umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab) va YAHVO (yakkalik, hodisa, voqelik, oqibat) dialektik kategoriyalari tadbiqi asosida o’rganadi. Tilshunoslikning tarix bilan aloqadorligi tilning lug`at tarkibi, uning jamiyat tarixi bilan bog`liqligida ko’rinadi. Tilshunoslikning adabiyotshunoslik bilan aloqasi uslubshunoslikda, adabiy til tarixida bilinadi. Xullas, tilshunoslik, fiziologiya, matematika, mantiq kabi fanlar bilan ham uzviy bog`liq. Til tilshunoslikdan tashqari bir necha fanlar tomonidan o’rganilishni talab qiladigan murakkab soha.
1.4. Fanning o’qitilishidagi yangi texnologiyalar. O’quv fanining ishchi dasturi va ma’ruza matnlarining elektron variantlari universitet elektron kutubxonasida ham, fakultet hamda kafedra kompyuteri xotirasida joylashtirilgan va istagan talaba ulardan nusxa olishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |