Guruh talabasi: sherqo’ziyev salohiddin xalqaro standartlar muammosi reja


Download 35.37 Kb.
bet1/2
Sana17.06.2023
Hajmi35.37 Kb.
#1534475
  1   2
Bog'liq
Xalqaro standartlar muammosi


20.94-GURUH TALABASI:
SHERQO’ZIYEV SALOHIDDIN
XALQARO STANDARTLAR MUAMMOSI
Reja
1.Xalqaro standartlar ta`lim tizimida
2.Xalqaro standartlar muammosi
3.Ta`lim darajasidagi standartlar
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar


YAngi O'zbekistonda ta'lim tizimini tubdan o'zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos malakali kadrlar tayyorlash hamda Uchinchi Renessans g'oyasini ro'yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga etkazish maqsadida katta islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish, umumta'lim maktablari faoliyatini yaxshilash, oliy ta'lim tizimini dunyo standartlari darajasiga olib chiqish, ularni xalqaro mingtalik reytingiga kiritish, ayniqsa, o'quv yurtlariga qabul qilishda ob'ektiv va adolatli tizimni o'rnatish, nufuzli chet el universitetlari filiallarini ochish kabi ko'plab amaliy ishlar bajarilmoqda.


Mamlakatimiz ta'lim tizimi rivojiga, ayniqsa, uning dunyo standartlari darajasiga chiqishiga to'siq bo'layotgan omillar ham yo'q emas. Bu kechiktirib bo'lmaydigan jiddiy masalalar nimalardan iborat va ularni echish yo'llari qanday?
Birinchi masala davlat ta'lim standartlarining YUNESKO tomonidan qabul qilingan xalqaro ta'lim klassifikatsiyasi standartiga mos kelishi zarurati bilan bog'liq. Vaholanki, bu xalqaro standartda ta'lim sohasining barcha bosqichlariga oid me'yorlar aslida qanday bo'lishi, qay tarzda bo'lsa, yuqori natijalarga erishish mumkinligi aniq belgilab berilgan. Bizning ta'lim tizimimizda bu me'yorlar ko'zda tutilmagan. Holbuki, jahon tajribasiga ko'ra, milliy ta'lim standartlari o'z ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy xususiyatlariga ega bo'lgan davlatlar tajribasiga emas, balki xalqaro ta'lim klassifikatsiyasi standartiga asoslanishi zarur. SHunda jahon standartlari talablariga javob bera oladigan yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkoni oshadi.
Dunyoning rivojlangan davlatlari qatori O'zbekistonda ham yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida — to o'tgan asrning oxirlarigacha 1976 yilda ishlab chiqilgan xalqaro ta'lim klassifikatsiyasi standartidan foydalanib kelindi. Biroq dunyo ta'lim tizimiga kiritilgan keyingi yangiliklar natijasida ushbu asosiy kontseptual hujjat ikki marta yangilandi.
Xalqaro standartga asosan har bir ta'lim darajasi uchun ta'lim dasturlari va ularga mos ravishda malaka talablari ishlab chiqilishi ta'lim sifatining oshishiga asos bo'ladi. Ta'lim tizimini darajalarga ajratish esa uning uzluksizligi va ketma-ketligini ta'minlaydi. Bu tushuncha va tamoyillar xalqaro ta'lim klassifikatsiyasining asosiy vazifalaridan biridir.
Ta'lim tizimimiz rivoji uchun muhim ikkinchi masala — bu mamlakatimizda xalqaro va Evropa malakalar standartiga moslashgan ta'lim malakalari klassifikatsiyasi ishlab chiqish zaruratidir. Mavjudlari eski ma'lumotlarga asoslangan bo'lib, mamlakatimizdagi bugungi demokratik jamiyat amaliyotida foydalanib bo'lmaydi. e'tibor bering, yurtimizda yigirma yildan buyon oliy ta'lim bitiruvchilariga beriladigan diplomlarda kasbiy faoliyat bilan shug'ullanish huquqini beradigan, xalqaro talablarga muvofiq tegishli malaka, ta'lim darajalari, xususan kasbi, ixtisosligi va boshqalar ko'rsatilmayapti. Natijada diplomlarimiz rivojlangan davlatlar tomonidan tan olinmay kelinmoqda.
Mamlakatimizda ta'lim malakalari klassifikatsiyasi joriy etish va undan foydalanish yangi ta'lim standartlarini ishlab chiqish hamda o'quv yurtlarining ta'lim, kasbga oid dasturlarini tuzishda tayanch vazifasini o'taydi. YAna bir ahamiyatli jihati shundaki, u davlatning iqtisodiy o'sishiga hissa qo'shadigan ta'lim tizimi bilan mehnat bozorini o'zaro bog'lovchi muhim vositadir.
Uchinchi masala shuki, bizda 1997 yili qabul qilingan ta'lim klassifikatoridan foydalanib uch yuzdan ortiq bakalavriat ta'lim yo'nalishi va olti yuzdan ortiq magistratura mutaxassisligi bo'yicha kadrlar tayyorlanadi. Bizningcha, bunday tor profilli mutaxassislarni tayyorlash tez o'zgaruvchan mehnat bozori talablariga javob bermaydi. Qolaversa, bu iqtisodiy jihatdan davlat uchun manfaatli emas. Oliy o'quv yurtini bitirgan tor profilli kadrlar o'z yo'nalishi bo'yicha ish topishi qiyin. CHunki mehnat bozorida keng profilli mutaxassislarga talab doimo yuqori. Vaholanki, jahon amaliyotida 2013 yilda ishlab chiqilgan ta'lim sohasi va mutaxassisliklar klassifikatsiyasining yangi xalqaro standarti ishlatilmoqda. Unga ko'ra, saksonga yaqin ixtisoslashgan soha doirasida keng profilli mutaxassis kadrlar tayyorlash ko'zda tutilgan. SHu munosabat bilan yangi xalqaro standart asosida unga moslashgan milliy ta'lim sohasi va mutaxassisliklar klassifikatsiyamizni joriy etish hozir kadrlar tayyorlanayotgan mingga yaqin tor ixtisoslikdan qay birini tanlash kerakligini aniqlab beradi.
Bugungi kunda birgina qishloq xo'jaligining agronomiya sohasida juda ko'p tor doiradagi ixtisosliklar bo'yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Anorchilik, paxtachilik, em-xashak ekinlari, mevachilik va uzumchilik, sabzavotchilik va kartoshkachilik kabilar shular jumlasidan. Zooinjeneriya sohasida ham vaziyat shunday: asalarichilik, parrandachilik, qo'ychilik va echkichilik, qoramolchilik, yilqichilik va tuyachilik kabi o'nlab tor mutaxassisliklar bo'yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Bizningcha, ular o'rniga yangi davr talab qilayotgan keng doiradagi mutaxassis agronom yoki zooinjenerlar tayyorlansa, maqsadga muvofiq bo'ladi.
To'rtinchi masala bugun oliy ta'lim tizimimizni xalqaro ta'lim standartlariga to'la muvofiqlashtirish va integratsiyalashtirish bilan bog'liq. Amaldagi davlat ta'lim standartida ta'limning murakkabligi, kredit ko'lami va har xil ixtisoslikdagi mutaxassislarni tayyorlashning o'ziga xos xususiyatlari to'liq hisobga olinmay, ikki bosqichli oliy ta'lim tizimi (bakalavriat va magistratura) joriy etilgan. Vaholanki, xalqaro ta'lim standartlarida ikki bosqichli oliy ta'limdan tashqari, magistr darajasida mutaxassis tayyorlovchi bir bosqichli oliy ta'lim tizimi ham mavjud.
Xususan, xalqaro me'yorlarga ko'ra, tibbiyot, stomatologiya, farmatsevtika, veterinariya, arxitektura, injenerlik ishi, yurisprudentsiya va fundamental fanlar sohasida magistr darajasidagi mutaxassislar davomiyligi besh yildan kam bo'lmagan, bir bosqichli oliy ta'lim dasturi asosida tayyorlanadi. CHunki uch-to'rt yilga mo'ljallangan bakalavriat dasturi bu va boshqa ayrim mutaxassisliklar bo'yicha bilim olish hamda tanlangan soha bo'yicha ishga joylashish uchun etarli emas.
Beshinchi muhim masala maktab ta'limi bilan bog'liq. Avvalo, bugungi 11 yillik umumiy o'rta ta'lim maktablaridagi uch bosqichli ta'limda (1–4, 5–9 va 10-11-sinflar) o'ziga yarasha zamon talablariga mos me'yorlar zarur. Ayni paytda 1–9-sinflar uchun bitta ta'lim standarti ishlab chiqilgan. Har bir o'quv bosqichiga alohida ta'lim dasturlari va aniq malakaviy talablar xalqaro standart darajasida rasmiylashtirish kerak. SHunga qarab, masalan, har bir bosqichda o'quv jarayoni, mazmuni, o'qitiladigan fanlar soni, maqsadi, vazifalari, qaysi bosqich va sinfda qanday bilim berish kerakligini aniqlash mumkin.
Dunyo tajribasiga ko'ra, 10-11-sinflarda o'tiladigan hamma fanlar bo'yicha tayanch va ixtisoslashtirilgan ikki turdagi standartlashgan dasturlar yaratish bugungi kun talabidir. CHunki bu maktablarda ixtisoslashgan sinflar tashkil qilishda muhim ahamiyatga ega.
Dunyoda to'qqiz yillik tayanch o'rta maktab ta'limi majburiy bo'lib, o'qishni davom ettirishga moyilligi sustroq, lekin hunar yoki texnikaga qiziqishi yuqori yoshlarning kasb tanlashiga to'sqinlik qilinmaydi. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda kasb-hunar o'rganishiga sharoit yaratib beriladi. Ba'zi yoshlar 10-11-sinfda o'qishni davom ettirib, maktabdan tashqari vaqtda kasb-hunar maktablarining ishlab chiqarish korxonalari yoki tashkilotlarda joylashgan o'quv bazalarida dual tizim asosida kasb-hunar o'rganadi.
Qolgan o'quvchilar umumiy o'rta ta'lim maktablarining ixtisoslashgan sinflarini bitirib, texnikum va universitetlarda o'qishni davom ettiradi. Bitiruvchi yoshlarning yana bir qismi — oliy o'quv yurtlariga o'qishga kira olmagan yoki o'qishni davom ettirishni istamaganlar kasb-hunar bilim yurtlarida o'zlari qiziqqan kasbni egallab, to'g'ri mehnat bozoriga chiqadi. Hayoti davomida kasbiy ko'nikmasini takomillashtirishi, ishdan ajralmagan holda mehnat bozori talabiga qarab qo'shimcha kasblarni egallashi mumkin.
Dual tizim haqida to'xtalar ekanmiz, uning o'ziga xos talablari mavjud ekanini qayd etib o'tmoqchimiz.
Birinchidan, 10-11-sinfda o'qish maktabda o'tiladi, hunar esa kasb-hunar ta'limi muassasasining o'quv bazasida, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, to'g'ridan-to'g'ri ish joyida o'rganiladi.
Ikkinchidan, bitiruvchiga umumiy o'rta ta'lim maktabini tugatgani haqida alohida attestat, kasb-hunar muassasasini tamomlab kasb egallagani to'g'risida alohida guvohnoma berilishi shart. Bu talablarni bajarmaslik ta'lim sifatiga salbiy ta'sir qiladi. Malakali ishchi kadrlar tayyorlash holatining yomonlashuviga olib keladi.
Evropa davlatlarining ko'p yillik tajribasiga ko'ra, kasb-hunar ta'limi muassasalariga 9- yoki 11-sinf bitiruvchi o'quvchilari, bizdagidan farqli o'laroq, to'g'ridan-to'g'ri, tanlovsiz qabul qilinadi. Bundan tashqari, kasb-hunar o'rganish bepul.
Nazarimizda, mamlakatimizda ham ta'lim tizimini ayni shu ko'rinishlar asosida rivojlantirsak, birinchidan, ta'lim bilan ishlab chiqarish o'rtasidagi o'zaro integratsiyani ta'minlanadi. Ikkinchidan, mamlakatimizda qambag'allikni qisqartirish, hududlarda yangi ish o'rinlarini tashkil etishga erishiladi.
Mamlakatimiz umumta'lim tizimini rivojlantirish haqida so'z yuritar ekanmiz, maktab o'qituvchisi tayyorlash bilan bog'liq bir qancha dolzarb masalalar mavjudligini ham qayd etish joiz. Jumladan, 2001 yilda qabul qilingan va 2015 yilda qayta ko'rib chiqilgan davlat ta'lim standartining oliy ta'lim yo'nalishlari, mutaxassisliklari klassifikatorida tayyorlanayotgan ixtisosliklar darajasi va nomlari xalqaro standartlarga mos kelmaydi. Masalan, ushbu klassifikatorga ko'ra, oliy ta'lim bitiruvchilariga biologiyadan dars berish metodikasi yoki matematikadan dars berish metodikasi va boshqalar bo'yicha bakalavr darajasi berilmoqda. Vaholanki, xalqaro standartlarga ko'ra, maktabgacha ta'lim o'qituvchisi, boshlang'ich ta'lim o'qituvchisi, o'rta maktab biologiya fani o'qituvchisi, o'rta maktab matematika o'qituvchisi mutaxassisligi bo'yicha oliy ma'lumotli diplom berilishi ko'zda tutilgan. Demak, pedagog kadrlarni tayyorlash va ularga diplom berish borasida ham bajarilishi kerak bo'lgan ishlar bor.
1997–2001 yillarda o'tkazilgan ta'lim islohotlari natijasida 10-11-sinflar, kasb-hunar bilim yurtlari va texnikumlar asossiz ravishda bitta ta'lim bosqichiga birlashtirilib, kollejlarga aylantirildi. Holbuki, xalqaro standartlarga muvofiq, bu uch ko'rinishdagi ta'lim kadrlar tayyorlash maqsadi va mazmuniga, o'quv dasturlari murakkabligi va o'qish davomiyligiga ko'ra o'zaro farqlanib, ta'limning alohida bosqichlari hisoblanadi. eng asosiy farq shuki, texnikum mutaxassis-texniklar, kasb-hunar maktabi va bilim yurtlari esa malakali ishchi tayyorlaydi. Ayniqsa, kasb-hunar maktablarida o'quvchilarga bir paytning o'zida ham 10-11-sinflarning yigirmaga yaqin umumta'lim fanlarini o'qitish, ham kasb-hunarga o'rgatish kutilgan samarani bermasligini, aksincha, turli salbiy oqibatlarga olib kelishini o'tgan yigirma yildan ortiq vaqt ko'rsatdi.
Bu kamchiliklarga barham berish, kadrlar tayyorlash jarayoniga zamon talab qilayotgan tub o'zgarishlarni kiritish maqsadida Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, avvalgi islohotlar davrida asossiz tarzda qo'shib yuborilib, kollejga aylantirilgan ta'lim muassasalari uchta alohida — boshlang'ich, o'rta va o'rta maxsus, professional ta'lim tizimiga ajratildi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ham qabul qilindi. Unda boshlang'ich va o'rta professional ta'lim bosqichlarida o'quvchilarni kasb-hunarga o'rgatib, malakali ishchilar etishtirish, o'rta maxsus professional ta'lim bosqichida esa mutaxassis-texniklar tayyorlash ko'zda tutilgan. Bular o'rtasida juda katta farq borligi yaqqol ko'rinib turibdi.
Ta'lim sohasidagi bugungi kamchiliklarning bartaraf etilishi, xalqaro me'yor va qoidalarning tezroq qabul qilinishi hamda jahon standartlariga asoslangan milliy ta'lim klassifikatsiyasi standarti va milliy kasblar klassifikatsiyasi standarti yaratilishi yangi O'zbekistonning xalqaro ta'lim hamjamiyatiga integratsiyalashuviga va malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga olib keladi.


Xulosa
Mamlakatimiz umumta'lim tizimini rivojlantirish haqida so'z yuritar ekanmiz, maktab o'qituvchisi tayyorlash bilan bog'liq bir qancha dolzarb masalalar mavjudligini ham qayd etish joiz. Jumladan, 2001 yilda qabul qilingan va 2015 yilda qayta ko'rib chiqilgan davlat ta'lim standartining oliy ta'lim yo'nalishlari, mutaxassisliklari klassifikatorida tayyorlanayotgan ixtisosliklar darajasi va nomlari xalqaro standartlarga mos kelmaydi. Masalan, ushbu klassifikatorga ko'ra, oliy ta'lim bitiruvchilariga biologiyadan dars berish metodikasi yoki matematikadan dars berish metodikasi va boshqalar bo'yicha bakalavr darajasi berilmoqda. Vaholanki, xalqaro standartlarga ko'ra, maktabgacha ta'lim o'qituvchisi, boshlang'ich ta'lim o'qituvchisi, o'rta maktab biologiya fani o'qituvchisi, o'rta maktab matematika o'qituvchisi mutaxassisligi bo'yicha oliy ma'lumotli diplom berilishi ko'zda tutilgan. Demak, pedagog kadrlarni tayyorlash va ularga diplom berish borasida ham bajarilishi kerak bo'lgan ishlar bor.



Download 35.37 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling