5. Sonning tuzilish jihatdan turlari
Sonlar tuzilishiga ko‘ra: sodda, qo‘shma, juft va takroriy ko‘rinishlarga ega.
Bir o‘zakdan tuzilgan sonlar sodda sonlar sanaladi: olti, ettita, o‘nov, uchala, sakkizinchi. Tarixan qo‘shma son sanalgan oltmish, etmish, sakson, to‘qson sonlari hozirda sodda tub sonlardir. O‘zbek tilida 23 ta tub son bor. Ayrim sonlar sinonimga ham ega: bir – yakka, yagona, yolg‘iz; ikki – qo‘sh.
Qo‘shma sonlar ikki va undan ortiq son o‘zakning birikuvidan hosil bo‘ladi va yangi son hosil etadi: yigirma besh, ellik bir. Juft sonlar ikki sonni juft qo‘llashdan tuzilib chama bildiruvchi sanoq son yasaydi: ikki-uch bola, besh-oltitacha daftar.
Bir xil o‘zakli sonlar aynan takrorlansa, jamlash, taqsimlash ma’nosi – taqsim son yasaladi: beshta-beshta oldik. Sonlarni takrorlashdan boshqa turkumga oid so‘z ham yasaladi: bitta-bitta, birma- bir(ravish).
6. Sonlarning otlashuvi va sintaktik vazifasi
Sonlar predmet bilan bog‘lanib konkret ma’noda qo‘llanadi: o‘nta kitob, yuzlab kishi. Sonlar abstrakt ma’no anglatganda aniqlanmish tushib qoladi va son substantivlashadi (otlashadi): to‘rtinchi sinf o‘quvchilari – to‘rtinchilar. Sonlar raqam nomini bildirsa va -tadan affiksini olsa otlashmaydi. Ko‘plik qo‘shimchasi -ta, -tadan qo‘shimchali sanoq sonlarga, chama va kasr sonlarga qo‘shilib kelmaydi, egalik esa barcha otlashgan so‘zlarga qo‘shila oladi. Kelishik affiksi ayrim sonlarga bevosita qo‘shilsa (beshdan ikkiga), kasr son, tartib son, jamlovchi son va chama sonlarga bevosita emas, egalikdan so‘ng qo‘shiladi: uchdan biriga, oltinchisiga, uchalamizga, besh o‘ntasidan. Sonlar ayrim turkumlarga siljigan: Oltmishboy, Saksonboy, To‘qsonboy, Mingboy, ettisi, yigirmasi, qirqi, to‘qson sonlari ot turkumiga siljigan – bu otlashish emas.
Bir soni juda ko‘p turkumlari vazifasida kela oladi:
1. Harakat belgisini bildiruvchi ravish: Boy uni bir urishdi.
2. Ma’no kuchaytiruvchi yuklama vazifasida: Yo‘lga chiqqanimizda bir bo‘ron turdi.
3. Ayiruv bog‘lovchisi vazifasida: Bola bir onasiga, bir otasiga qaradi.
4. Gumon olmoshi: Birov chaqiryapti.
Do'stlaringiz bilan baham: |