CHama son narsaning miqdorini aniq emas taxminlab, chamalab ko‘rsatadi va tubandagicha yasaladi:
Morfologik usul.
1. -tacha affiksi bilan yasalganda bir sonidan boshqa hamma sonlarga qo‘shila oladi: beshtacha, elliktacha. Hisob so‘zlarga ham qo‘shilishi mumkin: Bu bog‘ni olganimizga o‘n yilcha bo‘ldi.
2. Sanoq sonlarga -lab affiksini qo‘shishdan: yuzlab, minglab, yuz ming so‘mlab.
3. -lar sanoq songa qo‘shilib chama ifodalaydi: Majlis kech soat oltilarda tugadi. Undan o‘n qadamlar nariga to‘xtadik.
4. -larcha orqali yasalganda taxminiy miqdor to‘dalab ko‘rsatiladi: To‘yda o‘nlarcha qizlar yor-yor aytishdi.
Sintaktik usul bilan chama son yasalganda ikki sonni juftlash yoki taxmin bildiruvchi chamasi, chog‘i, yaqin, taxminan, qariyb, kamida, kami bilan, ortiq, mo‘l so‘zlarini keltirish orqali ifodalanadi: besh-olti, bitta-ikkita, o‘n-o‘n besh, yigirma-o‘ttiz, yuz-ikki yuz. Biz yuzga yaqin davlatlar bilan hamkorlik qilyapmiz. CHamasi, ikki soat yurdik.
Jamlovchi sonlar miqdorni jamlab, to‘dalab ko‘rsatadi, ko‘pincha egalik affiksi bilan keladi. Ba’zan miqdor bilan birga shaxs ifodasi (uchovi ketdi), ayrim hollarda harakat belgisi anglashiladi (ikkovlashib bajarishdi). -ov, -ovlon, -ovlashib, -ala affikslari ikkidan ettigacha, o‘n, yigirma sonlariga qo‘shiladi: Oltovlon ola bo‘lsa, og‘zidagin oldirar. Uchovlashib kirib bordik.
Tartib son bir turdagi narsalarning daraja miqdor jihatidan tartibini ko‘rsatish uchun xizmat qiladi: uchinchi uy. Tartib son yasovchi -inchi harf bilan ifodalangan sonlarga qo‘shiladi, arab raqamlarida chiziqcha bilan, rim raqamlarida ko‘rsatkichsiz ifoda etiladi. Tartib son bir necha sondan tuzilganda affiks oxirgi so‘zga qo‘shiladi: Bir ming to‘qqiz yuz qirq birinchi yil olmalari.
Ba’zan tartib son predmetlarning tur yoki navini ifodalashi mumkin: Xonada yuzinchi lampa porlamoqda. Ikkinchi un keltirildi.
Ba’zan -lamchi varianti ham -inchi bilan sinonim holatda ishlatiladi: Uning ikki aybi bor: birlamchi, jussasidan bergan emas, ikkilamchi, xotinidan ko‘p urish eshitadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |