Hamma gap imkoniyatda


Download 139.5 Kb.

Sana28.04.2017
Hajmi139.5 Kb.

HAMMA GAP IMKONIYATDA

Nogironlar huquqlari to’g’risidagi 

konvensiya qoidalarining talqini

Toshkent-2015

U

shbu risola “Victor Pineda Foundation” fondining asoschisi va Nogironlar huquqlari 

to’g’risidagi konvensiya loyihasini ishlab chiqqan BMT Maxsus qo’mitasi tarkibidagi 

hukumatlar delegatlarining yosh vakili Viktor Santyago Pineda qalamiga mansubdir. 

UNICEF tashabbuskori bo’lgan bu loyihaga mazkur xalqaro tashkilotning Bola himoyasi 

bo’limi xodimi Xelen Shulte avvalboshdanoq rahbarlik qilgan. Uni UNICEFning O’smirlar 

rivoji va ishtiroki bo’linmasiga qarashli “Yoshlar ovozi” loyihasi muvofiqlashtiruvchisi 

Mariya Kristina Gallegos qo’llab-quvvatlagan. Risola UNICEF ning Kommunikatsiyalar 

bo’limi tomonidan tahrir qilingan va nashr etilgan. 

Buyuk Britaniya va Shvetsiyaning “Bolalarni qutqaring” xayriya tashkilotlariga va 

“Maxsus olimpiada” (“Special Olympics”) tashkilotiga qo’llab-quvvatlagani uchun 

UNICEF tomonidan minnatdorchilik bildiriladi. 

Shuningdek, UNICEFning Armaniston, Xitoy, Efiopiya, Nikaragua, Tailand va 

O’zbekistondagi vakolatxonalariga qo’shgan katta hissalari uchun tashakkur izhor 

etamiz.

“Bolalarni qutqaring” xayriya tashkiloti va Inson huquqlari bo’yicha Arabiston 



fondi tomonidan 2007 yil oktyabr oyida Sana shahrida (Yaman) o’tkazilgan 

maslahatlashuvlarda, shuningdek, “Maxsus olimpiada” (“Special Olympics”) 

qo’mitasi tomonidan Shanxayda (Xitoy) 2007 yilning oktyabrida – Butunjahon 

yozgi maxsus olimpiya o’yinlari bilan bir paytda tashkil etilgan Yoshlar sammitida 

o’z fikr-mulohazalari bilan o’rtoqlashgan, alohida ehtiyojli bolalar va yoshlarga 

qizg’in minnatdorchilik bildiramiz. UNICEFning “Yoshlar ovozi” saytidagi interfaol 

maslahatlashuvlar ishtirokchilariga hamda “Victor Pineda” fondi tashabbusi bilan 

tashkil etilgan “A World Enabled” tashabbusida qatnashgan nogironligi bor yosh 

yetakchilarga ham tashakkur aytamiz.

UNICEF o’z she’rlari va chizgan rasmlarini taqdim etib, ushbu loyihaga munosib hissa 

qo’shgan bolajonlarga alohida minnatdorchilik bildiradi. 

Shu bilan birga, ushbu hujjat matnini maromiga yetkazish jarayonida mazmundor 

talqin va izohlari bilan faol ishtirok etgan loyihaning texnik maslahat guruhi a’zolariga, 

xususan, Saudamini Siegrist (UNICEF, Florentsiya), Gerison Lensdaun (mustaqil 

maslahatchi), Aleksandra Yuster, Deniel Seymur va Nadin Perro (UNICEF, Nyu-York), 

Katrin Noton (“Ko’zi ojizlarga yordam bo’yicha nasroniylik missiyasi”), shuningdek, 

hujjatning ilk nusxalarini shakllantirishda ko’rsatgan yordami uchun Sheri Toropi 

va Vanessi Anayaga (“Victor Pineda” fondi) o’z minnatdorchiligimizni ma’lum qilishni 

istaymiz. 

UNICEFning Germaniyadagi qo’mitasiga mazkur loyihani himmat bilan qo’llab-

quvvatlagani uchun ulkan minnatdorchilik izhor etishdan mamnunmiz.

Minnatdorchilik izhori


© BMT Bolalar jamg’armasi (UNICEF)ning O’zbekistondagi vakolatxonasi; Inson huquqlari 

bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi, 2015 yil. 

© BMT Bolalar jamg’armasi (UNICEF), 2008 yil aprel. 

Kitob UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi tashabbusi bilan o’zbek tiliga tarjima 

qilingan. 

O’zbekcha nashr mas’ul muharriri: Akmal Saidov, Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston 

Respublikasi Milliy markazi direktori, yuridik fanlar doktori, professor.

Tarjimon: G’ulom Mirzo, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist. 

Muqovadagi tasvir muallifi: Liza Lavua; tasvir Lea Noemi Ernandes chizgan rasm bilan 

uyg’unlashtirilgan. 

Kitobni bezovchi: Kirstina Bliss. 

Ushbu nashrning har qanday qismidan foydalanish uchun ruxsat olish talab etiladi. Bu 

masalada UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasiga murojaat etishingiz mumkin. 

3, BMT maydoni, Nyu-York, NY 10017, AQSh. 

Tel.: (+1-212) 326-7434 

Faks.: (+1-212) 303-7985 

Email: nyhqdoc.permit@unicef.org


Mundаrijа

Muammoning mohiyati 

1

O’zgarishlarga erishish yo’lida 



2

Ushbu kitob haqida 

3

Tayanch so’z – imkoniyat 



5

Konvensiya haqida 

8

Konvensiyaning mo’jaz tavsifi 



9

Konvensiya nima uchun kerak? 

10

Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiya 



(qisqacha mazmuni) 

11

Huquq qay tarzda voqyelikka aylanadi 



20

Siz nimalar qilishingiz mumkin? 

21

Masalan, siz... 



22

Notanish tushunchalar lug’ati 

23


1

B

u she’rda dunyoning turli hududlarida istiqomat qilayotgan millionlab nogiron 



bolalar va kattalarning dil izhori o’z mujassamini topgan. Afsuski, ularning 

aksariyati har kuni har joyda har xil kamsitishlarga duchor etilmoqda. Ularning 

imkoniyatlaridan foydalanish masalasi ko’pincha e’tibordan chetda qolyapti, 

iqtidorlari esa munosib baholanmayapti. Ular o’zlariga juda zarur bo’lgan ta’lim olish 

va sog’liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Boz ustiga, 

ular hayotdan, o’z jamoalarining kundalik faoliyatidan ajralib qolgan. 

Holbuki, nogiron bolalar va kattalar boshqa shaxslar bilan teng huquqlarga ega 

hisoblanadi.



Muammoning mohiyati

To’g’ri, mening oyoqlarim yo’q, 

Ammo tuyg’ularim hamisha uyg’oq. 

Ko’rolmayman – qaroqlarim yo’q, 

Xayollarim ravshandir biroq. 

Eshitmayman, so’zlolmam hatto,

Muloqotga, baribir, shayman. 

Qurbsiz, ojiz desangiz – xato, 

Zotan, men ham sizdek doimo 

Dunyo g’amin o’ylab yashayman.

Korali Severs, 14 yoshda, Buyuk Britaniya

Menga madad 

bo’lgin... sen 

bunga mohir! 

Bismark Benavides, 13 yoshda, Nikaragua.

2

N

ogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiyaning qabul qilingani bejiz emas. 



Ushbu xalqaro shartnoma talabiga ko’ra, dunyodagi barcha mamlakatlar 

hukumatlari nogiron bolalar va kattalarning huquqlarini himoya qilishlari zarur. 

UNICEF va hamkorlari ushbu Konvensiyani barcha mamlakatlar ratifikatsiya qilishi 

uchun intilmoqda. Bu, o’z navbatida, nogiron bolalarni kamsitishlardan himoya qiladi 

va ularning jamiyatga birikishi uchun ko’maklashadi. Bunda har birimizning o’rnimiz 

muhim ahamiyatga egadir. Bu kitobni mutolaa qiling va shunda har birimizga nisbatan 

munosib darajada muomala qilishlariga erishish yo’llarini bilib olasiz.

NOGIRONLIK NIMA? 

Siz qachondir o’zingizni jamiyat hayotidan 

chetlatib qo’yilgandek his etgansizmi? Ko’rish 

yoki eshitish sohasida nuqsoni bo’lgan yoxud 

ta’lim olish yo harakatlanishda qiyinchiliklarga 

duch keladigan bolalar va kattalar ko’pincha 

o’zlarini hayotdan chetlatib qo’yilgandek 

his etadilar. Ularning barcha jarayonlarda 

boshqalar bilan tengma-teng ishtirok etishi 

yo’lida ko’plab g’ov va to’siqlar uchraydiki, 

bular asosan jamiyat tomonidan qo’yilayotgan 

g’ov-to’siqlardir. Masalan, nogironlar 

aravachasidagi bola ham o’qishni, bilim 

olishni istaydi. Ammo, ana shu qiz yoki o’g’il 

bola maktabga qatnash imkonidan mahrum, 

chunki maktablarda pandus, ya’ni nogironlar 

aravachasi yurishiga moslashtirilgan qiya 

yo’lak mavjud emas. Bu borada maktab 

direktori yoki o’qituvchilardan ham yordam 

kutib bo’lmaydi. Demak, har birimiz jamiyat 

bilan uyg’unlikda yashashimiz uchun avvalo 

eskirgan qoidalarni isloh etish, hatto mavjud 

binolar yo’laklarini qaytadan, moslashtirib 

qurish taqozo etiladi.

O’zgarishlarga erishish yo’lida


3

B

u kitob bolalar uchun aynan bolalar ishtirokida yozilgan bo’lib, Nogironlar huquqlari 



to’g’risidagi konvensiya qoidalarining talqiniga bag’ishlangan. Konvensiya nima 

uchun qabul qilingani va nogiron bolalar o’z oldiga qo’ygan orzu-maqsadlariga 

erishish yo’lida boshqalar bilan teng imkoniyatlarga ega ekaniga komil ishonch hosil 

qilishlariga ushbu kitob qanday yordam berishi mumkinligini mutolaa asnosida bilib 

olishingiz mumkin. 

O’zingiz balki nogirondirsiz, balki biron-bir nogiron tanishingiz bordir. Nogiron 

shaxslarning ko’rish, eshitish sohasida nuqsoni bo’lishi yoki ular yurish yo xotirada 

saqlash borasida qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Ayni chog’da, ularning ham 

yorug’ orzu-havaslari, umid va ishonchga to’la g’oyalari bor. Ular – mana shu kitobda 

chop etilgan she’r va rasmlar singari – o’z orzu-niyatlarini hamma bilan baham 

ko’rishni xohlaydilar. 

Biz sizlarni ushbu kitobdagi bilim va tushunchalarni ota-onangiz, o’qituvchi-

murabbiylaringiz, do’stu dugonalaringiz, bir so’z bilan aytganda, siz kimlarni bu 

axborotlarni bilishdan manfaatdor deb hisoblasangiz, barchasi bilan o’rtoqlashishga 

da’vat etamiz.

Ushbu kitobda siz Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiyaning qisqacha 

mazmuni va Konvensiya qabul qilinishining sabablari bilan tanishasiz. Siz nogiron 

bolalar o’z orzu-maqsadlariga erishishlari uchun ko’maklashishda kim qanday huquq 

va majburiyatlarga ega ekani, bu borada hukumatlar tomonidan qanday qadamlar 

qo’yilishi va chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerakligi haqida ma’lumotlar olasiz. 

Shuningdek, vaziyatni yaxshi tomonga o’zgartirish uchun o’zingiz nimalar qilishingiz 

mumkinligi to’g’risida aniq tasavvurga ega bo’lasiz. Kitobning oxirida bir qancha yangi 

tushunchalarning ma’no-mazmuni bo’yicha izohlar berilgan. Bu mo’jaz izohli lug’at siz 

uchun notanish bo’lgan so’zlarni tushunib olishingizda qo’l keladi.



Ushbu kitob haqida

KONVENSIYA NIMA?

Konvensiya – bu mamlakatlar o’rtasida muayyan bir sohada yagona qonunga 

rioya etish bo’yicha o’zaro kelishilgan shartnomadir. Mamlakat Konvensiyani 

imzolagani va ratifikatsiya qilganidan (ma’qullaganidan) e’tiboran bu hujjat o’sha 

mamlakat uchun qonuniy majburiyatga aylanadi va mamlakat hukumatining 

faoliyati uning ijrosiga yo’naltiriladi. Konvensiya talabiga ko’ra, ko’pincha 

mamlakatlar hukumatlari o’z qonunchiligiga Konvensiya maqsadlariga muvofiq 

keladigan tarzda o’zgartirishlar kiritishi va yangi qonunlar qabul qilishi taqozo 

etiladi.

4

INSON HUQUQLARI  NIMA?

Dunyodagi har qanday odam qonunlar himoyasida bo’lib, bu qonunlar insonning 

huquqlari va tabiiy fazilatlari, shu jumladan, tug’ma qadr-qimmatini muhofaza 

qiladi. Hech kim jamiyatdan ajratib qo’yilmasligi lozim. Masalan, har bir inson 

yashash hamda qullikka tushmay erkin va ozod hayot kechirish huquqiga ega. 

Bu huquqlar Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo-davlatlar tomonidan 1948 

yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlab 

qo’yilgan.

Barcha bolalar ovqatlanish, sog’liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish, 

maktabda ta’lim olish hamda zo’ravonlik va shafqatsiz muomaladan himoyalanish 

huquqlariga ega. Bolalar, shuningdek, o’zlariga taalluqli masalalar bo’yicha 

kattalar tomonidan qaror qabul qilinayotgan vaqtda o’z fikr-mulohazalarini erkin 

bildirish hamda bu fikrlari inobatga olinishi huquqiga ham egadir. Bolalarning 

huquqlari Bola huquqlari to’g’risidagi konvensiyada o’z ifodasini topgan.

O’yinlar o’ynash huquqi 

Javlon Rahmonberdiev, 12 yoshda, O’zbekiston.

5

M

en besh yoshga to’lganimda, yurolmay qolganman. Yillar o’tishi bilan mushaklarim 



shu darajada kuchsizlashganki, hatto nafas olishim ham behad qiyin kechgan. 

Nazarimda, boshqalarga o’xshamaganim uchun, meni hech kim yaxshi ko’rmasdi. Ota-

onam nima qilishni bilmasdan ko’p tashvish chekishgan, ayni chog’da men ularning 

mehr-muhabbatini doimo his etib turganman. Ularning menga bo’lgan ishonchiga 

tayanib, rasm chizishni o’rgandim va yana turli-tuman yangi mashg’ulotlarni 

o’zlashtirishga intila boshladim. Shunday qilib, menda o’zimga nisbatan ishonch 

paydo bo’ldi.

Oila a’zolarim mening jamiyatda o’z o’rnim va mavqeimga ega bo’lishim uchun 

astoydil intilishim zarurligini yaxshi anglashgan, albatta. Butun umrim davomida 

odamlarni nimalar qila olishimga va qanday qila olishimga ishontirishga, ularning 

menga nisbatan fikrlarini o’zgartirish bilan shug’ullanishga to’g’ri keldi. Vaqti-soati 

kelib, meni himoya qiladigan qonunlar mavjud ekanidan xabar topdim. Ana shu 

qonunlar sharofati bilan o’zimga zarur yordamni ola bildim, shuningdek, a’lo o’quvchi 

bo’lish imkonini qo’lga kiritdim. 



Tayanch so’z – imkoniyat

Nogironlik – bu baxtsizlik emas. Aksincha, 

nogironlik ba’zan hatto g’ururlanish uchun asos 

bo’lishi mumkin. Biz barchamiz xilma-xilmiz, 

rang-barang QOBILIYATLAR egalarimiz. Har bir 

bola o’z qobiliyatlarining yorqin namoyandasi 

sifatida xonadonlarimizga, maktablarimiz va 

jamoalarimizga emin-erkin kirib kelishi mumkin. 

Zotan, har birimizning boshqa insonlarga 

nafi tegadigan g’oyalarimiz, amaliy tajriba va 

ko’nikmalarimiz bor. Bu kitob barcha insonlarni, 

turli millatlar vakillarini bizni qanday bo’lsak 

shundayligimizcha qabul qilishlari va izzat-

hurmat etishlariga chorlovdir.

Viktor Santyago Pineda

6

Voyaga yetar ekanman, mabodo menga o’xshash bolalarning huquqlari himoya 

qilinmaydigan joyda yashaganimda hayotim qanday kechardi, degan o’y hamisha 

xayolimni band etgan edi. Bilib oldimki, menga o’xshash bolalar dunyoning barcha 

hududlaridan kelib Birlashgan Millatlar Tashkilotida uchrashadilar va meni o’ylantirib 

yurgan ayni muammolarni hal etish ustida ish olib boradilar. Shu tariqa men ham 

ularning bu ishiga o’z hissamni qo’shish uchun butun sa’y-harakatimni safarbar etdim.

Men Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiya loyihasini ishlab chiqqan BMT 

Maxsus qo’mitasidagi eng yosh delegat edim. Ko’plab insonlar bilan do’stlashdim va 

fikr almashdim, g’oyalarimizni o’zaro o’rtoqlashdik hamda dunyo mamlakatlarining 

hukumatlari bilan hamkorlikda Konvensiyani ishlab chiqdik. Yer yuzidagi har bir inson 

aynan o’ziga xos bo’lgan jihatlari bilan ajralib turadi hamda ularning har biri o’zining 

turlicha fikri, amaliy tajribasi, alohida an’ana va qobiliyatiga egadir. Men aynan shu 

rang-baranglik yangi imkoniyatlar eshigini ochish, yangi umid va ishonchlar kashf 

etish, yangi orzu-maqsadlar va yangi do’stlarga ega bo’lish shart-sharoitlarini 

yaratishga xizmat qilishini tushundim, chuqur anglab yetdim. 

Ushbu kitob ezgu harakatga da’vat, demakdir. Toki nogironligi bo’lgan va bo’lmagan 

bolalar yonma-yon, yelkama-yelka turib o’z huquqlarini himoya qilsinlar. Umumiy 

dunyomiz insonlariga xos bo’lgan rang-baranglik – bu, aslida, biz ko’z qorachig’idek 

asrashimiz, qadrlashimiz va bag’rimizni keng ochib qabul qilishimiz kerak bo’lgan 

noyob boylikdir. Har bir bola yaxlit dunyomiz timsolidagi yagona oilaning farzandi 

bo’lib, o’zining nodir qobiliyatu imkoniyatlari bilan umumiy oilamiz ravnaqiga munosib 

hissa qo’shadi. Shunday ekan, biron-bir bola e’tibor markazidan chetda qolib 

ketmasligi kerak.



Viktor Santyago Pineda, 

“Victor Pineda Foundation” fondining prezidenti



Viktor Santyago Pineda – pedagog va kinematograf. Asosan nogiron yoshlar o’rtasida ish 

olib boradi, ularni o’z huquqlaridan xabardor etish bilan shug’ullanadi. U o’zi tomonidan 

tashkil etilgan Fond doirasida “A World Enabled” (“Alohida ehtiyoji bor shaxslar uchun 

imkoniyatlar yaratish dunyosi”) tashabbusini ko’tarib chiqqan. Bu tashabbus zamirida 

jamoatchilikni nogiron shaxslarning imkoniyatlari va qobiliyatlari bilan tanishtirish maqsadi 

mujassamdir. Janob Pineda har kimning izzat-hurmat, teng imkoniyatlar va qadr-qimmatga 

ega bo’lishini rag’batlantirish borasida BMT, Jahon banki va turli hukumatlar boshliqlari 

bilan hamkorlikda ish olib borgan. U mushaklar distrofiyasi (ya’ni, mushaklarda modda 

almashinuvining buzilishi) xastaligiga chalingan, harakatlanishda nogironlar aravachasidan 

foydalanadi.

7

Men baxtliman, qachonki... 

Har narsadan quvonsam va jo’shib tursa hislarim. 

Men baxtliman, qachonki... 

Aytmasimdan, yuraklarga yetib borsa so’zlarim.

Hamma bilan teng ravishda so’zlashganim chog’larda

Men baxtliman va mag’rurman – yuribman ardoqlarda. 

Men baxtliman, tahsil olgan damlarimda har qachon,

Chunki ta’lim yordamida bilimim ortar chunon. 

Dunyo yangiliklarini anglayman oson, shitob 

– Taom buyurtma berib va qilgandek hisob-kitob.

Qurbim yetar farqlamoqqa haqni nohaq ahvoldan,

Men baxtliman, hayotimda mustaqilman ko’p holda.

Men baxtliman, o’zim sevgan ishga mashg’ulman bugun.

Men baxtliman, muxlisdirman eng yaxshi futbol uchun,

“Gol, gol!” deya hayqiraman – maydon to’la ovoza,

Men o’rtaga tushgudekman bo’m-bo’sh qolsa darvoza.

Men baxtliman, chunki qalbda ezgu maqsadim bordir.

Olam to’lar orzuyimga, ushoq ko’ringan bilan.

Bu hayotda astoydil va halol yashar ekanman, 

Men baxtliman va umrbod shu baxtim menga yordir.

Kim Yonna, 15 yoshda, KXDR

Valeriya D’Avola, 13 yoshda, Italiya

Nogironligi bor 

bolalar rok-guruhi

8

Konvensiya haqida

N

ogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiya – dunyo mamlakatlari tomonidan 



imzolangan bitim bo’lib, u insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklarining 

yalpiligi, ajralmasligi, o’zaro bog’liqligi va o’zaro aloqadorligini hamda nogironlarga 

ulardan kamsitilmasdan to’la foydalanishni kafolatlaydi. Konvensiyalarda, ba’zan 

shartnomalar, ahdlashuvlar, xalqaro bitimlar yoki huquqiy vositalar deb atalishidan 

qat’i nazar, siz yashaydigan mamlakat hukumatiga sizning o’z huquqlaringizdan 

foydalanishingiz uchun nimalar qilish kerakligi yuzasidan ko’rsatmalar bayon etilgan 

bo’ladi. Konvensiya nogiron kattalar hamda (qiz va o’g’il) bolalarning barchasiga 

nisbatan amal qiladi.

Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiya 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan. 

2008 yil 2 aprelga kelib Konvensiyani 20 ta mamlakat ratifikatsiya qilgan va u 2008 yil 

3 maydan kuchga kirgan . Konvensiya, yoshidan qat’i nazar, barcha nogiron shaxslar 

huquqlarining himoyasiga qaratilgandir. Ushbu kitobda esa aynan siz – bolajonlarning 

huquqlari haqida so’z boradi, zotan sizlar biz uchun hamisha izzatli va ardoqlisiz!

RATIFIKATSIYA QILISH DEGANI NIMA?

Konvensiyani ratifikatsiya qilgan mamlakatlar 

hukumatlari butun sa’y-harakatlarini uning qoidalari 

ijrosini ta’minlashga yo’naltirish mas’uliyatini 

zimmalariga oladi. Nogironlar huquqlari to’g’risidagi 

konvensiya sizga ko’p va’dalar beradi. Buni 

Konvensiyaning 50 ta moddasiga singdirilgan 

huquqlaringiz bilan tanishish davomida bilib olasiz. 

Kitobning keyingi sahifalarida qo’llanilgan “hukumat” 

tushunchasi Konvensiyani imzolagan mamlakatlar 

hukumatlarini anglatadi (ba’zi o’rinlarda “ishtirokchi-

davlatlar” iborasi ham ishlatilgan).


9

Hayotimiz shiori bu – xushnud kayfiyat.

Tingla, do’stim, quloq tuting, do’stlarim, siz ham,

Shior bo’lsin bizga endi Sevgi, Sadoqat; 

Zotan, hayot – Yaratgandan ne’mat, mukarram.

Ey, ko’kdagi farishtalar, yerdagi zotlar,

Agar sizning bir nogiron do’stingiz bo’lsa

Madad bo’ling, qo’llang, asrang; toki hayotda 

U ham sizdek xushnud holda yashasin, sevsin.

Aytingizki, umidsizlik – qo’rqinch, qabohat.

Qat’iyati, chidami bor inson erur mard.

Umid – bizga bu hayotda eng yorug’ maslak,

Umid balqqan chehralarning maftunidirmiz.

Hayotdagi umidsizlik – bizga ne kerak,

Umidsizlikdagi hayot – senga “yo’q” dermiz. 

Djvan Djixad Medxat, 13 yoshda, Iroq

QONUN NIMA?

Qonun – barcha insonlar bir-birini hurmat qilishi 

va xavfsiz dunyoda yashashi uchun har bir shaxs 

amal qilishi talab etiladigan qoidalar majmui.

Konvensiyaning mo’jaz tavsifi

10

M

abodo ota-onangiz yoki oila a’zolaringizdan birovining nogironligi bo’lsa, ushbu 



Konvensiyada taqdim etilgan axborotdan va uning qo’llab-quvvatlashidan 

foydalanishlari mumkin. Unda siz va oila a’zolaringiz, shuningdek, o’z huquqlaringizni 

ro’yobga chiqarish borasida sizga ko’maklashishni istagan do’stlaringiz uchun muhim 

tavsiyalar mavjud. 

Ushbu Konvensiyani ishlab chiqishda turli xil nogironligi bo’lgan va dunyoning 

turfa mamlakatlarida yashaydigan insonlar o’z hukumatlari bilan hamkorlikda 

ish olib borgan. Ular nogiron shaxslar maktabga borishi, ishga joylashishi, vaqtini 

ko’ngilli o’tkazishi va o’zlari mansub jamoalarda baxtli yashashi uchun qanday 

chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda qanday qonunlarni qabul qilish zarurligini 

atroflicha muhokama etishgan.

Nogiron bolalar maktabga qatnashi, o’yinlar o’ynashi, barcha tengqurlari bilan 

teng ravishda boshqa turli mashg’ulotlarda ishtirok etishi uchun amaldagi ko’plab 

qoidalarni o’zgartirish, eskicha munosabatni isloh etish, hatto mavjud binolarni 

moslashtirib qaytadan qurish taqozo etiladi. Agar siz yashayotgan mamlakat 

hukumati Konvensiyani ratifikatsiya qilgan bo’lsa, demak ana shu yangilanishlarning 

hayotga tatbiq etilishini ta’minlash uchun zimmasiga mas’uliyat olgan hisoblanadi.

Eng muhimi, ushbu Konvensiyada belgilab qo’yilgan huquqlar yangi huquqlar 

emasligini yodda tutish zarur. Bu huquqlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 

Bola huquqlari to’g’risidagi konvensiya va inson huquqlariga doir boshqa xalqaro 

shartnomalarda o’z ifodasini topgan. Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiya 

alohida ehtiyojli shaxslarning ayni shunday huquqlari hurmat qilinishini kafolatlaydi.

Konvensiya nima uchun kerak?

TEXNOLOGIYALARDAN FOYDALANISH IMKONIYATLARI QANDAY?

Telefonlar, kompyuterlar va shu kabi boshqa zamonaviy axborot-

kommunikatsiya texnologiyalaridan har qanday turdagi nogironligi mavjud 

shaxslar foydalana olishlari uchun imkoniyatlar yaratilishi lozim. Masalan, veb-

saytlar foydalanish uchun shunday qulay tarzda bo’lishi kerakki, klaviaturani 

ishlatishda qiynaladigan yoki ko’rish yo eshitish sohasida muammosi bo’lgan 

shaxslar aynan o’sha axborotdan foydalanishda muqobil format(shakl)ni 

qo’llash imkoniga ega bo’lsin. Kompyuterga Brayl alifbosi harflari joylashtirilgan 

klaviatura o’rnatish yoki ekranda paydo bo’ladigan so’zlarni hisobga olib borish 

uchun nutq sintezatoridan foydalanish ham mumkin.


11

1-modda: Maqsad 

Ushbu moddada inson huquqlari va erkinliklarini rag’batlantirish, himoya qilish 

hamda to’la va keng amalga oshirilishi barcha nogironlar uchun ta’minlanishini 

kafolatlashdan iborat bo’lgan Konvensiyaning asosiy maqsadlari qisqacha bayon 

etilgan. 

2-modda: Tushunchalar 

Bu moddada Konvensiyada o’zining aniq tushunchalariga ega bo’lgan so’z va iboralar 

keltirilgan. Jumladan, “til” – og’zaki va ishora tillarini hamda og’zaki bo’lmagan 

tillarning boshqa shakllarini qamrab oladi. “Muomala” — tillardan, matnlardan, Brayl 

alifbosi, taktil  muomalasi, yirik harflar, foydalanish imkoniyati bo’lgan multimedia 

vositalari, ayni vaqtda bosma materiallar, audiovositalar, suxandonlarning odatiy tili, 

shuningdek, muomalani kuchaytiruvchi va muqobil usullar, vositalar va shakllar, shu 

jumladan foydalanish imkoniyati bo’lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini 

qamrab oladi.

3-modda: Umumiy prinsiplar 

Ushbu Konvensiyaning prinsiplari (asosiy qoidalari) quyidagilardan iborat: 



a. 

insonga xos bo’lgan qadr-qimmatni, uning shaxsiy mustaqilligi, shu jumladan 

mustaqil tanlovi erkinligini hamda mustaqilligini hurmat qilish; 

b. 

kamsitmaslik (har bir insonga nisbatan adolatli munosabatda bo’lish); 



c. 

jamiyatga to’la va samarali jalb etish va qo’shish (o’z jamoangizda o’rningizni 

topishingizga ko’maklashish);

d. 

nogironlarning o’ziga xos xususiyatlarini hurmat qilish va buni insoniy turfa 

xillikning tarkibiy qismi sifatida qabul qilish; 

e. 

imkoniyatlarning tengligi;



f. 

to’siqsiz foydalanish (har qanday insonga transportdan, jamoat joylaridan va 

axborot olish imkoniyatlaridan foydalanish huquqi, nogironligi bahonasida rad 

etilmasdan, to’la ta’minlanishi); 



Nogironlar huquqlari to’g’risidagi 

konvensiya (qisqacha mazmuni)

12

g. 

erkaklar va ayollarning tengligi (o’g’il bola yoki qiz bola ekaningizdan qat’i nazar 

teng imkoniyatlarga ega bo’lishingiz lozimligi); 

h. 

nogiron bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatlari va o’z shaxsiy xususiyatlarini 

saqlab qolish huquqini hurmat qilish (sizning qobiliyatlaringizning hurmat qilinishi 

va o’zingiz bilan g’ururlanish huquqingizning ta’minlanishi).



4-modda: Umumiy majburiyatlar 

Hech bir qonunda insonlarning nogironlik belgisi bo’yicha qandaydir kamsitishlarga 

yo’l qo’yadigan qoidalar bo’lmasligi lozim. Zarur hollarda, barcha nogironlar 

tomonidan nogironlik belgisi bo’yicha hech qanday kamsitishsiz insonning 

barcha huquqlarini amalga oshirish va asosiy erkinliklarini to’la ta’minlash va 

rag’batlantirishga qaratilgan yangi qonunlar qabul qilinishi hamda amalda tatbiq 

etilishi kerak. Mabodo nogironlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega qonunlar, 

qarorlar, urf-odatlar mavjud bo’lsa, ularni o’zgartirish yoki bekor qilish uchun barcha 

zarur choralarni, shu jumladan qonunchilik choralarini ko’rish zarur. 

Bu borada yangi qonunchilik va strategiyani ishlab chiqish va qo’llashda hamda 

nogironlarga taalluqli masalalar bo’yicha qaror qabul qilishning boshqa jarayonlari 

doirasida tegishli hukumatlar nogironlar, shu jumladan nogiron bolalar bilan yaqindan 

maslahatlashish hamda ularni o’zlarining vakilliklari orqali bu ishga faol jalb etish 

choralarini ko’radi.



O’ynab-kulishni xohlaymiz

Tatev Danilyan, 15 yoshda, Armaniston

13

5-modda: Tenglik va kamsitmaslik 

Hukumatlar barcha shaxslar qonun oldida teng ekanligini va qonun bilan biror 

kamsitishlarsiz himoyalanish hamda undan teng foydalanish huquqiga egaligini, o’z 

mamlakatlaridagi qonunlar shu mamlakat hududida yashaydigan barcha shaxslar 

uchun amal qilishini e’tirof etadi. 

6-modda: Nogiron ayollar 

Hukumatlar nogiron ayollar va nogiron qizlar juda ko’p kamsitilishini tan oladi. Shu 

munosabat bilan ularga nisbatan barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklari to’la 

va teng amalga oshirilishini ta’minlash uchun choralar ko’radi.



7-modda: Nogiron bolalar  

Hukumatlar barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklari nogiron bolalarga nisbatan 

boshqa bolalar bilan teng ravishda to’la amalga oshirilishini ta’minlash uchun barcha 

zarur choralarni ko’radi. Hukumatlar nogiron bolalar yoshiga va yetukligiga muvofiq 

bo’lgan o’z qarashlarini boshqa bolalar bilan teng ravishda erkin ifoda etish huquqiga 

ega bo’lishlarini hamda ushbu huquqlarni amalga oshirish uchun nogironliklari va 

yoshiga mos bo’lgan yordamni olishlarini ta’minlaydi. Bunda bolaning eng maqbul 

manfaatlariga birinchi darajali e’tibor qaratiladi. 



8-modda: Ma’rifiy-tarbiyaviy ishlar 

Hukumatlar butun jamiyatning, shu jumladan oila darajasida nogironlik masalalari 

bo’yicha bilimini oshirish hamda nogironlarning huquq va qadr-qimmatini hurmat 

qilish qadriyatlarini mustahkamlash uchun zarur va samarali choralarni ko’rishi lozim. 

Shuningdek, ular turmushning barcha jabhalarida nogironlarga ziyon yetkazishi 

mumkin bo’lgan zararli aqidalar, yomon odatlar va nobop xatti-harakatlarga qarshi 

kurash olib borishi zarur. Masalan, maktabingizda nogiron insonlarga nisbatan 

hurmat bilan muomalada bo’lish madaniyati boshlang’ich sinflarda o’qiydigan bolalar 

tarbiyasi jarayonidayoq rag’batlantirib borilishi maqsadga muvofiqdir.

9-modda: Foydalanish imkoniyati 

Hukumatlar nogironlar mustaqil turmush kechirishi va o’z jamoalari hayotining 

barcha jabhalarida ishtirok eta olishi uchun boshqalar bilan teng ravishda zarur 

imkoniyatlarni ta’minlash choralarini ko’radi. Aholi uchun ochiq bo’lgan barcha joylar, 

shu jumladan binolar, yo’llar, maktablar va tibbiyot muassasalari nogiron shaxslar, 

shu jumladan bolalarning foydalanishi uchun ham ochiq bo’lishi lozim. Agar siz aholi 

uchun ochiq binolarda bo’lsangiz, sizga tegishli ob’ektlardan foydalanish imkoniyatini 

yengillashtirish uchun yordamchilar va vositachilarning turli xizmatlari, shu jumladan 

yo’l ko’rsatuvchilar, suxandonlar va professional surdo-tarjimonlar xizmatlari taqdim 

etilishi zarur.



14

10-modda: Yashash huquqi 

Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Hukumatlar insonning ana shu 

ajralmas huquqi nogironlarga nisbatan boshqalar bilan teng va adolatli ravishda 

amalga oshirilishini ta’minlash choralarini ko’radi. 



11-modda: Tahdidli va favqulodda gumanitar vaziyatlar

Nogironlar tahdidli vaziyatlarda, shu jumladan qurolli mojarolar, favqulodda 

gumanitar vaziyatlar va tabiiy ofatlar paytida boshqa shaxslar qatori o’z himoyasi 

va xavfsizligining ta’minlanishi huquqiga ega. Qonunga ko’ra, nogironligingizni 

ro’kach qilib, sizni xavf-xatardan saqlanish joyiga kiritmasliklari yoki yakka-yolg’iz 

qoldirishlari yoxud boshqa odamlar qutqarib bo’lingunicha bir chetga chiqarib 

qo’yishlari mumkin emas.

12-modda: Qonun oldida tenglik 

Har bir nogiron shaxs boshqalar bilan teng ravishda huquq layoqatiga egadir. Bu siz 

balog’at yoshiga yetgach, mulkka egalik qilish va uni meros qilib olish, o’z moliyaviy 

ishlaringizni boshqarish, shuningdek bank ssudalari, ipoteka kreditlari va moliyaviy 

kreditlashning boshqa shakllaridan foydalanishda ana shu huquq layoqatingiz 

doirasida erkin faoliyat ko’rsatishingiz mumkinligini anglatadi. Hukumat nogironlar 

o’z mulkidan asossiz ravishda mahrum bo’lmasliklarini ta’minlaydi. 

13-modda: Odil sudlov huquqidan foydalanish 

Hukumat nogironlarning odil sudlovdan samarali foydalanish imkoniyatlarini 

ta’minlashga ko’maklashadi. Agar siz sodir etilgan jinoyatdan jabr ko’rgan yoki 

boshqa shaxslarga jabr yetkazilganiga guvoh bo’lgan yoxud qandaydir g’ayriqonuniy 

qilmishni sodir etganlikda ayblanayotgan bo’lsangiz, boshqalar bilan teng ravishda 

odil sudlovdan samarali foydalanish imkoniyatingiz to’la ta’minlanishi kerak. Sizga 

bo’lib o’tgan voqeani sudda ro’y-rost ma’lum qilayotganingizda o’z fikringizni aniq 

ifoda eta olishingiz uchun zarur barcha vositalar taqdim etilishi zarur.



14-modda: Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik

Hukumat nogironlarning asosiy huquq va erkinliklari boshqa shaxslarning erkinliklari 

bilan teng ravishda qonun himoyasida bo’lishini ta’minlaydi. 

15-modda: Qiynoq hamda muomala va jazolashning shafqatsiz, 

insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlaridan ozod bo’lish 

Hech kim qiynoqqa solinishi yoki shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini 

kamsitadigan muomala yoki jazoga duchor bo’lishi mumkin emas. Har bir shaxs o’ziga 

nisbatan tibbiy yoki ilmiy tajriba o’tkazilishini rad etish huquqiga egadir. 



15

16-modda: Ekspluatatsiya qilinish, zo’ravonlik va 

tahqirlashlardan ozod bo’lish 

Nogiron bolalar zo’ravonlik va tajovuzdan himoyalangan bo’lishlari zarur. Ular 

uylarida ham, uydan tashqarida ham nomaqbul muomalaga va zo’ravonlikka duchor 

etilmasliklari kerak. Agar siz zo’ravonlik yoki biron-bir nomaqbul muomaladan jabr 

ko’rsangiz, bunday tahqirlashlarga chek qo’yish va davolanish uchun yordam so’rash 

huquqidan foydalanishingiz mumkin.



17-modda: Shaxsiy daxlsizlikni himoya qilish 

Har bir nogiron boshqalar bilan teng ravishda o’zining jismoniy va psixik daxlsizligi 

hurmat qilinishi huquqiga ega. Hech kim sizga, jismoniy yoki ruhiy holatingizdan kelib 

chiqqan holda, noinsoniy munosabatda bo’lishi mumkin emas. Siz boshqalar sizni 

qanday bo’lsangiz shundayligingizcha hurmat qilishlarini talab qilishga haqlisiz. 

18-modda: Ko’chib yurish va fuqarolik erkinligi

Har bir bola tug’ilgan zahotiyoq ro’yxatga olinadi va tug’ilgan zahotiyoq ismga ega 

bo’lish va fuqarolikni olish, shuningdek, iloji boricha yuqori darajada o’z ota-onasini 

bilish huquqi va ulardan g’amxo’rlik ko’rish huquqiga ega bo’ladi. Inson har qanday 

mamlakatni, shu jumladan o’z mamlakatini erkin tark etish huquqiga ega bo’lishi 

hamda asossiz ravishda yoki nogironlik sababli o’z mamlakatiga kirish huquqidan 

mahrum bo’lmasligi ta’minlanishi lozim. 

19-modda: Mustaqil turmush tarzi va mahalliy 

hamjamiyatga jalb qilinish 

Inson nogironligidan qat’i nazar, boshqa odamlar bilan teng ravishda o’z yashash 

joyini va qaerda kim bilan yashashni tanlash imkoniyatiga ega. Siz voyaga yetgach, 

agar ma’qul topsangiz, mustaqil turmush kechirish, shuningdek, mahalliy hamjamiyat 

bilan yashash huquqidan foydalanishingiz mumkin. Bunda sizga mahalliy hamjamiyatda 

hayotni saqlab turish uchun zarur bo’lgan uyda ko’rsatiladigan xizmatlar va shaxsiy 

yordamdan foydalanish imkoniyatlari yaratib berilishi lozim.

20-modda: Shaxsiy harakatlanish 

Nogiron bolalar shaxsiy harakatlanish va bunda mustaqil bo’lish huquqiga egadir. 

Hukumat ularning o’zlari tanlaydigan vositada, tanlagan vaqtda va maqbul narxda 

mustaqil harakat qilishlariga yordam berishi zarur. 



16

21-modda: Fikr va e’tiqodni ifoda etish erkinligi va axborotdan 

foydalanish imkoniyati

Insonlar fikr va e’tiqodlarini erkin ifoda etish, shuningdek, o’zlari tushunish va 

foydalanish imkoniyatiga ega bo’lgan shaklda axborot va g’oyalarni izlash, olish va 

tarqatish huquqiga ega. 



22-modda: Shaxsiy hayotning daxlsizligi 

Hech kim insonlarning, nogironligi yoki nogiron emasligidan qat’i nazar, shaxsiy 

hayotiga aralashish huquqiga ega emas. Boshqalarning shaxsi, salomatligining holati 

to’g’risidagi ma’lumotlarga ega bo’lgan shaxslar bu ma’lumotlarning maxfiyligini 

muhofaza qilishlari zarur. 

Men yashaydigan jamoaning 

kundalik hayot tarzi

Pedro Xose Rivera, 14 yoshda, Nikaragua


17

23-modda: Uy va oilani hurmat qilish 

Har kim o’z oilasi bilan birga yashash huquqiga ega. Agar siz nogiron bo’lsangiz, 

hukumat xarajatlarni ko’tarish, axborot bilan ta’minlash va xizmatlar ko’rsatish 

masalalarida oilangizni qo’llab-quvvatlashi lozim. Sizni, nogiron ekaningizni ro’kach 

qilgan holda, o’z ota-onangizdan ajratmasliklari kerak. Agar sizni eng yaqin 

qarindoshlaringiz parvarish qilishlarining imkoni bo’lmasa, u holda hukumat uzoqroq 

qarindoshlaringiz parvarishida yoki mahalliy hamjamiyatda yashashingiz uchun 

oilaviy sharoitlarni yaratish hisobiga muqobil parvarish qilishni tashkil etishda 

ko’maklashishi zarur. Nogiron yoshlar boshqa tengdoshlari qatori reproduktiv 

salomatlik va oilani rejalashtirish masalalarida yoshiga mos axborotdan foydalanish 

imkoniyatiga hamda boshqa yoshlar kabi nikohdan o’tish va oila qurish huquqiga 

egadir.


24-modda: Ta’lim 

Har bir inson maktabda ta’lim olish huquqiga ega. Sizning nogironligingizni ro’kach 

qilib, ta’lim olish huquqingizni poymol qilishga hech kimning haqqi yo’q. Siz alohida 

ajratilgan maktabda o’qishga majbur emassiz. Sizga hukumat boshqalar bilan teng 

ravishda o’z yashash joyingizda sifatli va bepul boshlang’ich ta’lim va o’rta ta’limni 

olish imkoniyatini yaratib berishi zarur. Chunki hukumat nogironlar kamsitilmasdan 

va boshqalar bilan teng ravishda oliy ta’lim, kasbiy ta’lim, kattalar uchun ta’lim olish 

va butun hayotlari davomida o’qitilish imkoniyatlariga ega bo’lishlari, shu maqsadda 

nogironlar uchun oqilona moslashtirishni ta’minlash uchun mas’ul hisoblanadi. 

25-modda: Sog’liqni saqlash 

Nogiron shaxslar boshqalar bilan bir qatorda salomatlikni saqlash bo’yicha bepul 

yoki qimmat bo’lmagan tibbiy xizmat turlari bilan ta’minlanish huquqiga ega. 

26-modda: Abilitatsiya  va reabilitatsiya 

Hukumat nogironlar iloji boricha mustaqillikka, to’la jismoniy, aqliy, ijtimoiy va kasb 

qobiliyatlariga erishishlari va buni saqlab qolishlari hamda turmushning barcha 

sohalariga to’la qo’shilishlari va jalb etilishlari uchun samarali va zarur choralarni 

ko’radi. Shu maqsadda kompleks abilitatsiya va reabilitatsiya xizmatlari va 

dasturlarini, ayniqsa, sog’liqni saqlash, bandlik, ta’lim va ijtimoiy xizmat ko’rsatish 

sohalarida tashkil etadi, mustahkamlaydi va kengaytiradi.

27-modda: Mehnat va bandlik

Nogironlar mehnat qilish, ya’ni boshqalar bilan teng ravishda o’zi tanlagan va 

erkin rozi bo’lgan mehnat faoliyati orqali turmush kechirishi uchun pul ishlab topish 

huquqiga egadir. 



18

28-modda: Yetarli turmush darajasi va ijtimoiy himoya 

Nogironlar o’zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga, shu jumladan 

yetarlicha ovqatlanish, kiyim-kechakka va turar joyga ega bo’lish hamda turmush 

sharoitlari uzluksiz yaxshilanib borishi huquqlariga ega. Hukumat nogironlarning 

ijtimoiy himoyaga bo’lgan huquqlarini va bu huquqlardan nogironlik belgisi bo’yicha 

kamsitilmasdan foydalanishlari huquqini e’tirof etadi hamda ushbu huquqni 

amalga oshirishni ta’minlash va rag’batlantirish uchun zarur choralarni ko’radi. 

Kam ta’minlangan nogiron bolalar va ularni oilalarining nogironlik bilan bog’liq 

xarajatlarini, shu jumladan tegishlicha ta’lim olish, maslahat, moliyaviy yordam va 

vaqtincha patronaj parvarishi bo’yicha xarajatlarni qoplash maqsadidagi davlat 

yordamini olishlari ta’minlanadi.

29-modda: Siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etish

Nogironlar ijtimoiy va siyosiy hayotda ishtirok etish huquqiga egadir. Qonunda 

belgilangan yoshga yetishingiz bilan siz bu huquqlaringizdan boshqalar bilan teng 

ravishda foydalanish, xususan, siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki erkin 

saylangan vakillar orqali samarali va har taraflama ishtirok etish, shu jumladan 

saylash va saylanish huquqlari va imkoniyatlariga ega bo’lasiz. Siz, nogironligingizdan 

qat’i nazar, o’z nomzodingizni saylovlarda, davlat hokimiyatining barcha darajalarida 

davlat lavozimlarini amalda egallash uchun ko’rsatish huquqingizdan foydalanishingiz 

mumkin. 

30-modda: Madaniy hayotda, bo’sh vaqtni o’tkazish, dam olish va sport 

bilan shug’ullanishda ishtirok etish

Nogironlar boshqalar bilan teng ravishda madaniy hayotda ishtirok etish, televideniye 

dasturlari, filmlar, teatr, kino va boshqa madaniy tadbirlarda, dam olish va sport 

tadbirlarida qatnashish huquqiga ega. Shu maqsadda hukumat teatrlar, muzeylar, 

kinoteatrlar, kutubxonalar va turizm xizmatlari kabi madaniy tadbirlar o’tkaziladigan 

va xizmatlar ko’rsatiladigan joylardan nogironlar foydalanish imkoniyati bo’lgan 

shakllarda foydalana olishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi.

31-modda: Statistika va ma’lumotlarni to’plash 

Konvensiya ishtirokchisi bo’lgan mamlakatlar eng maqbul dasturlar va xizmatlar 

ishlab chiqilishini ta’minlash maqsadida nogironlikka doir axborotlarni, shu jumladan 

statistika va tadqiqot ma’lumotlarini to’plashi zarur. Statistika ma’lumotlarini to’plash 

va ulardan foydalanishda inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilishga 

taalluqli xalqaro e’tirof etilgan normalarga, shuningdek, axloq prinsiplariga rioya 

etish shart. Bunda, shuningdek, nogironlar shaxsiy hayoti maxfiyligi va daxlsizligini 

ta’minlash uchun belgilab qo’yilgan huquqiy kafolatlarga, shu jumladan ma’lumotlarni 

himoya qilish to’g’risidagi qonunchilikka rioya qilinishi talab etiladi. 


19

32-modda: Xalqaro hamkorlik 

Ishtirokchi-davlatlar ushbu Konvensiya maqsad va vazifalarini amalga oshirishda 

xalqaro hamkorlik muhimligini e’tirof etadi hamda shu munosabat bilan, maqbul 

bo’lganda, tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati, 

jumladan nogironlar tashkilotlari bilan sheriklikda davlatlararo aloqalar bo’yicha 

zarur va samarali choralarni ko’radi. Bu xalqaro hamkorlik, jumladan xalqaro 

rivojlanish dasturlari nogironlarni qamrab olishini hamda ular bundan foydalanishlarini 

ta’minlash, mavjud imkoniyatlarni yengillashtirish va ularni mustahkamlash, shu 

jumladan axborot, tajriba, dasturlar va ilg’or ishlanmalar bilan o’zaro almashish yo’li 

bilan qo’llab-quvvatlash kabi choralarni qamrab olishi mumkin.



33-50-moddalar: Konvensiyani amalga oshirish, o’zaro 

hamkorlik va monitoring olib borishga doir qoidalar 

Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiya 50 ta moddadan iborat. Konvensiyaning 

33-50-moddalari katta yoshdagi kishilar, ayniqsa, nogironlar va ularning tashkilotlari, 

shuningdek, hukumatlar alohida ehtiyojli barcha shaxslarning huquqlarini kafolatlash 

borasida o’zaro hamkorlikda amalga oshiradigan ishlarga bag’ishlangan.

Qat’iyatli bo’ling va huquqlaringizni talab qiling, 

bunda boshqalar siz bilan yonma-yon tursinlar. 

Barcha bolalar maktabda o’qishlari MUMKIN, 

o’yinlar o’ynashlari MUMKIN va turli tadbirlarda 

ishtirok etishlari MUMKIN. Bu o’rinda sizning 

imkoningiz nimaga yetmasligi emas, balki aynan 

nimalarga yetishi MUMKINLIGI haqida so’z 

bormoqda. 

Viktor Santyago Pineda


20

A

lohida ehtiyojli bolalar boshqa barcha bolalar bilan teng huquqlarga ega. Bu 



huquqlar kafolati bo’lmish Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiya haqida 

yon-atrofingizdagilarga ma’lumot bering. Zotan, ochiq-oshkora gapirish, emin-erkin 

faoliyat ko’rsatish kuchli fuqarolik jamiyatining belgisidir. 

Mabodo siz nogiron bo’lsangiz, u holda ushbu Konvensiya sizga, siz yashayotgan 

mamlakat hukumatiga va oilangizga sizning huquqlaringiz ta’minlanishi va 

orzu-maqsadlaringiz ro’yobga chiqishi uchun zarur vositalarni taqdim etadi. 

Nogironligingizdan qat’i nazar, siz barcha bilan teng ravishda maktabda o’qish 

huquqidan foydalanishingiz, atrofingizdagi kattalar sizning harakatlanishingizga 

ko’maklashishlari va siz boshqa bolalar bilan muloqot qilishingiz, birgalikda turli xil 

o’yinlar o’ynashingiz lozim. 

Siz o’z Vataningizning fuqarosi, oilangiz va jamoangizning a’zosi hisoblanasiz hamda 

ularning ravnaqiga katta hissa qo’shish imkoniga egasiz.



Huquq qay tarzda voqelikka 

aylanadi

Bolalarga bering dunyoni

Ani Verdyan, 8 yoshda, Armaniston

21

A

vvalo, mavjud munosabat va qoidalarni o’zgartirish juda muhim, toki nogiron 



bolalar maktabda o’qish, o’yinlar o’ynash hamda boshqa barcha bolalar qatori 

turli mashg’ulotlar bilan shug’ullanish imkoniyatiga ega bo’lsinlar. Maktabingizda 

nogiron bolalarni sinfxonalarda o’tiladigan mashg’ulotlarga va boshqa barcha 

tadbirlarga kiritishadimi? O’qituvchilaringiz alohida ehtiyojli tengqurlaringizga e’tibor 

qaratishadimi va ularning ehtiyojlarini inobatga olishadimi? Maktabingizda nogironlar 

aravachasi yurishiga moslashtirilgan qiya yo’laklar, surdo-tarjima uskunalari va 

boshqa xil yordamchi texnologik vositalar bormi?

Modomiki, bularning barchasiga ijobiy javob mavjud ekan, bu juda maqbul ish! 

Demak, maktabda nogiron bolalarga nisbatan adolatli munosabat yo’lga qo’yilgan 

va ularning ta’lim-tarbiya olishi uchun teng sharoitlar yaratilgan. Bu – maktabingiz 

Konvensiya tamoyillariga rioya etmoqda, deganidir. 

Afsuski, ko’pchilik odamlar nogiron bolalarga nisbatan adolatsiz munosabatda 

bo’lishlari ham sir emas. Siz mas’uliyatni zimmangizga olib, jamiyatimizning adolatli, 

kuchli va hamma uchun ochiq fuqarolik jamiyatiga aylanishida ishtirok etishingiz 

lozim. Bu boradagi faoliyatni o’z uyingiz va maktabingizda ota-onalar hamda 

o’qituvchilarning tushuncha va yondashuvlarini o’zgartirishdan boshlaganingiz 

ma’qul. 

Siz odamlarning Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiya qoidalaridan

shuningdek, nogiron o’smir-yoshlarning imkoniyatlari va qobiliyatlaridan 

xabardorligini oshirish borasida ko’p ishlar qilishga qodirsiz.



Siz nimalar qilishingiz mumkin?

22

 

M

Tashkilot yoki tashabbuslarda ishtirok etishingiz mumkin. Bunda sizning yutug’ingiz 



ishtirokchilar soniga bog’liq bo’ladi. Boshqa do’stlaringiz bilan birgalikda milliy va 

xalqaro tashkilotlarning joylardagi bo’limlari faoliyatini qo’llab-quvvatlashingiz 

mumkin. Bu tashkilotlarning yoshlarga oid maxsus dasturlari yoki tashabbuslari 

mavjud bo’lsa, yanada yaxshi. 



 

M

Siz o’zingizning alohida loyihangizni yaratishingiz mumkin. Buning uchun avvalo 



tashviqot-targ’ibot kampaniyasini yo’lga qo’ying, xayr-ehson yig’ishga mas’ul 

odamni jalb eting, tadqiqot o’tkazing (Tanishlaringiz orasidan kimgadir nisbatan 

adolatsiz munosabatda bo’linganmi? Maktabingizdagi zinapoyalar nogiron 

bolalarga moslashtirilganmi?), o’zingiz duch kelgan g’ov-to’siqlarning bartaraf 

etilishini so’rab iltimosnoma yozing. 

 

M

Konvensiyani qo’llab-quvvatlash uchun klub tashkil eting. Turli xil nogironligi 



bo’lgan bolalarni birlashtiring, barcha do’stlaringiz bilan birga ijtimoiy tadbirlar 

o’tkazing va o’z klubingizga yangi kishilarni jalb eting. Birgalikda filmlar tomoshasi 

yoki ziyofat uyushtiring. Eng muhimi, vaqtingizni ko’ngilli o’tkazing hamda noyob 

qobiliyatlaringiz va iste’dodingizni ro’yobga chiqaring. 



 

M

O’zingiz o’qiydigan maktab va qo’shni maktablarda alohida ehtiyojli shaxslarning 



huquqlari haqida taqdimotlar o’tkazing. Ijodiy yondashuvdan foydalaning. Plakatlar 

tayyorlang, pyesalar namoyish eting. Bu bilan maktabdagi tengdoshlaringiz 

konvensiyada belgilab qo’yilgan o’z huquqlarini anglab yetishlarida ko’maklashgan 

bo’lasiz. 



 

M

Taqdimotlarni tashkil etishda ota-onalar va o’qituvchilardan yordam so’rang, 



o’zingiz qaerda va qachon so’z olishingiz mumkinligini oldindan rejalashtiring. 

Taqdimot tadbiriga maktabingiz direktorini taklif etishni unutmang. 



 

M

Bir guruh do’stlaringiz hamkorligida nogiron shaxslar huquqlariga bag’ishlangan 



badiiy mashg’ulotlar bilan shug’ullaning. Bu mashg’ulotlar rassomlik, tasviriy san’at, 

haykaltaroshlik kabi yangilik va axborot almashishga ko’maklashish borasida 

imkoningiz bo’lgan har qanday sohalarni qamrab olishi mumkin. Maktabingizda, 

mahalliy kutubxona, galereya yoki restoranlarda – odamlar tanishishi mumkin 

bo’lgan turfa joylarda o’z asarlaringizni namoyish etish imkoniyatlarini o’rganing. 

Vaqti kelib, bu ko’rgazmangizni boshqa joylarga ko’chirishingiz va ko’plab odamlar 

bilan Konvensiyaga doir axborotlarni almashishingiz mumkin bo’ladi.

 

M

Orttirgan amaliy tajriba va saboqlaringizni boshqalar bilan baham ko’ring. 



UNICEFning “Yoshlar ovozi” sayti www.unicef.org/voy yoshlar o’rtasida muhokama-

munozaralar o’tkazish uchun ommabop interfaol forum hisoblanadi. 



Bular – siz qilishingiz mumkin bo’lgan ishlar yuzasidan taklif etilgan atigi bir nechta g’oya, 

xolos. Aslida, bu boradagi imkoniyatlarning chek-chegarasi yo’q!

Masalan, siz...

23

Qabul qilish: 

rasman ma’qullash yoki tasdiqlash (Masalan, Konvensiya yoxud 

Deklaratsiyani qabul qilish). 

Modda: 

huquqiy hujjatning tartib raqami bilan belgilanadigan muayyan qismi; 

ushbu tartib raqamlari zarur axborotni topishda, shuningdek, muhokama etish 

vaqtida unga havola qilish uchun yordam beradi. 



Ko’makchi texnologiyalar: 

ko’maksiz bajarish mumkin bo’lmagan ishlarda 

yordam beradigan vositalar. Xususan, harakatlanishda nogironlik aravachasidan 

yoki kompyuter ekranidagi yozuvlarni ko’rish uchun ko’zoynak va boshqa shu kabi 

maxsus vositalar ko’magidan foydalaniladi. 

Qo’mita: 

muayyan kishilar guruhi; odatda ularni qolgan katta guruhdagi 

kishilarga yordam berishlari uchun saylaydilar. 

Muomala (muloqot): 

axborot almashish. Shuningdek, u multimedia vositalari, 

yirik harflar, Brayl alifbosi, imo-ishoralar tili yoki maxsus baland ovozda mutolaa 

qilish yo’li bilan o’qish, suhbatlashish yoki anglashni bildiradi.



Jamoa (hamjamiyat): 

muayyan hududda yashaydigan kishilar guruhi. U 

manfaatlari yoki muammolari o’xshash kishilar guruhlarini ham anglatadi. 

Konvensiya: 

muayyan mamlakatlar guruhining bir xil qonunlar ishlab chiqishga 

doir bitimi yoki shartnomasi. Bola huquqlari to’g’risidagi konvensiya barcha 

bolalarning jamiyat a’zolari maqomida o’z huquqlaridan foydalanishini hamda 

bolalar sifatida alohida g’amxo’rlik va himoyaga bo’lgan ehtiyojlari qondirilishini 

kafolatlaydigan bitimdir. Bu Konvensiya inson huquqlari tarixida juda keng 

miqyosda qabul qilingan shartnoma hisoblanadi. Nogironlar huquqlari to’g’risidagi 

konvensiya barcha shaxslar, shu jumladan nogironligi mavjud bolalar va kattalar 

o’z huquqlaridan kamsitilmasdan foydalanishini kafolatlaydigan shartnomadir. 

Shaxsning qadr-qimmati: 

insonning ajralmas, ya’ni tug’ma g’ururi va o’z-o’zini 

hurmat qilish, qadrlash tuyg’usi. Munosib muomalada bo’lish –insonlarning bir-

birlarini hurmat-izzat qilishi, qadrini joyiga qo’yishi, deganidir. 



Diskriminatsiya (kamsitish): 

insonga yoki bir guruh kishilarga nisbatan irqi, 

diniy mansubligi, jinsi yoxud alohida ehtiyojlarini ro’kach qilib, adolatsiz, nohaq 

munosabatda bo’lish. 



Notanish tushunchalar lug’ati

24

Ijro etish: 

nimanidir kuchga kiritish. Konvensiya moddalarini ijro etish degani 

undagi va’dalarning ro’yobga chiqarilishini anglatadi. 

Ajralmas qadr-qimmat: 

barcha insonlar tug’ilganidanoq ega hisoblanadigan 

tug’ma, tabiiy qadr-qimmat, izzat-hurmat tushunchasi. 

Qonuniy: 

qonunga taalluqli, qonunga asoslangan yoki qonun talab etgan. 



Mushaklar distrofiyasi: 

mushaklarda modda almashinuvining buzilishi va vaqt 

o’tishi bilan ularning zaiflashib qolishi bilan bog’liq xastalik. 

Ratifikatsiya (ratifikatsiya qilish): 

imzolangan Konvensiya yoki Shartnomaning 

tegishli mamlakat tomonidan rasman ma’qullanishi va o’sha mamlakatning 

amaldagi qonun hujjatiga aylanishi. 



Ishtirokchi-davlatlar: 

Konvensiyani imzolagan va kelishib olgan mamlakatlar.



UNICEF: 

BMTning Bolalar jamg’armasi. U BMT tizimining uzviy qismi bo’lib, 

bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularning yashashi, rivojlanishi va himoya 

qilinishi, dunyoning bolalar uchun va barchamiz uchun yanada fayzli, xavfsiz va 

xayrixoh bo’lishi yo’lida faoliyat yuritadi. 

BMT: 

jahondagi qariyb barcha mamlakatlardan tashkil topgan nufuzli xalqaro 

tashkilot. Turli mamlakatlar hukumatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotida uchrashib, 

sayyoramizda tinchlik-osoyishtalik va farovon hayot barqaror bo’lishini ta’minlash 

uchun o’zaro hamkorlik va hamjihatlikda ish olib boradi. 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi: 

Birlashgan Millatlar 

Tashkilotining barcha ishtirokchi-davlatlari tomonidan 1948 yil 10 dekabrda 

imzolangan bu mo’tabar hujjatda barcha insonlarning huquqlari o’z aksini topgan.




Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling