2. Dala mashg‘ulotlari: taktik mashg‘ulotlar, saf mashg‘ulotlari, parvozlar, o‘t ochish joylaridagi mashg‘ulotlar; jangovar post, poligon, aerodrom, tankodrom, avtodrom, jangovar texnika parki va garajlar, muxandislik, kimyo, sport shaharchalaridagi mashg‘ulotlar va boshqalar. Mashg‘ulotlarni tashkil etishning bunday shakllari davomida egallangan nazariy bilimlar asosida amaliy ko‘nikma va malakalar shakllantiriladi, askar va bo‘linmalarning amaliy tayyorgarligi amalga oshiriladi.
Dala mashg‘ulotlari jarayonida askarlar qurol-yarog‘ va jangovar texnikadan foydalanish, har xil sharoitlarda va jangning turli ko‘rinishlarida taktik usullar va harakatlarni bajarish yo‘llarini egallaydilar.
Dala mashg‘ulotlari davomida ta’limni jangovar sharoitlarga yaqinlashtirish, shaxsiy tarkib harakatlarida kerakli darajada jismoniy va ruhiy zo‘riqishga erishishni ta’minlash imkoni yaratiladi.
Dala mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish metodikasi o‘quv mashg‘ulotining mazmuni, maqsadiga bog‘liq bo‘ladi.
3. Mashqlar: jismoniy, saf tayyorgarligi, shtab mashqlari, radiomashqlar, boshqarish punktlaridagi mashqlar, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, «Havf-xatar» («Trevoga») signali bo‘yicha mashqlar va boshqalar.
Mashqlar maxsus belgilangan reja asosida dalada, jangovar postlarda, poligonda, o‘q otish shaharchasida, boshqaruv punktlarida, maxsus jihozlangan sinflarda o‘tkaziladi. Ular maxsus yoki kompleks bo‘lishi mumkin. Mashqlar shaxsiy tarkibning umumiy va maxsus jangovar tayyorgarligini ta’minlash va takomillashtirish, bo‘linmalar, ekipajlar, shtablar va bo‘linmalar jangovar harakatini muvofiqlashtirish maqsadida o‘tkaziladi.
4. Jangovar otish va raketa uchirish: yakka otish, raschyot va ekipaj tarkibida otish, artilleriya, havo, kema otishlari, jangovar raketalarni uchirish va boshqalar.
Jangovar otish va raketa uchirish ta’limning o‘ziga xos shakllaridan hisoblanadi. Ular bilan odatda ta’limning ma’lum bir bosqichi yakunlanadi. Ularni o‘tkazishdan maqsad, bir tomondan askarlarning tayyorgarlik darajasini tekshirish bo‘lsa, boshqa tomondan ularning hozirgi zamon jangi sharoitida o‘t ochish ko‘nikma va malakalarini yanada takomillashtirishdir. Shu bilan birga bunday shakldagi mashg‘ulotlar paytida bo‘linmalarning jangovar harakatlarining muvofiqligini ta’minlash va shaxsiy tarkibning jangovar sharoitda harakat qilishi uchun ruhiy tayyorgarligini amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |