Hayitova Mahliyo Samdu magistranti Ilmiy rahbar: Mahmadiyev Sh


Download 24.91 Kb.
Sana08.01.2022
Hajmi24.91 Kb.
#252052
Bog'liq
suv.maqola


Hayitova Mahliyo SamDU magistranti

Ilmiy rahbar: Mahmadiyev Sh.

“Suv” leksemasi asosida shakllangan barqaror birikmalar

Suv bor yerda-hayot bor. Suv-butun mavjudotlarning tirikligini ta`minlab turuvchi asosiy manba. Borliq substansiyasini tashkil etuvchi to`rt unsurdan biri ham suv sanaladi. Bebaho ne`mat hisoblanmish suv faqat kundalik hayotimizda emas, balki lisoniy boyligimizda ham muhim o`rin tutadi. Chunki tilimizda “suv” leksemasi asosida shakllangan iboralar, maqol-matallar, topishmoqlar , tasviriy ifodalar, nutqiy odat undovlari ko`pchilikni tashkil etadi. Ularning mazmuniy ifodasida “suv”ning bebaholigi, uni e`zozlash, asrab-avaylash kerakligi g`oyalari bilan birga, asrlar mobaynida shakllangan suvga xos etnografik va etnolingvistik xususiyatlar ham aks ettirilgan. Aynan bu leksema ishtirok etgan til birliklarini lisoniy tadqiq etish orqali “suv” leksemasining etimologiyasi, davrlar osha ishlatilishidagi tafovutlar, uslubiy-stilistik xususiyatlari, etnografik jihatlari, shuningdek, butun bir millatning suvga bo`lgan munosabatini ko`rish mumkin. Bundan tashqari “suv” leksemasi asosida shakllangan til birliklarini qiyosiy-tipologik o`rganish orqali ularning qardosh va qardosh bo`lmagan tillardagi muqobillari hamda ular o`rtasidagi o`xshashlik va farqlar aniqlanadi.

Kimki biror-bir xalqning asr-asrlik tafakkur tarzini bilmoqchi bo`lsa, eng avvalo, uning maqollari bilan tanishsin.1Tilimizda “suv” leksemasi asosida shakllangan maqollar ko`p sonlidir. “Suv-oltindan aziz”, “Oy suluvi-nur, soy suluvi-suv”, “Suv taralar tuproqqa, Oro berar yaproqqa”, “Tomchi suvda tol ko`karar”, “Suvsiz yer-jonsiz jasad”, “Suvsiz yer- yetim, Molsiz er- yetim”, “Suv onasi-buloq, so`z onasi-quloq”, “Suvning qatrasi-oftob zarrasi”, “Suvni qum tagidan qidir”, “Tashnaning tushiga suv kirar” kabi maqollar suvning hayot manbayi ekanligini isbot etib turibdi. Bundan tashqari, bu maqollarda xalqning ekologik qarashlari ham ifoda etilgan desak bo`ladi. Hali ilmda o`zbek xalq maqollarida ekologik qarashlar qay darajada ilgari surilgani masalasi maxsus o`rganilganicha yo`q. O`rganilsa, ehhe, bu yerda qanchadan qancha tesha tegmagan boy manba yotganiga guvoh bo`lamiz2. Ularning barchasi, albatta, o`zining etimologik asosiga va izohiga ega. Ularning yuzaga kelishida ma`lum bir tarixiylik, xalq tasavvuri, tajribasi, dunyoqarashi, mifologiya omillari muhim o`rin tutgan. “O`zbek maqollari izohli lug`ati”da “suv” leksemasi asosida shakllangan 70 ga yaqin maqollar berilgan bo`lib, ulardan 13 tasi alohida izohlangan. Quyida ularning ayrimlarining izohini keltiramiz.


  1. Suv keltirgan- xor-zor, ko`za sindirgan-aziz. Klassik shoirlarimiz asarlarida foydalanilganligi bu maqolning qo`llanilish davri ancha uzoq zamonlarga borib taqalishini ko`rsatadi:

Raqibi sindurub ko`nglin-u men yig`lab anga, lekin,

Suv kelturmak hamonu ko`za sindurmak hamon ermish. (Navoiy)

Kimga dod aylay borib, shum toleyimni dastidin,

Ko`za sindirgan aziz-u, suv keltirgan xor-zor. (Muqumiy) Bu maqolni “hammaga yaxshilik qilib, o`zgalarga foyda keltirishga urinadigan kishilarning behudaga ta`na-malomatlarga qolib, faqat o`z foydasi uchun ish qiladiganlarning hurmat-izzatda bo`lishi” deb izohlash mumkin.



  1. “Suv tilasang, Sulaymondan tila”. Xorazm vohasining xo`jalik hayotida katta rol o`ynaydigan barcha asosiy kanallar u yoki bu avliyoning nomi bilan bog`langan. Bunda avliyo goho kanalning homiysi sifatida qadrlansa, goho Amudaryodan mo`jizaviy ravishda suv chiqarib, kanalning bevosita asoschisi bo`lgan kishi sifatida qadrlangan. Avliyo Sulaymonni Xonqaning janub tomonidagi kanallar tarmog`ining homiysi deb hisoblaganlar. Shu kanallarda suv kamayib qolsa uning mozoriga sig`inganlar.

  2. “Suvni ko`rmay, etik yechma. Bu maqol qadimiy maqollardan biri hisoblanib, uni XI asrning yirik olimi Mahmud Koshg`ariy shunday izohlagan: “Bu maqol ishlarda mulohazali bo`lishga undalgan kishilarga nisbatan qo`llanadi”. Hozir ham bu maqol: “Har bir ishni aniq-ravshan bilmay turib, unga urinma, qadam qo`yma, bir sohada mulohaza bilan puxta o`ylangan holda ish tut”,- degan ma`noda qo`llaniladi.

  3. “Suv-tilsiz yov”. Bu maqol tilimizda o`zining bir qancha variantlariga ega. Masalan, “O`t bilan suv-tilsiz yov”, “Suvning ishi-o`pirmoq, O`tning ishi kuydirmoq”, “Suv buzadi ham, tuzadi ham”, “Suvning ko`rinishi muloyim, bag`ri-tosh”, “Suvning ozi ham bir balo, ko`pi ham bir balo”, “Daroyi ola bo`ldi, daryo bir balo bo`ldi”. Bu maqollarning barchasida suv qanchalar aziz ne`mat bo`lmasin, kishilarga ofat keltirishi mumkinligi, shu bois, o`tdan ham, suvdan ham ehtiyot bo`lish kerakligi uqtiriladi.

  4. “Suv yo`g`ida –tayammum”. Islom dinining shartiga ko`ra, namoz o`qishdan oldin tahorat qilmoq lozim. Suv yo`q joyda ikki kaftni tuproqqa urib, betlarga surtadilar. “Tayammum” deb atalmish bu tadbir go`yo suv bilan qilingan tahoratning o`rniga o`tar emish. Mazkur maqolning to`g`ri ma`nosi shu mazmunni ifoda etsa-da, ota-bobolarimiz uni va uning majoziy ma`nosiga mos keladigan quyidagi bir qator maqollarni kishiga turmush kechirish yuzasida nasihat qilganda: “Yaxshiroq narsa topilguncha yomonroq narsaning qadriga yetish, undan foydalanib turish zarur degan ma`noda qo`llaganlar: “Qori bo`lmasa, yomg`iri”, “Suvi bo`lmasa shudringi”, “Chelak teshik bo`lsa ham, suv sepishga yaraydi” kabi maqollar ham yuqoridagi maqolning mazmuniy variantlari bo`lib, bir xil ma`noni ifodalaydi.

  5. “Sigir suv ichguncha, buzoq muz yalaydi”. Bu maqolning kelib chiqishi ham uzoq tarixga borib taqaladi. Odatda, qish kunlarida sigirga suvni bir idishda ichiradilar. Sigir suv ichib bo`lguncha buzoq intilaversa, uni tinchitmoq uchun chelak yuzidagi muzni tashlaydilar. Buzoq shu muzni yalab ovunib turadi. Sigir suv ichib bo`lgach buzoqqa ham suv olib kelib ichiradilar. Bu maqolni o`z

ma`nosida tushunsak, shunday mazmun anglashiladi. Ko`chma ma`noda tushunadigan bo`lsak: “Jamiyatda bo`ladigan har qanday ijobiy o`zgarish, dasatavval, yuqori martaba vakilllari manfaatiga xizmat qiladi. Oddiy aholi esa ulardan eng oxirda bahramand bo`ladilar”,-degan mazmun kelib chiqadi.

Xulosa qilib shuni aytish joizki, suv so`zining qo`llanish darajasi juda keng. Uni til jihatidan tadqiq etish tarix, geografiya, etnografiya kabi fanlar uchun ham nazariy va amaliy jihatdan keng ahamiyatga ega3. Shu bois, “suv” leksemasi ishtirok etgan til birliklarini alohida olib o`rganish va tahlil qilish ularning mazmunini kengroq tushunishga imkon beradi.



Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Shomaqsudov Sh., Shorahmedov Sh. O`zbek maqollari izohli lug`ati,- Toshkent: 1990.-527 b.

  2. Sultonmurod Olim, Suv-ilohiy ne`mat, -Toshkent: Akademnashr, 2009.-77 b.

  3. Jabborov X. Suv haqida so`z // Fan va turmush. –Toshkent,-1996.-N:6.-B. 24-25.

1 Olim Sultonmurod. Suv-ilohiy ne`mat.T.:Akademnashr. 2009. 6-b.

2 Olim Sultonmurod. Suv-ilohiy ne`mat.T.:Akademnashr. 2009. 6-b.

3 Jabborov X. Suv haqida so`z // Fan va turmush. –Toshkent, 1996.-N:6.-B. 24-25.

Download 24.91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling