Hujjat turlari va uslubi
Download 39.15 Kb.
|
Mavzu Hujjat turlari va uslubi
Mavzu. Hujjat turlari va uslubi Boshqaruv jarayonining murakkabligi va serqirraligiga muvofiq ravishda idoraviy ish yuritish qogʻozlari, hujjatlar ham xilma-xil va miqdoran juda ko‘p. Hujjatlarning maqsadi, yo‘nalishi, hajmi, shakli va boshqa bir qator sifatlari ham turlichadir. Shunday ekan, hujjatlar tiliga bo‘lgan umumiy talablar bilan bir qatorda har bir turkum hujjatlar tuzish ishiga qo‘yiladigan ko‘pgina lisoniy talablar ham mavjud. Muayyan turdagi hujjat, albatta, o‘ziga xos lisoniy xususiyat va sifatlar bilan belgilanadi. Bu xususiyat va sifatlarni har taraflama, chuqur tasawur qilmasdan turib, mukammal hujjatchilikni yaratish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun bu o‘rinda hujjatlar tasnifi masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Hujjatshunoslikda hujjatlar bir necha jihatlarga ko‘ra tasnif qilinadi. Tasniflashda mutlaqo bir xil guruhlashtirish mavjud bo‘lmasa-da, har qalay, ularni bir qadar yagonalashgan holda guruhlashtirish mumkin. Hujjatshunoslikdagi ana shu an'anaga ko‘ra ish yuritishdagi hujjatlar, eng awalo, tuzilish o‘rniga ko‘ra tasnif qilinadi. Bu jihatdan ichki va tashqi hujjatlar farqlanadi. Ichki hujjatlar ayni muassasaning o‘zida tuziladigan va shu muassasa ichida foydalaniladigan hujjatlardir, muayyan muassasaga boshqa tashkilot yoki ayrim shaxslardan keladiganlari esa tashqi hujjatlar hisoblanadi. Hujjatlar mazmuniga ko‘ra ikki turli bo‘ladi: 1) sodda hujjatlar muayyan bir masalani o‘z ichiga oladi; 2) murakkab hujjatlar ikki yoki undan ortiq masalani o‘z ichiga oladi. Mazmun bayonining shakli jihatidan xususiy, namunaviy va qolipli (yoki trafaretli) hujjatlar farqlanadi. Matnning o‘ziga xosligi, betakrorligi, hamisha ham bir andozada bo‘lmasligi xususiy hujjatlarning asosiy belgilaridir (masalan, xizmat yozishmalari va shu kabilar). Bunday hujjatlarda ham muayyan doimiy tarkib mavjud bo‘lsa-da, bevosita mazmun bayoni bir qadar erkin bo‘ladi. Namunaviy hujjatlar boshqaruvning muayyan bir xil vaziyatlari bilan bogʻliq, bir-biriga o‘xshash va ko‘p takrorlanadigan masalalar yuzasidan tuzilgan matnlarni o‘z ichiga oladi. Qolipli hujjatlar, odatda, oldindan tayyorlangan bosma ish qogʻozlariga yoziladi, bunday hujjatlarda ikki turli axborot aks etadi, ya'ni o‘zgarmas (oldindan tayyor bosma matada ifodalangan) va o‘zgaruvchi (hujjatni tuzish paytida yoziladigan) axborotlar; shuning uchun bu tur hujjatlarga nisbatan ko‘pincha «yozmoq» emas, balki «to‘ldirmoq» so‘zi ishlatiladi. Shu o‘rinda aytish kerakki, hujjatlarning qolipli turlari doirasini kengaytirish - ish yuritishni takomillashtirishdagi maqbul yo‘llardan biridir. Chunki bu tadbir hujjat matnlarini bir xil qilish va hujjat tayyorlash uchun ketadigan vaqt hamda mehnatni anchagina tejash imkoniyatini beradi. Qolipli hujjatlar sirasiga, masalan, ish haqi yoki joyi haqidagi ma'lumotnomalar, ayrim dalolatnomalar, xizmat safan guvohnomalari va boshqa ko‘plab hujjatlarni kiritish mumkin. Hujjatlar tegishlilik jihatiga ko‘ra, xizmat yoki rasmiy hujjatlar va shaxsiy hujjatlarga ajratiladi. Xizmat hujjatlari tayyorlanishiga ko‘ra, muassasa yoki mansabdor shaxslarga tegishli bo‘lsa, shaxsiy hujjatlar yakka shaxslar tomonidan yozilib, ularning xizmat faoliyatlaridan tashqaridagi yoki jamoat ishlarini bajarish bilan bogʻliq masalalarga tegishli bo‘ladi (masalan, shaxsiy ariza, shikoyat va h.k.). Hujjatlarning tayyorlanish xususiyati va daraj asi ham benihoya muhim. Bu jihatiga ko‘ra hujjatlar quyidagicha tasniflanadi: qoralama; asi nusxa; nusxa; ikkinchi nusxa (dublikat); ko‘chirma. Aksar hujjatlar dastlab qoralama nusxada tayyorlanadi, bu hujjat muallifi, ya'ni tayyorlovchining qo‘lyozma yoki kompyuterda ko‘chirilgan dastlabki nusxasidir. Bu nusxa tuzatilib, qayta ko‘chirilishi mumkin. Aytish joizki, qoralama hujjat huquqiy kuchga ega emas. Asi nusxa har qanday hujjatning asli, birinchi rasmiy nusxasidir. Asi nusxaning aynan qayta ko‘chirilgan shakli nusxa deb yuritiladi, odatda, o‘ng tomonidagi yuqori burchagiga «Nusxa» degan belgi qo‘yiladi. Hujjatchilikda, shuningdek, aynan (faksimil) va erkin nusxalar ham farqlanadi. Aynan nusxa asl nusxaning barcha xususiyatlarini - hujjat zaruriy qismlarining joylashishi, mavjud shakliy belgilar (gerb, yumaloq muhr, to‘rtburchak muhr, nishon kabi), matndagi bosma, yozma harf shakllari va shu kabilarni aniq va to‘liq aks ettiradi, masalan, fotonusxani yoki kompyuterda chiqarilgan nusxani shu tur hujjatlar qatoriga kiritish mumkin. Erkin nusxada esa hujjatdagi axborot to‘la ifodalansa-da, bu nusxa tashqi xususiyatlari jihatidan bevosita asliga muvofiq kelmaydi, ya'ni erkin nusxada asl nusxadagi muhr o‘rniga «muhr» deb, imzo o‘rniga «imzo» deb, gerb o‘rniga «gerb» deb yozib qo‘yiladi va h.k. Ba'zan muayyan hujjatga emas, balki uning bir qismiga ehtiyoj tugʻiladi. Bunday hollarda hujjatdan nusxa emas, balki ko‘chirma olinadi (masalan, bayonnomadan ko‘chirma, buyruqdan ko‘chirma va h.k.). Nusxa va ko‘chirmalar, albatta, notarius, kadrlar bo‘limi, «QR» kod, elektron raqamli imzo va shu kabilar tomonidan tegishli tartibda tasdiqlangan taqdirdagina huquqiy kuchga ega bo‘ladi. Asl nusxa yo‘qolgan hollarda hujjatning ikkinchi nusxasi beriladi, ikkinchi nusxa asl nusxa bilan bir xil huquqiy kuchga egadir. Keyingi yillarda hujjatlarning elektron shakldagi nusxalarini O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi - «lex.uz»ga joylashtirish amaliyoti shakllandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi miqyosida amal qiladigan qonun, farmon, qaror, farmoyish, kodeks, nizom, yo‘riqnoma, uslubiy ko‘rsatma, dastur, buyruq, ro‘yxat, doktrina, deklaratsiya va yana boshqa ko‘plab hujjatlar elektron shaklda joylashtirilgan. Mazkur tizimning joriy qilinishi aholining huquqiy ongini o‘stirish bilan birga, istalgan joy da kerakli hujjat namunalari bilan tanishish imkonini bermoqda. Ma'muriy-boshqaruv faoliyatida xizmat mavqeiga ko‘ra hujjatlar hozirgi kunda, asosan, quyidagicha tasniflanishi mumkin: tashkiliy hujjatlar; farmoyish hujjatlari; ma'lumot-axborot hujjatlari; xizmat yozishmalari. 1-mashq.So‘zlarning ma’nolaridagi farqlarni tushuntiring. Fikringizni asoslash uchun ulardan so‘z birikmalari tuzing. Maqom – maqol malakali – malakaviy daromad – kirim davr – bosqich barqarorlik – beqarorlik himoya qilish – himoyalanish tartib – intizom tizim – tuzum qo‘llamoq – foydalanmoq takomillashtirish – rivojlantirish joriy qilish – tatbiq qilish mas’uliyat – javobgarlik 2-mashq. Berilgan nutq qoliplari hujjat guruhlarining qaysi turlarida qo‘llanishini ayting. Ular ishtirokida gaplar tuzing. …lavozimga tayinlansin …ga ruxsat berishingizni so‘rayman …shuni ma’lum qilamizki… buyruq ijrosini nazorat qilish… zimmasiga yuklatilsin fursatdan foydalanib, yana bir bor …muborakbod etamiz hurmat va ehtirom bilan …ga tavsiya etiladi … yilda … ni tamomladim ma’lumotnoma ilova qilinadi … imzosini tasdiqlayman 3-mashq. Quyidagi so‘zlar va jumlalar ishtirokida gaplar tuzing: Topshirilsin, tasdiqlansin, bajarilsin, bo‘shatilsin, tayinlansin; eshitildi, qaror qilindi, ko‘rib chiqildi, ko‘rsatib o‘tildi. 4-mashq.Gaplarni davom ettiring. 1. Biz shu narsaning guvohi bo‘ldikki, … . 2. Normativ hujjatlarni sinchiklab o‘rganish maqsadida … . 3. Qayerda tartib-intizom bo‘lsa, … . 4. Xodimlar ichki normativ hujjatlarni mukammal bilishlari zarur, chunki 5. Har bir hujjatlarning o ‘ziga xos zaruriy qismlari bo‘lib, … . 5-mashq. Quyidagi ish yuritish terminlarining izohlarini yozib oling. Ular ishtirokida gaplar tuzing. Indeks -(shartli raqam) qaydlov raqami, har bir kelayotgan yoki chiqayotgan hujjat rasmiy indekslash tizimiga muvofiq ro‘yxatga olinganda qo‘yiladi Kelishuv ustxati - hujjat loyihasini dastlabki ko‘rib chiqish va baholash usuli bo‘lib, loyihadagi masalalarga o‘z vakolatlariga muvofiq bevosita munosabati bo‘lgan mansabdor shaxslarning ro‘yxati va imzolarini aks ettiradi. Rezolutsiya (munosabat belgisi) -xizmat hujjatlari ustiga mansabdor shaxslar tomonidan muayyan fikr bildirib yoziladigan qaydlar Tasdiqlash ustxati -mansabdor shaxs tomonidan hujjatdagi ma’lumotlarning to‘gʻriligini tasdiqlovchi yozuv. Hujjatning yuqori o‘ng burchagiga qo‘yiladi Viza (rozilik belgisi) -mansabdor shaxsning muayyan hujjatdagi fikrga (iltimos yoki talabga) roziligini anglatadi. Uygavazifa:Matnni o‘qing. Undagi tavsiyalarni o‘z so‘zingiz bilan gapirib bering. Hujjat tayyorlashda nimalarga e’tibor berish kerak? 1. Hujjatlarning aksariyati A4 formatdagi qogʻozda tayyorlanadi, umumiy tarzda qabul qilingan shaklda va ma’lum tartibda tuziladi. 2. Hujjatning yaxlit va uzluksiz matni uni tushunishni qiyinlashtiradi, shuning uchun matnni mazmun jihatdan abzas (xatboshi) larga bo‘lish maqsadga muvofiq. 3. Ish hujjatlarida yakka shaxsga murojaat qilinganda “Siz” olmoshi bosh harf bilan yoziladi. 4. Sonlar ish hujjatlarida raqamlar bilan yoziladi. Pul bilan bogʻliq hujjatlarda (dalolatnoma, ishonchnoma, tilxat) – raqamlar va qavs ichida so‘zlar bilan ifodalanadi. 5. Tartib son arab raqami bilan ifodalanganda -nchi (-inchi) qo‘shimchasi o‘rnida chiziqcha qo‘yiladi: 2-kurs, 3-chorak. Tartib sonni rim raqami yordamida ifodalashda chiziqcha qo‘yilmaydi, biroq o‘qilganda -nchi (-inchi) tarzida talaffuz qilinadi: II kurs, III chorak. 6. Tartib sonlar arab raqami bilan ifodalanib, sanani bildirsa, imlo qoidalariga ko‘ra chiziqcha qo‘yiladi: 2017-yil 6-sentabr. Shuningdek, hujjatning sanasini 06.09.17. tarzida ifodalash ham mumkin. 7. Hujjatlarni imzolashda o‘rnatilgan qoidalarga rioya qilish lozim: avval hujjatni imzolaydigan mansabdor shaxsning lavozimi, so‘ngra ismi va familiyasi yoziladi hamda imzo qo‘yiladi. 8. Hujjatlarda qisqartmalarni qo‘llash ularning hajmi qisqarishiga va ulardagi ma’lumotlarni qabul qilishni tezlashtirishga yordam beradi. Bunda faqat umumiy tarzda qabul qilingan qisqartmalardan foydalanish mumkin: BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti), O‘zMU (O‘zbekiston Milliy universiteti). Download 39.15 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling