Huquqiy davlat tizimining shakllantirilishi


Download 82.5 Kb.
bet3/5
Sana26.06.2023
Hajmi82.5 Kb.
#1656408
1   2   3   4   5
Bog'liq
2. HUQUQIY DAVLAT TIZIMINING SHAKLLANTIRILISHI

Mehnat huquqi sohasi ham davr ruhiga mos tarzda shakllanib, unda liberallashish yo‘lidan borilayotgani namoyon bo‘ladi. Uning o‘zak qonuni – Mehnat kodeksi bu sohadagi qator an’anaviy va yangi institutlarni mustahkamladi. Jumladan, mehnat shartnomasi, ishsizlikni e’tirof etish va ishsizlik nafaqasi, ish beruvchi va xodimning huquqiy maqomi, mehnatga haq to‘lash, mehnat intizomi, mehnatni rag‘batlantirish, xodimga yetkazilgan zarur uchun moddiy javobgarlik, mehnatni muhofaza qilish, ayollar mehnatining kafolatlari, ayollarga oilaviy vazifalarni bajarish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar, yoshlar mehnatining kafolatlari, mehnat nizolarini ko‘rish, davlat ijtimoiy sug‘urtasi, pensiya ta’minoti, xodimning mehnat huquqlarini sud tartibida muhofazalash kabi institutlarni e’tirof qilish mumkin. Eng muhimi, mehnat munosabatlarining zamonaviy huquqiy bazasi sifatida bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan bog‘liq xususiyatlarni o‘zida aks ettirdi.
O‘zbekiston Respublikasining 1998-yilda qabul qilingan Oila kodeksi mamlakatimizda yangi, mustaqil oila huquqi tarmog‘i shakllanganligini yuridik jihatdan rasmiylashtirdi. Ushbu huquq sohasi oilaning mohiyatini, uning ijtimoiy vazifasini ifodalab jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini sifatidagi ahamiyati, oilaviy munosabatlarda fuqarolarning tengli, erkin va ixtiyoriy faoliyat yuritishi masalalarini tartibga solishga qaratilgan. Unda nikoh tuzish, er-xotinning huquq va majburiyatlari, oilada bola tarbiyasi, oilada mulkiy munosabatlar va ularning kafolatlari, farzandlikka olish, vasiylik va homiylik masalalari, fuqarolik (oilaviy holat) holati dalolatnomalarini qayd etish institutlari, shuningdek xalqimizning milliy xususiyatlarini aks ettiruvchi yangi institutlar: nikoh shartnomasi, nikoh tuzuvchi taraflarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohni taqiqlash hamda qon-qarindoshlik va bolalarning nasl-nasabini belgilash kabilar mustahkamlab qo‘yildi.
Jinoyat huquqi tarmog‘i huquqning an’anaviy sohasi. U o‘zining qonuniy asosini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi (1994-y.) timsolida topgan. Unda shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga qarshi qaratilgan jinoyatlar, tinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi qaratilgan jinoyatlar, iqtisodiy sohadagi jinoyatlar, ekologiya sohasidagi jinoyatlar, boshqaruv tartibiga va odil sudlovga qarshi jinoyatlar, jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar, harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar va boshqa institutlar mavjud.
2001-yil 29-avgustda O‘zbekiston Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan jinoyat uchun jazo tayinlash siyosatini liberallashtirish masalasi o‘rtaga qo‘yildi. Shu asosda parlament «Jinoiy jazolarni liberallashtirish munosabati bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi. Bu umuman huquqiy tizim demokratlashuvi hamda insonparvarlashuvi tendensiyasining yaqqol ifodasidir. Jinoiy jazo tizimini erkinlashtirishga doir chora-tadbirlar ayniqsa ulkan ijtimoiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Buning natijasida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning 75 foizga yaqini ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga o‘tkazildi. Jinoyat kodeksidagi jinoyat sodir etgan shaxs yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplagan taqdirda, sud tomonidan unga nisbatan ozodlikdan mahrum etish tariqasida jazo tayinlanishiga yo‘l qo‘ymaydigan normalar ancha kengaytirildi. Mazkur o‘zgarishlar qabul qilinganidan so‘ng sudlarning ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni tayinlanishi 2010-yilda 2000-yilga nisbatan qariyb 26 foizga kamaydi. Shuningdek, yarashuv instituti joriy etilgani ham bu borada muhim qadam bo‘ldi. Mazkur institutning samaradorligi hamda o‘zbek xalqining rahmdillik va kechirimlilik kabi ko‘p asrlik an’analariga mosligi uning izchillik bilan kengayib borishiga asos bo‘lmoqda. Hozirgi kunda 53 ta jinoyat tarkibi bo‘yicha yarashuv institutini qo‘llash imkoniyati nazarda tutilgan. Yarashuv institutining joriy etilishi natijasida o‘tgan davr mobaynida 100 ming nafarga yaqin fuqaro jinoiy javobgarlikdan ozod etildi4.
Mamlakat Prezidenti 2005-yilning 1 va 8-avgustida O‘zbekistonda o‘lim jazosini bekor qilish va qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida ikkita farmon qabul qildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shunday deb ta’kidladi: «O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 1-yanvaridan mamlakatda o‘lim jazosini bekor qilish, shuningdek, fuqarolarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini prokuraturadan sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qonunlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy kutib olindi va butun dunyoda katta aks sado berdi»5. Jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarni qamoqqa olishga sanksiya berish huquqining 2008-yil 1-yanvardan e’tiboran sudlar vakolatiga o‘tkazilishi va uni amalga oshirishning aniq protsessual-huquqiy mexanizmini yaratish jinoyat protsessining sudgacha bo‘lgan bosqichida jinoiy ta’qib qilinadigan fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishning muhim kafolatiga aylanadi.
Mamlakatimizda bu borada «Xabeas korpus» institutining joriy etilishi, ya’ni 2008-yildan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi prokurordan sudga o‘tkazilishi prinsipial qadam bo‘ldi. Mazkur institutning amaliyotga tatbiq etilishi insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, uning daxlsizligini himoya qilishda muhim omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ushbu institut joriy etilgan 2008–2010-yillarda sudlar tomonidan dastlabki tergov organlariga 700 dan ortiq holatda mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash rad qilingani ham buni yaqqol tasdiqlab turibdi»6.
Protsessual huquq tarmoqlaridan biri bo‘lgan Fuqarolik-protsessual huquqi fuqarolik-protsessual munosabatlar va ularning subyektlari, fuqarolik-protsessual muddatlar, fuqarolik ishlarida sudlovga taalluqlilik, sud xarajatlari va jarimalari, da’vo ishini yuritish, shikoyat va arizalarni sudda ko‘rish jarayonlarini tartibga soladi. Mazkur huquq sohasi har bir shaxsning o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, mansabdor shaxslar va jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xattiharakatlari ustidan shikoyat qilish huquqini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Mohiyati jihatdan fuqarolik protsessual huquqi fuqarolik ishlari bo‘yicha odil sudlovni amalga oshirishni, sud qarorlarining ijro etilish tartibini belgilovchi huquq tarmog‘idir. U fuqarolik, mehnat, oila, moliya huquqi sohalari bilan uzviy aloqadorlikda. Fuqarolik-protsessual huquqining asosiy manbasi – Fuqarolik-protsessual kodeksi 5 bo‘lim, 40 bob, 391 moddadan iborat.

Download 82.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling