Hushyorlik va ogohlik davr talabi


Download 55 Kb.
Sana17.01.2023
Hajmi55 Kb.
#1097522
Bog'liq
Hushyorlik va ogohlik


Hushyorlik va ogohlik davr talabi
Bugun biz hayot sur'ati beqiyos darajada tezlashgan shunday zamonda yashayapmizki, insoniyat hozirga qadar bunday davrni boshidan kechirgan emas. Hozirgi zamonda mafkuraviy xatarlar toboro kuchayib bormoqda.
Bunday xatarlarga qarshi doimo sergak, ogoh va xushyor bo'lishimiz zarur, aks holda jamiyatda o'nglab bo'lmas, taraqqiyotdan bir necha o'nlab yillar ortda qolishga sabab bo'ladigan ma'naviy, siyosiy va iqtisodiy muammolar kelib chiqishi mumkin. 
Respublikamiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongida Vatanimizning tinchligi va osoyishtaligini, mustaqilligini asrab – avaylash, yurt ravnaqi, uning istiqboli, gullab - yashnashi bilan faxrlanish xissini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
- Mustaqillik ijtimoiy hayotning barcha sohalarida, jumladan, maʼnaviy jabhadagi yangilanish va oʼzgarishlar davrini boshlab berdi. Dinga boʼlgan munosabat ijobiy tomonga oʼzgardi, vijdon erkinligi qonun orqali kafolatlandi. Maʼnaviy qadriyatlarni tiklash, ulugʼ allomalarimiz hayoti va faoliyatini oʼrganish, ularning asarlarini xalqimizga qaytarish boʼyicha xayrli va ezgu ishlar amalga oshirildi. Diniy rasm-rusumlar, bayramlarni oʼtkazish, erkin ibodat qilish, diniy oʼquv yurtlarini ochish, horijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʼrnatish uchun keng yoʼl ochildi. Shu tariqa yillar davomida xalqimiz qalbida armon boʼlib qolgan orzular ushaldi.
Fuqarolik jamiyati kishilar oʼrtasidagi munosabatlarning yuksak madaniy saviya va teran maʼnaviy zaminga asoslangani bilan ajralib turadi. Bunday jamiyatning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, ularning moʼʼtabar va hatto, muqaddas sanalishi barqaror boʼlmogʼi shart. Muayyan insonning qadr-qimmati, odamlar orasidagi mehr-oqibat, samimiylik, axloqiy poklik, insofu adolat va insonparvarlik kabi eng ezgu umuminsoniy qadriyatlar fuqarolik jamiyati hayotining haqiqiy mezonlaridir. Shuning uchun ham, Oʼzbekistonda kechayotgan davlat va jamiyat qurilishi jarayonida tom maʼnodagi vijdon erkinligini taʼminlashga alohida urgʼu berilmoqda.
Davlatimizning vijdon erkinligiga munosabati – Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida mustahkamlab qoʼyilgan “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega”,-degan qoidada oʼzining aniq huquqiy-qonuniy ifodasini topgan. Demak, «vijdon erkinligi» degan tushunchaning mazmun-mohiyati xohlagan dinga eʼtiqod qilish huquqidan tashqari, hech qanday dinga eʼtiqod qilmaslik ixtiyorini ham qamrab oladi. Har bir fuqaro haqli boʼlgan bunday huquqning buzilmasligi uchun mazkur modda “diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʼl qoʼyilmaydi” degan muhim qoida bilan toʼldirilgan. Buning zamirida vijdon erkinligiga nisbatan har qanday tahdidni bartaraf etish istagi yotadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida aniq-tiniq belgilab qoʼyilgan davlat va jamiyat qurilishining bosh maqsadlardan biri - inson farovonligi taʼminlangan, ijtimoiy adolat va qonuniylik ustuvorlik qiladigan, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʼlgan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligiga asoslangan jamiyatni barpo etishdir. Bu, eng avvalo, yuksak maʼnaviyat va hurfikrlilikka asoslangan, vijdon erkinligi amalda barqaror boʼlgan jamiyatni barpo etish demakdir. Bunday jamiyatni qurish esa, birinchi navbatda, keng maʼnodagi vijdon erkinligi, jumladan, diniy eʼtiqod erkinligini taʼminlashni taqozo etadi. Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ushbu hayotiy masalaga umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillardan kelib chiqib yondashilgan.
Tom maʼnodagi vijdon erkinligi huquqini kafolatlash va amalda taʼminlash uchun Oʼzbekistonda toʼlaqonli huquqiy tizim yaratilgan. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahririga (1998 yil, 1 may) koʼra, «vijdon erkinligi» fuqarolarning har qanday dinga eʼtiqod qilish yoki eʼtiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir. Shu maʼnoda, huquqiy kategoriya sifatida – vijdon erkinligi, bir tomondan, eʼtiqod erkinligini, ikkinchi tomondan esa, hech bir dinga eʼtiqod qilmaslik huquqini ifoda etadi.
Аxloqiy nuqtai nazardan vijdon erkinligi – bu muayyan insonning fikrlash tarzi va shaxsiy maʼnaviy eʼtiqodiga mos xatti-harakat qilish huquqidir.
Demak, davlat vijdon erkinligini huquqiy kafolatlash va amalda taʼminlash tadbirlarini roʼyobga chiqarish bilan bir qatorda, ularga nisbatan har qanday tahdidning oldini olishga ham intiladi. Qonun ustuvorligi eng oliy mezon boʼlgan fuqarolik jamiyatining har bir aʼzosi ushbu qonuniy talabga toʼgʼri munosabatda boʼlib, uning hayotga tatbiq etilishiga hissa qoʼshishi lozim. Chunki eng muhim konstitutsiyaviy huquqlardan boʼlgan vijdon erkinligi huquqining amalda roʼyobga chiqarilishi fuqarolik jamiyatining maʼnaviy-madaniy rivojlanganlik darajasining muhim koʼrsatkichidir.
Diniy ekstremistik oqimlarning asosiy maqsadi din niqobi ostida konstitutsiyaviy tuzumni agʼdarish va siyosiy hokimiyatni egallashdir. Diniy ekstremistik oqimlarning vakillari asosiy eʼtiborni aholimizning 64 % ni tashkil etuvchi, hali ongi toʼla shakllanib ulgurmagan, hayotiy tajribasiz, gʼoʼr yoshlarni oʼz tuzogʼiga ilintirishga qaratib, ularga bosqichma-bosqich, dastavval diniy dunyoqarashni, keyinchalik esa aqidaparast gʼoyalarni singdirishga intilmoqda.
Аmaliyot shuni koʼrsatmoqdaki, ekstremistlar oʼz maqsadlari uchun asosan yosh yigit va qizlarni tanlaydilar. Nega aynan yoshlar va ayollar?
Chunki, yoshlar Vatanimiz kelajagi, millatimiz ertangi kuni taraqqiyotini belgilab beradi. Birinchi Prezidentimiz I.А.Karimov taʼkidlaganlaridek: “XXI asrda qaysi davlat qudratli, qaysi davlat kuchli boʼladi? Bu savolga aholisi intellektual nuqtai nazardan barkamol, yoshlari bilimli, or – nomusli, vatanparvar boʼlib unib-oʼsayotgan davlat, deb javob qaytarish mumkin”.
- Maʼlumki, diniy ekstremizm, terrorizm, diniy aqidaparastlik terminlarining zamirida juda katta mudxish oqibatlarning yotishi hech birimizga sir emas. Terrakt, xunrezlik, ekstremizm millat tanlamaydi, chegara bilmaydi. Shu sababdan ana shunday mudxish holatlarning asiri va qurboniga aylanib qolmaslik uchun barcha xur fikrli insonlardan ogohlik talab etiladi. Birdamlik, hamjihatlik bor joyda xunrezlik, bexuda qon toʼkilishiga yoʼl qoʼyilmaydi. Shu boisdan ham mamlakatimiz aholisining qariyib 64 foizini yoshlar tashkil etadigan yurtimizda ozod va obod yurt farzandlari ekanligimizdan faxrlanish xissi hamisha, hamma vaqt taraqqiyotda olgʼa siljishimizda dasturilamal boʼlib xizmat qiladi.
Ilk islom davrida jihod deyilganda islomni yoyish va himoya qilish uchun gʼayrat qilish tushunilgan. Jihod soʼzi lugʼatda urush maʼnosini anglatmaydi, balki bu soʼz avvalo, Аllohning diniga soʼz va chiroyli hulq-atvor bilan daʼvat qilishdir. Havoyi nafs yoʼliga kirmaslik, yaxshi amallarga bor kuchini sarflash, haq soʼzni joyini topib aytish jihodga kiradi. Farzandning oʼz ota-ona xizmatida boʼlishi ham jihoddir.
Demak, tinchlikni qadriga yetishimiz, ona Vatan tuprogʼini koʼz qorachigʼidek asrashimiz, har xil diniy oqimlar taʼsiriga berilmasdan oʼz mustaqil fikrimizga ega boʼlgan holda faqat va faqat ijobiy ishlargagina qoʼl urishimiz, shu yurtning farzandiman degan har birimiz uchun ham farz, ham qarz desam, mubolagʼa boʼlmaydi.
Ma'lumki, musulmon kishining eng muhim xususiyatlaridan bir ham xushyorlik va ogohlik hisoblanadi. U qo'ni-qo'shni, do'st-birodar hamda qarindoshlar holidan doimo xabardor bo'lib turadi. Befarqlik, loqaydlik, e'tiborsizlik musulmon kishiga yot tushunchadir. Zero, Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday marhamat qiladilar: “Musulmonlar bir jasad kabidir, agar uning bir a'zosi kasal bo'lsa, qolganlarini isitma oladi”. Bu hadisda bir jamiyatda yashayotgan mo'min-musulmonlar go'yo bir tan-u bir jon ekani, shu jamiyatdagi muammo uning har bir a'zosiga aloqador ekanligi aytilmoqda. Shuningdek, boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi: “Musulmon kishi bir kun ham o'zi to'q bo'la turib, qo'shnisini och holda qoldirmaydi”. Qo'shnisini bir kun ham och tashlab qo'ymaydi, degani aslida musulmon kishi qo'ni-qo'shni, mahalladoshlari holidan doimo xabardor bo'lib turadi degani emasmi? Hushyorlik va ogohlikka zid tushuncha loqaydlik, beparvolikdir. Bu illat haqida birinchi prezidentimiz “Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch” asarida donishmandlardan birining fikrini keltiradi: “Dushmanlardan qo'rqma – nari borsa, ular seni o'ldirishi mumkin. Do'stlardan qo'rqma – nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamdan qo'rq – ular seni o'ldirmaydi ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va qotilliklar sodir bo'laveradi”. To'g'ri, dushman qotilligi, do'st xiyonati – bu og'ir musibat, katta yo'qotish, ammo beparvo va loqaydlikning zarari oldida hech narsa emas. Chunki loqaydlikning zarari ko'pchilikka, jamiyatga bo'ladi. 
Asl vatanparvar inson birovning hayotiga, yon-atrofda sodir bo'layotgan voqea-hodisalarga befarq va betaraf qarab, shunchaki kuzatuvchi bo'lib yashamaydi. Kimdir noto'g'ri, yomon ish qilayotganini yoki axloqsizlik qilib, behayo va beparda gaplarni aytayotganini yoki birovning boshqasiga zulm, adolatsizlik qilayotganini ko'rib yoki eshitib, indamay ketavermaydi. Balki uni qaytaradi, to'g'rilik bilan tushuntiradi, tushunmasa, tushuntirib qo'yadiganlarga xabar beradi. Chunki u bu ishlarni o'zi qilmasada, u yashayotgan jamiyatda qilinayotganligini va bu ishlar unga salbiy ta'sir etishini, gunohkor bo'lishini aniq biladi. Payg'ambarimiz (s.a.v.) dedilar: “Alloh ma’n qilgan narsalardan saqlanuvchi va uni tortinmay qilib yuruvchining misoli xuddi bir jamoaga o'xshaydi. Ular kemani minishda qur'a tashlashadi. Ba'zilari hissasiga tepa qismi va ba'zilariga past qismi tushadi. Past qismidagilar suv olish uchun tepadagilar oldidan o'tadilar. (Bundan ozorlanib) «Agar biz suvdan o'z nasibamizni olish uchun pastdan teshib olsak, tepamizdagilarga ozor bermas edik», deyishardi. Agar tepadagilar pastdagilar xohlagan narsani shundayicha qo'yib qo'ysalar, barchalari halok bo'lishadi. Agar ularni bu fikrlaridan to'xtatishsa, o'zlari ham, qolganlari ham najot topishadi”.
Mamlakatimizda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom ruhida kamol toptirish, ularni maʼnaviyatimizga yot zararli gʼoyalar taʼsiridan himoyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hozirgi ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanib, internet tarmoqlaridagi xizmatlardan foydalanuvchilar orasida yoshlarning tobora ortib borishi, bu borada har birimizni yanada hushyorroq va ogoh boʼlishimizni talab etmoqda. Xar bir narsani ijobiy va salbiy tomoni boʼlganidek, ijtimoiy tarmoqlar ham yaxshilikka yoki yomonlikka xizmat qilishi mumkin. Bizning vazifamiz uni ezgu yoʼlda xizmat qildirish choralarini koʼrish, uning zararlaridan cheklashga harakat qilishdir. Bugungi yurtimizda va uzoq-yaqin mintaqalarda yuz berayotgan voqealarni inobatga oladigan boʼlsak, hali ongi, hayotiy qarashlari shakllanib ulgurmagan yoshlarni chalgʼitishga qaratilgan gʼarazli kuchlar ham internet imkoniyatlaridan oʼz manfaatlari yoʼlida foydalanishga urinayotgani va bunday intilishlarning qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini eʼtibordan chetda qoldirib boʼlmaydi.
Darhaqiqat, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, axloq normalariga toʼgʼri kelmaydigan turli buzgʼunchi gʼoyalar bilan bir qatorda dinni targʼib qiluvchi va u orqali jamiyatda tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishga, oʼzaro adovat va toʼqnashuvlarga sabab boʼladigan gʼoyalarni singdirishga moyil boʼlgan missionerlik va prozelitizm kabi salbiy holatlarni koʼrishimiz mumkin.
Hammamizga maʼlumki, yurtimizda amaldagi qonunchilikka binoan har qanday inson oʼzi xoxlagan dinga eʼtiqod qilishi yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan boʼlib, bu fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqidir. Fuqarolarning dinga eʼtiqod qilishga yoki eʼtiqod etmaslikka, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy taʼlim olish oʼz ixtiyori bilan amalga oshiriladi. Biroq, diniy bagʼrikenglik bir konfessiyaga mansub dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan hatti-harakatlar va boshqa missionerlik faoliyati bilan shugʼullanish mumkinligini anglatmaydi. Аksincha amaldagi qonunchilikka binoan missionerlik va prozelitizm faoliyati taqiqlangan.
Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 216-2-moddasiga asosan Diniy tashkilotlar toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarini buzib, bir konfessiyaga mansub dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan hatti-harakatlar (prozelitizm) va boshqa missionerlik faoliyati, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʼllanilganidan keyin sodir etilgan boʼlsa bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shunga qaramay, baʼzi bir diniy guruhlar hozirgi axborot texnologiyalari davridan foydalangan holda aholi ayniqsa yoshlar orasida gʼarazli faoliyatlarini amalga oshirishga harakat qilmoqdalar. Noqonuniy faoliyatning obʼekti nafaqat mamlakatning musulmon aholisi, balki kichik nasroniy va boshqa dinlarning vakillari ham hisoblanadi.
Yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan, oqni qoradan, doʼstni dushmandan ajratishga qodir boʼlgan, iymon-eʼtiqodli, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruxida tarbiyalab, boy tariximiz va ulugʼ ajdodlarimiz haqida ularning xabardorlik darajasini oshirishga eʼtibor qaratmas ekanmiz, biz oʼzgalar tomonidan dinni targʼib qilish orqali terrorizm, ekstremizm, diniy adovat, oila institutiga bepisandlik, qonunchilikka va koʼp asrlik milliy urf-odatlarimizga rioya qilmaslik kabi salbiy taʼsir koʼrsatilishiga yoʼl qoʼyib va yoshlarimizning porlok kelajagiga putur etkazishimiz mumkin.
Oʼz navbatida yurtimizda tegishli organlarimiz tomonidan ham media maydonidagi turli buzgʼunchi gʼoyalarni targʼib qiluvchi kontentlarni aniqlash va tahlil qilish, jamiyatda radikal gʼoyalar tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar samaradorligiga erishish, ekstremizm gʼoyalarining taʼsirini bartaraf etish, bunday buzgʼunchi gʼoyalarini tarqatayotgan ijtimoiy tarmoqlar sahifalarini va saytlarni aniqlash hamda ularni aholiga taʼsirini oldini olish borasida idoralararo hamkorlik amalga oshirilib borilmoqda.
Biz XXI-fan-texnika axborot asrida yashayapmiz. Bugungi kunda axborot shunchalik katta tezlikka egaki birgina yolgʼon habar bilan kimningdir hayotiga nuqta qoʼyish yoki katta bir halokat sababchisiga aylanib qolishi hech gap emas. Vaxolanki bunday habarlar ijtimoiy saytlarda kuniga kelib turadi. Qanchadan-qancha oʼsmirlar, yoshlar oʼz profillarida bu kabi habarlarni oʼqimoqda. Ongsiz ravishda boshqa doʼstlariga ham joʼnatishmoqda. Koʼrinib turibdiki, habar manzili kengaygan endi uni minglab yoshlar oʼqishi mumkin. Kim kafolat bera oladiki, keladigan xabarlar yoshlarni maʼnaviy dunyoqarashigi putur yetkazmaydi, ularning ruxiyatiga taʼsir etmaydi deb. Аynan balogʼat, oʼsmir yoshdagi yoshlar har narsaga ishonuvchan , har tomonga “egiluvchan” boʼlishadi. Psixologlar agar bir kishini biror yolgʼon xabarga ishontirmoqchi boʼlsang, uning har kuni deyarli bir vaqtda 5-7 kun davomida takrorla, soʼng suhbatdoshing seni gaping yolgʼon boʼlsa ham ishonadi, bu uning ongiga singib qoladi va unga taʼsir oʼtkazishning oson boʼladi deya takidlashadi. Inson psixalogiyasi shunday, baʼzan taʼsir oʼtkazish juda oson, agarki. Unda maʼnaviy boʼshliq boʼlsa, agarki, unda tahdidilarga qarshi immunitet boʼlmasa. Biz mustaqil jannatmakon yurtda yashamoqdamiz. Dunyoga boqing, vatanimizdek tinch oʼlkani topa olasizmi? Аksariyat mamlakatlar urush azobini boshidan kechirmoqda. Qanchasi notinch. Iroq, Suriya, Misr, Liviya, Yaman, Ukraina kabi davlatlarni misol tariqasida keltirish mumkin. Bu davlatlar iqtisodiy, siyosiy, madaniy jihatdan rivojlanayotgan va rivojlangan davlatlar edi. Xoʼsh, ularning bugungi holatiga sabab boʼlgan omillar nimada? Аvvalo xalq, omma ongida maʼnaviy boʼshliqning yuzaga kelganligida emasmikan?
Eng buyuk neʼmat boʼlmish tinchlikni asrash oʼz qoʼlimizda. Internetdagi zararli yolgʼon yashiq maʼlumotlar taʼsiriga tushib qolmaslik zarur. Unday diniy ekstremizm va aqidaparaslikni ni targʼib qiluv maʼlumotlarni olishdan, tarqatishdan avval yurt taqdirini, kelajagini va tinchligini oʼylash zarur. Vatani asrash har bir kishining ham qarzi, ham farzi. Zero Vatan sajdogoh kabi muqaddasdir! Oʼzbekiston – bizning vatanimiz! Uni ximoya qilish har bir yigit –qizning burchidir.
Xulosa qilib aytadigan boʼlsak, bugungi kunda eng muhim vazifamiz oʼsib kelayotgan yosh avlodni diniy-milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ular qalbida oʼz halqi, vataniga mehr- sadoqat tuygʼusini kuchaytirish, ularni har xil buzgʼunchi kuchlarning axborot xurujlaridan ogoh etish va munosib himoya qilish har birimizning ustuvor vazifamizdir.
Download 55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling